Grigol Abashidze. Zilzila (2 qismli pesa)

IShTIROK ETUVChILAR

GURAM – yozuvchi
TITE – rejissyor
VAXTANG – aktyor va alpinist
EKA – yosh aktrisa
PAVLE – urush qatnashchisi
NINA – uning kelini
RENA – Ninaning o‘g‘li
DAVAR – Vaxtangning o‘gay singlisi
SESIL – Davarning onasi
BESIK
}– yosh aktyorlar
RATI
LEVAN – teatr rassomi
ZEVZA – alpinist
Voqea 1980 yillarda Tbilisida kechadi.

BIRINChI QISM

Voqea yangi ko‘p qavatli uyga olib chiquvchi keng tosh zinada almashib turadi. Vaqt allamahal, uy zulmat qo‘ynida, faqat ikki-uchtagina oynadan xira chiroq ko‘rinib turadi. Kutilmaganda yer qattiq silkinadi, bino chayqalib ketadi. Birin-ketin xonalarda chiroq yonadi. Zilziladan cho‘chib uyg‘ongan odamlar birin-ketin ko‘chaga otilib chiqadilar. Ular chala kiyingan: birov pijamada, boshqasi ichki kiyimda, yana boshqasi ustki kiyimini shunchaki yelkasiga tashlab olgan. Ulardan faqat uchtasi rosmana kiyimda. Ular – Guram ismli yozuvchi, Tite degan teatr rejissyori va Davar ismli yoshgina qiz.
TITE. Rosa silkidi-ku! Zilzila! Chinakam zilzila!
GURAM. Zilzilaligi ko‘rinib turibdi… Chayqalishini…
TITE. Yana shunaqa silkinsami… Har balo bo‘lishi mumkin.
GURAM. Xudo saqlasin!.. Darvoqe, hamma uyg‘ondimi, hamma chiqib ulgurdimikan? Bilishimcha, bu birinchi imkoniyat. Bordi-yu, kimdir hali uxlab yotgan bo‘lsa, uyqusida hech nimani sezmay qolsa bormi, bundan dahshatlisi yo‘q-da. Bir ko‘rib chiqish kerakmidi.
Zinadan qo‘ltiqtayoqda suyanib Pavle, orqasidan kelini Nina va uning o‘g‘li Rena tushadi. Renaning bir qo‘lida tranzistor, ikkinchisida kanareyka solingan qafas.
RENA (u juda hayajonda, shoshilib-tutilib, balki duduqlanib gapiradi. Har holda uning nutqi ochiqdan-ochiq buzilgan, ruhiy tetikmasligi bilinar, odatdagi odamlarning gapirishidan mutlaqo farq qilardi). Ko‘rdingizmi, oyi! Men sizga necha marta aytganman: men har tunda ana shunaqa uxlayman. Hm, ana, ana shunaqa… Keyin derazani ochib yuboraman-da, uchib ketaman. Chunki mening yelkamda qanotim bor… Men ularni yozib, qanot qoqaman-da, baland-balandlarga, xuddi osmonning o‘ziga uchib ketaman. Siz bo‘lsangiz, meni kasal deb, so‘zlarimga ishonmaysiz. Endi ishondingizmi? Ishonasizmi? O‘zingiz ko‘rdingiz-ku, qandillar qanaqa borib-keldi… O‘zingiz ko‘rdingiz shkaflarning qanaqa chayqalganini, ko‘rpalarning yerga uchib tushganini… Shunaqa!
NINA. Tinchlan, o‘g‘lim! Qo‘rqma, o‘g‘lim! Hech qanaqa vahimali joyi yo‘q, odatdagi yer qimirlash, xolos.
GURAM (Renaga yaqin kelib). Birodar, aytging-chi, Vaxtang haqida Pomirdan hech qanday yangilik yo‘qmi?
RENA. Men Dushanbani tutdim. Bir soat oldin. Ular aytadiki… Ikki kundan buyon alpinistlar bilan aloqa yo‘q, deydi. Ularni vertolyot bilan qidirishayapti. Lekin tog‘da bo‘ron bo‘lib, hamma izlarni ko‘mib tashlabdi…
DAVAR. E Xudo! Vaxtang! Nahotki u halok bo‘lsa? Yo‘q, yo‘q…
GURAM. Qaytadi. U tirik, hech qanday jarohatsiz qaytadi.
DAVAR. E Xudo! Vaxtang! Mutlaqo aqlimni yo‘qotib ko‘ydim! Yo‘q, yo‘q… Oyi! Oyim qayerda?
NINA. Nima, u uyda yo‘qmidi?
DAVAR. Bilmayman. Axir, o‘zim uyda emasdim-da. Men Guram amakinikida ingliz tilini o‘rganayotgan edim.
NINA. Kechasi-ya? Qanaqa dars? Qanaqa ingliz tili? Yarim tunda-ya!
DAVAR. Avval biz mashq qildik. Keyin Tite amaki keldi, so‘ngra Guram amaki ikkovi pesa ustida ishlay boshladilar. Ular shunday qiziqarli suhbatlashardiki, men sira ham chiqib ketolmadim…
TITE. Oxiri burchakdagi divanda o‘tirgancha uxlab qoldi. Ehtimol, bizning suhbatimiz haddan tashqari murakkablashib ketgandir.
PAVLE. Ana, sening oying!
Uydan Sesil va Levan yugurib chiqadi. Sesil ichki kiyimda, yelkasiga erkaklarning pidjagini, Levanning pidjagini bo‘lsa kerak, tashlab olgan. Uning qo‘lida o‘zining tugallanmagan portreti. Levan esa pijamada.
SESIL. Hammalaringiz vaqtida qochib ulguribsizlar. Biz bo‘lsak halok bo‘lishimizga sal qoldi. Chordoqda o‘tirgan edim-da. Bu holatda vayronaning ostida qolib ketishimiz ham hech gap emas. YaXShIYaMKI, yer boshqa qimirlamadi.
PAVLE. Nimaga chordoqdan tushasiz? Qanaqa chordoq o‘zi? Sizlar uchinchi qavatda yashaysizlar-ku.
SESIL (baqirib). Ha, men uchinchi qavatda yashayman. Xo‘sh, nima bo‘pti?
PAVLE. Nimaga endi yarim kechasi chordoqqa chiqib oldingiz?
SESIL. Voy-vuy, muncha hamma narsaga qiziqaverasiz! Eh-ha, esim qursin, sal bo‘lmasa xayolimdan ko‘tarilay debdi, siz hamma narsani bilishingiz kerak-ku! Marhamat, eshiting! Chordoqda, o‘zingiz yaxshi bilasizki, teatrimizning bosh rassomi – Levanning ustaxonasi bor. U mening portretimni ishlayapti. Uyalmasangiz, qarang. (Tugallanmagan portretni ko‘rsatadi.)
PAVLE (ko‘zoynagini taqib, termiladi. Hayrat bilan). Yalang‘ochmi?!
SESIL. Ha, yalang‘och holda. Yalang‘och holdagi naturadan! Bu sizni qitiqlaydimi?
(Pavle hayrat va g‘ijinish bilan yelka qisadi: Sesil o‘sha ohangda davom etadi). Siz butun yer yuzini kezib chiqqansiz, juda bilimdon odam hisoblanasiz… Aslida esa xotin badanini yalang‘och holda ko‘rganda dahshatga tushadigan oddiygina bandasiz, xolos… San’at esa uning oldida ta’zim qiladi! Siz bilan bahslashib o‘tirishning nima hojati bor, baribir – kechagi odamsiz, qandaydir anaxronizm…
PAVLE (portlab ketadi). Men – anaxronizm?! Men-a, yoshligini, butun hayotini odamlarga, Vataniga bag‘ishlagan odam endi anaxronizm bo‘ldimi?!
SESIL. Qanaqa yoshlik? U shaxdam qadamlar bilan ilgarilab ketdi, siz bo‘lsangiz uning ortidan soyaday ergashdingiz. O‘zingizni ko‘rsatishga tirishdingiz. O‘zingizdan o‘zingiz vatanparvar yasashga intildingiz…
PAVLE. Buning nimasi kulgili ekan, hayronman.
SESIL. Alohida imtiyoz uchun norasida nevarangiz siymosini nazarda tutishingizni bilganlarga, ayniqsa, bu oynadek ravshan.
NINA. Muttaham! Yaramas! Kasal bolaning ustidan kulishga kim huquq berdi sizga?!
PAVLE. Uyatsiz! Birovning qayg‘usi bilan o‘zining axloqsizligini bekitadi-ya.
TITE. Jim, jim, jim birodarlar! Xo‘p vaqtini, joyini topibsizlarda-a tortishishga! Bas qilinglar-e!
GURAM. Bema’ni narsalarga talashib yotgandan ko‘ra Renadan iltimos qilaylik, tranzistorini qo‘ysin. So‘nggi axborot eshitamiz…
TITE. So‘nggi axborot? Yarim kechada-ya? Tbilisida? Yangilik-ku!
GURAM. Bo‘lsa-chi? Maxsus soni! Zilzila ham har tunda bo‘lavermaydi-ku! Rena, musiqa eshitayapsanmi? Nimaga buncha sekin?
RENA. Sekin-da… Chunki mening kanareykalarim… Ular ana shunaqa sekin musiqa eshitib uxlaydilar.
GURAM. Ha-a. Tushunarli… Qaragin-a, ular allaqachonoq uxlab qolishibdi… Qanday yaxshi! Rena, azizim, balki Tbilisini eshitib ko‘rarmiz-a? Balki so‘nggi axborot berib qolar?.. Qiziq-da…
RENA. Qiziq… Mayli… Eshitib ko‘ramiz… (Tranzistor qulog‘ini buraydi).
DIKTOR OVOZI. Diqqat! Diqqat! Tbilisidan gapiramiz! Gruzin radiosi so‘nggi axborotining favqulodda sonini tinglang! Bugun ertalab soat to‘rtda Tbilisida zilzila bo‘ldi. Zilzilaning kuchi – besh ball. Vayronalar bor. Qurbonlar yo‘q. Yer silkinishi yana qaytarilishi mumkin, shuning uchun maxsus ruxsat bo‘lmaguncha xonadonlarga kirmasliklaringizni so‘raymiz.
GURAM. Qurbonlar yo‘q. Xudoga shukur!
PAVLE.Lekin bizning uyimiz anchagina tebrandi.
SESIL. Mening erimga rahmat denglar, bu uyni u ana shunaqa mustahkam qilib qurib bergan sizlarga!
TITE. Nima bo‘lganda ham haqiqat – haqiqat: uyimiz mustahkam, xavfsiz. Zilzila nima bo‘pti, uni pushka bilan otsang ham yiqitolmaysan. Sizning eringiz ajoyib binokor, Sesil!
SESIL. Buning qadriga kim yetardi? O‘zi qurgan uydan o‘zining oilasiga bazo‘r uch xonali kvartira tegdi.
NINA. Judayam yetarli. Judayam to‘g‘ri, adolatli ish. Uyni qurgan injener shu uydan uch xonali kvartira olibdi. Nimasi yomon?! Aslida bu uy Gruziyaning eng yaxshi aktyorlari uchun mo‘ljallangan! Siz bo‘lsangiz bu uydan loaqal bir xonaligini ham ololmasdingiz.
SESIL. Hali shunaqami?! Demak, men yomon aktrisa ekanman-da? Ayting-chi! Kim kimu siz shu gapni aytganingizga o‘laymi! Siz, siz o‘zingiz nimani qoyil qilib o‘ynab qo‘ygansiz? Patnis ko‘tarib kirib, ovqat tayyor deb chiqib ketadi! Voy-voy-voy, juda katta rol ekan! Katta aktrisa! Talantdan bir miri yo‘g‘u, yana u tomonga… Hammalaringiz yaxshi, erimdan rosa foydalandinglar, endi bo‘lsa… Agar u insofli, diyonatli odam bo‘lmaganda hammasiga tupurardi, pul topishni ko‘zlardi. Ana shunda ko‘rardinglar oylab na suv, na chiroq bo‘lardi, na lift ishlardi!
PAVLE. To‘g‘rini to‘g‘ri deyish kerak: bizga rostdanam omad kulib boqdi. Ammo sizning eringiz, Xudoga shukur, vaqtida etagini yopib oldi, o‘ylab ko‘rdi. Enda u pastak-pastak “tovuqxona”lar qurmoqda, puli ham tovuqning patiday behisob!
SESIL. Sizga har kuni non berib tursa ham birovning cho‘ntagidan ko‘z uzmaysiz? Shundaymi? Sho‘rlik anaxronizm!
PAVLE (qo‘ltiqtayog‘ini o‘qtaladi). Bordi-yu, yana bir marta bu so‘zni ishlatsangiz, keyin mendan xafa bo‘lmang!
TITE (ularning o‘rtasiga tushadi). Yana boshladinglarmi? Jim, jim endi, uyalmaysizlarmi!
SESIL. Siz bilan qo‘shni bo‘lishimdan qo‘rqitmoqchimisiz?! Xo‘sh, ayting-chi, hurmatli zot, nega endi men qandaydir chordoqda yashashim kerak? Nahotki men uy sharoitimda portretimni chizish uchun rassomni uyimga taklif qilishga arzimasam? Ammo men qayerga chaqiraman? To‘rtta kap-katta odam bor-yo‘g‘i uch xonali uyda yashasak… (Behayolarcha qo‘lini siltaydi).
PAVLE. To‘rt kishiga uch xona – nima, sizningcha, bu kammi? Bir paytlar yoshligimda mening oilamga ikki xonali uy berishganda boshim osmonga yetgan, dunyoda mendan baxtli odam yo‘q edi. Uning ustiga qishlog‘imdan, umuman rayonimizdan kimki Tbilisiga kelsa, biznikida to‘xtardi! Hammaga yetardi joy!
SESIL. Yana anaxronizm! Bizning ma’naviy talablarimiz bo‘lakcha hozir, tushunsangiz-chi! O‘tgan zamon o‘tdi, sizning qarashlaringiz ham o‘tdi, endi odamlar hammasi bir ko‘rpada yotishni istamaydi. Biz boshqacha yashashni xohlaymiz. Endi hamma biladi – shohona kvartira-yu shaxsiy mashina kerak insonga!
PAVLE. Bravo! Jamiyatimiz taraqqiyotini ajoyib tahlil qildingiz!
SESIL. Qo‘yasizmi-yo‘qmi?! Bo‘ldi-da endi! (Guramga qaraydi va gapirish ohangini birdan o‘zgartiradi). Hurmatli Guram, anchadan beri siz bilan bir gaplashmoqchi bo‘lib yuribman. Mening sizga ajoyib bir taklifim bor edi. Shaharning istagan rayonidagi bironta yaxshiroq uch xonali uyga ko‘chib o‘tsangiz nima qiladi? Ayting, qayerdan xohlaysiz?
GURAM (birdaniga). Nega endi?
SESIL. Biz sizni xursand qilardik. Bilasizmi, biz sizning ikki xonali uyingizni o‘z kvartiramizga qo‘shib olardik… O‘ylab ko‘ring, siz ham shohona yashardingiz, biz ham erkinroq nafas olardik.
GURAM. Shu ikki xonali uyim o‘zi juda yaxshi menga.
SESIL. Sizga yaxshi, lekin boshqalarni ham hech o‘ylaysizmi? (Guram hayron bo‘lib yelka qisadi). Xo‘sh, bu uyning nimasi yaxshi? Kutubxonangiz-chi? Hademay qimirlashga joy topolmay qolasiz. Men doimo u uydan – bu uyga ko‘chirib yurganingizni ko‘rganman-ku!
GURAM. Kitoblar hech qachon menga xalaqit bermaydi. Kitoblar – mening boyligim.
DAVAR. Uyalmaysanmi, oyi? Sen faqat o‘zingni o‘ylaysan! Agar Guram boshqa joyga ko‘chib ketsa – dahshat-ku! Keyin men nima qilaman?
SESIL. Qarang-a, qanday qiyin ahvolda ekanmiz! Boshqa ingliz tili o‘qituvchisining urug‘i qurib ketibdi-da.
DAVAR. Guram – mening faqat o‘qituvchimgina emas.
SESIL. Yangilik! Judayam og‘ir ekan! Aqlimni yo‘qotib qo‘ydim! Otang tengi odam senga yana kim bo‘lishi mumkin?!
DAVAR. U men uchun hamma narsa. U eng oliyjanob, eng qimmatli odam. Xira molparastlar orasidagi yagona yorug‘ nur u. Bu uydan hech qayerga ketmaydi, bilib qo‘y, oyi. Biz ham bu yerdan sira qimirlamaymiz.
SESIL. Men haliyam hech qayerga ko‘chib ketmoqchimasman, lekin kelajakni o‘ylash kerak. Bugun emas, ertaga sening o‘gay akang bironta qizni uyga yetaklab kelsa, unda nima bo‘ladi? Shuncha vaqtdan beri o‘gay o‘g‘il bilan bir uyda yashab kelganim kammidi, endi uning xotini bilan g‘idi-bidi qilib yashashim qoluvdimi?!
DAVAR. Axir, hali uning xotini yo‘q-ku!..
PAVLE. Shuning uchun Vaxtang Pomirga ketib qolgan ekan-da. Ana gap qayerda. Rostdanam uni bu uyda nima ham qiziqtirardi? Otasi butun umrini jazmani bilan ayshu ishratda o‘tkazsa, singlisi qo‘shnisi – muallimnikidan chiqmasa, onasi tuni bilan chordoqda mashhur rassomning yalang‘och xotin asariga ob’ekt bo‘lishdan bo‘shamasa… Sho‘rlik Vaxtang…
DAVAR. Biz Vaxtangni yaxshi ko‘ramiz, uning taqdiri haqida doimo tashvishdamiz. Buni uning o‘zi ham yaxshi biladi.
SESIL. Bordi-yu, biron kishi unga qattiq tekkan bo‘lsa, ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsa, o‘sha – siz! Ana shundan bezib, u boshi oqqan tomonga ketib qolayapti!
PAVLE. Esingiz joyidami o‘zi? Nega? Nega bunday deysiz? Nima uchun, qanday qilib men uning ko‘nglini ranjitaman?
SESIL. O‘zingizni go‘llikka solmang! Hammasini juda yaxshi bilasiz!
PAVLE. Shuni bilamanki, men Vaxtangni yaxshi ko‘raman, o‘z nevaramday yaxshi ko‘raman, Butun umr unga g‘amxo‘rlik qildim, u ham bir farzand kabi bu yaxshiliklarni qaytardi…
DAVAR. Barakalla! Xuddi ana shuni aytayapmiz-da. Shuning uchun ham sizga bo‘lgan hurmat va ishonchini yo‘qotdi. Sizga bo‘lgan hurmati, muhabbatining yemirilishi unga og‘ir botdi, qattiq ta’sir qildi. Bu uning tezroq bu yerdan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi…
Chiroq o‘chadi.
Sahnaning Sesil va Davar turgan qismi yorishadi. Shu yorug‘likka Vaxtang kirib keladi. Uning qo‘lida qandaydir jurnal.
VAXTANG (u juda qattiq hayajonda, g‘azab, balki nafrat bilan gapiradi). Qaysi gunohlarim uchun bu jurnal mening qo‘limga tushib qoldi? Bu jurnalni o‘qiguncha ko‘zlarim ko‘r bo‘lib qolsa bo‘lmasmidi!
DAVAR. Nima?! Nima bo‘ldi? Nimalar deyapsan, Vaxtang, azizim?!
VAXTANG. Mana… (Jurnalni irg‘itadi.) Bu yerda yozib qo‘yipti.. Nahotki shular rost bo‘lsa? Nahotki buvamning otilishiga Pavle sababchi bo‘lsa?
DAVAR. Nimalar deyapsan, Vaxtang, nimalar deyapsan? Yolg‘on! Qayerdan olding bu gapni?!
VAXTANG. Mana bu yerdan… Ularning o‘rtog‘i bo‘lgan bir keksaning xotiralaridan o‘qidim. U Shalva buvam bilan Pavle o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lganini, ular qanday qilib boshqa-boshqa guruhlarga o‘tib qolganini, keyin Pavle o‘zining eski, qadrdon do‘stini otishga jo‘natganini hikoya qilib bergan. Shunday bo‘lishi mumkinmi?! Nahotki?
SESIL. Mumkin, Vaxtang. Men buni otangdan allaqachonoq eshitganman, ammo senga aytishdan hech qanday foyda yo‘q, deb yashirib yurardik. Sen uchun Pavle oliyjanoblikning namunasi edi. Chinakam tarixiy haqiqat senga qanchalar qattiq ta’sir qilishini biz yaxshi bilardik.
DAVAR. Balki hammasi bo‘hton, tuhmatdir? Ehtimol, bu gaplarni uning dushmanlari o‘ylab chiqargandir?
VAXTANG. Shunday bo‘lishini men shunaqayam istardimki! Xuddi shunaqa bo‘lib chiqishi uchun men hamma narsaga tayyor edim!..
DAVAR. Men ham, Vaxtang, men ham! Bordi-yu… Kel, shunga umid qilamiz… Yaxshisi, hammasini unutamiz…
VAXTANG. Yo‘q! Bunaqa narsani unutish mumkin emas! Bilasanmi, nima qilaman, men butun kuch-quvvatimni to‘plab, Pavlening o‘zidan so‘rayman. Har qalay, bor gapni ro‘y-rost, ochiq aytishga uning qudrati yetadi, deb ishonaman.
Chiroq o‘chadi.
Enda sahnaning boshqa burchagi yorishadi. Skameykada o‘tirgan Pavle o‘sha jurnalni o‘qimoqda. Bir tutam nur ostida Vaxtang kirib keladi. Pavle jinoyat ustida qo‘lga tushganday sarosimada qoladi. U jurnalni qayerga yashirishni bilmay gangib qoladi, oxiri ochiqdan-ochiq uni bir chekkaga tashlaydi.
VAXTANG (jurnalni qo‘liga olib bir necha daqiqa jim turadi). Pavle amaki! Bu yerda yozilgan narsalar rostmi?
PAVLE (zo‘rma-zo‘raki). Rost.
VAXTANG. Nega sen o‘zing menga bu haqda gapirmagan eding?
PAVLE. Eplolmadim… Kuchim yetmadi… Shalva – sening buvang…
VAXTANG. Sening esa o‘rtog‘ing. Sen uni o‘ldirib, qolgan umringni qilgan jinoyatingni oqlashga bag‘ishladingmi? Bizlarga o‘z farzandingday mehribonlik qilding. Shundaymi?!
PAVLE. Qo‘limdan kelgancha…
VAXTANG. Hatto mana bu uydan bizga kvartira olishga ham yordamlashding.
PAVLE. Sizlar mening yonimda bo‘lishlaringizni istadim… Sal yengil tortay dedim. Axir qarib qoldim…
VAXTANG. Hech qanday g‘amxo‘rlik, hech qanaqa yordam bilan bunday gunohni yuvib bo‘lmasligini tushunmadingmi?!
PAVLE. Tushunardim… Biroq har qalay harakat qildim…
VAXTANG. Sizlar emishgan aka-uka bo‘lgansizlar-ku… Axir, sen qanday qilib bolalikdan birga o‘sgan, birga katta bo‘lgan, hatto bir ona ko‘kragini emgan do‘stingni o‘limga mahkum etding? Bir umrlik qadrdoningni-ya… Nahotki uni asrab qolishga qudrating yetmagan bo‘lsa?!
PAVLE. Davr shunday edi. Uning qonunlari, maqsadi odamgarchilik tuyg‘ularidan, do‘stlik hislaridan ustun edi.
VAXTANG. Yo‘q! Aybni zamonga ag‘darish oson. Ammo yanglishgan do‘stni kechirish, hayotini asrab qolish mumkin edi-ku. Sen ham shunday qilsang bo‘lardi-ku.
PAVLE. Men zamon qoidalariga ishonardim, shuning uchun ham boshqacha yo‘l tutishim mumkin emas edi.
VAXTANG. Nega bo‘lmasa bizdan ajralib ketolmading? O‘z manfaatingni o‘ylab, bizning oilamiz bilan yaqinlashmay, biz uchun shuncha yaxshiliklar qilmay keta olishing mumkin edi-ku?
PAVLE. Mumkin… Yo‘q, mumkin emasdi.
VAXTANG. Sen men uchun insoniylikning oliy namunasi eding, mana endi hammasi barbod bo‘ldi. Ehtimol, sen bunaqa hodisani sinab ko‘rmagandirsan, ehtimol, ishonch va sadoqatning bu qadar yemirilishini ko‘tarish, hazm qilish naqadar og‘ir ekanini tushunib yetolmassan, tasavvur qilolmassan…
PAVLE. Har qalay, bunday dahshatli o‘limni tasavvur qila olaman.
VAXTANG. Odamlar ichida men uchun eng yaxshisi sen eding, men ishongan yagona odam ham sen eding. Endi esa nazarimda dunyo birdaniga bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolganday tuyulmoqda.
PAVLE. Oldinroq o‘lib ketsam yaxshi bo‘lar edi… Sen hech narsadan bexabarligingda o‘lib ketsaydim… Bilganingda esa ishonmasligingni bilardim. Ammo sen, og‘ir bo‘lib, so‘zlarimni tingla, tushunishga harakat qil. Bilaman, sen odil sud bo‘la olmaysan, chunki gap sening buvang haqida ket­yapti va bu senga juda og‘ir botishi, yuragingni larzaga keltirishi aniq. Bu dard bizning o‘tmishimiz, ba’zilari mash’um bo‘lgan xatti-harakatlarimiz haqida odilona xulosa chiqarishga imkon ham, kuch-quvvat ham bermaydi. Mening bir narsadan katta umidim bor: sening o‘g‘illaring, nevaralaring bizning o‘tmishimizni to‘g‘ri tushunadilar, odil baholaydilar… Men unga qadar yashamayman, ammo ularning odilligiga qattiq ishonaman va ularning suhbatiga mening ruhim doimo tayyor bo‘ladi.
VAXTANG. Biroq hozir sening sudyang – mening dardim, umidlarimning halokati, yo‘qolgan ishonchim, yo‘q, birgina senga emas, umuman hayotga bo‘lgan ishonchimning barbod bo‘lishi, tugashi… (Ketadi).
Yana chiroq o‘chadi va deyarli birdan butun sahna yorishadi. Sahnada Sesil. U karavotda yotibdi. O‘rnidan turib kichkina ko‘zguni oladi, unga qarab sochlarini to‘g‘rilaydi. Yana yotadi.
SESIL. Vaxtang, shu yerdamisan?
VAXTANG (qo‘shni xonadan). Ha…
SESIL. Nima qilayapsan?
VAXTANG. Kitob o‘qiyapman.
SESIL. Baraka top, mening oldimga bir kelib ket. Nimagadir o‘zimni yomon his qilayapman (Vaxtang ko‘lida kitobni ko‘targancha shoshilmay kiradi). Mening yonimda o‘tir Vaxtang.
VAXTANG (Karavotning bir chekkasiga omonatgina o‘tiradi). Sesil, senga nima qildi?
SESIL. Nima qildi? Rostdanam menga nima bo‘ldi o‘zi? Ha, aslida vahima qiladigan hech narsa bo‘lgani yuq. Shunchaki, arzimagan narsalar… Yolg‘izlik… Yaqinlarimning e’tibor va g‘amxo‘rlik qilmasliklari… Kunlar shirillab ana shunday o‘tyapti. Sen bo‘lsang mutlaqo beparvosan, men bormanmi-yo‘qmanmi, senga baribir, qiziqtirmaydi…
VAXTANG (hayratda). Ie, nega endi?
SESIL. Go‘yo men bu dunyoda yo‘qman. Aslida esa bir uyda yashaymiz. Axir, men senga intilib, biron narsaga muhtoj ekanimni aytishim mumkinmi?.. Sen bo‘lsang…
VAXTANG. Senga biron nima kerakmi, Sesil?
SESIL. Rostdanam menga nima yetmaydi?! Qornim to‘q, ust-boshim but, yana nima kerak odamzodga?! Sening otang ana shunday xulosa chiqaradi. Ufqdagi qip-qizil quyosh kabi bir ko‘rinadi-yu, menga pulni berib, yana ufq ortiga g‘oyib bo‘ladi. Ehtimol, men undan yigirma besh yosh kichikligimni, menga suv va havo, kiyim-kechakdan boshqa narsalar ham kerakligini, mening talab va istaklarimni u mutlaqo unutgan bo‘lsa kerak. Muhabbat, erkalash… Men sening o‘gay onangman, Vaxtang, ammo unutmaki, men bu borada hali yoshman, sen bilan deyarli tengdoshman. Biroq mening yolg‘izligim, bundan qanchalik iztirob chekishim sening xayolingga kelmaydi. Oldimga kirmaysan, gaplashib o‘tirmaysan, erkalovchi so‘zlar bilan ko‘nglimni ko‘tarmaysan… (Eshik ochiladi. Ostonada – Eka.) Mana hozir… Men o‘zimni g‘alati his qilyapman, butun vujudim titrab ketyapti… Yaqinroq kel, Vaxtang… (Vaxtang unga yaqinroq surilib o‘tiradi.) Menga qo‘lingni ber… Peshonamga qo‘y… (Vaxtang uning peshonasiga qo‘lini qo‘yadi, shunda xiyol engashadi, Sesil uni quchoqlab oladi.)
VAXTANG (portlab ketadi). Senga nima bo‘ldi! Qo‘yvor meni… Esing joyidami?!
SESIL. Nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsang? Nahotki sezmasang? Mening dardimni… tushun. Axir bu muhabbat-ku, Vaxtang!
Eka qichqirib yuboradi. Vaxtang Sesilning quchog‘idan yulqinib chiqib, o‘zini chetga oladi.
VAXTANG. Eka! Senmisan?! (Eka bir lahza qotib qoladi, so‘ng yuzini qo‘llari bilan bekitib chopib chiqib ketadi. Vaxtang uning orqasidan yuguradi) Eka! Eka! To‘xta! Shoshma!
Chiroq o‘chadi. Yonganda Vaxtang Ekaga yetib oladi.
VAXTANG. Eka, shoshma! Gapimga quloq sol, Eka…
EKA. Istamayman! Hech narsa eshitishni xohlamayman! Aldamchi! Ikkiyuzlamachi! Sotqin!
VAXTANG. Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Men sira ham aybdormasman! Eshitsang-chi, Eka!
EKA. Mening otimni esingdan chiqar! O‘rtamizda hech narsa yo‘q! Men seni bilishni ham istamayman. O‘gay onang yoniga bor, uni erkala, tinchlantir, joniga oro kir…
VAXTANG. O‘zingni bos, Eka! Gapimni eshitsang-chi, axir! Bu bo‘lishi mumkin emas!
EKA. Seni ko‘rishga ko‘zim yo‘q! Yo‘qol! Istamayman!..
Chiroq o‘chadi.
Sahnaning bir cheti yorishadi. Sesil va Eka.
EKA. Qanday qilib shunday bo‘lishi mumkin… Dahshat!
SESIL. O‘rtamizda hech qachon hech narsa bo‘lgani yo‘q.
EKA. Unga eng qiyin damlarda u bilan aloqani uzish. Hozir men unga juda ham kerak edim. Eng yaqin, eng aziz odamingni o‘ylamay-netmay ko‘kragidan itarsang… Ha, men, men, faqat men uni halokatga itardim! Men gunohkorman, men!
RENA (yorug‘ tushib turgan joyga keladi). Yig‘lama, Eka! Sen gunohkor emassan, mutlaqo!.. Aybdor men… Bor gapni Vaxtangga men aytdim.
Chiroq o‘chadi.
Yana sahnaning bir qismi yorishadi. U yerda Vaxtang turibdi. Shu yorug‘ joyga qo‘lida kanareyka solingan qafas ko‘tarib Rena kiradi.
RENA. Vaxtang… Sen ham hali uxlamadingmi? Men ham uxlamayman… Men charchadim… Bilasanmi, Vaxtang, biz Eka bilan shahar ustidan uchib o‘tdik.
VAXTANG. Eka bilan?!
RENA. Uchdik… Quchoqlashib… Bir-birimizni erkalab…
VAXTANG. Eka bilan, a?
RENA. Eka bilan! Har tunda… Ana ko‘rdingmi, hammalaring uxlab qolasizlar, biz esa osmonga uchib ketamiz. Baland-balandlarga. Yerdan turib ko‘rolmaysan. Biz bir-birimizni quchoqlab, erkalab uchamiz. Keyin yerga qaytamiz… U meni sevadi. Sen xafa bo‘lma…
VAXTANG. Men xafa bo‘lmayman, Rena.
RENA. Havasing ham kelmasin… Na iloj! U seni yaxshi ko‘rmaydi…
VAXTANG. Nima qilish kerak, Rena, nima qilish kerak! U aybdor emas!
RENA. Men ham aybdor emasman… U meni sevadi!
VAXTANG. Sen ham aybdor emassan, Rena.
RENA. Shunday bo‘lsa, jahling chiqmasin… Bizdan xafa bo‘lib, jahling chiqmasin, Vaxtang!
VAXTANG. Nimaga endi sizlardan jahlim chiqar ekan, Rena?..
RENA. Shunaqa… Bo‘pti, men ketdim, Vaxtang…
VAXTANG. Xayr, Rena…
Rena ketadi.
Ey, Xudo, nahotki jinni odamga o‘zini baxtli his qila olish tuyg‘usi berilgan bo‘lsa? Men nima qilishim kerak? Qayerga boray? Sevgilimdan ayrildim, do‘stlarim yo‘q… Xuddi havosi so‘rib olingan xonada turgandayman, hech narsaning qizig‘i yo‘q. Hech bo‘lmasa s’yomka ham vaqtida boshlana qolsaydi, tezroq tugatib, keta qolsang! Boshing oqqan tomonga ketsang!
Chiroq o‘chadi, shu zahoti yana butun sahna yorishadi.
TITE. Nimagadir ishim hech yurishmadi. Qanoatlanmadim. S’yomkani to‘xtatdim va boshqa kunga qoldirdim. Bu bilan men Vaxtang taqdiri uchun o‘zimni aybdor deb hisoblayman.
GURAM. Nahotki, bu muhabbat mojarosiga sening aloqang bo‘lsa?
TITE. Yo‘q-yo‘q, bu yerda muhabbatning aloqasi yo‘q, gap muhabbatda emas. Vaxtang Pomirga iyulning oxirida – baland cho‘qqiga chiqish uchun eng qulay paytda ketmoqchi edi. U safarga tamoman tayyor edi, ammo shu paytda men uni o‘zimning yangi filmimdagi bosh qahramon ijrosiga taklif qildim. O‘zimcha tasavvur qilib ko‘rsam, u xuddi shu rol ijrosi uchun tug‘ilganday tuyuldi. Binobarin, men yanglishmagandim, sinov a’lo darajada o‘tdi, u guruhga kiritildi, shartnoma tuzildi… Biz endi s’yomkaga jo‘nab ketmoqchi bo‘lib turuvdik, shu mahal birdan teatrdan sening pesangni qo‘yishni taklif qilib qolishdi, Guram. Qolganini o‘zing mendan yaxshiroq bilasan. Men ishga kirishib ketdim, nazarimda, dunyodagi hamma narsani unutganday edim, studiyadan s’yomkani uch oy orqaga surishni iltimos qildim, keyin vaqt ko‘p bo‘lgani uchun guruh tarqalib ketdi.
Chiroq o‘chadi. Bir chekka yorishadi. U yerda Vaxtang bilan Zevza.
ZEVZA. Axir sening s’yomkang qachon boshlanadi?
VAXTANG. Erta yo indin bir kunlik s’yomkaga chiqamiz.
ZEVZA. Shuncha kunlar bekor ketdi. Allaqachon Pomirga yetib borgan bo‘lardik…
VAXTANG. Ana, ko‘rdingmi, bizning rejissyorimiz kelyapti. Ehtimol, hozir aytadi qachon boshlashimizni.
ZEVZA. Anig‘ini so‘ramaysanmi undan? Agar hali yana cho‘ziladigan bo‘lsa, hammasidan kechasan, Pomirga yo‘l olamiz, hali vaqt bor, cho‘qqiga chiqish mumkin.
VAXTANG. Nima, hali kech emas deysanmi? Men ishonmayman. Qo‘ysang-chi! Men hammasini yoddan bilaman.
Zevza chiqadi, Tite ko‘rinadi. (Biroz tantana bilan.)
Salom berdik, hurmatli usta!
TITE. Salom, Vaxtang! Men seni qidirayotgan edim. (Yonma-yon o‘tiradi). Bilasanmi, kutilmaganda oyoq ostidan bir ish chiqib qoldi, hammasi birdan o‘zgarib ketdi. Endi filmning ishini biroz to‘xtatib turishimga to‘g‘ri kelyapti.
VAXTANG. Shunaqami? Anchaga cho‘ziladimi?
TITE. Uch oydan oshmasa kerak. Guramning pesasini tezda qo‘yaman. Iloji boricha tezlashtiraman, balki uch oyga ham cho‘zilmas. Keyin filmni suratga olishni boshlayman. Bilasanmi, sen ham spektaklda ishtirok etishingni men judayam xohlayapman. Menimcha, senga mos ajoyib bir rol bor.
VAXTANG (biroz parishonxotir). Arzirmikan? Ko‘zim yetmaydi… Yaxshisi, filmdagi rolimga tayyorgarlik ko‘rib yuraman. Har qalay, bosh rol… Afsuski, rejaning o‘zgarib qolganini menga juda kech aytding. Men Pomirga oldinroq ketgan bo‘lardim. Alpinist do‘stlarim qachondan beri kutishyapti meni.
TITE. Lekin hali ham kech emas-ku.
VAXTANG. Yo‘q, endi sal bo‘lsa ham kechikdim. Baland cho‘qqiga chiqish uchun eng qulay vaqt o‘tib ketdi, endi havo ayniydi… Mayli, hechqisi yo‘q, mening do‘stlarim baquvvat, cho‘qqiga chiqamiz. Hatto bu qiziqarliroq bo‘ladi…
TITE. Har holda sen pesani bir o‘qib chiqishingni istayapman-da.
VAXTANG. Bajonidil.
TITE. Ma, ol. O‘qib chiq, keyin fikringni aytarsan.
Chiroq o‘chadi.
Yana sahna to‘laligicha yorishadi.
DAVAR. U pesani bir o‘tirishdayoq boshini ko‘tarmay o‘qib chiqdi. O‘qib chiqdi-yu, halovatini yo‘qotdi. Faqat shu haqda gapiradi, nima to‘g‘risida gap ketmasin shu pesaga olib kelib bog‘layveradi. Hayajonlanar, to‘lqinlanar, yozuvchi bilan bahslashardi. Nihoyat, o‘zi Guram bilan gaplashishga qasd qildi.
Chiroq o‘chadi.
Bir chekka yorishadi. Guram kitob o‘qib o‘tiribdi. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.
GURAM (kitobdan bosh ko‘tarmay). Kiring! Eshik ochiq.
Vaxtang kiradi.
VAXTANG. Kechirasiz, xalaqit bermadimmi?
GURAM. O, Vaxtang! Sizni ko‘rganimdan xursandman! O‘tiring…
VAXTANG. Siz bo‘lsangiz o‘qiganingiz o‘qigan…
GURAM. O‘qiyman, Vaxtang, nima ham qilay! Dunyoda yaxshi kitoblar shunchalik ko‘pki, ularni o‘qib chiqishga umring yetmaydi! Inson vafotidan keyin ham qancha-qancha yaxshi kitoblar yoziladi, ularni loaqal ko‘rish nasib etmasligini o‘ylasang, alam qiladi.
VAXTANG. Hali “Ilohiy komediya”, “Don Kixot”, “Faust”, “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” yaratilmagan o‘sha qadimgi davrlarda odamlar qanchalar ma’naviy qashshoq bo‘lgan ekanlar, a… Shekspir tragediyalari yaratilguncha-chi… Ammo men bugun siz bilan uzoq o‘tmish haqida yoxud sirli kelajak haqida suhbatlashmoqchi emasman. Men sizning pesangizni o‘qib chiqdim.
GURAM. Xursandman. Xo‘sh, u haqda qanday fikrdasiz? Sizning mulohazalaringiz men uchun juda qimmatli.
VAXTANG. Yaxshi pesa, ammo bahsli joylari anchagina.
GURAM. Albatta! O‘zim ham shunga harakat qilganman. Menimcha, odamlarda turlicha fikr uyg‘otgan, ularni loqayd qoldirmagan, oldinga siljishga yordam bergan asarlargina hayotiy bo‘ladi…
VAXTANG. Nima ham qilardik, u holda hech narsa demayman. Men aytgan voqealarni siz boshqacha o‘ylagansiz… Sizning umuman hech qanaqa cho‘qqi yo‘q degan fikringizga mutlaqo qo‘shilolmayman.
GURAM. Aslida hayajonlanishga arzimaydi. Siz alpinizm bilan qiziqishingizni yaxshi bilaman, ammo sizga ochig‘ini aytay, men pesada mutlaqo tog‘ cho‘qqilarini nazarda tutganim yo‘q.
VAXTANG. Men ham shunday deb o‘ylagandim. Siz keskin hayotiy vaziyatlarni nazarda tutgansiz va ixtiyorsiz ravishda o‘zingizni o‘zingiz aldagansiz. Sizningcha, odam cho‘qqiga undan tushish uchungina chiqadi. Siz cho‘qqini xonangizdan ko‘rasiz, cho‘qqilarni mashaqqatlar bilan zabt etilgandagi hayajon va xursandchilik naqadar ulug‘vor, totli ekanligini tasavvur ham qila olmasangiz kerak.
GURAM. Ammo men sira ham alpinistlarni nazarda tutganim yo‘q. Pesamdagi cho‘qqilar jamiyatida sodir bo‘ladigan ko‘z ilg‘amas dovonlar va xavfli damlarning ramzi, xolos. Ularni zabt etish odamlar uchun g‘oyat mashaqqat, hatto qurbonlar talab qiladi. Biroq ma’lum vaqtlardan keyin ular mutlaqo arzimas, hattoki keraksiz bo‘lib qoladi. Hay, mayli, ramziylikni bir chekkaga qo‘yaylik-da, real masala xususida gaplashaylik. Siz, tajribali alpinistning fikricha, sizga quvonch keltiradigan ko‘plab cho‘qqilarni zabt etish bir qancha ajoyib yigitlarning halok bo‘lishiga arziydimi? Mana shu narsalar ularning hayotini qurbon qilishga yaraydimi? Eng yaxshi hollarda ularning nogiron bo‘lib qolishiga arziydimi?
VAXTANG. Hozir men sizga buni tushuntirib berishga ojizman. Chunki bu sinovlar, cho‘qqini zabt etishlar kishiga qanchalik quvonch baxsh etishini siz bilmaysiz, tasavvur ham qilolmaysiz. Men o‘sha cho‘qqilardan olamga qaraganimda, ishonasizmi, o‘zimni qanday baxtli, kuchli his qilaman.
GURAM. Bunday tuyg‘u hammaga ham nasib etavermaydi… Ehtimol, bunday tuyg‘uni jamiyat hayotida ishi boshidan oshib yotgan, mo‘jizakor kuchga ega bo‘lgan odamlar ham his qila olar. Ular ozchilikni tashkil qiladilar… Ammo o‘sha tuyg‘uni his qiladiganlar chinakam qimmatga egamikan? Har qalay, bu individualizmga yaqin bir narsa… Bu bizning falsafamizga to‘g‘ri kelmaydi…
VAXTANG. Ilgari siz boshqacha fikr yuritardingiz. Siz shoir edingiz, sizning she’rlaringiz, ha, sizning she’rlaringiz mening qalbimda cho‘qqilarga intilish tuyg‘usini jo‘sh urdirgan edi…
GURAM. Ehtimol, ammo… Endi men she’r yozmayman… Shunday yuksak haqiqat bor: hayotda hech narsa boqiy emas. Odamlar ham, ularning yashash tarzi ham… Mening pesam – keksa odamning o‘ylari, uning umidsizlanishi, so‘nayotgan umidlari. Aslida siz uni o‘qimasangiz yaxshiroq bo‘lardi. Ayniqsa, cho‘qqiga ko‘tarilish oldidan. O‘z mohiyatiga ko‘ra bu jasorat, jasoratga tayyorgarlik ko‘rayotgan odam shubha to‘riga ilinmasligi kerak…
VAXTANG. Ehtimol, siz haqdirsiz, balki turli shubhalar meni qiynayotgandir. Lekin men uni yengaman, yana bir yuksak cho‘qqini zabt etaman, bundan faqat bitta maqsadim bor: o‘zimni o‘zim ishontirishim, avvalo, o‘zimga o‘zim isbot qilishim kerak. Lekin sizga o‘xshagan sershubhalarga, hurmatli Guram, shuni aytamanki, faqat yuksak cho‘qqilarni egallashgina insoniyat hayotini, kishilik tarixini bezaydi. Cho‘qqilarni zabt etish quvonchi dunyodagi hamma quvonchlardan ko‘ra ustunroq, yuksakrokdir!

IKKINChI QISM

O‘sha zina. O‘sha odamlar. Besik bilan Nina pillapoyada o‘tirgancha nimanidir o‘qimoqda.
TITE (Besikning berilib o‘qiyotganini sezib). Nima o‘qiyapsan. Besik?
BESIK. “Zilzila”dagi o‘z rolimni-da.
TITE. Shunaqami?! (O‘girilib qaraydi.) Sen nima o‘qiyapsan, Nina?
NINA. Guramning pesasini. Yer qimirlagan paytda u mening qo‘limda edi.
TITE. Tushunarli! (Biroz jim qoladi). Menga qara, Guram, menda ajoyib bir ideya bor!
GURAM. Xo‘sh? Yana nima?
TITE. Baribir, hali-beri uyimizga qaytib kirolmaymiz. Vaqtni o‘tkazish kerak, undan ko‘ra foydali ish qilaylik… ham zerikmaymiz…
GURAM. Masalan?
TITE. Repetitsiya qilamiz. Asosiy ijrochilar shu yerda, ular qachondan beri seni repititsiyaga taklif qilish orzusida edilar. Menimcha, senga ham foydali bo‘ladi.
GURAM. Albatta-da! Qachondan beri sendan iltimos qilaman-ku shuni. Chala ishlar, nimalar qilish kerakligi, qayerini tuzatish lozimligi repetitsiya jarayonida aniq ko‘zga tashlanadi. Men xursand bo‘lardim.
TITE. Ajoyib ideya! (Qarsak chaladi). Janobi aktyorlar, yaqinroq kelishlaringizni iltimos qilaman! (Artistlar uning atrofiga to‘planishadi). Menimcha, biz Guram bilan yomon narsani o‘ylamadik, bu uzoq vaqtni zerikarsiz o‘tkazish chorasini ko‘rishimiz kerak edi. Shu muddatda “Zilzila” pesasini repetitsiya qilib o‘tirsak qalay bo‘ladi? Sizlar nima deysizlar shunga?
OVOZLAR. Nima ham derdik!
– Aqlli ish! Vaqtni bekor o‘tkazgandan ko‘ra…
– Ishlaymiz!
– Ajoyib!
TITE. Menimcha, hamma o‘zining rolini yoddan biladi?
RATI. Kimniki so‘zi oz bo‘lsa, albatta, u biladi yoddan.
TITE. Vahima qiladigan joyi yo‘q! Menda pesaning to‘liq varianti bor. Ninada ham, Besikda ham bor ekan. Yetadi shu. Eng muhimi, repetitsiya­da muallifning o‘zi ishtirok etadi. U bizga katta yordam berishi mumkin.
BESIK.Ammo ba’zi ijrochilar yo‘q…
TITE. Ularning rolini Guram bilan men ijro etamiz. Davar bilan Pavle ham yordam berishi mumkin. Ommaviy sahnalarni hammamiz birgalikda ijro etamiz. Ba’zi narsalar, albatta, shartli ravishda bo‘ladi… Kelishdikmi? Demak, boshlasak bo‘ladi.
HAMMA. Boshladik, boshladik!
TITE (qo‘lyozmani o‘qiydi). “Sahnada bir-biriga osilib turgan tog‘ cho‘qqilari bilan o‘ralgan tartibsiz qurilgan uylar”. Menga qara, Levan, eshitayapsanmi? Tasavvur qilgin-a? Bu haqda sen bilan gaplashganmiz. Sahna loyihasi Shatilini esga solsin. Sen Shatilida bo‘lgansan, chog‘i?
LEVAN. Shatilida ham, Dog‘istonda ham, Chechen-ingush ovullarida ham bo‘lganman…
TITE. Barakalla. Boshqa narsaning keragi yo‘q. Tog‘ cho‘qqilaridagi bir-birini siqib, bir-birining ustidan osilib turgan uylarni ko‘rganmisan? Bilasanmi, bir uyning tomi uning yuqorisidagi uy uchun hovli vazifasini o‘taydi. Juda betartib. Shunday tasavvur qoldirsinki, u yerda juda ko‘p odam bir joyga to‘planib yashaydi. Yer qimirlashi bilan ular – erkaklar va ayollar, bolalar va keksalar – ini buzilgan aridek, baqirib-chaqirib tashqariga oti­ladi. Demak, bunday! Diqqat! Yer silkindi… Boshladik! Sizlar zinadan yuguringlar. Uylar ag‘anayapti, ustlaringga toshlar qulab tushyapti. Vayronalar ostidan ingrashlar, qichqiriqlar eshitiladi… Qani! Qani! Qani!
HAMMA. Yordam beringlar! Yordam beringlar! Qutqaringlar! Suv! Yordamga!
BESIK (Ratiga). Hozir bajarasan, aks holda mutlaqo kerak emas! Bir daqiqani ham bekor ketkazmaslik kerak! Qahr va hayajonning chegarasi yo‘q, bu mash’alani iloji boricha kuchliroq puflab yondirish kerak. Oyoqqa turganlarni to‘ppa-to‘g‘ri shoh saroyiga boshlab borish kerak!
RATI. Bir soat zang chaldim. Xalq oyoqqa turdi, ular yo‘lda uchraydigan har qanday to‘siqni yengib o‘tishga tayyor! Ularni oldinga boshlaymiz!
BESIK. Odamlar! Quloq soling, odamlar! (Zinadan yuqoriga yugurib chiqadi).
Atrofga xaloyiq – shu uyda yashovchilar to‘planishadi. Vayrona tagida qolganlarni tortib olishga yordam berishadi.
Qachongacha chidashimiz mumkin, odamlar?! Kuchli zilziladan beri hali oradan ikki yil ham o‘tgani yo‘q, ne-ne azoblar bilan tiklangan uylarimiz yana qulab tushyapti, bizni bosib qolayapti.
ODAMLAR OQIMIDAN OVOZLAR. Oh, bolalarim!
– Sizlar bilan birga o‘la qolsam bo‘lmasmidi!
– Bunday hayotdan to‘ydim!
BESIK. Biz halok bo‘lamiz! Bizni yo‘q qilishadi-yu, biz indamaymiz! Nega? Qachongacha?!
OVOZLAR. Qancha chidash mumkin?
– Qayerdan madad kutish mumkin?!
BESIK. Men qachonlardan beri sizlarni gullab-yashnagan mamlakatga chorlayman! Tog‘ ortida u, u yerda na zilzila, na suv toshqini bor.
OVOZLAR. Qani, qayerda o‘sha mamlakat?
– Bunday yashashga boshqa toqatimiz yo‘q!
– Qayer o‘ng‘ayroq bo‘lsa, o‘sha yoqqa ketishga tayyormiz!
BESIK. Bu yerda qolish mumkin emas. Bu yerning tuprog‘i odamzod yashashi uchun mo‘ljallanmagan. Har yil bir ofat: yo suv toshqini, yo zilzila. Gullab-yashnagan o‘lka yo‘lini men bilaman, o‘zim boshlab boraman u yerga sizlarni. U mamlakatda bir yilda ikki marta hosil olinadi. Serhosil yerlarni bo‘lib olamiz, hammamiz birgalikda ishlaymiz, bug‘doy ekamiz, uzum yetishtiramiz. Hech qanday vahimayu dahshatlarsiz, boy-badavlat yashaymiz!
OVOZLAR. Biz baxtli bo‘lamiz!
– Yo‘lga chiqishga tayyormiz!
BESIK. Bu yo‘l to‘g‘ri, unchalik uzoq ham emas, ammo shunisi yomonki, shoh va uning malaylari yo‘limizni katta to‘siqlar bilan bekitib tashlagan.
OVOZLAR. Yo‘qolsin shoh!
– Shohga o‘lim!
BESIK. Ular odamlar suyagidan barpo etilgan saroylarda yashashadi. Bu saroylarni ularga biz qurib berganmiz, shunday mustahkamki, hech qanaqa zilzila zarar yetkazolmaydi, o‘zimiz bo‘lsak, och-yalang‘ochmiz, qiynoqdamiz, xarobalar ostida yashaymiz.
OVOZLAR. Yo‘qolsin shoh!
– Saroylarga o‘t qo‘yamiz!
BESIK. Sizning azoblaringiz ularni zarracha ham tashvishga solmaydi, ularga sizning kuchingiz, ishchi qo‘llaringiz kerak, ular har qanaqa yo‘l bilan bo‘lmasin, sizlarga yashnagan o‘lkaga chiqib ketish uchun imkon bermaydi. Biz ularning hukmidan ozod bo‘lishimiz kerak. Buning uchun saroylarni egallash, shohni, vazirlarni o‘ldirish, ularning boyligini teng bo‘lib olib, bizni baxt-saodat kutayotgan o‘sha yashnagan o‘lkaga tezroq ketishimiz kerak.
OVOZLAR. Zolimlarga o‘lim!
– Bizga rahmi kelmaganlarga shafqat qilmaymiz!
BESIK. Qo‘llaringizga qurol olinglar-da, mening ortimdan yuringlar! Mash’ala yoqinglar! Saroylarga o‘t qo‘yamiz!
OVOZLAR. Shohga, uning malaylariga o‘lim!
– Bizning dushmanlarimizga, bizga azob beruvchilarga o‘lim!
Mash’alalar yoqiladi, ketmon, zanjir, belkurak bilan qurollangan xaloyiq oldinga intiladi.
TITE. E’tibor ber, Levan! Keyingi sahnalarda qo‘zg‘olon boshliqlari boshqalardan ajralib turishi kerak! Ularni qanday kiyintirish lozimligini o‘ylab ko‘r. Boshliqlarning hatto bosh kiyimlari ham diqqatni tortadigan bo‘lishi zarur. Balki o‘tkir uchli shlemlar kiygizish kerakdir?
LEVAN. O‘ylab ko‘raman, Tite. Qadimgi ashyolardan biron narsa qidirib topaman…
TITE. Bu olomonni bir tasavvur qilib ko‘r-a? Qurolsiz, yalangoyoq, och xalq vakillari. Ular saroyni zabt etish uchun hujum qilmoqda, qo‘lida ketmon, kaltak – xullas, duch kelgan narsani ko‘tarib chopavergan. (Qo‘lyozmani o‘qiydi). “Sahna orqasidan ur-yiqit, kaltaklash shovqini eshitiladi. Sahnadan saroy qorovullari yugurib o‘tishadi, ular qo‘zg‘olonchilarni ta’qib qilib yurishibdi”.
Besik ko‘rinadi. Uning ortidan “qo‘zg‘olonchilar guruhi” yugurib keladi.
BESIK. Shoh bilan malikaga, butun oliy tabaqaga, ayniqsa, ehtiyot bo‘linglar. Shohning jamiki urug‘-aymog‘ini, yaqinlarini qal’aga qamanglar. Hammang saroydan chiq-da, o‘t qo‘y, toki ular suyak-suyaklarigacha yonib ado bo‘lsin. Bosh jinoyatchilar maydonga olib chiqib osilsin! Biron tirik jon qolmasin! Hech qanday rahm-shafqat qilinmasin! Mutlaqo ayalmasin!
RATI. Bolalarni, keksalarni nima qilaylik?
BESIK. Yoshu keksa – barchasiga o‘lim! Dushmanga zig‘ircha ham shafqat yo‘q! Kimki dushmanga rahm qilsa o‘sha joyda qatl etiladi! Hamma eshitsin buni! Boshqalar uchun o‘zi qurbon bo‘ladi!
TITE (o‘qiydi). “Nato kiradi…” Natoni kim o‘ynaydi?
NINA. Men, Tite.
TITE. Xo‘sh, marhamat. Kir… Faqat jonliroq, hayotiyroq! Eshitdingmi, hayotiyroq chiqsin! Sen qo‘zg‘olondan ruhlangan ayolsan! Hayajon kuchli bo‘lishi kerak senda! Har bir so‘zingdan, har bir harakatingdan hayajonlanayotganing sezilib tursin.
BESIK. Nato! Senmisan! Men seni topdim? Tirikmisan?! Qanday ajo­yib, qanday baxt! (Uni quchoqlab oladi). Amalga oshdimi? Biz g‘alaba qildik! Zolimlar ag‘darildi, xalq shod-xurram!
NATO (NINA). Men xotin-qizlar otryadini boshqaraman. Biz saroyga qilingan hujumda ishtirok etdik. Qo‘zg‘olonchilar orqasidan borib, yaradorlarga yordam berdik, yarasini bog‘ladik.
BESIK. Men sening bu qadar jasurligingni bilmas ekanman! Men doimo Nato yaxshi parvarishda o‘sgan, undan xalq baxti uchun biron-bir jasorat kutish qiyin, deb o‘ylardim.
NATO (NINA). Kurash alangasi mening yuragimga ham cho‘g‘ tashladi. Ammo sen qo‘zg‘olon yetakchisi bo‘lmaganingda men bu jangda ishtirok etmasdim. Sizning safingizga meni muhabbat olib keldi.
BESIK. Rahmat, senga, Nato. Biroq shuni esingdan chiqarma, xalq baxtli bo‘lmaguncha biz ham baxtli bo‘lolmaymiz. Bizning baxtimiz – umumxalq baxtining kichik bir qismi. Ana shu baxt odamlarni yashnagan o‘lkada kutyapti. Biz ularni o‘sha joyga boshlab borishimiz kerak.
NATO (NINA). Biz ularni, albatta, boshlab boramiz, Besik! Men hamisha sen bilan birga bo‘laman.
O‘pishadi.
BESIK (undan uzoqlashib). Jang hali tugagani yo‘q, men jangda bo‘lishim kerak! (Chopib ketadi).
TITE (o‘qiydi). “Hovliqqancha, qichqirib Ketevan kirib keladi”. Sen chiqasan, Sesil!
KETEVAN (SESIL). Nihoyat, seni topdim, Nato! Xudoga shukur, seni topdim! Yalinaman, bir ilojini qil! Shalvani qutqar!
NATO (NINA). Unga nima bo‘ldi?
KETEVAN (SESIL). Shalva qo‘lga tushdi. Uni osishmoqchi.
NATO (NINA). Agar u xalqqa qarshi kurashgan bo‘lsa, albatta, osishadi.
KETEVAN (SESIL). Nima deding?! Esingni yig‘, Nato!
NATO (NINA). Uni qo‘zg‘olonchilar sudi sud qiladi. Agar ularga qarshi kurashgan bo‘lsa, demak, u – xalq dushmani. Xalq uni jazolaydi.
KETEVAN (SESIL). Sen bunga yo‘l qo‘yasanmi, Nato?! Axir ikkoving ham bitta ko‘krakdan – mening ko‘kragimdan sut emgansan-ku!
NATO (NINA). U shohning yonini olib jang qildi.
KETEVAN (SESIL). U senga aka qatori yaqin edi-ku!
NATO (NINA). Men uni o‘z akamday sevar edim, ammo xalqqa bo‘lgan sevgi barcha sevgilardan ko‘ra ustunroq!
KETEVAN (SESIL). Nima, sen uni o‘ldirishlariga rozimisan?!
NATO (NINA). U bizning dushmanimizga aylanib, o‘zini o‘zi o‘limga mahkum etdi.
KETEVAN (SESIL). Unga rahming kelsin, Nato! Faqatgina sen uni saqlab qolishing mumkin! Besikdan iltimos qil! Axir ular bolalikdan o‘rtoq edi-ku!
NATO (NINA). Do‘st bo‘lishgan edi… Hozir esa – ashaddiy dushman!
KETEVAN (SESIL). Ammo sen… sen… Birga o‘sdilaring… Sen uni saqlab qolishing mumkin. U o‘limga mahkum etilgan, sen bo‘lsang unga yordam berging kelmaydi.
NATO (NINA). Men bor gapni aytdim!
KETEVAN (SESIL). Shalvani osishadiyu, sen tomosha qilib o‘tirasanmi?!
NATO (NINA). Agar u shu jazoga loyiq bo‘lsa… Men qo‘zg‘olonchilarni to‘xtatolmayman. Uning uchun Besikdan iltimos qilolmayman.
KETEVAN (SESIL). Bu sening oxirgi so‘zingmi?
NATO (NINA). Xalq baxti uchun kurashish qurbonsiz bo‘lmaydi!
KETEVAN (SESIL). La’nat senga, mal’un! Senga bergan oq sutim zahar bo‘lsin!.. Tirnoqqa zor bo‘lib o‘t, tomiring qurisin! Juvonmarg bo‘layotgan mening o‘g‘lim kabi senga ham bu dunyoning nurlari, yaxshiliklari, quvonchlari nasib etmasin! Barcha harakatlaring samarasi, iloyo, sarob bo‘lib chiqsin! Sen ham, o‘sha Besiking ham bolalari rohatini ko‘rmasin!..
NATO (NINA). Men gaplaringni eshitmayapman’ Istaganingcha baqiraver! Sening qarg‘ishlaring bir pul! (Ketadi).
KETEVAN (SESIL). Hozirdan boshlab bir umr la’nat senga, mal’un, yaramas!
TITE (qarsak chaladi). Yaxshi! Shu yerda birinchi ko‘rinish tugaydi. Bir necha daqiqa sahnada chiroq o‘chadi. Voqea yana oldingi joyda davom etadi. Besik va uning safdoshlari chiqadi. Marhamat!
RATI. Hammasini osdik! Shoh bilan malika “oldin bizni o‘ldiringlar, bolalarimizning o‘limini ko‘rmaylik”, deb yalinishdi. Ammo biz ularga quloq solmadik.
BESEK. Sizlar chinakam qattiqqo‘llik ko‘rsatdinglar!
RATI. Kichik malikani ota-onasi ko‘zi oldida osdik. Malika hushidan ketib qoldi, keyin uni osadigan joyga sudrab olib borishga to‘g‘ri keldi.
BESIK. Qal’aga bekinib olganlar-chi?
RATI. Ularni o‘sha joydayoq urib o‘ldirdik.
BESIK. Asosiy aybdorlar-chi?
RATI. Ular maydonga olib chiqib osildi.
BESIK. Shalva-chi? Shalva nima bo‘ldi?
RATI. U hammadan ko‘proq to‘polon qildi. Men unga, Shalva, senga oxirgi marta aytayapman, qayt bu yo‘ldan, gunohingni tan ol, Besikdan kechirim so‘ra, dedim.
BESIK. U nima dedi?
RATI. Umi? U mening yuzimga tufladi-da, butun maydonni boshiga ko‘tarib baqirdi: “Besik – bosmachilarning boshlig‘i. Ular o‘z mamlakatini halok qiladi! Undan kechirim so‘rash men uchun o‘lim!”
BESIK. U hamisha shunaqa o‘jar.
RATI. Yigitlar undan boshqa gap ololmadilar.
BESIK. O‘zidan ko‘rsin. Nima ham qilardik.
NATO (NINA). Uni esingdan chiqar, Besik. U sening afsus chekishingga arzimaydi. Sen judayam charchagansan, uch kundan beri ko‘z yummaysan. Qancha kuch yo‘qotding. Biroz yotib, damingni ol. Uxlashga harakat qil. Men chodirda senga joy solib qo‘ydim.
BESIK. Alla aytib ber menga, Nato!…
Nato (Nina) alla aytadi. Ular bir-birini quchoqlagancha chiqib ketadi. Qo‘ltiqtayog‘ini o‘qtalib Pavle oldinga chiqadi.
PAVLE. To‘xtatinglar! Iltimos qilaman! Bir daqiqa to‘xtanglar!
TITE. Nima bo‘ldi? Nima gap o‘zi?
PAVLE. Muallifga mening e’tirozim bor.
GURAM. Qulog‘im sizda.
PAVLE. Avvalo shuni chuqur qayg‘u bilan ta’kidlamoqchimanki, sizning pesangizda bugungi zamonga sha’ma qilinganga o‘xshaydi.
GURAM. Nimalar deyapsiz? Men mutlaqo buni o‘ylaganim yo‘q…
PAVLE. Hamma gap shunda-da! Yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak edi, hurmatli dramaturg! Ayniqsa, faktlarni tahlil qilayotganda. Har bir kishi o‘zi o‘ylagan, tasavvur qilgan narsasini yozishga haqqi bor, ammo haqiqatni, voqelikni buzib ko‘rsatmaslik kerak.
GURAM. Siz nimani nazarda tutyapsiz?
PAVLE. Sabr qiling. Fikrimni aytib olishga xalaqit bermang. Siz mening hayotimdagi faktlarni olibsiz.
GURAM. Nimalar deyapsiz, axir?
PAVLE. Axborotingiz uchun hammasi xuddi ana shunday bo‘lgan edi, ayni vaqtda judayam unaqa emas. Qo‘zg‘olondan keyin biz turli lagerlarga tushib qoldik. Men mas’uliyatli bir uchastka uchun javobgar edim… Ha, qo‘zg‘olonga qarshi chiqqan do‘stimning hayotini saqlab qolishim mumkin edi. Lekin u bu haqda menga iltimos qilmadi, natijada men ham uni himoya qilmadim. Uning otilishi haqidagi buyruqqa imzo chekdim, ammo bu ishni sizning qahramoningiz kabi osongina bajarganim yo‘q. Men uchun bu juda qiyin, og‘ir qadam edi. Bu voqea mening qalbimni qattiq ezardi. Siz asaringizda do‘stimning hayoti, bolalikdan birga o‘sgan o‘rtog‘imning hayoti men uchun oddiygina xas-xashakchalik qadrga ega emas, deb tasvirlagansiz. Shu insofdanmi?..
NATO (NINA). Menga esa, hurmatli dramaturg, yana ham ayovsizroq yondashgansiz. Sizning xohishingiz bilan men o‘zimning sut emishgan akamning o‘limi haqida o‘ta sovuqqon, qotillarcha loqaydlik bilan gapiraman… Onamning yuragi yurak emas, go‘yo tosh. U tirik ayoldan ko‘ra barcha insoniy tuyg‘ulardan mahrum robotga o‘xshaydi…
GURAM. Hech narsa tushunmayapman! Bu yerda sizning onangizning nima aloqasi bor?
NINA. Nima aloqasi borligini juda yaxshi bilasiz. Qaytarib o‘tirishning hojati yo‘q. Siz bu epizodni bizning oilamiz hayotidan olgansiz. Hatto ismlarini ham o‘zgartirmagansiz. Otamning do‘stining ismi ham Shalva bo‘lgan…
GURAM. Ont ichaman, bu shunchaki tasodifiy o‘xshashlik. Hoziroq o‘zgartiraman uni.
PAVLE. Hammasi tasodifiy o‘xshashlik ekan-da! Bizning oilamiz hayotidagi faktlardan foydalanasizu yana hech kim anglamaydi, deb o‘ylaysizmi? Hamma – kimki, bizning oilamizni bilsa…
GURAM. Ont ichaman, bu xayolimga ham kelgan emas! Mutlaqo sizning oilangizni nazarda tutmaganman! Sizning oilangizning, o‘zingizning hayotingizdan mutlaqo bexabarman! Ishoning! Bordiyu, mening qahramonim bilan hayotingizda qandaydir yaqinlik, o‘xshashlik ko‘rsangiz, bu – mening aybim emas! Shunchaki o‘xshash vaziyatlardan biri, xolos. Hamisha, har qanday qo‘zg‘olonlarda bir-biriga yaqin odamlar barrikadaning turli tomonlariga o‘tib qolishgan…. Turli tomonlariga… Mana shu holatda sodir bo‘ladigan tragediyalar, tabiiyki, bir-biriga juda o‘xshaydi… Shuning uchun bu yerda sizning mutlaqo daxlingiz yo‘q…
TITE. Adibimiz chinakam haqiqatni aytayapti. Odatdagi dramatik vaziyat – o‘zaro dushman bo‘lgan lagerlarga tushib qolgan do‘stlarning munosabati aks ettirilgan, xolos. Muallif hech qanday kinoyani nazarda tutmagan. Bu qo‘zg‘olon bizning eramizdan oldin sodir bo‘lgan… Bu qo‘zg‘olon bilan bizning davr o‘rtasida qanday o‘xshashlik bo‘lishi mumkin?! Men bunday narsa haqida o‘ylashning o‘zi ortiqcha, deb bilaman.
NINA. Shunday ham deylik, mayli. O‘xshashlik yoki kinoya haqida gapirmay qo‘ya qolaylik. Lekin qo‘zg‘olon yetakchilari, xotin-qizlar obrazlariga e’tibor bering. Ular jamiki mehrdan, insoniy tuyg‘ulardan mahrum… Qalb va qiyofadan judo bo‘lgan qandaydir jonsiz suratga aylanib qolgan…
TITE. Mana bu haqda muallif bilan bahslashish mumkin.
GURAM. Bu haqda ham bahslashishga o‘rin yo‘q! Bunday keskin kurashlarda qo‘zg‘olon boshliqlari beixtiyor fanatizmga berilib ketganlar. Xotin-qizlar esa bunday paytda erkaklardan kuchsiz, ojiz emasliklarini ko‘rsatish, isbotlash uchun harakat qilganlar. Bu ularni nihoyatda qattiqqo‘l bo‘lishga majbur qilgan.
TITE. Bahsni tugataylik. Repetitsiyani davom ettiraylik. Navbatdagi ko‘rinishda Besikning da’vatiga ko‘ra odamlar o‘z yurtini tashlab, yashnagan o‘lkaga yo‘l oladilar. Ular uzun, egri-bugri tog‘ yo‘li orqali tepaga ko‘tariladilar. Bugungi sharoitda biz zinapoyadan foydalanamiz. Ammo spektaklda, Levan, bu ko‘rinish oldingilaridan mutlaqo farq qiladigan dekoratsiya talab qiladi.
LEVAN. Men uni, nazarimda, tasavvur qilayapman: egri-bugri, juda xavfli tog‘ yo‘li. Cho‘qqilar. Go‘yo odamzod unga sira ham chiqolmaydi, uning oxiri yo‘qday.
TITE. Ehtimol… Ehtimol…
LEVAN. U tobora yuqoriga ko‘tarilib borsa-da, toraymaydi, aksincha, kengayib boradi.
TITE. Bu yerda muallif nazarda tutgan qandaydir ma’no bor…
LEVAN. Ikki tomonda ham tubsiz dara.
TITE. Sizif qayerdan keladi?
LEVAN. Ana shu tubsiz daradan. U qoyalarga tirmashib, tepalikka chiqishi kerak, keyin yana o‘zi qulatgan toshlar ortidan pastga tushishi lozim.
TITE (Guramga). Mana shu yerda ertakning real voqelik bilan tenglashtirilishini ta’minlaydigan nimadir o‘ylab topish zarur. Sizif – afsonaviy personaj, Xudoga xiyonat qilgani uchun jazolashgan uni. U shunday hayotga mahkum etilganki, tog‘ cho‘qqisiga juda katta toshni to‘xtamay olib chiqishi va shu zahoti uni pastga, eng quyiga itarib yuborishi kerak. Ana shu harakatni tinimsiz takrorlashi zarur. Sizif tepaga chiqib, pastga tushib, bekordan-bekorga kuch sarflaydi, qora terga botadi. Sizning qahramonlaringiz – yashnagan o‘lkaga yul olganlar – juda oddiy odamlar. Afsonaviy Sizif bilan ularning real dunyosi o‘rtasida qanday o‘xshashlik ko‘rasiz?
GURAM. Sizif – inson kuchining ma’nisiz sarflanishining ramzidir. Ma’lumki, uni hayotning bema’niligini kashf qilgan qadimgi yunonlar o‘ylab topishgan. Hayotning ma’no va maqsadi bo‘lib ko‘ringan barcha narsalardan hafsalasi pir bo‘ladi. Sizifning g‘oyasi, menimcha, barcha buyuklarni, jamiki ijodkorlarni xijolat qiladi. Butun umr kurashni, mehnatni sevgan haqiqiy ijodkorning shubha va jasorati bu xijolatni yengib o‘tadi. Mashaqqatli yo‘l bilan yashnagan o‘lkaga borayotgan bizning qahramonlarimiz ham Sizif obrazidan farq qiladi. Yo‘q, yo‘q, hammasi ham emas. Faqat yuragida shubha uyg‘onganlarigina ajralib turadi. Dastlab voqeani narigi dunyoda kechadigan qilib tasvirlash haqida o‘ylagan edim. Qo‘zg‘olonchilar do‘zaxning darvozasini buzib, jannatga kirib borishlari kerak edi. Ammo men mistikani uncha yoqtirmayman, shuning uchun voqeani real hayotga ko‘chirdim. Mana, voqea bizning gunohkor yerimizda o‘tadi.
TITE. Sen yanglishmagansan. Aktyorlarni ham, tomoshabinlarni ham hayotiy voqea ko‘proq qiziqtiradi. Sizif atigi bir necha so‘z aytadi, ammo bu rolning ahamiyati juda katta. U pesa qahramonlari barcha xatti-harakatlarining ichida bo‘ladi… Sizif rolini kimga topshirgan edik?
BESIK. Yosh studiyachiga. U bu yerda yo‘q, boshqa uyda yashaydi.
TITE. Bilaman, bilaman. Sen bizga yordam berasan, Levan. Kelmay qolgan aktyorning yo‘qligini bildirmaysan. Matn katta emas, yodlab olasan. Tosh o‘rniga Sesilning portretini ko‘tarib ol. Tushunarlimi… Diqqat! Boshladik. (Qo‘lyozmani o‘qiydi). “Sahnada yashnagan o‘lkaga borayotgan odamlar bilan to‘la qoyadagi lager. Huv narida qo‘ylar o‘tlab yuribdi. Yo‘lovchilarning ba’zilari baliq tutadigan to‘rdan darra yasamoqda. Hamma o‘z ishi bilan band. Lagerning o‘rtasida Besik va uning safdoshlari”.
BESIK. Biz shohlar va katta yer egalari hokimiyatini ag‘darib tashladik. Xalqimiz ozodlik va baxtga erishdi. Asrlar davomida bir hovuch oqsuyaklarning ixtiyorida bo‘lgan boyliklar adolat bilan kambag‘allarga bo‘lib berildi. Odamlar qaddini rostladi, erkin nafas olmoqda. Endi oramizda ezuvchi ham, eziluvchi ham yo‘q. Bizning qonunimiz, ozod, mehnatkash xalqning qonuni – ana shunday. Bu biz uchun hamma narsadan ko‘ra ustunroq! Odamlar bizning ortimizdan dadil kelmoqdalar, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizga ular ishonadilar! Biz yashnagan o‘lkaga albatta yetib boramiz, u yerda insoniyatning baxt haqidagi asriy orzusi ro‘yobga chiqadi.
RATI. Ha, xalq biz bilan, biz tarafda. Ammo dushman sira tinchimaydi, ular har xil, yangicha fitnalar bilan bizga do‘q-po‘pisa qiladi. Buni sira unutmasligimiz kerak.
BESIK. Fitnachilar yo‘q qilindi! Endi hech kim bizning yo‘limizni to‘solmaydi!.
RATI. Ularning vazifasi – odamlarni yo‘ldan urish. Fitnachilar sof qalbli odamlar yuragiga shubha va ishonchsizlik urug‘ini sepadi.
NATO (NINA). Mashaqqatli yo‘lda har qanday og‘irlik, qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Dushmanlarimiz bizga qarshi kurashishning turli vositalaridan foydalanadi. Ular odamlarga biz yashnagan o‘lkaga borayotganimiz yolg‘on, deb ig‘vo qiladi.
TITE. Shu yerda gapga shubhalanuvchilardan biri qo‘shiladi. Biroq bu rolning ijrochisi ham hozir yo‘q. Balki sen yordam berarsan, Guram? Ishonamanki, so‘zlaringni yoddan bilasan.
GURAM. Har qalay, bilsam kerak.. (“Lagerga” kirib boradi. “Dara”ga qaraydi. “Toq”qa tirmashib chiqib borayotgan Sizifni ko‘radi.) Ey, kim u?
SIZIF (LEVAN). Men – Sizifman.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Toshni qayerga olib boryapsan?
SIZIF (LEVAN). Men uni eng baland cho‘qqiga olib chiqishim kerak.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Nima uchun?
SIZIF (LEVAN). Pastga tashlab yuborish va uning orqasidan yana tushish uchun.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Agar tosh yana pastga itarib yuboriladigan bo‘lsa, shuncha mehnat sarflab tepaga olib chiqishning nima keragi bor?
SIZIF (LEVAN). Cho‘qqini undan yana qaytib tushish uchun zabt etiladi – hayotimizning bosh g‘oyasi ana shundan iborat. Boshqacha aytganda, qaytib tushmaydigan balandlik yo‘q.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Demak, biz ham qaytib tushishimiz kerak ekan-da?
SIZIF (LEVAN). Bo‘lmasam-chi?! Yo‘l tog‘ning tepasida to‘xtaydi, orqaga qaytib tushishdan boshqa yo‘l yo‘q.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Eshityapsizmi, odamlar?! U nima deganini eshitdinglarmi?! Biz cho‘qqini ne-ne azob-uqubatlar bilan zabt etamizu darhol qaytib tushishimiz kerak emish. Boshqa yo‘l yo‘q ekan. Eshityapsizmi, odamlar?
RATI. Ana u! Eshitdingmi, boshliq? Shubha urug‘ini ana shunday sepadi, ishonchni ana shunday yo‘qotadi!
BESIK. Qo‘rqoq va ishonchsiz bu odamni darhol tutinglar! U bizga xalaqit beradi! U bizga dushman!
Shubhalanuvchini o‘rab olishadi, keyin qo‘lini bog‘laydi.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Nima, sizlar Sizifning gaplarini eshitmadinglarmi? Rostdan ham uning ovozini eshitmadinglarmi? Nima, odamlar kar bo‘lishini, ular haqiqatni eshitishini istamaysizlarmi?! Sizlar birgina meni qo‘lga oldinglar, ammo Sizifning gapini hamma eshitdi! Hammani ushlanglar, qo‘lini bog‘langlar bo‘lmasa! Ammo haqiqatni qo‘lga tushirolmaysizlar, uni zanjirband qilolmaysizlar, xalq baribir uni tushunib yetadi, anglaydi.
BESIK. O‘chir ovozingni! Olib chiqing uni! Bundaylarga rahm qilish – xalqqa xiyonat demakdir. Xalq dushmanlariga o‘lim!
TITE (remarkani o‘qiydi). “Shu mahal qayerdandir uzoqdan otilgan o‘q Besikning ko‘kragiga tegadi”.
BESIK (ko‘kragini ushlaydi). E Xudo! Meni otishdi! O‘ldirishdi meni!
NATO (NINA) (unga tashlanadi). Besik! Yordam beringlar! Tabiblar qani?!
RATI. Tabibni keltiring! Zudlik bilan! Hamma yo‘llar to‘silsin. Bu fitna! Daralardan keladigan barcha yo‘llar bekitilsin! Shubha tug‘diradigan hamma chodirlar yondirilsin!
BESIK. Alvido, do‘stlarim! Men g‘alabaga ishonch bilan ko‘z yumaman… Olg‘a! Bizning yo‘limiz – eng to‘g‘ri, nurafshon yo‘l. U yashnagan o‘lkaga olib boradi! Meni o‘ylamanglar, yig‘lamanglar ham… Meni baland ko‘tarib haligi qo‘shiqni… shoh saroyiga bostirib borganimizda aytgan qo‘shig‘imizni aytinglar!..
Ko‘kragidan “qon oqayotgan” Besikni bir necha qo‘l baland ko‘taradi. Qo‘shiq yangraydi.
TITE. Yaxshi, yaxshi! Qo‘shiqni jiddiy o‘rganishimiz, mashq qilishimiz kerak. Bu ko‘rinish ana shunday tugaydi. Keyingi sahna ham tog‘da, ammo yo‘lning boshqa qismida davom etadi. Bu yerda ikkita yangi personaj bor. Ularni safarning Birinchi va Ikkinchi ishtirokchisi, deb ataymiz. Ikkinchisi men bo‘laman, Birinchisini… (Atrofga razm soladi. Quvonib ketadi). Birinchisini sen o‘ynaysan, Besik. Axir sen endi bo‘shsan-ku.
BESIK. Men biroz charchadim… Ammo nima ham qilardik. Tekstni bering… (O‘qiydi.) “Xalq yetib kelmoqda, oziq-ovqat yetmay qolyapti. Biz yashnagan o‘lkaga yaqinlashyapmiz. Dushmanlarimizning qahr-g‘azabi hamon shiddatli, keskin. Ular bizni o‘rab olishni mo‘ljallamoqda. Ular bizga birdan tashlanish uchun qulay vaziyatni qidirayapti”.
RATI. Nachora, hammasiga tayyor turishimiz kerak! Zarba beramiz! So‘zsiz shunday qilish lozim, aks holda butun harakatlarimiz chippakka chiqadi. Biz shuning uchun qudratlimizki, yashnagan o‘lkaga boryapmiz. Bizning yo‘limiz ishonchli va to‘g‘ri, uni Besik ko‘rsatib ketgan.
TITE (o‘qiydi). “Ikkinchi qatnashchi chiqadi”. Men edim, a? (Yo‘talib olib, Rati bilan yonma-yon turadi.) Kecha kutilmagan voqea ro‘y berdi. Oldinda ketayotgan otryad ayri yo‘lga kelib, endi qaysi yo‘ldan borish haqida tortishib qoldi. Ba’zilar o‘ng qo‘ldagi yo‘ldan boramiz desa, boshqalar chap tomondagi yo‘ldan yuramiz, dedi. Tuni bilan tortishib chiqishdi. Ertalab ayrilishda ikkita yozuv paydo bo‘lib qolibdi: “So‘lga yursang – halok bo‘lasan!”, “O‘ngga yursang – halok bo‘lasan!” Horigan, ammo g‘azabi qo‘zigan odamlar mazmunsiz bahslashardi. Bir-birini ayblar, sira kelisholmas edi… Oqibatda, so‘z o‘rniga qo‘l ishga kirishdi, mushtlashish, ur-yiqit boshlandi…
RATI. Biz o‘ngga ham, so‘lga ham yurmaymiz. Faqat olg‘a! Besik yo‘lidan olg‘a! Boshqa yo‘l yo‘q!
TITE (o‘qiydi). “Birinchi qatnashchi chiqadi”. Senmiding, Besik?
BIRINChI (BESIK). Trevoga! Hamma bu yoqqa kelsin! Dushman hujumga o‘tdi! Ular bizning mudofaa to‘siqlarimizni buzib o‘tib, bu yoqqa bostirib kelmoqdalar.
RATI (“qilich” sug‘uradi). Dushmanga o‘lim! Jangga! Xalq uchun! Muqaddas tuprog‘imiz uchun!
TITE (o‘qiydi). “Darada qurollangan dushman qismlari ko‘rinadi. Ular qoyalar bo‘ylab tepaga ko‘tarila boshlaydi. Qattiq jang boshlanadi”.
RATI (ko‘kragini ushlab yiqiladi). Birodarlar! Men o‘laman! Bo‘sh kelmang, azizlarim! Dushmanni yanching! Yo‘q qiling, tugating ularni! Yashnagan o‘lkaga eltuvchi bu to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmang!
TITE. “Shu yerda bir lahzagina chiroq o‘chadi. Chiroq qayta yonganda biz yana lagerni ko‘ramiz. Bu ko‘rinishni shubhalanuvchi boshlaydi”. Senmisan, Guram!
ShUBHALANUVChI (GURAM). Shu topda ular meni eslab qolishdi. Mening tajribam, lashkarboshi sifatidagi san’atim ularning yodiga tushgan. Meni bandilikdan ozod qilib, qo‘mondonlikni zimmamga olishni buyurishdi. Hal qiluvchi jangda dushmanni tor-mor qilishga erishdik, bu bilan men xalqimga bo‘lgan sadoqatimni yana bir bor isbotladim.
IKKINChI (TITE). Adolat tantana qildi, xatolar tuzatildi, sen ham o‘z huquqingni qayta tiklading. Yana nima kerak?! Odamlar dam olayapti, yaradorlar davolanyapti, yashnagan o‘lka tomon yurish davom etadi.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Nahotki, sizlar Sizifning ovozini eshitmayotgan bo‘lsalaringiz?
IKKKINChI (TITE). Hech qanaqa Sizif yo‘q. Faqat senga shunaqa tuyul­yapti, xolos.
ShUBHALANUVChI (GURAM). Sizga nima bo‘lgan o‘zi, odamlar?! Quloqlaringiz eshitmayapti, ko‘zlaringiz aldayapti. Nahotki, bir joyda turib chopayotganlaringizni ko‘rmayotgan, sezmayotgan, bilmayotgan bo‘lsangizlar? Nahotki, qachondan beri loaqal bir qadam ham oldinga siljimaganlaringizni bilmaysizlar?
IKKINChI (TITE). Faqat dushmandangina shunday so‘zlarni kutish mumkin! Faqat ko‘zi ko‘r odamgina bizning oldinga qarab ulug‘vor yurishimizni ko‘rmasligi mumkin! Biz allaqachonoq suv toshqinlarini, zilzilalarni unutib yuborganimiz ozlik qiladimi..
Kutilmaganda yer silkinadi. Sahna aylanib ketadi. Odamlar vaqtincha o‘tirib turgan joylaridan yugurib chiqadilar.
TITE. Bu yerda ham ijrochilarni o‘zgartirish kerak. Birinchi yashovchi sen bo‘lasan, Besik. Sen axir yana bo‘shsan-ku. Rati, sen ham bo‘shading, ikkinchi yashovchi bo‘lasan. Bor-yo‘g‘i ikki-uch og‘iz gap, xolos.
BIRINChI (BESIK). Yer qimirlayapti!
IKKINChI (RATI). Qattiq-ku! Zilzila! Yana odamlar jonsiz qoladilar!
BIRINChI (BESIK). Qurbonsiz o‘tib ketsa, koshkiydi…
IKKINChI (RATI). Oldimizda hali shunday og‘ir, mashaqqatli yo‘l turibdi-yu, ammo hamon zilziladan qutulolganimiz yo‘q… Nahotki, bu ofat doimo bizni tark etmasa?
BIRINChI (BESIK). Yashnagan o‘lkada zilziladan qutulamiz, deb o‘ylaysizmi? Aslida e’tibor bering-a, biz mo‘ljaldagi tepalikka chiqib bo‘ldik. Endi pastga qaytib tushishimizga to‘g‘ri keladi.
PAVLE. Hurmatli muallif va rejissyor, takror kechirim so‘rayman, ammo baribir sizlarning fikrlaringizni yana bo‘lishga majburman. (Oldinga chiqadi). Menimcha, bilasizlarmi, yashnagan o‘lkaga borish uchun juda qiziqqan, kurashgan odamlarning ko‘zlagan cho‘qqiga yetmasdan to‘xtashi, bahslashishi, bir joyda turib yugurishi, keyin yuqoriga ko‘tarilish o‘rniga pastga tushishi – bularni ko‘rsatishdan hech qanday mazmun yo‘q. O‘ylab ko‘ringlar, cho‘zib yubormadinglarmikan? Yashnagan o‘lka borligiga va unga o‘sha yagona yo‘l bilan borish mumkinligiga xalq chinakam ishonsa – ana shu ruh bilan spektakl yakunlansa, qanday bo‘lar ekan?
NINA. Zilzilani inson hayotiga hamisha yo‘ldosh bo‘luvchi arzimas narsa sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘larmikan? Bu pesada zilzila – xalqning doimiy, qochib qutulolmaydigan bir ramzi. Odamlarni bunga ishontirishga urinish shartmi?
PAVLE. Odamlar qachondan beri oldinga siljimasligi, aksincha, bir joyda yer tepinib turishi haqida o‘ylab ko‘rmasligini tasvirlash fikri to‘g‘rimi? Axir yashnagan o‘lka, agar sizlarni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, farovon hayot haqidagi orzu, insoniyat ideali… Shundaymi?
TITE. Kechirasiz, so‘zingizni bo‘laman… Juda qiziqarli mulohaza, biroq siz pesani to‘laligicha bilmaysiz-ku. Uning mazmuni juda murakkab. Cho‘qqiga intilish muallif nazarida hayotiylikdan uzoq, yetib bo‘lmas orzu. Shuning uchun bu orzu yo‘lidagi kurashu qurbonlar ham, uning fikricha, mazmunsiz bir narsa.
PAVLE. U holda hurmatli rejissyor, insoniyatning orzusi, maqsadi yo‘qmi? Demak, taraqqiyot ham yo‘q?! Shundaymi?! Shunday bo‘lsa jamiyatdagi barcha rivojlanishlar to‘xtab qolar edi-ku. Undan tashqari, bizning hayotimiz o‘z ma’nosini, go‘zalligini yo‘qotgan bo‘lar edi…
Chiroq o‘chadi.
Sahnaning bir cheti yorishadi. Pomir tog‘i cho‘qqilaridan birining qoyasida Vaxtang bilan Zevza o‘tiribdi. Zevza radioapparatura bilan ovora.
VAXTANG. Naqadar go‘zal! Ana cho‘qqi! Faqat o‘sha yerda men o‘zimni inson sifatida his qilaman! Hatto undan ham yuksakroq!..
ZEVZA. Zabt etildi! Bu cho‘qqi ham zabt etildi! Men bu haqda allaqachon ma’lumot berdim. Ular bilan aloqamiz uzilib qolganida qo‘rqib ketishibdi. Bizning ortimizdan qutqaruvchi guruh yo‘lga tushibdi. Bugun ikkinchi kunki, vertolyot bizni qidiryapti.
VAXTANG. Men uning shovqinini eshitdim. Ammo vertolyot ekanini bilmadim, menga shunday tuyulyapti, deb o‘yladim. U bizning ustimizdan o‘tib ketdi. Bunday tumanda biron narsani ko‘rib bo‘larmidi.
ZEVZA. Nima ham qilardik! Qaytamiz endi. Havo aynib qolmasin, deb qo‘rqaman.
VAXTANG. Qaytamiz?
ZEVZA. Albatta. Faqat tezroq, qara, havo ayniy boshlayapti.
VAXTANG. Istamayman.
ZEVZA. Bahsga o‘rin yo‘q. Agar havo buzilib qolsa, keyin o‘zimizga qiyin bo‘ladi.
VAXTANG. Cho‘qqiga undan yana pastga qaytib tushmoq uchun chiqadilarmi?
ZEVZA. Bo‘lmasa nima qilish kerak? Yosh bolalarning savolini berasan-a?!
VAXTANG. Men yana ham yuqoriga chiqmoqchiman! Yuksak-yuksaklarga ko‘tarilgim kelyapti!
ZEVZA. Ammo bundan yuqorida hech narsa yo‘q. Nima, Xudoning huzuriga bormoqchimisan? Lekin bizning yo‘limiz bitta – pastga, odamlar oldiga borish. Qarindosh-urug‘lar, do‘stu birodarlar oldiga. Ular bizni tantana bilan kutib oladilar, axir biz g‘oliblarmiz!
VAXTANG. Avvallari qaytib borish tuyg‘usi meni hayajonlantirar, shodlantirar edi… Ammo endi… U yoqda meni kutadigan hech kim yo‘q…
ZEVZA. Qanday bema’ni gaplar!
VAXTANG (unga quloq solmaydi). Sen yig‘laysan, Eka, sen juda ham qattiq yig‘laysan. Senga qiyin bo‘ladi. Senga rahmim keladi. Lekin bular o‘tib ketadi, ko‘z yoshlaring quriydi… Shunda meni sevishdan ko‘ra sog‘inish osonroq bo‘ladi senga…
ZEVZA.. Seni hamma kutyapti, hamma xursand bo‘ladi! Ana ko‘rasan, bizni qanday shodu xurramlik bilan kutib olishadi.
VAXTANG. Quloq sol, Zevza! Mening qaytgim kelmayapti! Men Sizif bo‘lishni istamayman! Guram haq bo‘lib chiqishini xohlamayman! Uning fikricha, biz cho‘qqiga undan qaytib tushish uchungina chiqamiz… U xato qiladi! Men yuqoriga ko‘tarilaman, yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etaman. Ko‘z ilg‘amas… Bundan ham qiyin cho‘qqilarga chiqaman…
ZEVZA. O‘zingni bos, Vaxtang. Issig‘ing ko‘tarilganga o‘xshaydi. Shunaqasi bo‘ladi…
VAXTANG. Qaytamizmi? Kimning oldiga? Kimni xursand qilish uchun? Nima uchun?!
ZEVZA. Nima bo‘lganda ham oyog‘ingni sovuqqa oldirmasliging kerak. Bo‘l, tezroq tushaylik. Sen vrachga ko‘rinishing darkor. Bu tog‘ kasalligi.. Shunaqa bo‘ladi o‘zi…..
VAXTANG (Zevzani itaradi). O‘zing ketaver! Men shu yerda qolaman!
ZEVZA. Yangilik-ku! Yana nima qilmoqchisan?!
VAXTANG. Shunday paytlar bo‘ladiki, odam yolg‘iz, tamoman yolg‘iz qolgisi keladi…
ZEVZA. Bo‘l, tezroq pastga tushaylik! Jinni bo‘lma!
VAXTANG. Men endi hech qayoqqa bormayman, Zevza! Tushunsang-chi, axir! O‘zing qaytib ketaver, bir-birimizga xalaqit bermaylik… Odamlar bir-biriga xalaqit beradi – ular juda ko‘payib ketdi. Yerda faqat Odam Ato bilan Momo Havo yashaganida insoniyat chinakam baxtli edi..
ZEVZA (Vaxtangning tomirini ushlab ko‘radi). Issig‘ing bor, Vaxtang. Hozir tortishadigan vaqt emas, ammo baribir aytaman: odamlar bir-birini sevadi, bir-biriga yordam beradi… Shunday qilmasa nima bo‘ladi, axir?! Yur, ketdik, Vaxtang!
VAXTANG. Balki sen haqdirsan, mening issig‘im ko‘tarilib ketdi… Muzlab qolish nima, bilasanmi? Qattiq mast bo‘lgan odamday bosh garangsib qoladi, odam hech narsani, hatto og‘riqni ham sezmaydi. Men xuddi ana shunday ahvolda o‘lishni istar edim… Bo‘ronda, hech nimani sezmay, hech narsadan qo‘rqmay, eng yuksaklikda halok bo‘lish…
ZEVZA (kuch bilan Vaxtangni sudraydi). Ketdik! Tezroq yur! Tezroq!
VAXTANG (Zevzaning qo‘lidan chiqadi). Nima ham qilardik, ketdik! Tushamiz pastga! Yetib ol!
Bo‘ron zo‘rayadi. Uning ichida Vaxtang bilan Zevza turli tomonga yugurib ketadi.
ZEVZA. Vaxtang! Qayerdasan, Vaxtang!
VAXTANG. Ehe-hey! Zevza!
ZEVZA. Qayerdasan, Vaxtang?! Sekinroq yur! Ehtiyot bo‘l!..
VAXTANG. Qiyin joy. Qoziqcha qoqishga to‘g‘ri keladi… Mustahkamlash…
ZEVZA (qoziq qoqilishining ovozini diqqat bilan tinglaydi). Qattiqroq qoq, Vaxtang! Shoshilma! Shoshilma! Ushlamay qolmasin, chiqib ketishi mumkin.
VAXTANG. Mustahkam, mustahkam! Ushlaydi! Bunday tavakkalchilik birinchi marta emas-ku… Men tushyapman! (Jarlikka sakraydi).
Zevza uning ovozi kelgan tomonga yuguradi.
Jarlik yoqasida to‘xtaydi.
ZEVZA. Vaxtang! (Engashib jarlikning muzlagan qirg‘og‘ini kuzatadi, muzdan chiqib turgan qoziqchani oladi). Buning qoqilganiga ishonib bo‘lmaydi… Shugina uni ko‘tara olarmidi? Vaxtang! (Jon-jahdi bilan baqiradi.) Vaxtang…
Chiroqlar o‘chadi. Yana butun sahna yorishadi.
Yana o‘shalar: Guram va Tite, aktyorlar – Guram pesasi qahramonlarining ijrochilari, ba’zi bir tasodifiy tomoshabinlar. Hammasi Renaning tranzistorini eshitmoqda.
ZEVZA OVOZI. Menga shunday tuyulyaptiki, u o‘limini qidirgan ekan. Havoning ochilishiga hech qanday umid qolmaganida qaytishga ko‘ndirishga harakat qildim… Xavfsizlik qoidasiga rioya qilmadi… Men bilan birga ketmaslikka intildi… Pastga qaytib tushishni mutlaqo xohlamadi. Uning kuchi oldida mening yo‘q bo‘lib ketishimga sal qoldi. Pastga qarab shunday tez yugurdiki, men changini ham ko‘rolmay qoldim… U hamisha qorli cho‘qqilarda halok bo‘lish naqadar gashtli, deb takrorlar edi… Mana, o‘sha joylarda mangu qoldi… (Ovoz ho‘ngrab yig‘lash bilan uziladi.)
DAVAR (yig‘lab). Xudoyim! Akajon! Vaxtang!
EKA. Vaxtang! Mening Vaxtangim!
TITE. Tengsiz aktyor edi… Kelajagi yorqin edi… Bordiyu men s’yomkani boshlaganimda, ehtimol, bu voqea ro‘y bermasdi.
PAVLE. Endi nima qildik… Hammamiz ham aybdormiz!
GURAM. Ammo hammadan ko‘proq, nazarimda, men aybdorman.
RENA. Hamma!.. Men… Endi men… Mendan boshqa hech kim Vaxtangni qutqarolmaydi! Men! Men uchaman! Pomir muzliklariga uchaman!.. Odamlar uyqudan uyg‘onguncha qaytib kelaman. Vaxtang bilan! (Bir qo‘liga qafasni, ikkinchisiga tranzistorni olib ketmoqchi bo‘ladi).
TITE. Qayerga borasan, Rena?
Rena birdan to‘xtaydi.
GURAM. Nima qilyapsan, Tite? Nima kerak? Qo‘y, boraversin…
TITE. Qayerga? Yana bu bilan ham biron kor-hol ro‘y bermasin.
GURAM. Unga hech narsa qilmaydi. Mayli, borsin. Mayli, osmonda juda balandlarga, uzoq-uzoqlarga uchish mumkinligiga, tog‘lardan Vaxtangni topish mumkinligiga ishonsin. Agar hammamiz ham orzuning mavjudligiga ishonganimizda edi… Bu qanday yaxshi, qanday zarur. Tasavvur bilan yashashga erishish!
TITE. Bizga nima xalaqit beradi?
GURAM. Voqelik, shiddatli voqelik… Hayot haqiqati va oramizdagi uning quliga aylanib qolganlar…. Menga o‘xshab na ertakka, na orzuga ishonadiganlar… Ishonchlisi shuki, bu haqiqatni boshqalarga ham yetkazish, ko‘zini ochish – ularning burchi… Juda ko‘plab odamlarning ko‘zini ochish… Odamzod faqat bir xil voqelik uchun tug‘ilmagan-ku… U juda boy. Uning umidlari, tasavvurlari, hatto ko‘r-ko‘rona ishonchi bo‘lishi mumkin, aslida u hamisha, hamma joyda ko‘zini ochishi, ehtiyot bo‘lishi shart ham emas… Nima ham qilardik, odamlar Renaga, uning soddadillik bilan o‘zini o‘zi aldashiga, aqlsiz quvonchlariga ishonmaydilar. Ammo o‘shalar – ishonmovchi odamlarning qaysi jihatlardandir Renaga havasi keladi. Bo‘lmasa, nega ular, aytaylik, vino ichishadi? Garchi ozgina fursatga bo‘lsa-da, o‘zi yashab turgan voqelikdan uzoqlashish, undan xalos bo‘lish uchun emasmi? Bir lahzagina bo‘lsa ham o‘ylardan qutulib,xayol bilan yashash istagi tufaylimasmi? Odamlarni ishonish, orzu qilish qobiliyatlaridan mahrum qilib, o‘zlarining o‘sha tor, qashshoq imkoniyatlari bilan cheklab qo‘yadiganlar jinoyatchilar emasmi? Tilanchiga uning haqiqiy tilanchi ekanligini ishontirishga uringanlar nahotki, o‘g‘ri bo‘lmasa?.. Men bundan keyin odamlar qalbiga shubha urug‘ini sochishga, ertaklarga bo‘lgan ishonchni so‘ndirishga sira yo‘l qo‘ymayman… Odamlar, yashnagan o‘lkaga ishoninglar! Haqiqiy cho‘qqilar borligiga ishoninglar! Siz ularni zabt etishga qodirsiz! Ishoninglar! Bu ajoyib! Shunda siz boy va kuchli bo‘lasiz…
TITE. Tushunsang-chi, oldinroq bo‘lganda boshqa gap edi. Balki hamma ham bizning uyda yashovchilarday bo‘lsa – ularning taqdiri boshqacharoq kecharmidi…
GURAM. Ehtimol! Ammo hozir ham kech emas-ku, to‘g‘rimi, Tite! Men pesamni o‘zgartiraman, uning xulosasini boshqacha qilaman. Mayli, unda quvonch va umid tuyg‘ulari baland yangrasin. Odamlar yana ham yuksaklikka chiqishni, yashnagan o‘lkaga borishni davom ettirsinlar… Mayli, ular o‘zlari uchun chinakam to‘g‘ri yo‘l ma’lum ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qilsin. Orzuga ishonuvchilarni ishonchini yo‘qotganlar, ishonchsizlik halokatiga botganlar emas, balki o‘zlari bunga qattiq, astoydil ishonganlar hal qilsin.
TITE. Balki Pavle haqdir, uni kelajak avlod chinakam hal qilar?
GURAM. Ehtimol, haqdir. Agar hammamiz har bir xatti-harakatimizda kelajak haqida, kelajakdagi hakamlarimiz haqida o‘ylashga kuch topa olsak, biz sal bo‘lsa-da, baxtli bo‘lar edik. (Renaga yaqin boradi, uning qo‘lidan tranzistorni oladi). Buni bizga qoldirib ket, Rena. Uchishingga xalaqit beradi.
RENA. Mayli! Qoldiraman. Faqat qo‘yib beraman, bo‘lmasa…
DIKTOR OVOZI. …Qaytaraman: Zilzila endi takrorlanmaydi. Yer boshqa qimirlamaydi. Uylaringizga kirishlaringiz mumkin. Uylaringizga kirishlaringiz mumkin.
GURAM. “Er boshqa qimirlamaydi… Zilzila endi takrorlanmaydi…” Yangi pesamni shunday deb atayman.
TITE. Bo‘pti, bo‘lmasa, ishga kirish. Muvaffaqiyat senga. Faqat tezroq bo‘l, repetitsiyani rasvo qilmagin.
GURAM. Qo‘rqma. Pavle o‘z vaqtida to‘xtatdi bizni. O‘sha joydan boshlab pesaga yangi final yozaman. Ketdik uyga, Tite!
TITE. Mana, tong ham otib qoldi… Hayajonli, tashvishli tun bo‘ldi… Nazarimda, biz boshqalarni uyg‘otmay, oromini buzmay, to‘g‘ri qildik.
GURAM. To‘g‘ri! Endi bu mutlaqo aniq! Bo‘lingan tush, buzilgan tasavvur ayovsiz hamda inson tabiatiga qarama-qarshidir. Ehtimol – kim biladi? Ehtimol, xuddi mana shu tunda odamlar eng ajoyib, eng tiniq tush ko‘rgandirlar, ehtimol, xuddi shu onda ular eng baxtli onlarini yashayotgandirlar.

Rus tilidan Mamatqul Hazratqulov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-son