Margarita de Terel o‘lim to‘shagida yotardi. U ellik olti yoshda bo‘lsa-da, uni ko‘rganlar yetmish beshni urgan deb o‘ylashardi.U bazo‘r nafas olar, yuzlari choyshabdek oqargan, a’zoyi badani isitma ichida bezgak tutgandek qaltirar, ko‘zlari olayib ketgan edi.
Undan olti yosh katta opasi karavot yonida cho‘kkalab olgancha, yig‘lab o‘tirardi. Bemorning bosharisiga kichkina yopqich tashlab qo‘yilgan stolcha ustida ruhoniyning kelishi oldidan ikkita sham yoqib qo‘yilgan edi.
Yotoqxona o‘ta tartibsiz edi. Stol va javonlar ustida dori qobiqlari, burchaklarda esa, sochiqlar sochilib yotardi. Stul va kursilar xuddi nimadandir qo‘rqib har tarafga sochilib ketgandek edi. Ajal qaysidir puchmoqda bekinib olgancha o‘ljasiga chang solmoqqa payt poylardi, go‘yo.
Opa-singillarning qismati o‘ta g‘alati kechdi. Ular haqida butun muzofotda gapirib yurishar, ularning dardli kechmishi borasida eshitganlar ko‘z-yoshlarini tiyib tura olmasdilar.
Bir paytlar opa-singilning kattasi Suzanna bir yigit bilan qattiq sevishib qolgan, ular hatto unashib ham qo‘yilgan, to‘y kuni belgilangan, ammo kuyov bo‘lmish Anri de Sampier nogahon fano mulkini tark qilgandi.
Tamoman g‘am-anduh girdobida qolgan qiz endi hech qachon turmush qurmaslikka ahd qildi. Va u so‘zida sobit qoldi. Bevalik libosini butun umr yechmay o‘tdi.
Kunlardan bir kun uning o‘n ikki yoshli singlisi Margarita opasining bag‘riga o‘zini otdi va aytdiki:
— Opajon, sening baxtsiz bo‘lishingni, butun umr yig‘lab-siqtab o‘tishingni istamayman. Hech kachon, hech qachon seni tashlab ketmayman. Men ham erga tegmaganim bo‘lsin. Sen bilan bir umr, bir umr qolaman, opajon.
Bolalarcha sadoqat va samimiyatdan ko‘ngli erib ketgan opa uning peshnasidan o‘pib qo‘ydi, ammo uning gaplariga ishongisi kelmadi.
Singlisi ham gapida turdi, ota-onasining dag‘dag‘asiga-yu, kattalarning dod-muomalasiga qaramay er qilmadi. U juda-juda go‘zal, latofatli edi. Uning ishqida devona bo‘lganlar oz emasdi. ammo, u barchasini rad etdi. Opasini tashlab ketmadi.
Ular bir umr bitta tom ostida ahil-inoq yashadilar. Ular bu adoqsiz yo‘lni yelkadosh bo‘lib bosib o‘tishdi. Faqat singlisi opasiga qaraganda g‘amginroq, kayg‘uliroq bo‘lib ko‘rinardi.
U opasidan tezroq qaridi, o‘ttiz yoshida sochlari oqarib ketdi. Mana, o‘lim ham birinchi bo‘lib uni olib ketyapti.
U bir kecha kunduzki, bir og‘iz ham gapirgani yo‘q. Faqat saharga yaqin tilga kirdi:
— Vaqt bo‘ldi, ruhoniyni chaqiringlar.
U hamon dag‘-dag‘ qaltirar, shiftga termilib yotarkan, uning lablari asabiy pichirlar, go‘yoki, dil tubida yotgan qandaydir maxfiy bir gapni sirtiga chiqarmoqchi bo‘lar, ammo uni tiliga ko‘chirolmay qiynalar, ko‘zlari qo‘rquvdan ma’nosiz boqardi.
Opasi to‘shakning bir chekkasiga peshonasini bosgancha, o‘ksibgina piq-piq yig‘lardi.
— Margo, jigarim, bolajonim!
U singlisin “bolajonim” deb atashga o‘rganib olgan edi. Singlisi esa, uni “opacham” deb chaqirardi.
Zinapoyada qadam tovushlari eshitildi. Eshik ochildi. Bo‘sag‘ada avval yugurdak bola, keyin salobatli keksa ruhoniy ko‘rindi. Ularni ko‘rib, bemor bor kuchini to‘plab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi, arang og‘zini ochib, tirnoqlari bilan choyshabni yirtib yuborgudek tirnadi va bir necha og‘iz gapga tili aylandi.
Abbat Simon uning qo‘lidan tutib, peshonasidan o‘pdi va halimlik bilan dedi:
— Parvardigor sizni afu etgay, bo‘tam. O‘zingizni qo‘lga oling, tavba qilmoq fursatidir.
Shu choq Margaritani shundayin titroq tutdiki, hatto karavot ham silkinib ketganday bo‘ldi.
— Opajon, o‘tir bu yoqqa, eshit meni.
Ruhoniy to‘shakda parri bo‘lib yotgan Suzannaning qo‘lidan tutib qarshidagi stul ustiga o‘tqizdi va opa-singillarning qo‘llarin ushlab munojot qildi:
— Parvardigor! Bandalaringga o‘zing madad ber. Ulardan o‘z marhamatingin ayama!
Margarita gap boshlarkan, uning og‘zidan har bir kalima katta mashaqqat bilan tashqari chiqardi.
— Kechir, opajon, kechir meni! Men umrimning ana shu so‘nggi soatidan qanchalar qo‘rqqanimni bilmaysan!
Suzanna namli ko‘zlarini artdi:
— Nega mendan kechirim so‘raysan, bolajonim? Axir sen butun hayotingni meni deb qurbon qilding. Sen farishtasan…
Margarita uning gapini shart kesdi:
— Jim, jim bo‘l! Gapimni bo‘lmay eshit. Qanday dahshat?! Gapimni oxiriga yetkazgunimcha indamay tur, iltimos. Qimirlama… Eshit… Esingdami… Esingdami… Anri?
Suzanna seskanib singlisiga yuzlandi. U esa gapida davom etardi:
— Meni tingla, hammasini bilib olasan. O‘shanda men endigina o‘n ikkida edim, o‘n ikkida, esingdami? O‘shanda juda erka edim. Xayolimga kelgan ishni qilardim. Meni qanday erkalatib o‘stirishganini bilasanmi? Eshitsang-chi?.. U birinchi marta biznikiga kelanida, yaltirok etik kiyib olgandi, eshigimiz oldida otdan tushib, otamga muhim gapi borligini aytdi. Hammasi yodingda bordir? Jimm.. Eshit… Men uning barnoligini ko‘rib, hayratdan dong qotdim, va otam bilan gaplashib bo‘lgunicha bir burchakda undan ko‘z uzmay o‘tirdim. Bolalar juda nozik va xavfli mavjudotdir. Eh, men u haqida qancha-qancha shirin xayollarga bormadim.
U yana bir marta keldi. O‘yimizda mehmon bo‘ldi. Men unga butun borlig‘im, qalbim, vujudim bilan tikilardim. Men o‘z yoshimga qaraganda ancha kattaroq va aqlliroq edim. U biznikiga tez-tez keladigan bo‘ldi. Men faqat u haqida o‘ylardim. Tinimsiz uning nomini pichirlardim: “Anri, Anri de Sampier!”
Keyin uning senga uylanayotgani haqida eshitib qoldim. Opajon, o‘shanda dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketdi. Qanchalik qayg‘uga g‘ark bo‘lganimni bilasanmi? Uch kecha uxlamasdan yig‘lab chiqdim. U har kuni tushdan keyin kelib turardi… Esingdami? Javob berishga oshiqma… Sen unga un, yog‘ va sutdan o‘zi yoqtirgan pirojnilar pishirib berarding. Men ham bilardim pishirishni.. Kerak bo‘lsa, hozir ham pishirishim mumkin. U pirojniylar chaynamasdan yutar, orqasidan bir qadah sharob ho‘plardi, va “zo‘r!” deb qo‘yardi.
Men uni sendan shunaqa qizg‘anardim, shunaqa rashk qilardim. Sen to‘ying kuni yaqinlashib kelardi. Atigi ikki hafta qolgandi. Men esa jinni bo‘layozgandim. Men hamma vaqt o‘zimga o‘zim “U Suzannaga hech kachon uylanmaydi, men buni istamayman, u katta bo‘lsam, menga uylanishi kerak. Men umrimda uni sevganchalik hech kimni sevib qololmayman”, deb yurardim.
To‘yingizga o‘n kun qolgan edi. O‘sha kuni kechqurun ikkovingiz oy shu’lasi ostida qasr atrofini aylangani chiqib ketdingiz. U.. o‘sha kattakon archa ostida sening qo‘llaringdan tutib, bag‘riga tortdi. Uzo-oq o‘pishdilaring. Esingdami, ayt.. yo‘q, aytma! Bu sizning ilk bo‘sangiz edi, adashmasam. Ha.. Sen mehmonxonaga qaytganingda ranging bo‘zdek okarib ketgandi.
Men sizni ko‘rib turgandim, men bog‘da, butalar orasidan sizni kuzatib turardim. O‘shanda butun vujudimga bir yovvoyi istak oqib kirdi. Quturib ketgandek bo‘ldim, go‘yoki. O‘shanda qo‘limdan kelsa, ikkingizni ham o‘ldirishga tayyor edim.
“U hech qachon Suzanaga uylanmaydi, U hech kimga uylanmasligi kerak. Men bunday alamni ko‘tara olmayman”, dedim o‘z-o‘zimga. O‘shanda qalbimda unga nisbatan so‘ngsiz nafrat uyg‘ondi.
Keyin bilasanmi, men nima kildim? Eshit. Bog‘bonimizni eslaysanmi, u har doim daydi itlarni zaharlab o‘ldirish uchun shishani tosh bilan ezib, kukunini go‘sht parchasiga qo‘shib ularga yegizardi.
Men oyim ichgan dorining bo‘sh shishasini topdim-da, bolg‘acha bilan obdan maydaladim. Keyin kukunini qog‘ozga o‘rab, cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Ertasiga sen pirojniy tayyorlayotganingda bildirmay, xamir orasiga haligi kukunni joylashtirib qo‘ydim. U pishiriqdan uchtasini pok-pokiza tushirdi. Bittasini men yedim… Qolgan oltitasini hovuzga tashlab yubordim. Uch kundan keyin uchta oqqushimiz o‘lib qolgani esingdami? Jim deyapman… eshit gapimni! Faqat men tirik koldim, faqat bir umr kasallanib yurdim. U esa… o‘ldi… Bilasanmi… Eshit… Bu hali hammasi emas… har doim… Eng dahshatlisi… eshit.
Butun umr.. butun umrim davomida… Oh bu qanchalar azob edi. Men har doim o‘zimga, xech qachon opamni tashlab ketmayman, o‘limim oldidan esa, hammasini unga aytib beraman, derdim. Ha… Butun umr barchasiga iqror bo‘lishim kerak bo‘lgan shu so‘nggi soat haqida o‘ylab keldim. Vaqt-soati yetib keldi… Qanday dahsha-at. O, Opajon!
Erta-yu kech, shomu sahar fakat shu haqda o‘ylardim. Hali vaqt keladi, hammasini bo‘ynimga olaman, derdim.
Mana, hammasini senga aytib berdim… Jim… Bir og‘iz ham… Endi. endi men qo‘rqaman… juda-juda qo‘rqaman. Men hozir uni ko‘rsam, u bilan yuzlashsam. O‘zing o‘ylab ko‘r. Axir uni narigi dunyoda men birinchi bo‘lib ko‘raman. Sen meni kechirmasang, men uning yoniga qanday boraman? Unga ayting, hazrat. Meni kechirsin! Ayting, o‘tinaman. Bo‘lmasa, men o‘lolmayman.
U jim qoldi va tirnoqlari bilan choyshabni timdalay boshladi.
Suzanna yuzlarini bekitib olgancha, qimirlamay turardi. U ayni damda umr bo‘yi sevib o‘tgani xaqida o‘y surardi. Ular qanchalik baxtli yashashlari mumkin edi-ya? U yana ko‘rdi Anrini? Uni olis-olisdan, itib-bitayozgan o‘tmishni qatlarida ko‘rdi. O, muhtaram marhumlar! Siz yuraklarga kanchalar yaqinsiz? Haligi bo‘sa-chi?
Umridagi yagona bo‘sa! Bu bo‘sa yillar osha uning qalbida ardoq ila saqlanib kelayotir. Uning hayotdagi bor-yo‘q yupanchi, davlati ham shu xotirot parchasi edi, xolos.
Birdan ruhoniy qaltiroq va baland ovozda qichqirib yubordi:
— Suzanna bonu! Singlingiz o‘layapti.
Suzanna ko‘z-yosh ivitib yuborgan yuzlaridan kaftni oldi-da, o‘zini singlisinig quchog‘iga otdi va uning so‘lg‘in yuzlaridan o‘pib ohista pichirladi:
— Kechirdim, bolajonim, kechirdim!
Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi
* * *
Margarita de Terel jon talvasasida edi. U oltmish besh yoshda bo‘lib, ko‘rinishi yetmish beshlarga borgandek taassurot uyg‘otardi. Ayol zo‘rg‘a nafas olar, dokadek oqargan yuzi bezovta titrar, azobda qolgan vujudini qaltiroq bosgan, ko‘zlarida yovvoyi o‘t chaqnar, shu paytda u qo‘rqinchli bir manzarani ko‘rib turganga o‘xshardi.
Undan olti yosh katta opasi Syuzanna karavot yonida cho‘kkalagan ko‘yi, bo‘zlab o‘tirardi. Jon berayotgan ayolning yonginasida, sochiq to‘shalgan mo‘‘jaz stol ustida bir juft sham yonib turar, shu tobda uning badaniga zaytun moyi surishi va uni gunohlardan forig‘ etishi uchun ruhoniyni kutishardi.
Yotoqxonada, o‘lim talvasasidagi odam yotgan odatiy xonalardagi singari, mangu vido onlarining mudhish sarosimasi hukmron edi: stol va tokchalar doridan bo‘shagan idishchalarga to‘lgan, chor tomonda shoshilinchda oyoq bilan toptalgan yoki pollatta o‘rnida ishlatilgan sochiqlar yoyilib yotardi. Kursi va o‘rindiqlar duch kelgan joyda turar, hatto buyumlar ham bu xonani tashlab qochishga urinayotgandek edi. Ajal shu yaqin oraga berkinib olib, fursat kutardi.
Opa-singillar qismati g‘oyat ta’sirli bo‘lib, ularning taqdir hikoyasi butun okrugga ma’lum edi. Bu hikoyani tinglaganlardan hech biri quvonganidan ko‘z yoshi to‘kmagan.
Gap shundaki, opa-singillarning kattasi Syuzanna qachonlardir bir yigitga ko‘ngil bergan, yigit ham uni qattiq sevgan. Ularni unashtirib qo‘yishgan. Hatto to‘y kuni ham tayin qilingan. Biroq bo‘lajak kuyov Anri de Samper to‘satdan qazo qilgan.
Bundan chuqur anduhga botgan qiz hech qachon turmushga chiqmaslikka qasam ichgan. U so‘zida turdi. Bevalar libosini egniga ildi-yu, qaytib yechmadi.
Kunlarning birida uning kichik singlisi, o‘n ikki yashar Margarita o‘zini opasining quchog‘iga otib, dedi:
– Opajon, men sening baxtsiz bo‘lishingni, butun umr yig‘lab o‘tishingni xohlamayman. Hech qachon, eshityapsanmi, hech qachon seni tashlab ketmayman. Men ham sira turmushga chiqmayman. Hamisha yoningda qolaman, hamisha…
Uning bolalarcha sadoqatidan qattiq hayajonga tushgan Syuzanna, singlisini mehr bilan o‘pib qo‘ydi, lekin so‘zlariga unchalik ishonmadi.
Biroq singlisi ham ahdida turdi. Ota-onasining pand-nasihatlari, hattoki yolvorishlari ham unga kor qilmadi – qiz turmushga chiqishdan bosh tortdi. U juda kelishgan qiz bo‘lib, ko‘p yigitlardan dil izhori eshitar, lekin o‘ylab o‘tirmay, hammasini rad etardi. Xullas, Margarita bir umr opasining yonida qoldi.
Ular umr bo‘yi birga, sira ayrilmay yashadilar. Bu ikkisi mustahkam rishtalar bilan bog‘langan taqdir yo‘lidan yonma-yon ketib borishar, lekin Margarita hamisha qayg‘uli ko‘rinardi. Uning qiyofasi opasidan ko‘ra jahldor va tashvishli tuyular, buyuk fidoyiligi uni quvvatdan butunlay mahrum etganga o‘xshardi. U juda tez keksaydi. O‘ttiz yoshidayoq sochlari oqarib ketdi. Margarita bot-bot og‘rib qolar, go‘yo sirli bir xastalik uni ich-ichidan yemirib borayotgandek edi.
Endi bo‘lsa, u birinchi bo‘lib ajalga ro‘para kelmoqda. U naq yigirma to‘rt soat tildan qoldi. Nihoyat tongotar pallasi, so‘zlashga kuch topdi:
– Ruhoniyga odam jo‘nating, kunim bitganga o‘xshaydi.
Ayol bezgak tutgandek qaltiragan ko‘yi chalqancha yotar, yuzi qo‘rqinchli edi. Lablari tinimsiz pichirlar, go‘yo yuragining tub-tubidan qandaydir dahshatli so‘zlar ko‘chib ulgurgan-u, hozircha ularni aytishga darmoni yetmayotgandek, atrofga olazarak boqardi…
Opasi to‘shak chetiga peshonasini bosganicha, alamli ko‘z yosh to‘kar va tinimsiz bitta jumlani qaytarar edi:
– Margo, jigarbandim, go‘dakkinam mening!
U singlisini hamisha “go‘dagim” deb atar, singlisi esa unga har doim “opajon”deb murojaat qilardi.
Zinapoyada qadam tovushlari eshitildi. Eshik ochilib, avval xizmatchi bola, ortidan keng va uzun kiyimdagi keksa ruhoniy ko‘rindi. Jon berayotgan ayol ularni ko‘rgach, shoshilinch ravishda boshini ko‘tardi. Og‘zini ming mashaqqat bilan ochib, tirnoqlari bilan choyshabni yirtmoqchi bo‘lgandek timdalar ekan, bir nechta so‘zni pichirladi.
Abbat Simon unga yaqinlashdi. Uni bag‘riga bosib, peshonasidan o‘pdi va mehribonlik bilan dedi:
– Tangri sizni mag‘firat qiladi, bo‘tam. Bardam bo‘ling. Vaqt-soatingiz yetdi. Tavba qiling.
Margaritani shunday kuchli qaltiroq tutdiki, butun karavot silkina boshladi. U pichirladi:
– Opajon, o‘tir va meni eshit.
Ruhoniy hanuz to‘shak yonida cho‘kkalab o‘tirgan Syuzannaga yuzlandi. Uni turg‘izib, kursiga o‘tqazdi. So‘ng har ikkisining qo‘lidan tutib, xitob qildi:
– Yaratgan Egam! O‘zing ularga kuch ber! Ulardan marhamatingni darig‘ tutma!
Nihoyat Margarita tilga kirdi. U xirqiroq ovozda, uzuq-yuluq so‘zlar, hayot shami lahza sayin so‘nib borardi.
– Kechir, kechir, opajonim, meni kechir! Oh, butun umr shu fursat yetib kelishidan qanchalik qo‘rqib yashaganimni bilsang edi…
Syuzanna yig‘i aralash g‘o‘ldiradi:
– Seni nima uchun kechirishim kerak, go‘dakkinam? Axir sen men uchun hamma narsangni qurbon qilding. Sen farishtasan…
– Jim bo‘l, hech narsa dema. Menga imkon ber, so‘zimni bo‘lma!.. Toki hammasini aytib olishga ulguray… Eshit… Sen Anrini eslaysanmi?
Syuzanna cho‘chib, singlisiga qaradi. U esa to‘xtovsiz gapirardi:
– So‘zlarimni diqqat bilan eshitsang, hammasini tushunasan. O‘shanda men endigina o‘n ikki yoshga to‘luvdim. Atigi o‘n ikki yoshda edim… Sen u paytlarni yaxshi eslaysan, to‘g‘rimi? Men juda tantiq edim, xayolimga nima kelsa – shuni qilardim! Meni qanday erkalatganlari yodingdadir… Eshit… U ilk bor uyimizga kelganida, oyog‘ida yaltiroq etigi bor edi. Oti bilan darvozadan kirib kelarkan, ust-boshi uchun uzr so‘radi va bu yerga otamga bir xabarni yetkazish uchun kelganini aytdi. Sen bularni kechagidek eslaysan, to‘g‘rimi? To‘xta, gapirma… Meni eshit… O‘sha fursatda unga shunday mahliyo bo‘lib qoldimki, u otam bilan gaplashib olgunicha, mehmonxonaning bir burchagida toshdek qotib turaverdim. Bolalar – juda g‘alati, qo‘rqinchli mavjudotlar… Oh, o‘sha kezlarda u haqda tinimsiz xayol surganimni bilsayding…
U uyimizga tez-tez kelishni odat qildi. Men har safar unga ko‘zlarimni katta ochib, butun qalbim bilan boqar edim. O‘z yoshimga nisbatan ancha ulg‘ayib qolgan, boz ustiga tengdoshlarimga nisbatan ancha ayyor ham edim. Anri uyimizda tez-tez mehmon bo‘la boshladi. Men esa faqat uni o‘ylardim. O‘zimga-o‘zim: “Anri… Anri de Samper” deb pichirlardim.
Ko‘p o‘tmay u senga uylanmoqchi ekanligini aytishdi. Oh, opajonim, bu yangilikni eshitib, shunchalar qayg‘uga botdimki, uch kun uxlamadim, tuni bilan yig‘lab chiqdim… U esa har kuni nonushtadan so‘ng uyimizga kirib kelardi. Yodingdami? Sen har safar u kelganida, un, yog‘ va sut qo‘shib tayyorlanadigan shirin kulcha pishirarding. Bu shirinlik unga juda yoqardi. O‘sha kulchalarni men ham tayyorlay olardim! Kerak bo‘lganida hatto hozir ham pishirib berishim mumkin! Anri kulchalarni butunligicha og‘ziga solib, sharobdan ho‘plarkan, “Ajoyib!” deb xitob qilardi. Bu so‘zni u qanday talaffuz qilishini eslaysanmi?
O‘sha damda rashk olovida qovrilardim!.. To‘ylaring bo‘ladigan kun esa tobora yaqinlashib kelardi. To‘ygacha atigi ikki hafta vaqt qoldi. Men butunlay esimni yo‘qotib qo‘ydim. O‘z-o‘zimga: “U Syuzannaga uylanmaydi. Ulg‘ayganimdan keyin faqat mengagina uylanadi. Chunki men umrim bo‘yi hech kimni unga ko‘ngil berganchalik qattiq seva olmayman”, der edim. To‘ygacha o‘n kun qolgan edi. Oqshom chog‘i sen u bilan qal’a atrofida, oy nuri ostida sayr qilding. O‘sha yerda… archa tagida… baland archa tagida u seni mahkam quchdi va uzoq-uzoq bo‘sa oldi… Sen buni eslaysan, to‘g‘rimi? Shubhasiz, bu sening ilk bo‘sang edi… Shunday… Chunki mehmonxonaga qaytganingda ranging bo‘zdek oqarib ketgandi…
Men bog‘da, butalar ortida turib, sizlarni ko‘rdim. Ko‘rdim-u, aqldan ozay dedim. Qo‘limdan kelganida, ikkovingizni ham o‘ldirardim.
O‘zimga-o‘zim: “U hech qachon Syuzannaga uylanmaydi. U hech kim bilan turmush qurmaydi. Men bunday baxtsizlikka chiday olmayman”, der edim. Kutilmaganda yuragimda unga nisbatan kuchli nafrat uyg‘ondi.
Bilasanmi, men nima qildim?.. Eshit… Men bog‘bon amaki daydi itlar uchun zaharli bo‘g‘irsoq tayyorlaganini ko‘ruvdim. U shishani tosh bilan maydalar, so‘ng shisha kukunini bo‘g‘irsoqqa solinadigan qiyma bilan yaxshilab aralashtirardi.
Oyimning dori shishasini oldim-da, bolg‘acha bilan maydaladim. Keyin shisha kukunini cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Bu qoyilmaqom kukun edi. Ertasi kuni shirin kulcha tayyorlayotgan paytingda, payt poylab, har bir kulcha ichiga shisha kukunidan solib qo‘ydim. Anri kulchadan uch dona yedi. O‘zim ham bir donasini yeb oldim. Qolgan oltita kulchani esa hovuzga tashlab yubordim… Uch kun o‘tib, ikkita oqqushimiz o‘lib qolgani yodingdami? Qo‘y, gapirma… So‘zlarimni eshit… U o‘ldi… Sen buni yaxshi bilasan… Biroq bu hali hech narsa emas… Eng dahshatlisi shundan keyin boshlandi… Eshit…
Hayotim, mening butun hayotim azob ichida kechdi. Men o‘zimga: “Opamni hech qachon tashlab ketmayman va o‘limim oldidan unga hammasini aytaman”, deb so‘z berdim. Ha… O‘shandan beri shu daqiqalar, qarshingda haqiqatni tan olishim kerak bo‘lgan dahshatli daqiqalar haqida o‘ylayman. Mening kunim bitdi. Shunchalik qo‘rqib ketyapmanki! Oh!.. Opajonim!
Sahar chog‘i va quyosh botayotgan vaqtda ham, kunduzi va hatto tunda ham faqat bir narsani o‘ylardim… “Vaqti kelib, gunohlarimni tan olaman”. Men uzoq kutdim. Bilasanmi, bu juda og‘ir qiynoq. Mana, senga hammasini aytib berdim… Yo‘q, gapirma! Bir og‘iz so‘z aytma… Endi men dahshatga tushyapman… Shunchalik dahshatga tushyapmanki… Narigi dunyoda uni ko‘radigan bo‘lsam, bir o‘ylab ko‘rgin-a, uni birinchi bo‘lib men ko‘raman. Lekin u bilan yuzma-yuz kelishga jur’atim yetmaydi! Biroq sharoit shuni taqozo etmoqda. Vaqt-soatim yetganga o‘xshaydi. Kechir meni! Meni kechirmasingdan, Anrining qoshiga borolmayman. Janob kyure, unga ayting, gunohimdan o‘tsin… Ayting, o‘tinaman sizdan… U meni kechirmasa, jon berolmayman…
U tinchib qoldi. Og‘ir-og‘ir nafas olganicha, tirnoqlari bilan choyshabni tirmalay boshladi.
Syuzanna yuzini kafti bilan berkitib, harakatsiz o‘tirardi. U o‘sha – bir umr sevib, ardoqlab yashashi mumkin bo‘lgan inson haqida o‘ylardi. Ikkovlari qanday baxtli hayot kechirishlari mumkin edi-ya! U qallig‘ini yana ko‘rdi. Allaqachon g‘oyib bo‘lgan va hech qachon ortga qaytmaydigan o‘tmishga juda yaqindan nazar tashladi. Oh, qadrdon marhumlar! Ular qalbimizni qanchalar chuqur jarohatlashadi-ya! Uning ilk va yagona bo‘sasi-chi? Syuzanna uni qalbining tub-tubida asrab yashadi. Undan so‘ng boshqa hech nimani bir umrga eslab qolmadi.
Ruhoniy to‘satdan qaddini ko‘tardi va titroq ovoz bilan qichqirib yubordi:
– Syuzanna xonim! Singlingiz jon berayapti.
Syuzanna sho‘rtang ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lgan yuzidan qo‘llarini olib, singlisi tomon otildi. Uning peshonasidan qattiq o‘pib, pichirladi:
– Seni kechiraman, go‘dakkinam. Kechiraman…
Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 7-8-son.