Gabriel Garsia Markes. Kunlarning birida (hikoya)

1-tarjima

KUNLARNING BIRIDA

Yog‘ingarchiliksiz kelgan iliq dushanba tongi ham o‘tdi. U qadar yuqori malakali bo‘lmagan tish doktori Aurelio Eskover juda erta uyg‘onib, soat oltida ofisini ochdi. U hanuzgacha shakl berilishini kutib yotgan noto‘g‘ri tishlarni shisha idish ichidan olib plastir qolipga solib ko‘ra boshladi. Ko‘rsatilgan tartib bo‘yicha ishlash uchun o‘lchov asboblarini stol ustiga qo‘ydi. U yoqasiz yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiyib olgan, bo‘yni tilla ilmatugma bilan yopilgan va bunga qo‘shimcha ravishda bog‘ichli bog‘lama taqib olgani uchun nafasi naq bo‘g‘ilib qolayozgandek edi. U qad-qomati tik va ozg‘indan kelgan bo‘lib, shu ko‘rinishida bir na’vi kar-soqov odamdek ta’surot qoldirardi. U odatda narsalarini tartibga solayotganida, tish drilini dental stul yoniga itarib borar va noto‘g‘ri tishlarga u bilan sayqal berardi. Garchi u ko‘rinishidan hech narsani o‘ylamayotgandek tuyular, tish drili unga kerak bo‘lmaganda ham uni oyoqlari bilan to‘xtovsiz bosib ishlatardi.
Soat sakkizdan o‘tgandagina derazadan osmonga tikilish uchun ozgina vaqt ishini to‘xtatdi. Tashqariga aftoda boqarkan, qo‘shni uy eshigi yuqorisida quyosh taftida o‘zini quritayotgandek o‘ychan turgan ikkita burgutga ko‘zi tushdi. Aftidan tushdan keyin yana yomg‘ir yog‘sa kerak degan o‘yda u ishini davom ettira boshladi. O‘n bir yoshli o‘g‘li chinqiroq ovoz bilan uni fikridan chalg‘itdi:
– Ota!!!
– Nima?
– Mayor, siz uni tishini olib qo‘ya olasizmi yoki yo‘qmi, shuni bilmoqchilar?
– Meni bu yerda emaslar deb ayt.
Aurelio Eskover tilla tishga oro berayotgan edi. U tishni qo‘lida ushlab turib yarim yopiq ko‘z bilan tekshirardi. Shu payt o‘g‘li narigi xonadan yana qichqirib keldi.
– Ular aytdiki, siz shu yerda ekansiz, chunki, ovozingizni eshitibdilar.
U bir muddatga tishni tekshirib turdi. Ishini tugatgandan so‘ng, qo‘lidagilarni stol ustiga qo‘ydi-da, dedi:
– Juda yaxshi bo‘libdi-da.
Aurelio Eskover tish drilini yana qayta ishlata boshladi. Narsalarini saqlaydigan javon qutisi ichidan bir necha bo‘lak bridj oldi va yana tilla tishga sayqal berishni davom ettirdi.
– Ota!
– Yana nima?..
– Ular hali ham o‘z fikrlarini o‘zgartirmadilar, – so‘zini davom etdi bola. – Ular aytadilarki, agar siz ularning tishini olib qo‘ymasangiz, sizni otib tashlar ekanlar.
U shoshilmasdan mutlaqo bosiqlik bilan joyidan qo‘zg‘olib tish drilining pedalini bosishni to‘xtatdi va uni stuldan nariroq surib yo‘ldan hamma narsani olib tashladi. So‘ng xonaning o‘rtasida turib oldida o‘g‘liga qarab dedi:
– Yaxshi. Ayt, ularga kirib meni otsinlar.
U javon chetiga bir qo‘li bilan suyanib, bir qo‘lida eshik qarshisidagi stulni aylantirib turardi. Mayor eshik ostonasida paydo bo‘ldi. Uni yuzini chap tarafini soqoli olingan, boshqa tarafi esa aksincha, og‘riqdan shishgan va chamasi besh kunlik olinmagan soqolda edi. Aurelio Eskover uning ma’yus ko‘zlaridan u uzoq tunlarni og‘riq bilan o‘tkazganligini ko‘rdi. U javonni barmoqlari bilan yoparkan, muloyimlik bilan:
– O‘tiring, – dedi.
– Xayrli kun! – dedi mayor.
– Xayrli kun, – istamaygina javob qildi u.
Kerakli asboblar sterilizatsiya uchun qaynayotgan vaqtda, mayor o‘rindiqning bosh qo‘yadigan joyiga boshini qo‘yib o‘rnashib oldi va o‘zini biroz yaxshiroq his qilgandek bo‘ldi, ammo hali-hamon sovuq nafas olardi. U Aurelio Eskoverning ofisiga ko‘z yugurtirdi. Yog‘ochdan yasalgan o‘rindiq, oyoq bilan bosib ishlatiladigan tish drili, keramikadan butilkalar va shisha idishlar, hamma-hammasi juda eskirgan edi. O‘rindiq qarshisida yelkagacha uzunlikda tutilgan eski mato parda turardi. Mayor, doktor yaqinlashayotganini ko‘rib, og‘zini yirtgudek ochdi. Aurelio Eskover uni boshini chiroq tarafga burdi. Infektsiya tushgan tishni yaxshilab tekshirgach, ehtiyotkorlik bilan qo‘lini bukib, mayorning jag‘ini yoparkan:
– Anisteziyasiz bo‘ladi, – dedi.
– Nima uchun?..
– Chunki sizda maddalagan joy bor.
– Tushunarli, – dedi mayor doktorning ko‘zlariga qarab va kulishga harakat qildi.
Aurelio Eskover bo‘lsa, unga iljayib ham qo‘ymadi. U ish stolidan stirillanib bo‘lgan asboblarni olib kelib, qaynoq suv ichidan bir juft qisqichni oldi. U o‘z ishini shoshmasdan xotirjamlik bilan bajarardi. Oyoq kiyimini uchi bilan tufdonni mayorga yaqinroq joyga itarib yuborarkan, qo‘lini yuvish uchun tagiga chinoq qo‘yilgan jo‘mrak yoniga bordi. U ishlarini hammasini odatiy xotirjamlikda, hatto mayorning yuziga ham qaramagan holda bajarardi. Biroq mayor undan ko‘z uzgani yo‘q edi.
Bemorning og‘riyotgan tishi kech nish urgan aql tishi bo‘lib chiqdi. Doktor oyoqlarini sal ochib, issiq qisqich bilan og‘riq tishni qisdi. Mayor o‘rindiq tutqichini mahkam ushlab olib, oyoqlarida butun kuchini jamlab, vujudini qotirib turdi va shu onda buyragida muzdek bo‘shliqni his qildi, biroq bir og‘iz ham ovoz chiqarmadi. Doktor ishini tugatib, mayordan nariroq turib oldi-da, xushmuomilalik bilan bo‘lmasa-da, hech qanday ginasiz dedi:
– Ana endi siz bizga yigirmatalik o‘lik odam rasmi tushirilgan puldan to‘laysiz-da.
Mayor jag‘ suyaklarini g‘ichirlaganini hich qildi. Uning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi. U o‘rindiqqa og‘riq tishi olib tashlanganligini his qilmaguncha nafas olmasdan o‘tiraverdi. Nihoyat, ko‘z yoshlari orqali buni his qildi. Endi unga besh kunlik iztirobli tunlar begona, chunki u azobli og‘riqlardan forig‘ bo‘lgandi. Terga botib charchab qolgan mayor uzunengli ko‘ylagini tugmalarini yechib, shimini cho‘ntagidan dastro‘molchasini oldi. Aurelio Eskover esa unga dastro‘molchasi o‘rniga toza mato uzatarkan:
– Ko‘z yoshlaringizni artib oling, – dedi.
Mayor doktorning talabini zudlik bilan bajo qildi. U sovuq terlashdan endi qaltirardi. Aurelio Eskover qo‘l yuvayotganida chinoqning yuqori burchagida chang bosgan o‘rgimchak to‘rida bolalagan o‘rgimchakni va o‘lik hashoratlarni ko‘rdi. U orqasiga o‘girilib mayorga dedi:
– Uyquga yotishdan oldin namakob bilan og‘zingizni chaying.
Mayor o‘rnidan turib tugmasini ham qadamasdan xayr deya eshik tomon yurarkan:
– Hisobni jo‘nating, – dedi.
– Sizgami, yo shaharcha ma’muriyatigami? – uni pul to‘lamasdan chiqib ketayotgani Aurelio Eskoverning ensasini qotirdi.
Mayor ortiga ham qaramasdan eshikni yopdi va tashqarigi oynadan ko‘rinish berarkan, dedi:
– Bu sizning salomingizga yarasha alik.

Ingliz tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi

2-tarjima

ShU KUNLARNING BIRIDA

Dushanba havo ochiq va iliq keldi. Qo‘li diplom ko‘rmagan tish do‘xtiri Aurelio Eskovar kabinetini ertalab soat oltida ochdi. Uning odati shunday – barvaqt turadi. Oynavand shkafdan sun’iy jag‘ning gips nusxasini olib, asboblarni stol ustiga yirigidan maydasigacha xuddi ko‘rgazmadagiday batartib terib chiqdi. Do‘xtir iyagining tagidagi yagona zarhal tugmasi solingan ityoqa ko‘ylak, tasma bilan yelkasiga osilgan shim kiygan. Qomati tik va qotma odam. Nigohi doim to‘nd, gung kabi tilsiz- zabonsiz.
Asboblarni qator qilib tergach, aylanadigan kreslosiga parmamashinasini yaqinroq surib, jag‘ni silliqlashga kirishdi. Mashinaning pedalini oyog‘i bilan tinimsiz aylantirar, hatto parmadan qo‘li uzilganida ham tin olay demasdi. Yuz- ko‘zida – befarqlik, go‘yo qilayotgan ishining unga mutlaqo ahamiyati yo‘q.
Soat sakkizda ishdan to‘xtab, derazadan osmonga qaradi va qo‘shni uyning tomida patlarini yayrab quritayotgan ikkita kalxatga ko‘zi tushdi. Tushlikkacha tag‘in yomg‘ir quyadiganga o‘xshaydi, deb qo‘ydi ichida. Yana ishga tutindi. O‘n bir yoshli o‘g‘lining do‘rillay boshlagan ovozi xayolini bo‘ldi.
– Ota!
– Ha.
– Alkald, otang tishimni opqo‘ymasmikin, deb so‘rayapti.
– Meni yo‘q devor.
U endi tilla qoplamaga sayqal berishga o‘tdi. Oldiga uzatilgan qo‘lidagi tilla tishni ko‘zini qisgancha har ko‘yga solib ko‘rayotganida, mu’jazgina qabulxonadan yana o‘g‘lining ovozi keldi:
– Alkald sizni shu yerda deyapti. Ovozingizni eshitganmish.
Tishni tekshirishdan to‘xtamagan do‘xtir qoplamani tayyor buyurtmalar stolchasiga qo‘yib, javob berdi:
– Ajab bo‘pti.
Va yana parmaga qo‘l yubordi. Tanavorlar saqlanadigan karton qutidan bir- biriga ulangan tilla tishlarni olib, silliqlashga tushdi.
– Ota!
– Nima deysan? – Osoyishta so‘radi do‘xtir.
– Tishini sug‘urmasangiz, Alkald sizni otib tashlarmish.
Do‘xtir oyog‘ini pedaldan shoshilmasdan va juda xotirjam olib, parmamashinani kreslodan nari surdi va stol tumbasini tortdi. Tumbada to‘pponcha yotardi.
– Bo‘pti, – dedi u.- Mayli, ayt, kira qolsin.
Kreslosini eshik tomonga yuzma- yuz burib, qo‘lini tumbaning ustiga qo‘ydi. Ostonada Alkald ko‘rindi. Chap chakkasi silliq qirilgan. Do‘mbira bo‘lib ketgan, kasalmand o‘ng yuzida besh kundan beri tig‘ tegmagan soqoli qorayib turardi. Uning og‘riqdan kirtaygan ko‘zlarida do‘xtir uyqusiz tunlarning azobini ko‘rganday bo‘ldi. Barmoqlarining uchi bilan tumbani yopar ekan, muloyimlik bilan:
– O‘tiring, – dedi.
– Salomat bo‘ling, – dedi alkald.
– Bor bo‘ling, – javob qildi do‘xtir.
Asboblar suvda qaynatilgunicha alkald kresloning yostiqchasiga ensasini qo‘ydi va yengil tortdi. Dori hidi anqib turgan havodan chuqur nafas oldi va atrofiga razm soldi. Kabinetdagi sharoit juda g‘arib: eski yog‘och kreslo, pedalga moslangan parmamashina va sopol idishchalar terilgan oynavand shkaf. Derazani odam bo‘yi parda to‘sib turibdi. Do‘xtir u tomonga surildi. Alkald og‘zini ochib, tovonlari bilan polga tirandi.
Aurelio Eskovar uning yuzini yorug‘lik tomonga burdi. Kasal tishni tekshirib ko‘rgach, barmoqlari bilan gazak olib ketgan jag‘ni sekin bosdi.
– Og‘riqning oldini oladigan dorisiz sug‘urishga to‘g‘ri keladi.
– Nega?
– Negaki, yuzingizni yiring boylab ketgan.
Alkald uning ko‘ziga qaradi.
– Yaxshi, – dedi u jilmayishga urinib.
Do‘xtir indamadi. Asboblar qaynatilgan qozonni stol ustiga olib kelib qo‘ydi va bug‘lanib turgan suvdan ularni sovuq qisqich bilan shoshilmasdan chiqarib oldi. Boshmog‘ining uchi bilan tufdonni surib, qo‘lini yuvish uchun jamoshuv tomon yurdi. U alkaldga biror marta bo‘lsin, burilib qaramadi. Alkald esa undan ko‘zini uzmasdi.
Og‘rigan pastdagi aql tishi edi. Do‘xtir qulayroq turib olgach, qaynoq omburning uchini tishga tekizdi. Oyoqlari tirishib, beligacha yoyilgan muzday epkindan badani dag‘- dag‘ titrarashga tushgan alkald kresloning yondoriga yopishdi, ammo sasini chiqarmadi. Do‘xtir tishni sekin qimirlatdi. Jahl qilmasdan, achchiq anduh bilan dedi:
– Leytenant, hozir siz o‘ldirilgan yigirma nafar maqtul uchun to‘lov to‘laysiz.
Alkald jag‘ tomirlarining g‘archillaganini eshitdi. Ko‘zlari yoshga to‘ldi. Chuqurroq nafas olgisi kelar, ammo tishidan ajralganini sezmagunicha bunday qilolmadi. Chorasiz qolgan xasta mijjasi to‘la yosh bilan do‘xtirga qaradi. Shunchalar dahshatli og‘riq boshlangan ediki, o‘tgan besh kunlik azob hozir farog‘atday tuyuldi. Terga botgancha, xarsillab- hansirab tufdonga egilar ekan, yoqasining tugmasini yechdi va dastro‘mol izlab, cho‘ntagini paypaslay boshladi. Do‘xtir unga bir parcha toza latta uzatdi:
– Ko‘z yoshlaringizni arting.
Alkald artdi. Uning barmoqlari titrardi. Do‘xtir tog‘ora ustidagi jomashuvdan qo‘lini yuvgunicha, alkald deraza ortidagi bepoyon va bug‘ubor osmonga, yonginasidagi o‘lik xashoratlar va o‘rgamchak tuxumlari osilib yotgan halpillagan o‘rgamchak to‘riga razm soldi.
Do‘xtir qo‘lini arta- arta uning yoniga keldi.
– Uch- to‘rt kun ko‘rpa- to‘shak qilib yotiladi, – dedi. – Og‘iz namakobda chayib turiladi.
Alkald turib, qovog‘ini solgancha qo‘lining uchini chekkasiga tekkizib xayrlashgan bo‘ldi. Qotib qolgan oyoqlarining chigilini yoza- yoza, kitelining tugmalarini o‘tkazib, eshik sari yurdi.
– Hisobini jo‘nating, – dedi.
– Sizgami yo mahkamagami?
Alkald qayrilib qaramadi. Ortidan eshik yopilganidan so‘nggina simto‘r orasidan javob qildi:
– Hay, nima farqi bor!

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.