Damaso uyiga qaytganida xo‘rozlar endi qichqira boshlagan, bo‘yida yetti oylik gumonasi bo‘lgan xotini Ana uni to‘shakda kiyimlarini ham yechmasdan kutib o‘tirar edi. Chiroq xira tortib qolgan. Damaso angladiki, xotini uni tuni bilan kutgan, ko‘zlari to‘rt bo‘lib, zor-intizor kutgan, hatto eshikdan kirib kelganiga qaramay hamon kutayotir. Eri unga xotirjam nigoh tashlagan bo‘ldi, lekin ayol og‘iz ochmay, Damaso ko‘tarib kelgan alvon matoli tugunchaga hadik bilan tikilib qoldi. Yig‘lab yubormaslik uchun lablarini tishladi, titrab ketdi. Damaso lom-mim demay uning karsoniga jahd bilan ikki qo‘llab yopishdi. Eridan kelayotgan qo‘lansa ichkilik hidi dimoqni kuydiray derdi.
Ana eri uni og‘ushiga olib ko‘targunicha jim turdi, so‘ng butun vujudi bilan uning ko‘ksiga bosh qo‘yib, yo‘l-yo‘l chiziqli qirmizi ko‘ylagiga yuzini bosganicha o‘kirib yubordi. O‘ziga kelib, nafasini rostlagunicha erini qo‘yib yubormasdan, qattiq quchoqlab turaverdi.
– O‘tirganimcha ko‘zim ketib qopti, – dedi u hamon hiqillar ekan. – Qarasam, tushimda bexosdan eshik ochildi-yu, seni qip-qizil qonga bo‘yalgan holda ichkariga uloqtirib yuborishdi.
Damaso xotinining qo‘llarini jimgina bo‘shatdi-da, karavotning boya o‘tirgan joyiga o‘tqazdi va tugunchani oldiga tashlab, qovug‘ini bo‘shatish uchun hojatxona tomon yurdi. Tugunchani yechgan ayolning ko‘zi urilaverib qavarib ketgan ikkita oq, bitta qizil bilyard soqqasiga tushdi.
Damaso qaytib kelganida u soqqalarga lolu hayron tikilib o‘tirardi.
– Bularni boshingga urasanmi? – deb so‘radi ayol.
Eri beparvo yelka uchirdi:
– Bilyard o‘ynayman.
Damaso soqqalarni yana alvon matoga o‘rab, qo‘lbola ombur, cho‘ntakbop fonar va pichoq bilan birga sandiq tubiga yashirdi. Yechinmasdan o‘rniga cho‘zilgan Ana devor tomon o‘girilib oldi. Damaso faqat shimini yechdi. To‘shakka cho‘zilib, tamaki tutatar ekan, tongoldi tovushlari va shovqinidan o‘zi qo‘l urgan ishning qandaydir izlari-yu oqibatini ilg‘ashga urindi. Ittifoqo xotini uxlamayotganini sezib qoldi.
– Nimalarni o‘ylab yotibsan?
– Hech narsani, – dedi ayol.
Fig‘oni ko‘kka o‘rlagan Damasoning nafasi odatdagidan ham pastroqqa tushib ketdi. Sigaretini oxirgi marta tortib, qoldig‘ini tuprog‘i chiqib yotgan polda ezg‘ilab o‘chirdi.
– Boshqa hech vaqo yo‘q ekan, – dedi u xo‘rsinib. – Bir soat sang‘iganim qoldi.
– Otib tashlashmaganiga shukr qilsang-chi, – dedi Ana.
Damaso seskanib ketdi.
– Nafasingni yel uchirsin! – Damaso to‘ng‘illar ekan, o‘zicha “tuf-tuf” deb qo‘ydi, sigaret va gugurt izlab, yerni paypaslay boshladi.
– Odam ham shunchalar ovsar bo‘ladimi! – dedi ayol. – Jilla qursa, mening mijja qoqmay kutib o‘tirishimni o‘ylasang bo‘lardi. Har gal ko‘chada tiq etgan tovush eshitilsa, kimdir sening murdangni olib kelayotganday bo‘lib, ich-etimni yeb o‘tiraman, – Ana chuqur xo‘rsindi. – Bor-yo‘g‘i padar la’nati shu uchta soqqani deb. Iloyo, shu soqqa-yu sharlari boshidan qolsin!
– G‘aladonida yigirma besh sentavodan boshqa hemiri ham yo‘q ekan.
– Yo‘q bo‘lsa, sharni boshingga urarmiding?
– Quruq qo‘l bilan chiqib ketishga bo‘ynim yor bermadi, – dedi Damaso. – Uyga so‘ppayib qaytib kelolmasdim-ku, axir!
– Boshqa biror narsa olsang bo‘lardi.
– Qo‘lga ilinadigan narsa bo‘lmasa, nima qilay…
– Bilyardxonada-ya?
– Chetdan qaraganda shunday ko‘rinadi, – dedi Damaso. – Ichiga kirib, durustroq razm solsang, qo‘lga ilinadigan hech vaqo yo‘qligiga amin bo‘lasan.
Ana indamadi. Damaso xotini qorong‘ida ko‘zini ochib yotganicha arzigulik biror buyumni xayolan izlab topishga urinayotganini tasavvur qildi.
– Balki rostdan ham shundaydir… – dedi ayol.
Damaso yana tamaki tutatdi. Uni sekin-asta sarxushlik tark etib, vujudidagi karaxtlik o‘rnini hushyorlik egallay boshladi.
– Bilyardxonada mushuk bor ekan, – dedi u. – Ka-attakon oq mushuk.
Ana eri tomonga o‘girilib, qappaygan qornini Damasoning qorniga tiradi va oyog‘ini tizzalari orasiga tiqdi. Ayoldan piyoz hidi anqirdi.
– Jon-poning chiqib ketgandir?
– Kimning? Meningmi?
– Yana kimning bo‘lardi? – dedi Ana. – Eshitishimcha, quyonyurak erkaklar ham bo‘larkan.
Damaso xotini kulimsiraganini sezdi, o‘zi ham jilmaydi.
– Juda unchalik emasdir, – deb javob qildi u. – Lekin ishtonimni ho‘llab qo‘yishimga sal qoldi.
Xotini uni o‘pmoqchi bo‘lgan edi, ra’yini qaytarmadi, lekin o‘zi labini cho‘zmadi. So‘ng qo‘l urgan ishining bor xavfu xatarini to‘la anglagan, biroq taassufdan mutlaqo yiroq bir holatda, go‘yo sayohatdan qaytgan sayyoh kabi boshidan o‘tganlarni ayoliga batafsil so‘zlab berdi.
Xotini uzoq jim qoldi.
– Shu qilmishing juda ahmoqona ish bo‘ldi, – dedi Ana.
– Eng muhimi – ishni boshlab olish, – dedi Damaso. – Indallosini aytganda, o‘yinboshiga unchalik yomon emas.
* * *
Damaso uyg‘onganida, kun allaqachon qiyomdan oqqan, quyosh osmondan ayovsiz olov purkab turar, Ana eshik-orada kuymalanib yurardi. Damaso boshini jo‘mrakning tagiga tiqib, hushi butunlay joyiga kelmagunicha suvdan chiqarmay turdi. Ular kir quritish uchun mo‘ljallab tortilgan simlar bilan yo‘laklarga bo‘lingan umumiy hovlidagi bir-biriga o‘xshash katalakday xonalardan birida yashaydi. Boshqalaridan tunuka bilan to‘sib qo‘yilgan xonaning kiraverishida tamaddi tayyorlanadigan hamda dazmol qizitiladigan pech, yemakka va dazmol bosishga mo‘ljallangan stol turardi. Eri kelayotganini ko‘rgan Ana dazmollangan ichkiyimlarni olib, qahva tayyorlash uchun stolning chetidan joy ochdi, pechdagi dazmolni pastga tushirib qo‘ydi. U Damasodan ko‘ra ko‘rkamroq, terisi g‘oyat oq, hayotda o‘ziga ishongan odamlarniki kabi harakatlari yengil juvon edi.
Boshi gangib turgan Damaso birdan xotini o‘ziga nimadir demoqchi bo‘lib, ko‘zi bilan imlayotganini sezib qoldi. Hovlidan kelayotgan ovozlar ham e’tiborini tortdi.
– Kallai sahardan hammaning og‘zida shu gap, – deb shivirladi u eriga qahvani uzatar ekan. – Erkaklar allaqachon o‘sha yoqqa gum bo‘lishdi.
Hovliga ko‘z tashlagan Damaso erkaklar ham, bolalar ham qayergadir g‘oyib bo‘lganiga ishonch hosil qildi. Qahvani shoshilmay ho‘plar ekan, kir yoyishga chiqqan ayollarning gapiga quloq soldi. So‘ng tamaki tutatdi va oshxonadan chiqdi.
– Teresa! – deb chaqirdi u.
Ayollardan biri – nam ko‘ylagi badaniga yopishib qolgan qiz bo‘y ko‘rsatdi.
– Ko‘zingga qara… – deb shipshidi Ana.
– Nima gap? – so‘radi Damaso yoniga kelgan qizdan.
– Kimdir bilyardxonaga kirib, hamma narsani o‘marib ketibdi, – dedi qiz.
U shunday chuldiray boshladiki, go‘yo voqeaning butun mayda-chuydasigacha voqifdek. O‘yinxonadan buyumlarning birma-bir olib chiqilgani-yu oxirida bilyard stolini sudrab ketilganigacha aytdi. Qiz shunday komil ishonch bilan gapirar ediki, Damasoga aynan shunday bo‘lganday tuyulib ketdi.
– Ahmoqlik ham evi bilan-da! – dedi u Ananing oldiga qaytib kelgach.
Ana nimanidir sekin xirgoyi qilishga tushdi. Damaso ichidagi xavotirni bosish uchun stolni devorga yanada yaqinroq surib qo‘ydi. Uch oy burun, u yigirmaga to‘lganida, shu paytgacha katta mehr bilan parvarishlab kelayotgan ingichkagina mo‘ylabchasi uning chechakdan cho‘tir tortgan yuziga biroz mardonavorlik bag‘ishlagan edi. O‘sha paytdan Damaso o‘zini balog‘atga yetgan erkak chog‘lay boshladi. Lekin bu tong, o‘tgan tundagi voqealarni eslab boshi yorilay deb turganida, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi.
Dazmollashni tugatgan Ana ichkiyimlarni teng ikki uyumga bo‘lib taxladi va ketmoqqa shaylandi.
– Tezroq qaytib kel, – dedi Damaso.
– Xo‘p.
Damaso uning izidan xonaga kirdi.
– Mana bu katakgulli ko‘ylaging, – dedi ayol. – Yo‘l-yo‘l chiziqli ko‘ylakda ko‘chaga chiqmay turganing ma’qul. – Damasoning mushuknikidek beg‘ubor qiyiq ko‘zlariga tikilganicha izoh berdi: – Bilmaymiz-ku, ehtimol, senga biror odamning ko‘zi tushgandir.
Damaso ter bosgan kaftini shimiga ishqaladi.
– Hech kim ko‘rgani yo‘q.
– Qaydam… – deb takrorladi ichkiyimlarning har ikki taxlami tagiga ham navbati bilan qo‘l yugurtirar ekan Ana. – Hozircha ko‘chaga chiqmay turganing ma’qul. Avval men o‘sha yoqqa borib, biroz aylanib kelay. O‘zimni shunchaki yurganday ko‘rsataman.
Nima bo‘lganini shaharchada hech kim aniq bilmasdi. Ana voqea tafsilotini har kimdan har xil yo‘sinda eshitdi. Yuvilgan ichkiyimlarni egalariga tarqatib chiqqach, shanbadagi odatiga ko‘ra bozorga emas, maydon sari yo‘l oldi.
Bilyardxona oldida kutganidan ko‘ra odam kamroq edi. Bodom soyasida bir necha kishi gangur-gungur suhbatlashib turar, tushlik qilayotgan rangdor ro‘molli suriyalik tujjorlarning brezent ayvonlar tagidagi do‘konchalari ham oftobda mudrayotgandek tuyulardi. Mehmonxona ayvonidagi tebranma oromkursida bir odam qo‘l-oyog‘ini ikki tomonga kergancha, og‘zini katta ochib uxlab yotardi. Choshgohdagi jazirama hammani holdan toydirgan.
Ana bilyardxonadan biroz naridan o‘tayotib eshik oldidagi sayhonlikda bir necha kishi turganini ko‘rdi va Damasoning gapini esladi. Ya’ni, bilyardxonaning orqa eshigi borligini hamma biladi, lekin eshik sayhonlikka qaragani faqat kunda-shunda mijozlargagina ma’lum. Bir daqiqadan so‘ng ayol qornini qo‘llari bilan bekitgancha odamlar orasida buzilgan eshikka qarab turardi. Osma qulf butun, lekin zulfinning bittasi sug‘urib olingan edi. Ana yolg‘iz odamning besamar mehnati haqida biroz o‘yga tolgach, Damasoni achinish bilan esladi.
– Bu kimning ishi? – deb so‘radi u hech kimga qaramasdan.
– Kimligi noma’lum, – dedi birov. – Uzunquloq gaplarga qaraganda, qandaydir musofirning ishi emish.
– Boshqa kim ham qilardi, – dedi Ananing ortida turgan ayol. – Bizning shahrimizda o‘g‘ri yo‘q. Hamma bir-birini yaxshi biladi.
Ana ayolga o‘girildi va jilmaygancha dedi:
– To‘g‘ri aytasiz.
Uning hammayog‘idan ter quyilmoqda edi. Yonida bo‘ynini chuqur ajin bosib, munkillab qolgan bir chol turardi.
– Ko‘p narsa o‘marishibdimi?
– Ikki yuz peso bilan bilyard soqqalarini olishibdi, – deb javob qildi chol Anaga hayron qolarli darajada sinchkovlik bilan razm solar ekan. – Endi ko‘zimizni ochib uxlaymiz, shekilli.
Ana teskari o‘girildi.
– To‘g‘ri aytasiz, – dedi u yana.
Ana boshiga ro‘molini tashladi va nari ketdi. Nazarida, chol uning ortidan kuzatib qolganday bo‘ldi.
Sayhonlikdagi to‘da go‘yo buzilgan eshik ortida – bilyardxonada o‘lik yotganday chorak soatcha jim turdi. So‘ng odamlar junbishga keldi va to‘da maydon sari jildi.
Bilyardxona xo‘jayini alkald , tergovchi va ikki politsiyachi bilan eshik oldida turardi. Kaltabaqay, koptokdek dumaloq, kattakon qorni shimini yorib yuboray deb turgan bu odamning qansharidagi ko‘zoynak bolalar yasaydigan o‘yinchoqqa o‘xshab ketardi. Yurish-turishidan izzat-nafsi oyoqosti qilingan odamning iddaosi shundoq sezilib turibdi.
Bekorchilar to‘dasi bilyardxona xo‘jayinini o‘rab oldi. Ana devorga suyanganicha uning gaplariga quloq solib turdi. Sanqilar siyraklashgach, jaziramadan boshi g‘ovlagancha uyi tomon yurdi va bo‘lgan voqeani hamon qizg‘in muhokama qilayotgan qo‘shnilarning yonidan o‘tib, xonasiga kirdi.
Karavotda ag‘nab yotgan Damaso qayta-qayta hayratlanib o‘ylar ediki, tonggacha uni mijja qoqmay kutib o‘tirgan Ana nahotki biror marta ham chekmagan bo‘lsa. Xonaga iljaygancha kirib kelib, boshidagi terdan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan ro‘molini yechayotgan Anani ko‘rib, u endi tutatgan sigaretini tuprog‘i chiqib, sigaret qoldiqlariga to‘lib ketgan polda ezg‘ilab tashladi. Butun vujudi quloqqa aylanib so‘radi:
– Xo‘sh?
Ana karavot yoniga tiz cho‘qdi.
– Sen nafaqat o‘g‘ri, hatto yolg‘onchi ham ekansan-ku.
– Bu nimasi?
– Sen menga stol tortmasida hech vaqo yo‘q ekan, deganding.
Damaso qoshlarini uchirdi.
– Ha, hech vaqo yo‘q edi.
– Ikki yuz peso bor ekan-ku, – dedi Ana.
– Yolg‘on! – Damaso hayqirib yubordi, turib o‘tirdi va yana shivirlashga tushdi: – Bor-yo‘g‘i yigirma sentavodan bo‘lak hemiri ham yo‘q edi.
Ana ishondi.
– Qari tullak! – Damaso qo‘llarini musht qildi. – Basharasini teskari qilib qo‘yish kerak.
Ana yoyilib kuldi.
– Ahmoqlik qilma.
Damaso ham chidolmay, xoxolab kuldi. U soqolini olib bo‘lgunicha xotini ko‘chada ko‘rgan-bilganlarini aytib berdi.
– Politsiya musofirni izlayotgan emish. Aytishlaricha, bu yerga payshanba kuni kelgan musofir kecha oqshom bilan eshik oldida girdikapalak bo‘lib yurgan. Mish-mishlarga qaraganda, uni hali topishganicha yo‘q.
Damaso o‘zi biror marta ham duch kelmagan notanish odamni tasavvur qilishga urinib ko‘rdi, hatto yuz bergan hodisaning aybdori rostdan ham o‘sha musofirday tuyulib ketdi.
– Balki u juftakni rostlab qolgandir, – dedi Ana.
Damasoning yuvinib-taranishi uchun odatdagiday uch soat vaqt ketdi. Avval mo‘ylabiga erinmasdan oro berdi. So‘ng hovlidagi favvorada katta zavq va ishtiyoq bilan yuvindi. Ularning ilk uchrashuvidan beri bu zavqni hech kim va hech narsa so‘ndira olgani yo‘q. Yuvinib-taranish jarayonini Ana boshdan adog‘igacha mehr bilan tomosha qildi. Katakgulli qizil ko‘ylakdagi Damaso uydan chiqish oldidan oynaga qarayotganini ko‘rgan Ananing nazarida o‘zi ancha keksayib, isliqisi chiqib qolgandek tuyuldi. Damaso bir silkindi va uning qarshisida jangga tayyor usta bokschining shay holatiga kirdi. Ana uning qo‘lidan tutdi.
– Puling bormi o‘zi?
– Men boyvachchaman-ku, – kulib javob qildi eri. – Axir, ikki yuz pesom bor.
Ana devor tomonga burilib, etagidan naycha qilib o‘ralgan pulni oldi va bir pesoni sug‘urib, eriga uzatdi:
– Ma, ol, Xorxe Negrete .
* * *
Oqshom Damaso maydondagi ulfatlari oldiga bordi. Atrof-javonibdagi qishloqlardan bozorga kelgan odamlar shundoqqina pishiriq do‘konlari va lotereya sotiladigan stollar orasidan joy topgan. Qosh qorayib ulgurmasidan har qadamda ularning xurragi eshitilardi. Damasoning ulfatlari, chamasi, bilyardxonadagi o‘g‘rilikdan ham ko‘ra, mazkur muassasa yopilib qolganligi bois beysbol chempionatiga oid eshittirishni radiodan tinglash imkoniyatidan mahrum bo‘lishganidan ko‘proq tashvishda. Ular chempionat haqida o‘zaro bahslashib, talashib-tortishgancha, hatto nima namoyish qilinayotganini so‘rab-surishtirmasdan, kinoga qanday kirganlarini bilmay qolishdi.
Kantinflas ishtirok etgan film ekan. Balkonning oldingi qatorida o‘tirgan Damaso tinimsiz xoxolab kular, ko‘nglida zarracha g‘ashlik sezmas edi. Nazarida, dilini xira qiladigan barcha g‘am-tashvishlar ortda qolgan. Ajoyib javzo oqshomi, film qahramonlarining muloqoti orasida proyektorning tirillashigina eshitiladi, yomg‘ir maydalab yog‘ayotgandek, ochiq kinoteatr ustida yulduzlar og‘ir sukutga cho‘mgandek.
Daf’atan ekrandagi tasvir xiralashib, zalning to‘rida g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Yarq etib chiroq yondi. Qo‘lga tushdim, deb o‘ylagan Damasoning nazarida hamma o‘ziga o‘girilib qarayotganday tuyulib ketdi. Irg‘ib turmoqchi bo‘ldi. Lekin qarasa, hamma o‘tirgan joyida qotib qolgan. Politsiyachi qo‘liga o‘rab olgan kattakon mis to‘qali kamar bilan kimnidir g‘azab ustida urayotgan edi. Savalanayotgan kimsa barvasta habash ekan. Ayollarning dod-voyi eshitildi. Biroq politsiyachining ovozi ularning ayyuhannosini bosib ketdi:
– Itdan tarqagan! Itvachcha!
Qochib qutulmoqchi bo‘lgan habash o‘rindiqlar orasiga dumalab ketdi. Nihoyat, uni yana qo‘lga olishdi. Boya to‘qasini ishga solgan politsiyachi tutqunning qo‘lini orqasiga burab bog‘ladi va uchalasi uni urib-surib eshik tomon sudradi. Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, Damaso nima voqea yuz berganini habash yonidan o‘tganidagina angladi. Habashning egnidagi ko‘ylagi yirtilgan, yuz-ko‘zini chang, ter va qon bosgan edi. U ho‘ngraganicha bir so‘zni tinimsiz takrorlardi:
– Qotillar! Qotillar!
Chiroq o‘chib, yana film namoyishi davom etdi.
Nafasi ichiga tushib ketgan Damaso endi tinimsiz sigaret tutatar, ekrandagi voqealar esa shuuriga uzuq-yuluq, chala-chulpa yetib borar edi. Yana chiroq yondi. Tomoshabinlar vahima bosgandek atrofiga olazarak qarashga tushdi.
– Bopladi! – dedi kimdir hayratini yashirolmay.
– Kantinflasga gap yo‘q, – dedi Damaso gap egasiga qaramasdan.
Olomon uni eshik oldiga surib olib borib qo‘ydi. Pishiriq sotuvchi xotinlar og‘ir idishlarini ko‘targancha uyiga tarqala boshladi. Soat o‘n birdan oshgan bo‘lsa-da, ko‘cha to‘la odam. Habashni qanday qo‘lga olishganini bilish ishtiyoqida hamma tomoshabinlarning kinodan chiqishini kutar edi.
Bu gal Damaso xonasiga shunchalik imi-jimida kirib oldiki, ko‘zi ilingan Ana uning sharpasini sezganida shiftga tikilib yotgan eri allaqachon ikkinchi sigaretini chekib tugatayotgan edi.
– Ovqat plitaning ustida, – dedi ayol.
– Qornim to‘q, – javob qildi Damaso.
Ana xo‘rsindi.
– Tush ko‘ribman, – dedi uyqusiragancha. – Nora mumdan bolakaylarning haykalchalarini yasayotgan emish.
Shu gapni aytdi-yu, beixtiyor mizg‘iy boshlaganini angladi va xijolat bo‘lgandek ko‘zini uqalagancha Damaso tomonga ag‘darildi.
– Musofirni qo‘lga olishdi, – dedi ayol.
Damaso biroz sukut qildi.
– Kim aytdi?
– Kinoda qo‘lga olishibdi, – dedi Ana. – Hozir hamma o‘sha yoqqa ketdi.
Shunday qilib, Ana kinoteatrda bo‘lgan voqeani haqiqatdan juda yiroq qilib so‘zlab berdi. Damaso uning gaplarini to‘g‘rilab o‘tirmadi.
– Sho‘rlik… – xo‘rsindi Ana.
– Bu nima deganing? – jahli chiqdi Damasoning. – Seningcha, uning o‘rniga meni hibsga olishlari kerakmidi?
Ana erining fe’l-atvorini yaxshi bilardi. Shuning uchun javob berishni lozim topmadi. Xo‘rozlar qichqira boshlaguncha tamaki chekishdan to‘xtamagan yigitning og‘ir-og‘ir hansirashlariga quloq solib yotdi. Keyin eri o‘rnidan turib, qorong‘i xonada ilg‘ash qiyin bo‘lgan qandaydir ishga paypaslangancha kirishganini sezdi. Karavotning tagini kavlaganini (bu chorak soatdan ham ko‘proq davom etdi), keyin yechinganini, hamma yumushni qorong‘ida, iloji boricha sezdirmasdan bajarishga uringanini bilib yotdi. Bu paytda xotini xalaqit bermaslik uchun o‘zini uxlaganga solib yotganini Damaso xayoliga ham keltirmas edi. Ayol ko‘nglining tub-tubida nimadir g‘imirlaganday bo‘ldi. U eri kinodan kelganini endi angladi va nima uchun sharlarni karavot tagiga ko‘mganini ham tushundi.
Bilyardxona dushanba kuni ochildi. Ochildi-yu, darhol tekin tomoshaga suyagi yo‘q, kunda-shunda shinavandalarga to‘ldi. Bilyard stolining ustiga tashlab qo‘yilgan kattakon binafsharang mato muassasaga motam ruhini bag‘ishlab turardi. Devorga e’lon osilgan: “Shar yo‘qligi sababli bilyardxona ishlamaydi”. Kelganlar yozuvni hech bir hayratu hayajonsiz o‘qir edi. Ayrimlar esa uning oldida uzoq turib qolar va ajablanarli bir qaysarlik bilan qayta-qayta o‘qirdi.
Damaso bilyardxonaga birinchilardan bo‘lib kirdi. Umrining ancha-muncha qismini ishqibozlar o‘rindig‘ida shinavandalik bilan o‘tkazgan yigit eshik ochilishi bilan yana o‘zini bilyardxonaga urdi. Eng qiyini, nomiga bo‘lsa-da, ko‘ngil so‘rash edi. Damaso peshtaxta osha muassasa xo‘jayinining yelkasiga qoqar ekan, dedi:
– Shunday ham ko‘ngilsizlik bo‘ladimi, don Roke!
Don Roke og‘ir xo‘rsinib, achchiq kular ekan, boshini irg‘adi.
– Nachora… – dedi va mijozlarning ko‘nglini ovlashda davom etdi.
Peshtaxta oldidagi kursilardan biriga chiqib o‘tirgan Damaso binafsharang kafan ostidagi stolning ko‘lankasidan ko‘zini uzolmay qoldi.
– Mo‘jizaning o‘zi! – dedi u.
– Gapirmang, – dedi uning yonidagi kursida o‘tirgan kishi. – Ayni Pasxa arafasida shu ishni qilishganini aytmaysizmi!
Qariyb barcha mijozlar uy-uyiga tarqalgach, Damaso musiqali avtomatning tuynugiga tanga tashlab, tablodagi ro‘yxatda eslab qolgani – meksikacha balladani qo‘ydi. Bu paytda don Roke stol-stullarni zalning to‘riga tashiyotgan edi.
– Nega bunday qilyapsiz? – so‘radi Damaso.
– Qartaga joy hozirlayapman. Shar olib kelgunlaricha odamlarni nima bilandir ovuntirib turishim kerak-ku.
Ikki qo‘liga ham stul ko‘targancha ko‘zi ojizdek avaylab qadam tashlayotgan bu odam yaqinda xotinidan ajrab, so‘qqabosh bo‘lib qolganga o‘xshardi.
– Sharlarni qachon olib kelishadi o‘zi? – deb so‘radi Damaso.
– Xudo xohlasa, bir oydan nariga o‘tmas.
– Ungacha eskilarini topishadi, – dedi Damaso.
Don Roke qator turgan stollarga mamnun nazar tashladi.
– Topisholmaydi, – dedi yengi bilan peshonasini artar ekan. – Zanjiga shanba kunidan beri ovqat berishgani yo‘q. Sharlarni qayerga gumdon qilganini aytmayapti. – U Damasoga ter bosgan oyna osha qaradi. – Ularni daryoga tashlab yuborgan bo‘lsa kerak.
Damaso labini tishladi.
– Ikki yuz peso-chi?
– Pul ham yo‘q, – javob qildi don Roke. – Zanjining cho‘ntagidan bor-yo‘g‘i o‘ttiz peso chiqibdi.
Ular beixtiyor bir-biriga termilib qolishdi. Bu termilish nega ikki hamtovoqning bir-biriga o‘qrayib qarashiga o‘xshab ketganini Damaso izohlab berolmagan bo‘lar edi. Kech kirib qolganda kirxonada turgan Ana erining uyga ne alfozda qaytayotganini ko‘rdi: u mohir bokschilardek sakrar va ko‘zga ko‘rinmas raqibiga tinimsiz zarba berar edi. Ayol uning ortidan xonaga kirdi.
– Hammasi joyida, – dedi Damaso. – Chol eski sharlardan umidini uzib, yangilariga buyurtma beribdi. Umid qilamizki, chol ularni ololmaydi.
– Zanji nima bo‘pti?
– Vahimaga o‘rin yo‘q, – yelkasini uchirgancha javob berdi Damaso. – Yonidan shar chiqmasa, qo‘yib yubormay nima ham qilishardi.
Kechki ovqatdan so‘ng Ana bilan Damaso ko‘cha eshigi oldida qo‘shnilari bilan kinoxona dinamigining uni o‘chguncha gaplashib o‘tirishdi. Uxlash uchun to‘shakka cho‘zilganlarida Damasoning dimog‘i chog‘ edi.
– Bu dunyodagi eng quling o‘rgilsin ishni o‘ylab topdim, – dedi u.
Ana sezdiki, Damaso o‘zi bilan baham ko‘rmoqchi bo‘layotgan fikrini tun bo‘yi miyasida pishitib chiqqan.
– Shaharchamizni kishi bilmas sekin aylanib chiqaman-da, biridagi sharlarni o‘marib, boshqasiga pullayman. Bilyardxona deganing har qadamda.
– Aylanganing burningdan buloq bo‘lib chiqmasin tag‘in, itday qilib otib tashlashadi.
– Vahimangni qara-yu: otib tashlasharmish, – dedi u. – Unaqasi faqat kinoda bo‘ladi.
Quvonch to‘la rejalaridan masrur Damaso xona o‘rtasida turardi. Ana esa sirtdan qaraganda befarq, aslida erining gaplarini ko‘nglida katta xavotir bilan eshitgancha yechina boshladi.
– Mana shuncha kostyum sotib olaman, – Damaso qulochini keng yozib, tasavvuridagi shkafni – ikki devor oralig‘ini ko‘rsatdi. – Mana bu yerdan huv anavi yergacha. Yana ellik juft poyabzalim ham bo‘ladi.
– Xudo yo‘lingni bersin, – dedi xotini.
Damaso unga yovqarash qildi.
– Mening ishlarim bilan sira qiziqmaysan.
– Kurakda turmaydigan rejalaringdan qo‘rqaman, – dedi Ana. So‘ng chiroqni o‘chirib, devor tomonga o‘tib yotdi va alam bilan gapini davom ettirdi: – Sen o‘ttizga kirganingda, men qirq yettidan oshaman.
– Jinnilardek gapirma, – dedi Damaso.
U gugurt izlab cho‘ntagiga qo‘l tiqdi.
– O‘shanda sen ham birovlarning ko‘ylak-ishtonini yuvishdan qutulasan, – deb qo‘shib qo‘ydi yigit bo‘shashibroq.
Ana unga gugurt chaqib uzatdi va olov o‘chgunicha alangaga qarab turdi. Kuyib kulga aylangach, cho‘pni chetga otib yubordi. Orzumand yigit to‘shakka cho‘zildi va yana gap xaltasini ochdi:
– Bilyard soqqasini nimadan yasashlarini bilasanmi?
Ana indamadi.
– Filning tishidan, – dedi u. – Shuning uchun uni topish amrimahol. Bu yerga olib kelguncha kamida bir oy o‘tadi. Tushundingmi?
– Uxla, – uning gapini bo‘ldi Ana. – Beshda turishim kerak.
Damaso o‘zining tabiiy holatiga qaytdi. Odatda kun qiyomga kelguncha to‘shakda chekib yotaveradi. Keyin esa ko‘chaga chiqish oldidan o‘ziga qaragan kishi bo‘ladi. Oqshomlari bilyardxonada radiodan beysbol bo‘yicha chempionatga oid eshittirishni tinglaydi. Uning qoyilmaqom yana bir qobiliyati – miyasida fikr qanchalik tez tug‘ilsa, shunchalik tez unutiladi.
– Puling bormi? – deb so‘radi u shanba kuni Anadan.
– O‘n bir pesogina, – dedi xotini va keyin ohista qo‘shib qo‘ydi: – Ijara haqini to‘lashimiz kerak.
– Senga aytadigan bir gapim bor.
– Xo‘sh?
– O‘sha pulni menga berib tur.
– Uy egasiga berishim kerak.
– Keyin berasan.
Ana norozi bosh chayqadi. Damaso uning qo‘lidan mahkam ushladi-yu, ikkalasi hozirgina nonushta qilib bo‘lgan stol yonidan turg‘izmay qo‘ydi.
– Bor-yo‘g‘i ikki-uch kunga, – dedi u muloyimlik bilan ayolning qo‘lini silar ekan. – Sharlarni sotgan kunim, pulga ko‘milib qolamiz.
Ana ko‘nmadi.
Oqshom kinodagi tanaffus paytida ulfatlari bilan gapxona qilish chog‘ida ham qo‘lini xotinining yelkasidan olmadi. Filmni nomiga tomosha qilgan bo‘ldilar. Alaloqibat Damasoning sabri tugadi:
– Bermasang, tortib olaman, – dedi u.
Ayoli yelkasini uchirdi.
– Yo ko‘chada duch kelgan odamni bo‘g‘ib o‘ldiraman, – deb do‘q urdi Damaso Anani kinodan chiqayotgan olomon tomon itarar ekan. – Keyin qotilligim uchun qamashadi.
Ana o‘zicha jilmayib qo‘ydi. Lekin yana sir boy bermadi.
Ikkalasi tun bo‘yi janjallashib chiqishdi. Ertalab esa Damaso zo‘r iddao va tahdid bilan tez kiyindi-da, Ananing yonidan o‘tar ekan, to‘ng‘illadi:
– Kutib o‘tirma. Endi bu yerni yelkamning chuquri ko‘rsin.
Ana vujudini junbishga keltirgan titroqni bosolmadi.
– Oq yo‘l! – deb hayqirdi uning ortidan.
Eshikni qattiq yopib chiqib ketgan Damaso uzundan-uzoq, ma’no-mazmunsiz yakshanbaga qadam qo‘ydi. Bozordagi ko‘zni o‘ynatuvchi to‘kinlik, sakkiz soatga cho‘zilgan ibodatdan so‘ng cherkovdan bolalarini yetaklab chiqqan ayollarning yaltir-yultir kiyimlari maydonga xurramlik bag‘ishlab turgan bo‘lsa-da, havoni rutubatli jazirama o‘z zabtiga olib ulgurgan.
Damaso kunni bilyardxonada o‘tkazdi. Ertalab bir-ikki bekorchi qartani ermak qilib o‘tirgan bo‘lsa, tushlikka yaqin odam sal ko‘payganday tuyuldi. Ammo ermakxonadan fayz ketgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Faqat kechqurun, beysbol chempionatidan eshittirish boshlanganidan so‘nggina bilyardxonani avvalgi qaynoq hayotni eslatuvchi gavjumlik egalladi.
Bilyardxona yopilgach, Damaso qonga botgandek ko‘ringan qandaydir maydonda nima qilarini, qayerga borarini bilmay tentirab yurganini sezib qoldi. U sohil bo‘ylab cho‘zilib ketgan ko‘cha oxiriga, quvnoq musiqa sadosi kelayotgan tomonga yurdi. Damaso rangi unniqib ketgan qog‘oz gullar bilan bezatilgan keng va bo‘m-bo‘sh raqs zali, zalning to‘rida, yog‘och sahnada esa kichik orkestrga duch keldi. Havodagi labbo‘yoq hidi dimoqni kuydiray derdi.
U baland peshtaxta yoniga borib o‘tirdi. Musiqa tingach, orkestrda likopchada kuy chalgan mashshoq yigitcha raqs tushayotganlarni oralab pul yig‘ib chiqdi. Qandaydir qiz hamrohini tashlab, Damasoning oldiga keldi:
– Ishlar qalay, Xorxe Negrete?
Damaso uni yoniga o‘tqazdi. Qulog‘iga chinnigul qistirib, yuziga qalin upa surtib olgan mayxonachi sahnada ashula aytayotgandek baland ovozda so‘radi:
– Nima ichadilar?
Qiz Damasoga qaradi:
– Nima ichamiz?
– Zahar.
– Men to‘layman.
– Gap pulda emas, – dedi Damaso. – Qornim och.
– Bechoraginam! – dedi mayxonachi. – Ko‘zlariga qarang, ko‘zlariga!
Ular zalning to‘ridagi oshxona tomonga o‘tdilar. Xushbichimligiga qaraganda qiz hali ancha yosh. Lekin yuziga qalin surtilgan qirmizi rang, upa va yaltiragan labbo‘yog‘i uning asl yoshini yashirib turardi. Damaso ovqatlanib bo‘lgach, oromga ketgan hayvonlarning pishillashi eshitilib turgan qorong‘i yotoqxonaning oxiridagi qizning xonasiga kirdilar. Karavotda parchagulli lattaga o‘ralgan chaqaloq yotardi. Qiz lattani yog‘och yashikka to‘shab, chaqaloqni yana unga o‘radi va yashikni polga qo‘ydi.
– Chaqaloqni sichqonlar yeb qo‘yishi mumkin, – dedi Damaso.
– Sichqonlar chaqaloq yemaydi, – dedi qiz.
Qiz qizil ko‘ylagini ancha ochiq-sochiq, yirik sariq gulli ko‘ylagiga almashtirdi.
– Chaqaloqning otasi kim? – deb so‘radi Damaso.
– Men qaydan bilaman, – dedi qiz va eshik oldiga borgach, qo‘shib qo‘ydi: – Hozir kelaman.
Damaso uning eshikni tashqaridan qulflaganini eshitdi. Kiyimlarini stulga ilib, karavotga cho‘zildi va bosib-bosib chekdi. To‘shak tashqaridan eshitilayotgan kuyga mos tebranar edi. U ko‘zi ilinganini sezmay qoldi. Uyg‘onganida musiqa tingan, xona yanada kengayib ketgandek tuyulardi. Qiz karavot yonida yechinmoqda edi.
– Soat necha bo‘ldi?
– To‘rtga yaqinlashib qoldi. Bola yig‘lamadimi?
– Yig‘lamadi, shekilli, – javob berdi Damaso.
Qiz Damasoning yoniga cho‘zildi va mastona ko‘zlarini yigitdan uzmay, uning ko‘ylak tugmalarini yecha boshladi. Damaso uning bo‘kib ichganini sezdi. Chiroqni o‘chirmoqchi bo‘lgan edi:
– Qo‘yaver, – dedi qiz. – Ko‘zlaringni tomosha qilgim kelyapti. Ko‘zlaring jonni oladi.
Tongga yaqin xona nahorgi tovushlarga to‘lib ketdi. Go‘dak yig‘ladi. Qiz uni to‘shakka olib, labiga ko‘kragini tutdi. Og‘zini ochmasdan uch qator she’rni takror va takror g‘o‘ldirab, alla qilib aytgan bo‘ldi. So‘ng hammalari yana dong qotib uxlab qolishdi. Soat yettiga yaqin qiz uyg‘onib, xonani tark etganini Damaso sezmadi. Qiz ko‘chadan endi chaqaloqsiz qaytib keldi.
– Hamma sohilga qarab ketyapti, – dedi u.
Damaso o‘zini bor-yo‘g‘i bir soatgina uxlaganday his qilib, horg‘in turgan edi.
– Nega?
– Bilyardxonani o‘margan zanjini tomosha qilgani, – deb javob berdi qiz. – Uni bugun jo‘natishar ekan.
Damaso tamaki tutatdi.
– Bechoragina, – deb xo‘rsindi qiz.
– Nega bechora bo‘larkan? – deb o‘shqirdi Damaso. – Hech kim uni itvachcha bo‘lsin deb majbur qilmagan.
Qiz boshini eggancha o‘ylanib qoldi, so‘ng ovozini pasaytirib dedi:
– O‘g‘rilikni u qilmagan.
– Bu gapni senga kim aytdi?
– Men aniq bilaman. Bilyardxonani tunashgan tunda zanji Gloriyaning uyida edi. Ertasiga ham kun bo‘yi, kechgacha o‘sha yerda bo‘lgan. Keyin kinodan kelganlar uni hibsga olishdi, deb aytishdi.
– Gloriya politsiyaga shularni aytishi mumkinmi?
– Zanjining o‘zi allaqachon shunday deb aytgan. Alkald kelib, Gloriyaning xonasini ostin-ustun qilib tashladi. O‘g‘rining hamtovog‘i sifatida seni ham qamataman, deb do‘q-po‘pisa qildi. So‘ng hammasi yigirma peso bilan bosdi-bosdi bo‘ldi.
Damaso sakkizga yaqin to‘shakdan turdi.
– Qolaqol, – dedi qiz, – tushlikda tovuq so‘yaman.
Damaso qo‘lidagi taroqqa ilashgan sochlarni qoqib, taroqni shimining orqa cho‘ntagiga tiqdi.
– Ilojim yo‘q, – dedi.
U qizning qo‘lidan tutib, o‘ziga qaratdi. Olxo‘ridek katta-katta ko‘zlari g‘oyat ma’sum boquvchi qiz yuvinib-taranganidan keyin juda norasida bo‘lib ko‘rinar edi. U Damasoni bag‘riga bosib, yana takrorladi:
– Qolaqo-ol.
– Butunlaymi?
Yuziga sal qon yugurgan qiz yigitni og‘ushidan qo‘yib yubordi.
– Yolg‘onchi.
* * *
Ana ertalabdan o‘zini juda horg‘in his qilardi. Lekin hammani qamrab olgan hayajon unga ham yuqdi. Mijozlaridan yuviladigan ichkiyimlarni odatdagidan ertaroq yig‘ib olib, habashni qanday jo‘natishlarini tomosha qilish uchun sohil tomon yurdi. Bandargohdagi suzishga tayyor kemalar oldini betoqat odamlarning g‘ala-g‘ovuri bosib ketgan. Damaso ham shu yerda edi.
Ana ko‘rsatkich barmog‘i bilan uning biqiniga turtdi.
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan? – deb so‘radi cho‘chib tushgan Damaso.
– Sen bilan xayrlashgani keldim.
Damaso moychiroq osilgan simyog‘ochni taqillatdi.
– Ha, tilginangga chechak chiqsin sening! – dedi.
Sigaret tutatib, bo‘sh qutisini daryoga otdi. Ana etagidan yangi quti chiqarib, uning ko‘ylagi cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Yigit noiloj iljaydi.
– Jinnisan demaganmidim, – dedi u.
– Ha-ha-ha! – kuldi Ana.
Tez orada habashning qorasi ko‘rindi. Uning qo‘li orqasiga qayrilib, chilvir bilan bog‘langan va chilvirning uchini politsiyachi ushlab olgan edi. Mahbusni maydonning o‘rtasidan olib o‘tishdi. Ikki yonida – miltiq ko‘targan yana ikki politsiyachi. Yarimyalang‘och habashning pastki labi yorilgan, qovog‘i bokschilarniki kabi shishib ketgan. U o‘ziga tikilib turgan olomonning oldidan jabrdiyda qiyofasida mag‘rur yurib o‘tdi. Bilyardxona yonida voqeaning ikki ishtirokchisini tomosha qilish uchun yig‘ilgan bekorchilar ayniqsa ko‘proq edi. Muassasa xo‘jayini eshik oldida nadomat bilan bosh chayqagancha habashga jim qarab turardi. Odamlar mahbusni g‘azab bilan kuzatmoqda edi.
Kema joyidan qo‘zg‘aldi. Habashni paluba orqali olib o‘tishib, qoramoy to‘la tsisternaga qo‘l-oyog‘idan bog‘lab qo‘yishdi. Daryo o‘rtasiga yetib, o‘z yo‘liga tushib olgan kema oxirgi marta jom chalganida habashning yelkasi yaltirab ketdi.
– Bechora, – deb shivirladi Ana.
– Ablahlar, – dedi uning yonida turgan bir bekorchi. – Bunday oftobning tig‘iga odam bolasi dosh bera oladimi?
Damaso qarasa, gapirgan qandaydir xo‘ppa semiz ayol ekan. Yigit olomon orasidan maydon sari yorib o‘ta boshladi.
– Tiling kesilsin sening! – deb shivirladi Ananing yoniga kelib. – Butun maydonni boshingga ko‘tarib baqirishing qoldi.
Ana Damasoning izidan bilyardxonagacha ergashib bordi.
– Kiyimlaringni almashtirib olsang bo‘lardi, – dedi u Damasoga ketish oldidan. – Xuddi gadoyga o‘xshab qolibsan.
Kema ko‘zdan yo‘qolgach, ko‘pchilik g‘ala-g‘ovur bilan o‘zini bilyardxonaga urdi. Hammaning ko‘nglini olishga urinayotgan don Roke stollar orasida pildirab yurardi. Damaso uning yaqinroq kelishini kutdi.
– Yordamlashib yuboraymi?
Don Roke uning oldiga boshiga stakan kiydirilgan besh-olti shisha pivo qo‘ydi.
– Rahmat, bolam.
Damaso shishalarni stollarga tarqatib, yangi buyurtma qabul qildi. Mijozlar tushlikka tarqalgunicha pivo to‘la shishalarni tarqatib, bo‘shini yig‘ish bilan band bo‘ldi. Tongda xonasiga qaytganida, Ana uning kayfi taroqligini sezdi. Erining qo‘lini olib, qorniga qo‘ydi.
– Silab ko‘r, – dedi u. – Sezyapsanmi?
Damaso harakat alomatini sezmadi.
– Qimirlayapti, – deb gapida davom etdi ayol. – Tun bo‘yi oyoqchalari bilan tepinib chiqdi.
Lekin erning bu gaplarni eshitishga rag‘bati sezilmadi. O‘z o‘y-xayollari bilan band Damaso ertasi kuni kallai saharda uydan chiqib ketdi va tun oqqandan keyingina qaytib keldi. Hafta shunday o‘tdi. U to‘shakda ag‘nab yotishu tamaki tutatish bilan uyda vaqt o‘tkazgan kamdan-kam paytlarda ham gaplashishdan o‘zini olib qochardi. Ana unga poyi patak bo‘lishni yana kuchaytirdi. Ikkalasi birga yashay boshlagan dastlabki paytlarda ham Damaso ba’zan shunday tundlashar, hali erining fe’l-atvorini yaxshi bilmagan xotin uning asabini buzardi. Shunda Damaso uni to‘shakka yotqizib, ustiga minib olar va qora qoniga botirib savalardi.
Endi ayol alamini ichiga yutishni o‘rgangan. U kechaning o‘zidayoq chiroq oldiga bir quti sigaret qo‘ydi. Biladiki, Damaso ochlikka ham, chanqoqqa ham chidashi mumkin, lekin tamakisiz yashay olmaydi. Shunday qilib, Damaso bir oqshom, iyunning ikkinchi yarmi edi, uyga ertaroq keldi. Ayol o‘yladiki, eri bunchalik erta qaytdimi, demak, ichkilikka ertaroq to‘yib olgan. Ko‘ngliga xavotir oraladi. Jim tamaddi qildilar. Yotganlarida xayoli g‘oyat parishon, sarosimaga tushgan Damaso birdan tilga kirdi:
– Ketmoqchiman.
– Qayoqqa?
– Qayoqqa bo‘lsa ham farqi yo‘q.
Ana xonaga boshdan-oyoq ko‘z yugirtirib chiqdi. Jurnal muqovalaridan o‘zi kesib, o‘zi yopishtirgan va butun devorni bezab turgan kinoaktyorlarning rangli suratlari unniqib, yirtilib ketibdi. Ayol o‘zining og‘ushida orom olib, ushbu suratlarni tomosha qilgan va ranglaridan hayratga tusha-tusha ularni xotirasiga muhrlab ketgan erkaklarning sanog‘ini ham unutgan edi.
– Men yoqmay qoldimmi? – deb so‘radi Ana.
– Gap senda emas, – dedi Damaso. – Shaharda…
– Shahrimizga nima bo‘pti? Ko‘p qatori bir joy-da.
– Sharlarni sotib bo‘lmayapti.
– Sharni unut, – dedi Ana. – Xudo menga quvvat berib, kir-chir chayib tursam, seni bunaqa xor qilib qo‘ymayman. – So‘ng birpas sukut saqlagach, yana dedi: – Bu kasofat ish qayerdan ham kallangga keldi, hech aqlim yetmaydi.
Damaso sigaretini oxirigacha chekdi va javob qildi:
– Xamirdan qil sug‘urganday oson ish edi. Shu paytgacha nega boshqa odamning xayoliga kelmaganiga hayronman.
– Pul masalasida haqsan, – erining gapiga qo‘shildi Ana. – Lekin kelib-kelib shar o‘g‘irlash uchun tavakkal qiladigan sendaqa nodon bo‘lmasa kerak.
– Boshida kalta o‘ylagan ekanman, – dedi Damaso. – Sharlarni peshtaxta ortidagi qutida ko‘rganimda xayolim buzilgan edi. Shuncha mehnat qilib, quruq qo‘l bilan ketamanmi, deb o‘yladim.
– Sho‘ring qursin, – dedi Ana.
Damaso yengil tortdi.
– Yangi shar jo‘natishmayapti, – dedi u. – Aytishlaricha, narxi qimmatlashgan emish. Don Roke ham endi shar sotib olishdan foyda yo‘q, deydi.
U yana sigaret tutatdi. Gapirayotganida dili qandaydir og‘ir darddan forig‘ bo‘layotganini sezdi.
Damaso don Roke bilyard stolini sotishga qaror qilganini aytdi. Stol endi hech narsaga arzimaydi. Tajribasiz o‘yinchilarning urinib-surinishi bilan movut qoplamasi ilma-teshik bo‘lib, yamoq tushmagan joyi qolmagan. Yangi stol olmasa bo‘lmaydi. Bilyard soqqasini surib soch-soqoli oqargan mijozlarni esa hozircha beysbol chempionati bilan ovuntirib turishdan o‘zga chora yo‘q.
– Shunday qilib, – dedi Damaso, – istasak-istamasak, hammaga pand berdik.
– Sariq chaqalik ham foyda ko‘rmadik, – qo‘shimcha qildi Ana.
– Keyingi haftada chempionat ham tugaydi, – dedi Damaso.
– Bunisi hali holva, – dedi Ana. – Hammasidan habash masalasi o‘tib tushdi.
Ayol avvalgidek Damasoning ko‘ksiga boshini qo‘yib yotar va erining xayolidan nimalar o‘tayotganini sezgandek bo‘lar edi. Eri sigaretini chekib tugatishini kutib turdi. So‘ng qo‘rqa-pisa so‘z qotdi:
– Damaso.
– Nima?
– Joyiga qo‘yish kerak.
Damaso yana sigaret tutatdi.
– Necha kundan beri o‘zim ham shuni o‘ylab yuribman, – dedi u. – Faqat qanday olib borib qo‘yishni bilmayapman.
Ular avvaliga sharlarni gavjumroq joyga tashlab ketmoqchi bo‘lishdi. Yana Ana o‘yladiki, bu yo‘l bilyardxona muammosini bir yoqli qilgani bilan, habashning mushkulini yengillatishi qiyin. Politsiya aybni tutqunning zimmasidan soqit qilmagani holda sharlarning topilganini har xil talqin etishi mumkin. Bilyard soqqalarini topib olgan odam esa ularni boshqaga pullash ilinjida egasiga bermasligi ham ehtimoldan xoli emas.
– Bir ishga qo‘l urgandan keyin uni oxiriga yetkazish kerak, – deb gapiga yakun yasadi ayol.
Sharlarni ko‘milgan joyidan kovlab olishdi. Ana ularni gazetaga shunday boplab o‘radiki, tugundagi shakl-shamoyili ko‘zga tashlanmaydigan bo‘ldi. So‘ng sandiqqa solib qo‘ydi.
– Endi qulay paytni poylaymiz, – dedi u.
Ammo ikki hafta o‘tsa ham o‘sha fursat kelavermadi.
O‘n ikkinchi avgustning kech oqshomida, o‘g‘rilikdan so‘ng roppa-rosa ikki oy o‘tgach, bilyardxonaga kelgan Damaso don Rokeni baland peshtaxta ortida ko‘rdi. U palma yaprog‘idan to‘qilgan yelpig‘ich bilan pashsha qo‘rib o‘tirardi. Radioning uni o‘chgan, bu sokinlikda cholning yolg‘izligi yanada yaqqolroq sezilardi.
– Xo‘sh, men senga aytganimday bo‘ldimi? – deb hayqirdi don Roke taxmini to‘g‘ri chiqqanidan quvonganday. – Hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi!
Damaso musiqali avtomatning tuynugiga chaqa tashladi. Kuchli shovqin, lip-lip o‘chib yonayotgan rang-barang chiroqlar shu’lasi, nazarida, Damasoning bilyardxonaga bo‘lgan sadoqati-yu mehrini namoyish etib turardi. Faqat don Roke buni tushunmayotgan edi, chamasi. Damaso uning yoniga o‘tirib, cholga ishonish qiyin bo‘lgan poyintar-soyintar gaplar bilan taskin bergan bo‘ldi. Don Roke uning gaplarini yelpig‘ichni silkib o‘tirib, loqayd tingladi.
– Nachora, – dedi u. – Beysbol chempionati bir umr davom etmaydi.
– Lekin sharlar topilishi mumkin.
– Topilmaydi.
– Habash ularni yeb-yutib yubormagandir, axir.
– Politsiyaning izlamagan joyi qolmadi, – dedi don Roke asabga tegadigan bir ishonch bilan. – Habash sharlarni daryoga tashlagan.
– Birdan mo‘jiza yuz bersa-yu, sharlar topilib qolsa-chi?
– Xomtama bo‘lma, o‘g‘lim, – javob berdi don Roke. – Ishlar pachava. Nima, sen mo‘jizaga ishonasanmi?
– Ba’zan.
Damaso bilyardxonani tark etganida odamlar hali kinodan chiqmagan edi. Quloqni qomatga keltiruvchi gaplar sadosi uyquga ketgan shahar uzra goh o‘chib, goh yana eshitilar, hozircha ochiq turgan eshiklar ham hali-hozir yopilib qoladigandek tuyulardi. Kinoteatr atrofida biroz aylanib yurgan Damaso raqsxona tomon yurdi.
Zalda yagona mijoz qolgan. Mashshoqlar yolg‘iz o‘zi ikki ayol bilan raqs tushayotgan o‘sha odam sharafiga soz chalmoqda edi. Devor bo‘ylab saf bo‘lib o‘tirgan ayollar esa qandaydir muhim xabarni kutayotganga o‘xshardi. Damaso stolga o‘tirib, mayxonachiga pivo olib kel, deb ishora qildi. Shishaning bo‘g‘ziga og‘zini qo‘yib pivo ichar ekan, faqat nafasini rostlash uchungina bir lahza to‘xtar va bir yo‘la ikki ayol bilan raqsga tushayotgan erkakni shisha orqali tinmay kuzatar edi. Ayollarning ikkalasi ham erkakdan barvastaroq.
Tun oqqanda kinodan chiqqan ayollar, so‘ng ularning izidan ilakishgan erkaklar paydo bo‘ldi. Orasida Damasoning yangi jazmani ham bor ekan. Uning stoliga kelib o‘tirdi.
Yigit qizga qayrilib ham qaramadi. Allaqachon besh shisha pivoni sipqorgan azamat hamon raqs tushayotgan erkakdan ko‘zlarini uzolmas edi. Endi bir yo‘la uch ayol bilan girillab aylanayotgan raqqos esa yonidagi ojizalarga zarracha e’tibor bermas, o‘z oyoqlarining muqomiga mahliyo bo‘lib ketgan edi. Erkak baxtliga o‘xshab ko‘rinardi, lekin oyoq-qo‘lidan tashqari dumi ham bo‘lsa, u o‘zini yanada baxtliroq his qilishi sezilib turardi.
– Bu nusxa menga yoqmayapti, – dedi Damaso.
– Yoqmayotgan bo‘lsa, qarama, – deb maslahat berdi qiz.
Qiz mayxonachidan ozroq ichimlik so‘radi. Raqs maydonchasi erkagu ayol juftligi bilan to‘ldi. Lekin uch xonim bilan raqs tushayotgan erkak zalda hamon o‘zini hokimu mutlaq his qilmoqda edi. Qaysidir bir harakat asnosida uning nigohi Damasoning nigohiga to‘qnashdi. Erkak oyog‘ini yanada chaqqonroq jilpanglatar ekan, quyonnikidek mayda tishlarini ko‘rsatib tirjaydi. Damaso unga kiprik qoqmay tikilib turdi. Nihoyat raqqosning bardoshi tugab, tirjayishdan to‘xtadi va yuzini teskari burdi.
– O‘rgildim sendaqa ulfati jondan, – dedi Damaso.
– Rostdan ham ulfat odamga o‘xshaydi, – dedi qiz. – Qachon kelsa, barcha tujjorlarga o‘xshab, o‘zining hisobidan musiqa qo‘ydiradi.
Damaso qizga yovqarash qildi.
– Unda sen ham bor, pinjiga kira qol, – dedi u. – Uch nonxo‘rning yonidan to‘rtinchisiga ham joy topiladi.
Qiz indamadi, lekin qo‘lidagi ichimlikni maydalab ho‘plar ekan, raqs maydonchasiga qarab o‘girilib oldi. Ustidagi ohori ketgan sariq ko‘ylakda u g‘oyat ma’suma ko‘rinar edi.
Ular raqs tushgani turishdi. Damasoning hamon qovoq-tumshug‘idan qor yog‘ar edi.
– Ochimdan o‘lay deyapman, – dedi qiz va uning bilagidan ushlab, peshtaxta tomon yetakladi. – Sen ham biror narsa yeb olishing kerak.
Ulfati jon o‘zining uch ayoli bilan ularning qarshisidan chiqdi.
– Menga qarang!.. – dedi Damaso.
Erkak tirjaydi, lekin qadamini sekinlatmadi. Damaso qizning qo‘lini siltab tashlab, raqqosga ko‘ndalang bo‘ldi.
– Menga sizning tishingiz yoqmayapti!
Erkakning rangi o‘chdi, lekin tirjayib turaverdi.
– O‘zimga ham yoqmaydi, – dedi u.
Qiz to‘xtatishga ulgurmadi, Damaso erkakning basharasiga yaxshilab musht tushirdi va raqibi maydonchaning o‘rtasida o‘tirib qoldi. Atrofdagilardan hech kim oraga tushmadi. Uch ayol ularni ajratish uchun ayyuhannos solgancha, Damasoga yopisha ketganida qiz jazmanini zalning to‘riga surib borib qo‘ygan edi. Yuzining pachag‘i chiqib, dabdala bo‘layozgan erkak zo‘rg‘a oyoqqa turdi va maymunga o‘xshab bir sakradi-da, zalning o‘rtasiga borib qichqirdi:
– Chal sozingni!
Soat ikkiga yaqin yemakxona qariyb bo‘shab qoldi. Jazman topolmagan ayollar tamaddi qilishga kirishdi. Havo issiq edi. Qiz likopchada qovurilgan go‘sht, loviya aralash guruch olib kelib, stolga o‘tirdi va qoshiq bilan yeyishga tutindi. Damaso unga baqrayib qarab qoldi. Qiz unga bir qoshiq guruch uzatdi.
– Og‘zingni och.
Damaso iyagini kekirdagiga tortib, bosh chayqadi.
– Bu – xotinlarning ovqati, – dedi. – Erkaklar yemaydi.
O‘rnidan turar ekan, qo‘li bilan stolga suyanib qoldi. Nihoyat muvozanatini arang saqlab, qaddini tiklaganida, qarshisida qo‘lini chalishtirib turgan mayxonachini ko‘rdi.
– Sizdan to‘qqizu sakson, – dedi mayxonachi.
Damaso uni chetga surdi:
– Hezalaklarga toqatim yo‘q.
Uning qo‘lidan ushlab, qayirmoqchi bo‘lgan mayxonachining birdan qizga ko‘zi tushdi va bo‘shashdi. So‘ng noiloj to‘ng‘illadi:
– Nimalarni boy berganingni keyin bilasan, sen bola!
Damaso mayxonadan chayqala-chayqala chiqdi. Oyning aksi o‘ynab turgan daryoning kumushrang mavjlari uning shuuriga hushyorlik nurlarini sochmoqchi bo‘lar, lekin ulgurmas, o‘sha zahotiyoq ko‘zdan yo‘qolar edi. Shaharchaning narigi chetidagi xonasining eshigiga yetganida Damaso butun yo‘lni uyquli ko‘zlari bilan bosib o‘tganining isboti uchun garov bog‘lashga ham tayyor edi. U boshini qattiq silkitdi. Xayolida paydo bo‘lgan bezovta, lekin o‘ta kuchli bir tuyg‘u shu daqiqadan boshlab Damasoni har bir qadamni g‘oyat ehtiyotkorlik bilan, o‘ylab bosishga undar edi. U eshikni sekingina, g‘iyqillatmasdan, sassiz ochdi.
Uyg‘onib ketgan Ananing sandiq titkilayotgan Damasoga ko‘zi tushdi. U cho‘ntak fonarining yorug‘idan yuz o‘girib, devorga qarab yotar ekan, Damaso hali yechinmaganini sezdi. Ittifoqo hushyor tortdi-yu, irg‘ib turib to‘shakka o‘tirdi. Tuguncha bilan cho‘ntak fonarini ushlagan Damaso sandiq yonida turardi. U barmog‘ini lablariga bosdi: jim! Ana to‘shakdan sakrab tushdi.
– Jinni bo‘ldingmi! – deb shivirladi va yugurib borib lo‘kidonni surib, eshikni bekitdi.
Damaso fonar, pichoq va o‘tkir tig‘li egovni cho‘ntagiga tiqib, tugunchani qo‘ltig‘iga qistirdi-da, to‘g‘ri ayolga qarab yurdi. Ana eshikni gavdasi bilan to‘sdi.
– Tirik ekanman, seni bu yerdan chiqarmayman, – dedi past ovozda.
Damaso uni itarib tashlamoqchi bo‘ldi.
– Qoch! – deb xirilladi yigit.
Ana eshik kesakisiga ikki qo‘li bilan yopishdi. Ular bir-biriga kiprik qoqmay baqrayib qoldi.
– Sen esh-shaksan, – deb shivirladi Ana. – Xudo senga chiroyli ko‘z ato qilib, aqldan qisgan.
Damaso uning sochiga changal solib, qo‘lini qayirdi va yerga egdi. Tishlarini g‘ijirlatdi:
– Qoch dedim!
Ana bo‘yinturuq solingan ho‘kizday ola-kula ko‘zlarini tepaga tikdi. Shu topda o‘ziga o‘zi har qanday og‘riqqa dosh bera oladiganday, eridan ham kuchliroqday tuyulib ketdi. Ammo eri uning qo‘lini tobora qattiqroq qayirmoqda edi. Oxiri ayolning bardoshi tugab, ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.
– Bolani nobud qilasan, – dedi u.
Yigit ayolni dast ko‘tarib, karavotga olib borib tashladi. Qo‘llari bo‘shashi bilan xotin o‘zini erining yelkasiga otdi va qattiq quchoqlab oldi. Ikkalasi ham to‘shakka quladi. Ikkalasi ham hansirardi.
– Hozir baqiraman, – deb shivirladi erining qulog‘iga Ana. – Qilt etsang, baqiraman.
Jon achchig‘ida xirillayotgan Damaso ayolning tizzasiga shar to‘la tuguncha bilan tushirdi. Ana ingrab yubordi va oyoqlarini olib qochdi. Lekin o‘sha lahzaning o‘zida uni yana mahkam quchoqlab olib, gapiga ko‘ndirishga urina boshladi.
– Xudo haqqi, ertaga o‘zim olib boraman, – dedi Ana. – Men homiladorman, qamashmaydi.
Damaso ayolning bag‘ridan yulqinib chiqdi.
– Seni hamma ko‘radi, – dedi Ana. – Bugun yorug‘, oy to‘lgan kecha. Sen, ahmoq, hatto shuni ham bilmaysan.
Eshik lo‘kidonini surib yubormasligi uchun erini bor kuchi bilan ushlashga, qaytarishga harakat qildi. So‘ng ko‘zlarini yumib, uning yuzlari-yu bo‘yniga tinimsiz musht tushira ketdi. Chiday olmay hayqirib ham yubordi:
– Sen hayvonsan, hayvon!
Damaso o‘zini himoya qilishga urindi. Buni ko‘rgan ayol Damasoning qo‘lidagi so‘loqmonday og‘ir yog‘och lo‘kidonni yulib olib, yigitning boshiga qaratib sermadi. Damaso chap berib qoldi. Zarba uning yelkasiga tushdi. Suyak shishadek qirsillab ketdi.
– Qanjiq! – qichqirib yubordi er.
Shovqin solmaslik lozimligini ham unutgan Damaso Ananing quloq-chakkasiga qulochkashlab musht tushirdi va ayolning qattiq chinqirganini hamda gavdasi devorga borib gursillab urilganini eshitdi. Lekin u tomonga burilib ham qaramadi. Xonani tark etdi. Eshik ochiq qoldi.
Og‘riqning kuchidan sulayib qolgan Ana polda yotgancha qornida qandaydir ko‘rgilik boshlanishini kutdi. Devor ortidan kimningdir qabrdan chiqayotganday bo‘g‘iq ovozi eshitildi. U o‘kirib yubormaslik uchun labini tishladi. Keyin oyoqqa turdi va kiyindi. Bu safar ham, Damaso sharlarni o‘marish uchun ketgan galdagi kabi, eri o‘zi amalga oshirmoqchi bo‘layotgan reja xomxayol ekanini bilgani holda, xotinining dodlab yalinib-yolvorishidan, uni yo‘ldan qaytarish uchun ortidan yugurib chiqishidan boumid eshik ortida kutib turganini ayol xayoliga ham keltirmadi. Ana o‘sha xatosini yana takrorladi: erini quvib yetish uchun ortidan chopish o‘rniga, oyog‘iga poyabzalini kiyib, karavotga o‘tirdi va uni yana kuta boshladi.
Damaso eshik yopilganidan keyin endi ortiga qayta olmasligini angladi. Ko‘chaning oxiriga yetgunicha akillagan itlar uni kuzatib kelgandek bo‘ldi. So‘ng xayoliy sukunat boshlandi. U mast uyquda yotgan osuda shaharda o‘zining notanish va vahimali tuyulayotgan qadam tovushlaridan qutulmoqchi bo‘lgandek ko‘prik osha ildam ketib borardi. Bilyardxonaning omonatgina eshigi oldidagi xarobaga yetmagunicha ehtiyotkorlikni unutdi.
Bu gal fonarni yoqishga hojat qolmadi. Eshik Damaso o‘tgan safar zulfinini sug‘urib olgan joyidan mahkamlab qo‘yilgan, qolgani eskicha edi. U qulfni chetga surib, o‘ng qo‘li bilan o‘tkir tig‘li egovni ikkinchi zulfinning tagidan tiqdi va ohista ishqalashga kirishdi. Nihoyat chirigan yog‘och bo‘laklari qumday uvalanib tushdi. Yog‘och dosh berolmadi.
Osilib qolgan eshikni ochish oldidan g‘isht polga ishqalanib tovush chiqarmasligi uchun uni bir enlikcha ko‘targan bo‘ldi. Salgina ochdi. Poyabzalini yechib, tugunchaga qo‘shib ichkariga itardi. So‘ng ichini oy sutday yoritib turgan binoga cho‘qina-cho‘qina kirdi.
Avval bo‘sh shisha va qutilar qalashib yotgan qorong‘i yo‘lakdan o‘tdi. Keyin musiqa tinglash xonasining oynavand derazasidan tushib turgan bir tutam oy nurida bilyard stoli, undan so‘ng – eshigi Damaso tomonga teskari qilib qo‘yilgan shkaflar, oxirida – asosiy kirish joyining ichkarisida – ustma-ust qalashtirib tashlangan stol-stullarga ko‘zi tushdi. Shu damgacha diqqat-e’tiborini bir joyga yig‘ish uchun butun kuch va irodasini sarflab kelgan Damasoning vujudini g‘alati bir jodu egallab oldi.
Endi u g‘isht polning bo‘rtiqlariga parvo ham qilmasdi. Eshikka poyabzalini tirab qo‘yib, oy yoritib turgan yo‘lakni kesib o‘tdi va peshtaxta ortidan sharlar turadigan qutini izlab topish uchun fonarini yoqdi. U ehtiyotkorlikni unutgan edi. Fonar nurlarini chapga yo‘naltirib, chang bosgan shisha g‘arami, qora moy tekkan ko‘ylakka o‘ralgan ikkita pixli yig‘ma narvon, so‘ng sharlar turadigan qutini ko‘rdi. Quti Damaso o‘tgan gal qayerda qoldirib ketgan bo‘lsa, o‘sha joyda turardi. Fonar nuri yana harakatga keldi va endi Damasoning ko‘zi mushukka tushdi.
Jonivor chiroq nurida unga hayron tikilib qolgan edi. Damaso chiroqni unga to‘g‘rilab turar ekan, kunduzi bilyardxonada hech qachon mushukka ko‘zi tushmaganini yengil seskanish bilan esladi. U fonar tutgan qo‘lini mushukka yaqinroq olib borib, “Pisht!” dedi. Biroq jonivor pinagini ham buzmadi. Shunda Damasoning shuurida sassiz bir g‘alayon yuz berdi va mushuk xayolidan butkul ko‘tarildi. Nima bo‘lganini anglaganida chiroq allaqachon qo‘lidan tushgan, o‘zi esa shar o‘ralgan tugunchani ko‘ksiga qattiq bosgancha titrab turardi. Bilyardxona yorishib ketgan edi.
– O‘-o‘!
U don Rokening ovozini tanidi. Yigit yelkasini tog‘dek ezib turgan dahshatli horg‘inlikdan nafasi ichiga tushib, sekin qaddini ko‘tardi. Faqat kalta ishton kiygan, qo‘lida temir xoda, chiroq yorug‘idan esxonasi chiqib ketgan don Roke ichkaridan Damaso tomonga yaqinlashib kelar edi. Boya Damaso ustidan bosib o‘tgan shishalar va bo‘sh qutilar ortida to‘r belanchak osiqlik turardi. O‘tgan gal to‘r belanchak ham yo‘q edi.
Ular o‘rtasidagi masofa o‘n qadamcha qolganida don Roke bir silkinib oldi va mudofaaga hozirlandi. Damaso tuguncha ushlagan qo‘lini ortiga yashirdi. Don Roke qovoqlarini uchirdi, tanib olmoqchi va urmoqchi bo‘lgandek ko‘zoynaksiz shapko‘r ko‘zlari bilan unga boshdan-oyoq sinovchan razm soldi.
– E-e, bola, – dedi hayratga tushib. – Bu senmisan?
Damasoga bir umr cho‘zilgan qandaydir dardli o‘yin nihoyasiga yetgandek tuyuldi. Don Roke temir xodasini tushirib, hayratdan og‘zini ochgancha uning yoniga keldi. Ko‘zoynagi va yasama jag‘i bo‘lmasa, chol xotin kishiga o‘xshab qolar ekan.
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
– Hech narsa, – dedi Damaso sekin gavdasini o‘nglar ekan.
– Qo‘lingdagi nima? – deb so‘radi don Roke.
Damaso ortiga tisarildi.
– Hech narsa, – deb takrorladi.
Don Roke qizarib ketdi va titray boshladi.
– Qo‘lingdagi nima deyapman?! – deb qichqirdi u temir xodani silkitib, olg‘a yurar ekan.
Damaso unga tugunchani uzatdi. Don Roke, hali-hamon hushyorligini yo‘qotmasdan, chap qo‘li bilan tugunchani oldi va paypaslab ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, gap nimadaligini tushundi.
– Nahotki?! – dedi.
U shu qadar qattiq hayratga tushgan ediki, temir xodani peshtaxta ustiga qo‘yib, qog‘ozlarni ochar ekan, Damasoni butunlay unutganga o‘xshardi. Miq etmasdan sharlarga ko‘z yugurtirib chiqdi.
– Anchadan beri joyiga qo‘ymoqchi bo‘lib yurgandim, – dedi Damaso.
– Bunga shubham yo‘q, – sado berdi don Roke.
Damaso murdaday oqarib ketdi. Kayfi butunlay tarqab, og‘zida faqat tuproq ta’migina qoldi. Vujudini esa yolg‘izligu nochorlik tuyg‘usi qamrab oldi.
– Mo‘jizani qarang, – dedi don Roke sharlarni qaytadan qog‘ozga o‘rar ekan. – Shu darajada nodonsan, deb o‘ylamagan ekanman.
Boshini ko‘targanida cholning qiyofasi tamoman o‘zgacha tusga kirgandi.
– Xo‘sh, ikki yuz peso qani?
– Qutida hech vaqo yo‘q edi, – dedi Damaso.
Don Roke lablarini tishlagancha unga o‘ychan tikilib qoldi va birdan og‘zining tanobi qochdi.
– Hech vaqo yo‘q edi de? – deb bir necha bor takrorladi. So‘ng temir xodani yana qo‘liga olib, hayqirdi: – Buni endi alkaldga aytasan!
Damaso ter bosgan kaftini shimiga artdi.
– O‘zingiz bilasiz-ku, hech narsa yo‘q edi.
Don Roke hamon tirjayib turardi.
– Qutida ikki yuz peso bor edi, – dedi u. – O‘sha pulni topmaguningcha teringni shilib olishadi. Itvachcha bo‘lganing uchun emas, nodon bo‘lganing uchun shilishadi.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 11-son.