
Don Xose Montel omonatini topshirgan kuni, uning bevasini aytmaganda, hamma yengil nafas oldi: xayriyat! Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik xiyla vaqtgacha uning chindan ham oyoq uzatib yuborganiga ishongisi kelmadi. Hatto havosi behad dim va issiq xonaning o‘rtasida, bahaybat qovunga o‘xshash sarg‘imtil yapasqi tobutda bolishga bosh qo‘yib, mayin ro‘yjo ustida yotgan Montelning jasadini ko‘rganidan keyin ham el-ulus shubha-gumondan illo-billo qutula olmadi. Soqoli silliq qirilgan, egniga oppoq kostyum, oyog‘iga yaltiragan amirkon tufli kiydirilgan marhum har qanday odamning ko‘ziga avvalgidan ham dadilroq va tirikroq ko‘rinmasinmi. Bu o‘sha, har yakshanba soat sakkizda ahli jamoatni hidoyatga da’vat etib, amri ma’ruf qiladigan don Xose Montel edi. Faqat endi u qo‘liga naqshinkor aso o‘rniga but tutgan. Tobutning qopqog‘i mixlanib, mayyit hashamatli oilaviy daxmaga qo‘yilganidan keyingina don Xose Montel o‘zini o‘lganga solib yotmaganidan shaharcha ahlining ko‘ngli to‘lganday bo‘ldi.
Dafnidan keyin, bevasidan boshqa, hech kim Xose Montelning o‘z ajali bilan tinchgina ko‘z yumganidan hayratini yashira olmadi. Illo, odamlarning nazarida, don pistirmadan turib ensasini mo‘ljallab uzilgan o‘qdan ketishi kerak edi. Biroq ayoli, eri qarib-qartayib, tavba-tazarrusini joyiga qo‘yib, shu zamonning nedir avliyolari singari, osongina jon beradi, deb ishonar edi. Ayon bo‘ldiki, beva ayrim tafsilotlardagina adashgan. Xose Montel chorshanba kuni peshindan so‘ng soat ikkilarda to‘rbelanchakda cho‘zilib yotganida joni uzildi: o‘limining sababi — shifokorlar butkul ta’qiqlagan xunoblik — g‘azab alangasi bexosdan lovullab ketgani. Ayoli dafn marosimiga butun shaharcha ko‘chib keladi-yu, uyda gul qo‘yishgayam joy qolmaydi, degan xavotirga tushdi. Aslida erining firqadoshlari va cherkov ulamolarigina hamdardlik bildirgani keldi, yagona gulchambarni esa shaharcha ma’muriyati jo‘natibdi. Germaniyada konsul vazifasida o‘tirgan o‘g‘li va Parijdan panoh topgan ikki qizining har biridan uch sahifadan telegramma oldi. Nomalarni ko‘rib, farzandi arjumandlari yo‘l-yo‘lakay pochtaga kirganini-yu, tik turgancha odmi siyohda yigirma dollarlik jo‘ngina so‘zlarni bitgunlaricha necha bor telegramma blankasini yirtib, nechtasini g‘ijimlab tashlaganini sezish qiyin emasdi. Uch farzandidan birortasi bolaligi o‘tgan ota dargohiga kelib, padari buzrukvorini so‘nggi manziliga kuzatish niyatida ekanligi haqida lom-mim demagan. Dafn marosimi o‘tgan birinchi tunda oltmish ikki yoshli beva Montel suyukli umr yo‘ldoshining boshi tekkan yostiqni quchoqlagancha o‘ksinib yig‘lar ekan, yolg‘izlik nimaligini birinchi marta his qildi. «Bas, endi bir umr xonamdan chiqmayman, — degan o‘yga bordi hayoti dunyodan ko‘ngli qolgan ayol. — Shundoq ham Xose Montel bilan birga tiriklayin go‘rga ko‘milganga o‘xshayman. Yorug‘ jahonidan qo‘limni yuvdim». Uning bunday og‘ir va noxush o‘y-xayollarini samimiylikdan yiroq deb bo‘lmasdi.
Irim-sirimlarga berilgan bu nozikkina ayol yigirmaga yetganida ota-onasining xohish-irodasi bilan o‘ziga o‘n qadamdan beriroqqa yaqinlashishiga ijozat etilgan yagona talabgorga turmushga chiqqan. Zero, ungacha hech bir nomahram, hech qachon bundan yaqin muloqotga noil etilmagan. Erining paymonasi to‘lganidan beri uch kun o‘tganiga qaramay, hamon ko‘z yoshlarini tiya olmayotgan beva Montel endi qo‘l qovushtirib o‘tira olmasligiga fahmi yetgan, biroq ishning ko‘zini bilolmay boshi qotardi. Anglagani — hammasini taqir boshlash.
Xose Montel o‘zi bilan qabriga olib ketgan behisob sir-sinoat orasida uning po‘lat sandig‘ini ochadigan raqamlar zanjiri ham bor ekan. Bu muammoning yechimi bilan alkald, ya’ni shaharchaning mutlaq hokimi shaxsan o‘zi shug‘ullanadigan bo‘ldi. U po‘lat sandiqni ayvonga olib chiqib, devor yoniga qo‘yishni buyurdi. Ikki mirshab miltiqlarining milini qulfga to‘g‘rilab, o‘q uzishga kirishdi. Kallai sahardan bevaning xobxonasiga alkaldning buyruqlariyu ketma-ket otilgan bo‘g‘iq o‘q ovozlari eshitilib turardi. «Og‘rimagan boshimga shu kam edi, — deb ezilardi beva. — Besh yil ertayu kech, otishmani to‘xtatgin, deb parvardigorga iltijo qilgan edim. Endi otishma degan balo uyimga bostirib kirganidan boshim ko‘kka yetishi kerakka o‘xshaydi». O‘sha kuniyoq u yaratgandan o‘ziga xotirjamlik va o‘lim tilay boshladi, qani endi ajaldan darak bo‘lsa. Portlashdan uy larzaga kelganida ayol qotib uxlab yotardi: po‘lat sandiqni ochish uchun dinamitdan foydalanishga to‘g‘ri kelibdi.
Beva Montel yakkash xo‘rsinadi: bunaqa kunlar tushiga kiribdimi! Mezon yomg‘irlariyu bilch-bilch loygarchiliklarning nihoyasi yo‘qday. Ayol eri tashlab ketgan va barakasi ucha boshlagan hisobsiz mol-mulk ummonida yelkansiz kema yanglig‘ shuursiz suzib borarkan, to‘g‘ri yo‘lini yo‘qotib, galdirab qolgan darg‘adek his etadi o‘zini. Mol-mulk tizginini qarib-qartayib qolgan, ammo insofda qoyim mulozim senor Karmaykl o‘z qo‘liga oladi. Alal-oqibat, beva Montel g‘amguzori —zavjidan butkul judo bo‘lganiga ko‘zi yetib, taqdirga tan bergach, yurak yutib xobxonasidan chiqadi va ro‘zg‘or yumushlariga qo‘l uradi. Qarabsizki, nigohni quvontiradigan narsalarning hammasi ko‘zdan nari olinib, mebelga qora g‘iloflar solingan, devordagi suratlarni motam jiyaklari bezagan. Janozadan so‘ng o‘tgan ikki oy mobaynida tirnoqlarini qirchishni odat qilgan beva Montelning ko‘zlari endi mudom qizarib, qovoqlari shishib turadi. Bir kuni u senor Karmaykl uyga kirish oldidan shamsiyasini yopmaganini ko‘rib qoladi.
— Shamsiyangizni yoping, senor Karmaykl, — deydi beva. — Boshimizga tushgan shuncha musibatdan keyin uyimga shamsiyangizni ochib kirganingiz nimasi.
Senor Karmaykl shamsiyasini yopmay burchakka qo‘yadi. Ko‘mirday badani yaltiragan, oq kostyumli keksa habash oyog‘ini qavartirmasligi uchun tuflisini pichoq bilan teshib qo‘ygan.
— Ochiq tursa, tezroq quriydi.
Erining vafotidan beri beva birinchi marta derazani ochadi.
— Shuncha kulfat ustiga qishning achchiq kelganini ko‘rmaysizmi, — deb shivirlaydi u tirnoqlarini g‘ajir ekan. — Yomg‘irning to‘xtash niyati yo‘qqa o‘xshaydi.
— Har holda, bugun ham, ertaga ham to‘xtashidan darak yo‘q, — deydi kadxudo. — Kecha tuni bilan oyog‘im zirqirayverib uxlatmadi.
Beva Montel senor Karmayklning oyog‘idagi qadoqlar ob-havoda bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida oldindan belgi berishiga shubha qilmaydi. Ayol shaharchaning huvillab yotgan chorsi maydonchasiga, tek qotgan uylarga nigoh tashlaydi. Bu uylarning egalari o‘zlari kecha hazratim deb yukungan Xose Montelning dafn marosimini shunchaki kuzatish uchun eshigidan loaqal ko‘z qirini tashlashni ham ko‘ngillariga ravo ko‘rmagan. Beva qirchilgan tirnoqlari, eridan meros bepoyon amloklari va o‘zining hech qachon aqli yetmaydigan behisob majburiyatlari qoniga tashna qilib, alam va armon o‘tida qovurayotganini anglaydi.
— Dunyo bunchalar bevafo! — deydi va ho‘ngrab yuboradi.
O‘sha kunlari uning ziyoratiga kelganlar, bechoraning esi kirdi-chiqdi bo‘pqopti, degan xayolga borishlari mumkin edi. Aslida bevaning o‘y-xayoli hech qachon hozirgidek aniq-tiniq bo‘lmagan. Siyosiy sabablar o‘laroq, yangi ommaviy xunrezliklar hali boshlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, ayol mezonning rutubatli tonglarini xobxonasining derazasi oldida kutadigan, qatag‘on qurbonlariga achinib, yaratganning inoyati bilan eri haftaning yettinchi kuni hordiq chiqarishni odat qilmaganida, bandalarni hidoyat yo‘liga yanada ko‘proq da’vat etish uchun imkoniyat topardi, degan xayollarga borardi.
— O‘sha hordiq kunlari behuda ketmaganida, bu dunyo shunchalar noraso ko‘rinmas edi, — deb kuyunadi u. — Erim adisari abadiy uyquga ketar ekan-ku.
Zavji o‘tganidan beri deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Yagona istisno — ilgari, eri hali tirikligida, bevaning noxush xayollariga sabablar ko‘p edi.
Beva Montel dilgirlik o‘tida qovurilayotgan kezlarda senor Karmaykl muqarrar falokatning oldini olishga urinar edi. Ishlar esa allaqachon chappasiga ketib, ishkali chiqib bo‘lgan. Butun okrugda savdo-sotiq ishini qatag‘on yo‘li bilan qo‘liga olgan Xose Monteldan qutulgan shaharcha ahli go‘yo sondan chiqqan. Ayvonga terib qo‘yilgan va allaqachon oyog‘i uzilgan xaridorlar yo‘liga mushtoq xumlardagi sutlar achigan, meshlardagi asallar qotgan-qurigan, omborlarning qorong‘i taxmonlarida pishloqqa to‘ygan qurtlar semizlikdan dumalab qolgan. Olti yil mobaynida qilgan qotillik va xunrezliklari uchun Xose Montelni endi elektr nurlaridan charog‘on marmar sag‘ananing tagida – qora yer qa’rida farishtalar savol-so‘roqqa tutib, muqarrar jazoga giriftor etmoqda. Mamlakat mamlakat bo‘lib hali hech kim bunchalik tez boyib-bitib ketmagan edi. Saltanat sardorlari tomonidan tayinlangan ilk alkald shaharchada paydo bo‘lganida, avvalgi hukmdorlarga yeng ichida xizmat qilib kelgan Xose Montel kunini juvozxonasining eshigi oldida yarim yalong‘och o‘tirish bilan o‘tkazar edi. Odamlar uni anchayin omadli, hatto taqvosi teran hisoblagan paytlar bo‘lgan. Illo, lotereyada yutib qolguday bo‘lsam, otdoshim Yusuf alayhissalom hazratlarining odam bo‘yi keladigan muhtasham haykalini yasatib, jome cherkoviga in’om etaman, deb ko‘pchilik oldida va’dani quyuq qilgan. Oradan ikki hafta o‘tib, bir emas, olti barobar yutuqni do‘ndirgach, lafzini halollab olgan. Yangi alkald, ya’ni politsiya serjanti, odamovi chapaqay shaharchadagi muxolifat a’zolarini tag-tomiri bilan yo‘q qilish haqida buyruq olgan kuni odamlar birinchi marta Xose Montelni oyog‘ida chorig‘i bilan ko‘rgan. U alkaldga xufiyalikka yollanadi. Birovda zarracha shubha uyg‘otmaydigan bu xokisor, miqti va vazmin bozirgon siyosiy raqiblariga boy yoki kambag‘alligiga qarab muomala qiladi. G‘animi nochorroq bo‘lsa, mirshablar maydonga chiqarib otib tashlar, davlatmandlarga esa shaharchani tark etishlari uchun yigirma to‘rt soat muhlat berar edi. Xose Montel dimiqqan xonasida kun bo‘yi qamalib o‘tirib, alkald bilan qirg‘in rejasini pishitayotganida xotini qurbonlarga achinib yum-yum yig‘lagan mahallari ko‘p bo‘lgan. Oqshomlari, Alkaldning qorasi o‘chgach, ko‘z yoshlarini tiya olmayotgan ayol eriga: «Buning inson emas, qattol mahluq ekan, — derdi chatnab-charsillab. — Hukumatdagi tanish-bilishlaringga aytib, ishing boshingdan qolgurni boshqa joyga olmasang, shaharchaga qiron keldi-ku!» O‘sha kunlari ishi boshidan oshib-toshib yotgan Xose Montel xotinining xarxashasiga qiyo ham boqmaydi. «Nodonlik qilma», deb qayirib tashlaydi. Aslida u g‘ariblar qirg‘inidan ko‘ra, boylar badarg‘asidan ko‘proq manfaatdor edi. Alkald boylarning darvozasini o‘qqa tutib, eshigi ilma-teshik bo‘lgan xonadonlar egasining shaharchadan chiqib ketishi uchun muddat belgilasa, badarg‘a qilinganlarning chorvasi va yerini Xose Montel og‘ziga siqqan narxda sotib olardi. «G‘ofil bo‘lma, — derdi xotini unga. — Birovlarga yordam berasan-u, o‘zing xonavayron bo‘lasan. Ular notanish yurtlarda ochlikdan o‘lmagani uchun sendan minnatdor bo‘lishlari kerak, aslida. Koshki, nodonlar bu marhamatlaringning qadriga yetsa». Xotinining go‘lligini kulgi qilib o‘tirishga vaqtini qizg‘angan Xose Montel uning og‘ziga urardi: «Bor-bor, ko‘p laqillamay, qozon-tovog‘ingga qara!»
Shunday qilib, bir yil o‘tib-o‘tmay muxolifatga barham berilib, Xose Montel shaharchaning eng davlatmand va qudratli odamiga aylanadi. Qizlarini Parijga jo‘natib, o‘g‘lini Germaniyada konsul lavozimiga tayinlashlariga erishadi va o‘z mavqe-martabasini uzil-kesil mustahkamlashga kirishadi. Biroq dinu abbatlikning jamiki ahkomlari va arkonlarini oyoqosti qilib erishgan ne’matlarining ayshi qisqa ekan, davru davroni olti yilga ham bormadi. O‘limidan bir yil o‘tgach, zinapoya g‘ichirlashidan bevasining yuragi zirqirab ketadi. Biladi, zinopoya g‘ijiri — noxush xabardan dalolat, yoqimsiz gapni unga doim shomlatib aytishadi. «Yana qaroqchilar hujum qildi, — derdilar bevaga. — Kecha ellik bosh juvonayu g‘unajindan ayrildik». Tirnoqlarini g‘ajib, tebranma kursida qilt etmay o‘tirgan beva tuz totay demas — diltanglik uning taomiga aylangan edi. «Odamlar yaxshilikni bilmaydi, hammasi noshukr, deb senga aytmaganmidim, Xose Montel, — deya bot-bot zorlanardi u marhum eri bilan gaplashayotganday. — Tuprog‘ing sovimasidan, hamma bizdan yuz o‘girdi».
Bevaning xonadoni bilan bordi-keldi uzilgan. Tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘ir dunyoni shalabbo qilib yuborgan uzundan-uzun oylar mobaynida ko‘radigan yagona odami – o‘zini ochiq shamsiyasi bilan uyga uradigan insofli va jonsarak senor Karmaykl edi. Ishlar o‘nglanmadi. Senor Karmaykl bevaning o‘g‘liga necha bor xat yozib, senor Montel Germaniyadan ertaroq qaytib, oilaning ishlarini o‘z qo‘liga olsalar, naqadar xayrli bo‘lardi, deb shamalar qilgan, hatto begoyisining salomatligidan birmuncha xavotirda ekanini aytishga o‘zida jur’at topgan edi. Biroq uning xatlariga kelgan javoblar birmuncha mavhum va chuchmalroq bo‘lardi. Nihoyat, Xose Mont’elning o‘g‘li suiqasd qilishlaridan cho‘chib, ota yurtiga qaytib borolmasligini ochiq tan oladi. Shunda senor Karmaykl bevaga ro‘zg‘ori butunlay jar yoqasiga kelib qolganini aytishga majbur bo‘ladi.
— Vahima qilmang, — deya e’tiroz bildiradi ayol. — Pishloq bilan pashshani qo‘yarga joyim yo‘q-ku! Siz ham nimani lozim topsangiz, boricha olavering. O‘tinchim: ko‘nglimni tindiribgina ko‘z yumsam deyman.
Bu suhbatdan keyin, har oyning oxirida qizlariga yuboradigan xatlarini hisobga olmaganda, u tashqi dunyodan butkul uziladi.
«Shaharchamizga badduo ketgan, — deb yozardi u o‘kinch bilan. — Bu yurtga minba’d qayta ko‘rmanglar. Mendan esa aslo xavotir olmanglar: o‘zimni baxtiyor sezishim uchun sizning baxtli ekanligingizni bilsam kifoya».
Qizlari navbati bilan javob yo‘llashardi. Maktublaridan dilovorlik, issiq va yorug‘ xonalarning raftori, qizlarining o‘ylab-o‘ylab, to‘xtab-to‘xtab, o‘zlarini chiroyli ko‘zgularga solib, solganidan ko‘ngillari to‘lib yozgani sezilib turardi. Ular ham o‘z vatanidan bezgan. «Bu yerda tamaddun, kelajak bor, — deb yozardi qizlari. — Siz tomonlarda esa yashash azob. Siyosiy qarashlari uchun odamlar mahv etiladigan yovvoyi mamlakatda qanday yashash mumkin?» Bunday xatlarni o‘qir ekan, beva Montel xotirjam tortib, har bir jumlani ma’qullab bosh irg‘ab qo‘yardi.
Bir gal qizlari unga Parijdagi qassobxonalar haqida yozishibdi. Gaplariga qaraganda, pushti xinzirlarni so‘yib, go‘shtini do‘konga kiraverishda gullar va gulchambarlar bilan bezatib qo‘yishar emish. Xatning oxiriga qizlarining yozuviga o‘xshamaydigan bitik qo‘shilgan: «Endi dumining tagiga eng katta va eng chiroyli chinnigul tiqilgan cho‘chqani tasavvur qilavergin-a». Bu gapni o‘qigan beva Montel ikki yil deganda birinchi marta jilmayib qo‘yadi. Uyining chirog‘ini o‘chirmay, xobxonasiga ko‘tariladi va yotishdan oldin elektr ventilyator — bodkashni devor tomonga burib qo‘yadi. Keyin karavot yonidagi tumbadan qaychi, yelimli plastir o‘rami va tasbeh oladi-da, qirtishlanaverib yallig‘lanib ketgan o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga yopishtiradi. Ibodatga kirishadi, biroq ikkinchi sajdadayoq tasbehni chap qo‘liga o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Lat yegan barmog‘i uvushib, tasbeh donalarini sezmay qoladi. Qayerdadir uzoq-uzoqlarda momaqaldiroq gumburlaydi. Beva boshini ko‘ksiga tushirgancha pinakka ketadi. Tasbeh ushlagan qo‘li sonidan pastga sirg‘alganida tushiga ayvonda o‘tirgan Ulug‘ Ona kiradi. Oq choyshab yoyilgan tizzasida tarog‘i ko‘zga tashlanib turgan ma’buda bosh barmoqlarining tirnoqlari bilan bitlarni ezmoqda edi. Beva Montel undan:
— Qachon kunim bitadi? — deb so‘raydi.
Ulug‘ Ona boshini ko‘taradi:
— Qo‘ling uvusha boshlagan kuni.
Ruschadan Qulman Ochil tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025 yil 1-son.

