BURGUT BILAN TULKI
Burgut bilan Tulki do‘st tutinishdi va qo‘shni bo‘lib yashashga ahd qilishdi. Burgut bir azim daraxtning qir uchiga uya qurdi, Tulki esa, shu daraxt tagida butalar orasida bolaladi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, kunlarning birida Tulki ovga chiqdi. Shunda o‘z palaponlarini nima bilan boqishni bilmay, ochiqib o‘tirgan Burgut pastga uchib tushib, butalar orasida yotgan tulkivachchalarni changaliga ilib uyasiga olib chiqdi-da, ularni o‘z palaponlari bilan baham ko‘rdi. Mana, Tulki iniga qaytib keldi, keldi-yu, bir qarashda ne hol yuz berganini fahmladi. U juda qattiq qayg‘urdi — nafaqat bolalarining nobud bo‘lganidan, balki qotildan qasos ololmasligidan ich-etini yeb iztirob chekdi, zero yerdagi hayvon osmondagi qushni tuta olmasligini u yaxshi bilar edi. Notavon va nochor hayvon nima ham qila olardi? G‘animini faqat uzoqdan turib qarg‘ashgagina kuchi yetardi uning. Biroq oradan ko‘p ham vaqt o‘tmay, Burgut do‘stlik ahdiga xiyonat qilgani uchun jazosini oldi. Bir odam dalada echki so‘yib, xudolar yo‘liga qurbonlik qildi; Burgut buni ko‘rib, uchib keldi-da, qurbongohda laqqa cho‘g‘ bo‘lib yonayotgan ichak-chavoqlarni o‘g‘irlab uyasiga olib chiqib ketdi. Xuddi shu payt birdan qattiq shamol turib, nozik shox-shabbalardan qurilgan uya boyagi ichak-chavoqlar orasidagi cho‘g‘lardan “pov” etib alanga oldi. Hali uchishni o‘rganmagan temirqanot, jish palaponlar kabob bo‘lib yerga tushdi; shunda Tulki yugurib kelib, Burgutning ko‘zi oldida uning palaponlarini yamlamay yutib yubordi.
Masaldan hissa shuki, do‘stlikka xiyonat qilgan odam dili og‘rigan do‘stining qasosidan qutulib qolgan taqdirda ham xudolar qahridan qochib qutula olmagay.
BURGUT, ZOG‘ChA VA ChO‘PON
Bir Burgut baland qoya boshidan uchib tushib, yaylovda o‘tlab yurgan qo‘zichoqni changaliga ilib uchib ketdi. Buni ko‘rgan Zog‘cha Burgutga hasad qildi va u ham shunday ish tutmoqchi bo‘ldi. Mana, u hammayoqni boshiga ko‘targancha qag‘illab, bir qo‘chqorga tashlandi. Biroq uning tirnoqlari qo‘chqorning qalin yungiga ilashib, nuqul qanot qoqib qag‘illayverdi-yu, ammo hech uchib ketolmadi. Bu holni ko‘rgan Cho‘pon masala nimada ekanligini tushundi: yugurib kelib Zog‘chani ushlab oldi-da, qanotlarini kesib, kechqurun bolalariga olib borib berdi. Bolalari: “Bu qanaqa qush?” — deb so‘rashdi. Cho‘pon bo‘lsa: “Men-ku buning Zog‘cha ekanini bilaman, lekin u o‘zini burgut deb hisoblayotibdi-yov”, — dedi.
Iqtidorli odamlar bilan tenglashmoqchi bo‘lganlar hech nimaga erisha olmaydilar, aksincha, ularning noshudligi boshqalarning kulgisini keltiradi.
BURGUT BILAN QO‘NG‘IZ
Burgut bir quyonning payiga tushdi. Jon saqlash uchun kimdan yordam so‘rashini bilmagan quyon yo‘lida ro‘para kelgan yagona jonzodga — go‘ng qo‘ng‘iziga yolbordi. Qo‘ng‘iz unga dalda berdi va qarshisida paydo bo‘lgan yirtqich qushga, mendan panoh izlab kelgan jonvorga tegma, deya iltijo qildi. Burgut bu jinqarcha himoyachining gapiga parvo ham qilmay quyonni tutib yedi. Lekin Qo‘ng‘iz bu razilona tahqirni unutmadi: endi u kun-uzzu kun Burgutning uyasini qidirib, har safar u tuxum qo‘ygan paytda tuxumlarini dumalatib yerga tushirib sindiraverdi. Nihoyat, hech yerdan panoh topa olmagan Burgut oliy tangri Zevsga iltijo qilib, tuxum qo‘yib bola ochishi uchun bexavotirroq joy ko‘rsatishni so‘radi. Zevs Burgutning bola ochishi uchun o‘z qo‘ynini ochib berdi. Buni ko‘rgan Qo‘ng‘iz bir parcha go‘ngni dumalatib soqqa qildi-da, Zevs oldiga — arshi a’loga uchib chiqib, o‘shal soqqani buzurg tangrining qo‘yniga tashlab yubordi. Zevs qo‘ynidagi go‘ng parchasini qoqib yuborish uchun birdaniga o‘rnidan turib ketdi va Burgutning tuxumlarini tushirib yubordi. Turgan gapki, barcha tuxumlar singan edi. Aytishlaricha, shu paytdan boshlab burgutlar qo‘ng‘izlar tuxumdan chiqqan chog‘da uya qurmaydigan va tuxum ochmaydigan bo‘lishganmish.
Masaldan hissa shuki, kichkinalarni mensimaslik yaxshi emas, zero o‘zini tahqirlagandan o‘ch olmoqchi bo‘lgan jonivorni zaif deb bo‘lmaydi. Axir aytganlarku: “O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil”, — deb.
BULBUL VA QARChIG‘AY
Bulbul daraxt shoxiga qo‘nib olib, o‘z odati bo‘yicha xonish qilardi. Uni qorni och bir Qarchig‘ay ko‘rib qoldi va “shuv” etib uchib kelib, bechora qushchani changaliga oldi. Shunda kuni bitib ajali yetgan Bulbul Qarchig‘ayga yolvorib dedi: “Jon aka, meni yemang, axir men zig‘irdakkinaman — tishingizning kavagida yo‘q bo‘lib ketaman. Agar qorningiz ochgan bo‘lsa, yaxshisi, yirikroq qushlarni tutib yeng”. Lekin Qarchig‘ay unga e’tiroz bildirib dedi: “Agar changalimdagi o‘ljani tashlab, qorasiyam ko‘rinmagan o‘ljani qidiradigan bo‘lsam, g‘irt ahmoq bo‘lgan bo‘lardim”.
Bu masal, ahmoq odamlargina mavhum kattakon o‘lja ilinjida o‘z qo‘liga tushirgan boylikdan voz kechadi, demoqchi. Axir aytganlar-ku: “Ertangi tovuqdan bugungi tuxum yaxshi” — deb.
QARZDOR
Afinada bir odam boshqa bir odamdan qarz oladi. Mana, fursat yetib qarz bergan odam, qarzni to‘la, deb talab qila boshlaydi. Qarzdor avvaliga, hozircha yonida puli yo‘qligi sababli qarzni to‘lash uchun yana bir oz muhlat so‘raydi. Lekin iltimosi yerda qoladi. Shunda qarzdor odam bittayu bitta sigirini bozorga olib chiqib sotmoqchi bo‘ladi va qarz bergan odamning ko‘zi oldida sigirini xaridorlarga maqtay boshlaydi. Bir xaridor kelib undan: “Sigiring qisir emasmi?” — deb so‘raydi. “Yo‘q, — deydi qarzdor, — har yili qish chillasida tanacha tug‘ib beradi, hayit kunlariga borganda buqacha tug‘adi”. Xaridor bu gapni eshitib hayron qoladi. Shunda qarz bergan odam qarzdorning gapini ilib ketib deydi: “Nega hayron bo‘lyapsiz? Shoshmay turing, hali bu sigir ayyomi ajuzga borib qo‘zichoq ham tug‘ib beradi”.
Ha, shunday odamlar borki, ular o‘z foydalarini ko‘zlab, har qanday yolg‘on-yashiq gaplarni qasam ichib tasdiqlashdan ham toymaydilar.
EZOP KEMASOZLIK KORXONASIDA
Masalnavis Ezop kunlarning birida sayr qilib yurib, kemasozlik korxonasi oldiga borib qoladi. Kemasozlar uning beo‘xshov vajohatini, tasqara basharasini ko‘rib, mazax qilib kula boshlaydilar. Shunda Ezon ularga javoban deydi: «Dastavval olamda faqat g‘ayrimutashakkil — Xaos va suv bo‘lgan ekan. Keyin tangri Zevs yana bir tabiat yangiligi — Yerni yaratishni ixtiyor qilibdi. Yerni yaratibdi-yu, unga uch ho‘plashda dunyodagi barcha suvni ichib bitirishni amr etibdi. Va Yer Zevsning amrini bajarishga kirishibdi: bir marta ho‘plagan ekan — tog‘lar paydo bo‘libdi; ikkinchi marta ho‘plaganida — dala-dashtlar namoyon bo‘libdi; shuni bilinglarki, agar Yer uchinchi marta ho‘plasa, bu kasb-koringizning hech kimga keragi bo‘lmay qoladi».
Masaldan xulosa shuki, yaxshi odamlar ustidan kulgan yomon odamlar bir kun kelib, o‘zlarining butun el oldida sharmanda bo‘lganlarini sezmay qoladilar.
TULKI BILAN TAKA
Bir Tulki bexosdan quduqqa tushib ketdi va u yerdan chiqolmay, noiloj jim o‘tiraverdi. Shu payt quduq boshiga chanqagan bir Taka keldi; u quduq ichida turgan Tulkini ko‘rib undan, suv qalay ekan, muzdaymi, deb so‘radi. Ayyor Tulki suvni og‘iz ko‘pirtirib maqtay ketdi va uni ham quduq ichiga taklif qildi. Chanqog‘ini qondirishdan o‘zga narsani o‘ylamagan Taka quduqqa sakrab tushdi va miriqib suv ichdi. Ana shundan keyingina bu yerdan qanday qutulib chiqish haqida Tulki bilan maslahatlasha boshladi. Tulki: «Menda ajoyib bir fikr paydo bo‘ldi, agar uni amalga oshirsak, ikkalamiz ham bu yerdan eson-omon qutulib chiqib ketamiz, — dedi. — Bunday qilamiz: sen oldingi oyoqlaringni ko‘tarib devorga tiraysan va shoxlaringni egib turasan. Men sening yelkangdan tirmashib yuqoriga chiqaman; keyin seni ham tortib olaman». Tulkining bu taklifini ham Taka o‘ylab-netib o‘tirmay qabul qildi; Tulki Takaning dumg‘azasiga, keyin yelkasiga chiqib, orqa oyoqlarini uning shoxlariga tiradi-da, old oyoqlari bilan quduq og‘ziga tirmashib, bir irg‘ishda yuqoriga chiqib oldi va orqasiga qayrilib ham qaramay, o‘z yo‘lida ketaverdi. Taka lafzida turmagan Tulkini bo‘ralab so‘ka boshladi, Tulki esa orqasiga o‘girilib dedi: «Voy ovsar-e! Agar miyangda soqolingning tukichalik aql bo‘lganida, quduqqa tushishdan oldin, u yerdan qanday chiqishni o‘ylagan bo‘larding».
Shuningdek, aqli raso odam ham bir ishni boshlashdan oldin uning oqibati nima bilan tugashi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak.
BALIQChILAR
Bir jamoa baliqchilar suvga tashlagan to‘rlarini torta boshlabdilar; to‘r juda og‘ir emish. Buni ko‘rgan baliqchilar ovimiz baroridan keldi, deb o‘ylashib, qo‘shiq ayta va o‘yin tusha boshlashibdi. Lekin to‘rni tortib chiqarishgandan keyin qarashsa, unga baliq emas, tosh-u, suv o‘tlari ilingan ekan. Baliqchilar qattiq kuyuna boshlashibdi: ular nafaqat ovlari yurmaganidan, balki, asosan, umidlari puchga chiqqanidan xafa bo‘lishibdi. Bu baliqchilar jamoasida bir keksa odam bor ekan, shu odam ularga debdi: «Qayg‘uni bas qiling, birodarlar: bilishimcha, quvonch bilan qayg‘u — aka-uka, binobarin, biz qancha quvongan bo‘lsak, shuncha qayg‘urishimiz ham kerak».
Shu singari, bizlar ham hayotning o‘zgaruvchan ekanligini unutmasligimiz va basharti biron yutuqqa erishgudek bo‘lsak, endi umrbod saodat bizni tark etmaydi, deb o‘zimizni o‘zimiz aldamasligimiz lozim. Axir aytganlar-ku: «Har tongning bir shomi bo‘ladi», — deb.
TULKI BILAN MAYMUN
Yo‘lda hamroh bo‘lib ketayotgan Tulki bilan Maymun, qay birimiz mashhurroqmiz, deb bahslasha boshlashibdi. Unisi ham, bunisi ham rosa og‘ir ko‘pirtirib maqtanibdi. Shu mahal ular bir qabriston yonidan o‘ta boshlashibdi. Maymun u yerdagi sog‘analarga ko‘z tashlab, og‘ir-og‘ir xo‘rsina boshlabdi. «Ha, nima bo‘ldi, nega xo‘rsinyapsan? — deb so‘rabdi undan Tulki; shunda Maymun qabr toshlarini ko‘rsatib: «Nega xo‘rsinmay! — debdi. — Axir mana shu qabr toshlari tagiga ota-bobolarimning qo‘llari dafn etilgan». Tulki unga javoban debdi: «Ha, maqtan-a, maqtan! Axir bu mayitlarning birontasi ham qayta tirilib seni yolg‘onchiga chiqaraolmaydi-da».
Odamlar orasida ham shunday yolg‘onchilar topiladiki, ular sirlarini fosh qiladigan kishi yo‘q paytida maqtanishadi. Shuning uchun ham, maqtanishga musofir yurt yaxshi, deb bekorga aytishmangan.
TULKI VA UZUM
Qorni och Tulki bir bog‘ yonidan o‘tib keta turib, uzumlari shovul bo‘lib osilib turgan tokni ko‘rdi; ko‘rdiyu uzumini yemoqchi bo‘ldi. Lekin qancha urinsa, qancha sakrasa ham uzumga bo‘yi yetmadi. Shunda hafsalasi pir bo‘lib nari ketarkan, o‘ziga o‘z dedi: «Hali xom — yeb bo‘lmaydi».
Odamlar ichida ham ba’zi birovlar borki, jazm qilgan ishlarini uddalay olmasalar, vaziyatni, sharoitni bahona qilib ko‘rsatadilar.
MUShUK BILAN XO‘ROZ
Mushuk bir Xo‘rozni tutib oldi va chiroyli bahona ishlatib, uni yemoqchi bo‘ldi. Avvaliga uni, kechalari bemahalda qichqirib odamlarni bezovta qilasan, ularni uxlagani qo‘ymaysan, deb koyida. Lekin Xo‘roz bu ta’naga javoban: «Axir men aynan o‘sha odamlarning foydasini ko‘zlab qichqiraman-ku, ularni uyg‘otib ishga borishga undayman», — dedi. Shunda topgan bahonasi o‘tmagan Mushuk: «Ammo sen gunohga botgan murtadsan: tabiat qonuniga rioya qilmay, onangniyam, opa-singillaringniyam patira-putir bosaverasan», — deb Xo‘rozga yana ayb qo‘ydi. Xo‘roz bo‘lsa: «Men bu ishni ham odamlarning manfaatini ko‘zlab qilaman — shunday qilsam, tovuqlar ko‘proq tuxum tug‘ib berishadi», — dedi. Bu javobdan esankirab, gap topolmay qolgan Mushuk Xo‘rozga o‘shqirib berdi: «Nima, «ali» desam, «bali» deb mendan qochib qutulmoqchimisan? Ovora bo‘lasan!»
Masal demoqchiki, niyati buzuq odam biron yovuz ishga jazm qildimi, xoh qandaydir «olijanob» vajni bahona qilib, xoh dangal ochiqchasiga ish ko‘rib, ko‘zlagan shum niyatini amalga oshirmay qo‘ymaydi.
DUMSIZ TULKI
Tulki bir tuzoqqa tushib, dumidan ayrilib qoldi-yu, bunday sharmanda bo‘lib yashashdan istihola qildi. Shunda u ayyorlik qilib, hamma tulkilarni o‘z dumlarini kesib tashlashga undamoqchi bo‘ldi: ko‘p qatori bo‘lsam aybim sezilmaydi, deb o‘ylagan-da. Mana, u butun tulki qavmini yig‘ib: «Kelinglar, birodarlar, dumlarimizni kesib tashlaylik. Sababki, birinchidan, qomatimizni buzadi; ikkinchidan, u biz uchun ortiqcha yuk». Bu va’zni eshitgan tulkilardan biri dedi: «Seni qarayu! Agar o‘z foydangni ko‘zlamaganingda, bizlarga bunday maslahat bermagan bo‘larding».
Bu masal, o‘z yaqin heshlariga chin dildan emas, balki o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlab maslahat beruvchi odamlarga qaratilgan.
BALIQChI BILAN BALIQChA
Baliqchi suvga tashlagan to‘rini tortgan ekan, unga bitta kichkina baliq ilinibdi. Sho‘rlik Baliqcha tilga kirib, Baliqchiga yolvora boshlabdi: «Ey saxovatli Baliqchi, sen hozir meni qo‘yib yubor — hali juda kichkinaman, — keyinroq, o‘sib katta bo‘lganimda tutsang, o‘zingga foyda bo‘ladi». Lekin Baliqchi unga javoban debdi: «Qo‘limga ilinib turgan o‘ljani tashlab, yo‘q yerdagi narsaga umid bog‘laydigan ahmoq emasman!»
Bu masal, kelajakdagi katta foydadan, kichkina bo‘lsa ham, qo‘lga kirib turgan o‘lja afzal, deb saboq beradi. Axir aytganlar-ku, uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi, deb.
TULKI VA DARAXT KESUVChI
Ovchilar ta’qibidan qochib kelayotgan Tulki o‘rmonda bir daraxt kesuvchiga ro‘para keladi va unga: “Meni yashir,” — deb iltijo qiladi. Daraxt kesuvchi unga: “Bor, kulbamga kirib berkinaqol,” deydi. Bir ozdan so‘ng bu yerga ovchilar yetib kelishadi va daraxt kesuvchidan: «Ko‘rmadingmi, shu yerdan bir tulki yugurib o‘tmadimi?» — deb so‘raydilar. Daraxt kesuvchi baland ovoz bilan: «Ko‘rmadim», — deb aytadi, ammo ayni payda Tulkining qayerga berkinganini qo‘li bilan qo‘rsata boshlaydi. Lekin ovchilar uning ishorasini tushunishmaydi; qisqasi ovchilarn uning gapiga ishonishib, jo‘nab ketishadi. Nihoyat, Tulki ovchilarning ot choptirib ketishganini eshitib, kulbadan chiqadi va churq etmay keta boshlaydi. Bu holni ko‘rgan Daraxt kesuvchi unga: «Hoy, noshukur banda, axir men seni o‘limdan qutqarib qoldim-ku! Sen bo‘lsang menga rahmat ham aytmay, juftakni rostlab qolyapsan-a!» — deb malomat qiladi. Unga javoban Tulki deydi: «Rahmat aytardim, agar aytgan so‘zing bilan imo-ishorang bir-biriga mos bo‘lganda».
Bu masalni tili bilan bir gapni aytib, qo‘li bilan mutlaqo teskari ishni qiluvchi odamlarga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi.
KO‘KTORG‘OQ
Ko‘ktorg‘oq — xilvat joylarni yoqtiradigan qush, shu sababli u hamisha dengizda yashaydi. Aytishlaricha, u qush ovlovchilardan o‘zini olib qochish maqsadida uyasini sohildagi qoya toshlar ustiga qo‘yar ekan. Mana, uning tuxum qo‘yib bola ochadigan payti kelibdi; u dengiz uzra turtib chiqib turgan bir qoya toshni tanlab, o‘sha yerga in quribdi. Lekin kunlarning birida u ovqat izlab uchib ketganida, dengiz kuchli shamoldan qattiq to‘lqinlanib, qushning inigacha ko‘tarilibdi va uni yuvib yuboribdi; hamma palpalponlar suvga cho‘kib nobud bo‘libdi. Ko‘ktorg‘oq qaytib kelib, sodir bo‘lgan voqeani ko‘ribdi va debdi: «Sho‘rginam qursin! Men quruqlikdagi xatardan qo‘rqib, dengizdan panoh izlagandim, ammo dengiz yanada qabihroq, makkorroq bo‘lib chiqdi».
Odamlar ham shunday, dushmani ta’qibidan qochib qutulish uchun, bilmasdan, ichi qora do‘stlaridan panoh izlaydilar.
KEMA HALOKATIGA UChRAGAN ODAM
Afinalik bir badavlat odam ko‘pchilik yo‘lovchilar bilan dengizda suzib borardi. Bir payt qattiq to‘fon ko‘tarilib, kemani ag‘darib yubordi. Kemada bo‘lgan barcha yo‘lovchilar jon saqlab suvda suza boshladilar; faqat afinalik boy tangri Zevsga sig‘inib, unga bemisl va’dalar qila boshladi. Shu payt uning yonidan suzib o‘tayotgan yo‘lovchilardan biri: «Zevsdan madad so‘rashga so‘ra-yu, lekin o‘zing ham harakat qilgin-da», — dedi.
Bizlar ham xudolarga sig‘inishga sig‘inaylik, ammo o‘zimiz ham harakat qilaylik-da. Harakatda barakat, deganlar-ku, axir.
QOTIL
Bir odam qotillik sodir etdi. U o‘ldirgan odamning qarindoshlari uni ta’qib qila boshladilar. Qotil qochib, Nil daryosi bo‘yiga keldi, lekin bu yerda u bir bo‘rini uchratib, qo‘rqqanidan shoxlari daryo uzra egilgan kattakon daraxtga tirmashib chiqib oldi va uning qalin novda-lari orasiga yashirindi. Qarasa… shundoqqina ko‘zi oldida kattakon bir ilon tebranib turganmish. U ilondan qochib, o‘zini suvga otdi; lekin suvda uni timsoh poylab turgan edi — shu zahoti uni yutib yubordi.
Masal deydiki, jinoyat qilib gunohga botgan odam yerda ham, ko‘kda ham, suvda ham, o‘ziga panoh topa olmaydi.
MAKKOR
Bir makkor odam, Delfadagi ilohiy bashoratgohning hamma karomatlari yolg‘on va soxta; men buni isbotlayman, deb o‘rtog‘i bilan garov o‘ynabdi. Keyin u bir chumchuqni tutib olib, uni egnidagi ridosi yengiga yashirgancha ibodatgohga kiribdi-da, karomatgo‘y iloh qarshisida turib so‘rabdi: «Qo‘limdagi narsa nima — jonlimi yo jonsizmi?» Bunday savoldan maqsad: agar tangridan, «jonsiz», degan kalom eshitilsa, u tirik chumchuqni ko‘rsatmoqchi, bordi-yu, «jonli», degan, vahiy kelsa, chumchuqni o‘ldirib, o‘ligini ko‘rsatmoqchi edi. Vale, tangri bu makkorning nopok niyatini fahmlab shunday javob qilibdi: «Bas qil mug‘ambirlikni, nodon banda! Qo‘lingdagi narsaning jonli yo jonsiz bo‘lishi o‘z ixtiyoringda-ku».
Bu masal tangrilarni aldab bo‘lmasligini bildiradi.
DEHQON VA UNING BOLALARI
Vaqti qazosi yetib qolganini sezgan bir keksa dehqon o‘zidan keyin bolalarining yaxshi mirishkor dehqon bo‘lib,yaxshi hayot kechirishlarini xohlabdi-da, ularni o‘z qoshiga chorlab, shunday debdi: «Bolalarim, bog‘imizdagi toklarning tagiga men xazina ko‘mganman». Chol qazo qilibdi, o‘g‘illari uni dafn etib kelib, darhol belkurak va ketmonlar bilan butun bog‘ni kavlab, chopib chiqishibdi, ammo hech qanday xazina topmabdilar. Vale, yaxshi ishlov berilgan toklar ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bemisl mo‘l hosil keltiribdi.
Ushbu masal, mehnatning mevasi — odamlar uchun xazinadir, demoqchi.
DEHQON BILAN ILON
Bir Ilon asta o‘rmalab kelib, Dehqonning o‘g‘ilchasini chaqib o‘ldirdi. Bu og‘ir musibatdan alamdiyda bo‘lgan Dehqon qo‘liga bolta olib, Ilonni inidan bosh chiqargani hamono chopib o‘ldirmoqchi bo‘lib poylay boshladi. Mana, Ilonning boshi ko‘rindi, Dehqon uni boltasi bilan chopmoqchi bo‘ldi, ammo Ilon chap berib qoldi, bolta esa uya og‘zidagi katta toshni yorib yubordi. Shu voqeadan keyin Dehqon yurak oldirib qo‘ydi va Ilonga yolborib, kel, yarashaylik, dedi. «Yo‘q, — deb javob qildi unga Ilon, — yorilgan toshni ko‘rib men ham, o‘g‘lingning qabrini ko‘rib sen ham bir-birimizga yaxshilik tilay olmaymiz».
Bu masal, mudhish adovatdan keyin bitim tuzish oson bo‘lmas-ligini bildiradi.
DEHQON VA UNING O‘G‘ILLARI
Bir Dehqonning o‘g‘illari doim bir-birlari bilan nizolashgani-nizolashgan edi. Dehqon necha-necha bor, ahil bo‘linglar, deb o‘g‘illariga yaxshilikcha nasihat qilib ko‘rdi, ammo ular quloq solishmadi. Shunda chol bolalariga daraxt chiviqlarini bir dasta qilib yig‘ib kelishni buyurdi. O‘g‘illar buyruqni bajarishdi. Dehqon o‘g‘illariga, shu bir dasta chiviqni bir yo‘la sindiringlarchi, dedi. Lekin o‘g‘illari, qancha urinishmasin, chiviq dastasini sindira olmadilar. Shunda ota chiviqlar bog‘ichini yechib, o‘g‘illariga bittadan chiviq ulashdi; o‘g‘illar chiviq donalarini osongina sindirishdi. Dehqon dedi: «Sizlar ham, bolalarim, bir-biringiz bilan ahil bo‘lsangiz, hech qanday g‘anim sizlarni yenga olmaydi, bordi-yu, mudom nizolashaversangiz, har qanday ojiz odam ham mahv etishi mumkin sizlarni».
Masaldan hissa shuki, ahillik, totuvlik naqadar qudratli bo‘lsa, nizo-yu nifoq shu qadar zaifdir. Axir, ayrilgan ozar, birlashgan o‘zar, deb bekorga aytmaganlar-ku.
KAMPIR VA TABIB
Kampir ko‘zi og‘rib qoldi, u Tabibni chaqirib, agar ko‘zimni davolab tuzatsang, yaxshi haq to‘layman, deb va’da qildi. Tabib muolajani boshladi. Lekin u har gal kelib Kampirning ko‘ziga dori surkaganida, uning ko‘zini chirt yumib o‘tirganidan foydalanib, uydagi buyumlardan birontasini olib ketaverdi. Nihoyat, u Kampir uyidagi jamiki qaqir-ququr va anjomlarni olib ketib bo‘lgach, muolaja tugaganini aytib, va’da qilingan xizmat haqini talab qildi. Kampir haq to‘lashdan bosh tortdi; shunda Tabib Kampirni hakamlar oldiga sudrab borib, uning ustidan arz qildi. Kampir esa shunday bayonot berdi: «Haq rost, muhtaram hakamlar, men bu Tabibga, agar ko‘zimni davolab tuzatsa, haq to‘lamoqchi bo‘luvdim. Holbuki, uning muolajasidan keyin ko‘zlarim hech nima ko‘rmay qoldi: men ilgari o‘z uyimdagi hamma buyumlarni ko‘rardim, endi u yerda hech nima ko‘rmayapman».
Hayotda ham shunday: badbin va badniyat kishilar ko‘pincha katta manfaat ketidan quvib, o‘z illatlarini oshkor qilib qo‘yganlarini sezmay qoladilar.
BEVA AYoL VA TOVUQ
Bir beva ayolning har kuni tuxum tug‘adigan bitta tovug‘i bor edi. Beva, agar unga ko‘proq don bersam, kuniga ikkitadan tuxum tug‘ib beradi, deb o‘yladi va shunday qildi ham. Lekin Tovuq bunday boquvdan semirib ketib, butunlay tuxum qilmay qo‘ydi.
Masal aytmoqchiki, aksar ziqna odamlar boriga qanoat qilmay, tezroq boyib ketmoqchi bo‘ladilar va oqibatda bor boyliklaridan ham judo bo‘ladilar.
DEHQON VA TAQDIR
Bir Dehqon o‘z chorbog‘ida yer chopib turib, xazina topib oldi. Shundan keyin u bu chorbog‘ni, hojatbarorim, deb e’zozlab, har kuni yangi-yangi turfa gullar bilan bezatib turdi. Dehqonning bu amalini ko‘rgan Taqdir uning yoniga kelib shunday dedi: «Birodarim, nima uchun sen Yerga minnatdorchilik bildirmoqdasan? Axir xazinani senga Yer emas, men baxsh etdim-ku, sening boy bo‘lishingni xohlab! Bordiyu ishlaring bexosdan chappasiga ketib, nochor va notavon ahvolga tushsang, unda yana meni — Taqdirni qarg‘ay boshlaysanmi?»
Masaldan hissa shuki, xar bir inson o‘z valine’matini bilmog‘i va mudom unga minnatdorchilik izhor qilib turmog‘i lozim.
IKKI O‘RTOQ VA AYIQ
Ikki o‘rtoq o‘rmondagi so‘qmoq yo‘ldan ketib borardi, kutilmaganda oldilaridan bir bahaybat Ayiq chiqib qolibdi. Yigitlardan biri shu zahoti daraxtga tirmashib chiqib, novdalar orasiga berkinib olibdi. Lekin ikkinchi yigit qochishga ulgura olmabdi, shu bois yerga uzala tushib, xuddi o‘likday qimir etmay yotibdi. Ayiq unga yaqin kelib, aftini hidlay boshlaganida, yigit nafas olmabdi; chunki, aytishlaricha, ayiqlar o‘laksalarga tegmas ekan. Mana, Ayiq orqasiga o‘girilib jo‘nab ketibdi, shunda daraxtga chiqib olgan o‘rtoq yerga tushibdi va: «Ayt-chi, Ayiq qulog‘ingga nimalarni pichirladi?» — deb so‘rabdi. O‘rtog‘i unga javoban bunday debdi: «Bundan keyin safarga chiqqaningda, seni mushkul ahvolda tashlab qochadigan odam bilan hech ham hamroh bo‘lma, shipshidi».
Masaldan xulosa shuki, haqiqiy do‘st boshga og‘ir musibat tushganda bilinadi.
IKKI YIGIT VA QASSOB
Ikki yigit qassobdan go‘sht xarid qila boshladi. Qassob ish bilan alahsigan paytda yigitlardan biri peshtaxtada yotgan bir bo‘lak go‘shtni olib, o‘rtog‘ining qo‘yniga solib qo‘ydi. Qassob o‘girilib go‘shtning yo‘qolganini sezdi va yigitlarni ayblay boshladi. Lekin go‘shtni olgan yigit, xudolar shohid, menda sizning go‘shtingiz yo‘q, deb, go‘sht bo‘lagini qo‘yniga yashirgan yigit esa, men go‘shtingizni olmadim, deb qasam icha boshladilar. Ularning nayrang ishlatayotganini fahmlagan qassob dedi: «Hay, mayli, yolg‘on qasam ichib mendan qutulib ketyapsizlar; ammo, baribir, bunday qasamxo‘rlik qilganingiz uchun xudolar g‘azabidan qutulolmagaysiz».
Masaldan hissa shuki, soxta qasam, uni nechog‘liq niqoblashga urinmasinlar, baribir hamisha u qabihdir.
RAQIBLAR
O‘zaro yovlashib qolgan ikki raqib bir kemada suzib borardi. Ular bir-biridan uzoqroq bo‘lish maqsadida, biri kemaning quyrug‘iga joylashdi, ikkinchisi kema tumshug‘iga o‘tirib oldi. Ular hamisha shu alpozda o‘tirishdi. Bir mahal dengizda dahshatli to‘fon ko‘tarilib, kema cho‘ka boshladi. Shunda kema quyrug‘ida o‘tirgan odam darg‘adan, kemaning qay qismi oldin suvga cho‘kadi, deb so‘radi. «Tumshug‘i», — deb javob qildi darg‘a. Buni eshitib, quyruqdagi odam dedi: «Unday bo‘lsa o‘limimga roziman, faqat dushmanimning mendan oldin suvga g‘arq bo‘lishini ko‘rsam armonim qolmaydi — ko‘nglim taskin topib o‘laman».
Shunday odamlar borki, g‘animining iztirob chekishini ko‘rish uchun o‘zlari ham badtarroq azobga duchor bo‘lishdan qaytmaydilar.
BUG‘U VA TOK
Bir bug‘u ovchilar ta’qibidan qochib, tokzorga yashirindi. Ovchilar uni payqamay, tokzor yonidan o‘tib ketishdi. Shunda falokatdan qutuldim, deb ko‘ngli taskin topgan Bug‘u tok barglarini yeya boshladi. Lekin ovchilardan biri shu payt tasodifan orqasiga o‘girilib, Bug‘uni ko‘rib qoldi va kamonidan o‘q otib uni yaraladi. Ajali yetganini sezgan jonivor og‘ir bir nola chekib, o‘ziga o‘zi dedi: «Sho‘rim qursin! Qilmishimga yarasha jazoimni oldim: bu tok meni o‘limdan qutqarib qolgan edi, men bo‘lsam uni nobut qildim».
Bu masalni o‘z yaqinlarining dilini og‘ritgani uchun xudoning qahriga uchragan odamlarga nisbatan qo‘llash mumkin.
TULKI BILAN MAYMUN
O‘rmonda barcha hayvonlar anjumanga yig‘ilishib, o‘zlariga podsho saylamoqchi bo‘libdilar. Bu yig‘inda Maymun o‘ynoqlab raqs tushib, hammani qoyil qoldiribdi; shu bois hayvonlar uni o‘zlariga podsho etib saylabdilar. Biroq Tulkining bunga g‘ayirligi kelibdi; bir kuni u o‘rmonda bir bo‘lak go‘sht ilingan qopqonni ko‘rib qolibdi va Maymunni bu yerga boshlab kelib debdi: «Bu o‘ljani kamina topdim, vale, uni o‘zimga olmadim — sizga ilindim, podshohim, marhamat, o‘z qo‘lingiz bilan olib tanovul qiling». Hech qanday shubha sezmagan g‘ofil Maymun qopqonga yaqin borib unga ilinib qolibdi va Tulkidan bu razil qilmishi uchun o‘pkalana boshlabdi. Tulki esa unga javoban: «Voy, pandavoqi-e, hali shu farosating bilan barcha hayvonlar ustidan hukmronlik qilmoqchi bo‘ldingmi?» — debdi.
Biron bir ishga bemulohazalik bilan kirishgan kishilar muvaffaqiyatsizlikka uchrab, el orasida sharmanda bo‘ladilar.
TILLA TUXUM TUG‘UVChI G‘OZ
Bir odam xudolar mujdachisi Hermesga astoydil sig‘inar va uni e’zozlardi. Shu izzat-ikromi uchun Hermes unga tilla tuxum tug‘uvchi bir G‘oz tuhfa qildi. Lekin bu odamning oz-ozdan boyishga sabri chidamadi: u, g‘ozning ichi oltinga to‘la bo‘lishi kerak, deb o‘ylab, uni shartta so‘ydi. Ammo niyati puch chiqdi — G‘ozning qornida ichak-chavoqlardan bo‘lak hech narsa yo‘q edi. Oqibat, noshukur banda kunda topib turgani tilla tuxumdan ham mosuvo bo‘ldi.
Manfaatparast, ochko‘z odamlar ham shunday: katta boylik ketidan quvib, bor boyliklaridan ham ayrilib qoladilar.
IKKI IT
Bir odamning ikkita iti bor ekan: u bir itini ov qilishga, ikkinchisini — uyni qo‘riqlashga o‘rgatibdi. Har safar ovchi it egasiga o‘lja tutib kelganida, u o‘ljaning bir bo‘lagini qo‘riqchi itga ham tashlar ekan. Bu nohaqlikka chidolmagan ovchi it qo‘riqchi itga minnat qilib debdi: «Men har kuni ertadan kechgacha yelib-yugurib, horib-charchab ov qilib kelaman, ammo sen hech ish qilmay, birovning topganini yeb qorin qappaytirib yotibsan». Qo‘riqchi it unga shunday javob qilibdi: «Sen bu minnatingni menga emas, xo‘jayinga qil, chunki meni mehnat qilmay, birovlar hisobiga kun kechirishga o‘sha o‘rgatgan».
Biz ham ishyoqmas, yalqov bolalarni emas, balki ularni shunday qilib o‘stirgan ota-onalarini koyishimiz kerak.
BO‘RI BILAN ULOQChA
Podadan orqada qolgan bir Uloqchani Bo‘ri quva boshlabdi. Uloqcha undan qocharkan, orqasiga o‘girilib debdi: «Bo‘ri, Bo‘ri, bilaman, hozir sen meni yeysan. Kel, o‘limim oldidan seni bir xursand qilay: sen surnay chal, men raqsga tushay». Mana, Bo‘ri surnay chala, Uloqcha esa o‘ynay boshlabdi; shunda podani qo‘riqlovchi itlar surnay ovozini eshitib, Bo‘rini quva ketishibdi. Bo‘ri dumini xoda qilib qocharkan debdi: «Bu kunimdan badtar bo‘lmaymanmi: axir qassobman-ku… Kim qo‘yibdi menga mashshoqlik qilishni?»
Odamlar ham shunday: agar biron ishga bemavrid qo‘l ursalar, erishgan o‘ljalaridan ham quruq qoladilar.
ZEVS VA TOShBAQA
Oliy tangri Zevs to‘y qilmoqchi bo‘libdi va jamiki jonivorlarni bu to‘yga taklif qilibdi. To‘yga hamma hayvonlar kelishibdi; faqat Toshbaqa kelmabdi. Buning sababni tushunmagan Zevs ertasi kuni Toshbaqadan, nechun to‘yimga faqat sen kelmading, deb so‘rabdi. «O‘z uyim — o‘lan to‘shagim», — deb javob qilibdi Toshbaqa. Bunday javobni eshitib qahri qaynagan Zevs: «Bas, shunday ekan, bundan buyon o‘z uyingni o‘zing bilan olib yurgaysan» — debdi.
Shuningdek, ko‘p odamlar ham birovning shohona ziyofatida mehmon bo‘lishdan o‘z uylarida kamtarona kun kechirishni afzal ko‘radilar.
O‘G‘RILAR VA XO‘ROZ
Bir uyga o‘g‘irlikka tushgan o‘g‘rilar u yerda bitta Xo‘rozdan boshqa hech vaqo topmadilar va uni tutib olib jo‘nab qoldilar. O‘zining so‘yilishini sezgan Xo‘roz o‘g‘rilarga yolborib dedi: «Xudo xayringizni bersin, meni qo‘yib yuboringlar. Axir mening odamlarga ko‘p foydam tegadi: ularni kechalari uyg‘otaman, ishga borishsin, deb». O‘g‘rilar unga dedilar: «Ana shu qilmishing — odamlarni uyg‘otib, bizning o‘g‘irlik qilishimizga imkon bermaganing uchun ham seni so‘yamiz».
Masaldan hissa shuki, yaxshi odamlar uchun foydali bo‘lgan har qanday amalni yovuz niyatli kishilar manfur ish deb biladilar.
ZOG‘ChA VA QARG‘ALAR
Bir Zog‘cha o‘z qavmidagi boshqa zog‘chalardan bo‘ydorroq, bo‘laliroq edi; shu bois u o‘z urug‘idan jirkanib, qarg‘alar jamoasi huzuriga bordi va ular bilan birga yashamoqchi bo‘lganini aytdi. Ammo Zog‘chaning turqi ham, ovozi ham qarg‘alarga yot edi, shuning uchun ular bu qushga ro‘yixush bermay, cho‘qib-cho‘qib haydab yuborishdi. Quvilgan Zog‘cha o‘z urug‘lari oldiga qaytib keldi; lekin zog‘chalar bu takabbur qushdan nafratlanib, uni jamoalariga qo‘shmadilar.
O‘zga yurtni afzal ko‘rib, o‘z vatanini tark etgan kishilar Zog‘chaga o‘xshaydilar: begona yurtda qadr-qiymat topmaydilar, o‘z vatanlarida esa odamlar ulardan nafratlanadilar.
IT BILAN BO‘RI
Bir It o‘z xo‘jasining uyi oldida mudrab yotardi; Bo‘ri uni ko‘rib tutib oldi va yemoqchi bo‘ldi. It Bo‘ridan, bu safar uni qo‘yib yuborishni iltimos qildi. «Hozir men ozg‘in, qoq suyakman, — dedi u, — lekin yaqinda xo‘jayinim to‘y qilmoqchi, agar hozir menga tegmay, to‘ydan keyin biqqa semirganimda yesang rosa maza qilasan». Bo‘ri uning gapiga ishonib, uni qo‘yib yubordi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Bo‘ri yana keldi. Qarasa, It endi tom boshida mudrab yotibdi; Bo‘ri Itga o‘zaro tuzilgan bitimni eslatib, uni pastga tushishga unday boshladi. It esa unga shunday javob qildi: «Senga maslahatim shuki, azizim, agar yana mening uy oldida uxlab yotganimni ko‘rsang, to‘y bo‘lishini kutib o‘tirmay qo‘yaqol!»
Dono odamlar ham shunday: boshlariga tushgan katta xatardan bir marta qutulib omon qolsalar, keyin umrbod hushyor bo‘lib yashaydilar; axir, ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, demaganmilar?
ChIVIN VA BUQA
Bir Chivin uchib kelib, Buqaning shoxiga qo‘ndi va ancha vaqt shu yerda o‘tirdi; keyin uchib ketishga shaylanib, Buqadan so‘radi: «Balki uchib ketmaganim ma’quldir senga?» Buqa unga javob qaytardi: «Eh azizim, kelib shoximga qo‘nganingni ham sezmagan edim, uchib ketsang ham hech nima sezmayman».
Ushbu masalni, bormi yo yo‘qmiligiga hech kim e’tibor bermaydigan, hech kimga hech qanday nafi ham, ziyoni ham tegmaydigan kishilarga nisbatan qo‘llash mumkin.
ShER BILAN BUQA
Sher bahaybat bir Buqani yeyishga chog‘lanib, uni shirin so‘zlar bilan o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘ldi. U qurbonlikka qo‘y so‘yganligini aytib, Buqani ziyofatga taklif qildi. Niyati — mehmonni dasturxon yoniga cho‘k tushgan paytida yeyish edi. Mana, Buqa keldi; qarasa, doshqozonlarda suv qaynayotganmish, bir qancha uzun-uzun sixlar ham kabob qilishga shaymish-u, ammo qo‘ydan darak yo‘qmish. Buqa bu holni ko‘rdi-yu, churq etmay, orqasiga qaytib keta boshladi. Sher undan o‘pkalanib: «Nima, biron gap bilan dilingni og‘ritdimmi, nega indamasdan orqangga qaytib ketyapsan?» — dedi. Buqa javob berdi: «Bunday qilishimga sabab bor: qarasam, bu yerda qurbonlikka qo‘y emas, buqa atalgan ko‘rinadi».
Masaldan hissa shuki, yovuz kishilar, qancha urinishmasin, o‘z nayranglarini dono odamlar nazaridan yashira olmaydilar.
ShER BILAN AYIQ
Sher bilan Ayiq bir yosh bug‘uni tutib olishdi va uni talashib jang boshlashdi. Ular to sillalari qurib, ko‘zlari tinguncha jonjahdlari bilan olishib, axiyri holdan toyib yiqilib qolishdi. Shu mahal bu yerdan o‘tib ketayotgan tulki bug‘u jasadining ikki yonidan cho‘zilib yotgan Sher bilan Ayiqni ko‘rdi va ularning baholligidan foydalanib, bug‘uni sudrab olib qochib ketdi. Shunda qimirlashga ham madorlari qolmagan Sher bilan Ayiq: “Sho‘rimiz qurisin! Bundan chiqdi, hali biz tulki uchun ter to‘kib harakat qilgan ekanmizda?” — deyishdi.
Axir, yugurganniki emas, buyurganniki, deb bekorga aytishmaganda!
ShER BILAN QUYoN
Bir kuni Sher uxlab yotgan Quyonni topib oldi va uni yemoqchi bo‘lib, endi og‘ziga olib borgan edi, shu payt kutilmaganda uning yonginasidan bir bug‘u yugurib o‘tdi. Sher Quyonni tashlab, bug‘u orqasidan quva ketdi, lekin ming quvlagani bilan unga yeta olmadi va topgan quyonimdan qo‘ymasin, deb orqasiga qaytib keldi. Lekin quyon uyg‘onib, allaqachon juftakni rostlab qolgan edi. Shunda Sher Quyondan ham ayrilganini ko‘rib dedi: “Ming la’nat! Uzoqdagi o‘ljani deb, qo‘limdagisini qo‘yvorib o‘tiribman men, ahmoq!”
Ba’zi odamlar ham shunday: doimo kelib turgan mo‘tadil daromadga qoniq qilmay, kattaroq o‘lajaga ko‘z tikadilar va bor boyliklaridan ham mosuvo bo‘ladilar Vaholanki, elda, uzoqning xazinasidan yaqinning nasibasi yaxshi, degan dono gap bor.
ShER, EShAK VA TULKI
Sher, Eshak va Tulki hamjihat bo‘lib yashashga qaror qilishdi va birgalikda ov qilgani ravona bo‘lishdi. Ularning ovlari baroridan kelib, bir talay o‘lja to‘plashdi. Sher o‘ljani taqsimlashni Eshakka buyurdi. Eshak o‘ljani teng uchga bo‘ldi va Sherga, tanla, deb aytdi. G‘azabi qaynagan Sher Eshakni g‘ajib yeb qo‘ydi va endi o‘ljani bo‘lishni Tulkiga buyurdi. To‘lki jamiki o‘ljani bir to‘p qilib uydi, o‘ziga esa, qittakkina narsa qoldirib Sherga, tanla, deb aytdi. Shunda Sher Tulkidan: “O‘ljani bunday yaxshi taqsimlashni kimdan o‘rganding? — deb so‘radi. “Marhum Eshakdan” — deb javob qildi Tulki.
Binobarin, yaqin kishilarining boshiga tushgan baxtsizlik odamlar uchun saboq bo‘lar ekan.
ShER VA SIChQON
Bir Sichqon uxlab yotgan Sherning ustidan pildirab o‘ta boshladi. Sher uyg‘onib ketib, Sichqonni tutib oldi va uni yemoqchi bo‘ldi. “Sen, yaxshisi, meni qo‘yib yubor, — yolbordi Sichqon, — kezi kelganda, men ham bu yaxshiliging uchun seni falokatdan qutqaraman”. Sher bu gapni eshitib, xoxolab kuldi va Sichqonni qo‘yib yubordi. Lekin oradan bir oz vaqt o‘tgach, Sichqon, chindan ham Sherga bergan so‘zining ustidan chiqdi — uni bir o‘limdan asrab qoldi. Gap shundaki, Sher ovchilar tuzog‘iga ilinib qolgan va ular Sherni arqon bilan daraxtga bog‘lab qo‘yishgan edi; Sherning nola chekib o‘kirganini Sichqon eshitib qoldi va darhol uning oldiga yugurib keldi-da, arqonni kemirib, Sherni tuzoqdan ozod qildi. So‘ng dedi: “U kuni ustimdan kulgan eding — senga yaxshilik qilishimga go‘yo ishonmaganday. Mana, endi Sichqon ham minnatdorlik bildirishga qodir ekanligini bilib olding”.
Bu masal, ba’zida eng qudrati, zabardast odamlar ham, taqdir taqozosi bilan, eng zaif kishilar yordamiga muhtoj bo‘lishlari mumkinligini ko‘rsatadi.
BO‘RI BILAN OT
Dalada tentirab yurgan Bo‘ri bir arpazorga borib qoldi. Arpa uning yemishi emas edi, shu bois teskari burilib, o‘z yo‘lida ketaverdi. Yo‘lida u daf’atan bir Otni uchratdi va uni arpazorga boshlab kelib dedi: “Qara, qancha arpa, o‘zim yemay senga ilindim, chunki otlarning “kasur-kusur” qilib arpa yeyishi qulog‘imga xush yoqadi”. Unga javoban Ot dedi: “Yo‘q, birodar, agar bo‘rilar arpani tamaddi qila olganlarida, sen qulog‘ingnimas, qorningni quvontirgan bo‘larding”
Masal demoqchiki, tabiatan nobakor va soxtadil kishilarning so‘zlariga hech kim ishonmaydi.
BO‘RI BILAN QARQARA
Bo‘rining tomog‘iga suyak tiqilib qoldi va u o‘ziga yordam beradigan biron jonzodni qidira boshladi. Mana, u bir Qarqarani uchratib qoldi va unga, agar tomog‘imga tiqilgan suyakni tortib olsang, seni yaxshi bir tuhfa bilan xursand qilaman, dedi. Qarqara uzun tumshug‘ini Bo‘rining og‘ziga tiqib, suyakni tortib oldi va undan va’da qilingan tuhfani talab qildi. Bo‘ri unga shunday javob qildi: “Bo‘ri og‘zidan boshingni omon tortib olganingga shukur qilsang-chi, nodon — yana qanaqa tuhfa kerak senga?”
Masal demoqchiki, badniyat kishilar, agar birovga yomonlik qilmasalar, bu qilmishlarini saxovat deb hisoblaydilar.
BO‘RI BILAN EChKI
Bo‘ri teran jar labida o‘tlab yurgan Echkini ko‘rib qoldi; u Echkining oldiga chiqolmasdi, shuning uchun uni pastga tushishga undab dedi: “Jar yoqasi xatarli, falokat bosib yiqilib tushishing mumkin; bu yerda, pastda yam-yashil dala, barra o‘tlar, mazza qilasan”. Lekin Echki unga bunday javob qildi: “Yo‘q, gap pastdagi o‘tloqda o‘tlash “mazza” ekanligida emas, balki sening qorning ochligida. Zero sen mening emas, o‘z qorningning g‘amini yeyapsan”.
Hayotda ham shunday, yomon niyatli kishilar, agar oqil odamlarga biron bir yovuzlik qilmoqchi bo‘lsalar, ko‘zlagan barcha makru hiylalari, bari bir, albatta fosh bo‘lgay.
YoG‘OCh KESUVChI VA HERMES
Bir yog‘och kesuvchi odam daryo bo‘yida o‘tin tayyorlayotgan ekan, bexosdan qo‘lidagi boltasi suvga tushib ketibdi. Bundan qattiq xafa bo‘lgan o‘tinchi suv bo‘yiga o‘tirib olib yig‘lay boshlabdi. Tangrilar mujdachisi ma’bud Hermesning unga rahmi kelibdi va oldiga kelib, nima uchun yig‘layotgani sababini so‘rab bilibdi. So‘ng u daryoga sho‘ng‘ib oltin sopli bolta olib chiqibdi va yog‘och kesuvchidan, shumi boltang, deb so‘rabdi. Yog‘och kesuvchi, yo‘q, bu bolta meniki emas, deb javob qilibdi. Hermes daryoga yana sho‘ng‘ib, endi kumush sopli bolta olib chiqibdi va yo‘qotgan boltang emasmi, deb so‘rabdi. Yog‘och kesuvchi bu boltani ham tan olmabdi; shunda Hermes uchinchi marta sho‘ng‘ib, yog‘och sopli bolta olib chiqibdi. Bu safar kesuvchi o‘z boltasini darrov tanibdi. Shunda Hermes Yog‘och kesuvchining diyonatli, halol odam ekanligini ko‘rib, unga uchala boltani ham tuhfa etibdi. Yog‘och kesuvchi yigit Hermes tuhfalarini olib, hamkasb o‘rtoqlari oldiga boribdi va hamma bo‘lgan voqeani so‘zlab beribdi. Bir o‘tinchining unga havasi kelib, u ham do‘stiga taqlid qilmoqchi bo‘libdi; u boltasini qo‘liga olib, daryo bo‘yiga boribdi va u yerda daraxt kesa turib, atayin boltasini suvga tushirib yuboribdi. Keyin suv bo‘yiga o‘tirib yig‘lay boshlabdi. Shunda Hermes paydo bo‘lib undan, nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan, deb so‘rabdi. Daraxt kesuvchi yigit boltasi yo‘qolib qolganini aytibdi. Hermes unga suvdan oltin sopli bolta olib chiqib, yo‘qotgan boltang shu emasmi, deb so‘rabdi. O‘tinchi yigitning xasisligi qo‘zib: “Ha, ha, shu mening boltam”, — debdi. Lekin ma’bud Hermes bu o‘tinchiga yolg‘onchiligi uchun sovg‘a ham taqdim etmabdi, o‘zining boltasini ham qaytarib bermabdi.
Masaldan hissa shuki, xudolar diyonatli, nomusli odamlarga qancha yaxshilik qilsalar, betavfiq, bediyonat kishilarga nisbatan shuncha yomonlikni ravo ko‘rurlar.
EShAK BILAN BO‘RI
Yaylovda o‘tlab yurgan Eshak o‘zi tomon yugurib kelayotgan Bo‘rini ko‘rib qoldi va darhol oqsoqlana boshladi. Bo‘ri kelib undan, nega oqsoqlanayapsan, deb so‘radi. Eshak unga javob qildi: “E, so‘rama, chetan devordan hatlab o‘tayotgan edim, palakat bosib, oyog‘imga zirapcha kirib ketsa bo‘ladimi… Bilaman hozir sen meni yeysan; iltimos, oldin zirapchani sug‘urib ol, tag‘in tomog‘ingga tiqilib qolmasin”. Bo‘ri uning gapiga ishondi; Eshak oyog‘ini ko‘tardi, Bo‘ri esa sinchkovlik bilan Eshakning tuyog‘ini ko‘zdan kechira boshladi. Shunda Eshak payt poylab turib, Bo‘rining jag‘iga chunonam tepdiki, yirtqichning hamma tishi duv to‘kilib tushdi. Og‘riqqa chidolmagan Bo‘ri nola qilib dedi: “Sho‘rginam qurisin mening! Axir otam meni qassoblikka o‘rgatgan edi-ku — tabiblik qilishimga balo bormidi?”
Ba’zi odamlar ham shunday: o‘zlari uddalay olmaydigan ishga qo‘l uradilar-da, falokatga uchraydilar.
O‘G‘RI BOLA VA UNING ONASI
Bir bola maktabda o‘rtog‘ining dars yozadigan taxtakachini o‘g‘irlab onasiga olib kelib berdi. Onasi uni urishish o‘rniga maqtadi. Shundan keyin bola kimningdir jubbasini o‘g‘irlab olib keldi; onasi jubban mamnuniyat bilan qabul qildi. Kundan kun, oydan oy o‘tib, bola yigit bo‘ldi. Endi u yirikroq, qimmatroq narsalarni o‘g‘irlay boshladi. Nihoyat uni jinoyat ustida qo‘lga oldilar va qo‘llariga kishan solib, qatlgohga olib ketdilar. Onasi uning orqasidan o‘z ko‘kragiga mushtlab, sochlarini yulib, faryod chekib bordi. Shunda o‘g‘il onasining qulog‘iga bir gap aytmoqchi bo‘lib, uni yoniga chaqirdi; ona o‘g‘liga yaqin keldi, o‘g‘il onasining qulog‘idan g‘archcha tishlab uzib oldi. Onasi: “Badbaxt bola, shuncha qilgan jinoyatlaring yetmaganday, endi o‘z tuqqan onangni ham joniga qasd qilyapsanmi?” — deb uni koyidi. Bola onasining so‘zini eshitishni xohlamay, shunday dedi: “Agar sen, ona, birinchi marta taxtakach o‘g‘irlab kelganimda meni koyib to‘g‘ri yo‘lga solganingda edi, bugungi mash’um ahvolga tushmasdim va meni qatlgoh, sari olib bormagan bo‘lur edilar”.
Masaldan hissa: agar gunoh ishning oldi avval boshdan olinmasa, u bora-bora zo‘riqib, falokat domiga tortishi mumkin.
TOVUS BILAN ZOG‘ChA
Jami parrandalar katta mashvaratga yig‘ilib, o‘zlariga podsho saylamoqchi bo‘ldilar. Shunda Tovus, meni saylanglar, men chiroy-liman, deb talab qila boshladi. Qushlar uni saylashga rozi ham bo‘la boshlagan edilar, lekin shu payt Zog‘cha so‘z olib dedi: “Agar sen pod-sho bo‘lsang-u, daf’atan bizlarga burgut hamla qilib qolsa, qanday himoya qilasan hammamizni?”
Masaldan hissa shuki, hukmdorlarni husn emas, iqtidor-qudrat bezamog‘i kerak.
ZEVS VA ILON
Zevs to‘y qilayotgan ekan. Hamma hayvonlar baholi qudrat, sovg‘a ko‘tarib kelishibdi. Ilon esa og‘zida bir dona gul bilan o‘rmalab kelibdi. Zevs uni ko‘rib debdi: “Hammaning sovg‘asini qabul qilaman, ammo sen og‘zingda olib kelgan sovg‘ani olmayman”.
Masal, yovuz niyatli kishilarning iltifoti ham xavfli bo‘ladi, demoqchi.
QOBON BILAN TULKI
Qobon bir daraxt tagida so‘yloq tishlarini qayrardi. Buni ko‘rib qolgan Tulki undan so‘radi: “Tevarak-atrofda ovchilar ham, boshqa xatarli narsalar ham ko‘rinmaydi-ku, nega buncha zo‘r berib tishlaringni qayrab yotibsan?” Qobon javob qaytardi: “Bekorga qaytayotganim yo‘q; biron kor-hol yo falokat yuz bergudek bo‘lsa, tishlarim jangga tayyor bo‘lib turadi”.
Yuz beradigan xavf-xatarga qarshi oldindan shay bo‘lib turish kerak, deb o‘rgatadi va masal.
BO‘RI BILAN QO‘ZIChOQ
Bo‘ri bir Qo‘zichoqning payiga tushib, uni quva boshladi. Qo‘zichoq ibodatxonaga qochib kirdi. Bo‘ri uni chaqirib dedi: “Chiq bu yoqqa tezroq! Bo‘lmasa, seni kohin tutib olib, xudo yo‘liga qurbon qiladi”. Qo‘zichoq unga javob qildi: “Sening changalingda o‘lganimdan xudo yo‘lida qurbon bo‘lganim afzal”.
Masal, agar kishi o‘ladigan bo‘lsa, biron ezgu amal qilib o‘lgani ma’qul, demoqchi.
QUSh TUTUVChI VA KAKLIK
Qushlarni tutish bilan shug‘ullanuvchi bir odamning uyiga bemahalda mehmon kelib qoldi. Mehmonni siylash uchun ro‘zg‘orida hech vaqosi yo‘q edi. Shunda u o‘zining o‘rgatilgan Kakligini so‘yishga qaror qildi. Kaklik: “Ey, yaxshilikni bilmagan odam, — deya yuzlandi xo‘jayiniga, — axir sayrab-sayrab, qanchadan-qancha kakliklarni to‘ringga ilintirgan men emasmidim? Endi shu yaxshiliklarim evaziga meni o‘ldirmoqchi bo‘lyapsan-a!” Qush tutuvchi Kaklikka shunday javob qildi: “Ana, o‘zing tilingdan ilinding, seni o‘z naslingga xiyonat qilganing uchun ham so‘yaman!”
O‘z qabiladoshlariga sotqinlik qilgan kishidan nafaqat xiyonat qilingan odamlar, shuningdek, bu sotqinlikdan foydalanganlar ham nafratlanurlar.
XURJUN
Ma’bud Prometey odamlarni loydan yasab, har birining yelkasiga xurjun ilib qo‘yibdi; xurjunning bir ko‘ziga u o‘zgalarning qusur va illatlarini, ikkinchi ko‘ziga — xurjun egasining shaxsiy nuqsonlarini solibdi. Prometey xurjunning xususiy nuqsonlar solingan ko‘zini odamning orqasiga, o‘zgalar qusuri solingan ko‘zini oldiga qilib ilibdi.
Ana shuning uchun ham odamlar birovning aybi va kamchiligini darrov ko‘rar ekan-u, o‘z nuqsonlarini hech payqamas ekan.
QISh VA BAHOR
Qish Bahor ustidan kulib, unga malomat qila boshlabdi: “Voy, tavba, sen kelding deguncha odamlarning tinchi yo‘qoladi; birov dalaga chiqib, qo‘sh haydab ekin ekadi, birov chamanzorlarga borib, turfa xil gullardan gulchambarlar yasaydi, yana boshqa bir odamlar kemalarga chiqishib, olis-olis o‘lkalarga sayohat qilishadi — ular na ayozli bo‘ronning, na qor-yomg‘irning tashvishini qilishadi. Aslida, mana, menman haqiqiy hukmdor: men kishilarni ko‘kka emas, oyoq ostlariga qarashga majbur qilaman, ularni dag‘-dag‘ qaltirataman, titrataman; shu bois ular kun-uzzu kun uylariga qamalib o‘tiradilar”. “Ana shuning uchun ham, — deb javob qilibdi unga Bahor, — odamlar sen bilan jon-jon deb vidolashadilar. Mening esa hatto ismim ham odamlarni xushnud qiladi. Zevs haqqt qasamki, bu ism dunyodagi barcha ismlardan zarifroq, go‘zalroqdir. Men yo‘q paytimda odamlar hamisha meni yodlab tilga olishadi, kirib kelganimda esa, shod-hurramlik bilan qarshi olishadi.
ShER, BO‘RI VA TULKI
Qartaygan Sher dardga chalinib, o‘z g‘orida yotib qoldi. Podsho-larining holidan xabar olgani hamma hayvonlar bir-ketin kelib, undan ko‘ngil so‘ray boshladilar. Faqat Tulkidan darak bo‘lmadi. Bu vaziyatdan foydalangan Bo‘ri Tulkining ustidan g‘iybat qila boshladi: “Bu Tulki ulug‘ hukmdorimizni zarracha hurmat qilmaydi, shuning uchun ham u sizni ko‘rgani kelmagan”. Bu payt g‘or og‘zida paydo bo‘lgan Tulki Bo‘rining oxirgi so‘zlarini eshitib qoldi. Sherning ko‘zi Tulkiga tushib, unga o‘dag‘aylab o‘kirdi. Tulki darhol yaltoqlanib o‘zini oqlashga tushdi: “Aytingchi, olampanoh, bu yerga to‘planganlarning qaysi biri sizga menchalik yordam qilaoldi Bilingki, men hammayoqqa yelib-yugurib,siz uchun shifobaxsh dori axtardim va tabiblardan so‘rab-surishtirib uni axiri topdim”. Shu zahoti Sher, u qanday shifobaxsh dori ekan — qani ayt, deb talab qildi. Tulki dedi: “Siz Bo‘rining terisini tirikligida shilib olib, unga o‘ranishingiz kerak ekan!” Keyinchalik, Tulki Bo‘rining o‘lik jasadiga qarab miyig‘ida kulgancha dedi: “Har doim hukmdorni yovuzlikka emas, ezgulikka da’vat etmoq lozim”.
Bu bilan masal, birovga choh qazigan odam u chohga o‘zi tushadi, demoqchi.
DEHQON VA BURGUT
Dehqon tuzoqqa ilingan bir Burgutni ko‘rib qoldi va uning xushsuvrat qush ekanligidan hayratga kelib, tuzoqdan ozod qildi. Keyinchalik Burgut ham Dehqonning himmatiga yaxshilik bilan javob qaytardi: bir kuni u Dehqonning omonatgina chayqalib turgan bir devor tagida o‘tirganini ko‘rdi va uchib kelib, uning kallapo‘shini changaliga ildi-da, olib qochdi. Dehqon irg‘ib o‘rnidan turdi va Burgutni quva ketdi. Burgut kallapo‘shni tashlab yubordi. Dehqon kallapo‘shni olib, orqasiga o‘girilsa, o‘zi tagida o‘tirgan devor qulab tushibdi. Dehqon Burgutning bu qilgan yaxshiligidan behad to‘lqinlanib ketdi.
Kimga yaxshilik qilsangiz, o‘sha odam sizga ham yaxshilik qilmog‘i kerak; kimki yovuzlik qilsa, o‘zi ham shunday yovuzlikka duchor bo‘lgay.
XAChIR
Arpali yem yeb semirib, bosar-tusarini bilmay qolgan Xachir shataloq otib yugura boshladi va ovozining boricha: “Mening onam — ot, uloq chopishda undan aslo qolishmayman!” — deb hayqirdi. Keyin, yugurishdan to‘xtagach, boshini xam qilib, birdan xomush bo‘lib qoldi. Sababki, otasi eshak ekanligi esiga tushgan edi.
Vaziyat taqozosi bilan sen hatto osmon-falakka ko‘tarilganingda ham, aslida tabiatan kim ekanligingni unutma, zero hayotdagi barcha ezguliklar o‘tkinchidir.
Ruschadan Qodir Mirmuhamedov tarjimalari
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 4-son