Avvallari Xortons ko‘rfazi yog‘och kesish zavodi shaharchasi edi. Ko‘l bo‘yida joylashgan tegirmondagi katta arralarning shovqin-suroni shu yerlik aholining qulog‘ini kesgudek bo‘lar edi. Keyin bir yili yog‘och ishlab chiqarish uchun xoda yetkazib berish to‘xtab qoldi. Taxta tashuvchi shxunerlar ko‘rfazga kirib, ularga atrofda to‘planib yotgan tegirmon qoldiqlari ortildi. Barcha yog‘och uyumlarini ham olib ketishdi. Tegirmon ishchilari katta binodagi nimaiki olinadigan uskuna bo‘lsa yig‘ishtirib, kemalarning biriga yuklashdi. Shxuner bortiga ikkita ulkan arra, xoda tashish uchun mo‘ljallangan sayyor arava, taxta kesuvchi yumaloq moslamalar, g‘ildiraklar, kamar va boshqa metall qismlarni ortgan holda ko‘rfazdan ochiq ko‘l tomon yo‘l oldi. Uning ochiq yuk ortish qismi brezent bilan o‘ralib, arqon bilan mahkam bog‘landi. Shxunerning yelkanlari yoyilib, mana shu tegirmonni tegirmon qilgan va Xortons ko‘rfazini shaharchaga aylantirgan hamma narsani ortmoqlab, ochiq ko‘lga ravona bo‘ldi.
Bir qavatli yotoqxonalar, yemakxona, shirkat do‘koni, tegirmon idoralari va ulkan tegirmonning o‘zi ko‘rfaz qirg‘og‘idagi botqoq o‘tloqni qoplagan yog‘och qirindisi hududida huvillab qoldi.
Nik va Marjori qirg‘oq bo‘ylab eshkak eshishar ekan, oradan o‘n yil o‘tib botqoqlikning ikkinchi o‘simi osha ko‘rinib turgan tegirmon poydevorining singan oq ohaktoshidan boshqa hech narsa qolmadi. Ular qirg‘oq bo‘ylab suzib, tubi qumbargdan o‘n ikki metr qorong‘i suvga darhol tushadigan joyda baliq ovlashar edi. Ular rangdor gulmohi (forel) ovlash uchun tungi qarmoqni tashlab, suzib yurishardi.
– Mana bizning eski xarobalar, Nik, – dedi Marjori.
Nik eshkaklarni ko‘tarib, yashil butalar orasidagi oq toshlarga qaradi.
– Ha, huddi o‘zi, – dedi u.
– Esingdami, bu yerda zavod bor edi? – so‘radi Marjori.
– Sal-pal eslayman, – dedi Nik.
– Bu ko‘proq qasrga o‘xshab ketadi, – dedi Marjori.
Nik indamadi. Ular zavod ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha qirg‘oq bo‘ylab eshkak eshishdi. Keyin Nik qayiqni ko‘rfaz tomonga burdi.
– Tishlamayapti, – dedi u.
– Ha, – dedi Marjori. U suhbat chog‘ida ham ko‘zini qarmoqdan uzmasdi. U baliq ovlashni yaxshi ko‘rardi. U Nik bilan baliq ovlashni yaxshi ko‘rardi.
Qayiqning shundoq biqinidagi suv yuzida katta olabaliq ko‘rindi. Nik bir eshkakka qattiq suyanib qayiqni burib olishga harakat qildi va orqada qolayotgan xo‘rakni olabaliq tomonga boshqarmoqchi bo‘ldi. Forelning dumi suvdan chiqishi bilanoq, mayda tanga baliqlar to‘dasi turli tomonga otilib ketdi. Ular huddi suvga tashlangan bir hovuch tangadek yon-atrofga sochildi. Qayiqning narigi tomonida yana bir olabaliq yemak izlab balqib chiqdi.
– Ular ovqatlanayapti, – dedi Marjori.
– Ammo ilgakni tortmayapti, – dedi Nik.
U qayiqni ikkala ovchi baliqni yoniga burib, so‘ng nuqtaga yo‘naldi. Marjori qayiq to qirg‘oqqa yaqinlashmaguniga qadar qarmoq g‘altagini ichkariga aylantirmadi.
Ular qayiqni sohilga qo‘ndirgach, Nik bir chelak tirik xo‘raklarni ko‘tarib chiqdi. Chelakdagi suvda baliqchalar suzardi. Marjori chelakda qo‘llari bilan baliqchalarning orqasidan quvib, nihoyat bitta xo‘rakni ushlab olgach, uning boshini kesib, terisini olguniga qadar Nik ulardan uchtasining boshini olib, terisini shildi. Nik uning balig‘iga qaradi.
– Qorin qanotini kesishning keragi yo‘q, – dedi u. – To‘g‘ri, busiz yaxshi o‘lja bo‘lishi mumkin, lekin qorin bo‘shlig‘i bilan yanada yaxshiroq bo‘ladi.
U tozalangan xo‘raklarning dumidan ilgakni o‘tkazdi. Har bir tayoqka ikkitadan ilgak bog‘langandi. Keyin Marjori ipni tishlari bilan ushlagancha qayiqni sohil bo‘ylab boshqardi. U qirg‘oqda turgan holda qarmoq g‘ildirakchasidagi g‘altak yechilguniga qadar ushlab turgan Nik tomonga qaradi.
– Menimcha, shu bo‘ladi, – baqirdi u.
– Tashlayveraymi? – qichqirdi Marjori ipni qo‘lida ushlab.
– Ha, tashla!
Marjori ipni orqasiga uloqtirib, xo‘rakning suvga botishini kuzatdi.
U yana qayiqda qirqoqqa qaytib, ikkinchi g‘altakni ham xuddi shunday suvga uloqtirdi. Nik uni mustahkam ushlab turishi uchun har safar tayoqning uchiga og‘ir yog‘och bo‘lagini o‘rnatib, ularning ostiga kichikroq taxtalar qo‘yib mahkamladi. Keyin u bo‘shashgan g‘altakni shunday tarang tortdiki, g‘altak ip qo‘lning qumloq tubidagi o‘lja yotadigan joygacha cho‘zildi va qo‘ng‘iroq moslamasini to‘g‘irladi. Suv tubida yemish istagidagi olabaliq xo‘rakni tortgach, u bilan shoshilinch harakatlanadi, o‘ramdagi ipning hammasi tashqariga chiqqach, unga bosim natijasida jiringlaydi.
Marjori qarmoqqa halal bermaslik uchun biroz nariroqqa qarab suzdi. U eshkaklarni qattiq tortdi va qayiq qirg‘oq bo‘ylab ketdi. Uning ortidan kichik to‘lqinlar ham ergashdi. Marjori qayiqdan tushdi va Nik qayiqni qumloqqa tortdi.
– Nima gap, Nik? – so‘radi Marjori.
– Bilmayman, – dedi Nik olov uchun o‘tin yig‘ar ekan.
Ular o‘tin qalab gulxan yoqishdi. Marjori qayiqqa borib, yopinchik olib keldi. Kechki shabada tutunni adir bo‘ylab uchirib ketdi, shuning uchun Marjori gulxan va ko‘l orasiga adyol yoydi.
Marjori olovga orqasini tutib to‘shak ustida o‘tirdi va Nikni kutdi. U kelib, uning yoniga o‘tirdi. Ularning orqasida zich butazor, oldi tomonida esa Xortons-Krikning og‘zi bo‘lgan ko‘rfaz bor edi. Hali unchalik qorong‘i tushgani yo‘q. Olovning yog‘dusi suvgacha yetib bordi. Ikkalasi ham zim-ziyo suvga burchak ostida o‘rnatilgan ikkita po‘lat tayoqni ko‘rishardi. Olov nuri qarmoq g‘altagida porlab turardi.
Marjori kechki taom savatini ochdi.
– Meni hali uncha ishtaham yo‘q, – dedi Nik.
– Nik, biron nima yeb olsang-chi!
– Ha, mayli.
Ular suvdagi olov yog‘dusi va qarmoqlarga tikilgancha jim taomlanishdi.
– Bugun oqshom oy chiqadi, – dedi Nik. U ko‘rfaz bo‘ylab osmonga nisbatan tobora yaqqol ko‘rinib turgan tepaliklarga qaradi. U qirlar ortida oy chiqayotganini bilardi.
– Ha, bilaman, – xitob qildi Marjori quvnoq ovozda.
– Sen hamma narsani bilasan, – dedi Nik.
– Bas qil, Nik! Iltimos, ortiq bunday davom etmagin, o‘tinaman!
– Axir nima qilishim kerak! – dedi Nik. – Sen hamma narsani bilasan. Mutlaqo hamma narsani. Mana muammo nimada! Nima qilayotganingni juda yaxshi bilasan!
Marjori javob bermadi.
– Men senga hamma narsani o‘rgatganman. Hammasini bilasan. Yoki, ayt, nimani bilmasligingni?
– O, bas qil! – dedi Marjori. – Oy chiqayapti.
Ular yopinchiq ustida bir-biridan nari o‘tirgancha oy chiqishini tomosha qildi.
– Axmoqona ortiqcha gaplarning nima keragi bor?! – dedi Marjori. – Rosti, senga nima bo‘layapti?
– Bilmayman.
– Bilasan, albatta.
– Yo‘q, bilmayman.
– Nima gapligini ayt!
Nik tepaliklar ortidan qo‘tarilayotgan oyga qaradi.
– Umuman qizig‘i yo‘q.
U Marjoriga qarashdan qo‘rqardi. Keyin u qizga qaradi. U yigitga orqasini o‘girib o‘tirardi. Nik uning yelkasiga qaradi:
– Ortiq qizig‘i qolmadi. Hammasi zerikarli bo‘lib qoldi.
Marjori indamadi. U gapida davom etdi:
– Go‘yoki ichimdagi hamma narsa butkul tamom bo‘lgandek tuyuladi menga. Bilmayman, Marji. Senga nima deyishni ham bilmayman.
Nik hamon uning orqasiga qarab gapirardi.
– Sevish ham zerikarlimi? — so‘radi Marjori.
– Ha, – dedi Nik.
Marjori o‘rnidan turdi. Nik esa boshini qo‘llari orasida changallagancha o‘tirardi.
– Men qayiqda ketaman, – deya baqirdi Marjori. – Sen adir bo‘ylab piyoda qaytishing mumkin.
– Yaxshi, – dedi Nik. – Senga qayiqni suvga tushirib beraman.
– Shart emas, – dedi Marjori. U oy yorug‘i tushib turgan ko‘ldagi qayiqda suzib ketdi. Nik joyiga qaytib keldi va gulxan yonidagi adyolga yuzma-yuz yotdi. Qulog‘iga Marjorining eshkak eshishi eshitilardi.
U uzoq vaqt shunday yotdi. U o‘rmon bo‘ylab kelayotgan Billning oyoq tovushlari qulog‘iga chalingunga qadar shu alfozda yotdi. U Billning gulxan yoniga kelayotganini his qildi. Bill unga tegmadi.
– U ketdimi? – dedi Bill.
– Ha, – dedi Nik adyolga yuzlama yotarkan.
– Tomosha qo‘ydingmi?
– Hech qanday tomosha qo‘yganim yo‘q.
– O‘zingni qanday his qilyapsan?
– Bill, ket! Meni bir muddat holi qoldir!
Bill savatdan sendvich tanlab olgach, qarmoqlardan xabar olgani nari ketdi.
Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi