Dulat Isabekov. Bonapartning uylanishi (2 pardali komediya)

Qatnashuvchilar

BONAPART
AVG‘ONBEK
ISPANELI
ABDAShIM – Bonapartning otasi
ULTUG‘AN – Bonapartning onasi
ChAPAY – Bonapartning ukasi
ROLLAN
RET
BEKTUR – VIKTOR
TOShPO‘LAT
OMMAVIY SAHNA IShTIROKChILARI

Voqea shu kunlarda bo‘lib o‘tadi.

Parda oldi

Yoqimli kuy eshitilib, parda oldida Chapay paydo bo‘ladi.
ChAPAY (u yoqdan bu yoqqa yurib). Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan bo‘ldi. Barchangizni to‘yga taklif qilamiz. Albatta kelingizlar. Quvonchimizga sherik bo‘lingizlar.

Nur so‘nadi.

BIRINChI PARDA

Birinchi ko‘rinish

Sahnaning ikki tomonidan erkak-ayol aralash katta-kichik yoshdagi odamlar chiqib, o‘rtada to‘planishadi, ayollar yuzlarini chimdib, o‘zaro duv-duv gap qilishadi:
– Butun urug‘imizni uyatga qoldiradigan bo‘ldi!
– Uyat ham gapmi, sharmanda bo‘ldik!
– Endi odamlarning yuziga qanday qaraymiz!
– Sharmandaliklar hali oldinda!
– Ha, nomusdan o‘ladigan bo‘ldik!
– Bu kunimizdan o‘lganimiz yaxshi!
– Quda tomon eshitib qolsa, “tomosha”ning kattasi o‘shanda bo‘ladi!

Ispaneli bilan Avg‘onbekdan boshqa hamma ketadi,
Chapay paydo bo‘ladi.

ChAPAY (u yoqdan-bu yoqqa yurib).Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan bo‘ldi. Barchangizni to‘yga taklif qilamiz. Albatta, kelingizlar. Quvonchimizga sherik bo‘lingizlar.
ISPANELI. Xoy, bola, oting nima edi?
ChAPAY. Chapay.
ISPANELI. Senlar rostdan ham to‘yga tayyorgarlik ko‘ryapsanlarmi?
ChAPAY. Ha-da. Sizing uyingizga ham taklifnoma berib keldim.
AVG‘ONBEK. Shunaqa, de. Bizning uyga ham olib bordingmi?
ChAPAY. Yo‘q. Ulgurmayapman. Mana taklifnomangiz. (Taklifnomani uning qo‘liga tutadi.)
ISPANELI. Otang uydami?
ChAPAY. Men chiqib ketayotganimda uyda edi.
AVG‘ONBEK. Bo‘lmasa sen bunday qil. Chopqillaganingcha uyga bor. Otang bilan onang hech qayoqqa ketmay tursin. Biz hozir boramiz.O‘ta zarur ish bor.
ChAPAY. Ispaneli amaki, tinchlikmi, nima bo‘ldi?
ISPANELI. Borgach aytamiz. Sen tezroq uyingga bor.
ChAPAY. Taklifnomalarni tarqatib yurgan edim…
AVG‘ONBEK. Bor, degandan keyin bor-da. Qanaqa bemaza bolasan! Aytganni qil. Taklif qog‘ozlaringni keyin xam tarqatasan… Tarqatish lozim bo‘lsa.
Ch a p a y chopib ketadi.
Nur so‘nadi.

Ikkinchi ko‘rinish

Bonapartlarning uyi. I s p a n e l i, A v g‘ o n b ye k, R e t o q s o q o l, A b – d a sh i m va U l t u g‘ a n o‘tirishibdi.

RET. Qani,boshlanglar. Ana u ikkovini chaqiringlar, kirsin bu yoqqa.

A b d a sh i m bilan U l t u g‘ o n kirishadi. Aybdor kishilardek, boshlari quyi egilgan,g‘amg‘in,unsiz kelib bir chekkaga o‘tirishadi.

RET. Hoy, befarosat lapashanglar, bir oydan keyin uylanadigan bolalaringning sunnat qilinmaganligi rostmi?
ABDAShIM. Qilinmagan bo‘lsa…endi…
RET. Sunnat qilinmagani rostmi-yo‘qmi, ming‘illamay shuni ayt!
ABDAShIM. Rost bo‘lsa rostdir. Kim tekshirib o‘tiribdi.
RET. Ho‘, befarosat! Aytib turgan gapiga qaranglar. Pirurg‘an!
ISPANELI. Hoy, Abdashim, bor-yo‘g‘i olti bolangning qaysi biri sunnat qilingan-u, qaysi qilinmagan – shuni bilmaydigan nima jin urdi seni!
ABDAShIM. Ish, ish deb… fursat bo‘lmay… keyinchalik esdan chiqib ketibdi.
AVG‘ONBEK. Ish birgina sen emas, hammamizning boshimizda bor. Bu yerda o‘tirganlarning birontasi beish yurgani yo‘q.
ISPANELI. Mana bu Ret oqsoqolning o‘n bir o‘g‘li, yigirma uch nabirasi bor. Shularning birontasini sunnat qildirish esdan chiqmagan.To‘g‘rimi, oqsoqol?
RET. Bundan Xudo asrasin.
ISPANELI. Olti bola, deb, Xudo bergan olti farzandni, ko‘p, deb yurgan bu noshukurga qaranglar. Ret oqsoqol sovxozning olti yuz qo‘yini boqib yurgan paytlarida sovliqlarning qaysi qochgan-u, qaysi biri qochmay qolgan – barini besh barmog‘idek bilardi. To‘g‘rimi, oqsoqol?
RET. Albatta.
ISPANELI. Ana, eshitdingmi? Olti yuz sovliq! Sen bo‘lsang olti bolangga bosh bo‘lolmay yuribsan.
ABDAShIM. Endi… Sovliq… Odam mol emas-ku.
AVG‘ONBEK. Vot imenno, odam mol emas. Sen esa molsan! Molsanlar!
ULTUG‘AN. Men hammi?
AVG‘ONBEK. Ha,sen ham. Ikkovingda ham o‘zlaringni oqlay oladigan vajlaring yo‘q.
ULTUG‘AN. Xoy, qaynijon, Prezidentimiz o‘z qo‘li bilan topshirgan oltin medalni olib kelanimda dasturxon tepasida o‘tirib ikkovimizni ko‘klarga ko‘tarib ardoqlagan, oltin yangam, asl og‘am, deb maqtagan eding-ku. O‘shandan beri nima o‘zgara qoldi?
AVG‘ONBEK (hovuridan tushib). Aytsam aytgandurman. Qotib qolgan fikr yo‘q.Bugungi gaplardan keyin fikr o‘zgarmay qolarmidi.
ISPANELI. Voy, tovba-a, bular o‘z ayblarini bo‘yinlariga olish o‘rniga bizga davogarlik qilmoqchi, shekilli.
AVG‘ONBEK. Shuni ayt-a. Bolalaringga egalik qilmay shuncha yildan beri nima ish bitirib yuribsanlar?
ABDAShIM. Nega bunaqa deysan? Ular o‘z holicha o‘sayotganlari yo‘q-ku.
ISPANELI. Bunaqa qilib o‘stirganlaring bor bo‘lsin. Bir bolangni sunnat qildirmaganligini nega eslaringdan chiqarib qo‘ydinglar? Menga shuni ayt-chi.
ABDAShIM. O‘zlaring bilasanlar, bolalar endi o‘sa boshlaganda peres­troyka boshlanib ketdi.
ISPANELI. Perestroykaga qadar nima ish bitirdilaring?
ABDAShIM. Unga qadar ateizm avjida edi. Bolani sunnat qildirish – eskilik qoldig‘i, deb mullalarga qirg‘in keltirgan, sunnat qildirilgan bola komsomolga qabul qilinmasin, deb jar solgan o‘zlaring emasmi! Ret oqsoqol, siz aytaqoling, shunday bo‘lgani rostmi?
RET. E-e, nimasini aytasan, talay sovdalar bo‘lib o‘tdi-ku. Endi Xudoning o‘zi yuzini teskari qilsin.
ULTUG‘AN. Yuqoridan topshiriq bo‘ldi, deb hammani besaramjon qilib kelgan o‘zlaringda ayb ko‘p. Yuqoridan bizga aytishadi, biz senlarga aytamiz, deb tashabbus ko‘rsatavergandan ko‘ra, ota-bobolarimizdan meros qolgan udumlarni asrab qolishga harakat qilsalaring bo‘lmasmidi?
AVG‘ONBEK. Men ham shunday fikrdaman. Ateizmning qilichidan qon tomib turgan paytlarda ham dinga mustahkam bo‘lgan kishilar musulmon yo‘lidan toymagan. Raykom sekretari Yesentoyning o‘zi uchta o‘g‘lini yarim kechada yashiriqcha Ret oqsoqolnikiga olib kelib, sunnat qildirib ketgan ekan. Shu rostmi, oqsoqol?
RET. Ha, shunaqasi ham bo‘lgan.
ULTUG‘AN. Eshitishimizcha, o‘sha Yesentoyning o‘zini ham bolalik chog‘ida mana shu otamiz sunnat qilgan ekan.
ISPANELI. Bas qil, bunaqa beadab narsani gapirma!
AVG‘ONBEK (kulib). O‘-o‘, otamiz zo‘r, hatto raykomnikini ham ko‘ribdi!..
ISPANELI. Bekorchi gaplarni to‘xtatinglar. Xoy, Abdashim, o‘sha kofir bolang qayoqda?
ABDAShIM. Tilingni tiy! Musulmonni kofir dema!
ISPANELI. Sunnat qilinmagan bo‘lsa, nima deymiz?..Chaqir uni. O‘z og‘zidan eshitaylik.
OVOZLAR:
– Bonapartni chaqiringlar!
– Bonapart bu yoqqa kelsin!
ISPANELI. Bonapartmish! Yomon itning otini Bo‘ribosar qo‘yadi, deyishadi. Boshqa ot topilmagandek, mishiqi bolalaringga Bonapart deb ot qo‘yganlaringga balo bormi!
ULTUG‘AN. Voy-bo‘, shu bolam tug‘ilganda unga Bonapart deb ot qo‘ygan o‘zlaring emasmi. Fransuz degan el bor ekan, ularning ham, bizga o‘xshab, botirlari ko‘p ekan. O‘sha mamlakatga borib qolsang, Qo‘ngrot, Noymon, Arag‘on degan familiyalar har qadamda uchrab turar ekan. Ular bizni hurmat qilib, avlodlarimiz nomlarini familiya qilib olayotgan ekan, nega biz farzandlarimizni ularning ismi bilan atamasligimiz kerak? O‘z millating bilan o‘ralashib qolish yaxshi emas, deb turib olgansanlar.
ISPANELI. Zamon shunaqa edi-da, yangajon. Mening otimni ham ota-onam Ispaneli deb qo‘yishibdi. Mana buning oti esa – Avg‘onbek. Bunga nima deysanlar?
ULTUG‘AN. Uchinchi o‘g‘limga Xoshimin degan ot qo‘ygan edilaring, pas­port olish chog‘ida yugurib-elib yurib arang Qo‘yshiman deb o‘zgartirib oldim. Butun dunyodagi allaqachon vafot qilib ketishgan dohiylaru kazo-kazolalar hozir bizning qishlog‘imizda yurishibdi. Chapay deysizmi, Shors deysizmi… Bu Bonapartimiz qayoqda qoldi?
OVOZ. Mana, keldi.

B o n a p a r t kiradi.

AVG‘ONBEK. Martabali Bonapart Abdashim o‘g‘li, mana, ro‘paralaringizda turibdi.
ISPANELI. Hoy, chaqirganda nega tezda kela qolmaysan? Shuncha odamni kuttirib qo‘yib, qayoqda yuribsan?
BONAPART. Kommunizmning oddiy-texnika bazasini yaratyapmiz.
OVOZLAR: – Nima dedi? – Bu bola nima deb aljirayapti?!
BONAPART. Ishda yuribman, deganim-ku.
AVG‘ONBEK. Shunaqa degin? Kommunizmning oddiy-texnika bazasi senga qarab qolgan bo‘lsa, Xudo urgan ekan!
AVG‘ONBEK. Hoy, dovdir, kommunizm deganing allaqachon marhum bo‘lib ketmaganmidi? Sen nima deb valdirab turibsan! Esing joyidami o‘zi?
BONAPART. Axir bizga shunaqa tarbiya bergan o‘zlarngiz-ku. Buni tezda unutib bo‘larmidi.
AVG‘ONBEK. Xo‘sh, nima ish qilayotgan edilaring?
BONAPART. Oldingi kuni Ruzveltning jarga ag‘nab ketgan traktorini tortib chiqara olmayapmiz.

Qo‘lida gazeta ushlagan B ye k t u r kiradi.

BEKTUR. (hech kimga e’tibor bermagan holda). Ruzvelt! Cherchill! Bonapart! Shors! O‘z bolalariga ma’nili bir ism qo‘ya olmagan sodda qozog‘im-ey!.. Ispaneli, Eronbek! Iroqbek! Ha-ha-ha! (Chiqib ketadi.)
ISPANELI. Bu yigit nima qilib yuribdi?
AVG‘ONBEK. Uni hech kim chaqirmagan edi-ku, qayoqdan kelib qoldi?.. Nega kirdi-yu, nega chiqib ketdi?
ABDAShIM. Tanimadilaringmi? O‘zimizning Bektur-ku. Qishlog‘imizning shoiri.. Bechora bola… Qurilish tsexida tuppa-tuzuk g‘isht teruvchi usta bo‘lib ishlab yurardi, o‘tgan yili tomdan boshiga nimadir tushib, shikastlandi-yu, keyin birdan shoir bo‘ldi-qoldi. Endi yurishi mana bu…
ISPANELI. Xo‘p. Endi boshqa gap-so‘zlarni qo‘yib turaylik. Xo‘sh, Bonapart mirza, uylanishga tayyormisan?
BONAPART. Tayyorman.
AVG‘ONBEK. Noma’qulning nonini yebsan! Tayyor emassan.
BONAPART. Buning uchun qanday tayyorgarlik kerak? Esim joyida, o‘n ikki mucham sog‘. Qalinmolining ham yarmisini berib qo‘ygan bo‘lsalaringiz. U qizni bir-ikki marta ko‘rganman. Menga ma’qul, u ham meni unatib turibdi. Yana nima kerak?
ISPANELI. Buning, yana nima kerak, deyishiga qaranglar. Kerak bo‘lganda qanday!
BONAPART. Masalan?
ISPANELI. Masalan, deydi-ya! Masalan… Hoy, Avg‘onbek, nima kerak­ligini bunga o‘zing aytaqol. Sen uncha-muncha narsaga uyalmaysan-ku.
AVG‘ONBEK. Bo‘lmasa,gapni cho‘zmaylik-da, to‘g‘risini aytib qo‘ya qolaylik. Biz quda tushib, to‘yga hozirlik ko‘ryapmiz. Sen esa… Sen hali ham sunnat qildirmagan ekansan. Shu rostmi?
BONAPART. Men qayoqdan bilay?
ISPANELI. Hoy, gumroh, buni sendan boshqa kim bilishi kerak? Men bilishim kerakmi?
BONAPART. Ota-onam…
AVG‘ONBEK. Uh! Buning aytib turgan gapiga qaranglar! Ota-onasimish! Otang bilan onang hech baloni bilmaydi. Miyalari aynib qolgan ularning.
ABDAShIM. Hoy, Avg‘onbek! Og‘iz o‘zimniki, deb to‘g‘ri kelgan narsani gapiraverasanmi! Sizlar aqlli-yu, bizlar ahmoq bo‘lib qoldikmi-a!
AVG‘ONBEK. O‘z bolangga o‘zing bosh bo‘lolmay yurganingdan keyin, boshqa nima ham deymiz.
ULTUG‘AN. Hoy, qaynim! Oramizda o‘tirgan mo‘ysafid otamiz oldida odob saqlab indamay qo‘yaqolay desam, bizni odam safidan chiqarib yubording, miyalari aynib qolgan, deb haqorat qilyapsan! Xudoga shukur, olti o‘g‘il, uch qizni dunyoga keltirdim. Sizlar – xotining ikkovlaring majlis sayin: “Prezidentimizing qazoq xalqining sonini yigirma millionga yetkazish to‘g‘risidagi da’vatini amalga oshiraylik!” deb jar solasanlar. Aytishni senlar aytasanlar-u, tug‘ishni biz tug‘yapmiz. Miyamiz aynigan bo‘lsa aynigandir, lekin, senlarga o‘xshab lavozim talashib yurib yolg‘iz bola bilan qolganimiz yo‘q.
ISPANELI. Bopladingiz, yanga. (A v g‘ o n b ye k k a). Ajab bo‘ldi, senga shu kerak edi! Bundan keyin er-xotin ikkoving mitinglarda nutq so‘zlashni qo‘yib, gapdan amaliy ishga o‘tarsanlar. (Kuladi.)
RET. Ortiqcha gaplarni bas qilinglar! Asosiy masalaga o‘tinglar.
AVG‘ONBEK. To‘g‘ri, asosiy masalaga o‘taylik. (B o n a p a r t ga o‘girilib). Demak, sunnat qilingan-qilinmaganingni o‘zing ham bilmaysan. O‘-o‘, nodon! Buni bilish uchun donishmand bo‘lish kerak ekanmi?
ISPANELI. Hoy, Avg‘onbek, halitdan beri g‘idi-bidi qilib o‘tirgandan ko‘ra tashqariga chiqib kela qolmaymizmi?
AVG‘ONBEK. To‘g‘ri aytasan. Shu paytgacha xayolimizga kelmaganiga hayronman. Qani, Bonapart! Tur o‘rningdan, oldimizga tush! O‘zimiz ko‘raylik-chi.

A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i B o n a p a r t ni boshlab chiqib ketishadi.

ChAPAY. Ota, Bonapart akam uylanmaydigan bo‘ldimi?
ABDAShIM. Shoshmay tur, o‘g‘lim. Tashqariga chiqib ketishgan amakilaring nima deb kirisharkin, hamma narsa shunga bog‘liq.
ChAPAY. Ota, Bonapart akam uylanaqolsin. Qishlog‘imizning yarmisiga taklif qog‘ozini tarqatib qo‘yganman. Ularga nima deymiz!
ABDAShIM. Sabr qil, bolam, sabr qil.
ChAPAY. Bonapart akamning qallig‘ini men ham ko‘rganman. Judayam chiroyli qiz ekan. Bu yilgi “Tuman malikasi” tanlovida birinchi o‘rinni olgan ekan.
ABDAShIM. Unda, bizni Xudo urdi, deyaver!
ChAPAY. Nega?
ABDAShIM. Go‘zallikda birinchi o‘rinni olib o‘tirgan qiz bunday xabarni eshitsa, obdon yuzi qora bo‘lamiz-ku.
ULTUG‘AN. Birinchilikni olgan bo‘lsa, nima bo‘libdi, osmondan tushmagan-ku! Uni o‘tgan yili bir to‘yda men ham ko‘rganman…Unaqa ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan qomati ham yo‘q, qozoqning qadimgi qorapuchiq qizi. El og‘zida, bu nomni qiziga tadbirkor otasi dunyo sochib sotib olib bergan, degan gap yuribdi.
ChAPAY. Yolg‘on! Odamlar xasad qilganlaridan shunaqa deyishadi. Juda chiroyli qiz.
ULTUG‘AN. Ha, mayli, chiroyli bo‘lsa chiroylidir. Mening o‘g‘limning ham hech kimdan kam joyi yo‘q.

A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i kirishadi.

AVG‘ONBEK. Rost ekan.
ISPANELI. Ha, sunnat qildirilmagan ekan.
RET. Yigitning o‘zi qani?
AVG‘ONBEK. O‘sha qizga uylanmaydigan bo‘lsam, o‘zimni osib qo‘yaqolaman, deb ishiga ketdi.
ABDAShIM. Bu nima degani?!
ULTUG‘AN. Xotini qursin, bolamdan ayrilib qolamanmi! (Chopib chiqib ketadi).
ISPANELI. Hozirga qadar bilmagan narsamizni nimaga ham bugun bilaqoldik!
ABDAShIM. Nimani aytyapsan?
ISPANELI. Esankirab qolgan odamdek, “nimani” deysan-a! Kun bo‘yi nima to‘g‘risida bosh qotiryapmiz. Ana u bolangni dardini aytyapman.
AVG‘ONBEK. Eslaringizdan chiqib ketgan ekan, indamay yuravermaysizlarmi. Kelib-kelib ayni uylanadigan kunlarida eslaringizga kela qoldimi.
ABDAShIM. Bu gapni boshlagan o‘zlaring-ku! Bizlarga jonlaring achiydigan chin do‘st bo‘lsalaring, ilgari qayoqda edilaring? Senlarga ishning bitgani emas, bitmagani ma’qul. Duv-duv gap tarqalsa – bas.
ISPANELI. Ob-bo‘, u yana bizga davo qila boshladi-ku. Men sening o‘rningda bo‘lsam davo qilish emas, yerning tagiga kirib ketgan bo‘lardim, bildingmi? Aybingni bo‘yningga olib, indamay o‘tirishning o‘rniga yuzimizga chang solasan! Bizdan bo‘lmasa-da, mana bu oqsoqoldan uyalsang bo‘lardi!
ABDAShIM. Avlodimizning kattasi bo‘la turib, bilmaganimizni bildirib o‘rgatmagan bu kishida ham ayb bor.
AVG‘ONBEK. Voy,nomard-ey!
ISPANELI. Sen endi bizni qo‘yib, oqsoqolga yopishmoqchimisan?! Tilingni tiy, gunohga botma!
ABDAShIM. Gunohga botadigan shariatni buzganim yo‘q.
ISPANELI. Shariatni buzmaganing shumi, yoshing ellikdan oshgan bo‘lsa-da, hali Qur’on o‘qishni bilmaysan.
ABDAShIM. Go‘yo sen o‘zing qoyil qilib yurgandek. Machitga tahorat olmay kirasan-u.
ISPANELI. Sen tahorat olgan-olmaganligimga qarab turadigan qo‘limdagi obdasta edingmi? Chin musulmon ekansan, nega bolangni musulmon yo‘liga solishga chamang kelmadi?!
AVG‘ONBEK. Hoy, sen ikkovlaringa nima bo‘ldi, bekordan-bekorga g‘idi-bidi qilib qoldilaring?! Befoyda janjalni bas qilinglar!
ABDAShIM. Bema’ni janjalni boshlagan o‘zlaring emasmi? U dedinglar, bu dedinglar, miyasi aynigan, dedinglar.
ISPANELI. O‘zing namoz o‘qimasang, bolangni sunnat qildirmagan bo‘lsang, yeganing kolbasa, ichganing aroq bo‘lsa, kofir bo‘lmay kim bo‘lding!
ABDAShIM. Hoy, Ispaneli, odamning tilini qichitib, aytmoqchi bo‘lmagan gapimni ayttirasan. Kopir, kopir deysan. Temir yo‘lning narigi tomonida yashaydigan o‘rislar oilasi bor, bilasanlar. Ularning sunnat-punnating bilan, namoz-pomozing bilan ishlari yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, binoyiday yashab kelishyapti. Bolalari esa poloponday suyimli. Qizlarining suluvligini aytmaysanmi…
RET (uning gapni bo‘lib). Hoy, nodon, nimalar deb valdirayapsan?! Birov sendan, kimning do‘zaxga tushishi-yu, kimning jannatga kirishini, kim chiroyli-yu, kim alvasti ekanligini so‘rab o‘tiribdimi?
ABDAShIM. Endi, so‘ramasa aytmaymizmi? Sovxoz bekor bo‘lgunga qadar rabochkomning raisi, partorg bo‘lib, hammaga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yurgan ateistlar partiya bekor qilinishi bilan birdan xudojo‘y bo‘lib qolganlariga nima deysizlar?
RET. Bo‘ldi. Busiz ham gap ko‘payib ketdi. Xo‘sh, endi nima qilamiz, degan o‘ydasizlar?
Sukut.

ISPANELI. Kelinchakni olib kelishga atigi bir oy qolganda nima qilish mumkin? Hozirga qadar qanday yurgan bo‘lsa, shunday yuraversin. Uni tekshirayotgan hech kim yo‘q. Ateizmdan ham biron nishona qolishi kerak-ku.
RET. Piching qilmasdan bo‘ladigan gapni ayt.
AVG‘ONBEK. Gapning to‘g‘risi shuki, Bonapartni tez fursatda sunnat qilish kerak. Iloji bo‘lsa bugundan qoldirmaganimiz ma’qul.
ABDAShIM. Bugun? Bonapartning o‘zi bunga ko‘nmasa nima qilamiz?
AVG‘ONBEK. Ko‘nadi. Ko‘ndirasan.
ABDAShIM. Hoy, aldab-suldab yotqizib qo‘yadigan yosh bola emas-ku.
AVG‘ONBEK. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, domlaning oldiga olib kelib yotqizish – sening majburiyating.
ABDAShIM. Bir oy… Bir oy davomida, Xudo o‘zi asrasin-u, tuzalmasa nima bo‘ladi?
AVG‘ONBEK. Tuzalmay jin uribdimi! O‘z vaqtida biz ham uch kundan ortiq yotgan emasmiz-ku.
ABDAShIM. Bu, endi, o‘sha vaqtda edi, unda yosh edik…
ISPANELI. Xoy, ortiqcha gapni qo‘yib turinglar. Nari borsa, o‘n kun. O‘n besh kun, ham deyaylik. O‘n besh kunda u emas, operasiya qilib ulangan qo‘l ham bitib ketadi.

Nimanidir eslab, iljayib turgan A v g‘ o n b ye k
sharaqlab kuladi.

RET. Hoy, senga nima bo‘ldi, esing joyidami o‘zi?
AVG‘ONBEK. Uyat bo‘ladigan bo‘ldi-da.
RET. Kimdan?
AVG‘ONBEK (kulishda davom etib). Ke… Kelindan. Nikoh kuniga qadar batamom bitib, yaxshi bo‘lib ketsa-ku nur ustiga a’lo nur…
RET. Ahmoq kallaga bemaza fikr keladi, deydilar. Qiqirlashingni bas qil! Urug‘imiz shaniga dog‘ tushmasin desak, shu bugundan ishga kirishaylik. Ovulga o‘tov tikilsin. Tushga qadar bolangni musulmon qilish kerak.
BARChA: – To‘g‘ri aytasan.
– Ma’qul.
– Abdashim, qani, chaqir bolangni.
ABDAShIM. Unga ishidan ruxsat beraqolarmikin…
ISPANELI. Hoy, bolang biron ishni qoyil qilib yuribdi, deysanmi. Jarga qulagan traktorni o‘zimizoq chiqarib beraylik.
ABDAShIM. Unda ma’qul. Kelishdik.

Yana qo‘lida gazeta ushlagan B ye k t u r-V i k t o r paydo bo‘ladi.

BEKTUR. Toshpo‘lat tadbirkor o‘tgan haftada uch kunga cho‘zilgan yig‘ilishning qaroriga binoan ovulni obod qilish uchun nimalar lozimligini Globaning shaxsan o‘zi bilan maslahatlashish uchun o‘zimiz to‘plab bergan pul bilan Avstriyaga jo‘nab ketdi. (Chiqib ketadi.)
Hamma hayron.

AVG‘ONBEK. Boyaqish bolaning miyasiga og‘ir zaxm yetgan ekan-da.
ISPANELI. Meningcha, bu bola ham sunnat qilinmagan.

Hovliqib U l t u g‘ a n kiradi.

ULTUG‘AN. O‘g‘limiz bu o‘rtada yo‘q. Bunaqa sharmanda bo‘lganimdan suvga cho‘kib o‘lganim yaxshi, deb daryo tomonga ketayotganini ko‘rishgan ekan!
ISPANELI. Kim ko‘ribdi?
ULTUG‘AN. Cherchill ko‘rgan ekan.
ISPANELI. O‘-o‘y, senlarning Cherchillaring ham, Ruzveltlaring ham bor bo‘lsin. Avg‘onbek, ketdik. Bonapartni tezda topib, bu yerga keltiraylik. Abdashim, senlar ovulning o‘rtasiga o‘tov o‘rnataveringlar. Ret oqsoqol, siz ustarangizni qayrayvering.
RET. Mening ustaram hamisha qayrog‘li.
ISPANELI. Illo, birodarlar, Bonapartni sunnat qilganimizni o‘zimizdan o‘zga biron kimsa bilmasligi kerak.
ULTUG‘AN. Ish joyidan so‘rab kelgan odamlarga nima deymiz?
ISPANELI. Kasal bo‘lib qoldi, deysizlar.
ABDAShIM. Qanaqa kasal?
AVG‘ONBEK. Shu ham gap bo‘ldi-yu. Hozir nima ko‘p kasallarning turi ko‘p. Grip, denglar, spid, denglar. Shunda tirik jon uylaringizga yaqinlashmaydi.
ABDAShIM. Hoy, tilingga chechak chiqqur, nafasing buncha sovuq! O‘chir ovozingni!
AVG‘ONBEK. Abdashim, bunaqa qulay vaziyatdan sen ham foydalanib qolsang bo‘larmidi. O‘g‘lingga qo‘shib seni ham yotqizaylik. O‘ylab ko‘r.
ABDAShIM. Voy, muttaham, endi meni masxara qilmoqchimisanlar!

A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i xoxolab kulib chiqib ketishadi.

Nur so‘nadi.

Uchinchi ko‘rinish

O‘tov – kigiz uyning ichi. B o n a p a r t to‘shakda yotibdi. A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i kiradi.

AVG‘ONBEK. Qalaysan?

B o n a p a r t javob bermaydi.

AVG‘ONBEK. Men sendan, qalaysan, deb so‘rayapman. Javob bersang-chi!

B o n a p a r t yana javob bermaydi.

ISPANELI. Qalaysan, hoy, itvachcha?!
BONAPART. Yotibmiz-ku.
AVG‘ONBEK. Yotganingni ko‘rib turibmiz. O‘zing qalaysan?
BONAPART. Nima qalayi bor? Yotibman.
ISPANELI. Bundoq, yaxshi bo‘layotganingni o‘zing sezyapsanmi?
BONAPART. Qaydam.
AVG‘ONBEK. Hoy, yotganingga ikki hafta bo‘ldi, qaydaming nimasi.
BONAPART. Bundan boshqa nima deyishim kerak?
ISPANELI. Bu bolaning sog‘ayish niyati yo‘q, shekilli. Hoy, gumroh, qallig‘ingni olib kelishga ikki hafta qoldi, xolos. Sening yotishing esa bu!
AVG‘ONBEK. Bonapart, bunaqa sulayib yotavermasdan, bundoq oyoqqa turishga harakat qilsang-chi, yigit kishisan, axir.
BONAPART. Harakat qilganimda nima qilishim kerak?
ISPANELI. Kalima keltir, arvohlarga sig‘in.
BONAPART. Sig‘inib yotibmiz-ku.
AVG‘ONBEK. Astoydil sig‘in. Chin niyat bilan tila tilagingni.
BONAPART. Uyat ishlarga arvohlarni aralashtirishning nima keragi bor.
ISPANELI. Bu gaping to‘g‘ri.
AVG‘ONBEK. Topgan vajiga qaranglar. Balki ishdan qochib yotgandirsan? Bo‘lmasa hozirga qadar sog‘ayib ketmasliging mumin emas.
ISPANELI. To‘g‘ri aytding. Salqin uy, yumshoq to‘shak, tayyor ovqat… Yaxshisi, tuzalgan-tuzalmaganligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik.
AVG‘ONBEK. Qanday qilib?
ISPANELI. Hoy, shunga ham aqling yetmaydimi? Ma, mana bu choyshabni yozib ushlab tur. Men o‘zim tekshirib ko‘raman.

A v g‘ o n b ye k choyshabni qulochlab ushlab turadi. I s p a n e l i
choyshab ortiga o‘tadi.U l t u g‘ a n kiradi.

ULTUG‘AN. Voy-ey, bular nima qilishyapti?!
ISPANELI. (choyshab ortidan chiqib). Hali tuzalmabdi! Bizning avlodga tortganida allaqachon bitib ketardi. Buning terisi tog‘alariga tortganga o‘xshaydi.
ULTUG‘AN. Hoy, qaynim, uning tog‘alarida nimang bor? Tog‘alariga tortganida uch kunda otday chopqillab ketgan bo‘lardi. O‘z kamchiligini o‘zgalarga yopishtiradigan sodda qozog‘im-ey.
ISPANELI. Voy, yanga, siz qachon kira qoldingiz?
ULTUG‘AN. Sening aytadigan gaping mening qachon kelishimga bog‘liqmidi? Xudoga shukur, tog‘alarining tuxumi toza. Aytishlaricha, o‘z vaqtida sening o‘zing ham yarim oydan ortig‘roq to‘shakdan turmagansan. Nuqson o‘zlaringda. Bizning ota-bobolarimizning bari botir kishilar bo‘lishgan. Bo‘riqboy bobomiz qolmoqlarga qarshi jangda bir qo‘li jarohatlanib, ikkinchi qo‘li bilan yuzga yaqin jangchini bir o‘zi qirib tashlagan ekan.
ISPANELI. Adirbek bobomiz esa yolg‘iz o‘zi qolmiqning ikki yuzdan ortiq askarini yer tishlatgan.
BONAPART. G‘aroyib! Qozoqlarning ikki botir bobosi qolmiqlarning besh yuz askarini qirib tashlayveradigan bo‘lsa, qanday qilib uch yuz yil davomida ularga qaram bo‘lib kelganmiz?!
AVG‘ONBEK. O‘zi to‘shakdan tura olmay yotibdi-yu, aytgan gapiga qarang-lar! Sening tezda tuzalmay yotganing ham mana shu qirchang‘i fe’ling tufayli.
BONAPART. Mening fe’limning bunga nima aloqasi bor? Afsonani gapirmay, to‘g‘risini aytinglar, dedim-da.
ISPANELI. Rost-yolg‘on bilan ishing bo‘lmasin. Sen avvalo tezroq sog‘ayib, oyoqqa turib ketishni o‘yla.
BONAPART. O‘ylay, o‘ylamay, bundan naf yo‘q.
ISPANELI. Naf bo‘lmasa mana shunaqa cho‘zilib yotaver. Bu yotishing bo‘lajak kelinning qulog‘iga yetib borsa… U bechora orlanib, o‘lib qo‘ya qoladi.
BONAPART. Bo‘lmasa, nima qil deysizlar?.. Bunaqa sharmanda bo‘lgandan ko‘ra bo‘ynimga tosh osib, suvga cho‘kib ketmoqchi edim. Ikkovingiz otda quvib borib, qo‘l-oyoqlarimni bog‘lab sunnatga yotqizdingizlar. Yaxshi niyat bilan qilinmagan ishning oqibati shunaqa bo‘ladi.
ISPANELI. Bu obdon faylasuf bo‘libdi-yu, a! Lekin, aytib qo‘yay, bu yotishingda bir yilda ham tuzalmaysan. Bonapartmish! Yomon itning otini Bo‘ribosar qo‘yadi, deyishadi.
ULTUG‘AN. Hoy, og‘zilaringga kelganini aytib, o‘g‘limni haqorat qilavermanglar!
ISPANELI (xiringlab kuladi). Bechora fransuzlar Bonapartlarining qay ahvolda yotganini kelib ko‘rishsa edi… Xa-xa-xa!

Tashqaridan ovozlar eshitiladi.

OVOZLAR: – Hammalaringiz klubga to‘planingizlar!
– Qishloq hokimini saylaymiz!
– Bironta odam qolmasin!
– Kelajagimiz o‘z qo‘limizda!
– Yoppasiga saylovga!
AVG‘ONBEK. Bundan atigi yarim yil oldin hokim saylagan edik-ku, yana nima bo‘lib qoldi?
ISPANELI. Kaftdek qishlog‘imizda oltita partiya bor. Shulardan biri bo‘lmasa ikkinchisi yig‘ilish o‘tkazib turadi. Har qaysi partiya o‘z vakilini nomzodlikka tavsiya qiladi. Bo‘layotgan ish shu.
ULTUG‘AN. Lekin bironta hokim qo‘nim topmayapti. Besh yilda olti marta hokim o‘zgardi. Eldan baraka ketib boryapti.
AVG‘ONBEK. Ayb hokimlarning o‘zlarida. Oddiy fuqaro bo‘lib oramizda yurganlarida adolat uchun yoqa yirtishardi. Mansabga ega bo‘lishlari bilan oldingi hokimdan qolgan-qutganini yemirishga kirishadi.
ISPANELI. Oltiga bo‘lingan ovulning qaysi biriga yon bosishni bilmaysan kishi. Demokratiya degan bir balo paydo bo‘ldi-yu, odamlar ish qilishni qo‘ydi. Qilt etsa ko‘chaga chiqib, idora oldida to‘planish odat bo‘lib qoldi.
BONAPART. Bularning bari vaqtincha. Bari o‘tib ketadi, hamma narsa joy-joyiga tushadi.
ISPANELI. Hoy, mahmadona! Bu deyman, ikki haftadan beri gazeta o‘qib yotib siyosatchi bo‘lib qolibsanmi? Bunday bo‘ladigan bo‘lsa, yana bir oy yot. Lozim bo‘lsa, ikki oy, mayli, uch oy ham deyaylik. Shundan so‘ng “Bonapart” degan partiya uyushtirib, hokimlikka saylanishga harakat qil. Yana bir gap: hokimlik lavozimini egallash niyating bo‘lsa, xotin olib nima qilasan?!
ULTUG‘AN. Hoy, bir-birlaringni kamsitib, g‘ijillashavermasdan, odob bilan gaplashsalaring og‘izlaring qiyshayib qoladimi! Mening bolamning boshqalardan kam joyi bor ekanmi? O‘ssin, ulg‘aysin, kimligini ana o‘shanda ko‘rsatadi. (B o n a p a r t ning boshini silaydi…)
AVG‘ONBEK. Gapingiz to‘g‘ri, yanga. Bonapart hali yosh. Endigina sunnat qildirdik… (Kulishadi).
ULTUG‘AN. Ha, kulinglar, kulinglar. Senlarga kulgi kerak. Meni aytdi, dersanlar, bir kun kelib hammangga katta boshliq bo‘ladi. Bizning avlodimizdan besh bo‘lis, ikki biy va bir ulug‘ sulton chiqqan.
AVG‘ONBEK. Shunaqa martabali avlodning farzandi bo‘la turib qanday qilib “Belorus” traktori haydab yurgan Abdashim og‘amizga turmushga chiqqansiz?
ULTUG‘AN. Kelib chiqishi kambag‘al oilalardan bo‘lgan odamlarga turmushga chiqish martaba bo‘lgan paytlar edi-da. Bironta qozoq, boyning bolasiman, deb hujjat to‘ldirgan emas. Bobolarimdan tortib butun ajdodim g‘irt kambag‘al bo‘lgan, deb yozishgan. Bugun qarasang, gado bo‘lgan hech kim yo‘q, barining tagi boy, bo‘lis, biy, botir, xon!
AVG‘ONBEK. Shulardan biri o‘zingiz, yangajon!
ISPANELI. Hoy, yig‘ilishga boramizmi, bormaymizmi?
AVG‘ONBEK. Bormasak bo‘lmaydi. Guruh-guruhga uyushgan odamlar qo‘lidan ish kelmaydigan qayoqdagi bir kimsani saylab yuborishlari hech gapmas. Aytgandek, Abdashim og‘a qayoqda?
ULTUG‘AN. Haligina klubga ketgan edi.
ISPANELI. Saylov bo‘lsa kekirdagini cho‘zib ovoz bermay qolmaydi. Shunday qilib yurib o‘g‘lini sunnat qildirishni ham unutgan. Qani, kettik. (Bonapartga). Biz kelgunga qadar gazeta o‘qib miyangni achitavermay, arvohlarga sig‘inib yot. Besh bo‘lis, ikki biy, bir ulug‘ sultonning xosiyati tegib qolar.
ULTUG‘AN. Xudo senlarga qirchang‘i tildan boshqa narsa bermagan. Kuydirgilar! Dab bo‘linglar! (Qo‘liga supurgi olib,ular sari intiladi).

I s p a n e l i bilan A v g‘ o n b ye k qochib chiqib ketishadi.

Nur so‘nadi.

To‘rtinchi ko‘rinish

Uchinchi ko‘rinishdagi sahna. R e t, I s p a n e l i, A v g‘ o n b ye k, A b d a sh i m, U l – t u g‘ a n o‘tirishibdi. B o n a p a r t hamon to‘shakda yotibdi. Boshqa kishilar ham bo‘lishi mumkin. Ularni atash shartmas.

ISPANELI. Masala murakkablashib boryapti, oqsoqol. Qudalarnikiga borishga o‘n kun qoldi, xolos. Bonapartning yotishi esa – bu, hali-beri tuzaladigan emas.
RET. O‘tgan safar aytganlarimni ishladilaringmi?
ABDAShIM. Barini bajo keltirdik, oqsoqol. Machitning imomi uch marta kelib, dam solib ketdi. Yosh mulla ham kelib, Qur’on o‘qib ketdi. Bundan besh kun oldin oq tovuq so‘yib, qonladik, qora qo‘y so‘yib, go‘shtini beva-bechoralarga tarqatdik. Avliyoning qabriga olib borib, bir kecha tunadik. Tunning yarmida qabr ustida uch marta miltiq otdik. Kun sayin dasturxon yozib, Qur’on o‘qitamiz, u qilamiz-bu qilamiz, deb to‘yga atab qo‘ygan dunyomizni sovuryapmiz.
ULTUG‘AN. Buning ustiga hozirgi domlalar ham biznesmen bo‘lib ketishgan, mo‘may pul bermasang, uyingga qadam bosishmaydi.

R e t unga o‘qrayib qarab qo‘yadi.
ABDAShIM. Lekin bizning otamiz unaqa emas.
AVG‘ONBEK. Doktorga ham bir karra ko‘rsatib olsak bo‘larmidi…
ULTUG‘AN. Qishloqda bironta tuzukroq shifokor qolmadi-ku. Kasalxona allaqachon yopilgan. Birgina feldsher bor. Lekin u hech baloni bilmaydi.
AVG‘ONBEK. Rollanni aytyapsanmi? U odam doktori emas,mol doktori, degan gap tarqalibdi. Shu gap rost bo‘lsa kerak-ov, ukol qilganda ninani qulochkashlab uradi-ku…
ISPANELI. O‘tgan safargi yig‘ilishda “Tavakkal” partiyasining a’zolari uni boplab “savala”shdi-ku.
AVG‘ONBEK. “Xudoga shukur” partiyasining faollari o‘zlarining nomzodi hokim etib saylansa, birinchi navbatda kasalxonani tiklaymiz, deb odamlarni laqillatishdi-ku.
ULTUG‘AN. Bu gaplarni qo‘yib turinglar. Bari quruq safsata. Hokim bo‘lib saylanguncha – qop-qop va’da. Besamar va’dalardan odamlar to‘ygan.
ABDAShIM. Aytgandek, hali doktordan gap chiqdi-ku… Qaysi kuni nima qilarimni bilmay shoshganimdan maslahat so‘ragani o‘sha feldsherlaringga borgan edim. “Bolangni kimga kestirgan bo‘lsang, o‘shanga bor! – deb baqirib berdi. – Menga kestirganlaringda allaqachon yaxshi bo‘lib ketardi. Baring nodonsanlar!” deb haydab chiqardi.
AVG‘ONBEK. E-e, bu turqi turganda, davolab o‘tirmaydi, shartta tag-tugi bilan kesib tashlay qoladi. (Hiringlab kuladi.)

I s p a n e l i unga jo‘r bo‘ladi. A b d a sh i m bilan U l t u g‘ a n ham
ularga qo‘shilib kulishadi.

RET. O‘rinsiz hiringlashni bas qilinglar! Shu ham kulgili bo‘ldi-yu!
ISPANELI. Oqsoqol, hazil gap kulish uchun chiqarilgan, deyishadi. Olib qochdi bir gapga kulsak-kulibmiz-da. Buning uchun bizni gunohkor qilmang. Shu yigit sunnat qildirilganidan beri, do‘st bo‘lgach, shu yerda o‘ralashib yuribmiz. Bu Abdashimga ham malol kelayotgani yo‘q. Ammo, Xizr ota qahriga oldimi, qilinayotgan emlarning birontasidan naf bo‘lmayapti. Baloning bari ekologiyadan. Iqlim aynigan, demoqchiman.
RET. Niyat buzilgan,niyat!
ABDAShIM. Haromlik qilish niyatim bo‘lmagan, birovning bir qatim ipini beruxsat olmaganman. Qaysi fe’lim tufayli bu ko‘yga tushganimga o‘zim ham hayronman.
RET. Bunga birgina sen emas, shu o‘tirganlarning bari sababchi. Hammang aybdorsan! Butun qishlog‘ing bilan birga! Aytadigan gaplaring yolg‘on bo‘lsa, Qur’on o‘qiladigan dasturxonlaringda harom suv bilan harom taom qator tursa, “uvol”, “savob” degan so‘zlar unutilgan bo‘lsa, arvoh haqida og‘iz ochmaydigan imonsizlar ko‘payib ketayotgan bo‘lsa, o‘zi bilmay bilganlarning gapiga kirmaydigan “dono”lar oramizda yurgan bo‘lsa, otani o‘g‘il, onani qiz ko‘zga ilmaydigan zamon bo‘lsa – yer yuzini kasr va kasofatlar qoplaydi-da! Boshqa nima bo‘lardi?! Zavol! Zavol! Xudoning bizga bergan bir javobi bu! (O‘rnidan turib,chiqib ketadi.)

Uzoq sukut.

ISPANELI. Xo‘sh,endi nima qilamiz?
AVG‘ONBEK. Nima qilamiz, deganing nimasi?
ISPANELI. Yana nima amal bor, deganim-ku. Kelinni olib kelishga o‘n kungina qoldi.
AVG‘ONBEK. O‘n kun o‘tgunga qadar hech bo‘lmaganda mashinaga o‘tirib borib kelishga yarab qolar
ISPANELI. Bordi-yu, yaramasa-chi?
AVG‘ONBEK. Unda kuyov bola bo‘lib o‘zing borasan.
ISPANELI. Nima deyapsan?! Esing joyidami? Men qanday qilib boraman?
AVG‘ONBEK. Yaxshilab yuvintiramiz, soqol-mo‘ylovingni silliq qilib qirdiramiz, ko‘rkam qilib kiyintiramiz.
ISPANELI. Tanib qolishsa nima qilaman?
AVG‘ONBEK. Tanishmaydi. Tunda borib, tunda qaytamiz. Baxtimizga, u qishlokda elektr chirog‘i yo‘q, simlarini o‘g‘irlab ketishgan.
ISPANELI. Hoy, sen rostdan aytyapsanmi? Qizning yangalari, kuyovto‘ra keldi, deb o‘rtaga olishadi, cho‘ntaklarimni kavlashadi, dasturxon yozishadi. Birovni birov ko‘rmaydigan tim qorong‘ida o‘tirmasak kerak.
AVG‘ONBEK. Sen odamlarning yuziga qarama, boshingni egib o‘tir, gapir-ma, kulma. Umuman ovozingni chiqara ko‘rma. Jimgina o‘tiraver.
ISPANELI. Kuyovbolamiz jinni ekan, deb o‘ylashsinmi? Yaxshisi, o‘zing bor.Sen mendan uch yosh kichiksan. Qaddi-qomating ham Bonapartga o‘xshash.
AVG‘ONBEK. Yo‘q-yo‘q, bo‘lmaydi.
ISPANELI. Nega bo‘lmas ekan?
AVG‘ONBEK. Birinchi xotinim o‘sha qishloqdan. Ikkinchi xotinimning tug‘ishganlari ham o‘sha yerda yashashadi. Tak chto, ular meni yetti qirning ortidan ham tanib olishadi.
ISPANELI. Uh-h, sening xotin olmagan joying qolmadi-ya!
AVG‘ONBEK. O‘zing bitta xotin bilan qanoatlanib qolgan odamdek gapirasan-a!
ISPANELI. Xap, mana bola rosa boshimizni qotirdi-ku!

Yana gazeta ko‘targan B ye k t u r-V i k t o r kiradi.

BEKTUR (o‘zicha gapiradi). Qozog‘iston chegarasidan 70-80 chaqirim narida Xitoyning Lobnor degan poligonida quvvati 55 kilotonnali yadro quroli portlatilib, ikkinchi marta sinov o‘tkazilibdi. Lekin Qozog‘iston hukumati ham, “Semey Nevada” tashkiloti ham bunga o‘z munosabatlarini bildirishmabdi. (Chiqib ketadi.)
AVG‘ONBEK (uning orqasidan). Yo‘qol-e! Nima qilarimizni bilmay garangsib o‘tirganimizda seniki ortiqcha bo‘ldi-ku!
ISPANELI. Bu bechorani davolatish kerak. Bonapartni uylantirib olgach, u bilan shug‘ullanmasak bo‘lmaydi, shekilli.
AVG‘ONBEK. Xo‘sh,nima qilamiz? Bir kunlik kuyov bo‘lib borasanmi?
ISPANELI. Bundan o‘n yil oldin ayni kelinchakni olib keladigan kuni mast bo‘lib, hushyorxonaga tushib qolgan Tozaqulning qaylig‘ini olib kelib bergan edim. Yana menga yuklanadimi bunaqa ish?
AVG‘ONBEK. Endi… tajribang bor… o‘rganib qolgansan, degandek…
ISPANELI. Shunda men bu qishloqdagi navbatchi kuyov yigit bo‘lib qolamanmi? Yo‘q, meni kuyov deganga hech kim ishonmaydi. O‘ldirsalaring ham bormayman, gap tamom!
AVG‘ONBEK. Shoshma. Avval Bonapartni yana bir ko‘rib kelaylik. Shu vaqtga qadar o‘rnidan turolmay yotgan bo‘lishi mumkin emas.
ISPANELI. Borsak bora qolaylik. Yur. (Chiqib ketishadi.)

Nur so‘nadi.

P a r d a .

IKKINChI PARDA

To‘rtinchi ko‘rinish

O‘tovning ichi. B o n a p a r t to‘shakda gazeta o‘qib yotibdi.
A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i kirishadi.

ISPANELI. Hali ham shu ko‘yda yotibsanmi, nomard!

B o n a p a r t javob bermaydi.

AVG‘ONBEK. Bu bizni ko‘zga ham ilmayapti-ku! Hoy, vijdonsiz, hech bo‘lmasa salomlashsang-chi!

B o n a p a r t un chiqarmay yotaveradi.

ISPANELI. Agar shu haftada turishga chamang kelmasa,martabali imperator janoblari, ikkovimizdan birimiz borib, kelinchagingni olib kelib beramiz. Bunga nima deysan?

B o n a p a r t javob bermaydi.

AVG‘ONBEK. Hammani tashvishga solib qo‘yib, bemalol taltayib yotishiga qara buning. (U l t u g‘ a n kirib,uning gaplariga quloq solib turadi.) Meningcha, bu jonini koyitmaslikka o‘rganib, obdon yalqov bo‘lib qolgan. Tog‘alari uyquchi edi.
ULTUG‘AN. Yolg‘on. Tog‘alari qush uyqu bo‘lishgan. Kechga qadar bezdek bo‘lib yotishdan zerikmaydigan o‘zlaring.
ISPANELI. Voy, tavba, odamning og‘zini poylab turasizmi, nima balo. Qachon kela qoldingiz? Abdashim og‘a qayoqda?
ULTUG‘AN. U yig‘ilishga ilashib qolib, chiqolmay o‘tiribdi.
AVG‘ONBEK. Yig‘ilishga ilashgani nimasi?
ULTUG‘AN. Og‘alaring, hokim bo‘laman, deb o‘zini ovozga solib o‘tiribdi.
ISPANELI. Hokim bo‘lmoqchi, deysizmi?!
ULTUG‘AN. Ha. Nimasiga hayron bo‘lasanlar? Nima, Abdashimning kimdan kam joyi bor?
ISPANELI. Uni kamsitayotganimiz yo‘q, o‘z qarindoshimiz. Har qalay… yetti sinflik bilimi bor, xolos…
ULTUG‘ON. Rahbar bo‘lish uchun bilimning hojati yo‘q. O‘tgan zamonlarda biy-bo‘lislar senlarga o‘xshab institut, texnikomni tamomlamayoq elni boshqarib kelishgan.
ISPANELI. Unda zamon boshqacha bo‘lgan. Voy, tovba… Hali biz qaytib ketayotganimizda orqamizdan chiqib kelayotgan edi, shekilli?
AVG‘ONBEK. Bizga ham, biring bo‘lim boshlig‘i, biring rabochkom bo‘lgansanlar, senlar ham o‘z nomzodlaringni saylovga qo‘yinglar, deyishdi. Bizning o‘z tirikchiligimiz bor, deb unamadik.
ISPANELI. Bolasining yotishi bu, u esa hokimlikka davogar bo‘lib, talashib yotibdi! Voy, Xudoning qudrati, odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi? Qo‘llaridan keladimi-kelmaydimi, buni o‘ylamas ekan.
ULTUG‘AN. O‘tgan haftada Bonapartga ikki marta dam solib, uch ming tangani urib ketgan yosh domla bor-ku, ana o‘sha ham hokimlikka davogar emish.
AVG‘ONBEK. Astafirulloh…
ULTUG‘AN. Og‘alaring, ovoz yetmay qolishi mumkin, ikkovini tezda aytib kel, deb meni senlarga jo‘natdi.
AVG‘ONBEK. Xo‘sh, navbatchi kuyov, nima deysan, boramizmi?
ISPANELI. Avval mana bu masalani hal qilib olaylik, keyin ko‘ramiz.
AVG‘ONBEK. Nimasini ko‘ramiz, bormaymiz, vassalom. O‘zlari kimni ma’qul topsa, o‘shani saylayversinlar. Baribir oralarida hokimlikka loyig‘i yo‘q ekan.
ULTUG‘AN. Shunday qilib, o‘z qarindoshlaringni o‘zlaring etagidan tortaveringlar!
ISPANELI. Hoy, yanga, gapirsa, gapirdi, deysiz, Abdashimning hokimlikka nima aloqasi bor? O‘z tashvishimiz o‘zimizga yetmaydimi? O‘g‘lining yotishi mana bu! Hatto odam bilan so‘zlashuvdan qoldi. Yaxshisi, tez borib o‘zini chaqirib keling. Muhim ish bor.
ULTUG‘AN (B o n a p a r t ning boshini silab). O‘zim aylanay bolamdan! Hozir mazali sho‘rva pishirib beraman. (Chiqib ketadi.)
ISPANELI. Hoy, gazetangni qo‘yib tur-chi. (Uning qo‘lidagi gazetani tortib oladi.) Esi pas odamdek, bu yotishing nimasi-a? Bir nima desang-chi.
BONAPART. Nima deyman? Barini o‘zlaringiz aytyapsizlar-u.
AVG‘ONBEK (ko‘rpa tagidan shisha olib). Hey, mana bu shisha bu yerda nima qilib yotibdi?
BONAPART. Suv-ku…
AVG‘ONBEK. Suv bo‘lsa nimaga qo‘yningga solib yotibsan? (Shishaning tiqinini ochib, ichib ko‘radi, yana ichadi,so‘ng tilining uchi bilan mazasini tatib ko‘rib) Hoy, aroq-ku buning! Nima balo, aroq ichib yotibsanmi, jin urgur?!
BONAPART. Tunov kuni, tez sog‘ayasan, deb yigitlar qoldirib ketishgan edi.
ISPANELI. Voy, muttaham-ey! Og‘zidan burqib aroq hidi kelib turibdi!
BONAPART. Ha, endi, bekorchi bo‘lib yotgandan keyin…
AVG‘ONBEK. Bu qalaycha gazeta o‘qig‘ich bo‘lib qoldi, desam, gap bu yoqda ekan-da. Aroq hidi burqib turgan og‘zini gazeta bilan berkitib yotar ekan.Bu turishingda bir yilda ham tuzalmaysan, bildingmi, bir yilda ham! (Aroqdan bir-ikki qultum yutadi.) Odam aroq deganni qo‘yinga solib yotadimi! Kir yuvadigan suvday issib ketibdi!
ISPANELI. Rostdan aroq ekanmi? Qani? (U ham aroqdan bir necha qultim ichadi.) Ertalabdan kechga qadar mast bo‘lib yotadigan bo‘lsang sog‘ayib ketishing qiyin. Alkash!
AVG‘ONBEK. Otang klubda o‘z dardi bilan yurgan bo‘lsa. Sening yotishing bu! (Yana aroqdan bir-ikki ho‘playdi.)
ISPANELI. Ret oqsoqol g‘irt avliyo, bir narsani sezgan ekan. Harom ovqat bor yerga parishta yo‘lamaydi, degan edi. (A v g‘ o n b ye k ning qo‘lidan shishani olib, yana bir-ikki xo‘playdi.)
AVG‘ONBEK. (B o n a p a r t g a). Aroqni kim olib kelib bera qoldi?
BONAPART. Cherchill bilan Ruzvelt.
AVG‘ONBEK. Ha, aroqxo‘r hamtovoqlaring o‘shalar-da.
BONAPART. O‘zlaringiz-chi?
ISPANELI. Rost aytasan, barcha ayb o‘zimizda. “Baliq boshidan…” deganlaridek,..Endi barini o‘zimizdan boshlashimizga to‘g‘ri keladi… O‘zimizdan! Hay, bu yog‘i bir gap bo‘lar… Avg‘onbek, kel, yaxshisi qo‘shiq aytaylik. Bo‘lmasa yuragim naq tars yoriladi. (Qo‘shiq ayta boshlaydi.)

Chapay kiradi. Qo‘shiq to‘xtaydi.

ChAPAY. Avg‘onbek amaki, bir soatdan keyin teleekranda Kashpirovs­kiyning seansi boshlanar ekan. Butun qishloq shunga hozirlik ko‘ryapti. Klubdagi yig‘ilish ham ertaga qoldirilibdi.
ISPANELI. Hokim bo‘laman, deb hovliqib yurgan otang qayerda?
ChAPAY. Ular ham shu yerga kelyapti. Tayyorgarlik ko‘raverishsin, deb meni yuborishdi.
AVG‘ONBEK. Tayyorlansak tayyorlanaylik, bizdan nima ketdi… Oltinchi marta turmushga chiqayotgan ayol: “Bu bosh nimalarni ko‘rmagan bosh”, degan ekan.
ISPANELI. Televizorni shu yerga olib kelish kerak. Bonapart ham tilasin tilagini.
AVG‘ONBEK. Bu yerda televizor ulanadigan rozetka yo‘q. Katta xonaga chiqamiz.
ISPANELI. Bonapart, qaddingni ko‘tar. Kashpirovskiy degan tilsimchiga sajda qilamiz. Sen bahona biz ham uncha-muncha dardimizga shifo topsak, ajabmas. Avg‘onbek, sen Bonapart mirzaning bir qo‘ltig‘idan ko‘tar. O‘-o‘, badnafs, shishani bo‘shatibsan-ku!

Nur so‘nadi.

Beshinchi ko‘rinish

Katta xona. A v g‘ o n b ye k, I s p a n e l i va B o n a p a r t ro‘paralarida turgan televizorga qarab o‘tirishibdi. Televizorning ekrani tomoshabinlarga ko‘rinmaydi. O‘sha tomondan taralayotgan mayin kuy tovushi sekinlashib, K a sh-
p i r o v s k i y ning ovozi eshitiladi.

KAShPIROVSKIYNING OVOZI. “Men kasalliklarning nomini atmayman. Mening gaplarimdagi tilsim qudratining o‘zi kasalliklarni qidirib topadi. Odamning a’zolarida bizga ma’lum bo‘lmagan alohida quvvat bor. Men tanalaringizdagi ana shu quvvatni uyg‘otaman. Uyg‘ongan quvvat esa odamning vujudidagi barcha kasalliklarni topib, ularga qarshi o‘zi kurashadi. Seans chog‘ida sizlar hech narsani o‘ylamangizlar, kasalliklaringizni unutsalaringiz ham bo‘ladi. Seansning quvvati bu holatda dardni o‘zi qidirib topadi. Men to‘g‘rimda nima o‘ylasalaringiz o‘ylayveringizlar. Men buni ko‘nglimga olmayman. Men sizlarga faqat ezgulik tilayman. Sizlar hozir mudrab uyquga keta boshlaysizlar”.
A v g‘ o n b ye k bilan I s p a n e l i, K a sh p i r o v s k i yning gaplari ta’siridami yoki hali ichilgan aroqning kayfidanmi, boshlari quyi egilib, mudray boshlaydi.
KAShPIROVSKIYNING OVOZI. “Men buyruq beraman: bir, ikki, uch, to‘rt…”
AVG‘ONBEK (boshini ko‘tarib, B o n a p a r t ga). Qalay, ta’sir qilyaptimi?
BONAPART. Bilmadim.
ISPANELI. Bu dunyodan hech narsa bilmay o‘tib ketasan, shekilli. O‘zing bilmasang, sen uchun men bilishim kerakmi?
AVG‘ONBEK. Obdon o‘ranib olibsan-ku. Ochib yotsang-chi!
ISPANELI. Uyalma. Butkul erkaklar o‘tiribmiz-ku. Kashpirovskiy ko‘rsin…Ha, balli, shunaqa ko‘rsatib yot.
KAShPIROVSKIYNING OVOZI. “Har qanday kasallikda ham ishonish zarur. Astoydil ishonsalaringiz, men aytadigan shifobaxsh so‘zlar hatto minglagan chaqirimlardan ta’sir qila oladi. Bu – ishonch kuchi, quvvat kuchi. Men sizlarga ishonaman. Men sizlarni hurmat qilaman. Men sizlarning salomatliklaringizni o‘ylab, tun bo‘yi mijja qoqmay chiqaman. Sezib turibman, tanalaringiz bo‘shashib, uyqu elta boshladi. Ko‘zlaringizni yumingizlar. Uxlangizlar. Xayolga cho‘mib, moviy osmonda parvoz etingizlar… Endi uyg‘ota boshlayman. O‘nga qadar sanayman. Bir, ikki, uch, to‘rt…”
AVG‘ONBEK. Bonapart, o‘zgarish bormi?

B o n a p a r t javob bermaydi.

(Ispaneliga) Bu xurullab uxlab yotibdi-ku. Yur, joyiga olib chiqib yotqizaylik.
ISPANELI. Gumroh!.. Otasi ham uxlab qolibdi. Hoy, Abake, seans tamom bo‘ldi, boshingni ko‘tar.
ABDAShIM (uyqu aralash g‘uldirab). “Tavakkal” partiyasi zaldan haydab chiqarilsin! Doloy!
ISPANELI (hiringlab kulib). Hoy, nodon, siyosatga aralashib nima qilasan!

U l t u g‘ a n kiradi.

ULTUG‘AN. Qalay, shifo topadigan chamasi bormi?
AVG‘ONBEK. Bo‘ladi, yanga, bo‘ladi. Inimiz pixillab uxlab qoldi-ku. Xudo shu yo‘sinda shifo bersa ajabmas. Shifo topish uchun shisha kerak, yangajon, shisha!
ULTUG‘ON. Baloyi nafs! Ichib olgan ko‘rinasizlar. U zaharlikni qayoqdan ola qoldilaring?
AVG‘ONBEK. Xudo shifo bersin, degan tilak bilan bir-ikki qultum yutgan edik. Biz bularni olib chiqib, yotqizib kirgunimizcha dasturxon yozib qo‘yarsiz. Katta to‘yni boshlayveraylik.
ULTUG‘AN. Bu xonadonning dasturxoni yig‘ilganini qachon ko‘rgansanlar! Ana u ayollar o‘tirishgan uyda hamma narsa tayyor.
ISPANELI. Baraka toping, yanga. Zotingiz asl-da. Yomon urug‘dan kazo-kazo zotlar chiqarmidi!

I s p a n e l i bilan A v g‘ o n b ye k B o n a p a r t bilan A b d a sh i m ni suyab eshik tomon yurishadi.

ABDAShIM. Yashasin “Xudoga shukur” partiyasi!
AVG‘ONBEK. Ha, yashasin, yashayversin!

Chiqib ketishadi.

Nur so‘nadi.

Beshinchi ko‘rinish

Ommaviy sahna. Bu ko‘rinish qayerda kechayotganligi noma’lum. Buni bilish shart ham emas. Odamlarning g‘ola-g‘ovuri eshitiladi.

OVOZLAR: – Xaloyiq, tinchlaningizlar!
– Avstriyaga ketgan Toshpo‘lat omon-eson qaytib keldi. U hozir bizning ertangi kunimiz qanday bo‘lishligini aytib beradi.
– Necha yilardan beri kutyapmiz. Umuman, qishlog‘imizning kelajagi bormi-yo‘qmi?
– Kutib olingizlar, Globa bilan maslahatlashib qaytgan Toshpo‘lat qarshilaringizda turibdi.
– Barakallo!
– Salomat bo‘l, Toshpo‘lat!
– Xo‘sh, kelajagimiz qanday ekan?
TOShPO‘LAT. Kelajagimiz ajoyib, zo‘r. Turmushimiz farovon, boy-badavlat hayot kechirar ekanmiz.
OVOZLAR: – Aytganing kelsin!
– Og‘zingga moy!
– Xo‘sh, buning uchun biz nima qilishimiz kerak ekan? Globa nima maslahat berdi?
TOShPO‘LAT. Mehnat qilish kerak, dedi.
OVOZLAR: – Nima-a?
– Nima javob qildi deding?
– Takrorla-chi.
TOShPO‘LAT. Mehnat qilish kerak, dedi.
OVOZLAR: – O‘, nomard!
– O‘, befarosat!
– Bola-chaqaning nasibasidan ayirib pul yig‘ib, dunyoning bir chekkasiga jo‘natganimizda, bilib kelganing shu bo‘ldimi?!
– Mehnat qilish kerakligini Globasiz ham bilamiz.
– Yig‘ib bergan pullarimizni qaytarib bersin!
– Aytib turgan gapiga qaranglar buning! O‘-o‘, muttaham!
– Qishloqdan haydash kerak uni!
– Cho‘l-dalaga olib borib tashlanglar!

Toshpo‘lat qochadi, g‘azabga kelgan odamlar uni quvlab chiqib ketishadi. A v g‘ o n b ye k, I s p a n e l i, A b d a sh i m, U l t u g‘ a n yolg‘iz qolishadi.

ABDAShIM. Dunyo telba-teskari bo‘lib ketdimi, deyman! Baraka qolmadi-ku!
AVG‘ONBEK. Yo‘q hamma narsa qadimgidek. O‘zimiz sababchimiz bariga, o‘zimiz aybdormiz.
ISPANELI. Haligi Toshpo‘lat Globaga bordimi-yo‘qmi, gap bunda emas. O‘zi ichidan chiqarib aytgan bo‘lsa ham, gapida jon bor.
ULTUG‘AN. Yig‘ilishlaring ham, Globalaring ham bor bo‘lsin. Ana u bolamning ahvoli qalay?
Rollan kirib keladi.

ISPANELI. Rollan?! Hoy, kechasi nima qilib adashib yuribsan?
ULTUG‘AN. Kel. Salomatmisan?
ROLLAN. Meni mol doktori deb yurgan qaysi biring?
ISPANELI. Xudo asrasin. Bunaqa deb nimamiz bor?
AVG‘ONBEK. Shunaqa degan bo‘lsak, og‘zimiz qiyshayib qolsin.
ABDAShIM. Tilimiz kesilsin.
ROLLAN. Gap bundoq, birovni yomonlamay, orqavarotdan g‘iybat qilmay, har kim o‘z ishini qiladigan bo‘lsin! Aks holda mana bu shpris bilan hammangizga ukol qilib, qotirib tashlayman! Tushinarlimi?
OVOZLAR:
– Albatta.
– Tushunmay o‘libmizmi.
ROLLAN. Sunnat to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, jarohatga mikrob tushgan. Buni mengina emas, oddiy mol doktori ham biladi. Gapning qisqasi, Bonapartlaring batamom sog‘ayib ketdi. Uch kun surunkasiga kechasi kelib, davoladim. (Eshik tomonga o‘girilib), Bonapart! Kir, ota-onang bilan qarindoshlaringga ko‘rin.

Egniga oq xalat kiygan Bonapart kiradi.

ULTUG‘AN. O‘ngimmi, tushimmi?! Doktor qaynim, ming rahmat senga. Endi biz bilan birga o‘tirib tamaddi qil.
ROLLAN. Rahmat. Hozir vaqtim yo‘q, boradigan joylarim bor. Boshqa safar kelarman.
ABDAShIM. Xohlasang, biz bilan birga qudalikka yur.
ROLLAN. Ha, aytgandek, noxush bo‘lsa-da, aytay. Bo‘lajak qudalaringiz, bizni aldashibdi, deb qattiq xafa bo‘lishibdi va nomusga chiday olmay Sirdaryoning narigi tomoniga ko‘chib ketishibdi.
ABDAShIM. Ko‘chgani nimasi?
ULTUG‘AN. El-yurtga obdon masxara bo‘libmiz-da.
ABDAShIM. Odamlarga nima deymiz endi?
ULTUG‘AN. Yarmisini berib qo‘ygan qalin molimiz nima bo‘ladi?
ROLLAN. Qiz, bunaqa sharmanda bo‘lganimdan suvga cho‘kib o‘lganim yaxshi, deb daryoga chopib ketayotgan chog‘ida arang ushlashib, uyga olib kelib qamab qo‘yishibdi.
ULTUG‘AN. U bechora ham bizning bolamizning ahvoliga tushgan ekan-da.
AVG‘ONBEK. Bu ikkovining taqdiri bir degan gap. Bunday odamlarning bir-biriga muhabbati boqiy bo‘ladi.
ABDAShIM. Yopiray, endi nima qilamiz?
ROLLAN. Borib, qulluq qilib, tiz cho‘kib, uzr so‘rangizlar. Balki kechirishar.
ABDAShIM. Shundan boshqa ilojimiz ham yo‘q.
ROLLAN. Men boray. Sizlarga omad tilayman. (Chiqib ketadi)

Qolganlar B o n a p a r t ni o‘rtaga olishadi.

AVG‘ONBEK. Qani, u yoq-bu yoqqa yur-chi.

Bonapart u yoqdan bu yoqqa yuradi.

ISPANELI. Sakrab ko‘r-chi.

B o n a p a r t kursiga chiqib, yerga sakraydi.

AVG‘ONBEK. Barakalla. Shuncha kun bekor yotmabsan… Kuyov bo‘lib borishingga endi ishonch hosil qilgandirsan.
ISPANELI. Uf-f! Xudoga shukur-ey.
AVG‘ONBEK. Ertaga ikkovimiz ikki otga minib, biy dalaga borib, poyga qilib qaytamiz. Nima deysan?
BONAPART. Siz nima desangiz – shu.
ABDAShIM. Ertangi yig‘ilish nima bo‘ladi?
ISPANELI. Yig‘ilishingni qo‘y, yaxshisi, Ret oqsoqol uchovimiz qishloqdan qochib ketgan qudalarimizning oyog‘iga bosh urib, kechirim so‘ragani boramiz.
ULTUG‘AN. Unda yana sovg‘a-salom tayyorlashimiz kerak bo‘ladi.
ISPAELI. Albatta.

Yana B ye k t u r – V i k t o r paydo bo‘ladi.

BEKTUR. Amerikaning Baltimor shahar sudi qozoq qizi Galiya Asanovani, odam o‘ldirishda ishtirok etgan, degan qalbaki aybnoma bilan umrbod qamoqqa hukm qilibdi. Qozog‘istonliklar qizimizni himoya qilish u yoqda tursin, sud jarayoniga mutlaqo aralashmagan. Markazdagi yuqori tashkilotlaru ziyolilarimiz vakillari ham bu haqda lom-mim demay qolavergan… Ko‘zingni och, qozog‘im! Uyg‘on, qozog‘im! (Chiqib ketadi.)
ISPANELI. Boshimiz g‘ovlab, garangsib turganimizda, bu Bektur-Viktor yana qayodan kelib qoldi?!
AVG‘ONBEK. “Uyg‘on, qozoq!” deydi-ya! Nima, uxlab yotgan ekanmizmi!
ABDAShIM. Mening o‘yimcha, jo‘n odammas u. El oralab yurgan Xizr bo‘lishi ham mumkin.
AVG‘ONBEK. Topgan gapingizni qarang-u, bunaqa zamonda Xizr nima qilsin. Ular allaqachon bezib ketishgan.
ir nima qilsin. Ular allaqachon bezib ketishgan.
ABDAShIM. Har qalay odam o‘ylanib qolar ekan-da.
ISPANELI. Hozir boshqa narsa haqida o‘ylash kerak. Shunday qilib, ertaga yo‘lga chiqadigan bo‘ldikmi?
ABDAShIM. Hozirgina shunga kelishdik-ku.
AVG‘ONBEK. Xo‘sh, Bonapart Abdashim o‘g‘li! Xotin olishga tayyormisan?
BONAPART. O‘sha qiznimi?
AVG‘ONBEK. O‘sha qiznimi, degani nimasi! Nima sen uchun o‘shami, boshqami – bari birmi?
BONAPART. Yo‘q, albatta.
AVG‘ONBEK. Bo‘lmasa nimaga so‘rayapsan?! Bo‘pti. Endi ertangi kunga hozirlik ko‘raylik.

Nur so‘nadi.

Parda oldi

Yoqimli kuy eshitilib, parda ortidan Ch a p a y chiqib keladi..

ChAPAY (u yoqdan-bu yoqqa yurib). Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan bo‘ldi! Barchangizni to‘yga taklif qilamiz. Albatta kelingizlar! Quvonchimizga sherik bo‘lingizlar!

Nur so‘nib, parda tushadi.

T a m o m

Qozoq tilidan Muhammad Xayrullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son