— Siz Tartalo haqida eshitmaganmisiz? Yo‘q? Hay, mayli, shunaqasiyam bo‘p turadi. Bu ko‘rgiliklar uning boshiga qachon tushganini eslolmayapman. Keyingi paytlarda xotiram yomonlashib ketyapti.
Xullas, yoz kunlari edi. Tartalo urushga boradigan bo‘p qoldi. Urush – urush-da! Tartaloni birov u yoqqa oyoq-qo‘lini bog‘lab sudragani yo‘q. O‘shanda vatanparvarlik, fidoyilik urfga kirgan paytlar edi. Lekin, Tartaloni o‘taketgan millatsevar, vatanparvar deb ham bo‘lmasdi. Maqsad pul edi, vassalom.
Urushga otlanishdan avval tanish-bilishlar, yor-do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilarni yig‘di, bazm uyushtirdi, dasturxon yozdi. O‘yin-kulgi bo‘ldi. Vatan sharafiga qadahlar to‘qishtirildi. O‘ziyam sharob degani ariqday oqdi. Tartalo tushmagur mehmonlarni jo‘natib bo‘lgach… Ishqilib, bo‘lar ish bo‘ldi-da,
Xullas, Tartalo ota-bobolar vasiyatini ado etib bo‘lgach, sahargacha uyquni urdi. Saharda yuk mashinasining kuzovidan joy olib, ufq tarafga qarab yo‘lga tushdi. Xotini erining qorasi o‘chguncha ivib ketgan dastro‘molini silkitib turdi. Erini nimalar kutayotganidan bexabar ayoli uyiga kelib, xo‘p yig‘ladi. Tevarak-atrofdagilar, Tartalo ham boshqalarga o‘xshab, bir-ikki haftada cho‘ntagi pulga to‘lib qaytib kelsa kerak, degan fikrda edilar. Lekin to‘qqiz oygacha, xotinining ko‘zi yoriguncha undan nom-nishon bo‘lmadi. Xotiniyam ja uddaburon ayol edi. Uy ishlarini saranjomlab, dalada ham butun xo‘jalikni shu yuritardi. Qo‘lidan har balo kelardi.
…Tartalo urushda baliqchilik qilar, oshig‘i olchi edi. Qanaqasiga deysizmi? Mana qarang, jangchilarga oziq-ovqat kerakmi? Kerak! Qora dengizdan baliq ovlash uchun dinamit portlatish kerakmi? Albatta-da, bo‘lmasa, butun batallonga baliq yetkazib bo‘ladimi?
…Dushmanlar quvilib, urush sal oxirlagan payti qaysi go‘rdandir eksperiza paydo bo‘ldi-yu, qiziq narsalar yuzaga chiqib qoldi. Tartalo tutib kelgan baliqlar qonun-qoidaga ko‘ra, dengizga dafn etilgan jangchilarning jasadi bilan oziqlangani uchun oddiy askardan tortib, to komandirgacha hamma bir boshdan zaharlanibdi. Kim bilsin yana boshqa biror sababi ham bo‘lsa kerak. Har holda yaxshi ish bo‘lmadi.
Avaxtaga tushishi muqarrarligini anglab, Tartaloning ichiga g‘ulg‘ula tushdi. Tegirmonga tushsa butun chiqadigan Tartalo buning ham chorasini topdi. Yiqqan-terganini ichkari cho‘ntagiga urib, bir nechta hamtovog‘i bilan, hayyo huyt Deya o‘zlarini o‘rmonga urdilar. Endi birorta mard ularni qidirib ko‘rsin-chi? Topadi-ya!
Yangi partizanlar o‘rmon oralab yo‘l topib, uy-uylariga ketish harakatida edilar. Kun o‘tgani sari yashash qiyinlashi borardi. O‘rmonda faqat kapalak tutib yeb kun o‘tkazdilar. Kapalak ham och qoringa shirin tuyularkan. Tartalo besh oltita kapalakni paqqos tushirgach, o‘tloqqa yumalab, osmonga tikilib, shirin xayollar surib ketardi. Xayolan, ko‘kka parvoz etar, o‘z qishlog‘i ustidan ham uchib o‘tardi. Ana osmoni falakdan o‘z uylari ko‘rindi. Xotini ovqat tayyorlash tadorigida. Parvozda mast bo‘lgan Tartalo kulimsiragancha, ortiga qaytardi. Bechora qayerdan bilsin, qayerdanam bilsin, vaqti kelib…
…Uni hinorang villisda uyiga olib kelishganda, xotinining oy kuni yaqin qolgandi. Opkelishga-ku, opkelishdi-ya, ammo, qay holatda deng? Ikki qulog‘i kar, ikki ko‘zi ko‘r, cho‘ntaklari esa, pulga liq to‘la. Xotini naq aqldan ozayozdi. Sochlarin yulib faryod soldi. Axir ko‘r, kar eri bilan endi qanday yashaydi? O‘sha oqshom ayolni dard tutdi. Tartaloning esa, hech gapdan xabari yo‘q edi. Hech narsani ko‘rolmasa, hech narsani eshitolmasa, qayerdanam xabari bo‘lsin? Faqat, derazaning raxiga tayanganicha o‘zicha ming‘irlab o‘tirardi:
— Agar men yetti martadan ko‘p yo‘limdan adashsam, meni kechirarmiding? Agar men…
Xotini ming bir azob ichida ko‘zi yoridi. Hammasiga chidadi. U ojiza ham qursog‘idan qo‘ng‘ir sochli, olma yonoqli, qo‘chqordek bir o‘g‘il tushini orzu qilgandi-da. Xoh ishonig, xoh ishonmang, undan yuzini ajin bosgan, ko‘rinishi sakson yoshli cholni eslatadigan bir qariya dunyoga keldi. Ayol bechora ham nima qilsin? O‘zi qornida to‘qqiz oy ko‘targan farzandi-da, Ko‘kragini qari go‘dakka tutdi. Go‘dak ham tamshanib emishga tushdi va. Xudoning qudrati bilan onaning ko‘z oldida yoshara boshladi. Tartalo esa, hamon hech narsani ko‘rmas, eshitmas, deraza oldida o‘tirgancha bir gapni qaytarardi:
“Agar men yetti martadan ko‘p lafzimdan qaytsam meni kechirarmiding? Agar men yetti martadan…”
Shu payt yana bir ajoyibot yuz berdi. Ayol tezlikda qarimsiq tusga kira boshladi. Qari go‘dak esa, tobor yasharib, kuch-quvvatga to‘lardi. Hovlida kech tushgan, quyosh tog‘larni tepalarni, tog‘larni qon rangiga bo‘yayotgan edi. Ha, nega munaqa qaraysiz? Ishonmayapsizmi?
Xullas, ona suti chaqaloq vujudiga tarqalgani sayin unga qudrat baxsh etardi. Bechora ona, bir pasda bir hovuch ustuxonga aylandi qoldi. Qisqa fursatda bola Tartaloning urushga ketmasidan avvalgi qiyofasiga kirdi. Ona esa, bir pasda qarib-qartayib, omonatini topshirdi.
…Vaqt o‘tib borar, Tartalo esa, deraza oldida o‘tirgancha, ming‘irlardi:
“Agar men yetti martadan ko‘p qoqqilsam, meni kechirarmiding? Agar men yetti martadan ko‘p xiyonat qilsam kechirarmiding? U yerda, o‘rmonda biz yetti nafar emas. Undan ikki hissa ko‘proq edik. Har birimiz, o‘t-olov edik, Badagnimizdan kuch yog‘ilardi. Asta-sekin ilgarilab borardik. Izg‘irin kuzakning bizga ham, o‘rmonga ham rahmi kelmasdi. Dushmanlarimiz biz berkingan joyni bilishardi. Ba’zan otishmalar ham bo‘p turardi. Qo‘ldan kelgancha javob qaytarardik. Hammamiz o‘rmon bo‘ylab ketaverdik. Sovuq naq enamizni ko‘rsatardi. Kapalaklar ham uchramay qo‘ydi. Suv-ku, muammo emasdi. U taraflarda yomg‘ir ko‘p yog‘adi. Bir amallardik. Oshqozonni faqat suv bilan aldardik. Kir-chir, soqollarimiz o‘sgan holda tuproqqa uzanib uxlar, sovuqdan o‘lmaslik uchun bir-birimizning pinjimizga tiqilib tong ottirardik. O‘sha qishloqqa borguncha o‘lib-tirilib yo‘l bosdik. Bu paytda bor-yo‘g‘i sakkiz kishi qolgandik. Umidimiz borgan sari so‘nib borardi. Yo‘l-yo‘lakay o‘zimni aylantirib so‘kardim: Men ahmoq qishloqda tinch yuraversam bo‘lmasmidi? Yo bo‘lmasa, piyoda askarlar safida qaytsam nima bo‘lardi? Pulim ham yetarlicha edi. Insoning ko‘zi och-da, och. Yana ozroq pul to‘play, yana ozroq, deb shu ahvolga tushib o‘tiribman. Nima bo‘ldi? Mana, baliqdan orttirganim ham namda, yomg‘irda ivib, chirib bitdi. Kuz payti, o‘rmonda, bunaqa namgarchilikka odam chidolmayapti-ku, qog‘oz chidarmidi?
…Boshimizning ustidan o‘qlar vizillab o‘ta boshladi. Ajab bo‘ldi, xo‘b bo‘ldi! Vaqtida ko‘zing ochilmadi, endi kuningni ko‘rasan.
Xullasi kalom, umidsiz kunlarning birida biz jarlikning etagida Chloxlar yashaydigan qishloqqa yetib bordik. Ularni uylaridan tanidik. Faqat o‘shalargina ana shunday usulda uy qurishadi. G‘alati xalq bular — hech vaqt birovlarning ishiga tumshuq suqmaydilar, Urush boshlanganidan beri qo‘llariga qurol tutishmagan. Hech kimning tarafini olishmagan. O‘z kunlarini o‘zlari ko‘rib, mol boqib, sutini ichib yurgan odamlar-da!
Uzoqdan ko‘rib bildikki, qishloqdagi patrul xodimlari bizga qarshi urushayotgan to‘dadan ekan. Ammo, kuch-quvvatimiz qolmagandi. Bu yerda biroz nafas rostlamasak. Holimiz xarob edi. Nima qilishniyam bilmasdik. Hatto qarshilik ko‘rsatishga yetadigan patronimiz qolmagandi. Dushmanga ko‘ngilli ravishda taslim bo‘lish esa, o‘lim bilan baravar. Bir payt qarasak, uzoqdan mahalliy chloxlardan biri biz tarafga kelayotir. Yoshi o‘tibroq qolgan, yuzlari ajinga to‘la, soqolli chlox bizga rahmi keldi. Bilsak, qishloq oqsoqoli ekan. Qosh qorayishini kutdik, keyin patrulning ko‘zini shamg‘alat qilib, chlox bizni qishloqqa olib kirdi. Qarasak, patrulchilar uyquni urishyapti. Besh o‘nta o‘q bilan ularning masalasini hal qilsak bo‘lardi. Oqsosoql qo‘ymadi. Bizni har xil uylarga joylashtirib chiqdi. Bir necha kundan keyin bir ilojini topib, katta yo‘lgacha olib chiqib qo‘yishga va’da berdi….
Chloxlar juda oqko‘ngil, mehribon odamlar bo‘lishadi. Bizni yedirib ichirdilar, yuvib taradilar, kiyimlarimimzni yangilab berishdi. Patrul hech narsadan xabar topmadi. Bu yerdan eson-omon katta yo‘lga chiqib olsak. Oxir-oqibat uy-uyimizga yetib olamiz-da! Lekin, xom-xayol qilgan ekanmiz…
Pul nima ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Pul bu obro‘-e’tibor, kuch-qudrat, sayru sayohat degani. Pul qimmatbaho chet el mashinalari, shahar markazidagi besh xonali kvartira, tog‘ yon bag‘ridagi hashamatli dala hovli degani. Pul –sog‘-salomatlik, go‘zallik, xursandchilik degani. Pul, baland ovoz, tik qomat, jannat havosi, xullas bularning bari bir paytda mavjud bo‘lishi demakdir.
Ja ko‘p gapirvordimmi? Qisqasi, oramizdan kimdir sotqin bo‘lib chiqdi. Bizni pulga sotdi, patrulga xabar yetkazdi… Hammamizni safga tizib, o‘qqa tutdilar. Xoin ana shu pulni deb bizga xiyonat qildi. Patrul xodimlari quvonchdan o‘zlarini qo‘yarga joy topa olmasdilar. Axir bu ular uchun juda katta mukofot, unvon, yuksalish degani edi. Pulga sotilgan hamrohimizni ham obdon siylab, cho‘ntagini pulga to‘ldirib, vaqtincha yashab turishi uchun chloxlar qishlog‘iga qaytardilar.
Siz chloxlarni bilasizmi? Ular xiyonatni, sotqinlikni aslo kechira olmaydilar. O‘zgalar tugul hatto, o‘z odamlarini ham ayamaydilar. Haligi sotqinni bir ovloqqa olib o‘tdilar. Avvaliga rosa kaltakladilar. Keyin… Ikki qulog‘ina kar qilishdi, ikki ko‘zini o‘yib olishdi. Endi na ko‘radi, na eshitadi. Lekin, uning bir tiyiniga ham tegmadilar. Pullari cho‘ntagida qoldi. O‘shandan beri u ana shunday yashab kelyapti….
Ha, qalay, endiyam ishonmayapsizmi? Har odam o‘zidan o‘tganini o‘zi yaxshi biladi. Menam bilganim, esimda qolgan narsalarning deyarli hammasini sizga aytib berdim. Hech narsa esimdan chiqmadi shekilli.
…U keksa odam edi, tamomila kuchdan qolgan, bechorahol. Ko‘zlari ham harakatsiz. Ro‘parasida hech kim bo‘lmasa-da, yo‘q “tinglovchi” bilan bosh irg‘ab xayr-manzur qilgan bo‘ldi. Aslida hikoya boshlanganidan to tugaguncha stul bo‘m-bo‘sh edi. Hassasini do‘qqillatgancha eshik tarafga qarab yurdi:
— Agar yetti martadan ko‘proq adashsam, meni kechirarmiding? Agar…
Kimsasiz qishloq yemakxonasida faqat shu so‘zlarning aks-sadosi qoldi. Tashqariga esa sovuq etni junjiktirardi.
Iqbol Humoyun tarjimasi