Aziz Nesin. Xushtak afandim (hikoya)

Rosa holdan toyganman. Toleim pastga o‘xshaydi, qayerga ish so‘rab bormayin, yo‘q, degan javobni olaman. Ahvoling nochor bo‘lganidan keyin miyaga har xil bo‘lar-bo‘lmas fikrlar kelaverarkan. O‘zim Machkadan Do‘lmabog‘cha tomonga qarab ketyapmanu, yetti uxlab tushga kirmaydigan xayollar og‘ushidaman. Bir payt qarasam, stadionning oldidan chiqib qolibman. Xuddi qiyomat qoyim bo‘lganga o‘xshaydi. Atrof-tevarak g‘uj-g‘uj odam, o‘tib ketishning sira iloji yo‘q. Bular stadionga qandoq kirishadi? Hayronman. Girdobga tushib qolgan odamday turgan joyimda gir-gir aylanaman. Ba’zan yuqoridan bosib qolishsa, ellik qadam orqaga tashlaymiz, orqadan surib kelishadigan bo‘lsa, yana shuncha oldinga siljiymiz. Goho olomon to‘rt tomondan chunonam qisib keladiki, turgan yerimda chirpirak bo‘lib ketaman.
Bundoq qarasam, olomonni yorib o‘tishning hech iloji yo‘q. Aslida-ku bo‘lar ish bo‘ldi, deb qo‘l qovushtirib o‘tirganim yo‘g‘-a, ammo qanchalik urinib-surinsam ham kuchim yetmadi. Nazarimda, katta bir o‘pqonga tushib qolganmanu, buning ichidan endi hecham chiqolmaydigandayman. Qanchalik o‘zimni to‘rt tomonga urib, qo‘l-oyog‘imni nshga solmayin, baribir nafasim bo‘g‘ilib, shu yerning o‘zida asfalasofilinga ketvoradiganga o‘xshayman.
Shu tariqa dunyodan umidimni uzib turgan edim, birdan churillagan hushtak ovozi eshitilib qoldi. O‘ziyam ketvorgan hushtak ekan shekilli, tug‘ma karlarning qulog‘ini ham qomatga keltirvoradi. Hozirgina qaynab, ko‘pirib turgan olomon bir zumda qoq ikkiga ajralib, hushtak chalgan odamga yo‘l bo‘shatdi. Kim ekan bu azamat, deb bundoq qarasam, o‘zimizning Musa kelyapti!
— Musa-a-a! — deb qichqirib yubordim suyunganimdan. Aslida-ku «huv Musa!» deb chaqirsam ham bo‘lardi-ya, lekin hushtakka hurmat zo‘r ekanmi menda, haytovur undoq qilmadim. Meni ko‘rib, Musa oldimga keldi, qo‘limdan ushlab, o‘zi bilan olib ketdi. Ildam yurib ketdik. Mabodo biror yerdan o‘tolmay qolsak, oshnam hushtagini churillatib qo‘yadi. Odamlar bir-birini yiqitib bo‘lsa ham, darrov bizga yo‘l bo‘shatishadi. Oldinda Musa, orqada men — shu tariqa stadionning eshigiga yetib oldik. Musa yana hushtak chalgan edi, eshikda turgan bir odam «buyursinlar!» deb bizni ichkari qo‘yib yubordi.
— Sport bo‘yicha kattakon bo‘ldingmi, Musa? Bu qandoq gap o‘zi, hushtak chalsang, hamma senga yo‘l beradigan bo‘pti? — hayron bo‘lib so‘radim undan, bir oz nafasimni rostlab olgach.
— Qo‘yaver, parvo qilma. Xo‘sh, o‘zingdan gapir, qayerda ishlayapsan?
— Hech qayerda. Besh oydan buyon ishsizman. Erkaklarga ish yo‘q. Hozir yo‘l-yo‘lakay shuni o‘ylab kelayotgan edim. Ozroq grim qilib xotin kishi bo‘lib olsammikin, degan xayolga ham bordim. Ammo bu masalada birovni ayblab ham bo‘lmaydi. Mening o‘zimga ham biror xizmatchi kerak bo‘lsa, g‘o‘dayib kirib, g‘o‘dayib chiqadigan erkaklardan ko‘ra ayol kishini afzal ko‘rardim. Niyatimda biror g‘araz bo‘lgani uchunmas. Axir erkak bilan ayolning qiladigan ishi bir bo‘lganidan keyin oladigan odaming chiroyliroq bo‘lgani ma’qul emasmi? Loaqal husnini ko‘rib, yayrab o‘tirasan-ku.
— Bo‘ldi, bo‘ldi. Miyang aynib qolganga o‘xshaydi.
— Sen ham besh oy ishsiz yurib ko‘r, keyin bilasan.
Maydonda o‘yin boshlanib qoldi, ikkovimiz o‘yinga berilib ketdik. Futbol tugaganidan keyin yana ko‘chaga chiqdik. Bu gal ham Musa hushtagini churillatib, yo‘l ochib bordi. Katta ko‘chaga chiqib olgan edik, «mashinaga o‘tiramiz» deb qoldi. Yaxshiku-ya, lekin shu topda mashinaga tushib bo‘ladimi? Mashina yoki avtobusga chiqaman, deb turganlarning keti ko‘rinmaydi. Birorta mashina ko‘rinib qolguday bo‘lsa, tumonat odam yopirilib boradi.
— Hali-beri bizga navbat tegmaydi, ikki-uch kun yotib kutish kerak, deb qo‘ydim.
— Qo‘yaver, ishing bo‘lmasin.
Yonimizdan g‘izillab bir taksi o‘tdi. Musa darrov hushtagini chalib yubordi. Hozirgina to‘xtamay o‘tgan taksi darhol orqaga qaytib, oldimizga ko‘ndalang bo‘ldi. Ikkovimiz chiqib oldik. Shunisi qiziqki, shofyor mashinaga boshqa odam olmadi.
— Transport politsiyasiga boshliq bo‘ldingmi, Musa? — yana hayron bo‘lib so‘radim undan.
Damingni chiqarma, deganday qo‘lini labiga bosdi. Nishontoshida taksidan tushdik. Musa cho‘ntagiga qo‘l soldi.
— Pulingiz kerak emas, jon aka, shuning o‘ziga rahmat, — deb shofyor bola oyog‘ini tirab turib oldi.
— Shofyor tanishmidi? — deb so‘radim Musadan.
— Yo‘q.
— Bo‘lmasa politsiyada kattaroq ishdamisan?
Yana «jim bo‘l» degan ishorani qildi-da, keyin qo‘shib qo‘ydi:
— Manavi joydan biror nima olib, uyga boramiz.
Qassoblik do‘koniga qarab yurdik. Do‘konning oldida odam uymalashib yotibdi, yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi. Hamma yoqda qiy-chuv, to‘polon. Yana Musaning hushtagi ish berdi. Bir churillatib qo‘ygan edi, hamma tinchidi qoldi. Qassobning o‘zi ichkaridan yugurib chiqib, bizni do‘konga boshlab kirdi.
— Bir kilo yumshoqroq go‘sht kerak edi.
— Bosh ustiga, yana nima?
— Miyadan bormi?
— O‘ntasi yetadimi?
Qassob bularni yaxshilab o‘rab berdi. Musa yonidan hamyonini oldi.
— Xafa bo‘laman, beyafandim, — deganicha qassob pulni olishga aslo unamadi. Masalliqni olib, do‘kondan chiqdik.
— Aytsang-chi, endi, Musa, o‘zi nima gap? Yoki munitsipalitetga rais bo‘lib qoldingmi?
— Bugun ko‘chada ovqatlanamiz, — dedi u savolimni yana javobsiz qoldirib. — Ertaga dam olish kuni, masallig‘ kunimizga yaraydi. Yana biror nima olaymi?
— Bo‘lar.
Bu yerdan chiqib, baqqol bilan sabzavotfurushga uchradik. Musa hushtagini kanda qilmadi. Ikki qo‘limiz o‘rog‘liq narsalarga to‘lib ketdi. Ammo bir lira ham pul sarflaganimiz yo‘q. Musa hushtagini churillatib, bitta taksi to‘xtatdi. Uyiga qarab jo‘nadik. Mashinadan tushayotganimizda shofyorga kutib turishni buyurdi.
Oshnam uylanmagan, bir o‘zi turadi. Qo‘limizdagi narsalarni uyiga qo‘yib, ko‘chaga chiqdik. Taksi kutib turgan ekan, to‘g‘ri kazinoga qarab yurdik. Bu shofyor ham pul olmadi.
Kazinoning ichi liq to‘la odam. Musa yonidan hushtagini olib, endi chalaman deb turgan edi, bir gala ofitsiant bilan ko‘rinishidan kazinoning egasiga o‘xshagan bir kishi oldimizga yugurib keldi. Darrov sahnadan pastroqqa joy qilib berishdi, bizdan so‘rab ham o‘tirmay birpasda stol ustini tuzab qo‘yishdi.
— Gapirsang-chi, Musa, kimsan o‘zi? Yo revizorlik qilyapsanmi-a?
Nimani so‘ramay «jim» deydi, bir og‘iz ham javob bermaydi. Musa katta odam bo‘lib ketganga o‘xshaydi-yu, lekin kim bo‘lib ishlayotganikin? O‘ylab-o‘ylab tagiga yetolmayman.
Bir payt o‘yin-kulgi boshlanib ketdi. Rohat qilib o‘tiribmiz. Ofitsiantlar atrofimizda parvona. To‘satdan orqa tomondan shovqin ko‘tarildi. Mast-alast odamlar yoqa bo‘g‘ishib ketishdi. Ish pichoqqa borib taqalay deganida, Musa hushtak chalib yubordi. Hozirgina bir-biri bilan sherday olishib turgan azamatlar churillagan ovozni eshitiboq, dumlarini qisib qolishdi.
Bu Musa tushmagur kim bo‘lib ketdiykin-a? Hech o‘yimga yetolmay qoldim. Ikki yuz lira atrofida yeb-ichgan bo‘lsak kerak, deb o‘tiruvdim, kazinoning egasi bir chaqa ham pul olmadi.
Uyga yana mashinada qaytdik. Ertasiga dam olish kuni keldi. Musa yeng shimarib, ovqatga o‘zi unnab ketdi. Men ketmoqchi bo‘lgan edim, javob bermadi.
— Hech qayoqqa ketmaysan, — dedi u. — Menikida besh-olti kun yuratur. Miyang ham ancha dam oladi.
Uyida bir hafta qolib ketdim. Ikkovimiz rosa aylandik, o‘ynab-kuldik. Kayf-safo qildik. Lekin oshnamdan sariq chaqa ham ketgani yo‘q. Qayerga bormaylik, hamisha uzatgan puli qo‘lida qoladi.
— Hoy Musa, katta odam bo‘lib ketganingni tushunib turibman. Lekin amaling nima, aytsang-chi? — deb rosa yolbordim. Shundayam aytmadi. Oxiri bir kuni:
— Aytsam, birovga gullab qo‘ymaysanmi? — deb so‘radi.
— Aslo.
— So‘z berasan-a?
— Beraman.
— So‘z bitta-ya?
— Bitta.
Menga rosa qasam ichirtirib, birovga aytib qo‘ymasligimga to‘la ishonganidan keyingina cho‘ntagini kovlab, yonidan hushtagini oldi-da, uni o‘pib, peshanasiga surtdi.
— Hamma karomat mana shu hushtakda, oshnam, — dedi u. — Bir kuni Qorako‘yda taksi kutib turuvdim. Odam ko‘p, menga navbat tegishiga ko‘zim yetmaydi. Qo‘limdagi zanjirli hushtagimni o‘ynab, g‘ijinib turgandim, nima bo‘lib ham beixtiyor uni chalib yuboribman. Shu zahotiyoq bir kishi oldimga yugurib kelib, salom berdi. Mening o‘rnimda bo‘lganingda sen nima qilarding shunaqada?
— Hayronman.
— Bilasanmi, men nima qildim? «Tartib o‘rnating, o‘g‘lim», dedim-da, indamay ketaverdim. Nariroq borib ko‘rsam, ko‘chadan o‘tishning hecham iloji yo‘q. Yana hushtak chaldim. G‘izillab ketayotgan mashinalar taqataq to‘xtab qoldi. Ko‘chaning narigi betiga bemalol o‘tib oldim. Oldiniga rosa hayron bo‘ldim, lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rsam, hushtakda chindan ham hikmat ko‘p. Bizda hamma ishlar shuning amri bilan qilinmaydimi, axir? Hushtak chalinsa, kemalar yo‘lga chiqib, poyezdlar joyidan jiladi. Mashinalar hushtak bilan to‘xtaydi. Yoqa bo‘g‘ishganlarni u bir zumda yarashtirib qo‘yadi. Uning ovozini eshitib, ba’zan odamlar tiraqaylab qochishadiyam. Masalan, hozir men uni bir churillagib qo‘ysam, hamma kaklik bolasiday in-iniga kirib ketadi. Ha, do‘stim, bizning yurtimizda hamma narsa hushtakka bog‘liq ekanini men o‘shanda tushundim. Shu-shu meni hushtak boqib kelyapti. Jon og‘ayni, bu gapni zinhor birovga ayta ko‘rma. Aks holda, hushtakchilar ko‘payib, mening bozorim kasod bo‘ladi.
Bu sirni boshqa odamlarga aytmaslikka so‘z berganim to‘g‘ri, ammo yozmaslik haqida oramizda gap bo‘lgani yo‘q. Shunga ko‘ra undan eshitganlarimni yozyapman. Lekin mening ham sizlarga bitta iltimosim bor. Hozir bir gap aytaman, shuni hech kimga bildirmanglar.
Musa bilan xayrlashganimdan keyin men ham darhol hushtak sotib oldim. Taqsim maydonida uning kuchini bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Chalgan hushtagim hech kimga ta’sir qilmadi-yu, lekin o‘zim qamoqqa tushdim. Ertasi kuni gazetalarda mening to‘g‘rimda bo‘lmag‘ur gaplarni yozib chiqishdi: «Bir firibgar qo‘lga tushdi!» «Soxta politsiyachi, muttaham qamoqqa olindi!..» Tepamda xudo turibdi, bir marta hushtak chaldim, xolos, boshqa hech qanaqa gunoh qilganim yo‘q. Shundan keyin tushundimki, bizning yurtimizda hushtakka e’tiqod zo‘ru, ammo uni qoyil qilib chala bilish ham kerak ekan. Menga o‘xshab hushtakni dag‘-dag‘ titrab chaladigan bo‘lsang, darrov joyingni ko‘rsatib qo‘yisharkan.
Sizdan iltimos qilmoqchi bo‘lgan narsam shuki, hushtakni qandoq chalish kerakligini boshqa odamlarga aytib yurmanglar. Chunki churillatishni qoyil qiladiganlar uchun u zo‘r tilsim!

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi