«Har narsaning bir sababi bo‘ladi».
Yo‘q, men aytmoqchi bo‘lgan gap bu emas. Hikoyamni biror aqlli gap bilan boshlamoqchi edim. Qani, bunday deb ko‘raychi: «Tutaqib ketgan odam baribir jahlidan tushadi».
To‘g‘risini aytsam, bunisi ham o‘zimga yoqmay turibdi. Zo‘r gap aytish uchun odamning o‘zi zo‘r bo‘lishi kerak ekan-da. Shuning uchun ham ba’zan o‘zimdan xafa bo‘lib ketaman. Bu yog‘ini so‘rasangiz, hamma hikoyalarimni tarix sahifalariga bitsa arziydigan zo‘r gap bilan boshlagan bo‘lsam ham, shu vaqtgacha na mening va na yozgan narsalarimning qadriga yetadigan odam topilgani yo‘q. Qani, ko‘raylik-chi, zo‘r odamlar aytgan gaplar chindan ham zo‘rmikin? Shunaqa zo‘r odamlardan biri: «Yozda havo issiq bo‘ladi», — degan ekan.
Buni qarang, qanday aqlli, qanday hikmatli gap! Odamzod yuz yillab izlab kelgan haqiqatni u mana shu to‘rt so‘zga jo qilib beribdi. Yana bir zo‘r odam dunyodan ko‘z yumayotib: «Eshiklarni ochib qo‘ying!» — degan ekan. Qanchalik ulug‘, hikmatli so‘zlari bilan insoniyatga yo‘l ko‘rsatib bergan. Bu so‘zlar zamiridagi ma’noni tushunyapsizmi?
Yaxshilab mag‘zini chaqib ko‘ring-a. Mana shu uch so‘zning zamiriga yashiringan chuqur ma’noni tavsiflamoq uchun tom-tom kitob yozsangiz ham ozlik qiladi. Uning nima demoqchiligini bilasizmi? Xo‘sh, nima demoqchi edim? U:«Hoy odamlar!.. Eshakka o‘xshab joylaringda dimiqib yotavermanglar! Yotgan og‘illaringizning eshigini ochib qo‘yinglar, toki ma’rifat nurlari u yerni charog‘on etsin!» demoqchi bo‘lgan.
Yo‘q, unday emas, mana bunday: «Eshiklarni ochib qo‘yinglar! Dunyo ko‘zingizga ko‘rinsin. Ruhiy tutqunlikdan qutuling!»
Aslini olganda, o‘lim to‘shagida yotgan o‘sha zo‘r odamning ham hammaga o‘xshab nafasi qisilganu, bechora: «Eshiklarni ochib qo‘ying!» degan-qo‘ygan.
Bo‘lgan gap shu. Nasib qilsa, men ham qazo qilib narigi dunyoga borishnm bilan darrov Gyoteni qidirib topib:
— Siz hayot bilan vidolashayotganingizda: «Pardani ko‘taring, yana ozroq nur tushsin!» — degan ekansiz. Bu gapning ma’nosi nima? — deb so‘rayman.
Imonim komilki, Gyote kulimsirab shunday deydi:
— Yana ozroq nur tushsin, debmanmi? Ha, endi o‘shanda ko‘zimda nur qolmagan bo‘lsa kerak-da. Tepamda turgan yor-do‘stlarni yaxshiroq ko‘rish uchun shunday degan bo‘lsam ajab emas.
…Ko‘chada ketayotgan edim. Bir uyning eshigidan miyovlaganicha bir mushuk yugurib oldimga chiqdi-yu, tiraqaylab qochib qoldi. Meni bunchalik o‘ylantirib qo‘ygan narsa ham shu mushuk bo‘ldi. Uydan bunchalik miyovlab chiqishining sababi nima ekan? «Har narsaning bir sababi bo‘ladi». Xo‘sh, mushukning jon achchig‘ida uydan yugurib chiqishiga sabab nima?
Men ham sizga mana shuning tarixini hikoya qilib bermoqchiman. Lekin hikoyani qaysi uchidan boshlashni bilolmay turibman. Demokratik printsipga asosan quyidan yuqoriga chiqsammikin yo o‘zimizning sharq odatiga ko‘ra yuqoridan pastga tushganim ma’qulmi? Ochiqroq qilib aytganda, mushukdan ministrga chiqaymi yoki ministrdan mushukka tushaymi? Keling, ota-bobodan qolgan taomilga amal qila qolaylik.
Xullas, mushuk voqeasi, uning kaltak yeb, og‘riq azobiga chidayolmay, ko‘chaga miyovlab chiqish voqeasi mana bunday boshlandi.
Hamma gazetalar birvarakayiga bitta minnstrga qarab o‘t ochishdi. Ministr ham juda g‘azablanib, nima qilishini bilmay qoldi. Odatda u nima qilishini bilmay yuragi siqilsa, hamisha maslahatchisini chaqirtirardi. Bu gal ham u maslahatchisidan allanimani so‘ragan edi, batafsil javobini oldi, sal turib yana bir nima so‘radi, maslahatchi yana yaxshilab javob qaytardi. Lekin ministrning ko‘ngli hamon g‘ash edi. Endi nima qilsin? «Nima qilsa hamki, tutaqib ketgan odam yana jahlidan tushishi kerak». Ministr maslahatchidan yana bir nima so‘radi. Maslahatchi bu ishni qanday bajarganligini aytdi. Yo‘q, buni boshqacha qilish kerak edi. Maslahatchi nega o‘zboshimchalik qildi? Shunaqa ish ham bo‘ladimi? Bo‘ladi! Bo‘lmaydi! Yo‘q, bo‘ladi! Bo‘lmaydi!
Ministr maslahatchisining nozik joyini topib olgandan keyin, boplab so‘kdi. Ana endi ministrning dili taskin topib, yengil tortdi.
«Nima qilsa hamki, tutaqqan odam jahlidan tushishi, o‘z holatiga qaytishi kerak». Maslahatchi jahlidan tushish uchun nima qilishi kerak? Iste’fo bersinmi? Yo‘q, bo‘lmaydi, iste’foga chiqib nima qiladi? U bosh boshqaruvchini chaqirib, bir nima so‘radi. Bosh boshqaruvchi javob berdi. U yana nimanidir so‘radi. Bunisiga ham javob oldi. Yana savol, yana javob. Bosh boshqaruvchi manavi narsani bundoq, anavi narsani undoq qilmasligi kerak edi… Bo‘ldi. Maslahatchi sekretarini chaqirdi:
— Qani, yoz!
Maslahatchi gapirib turdi, sekretar yozib bordi. Shundan keyin u ancha yengil tortganday bo‘ldi. Agar shunday qilmaganda, yuragi tars yorilib ketishi hech gap emas edi.
Xo‘p, yaxshi, xo‘sh, endi bosh boshqaruvchi nima qilsin? Maslahatchi yozdirgan narsalarni hazm qilish unga osonmi? Bosh boshqaruvchi tugmachani bosdi:
— Inspektor Alibeyni chaqiring!
— Alibey o‘n kundan buyon safarda-ku.
— Bo‘lmasa Valibeyni chaqiring.
Inspektor Valibey kirdi.
— Xizmat, beyafandim!
— Falon ish qay ahvolda?
— Bitgan, beyafandim!
— Anavi-chi?
— Unisi ham.
— Qay tarzda bitkazilgan?
— Mana bundoq, afandim!
— Uni bunaqa qilmaslik kerak edi-da! Bunday qiling, deb kim aytdi sizga? Bu ishni mana bundoq qilish kerak edi. Senlarga o‘rgataverib o‘zimga qolmadi.
Bosh boshqaruvchi rosa uning po‘stagini qoqdi. Uh, bu yorug‘ dunyoda alamdan chiqadigan kun bor ekan-ku, shu bo‘lmasa ahvoli ne kechardi.
Endi inspektor nima qilsin? Bu alamlarni indamay ichiga yutib ketaversinmi? Yo‘q, yutib ketavergan bilan bo‘lmaydi.
— Mudirbey!
— Labbay, taqsir!
— Labbaying nimasi? Ertalab nima devdim senga?
— Ertalab deysizmi? Hech nima demovdingiz.
— Nega demagan ekanman? Allanarsa degan edim-ku,
— Bugun ertalab sizni ko‘rganim yo‘q-ku.
— E, bugun bo‘lmasa kecha aytgandirman.
— Kecha betob edingiz, ishga chiqmovdingiz.
— Demak, o‘tgan kuni aytgan ekanman-da.
— Ha, to‘g‘ri, nimayam devdingiz.
— Nima degan edim? Aytgan bo‘lsam, nega shu vaqtgacha qilinmadi? Bunaqasi ketmaydi, bildingmi?! Ikkinchi bunaqa qilma! Qat’iyan man qilaman!
Mudirning ta’bi namozshom bo‘ldi. «Nima qilsa hamki, jahldan tushish kerak».
— Muovinimni chaqiring!
— Xo‘p bo‘ladi!
Mudirning o‘rinbosari xonaga kirdi. Mudir so‘radi:
— «D» ro‘yxati tuzib bo‘lindimi?
— Bo‘ldi, afandim.
— Hammasi bitdimi?
— Ha, bitdi.
— Qog‘ozlar tirkaldimi?
— Shundoq, afandim.
Qani endi mudirning hovurini bosadigan biror ishkal chiqa qolsa-chi?
— Hammasi jo‘natildimi?
— Ha, jo‘natildi.
Shu xat o‘lgurlar sal kechikkanda-ku, mudir janjal chiqarishga bahona topardi-ya.
— Qachon jo‘natildi?
— Kecha.
— Nima? Kecha deysizmi? Bu hanaqa bema’nilik, bu qanaqa dangasalik? Hech kimning ishlagisi kelmaydi-ya. Ishlash kerak, ishlash! Men talab qilaman! Tushunarlimi?!
Birovni koyisang, shunahayam yengil tortasanki!..
Mudir o‘rinbosari bo‘lim boshlig‘ining oldiga kirib keldi-da, tutaqib so‘radi:
— Bular nimasi?
— Buxgalteriyaga jo‘natiladigan hujjat.
— Shunaqami? Siz hali…
Lavlagidek qizarib ketgan bo‘lim boshlig‘i darg‘azab mudir o‘rinbosari xonadan chiqishi bilanoq stolga bir musht urdi:
— Hasanbey qani?
— Qaysi Hasanbey? Ikkinchi bo‘limdagi Hasanbeyni aytyapsanmi? Yo ro‘yxat tuzadigan Hasanbey kerakmi? Qaydlar bo‘limida ham bitta Hasanbey bor. Taqsirim, yo sekretariatdagi Hasanbeyni so‘rayaptilarmi?
— E, hammasi bir go‘r emasmi… Hah, anavi sekretariatdagi Hasanbeyni chaqiring!
— Afandim, tushlikka qo‘ng‘iroq chalingan edi, ovqatga chiqib ketibdi.
— Bo‘lmasa, o‘zing bu yoqqa kel!
— Men Husaynman-ku, afandim.
— Husaynmisan-Musaynmisan, hozir buning farqi yo‘q. Men senlarga ming marta aytamanki…
U o‘n minutga yaqin rosa baqirib-chaqirdi. Sohilda langar tashlab, bug‘ini chiqarib yuborgan kemaga o‘xshab, shundan keyingina yengil tortdi. Butunlay o‘ziga kelgach, xonadan chiqib ketdi.
Xizmatchi Husaynbey idora xizmatkorini tutib olib, rosa adabini berdi.
— Oynalar nega kir? Shiftda osilib yotgan o‘rgimchak inini nega supurib tashlamading? Stollarning usti artilmagan, pol iflos bo‘lib yotibdi. Qanaqa ishlashni ko‘rsatib qo‘yaman senga! Uqdingmi?
Husaynbey issiqda qalin kiyimini yechib tashlaganday yengil tortib, tashqariga chiqib ketdi.
G‘azabdan qoni qaynagan xizmatkor darvozabonni qidirib qoldi. Aksiga yurib darvozabon ham quyon bo‘lib, uyiga ketib qolgan ekan. Endi nima qilish kerak? «Nima qilsa hamki, odam bolasi jahlidan tushishi kerak».
Xizmatkor tramvayga chiqdi.
— Uh, oyog‘imni bosib olding. Ko‘zmi bu yo po‘stakning yirtig‘imi?
Xizmatkorning oyog‘ini bosib olgan odam g‘iring demay turaverdi. Xizmatkorning oldiga konduktor keldi.
— Qani, bilet oling!
— E, nima deyapsan, tiqilinchni ko‘rmayapsanmi? Vagonda qimirlab bo‘lmaydi-yu, bu tag‘in bilet ol deydi-ya!
— Bo‘lmasa biletsiz ketaverasanmi?
— Odam kamayganda olaman.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi.
— Ketadi!
— Ketmaydi!
Ikki o‘rtada to‘polon chiqdi. Xizmatkor ham shu janjal tufayli ancha yengil tortdi.
Tramvay konduktori ishini tugatib, uyga qaytdi. Qarasa, xotini oshxonada tirjayib turibdi.
— Nega tirjayayapsan? Huv o‘sha tirjaygan…
Konduktor xotinini rosa do‘pposladi. Keyin zo‘r ishtaha bilan ovqatni tushirdi.
Xotini boyoqish yum-yum yig‘ladi. Keyin oyog‘ining tagida ivirsib yurgan mushukni ko‘rib qolib, otashkurak bilan beliga bir tushirdi. Kaltak yegan mushuk ham miyovlaganicha tiraqaylab qochdi.
Konduktorning xotini ham alamidan chiqqach, eriga suykaldi. Ko‘z yoshidan keyin kelgan muhabbat shirin bo‘ladi. Er-xotin ikkalasining ilgarigi huzur-halovati yana joyiga tushdi.
«Har narsaning bir sababi bo‘ladi». Agar ministrni gazetalar urib chiqmaganda, mushuk bechora ham ko‘chaga miyovlab chiqmasdi.
Odamlar-ku, bir amallab alamdan chiqishadi. Bechora mushuk nima qiladi!.. U yugurganicha miyovlab oldimdan o‘tib ketganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga ko‘rdimu, alamimni kimdan olib, jahldan qandoq tushishini bilolmay turibman…
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi