— Sos, sos! Nuqta, chiziqcha, chiziqcha, chiziqcha, nuqta, nuqta, nuqta, chiziqcha. Sos! Tat, taa… tat, tat, taa… tat… Sos! Chiziqcha, chiziqcha, nuqta, chiziqcha, nuqta. Sos!
Xabar Unqopani yuk tashish kemasidan kelardi. Eng yaqin sohildagi xabarchi Unqopani kemasiga javoban morze yozuvida: — Nima bo‘ldi?, — deya so‘radi.
Juda qisqa javob xabari keldi:
— Orol dengizi, nol-nol uch daraja shimol, nol-nol bir soniyaga g‘arbdamiz. Kemani shilliqqurtlar egallab oldi. Xavf juda yuqori. Sos! Sos!
Unqopani yuk tashish kemasidan so‘nggi olingan xabar shu mazmunda edi. Sohildagi xabar oluvchi va safarda bo‘lgan kemalarning xabarchilari bekordan-bekorga qancha xabar yozishdi, biroq Unqopanidan boshqa biron-bir xat-xabar olisholmadi.
Xabar bir necha daqiqalar ichida Orol dengizidagi barcha kemalarga jo‘natildi. Xabarchilar betinim ravishda bir-biriiga xabar yuborishardi:
— Unqopani yuk tashish kemasini shilliqqurtlar egallab oldi.
— Shilliqqurtmi?
— Ha-ha, shilliqqurt.
— Qanaqa shilliqqurt?
— Men qayerdan bilay qanaqa shilliqqurtligini. Xabarchining xabari shunday tugagan. «Shilliqqurtlar kemani zabt etishdi» debdi, shundan keyin boshqa xabar ham kelmagan.
— Shilliqqurt, anglolmadim to‘g‘risi. Bu o‘zimizning chig‘anoq bo‘lmasin tag‘in.
— Chig‘anoqmi? Chig‘anoq hech zamonda kemani zabt etganmi, yo tovba?
— Mayli, shunday bo‘lsin ham deylik, nima bo‘ldi ekan bu shilliqqurt degani? Xato tushinishgandir balki.
— Bilolmadim xullas… Birgina emas, barcha xabarchilar yordam xabarini olishibdi. Xabarchimizning o‘n sakkiz yillik tajribasi bor. «Unqopa yuk tashish kemasi shilliqqurtlar qo‘liga o‘tdi» deya xabar berdi.
— Demak, seningcha bu shilliqqurtlar chig‘anoq emas, shundaymi.
— Chig‘anoq ham kemani egallay oladimi axir, qadrdonim?
— Bunisini bilmayman. Biz hozir qutqaruv kemasiga nima deb xabar beraylik unda?
— Biz nima olsak, o‘shani sotamiz. Shilliqqurt, shilliqqurt…
* * *
— Unqopa kemasini shilliqqurtlar ishg‘ol qildi…
— Ha, shunday…
— Bu tag‘in qaroqchi-paroqchilar guruhi nomi bo‘lmasin?
— Ochig‘i bilmayman…
— «Shilliqqurt qaroqchilari».
— Xaritaga bir qaraylikchi.
— Sardinya oroli bor, Soqiz bor masalan, deylik Sisam oroli…
— Sardinyani shilliqqurt deb tushunishgandir ehtimol?
— Qaydan bilay… Balki, Sardinya qaroqchilaridir.
Unqopa yuk tashish kemasiga Istanbul sohilidan besh tonna shilliqqurt ortilgandi. Shilliqqurtlar konteynerlari bilan kema omboriga qo‘yilgan, bu yerdan to‘g‘ri Frantsiyaga yo‘l olishi kerak edi. Bundan tashqari boshqa yuklar bilan to‘lgan yuk tashish kemasi yo‘lga otlangandi…
Kema yo‘lga tushganining ertasi kun oqshomi, kema kapitani palubadagi yotog‘ida mizg‘iyotgandi. Bir mahal yuzida qimirlayotgan yumshoq va ho‘l nima bilandir uyg‘ondi. Ko‘zlarini chala ochgan holatda qo‘lini yuziga shapillatib urdi. Yumshoqqina, suyuq nimagadir qo‘li tegdi xullas… Nimadirmas, nimalardir… Yotoq lampasini yoqdi. Yoz o‘rtasida tarakanlar hujumiga uchragan karvonsaroy kabi vujudini, yotoqni, butun boshli kemani shilliqqurtlar egallab olgandi. Kapitan dod-voy solgancha palubadan tashqariga otilib chiqdi. Kema tashqarisida oyoq bosilgan joyda chatir-chutur shilliqqurtlarni majag‘lab qo‘yardi. Kayutada qanchadir qobig‘idan ayrilgan, qanchadir qobig‘ini yaltillatib yurgan shilliqqurtlar har tarafga sochilib yotardi. Kapitanning oh-vohini birinchi kema haydovchisi va navbatchi matros eshitdi. Ovoz kelgan tomonga ular birinchilardan bo‘lib yugurib kelishdi. Yanayam to‘g‘riroq aytadigan bo‘lsakyugurib kelishga harakat qilishdi, biroq uddalay olishmadi, chunki oyoq qo‘yadigan joyning o‘zi yo‘q edi. Kema haydovchisi ilk qadamniyoq bir shilliqurt ustiga bosdi. Bosishi bilanoq oyog‘i toyib, oldga qarab yiqildi. Ko‘z ochmasidanoq qo‘llari ostida yirik yong‘oq kattaligida nimalardir qimirlayotganini sezdi. Ayni shu onda ikkinchi shturvalchi palubaga yugurib kirdi. Mashinani boshdan-oyoq shilliqqurtlar egallab olgandi, kema poli, mashina, stol-stulu soatgacha hatto…
Bu holat faqat shu yerda bo‘lsa kerak deya hisoblagan shturvalchi kema tashqarisiga chiqar ekan, badtar hayron qoldi. Kema narvonlari, qutqaruv yostiqlari, ushlagichlar, hatto arqonlarigacha beburd shilliqqurtlar bilan qoplangandi. Kemadagilarni bir qo‘rquv iskanjasi ishg‘ol qildi.
Vahima avvaldanam bor, hozir esa u yanada kattalashib borardi. Chunki hech kimsa bu kichik jonzotga qo‘l tekkiza olmasdi.
Kapitanni qattiq vahima bosganidan hatto hojatxonaga berkinib olmoqchi bo‘ldi. Biroq na xojatxona, na boshqa biron yer shilliqqurtlar istilosidan holi edi. Eng oxirda dod-voy solib kayutaga yugurib chiqqan ko‘mirchi bo‘ldi. Kema qozoni yonida ham shilliqqurtlarga begona bir yer qolmagandi. Kemani suv olsa, teshilsa, chamabaragi sinsa ham vahima bu darajada bo‘lmasdi ehtimol.
Matroslar buta supurgilari bilan shilliqqurtlarni supurib dengizga otishlariga qaramay ular qaysidir yerdan qaynab chiqar, bo‘sh yerlarni zumda to‘ldirishardi. Go‘yoki tinimsiz tug‘ilishardi zang‘arlar…
Biroz muddat o‘tib esa kemachilar ustiga ham yurish boshlashdi. So‘nggi chora yordam istamoq… Xabarchi vahimaga tushganlarning birinchisi edi.
Soatlar davomida havotirga tushgan kapitan vanihoyat amr qildi:
— Tezroq bo‘l, yordam xabari jo‘nat!
Xabarchi shilliqqurtlar qoplab olgan apparatiga yaqinlashdi. Qo‘lini tekkizishga jirkangani uchun oyog‘i bilan shilliqqurtlarni surib tushirdi, apparatini ishga tushirib, xabar yubordi:
— Sos! Sos! Kemani shilliqqurtlar egallab oldi.
Bu orada shilliqqurtlar uning oyoqlariga tirmashib, to‘ppa-to‘g‘ri yuzi tomon harakatlana boshlashdi. Oh-voh qilganicha tashqariga yugurib ketdi. Qo‘rqib ketganidan qaytib kelib javob kelganmi-yo‘qmi bilishga, yana xabar uchun tugma bosishga ham madori qolmagandi.
* * *
Unqopa kemasi bu xabar tarqalib, tushunilib olguncha Marsilyaga yetib oldi. Kemani butkul shilliqqurtlar tozalay olishmagan bo‘lsa-da, har holda cho‘kib ketmasdan manzilga yetib kelishdi. Kemani yaxshi bir kimyoviy dori, masalan zaharli tutun bilan tozalash kerak. Kapitan, kapitan yordamchisi, shturvalistlar, mashinist va yana bir nechta kemachi o‘zlaridan jirkanishar, tezroq cho‘milishni xohlashardi. Darhol, oyog‘ini qo‘lga olib hammasi bir mehmonxonaga joylashishdi. Nihoyat, poklanish mumkin, hamma joy shilliqlikka botgan. Hatto kiyimlarining cho‘ntaklaridan ham shilliqqurtlar chiqardi. Mehmonxonada birinchi qilgan ishlari albatta dush qabul qilish bo‘ldi. Ikki kun davomida kemada tuz totmagan kemachilar shoshila-shoshila mehmonxona oshxonasiga tushishdi. Kapitan ofitsiantga qarab
— Yo Xudoyim, tezroq bizga ovqat ber, — dedi.
— Nima istaysiz misyo?
— Nima bo‘lsayam farqi yo‘q, faqat tezroq bo‘lsin. Hozirgina uzoq safardan keldik. Eng yaxshi ovqatingiz nima bo‘lsa, shuni keltiravering, bo‘ling.
Bo‘kkunicha ovqat yeyishdi.
Shturvalchi yonidagilarga:
— Sho‘rva ajoyib ekan, — dedi.
Mashinist ham qo‘shib qo‘ydi:
— Qovurdoq ham juda xushta’m.
Kapitan esa
— Biribir bu dimlamaga teng keladigani yo‘q, — deya so‘zini yakunladi.
Shukr qilib, qorinlarini silay boshlashdi.
Bir kemachi o‘zini ko‘rsatmoq istab:
— Aniq bilaman, bu bir yoshgina buzoqning go‘shti, — dedi.
— Yo‘g‘ee, undaymas.
— Aniq buzoq go‘shti, qadrdonim. Muzlatgichda saqlashadi, so‘ngra sharob bilan yumshatishadi. Shunday yumshoq bo‘ladikii-i.
— Qo‘zi go‘shti chamamda.
— Menimcha baliq go‘shtiyov.
— Ofitsiant, bu yoqqa qarab yuboring, ofitsiant.
— Labbay, misyo?
— Bu qovurdoq nimaning go‘shtidan?
— Yoqdimi sizga misyo? O‘tgan hafta Turkiyadan bir kema shilliqqurt kelgandi.
— Nimaa-aa-a, shilliqqurt?
Hammasi shoshib qoldi.
— Dimlamayammi?
Ofitsiant mushtariylarini shodlantirgani uchun tabassum aylab:
— Ha, — dedi. — U ham shilliqqurtdan.
— Sho‘rva-chi, sho‘rvayammi?
— Xo‘jayinimiz restoran ovqatlariga o‘zgacha ta’m bahsh etadi shilliqqurt, deya hisoblaydi. Shuning uchun pulidan qochmaydi. Qimmat bo‘lsayam olaveramiz. To‘g‘ri topdingiz, bu ham shilliqqurt sho‘rvasi.
— Yo Xudoyim, salat hech qursa shilliqqurtdanmasdir?
— Ta’m bilishingizga gap yo‘q, albatta misyo, shilliqurt salati bu.
Turk tilidan Maqsuda Yo‘ldosheva tarjimasi