Moskvada Ajdar Ibrohim degan bir kino rejissyor bilan do‘stlashib qolgan edik. Ikkinchi marta Moskvaga borishimda o‘shaning xotini vafot qilganini eshitdim. Bir tanishimizni yonimga olib, ko‘ngil so‘ragani dala hovlisiga bordim. Kinorejissyorning dala hovlisi katta yo‘ldan chetroqda, o‘rmon yoqasida ekan. Xotini qazo qilganiga bir hafta bo‘libdi.
Ajdar Ibrohim gap orasida marhumaning bir iti bo‘lganini, janozadan so‘ng u mutlaqo ko‘rinmay qol-ganini aytdi. Ilgarilari bunday odati yo‘q ekan. Hatto o‘rmonning ichiga kirib ketsa ham, bir soatga qolmay uyga qaytarkan.
— It egasi o‘lganini sezgan bo‘lsa kerak, demoq-chimisan? — deb so‘radi hamrohim.
— Qaydam, — deb javob berdi Ajdar Ibrohim. — Aniq bir narsa deyolmayman-u, lekin Ashxabodda bo‘lgan bir voqeani eshitganimdan keyin jonivorlarda favqulodda sezish qobiliyati bo‘lishiga ishondim.
— Ashxabodda nima bo‘lgan ekan?— deb so‘radim undan.
Bo‘lgan voqeani gapirib berdi.
— O‘zim asli ashxabodlikman. Qaysi bir yili otpuska paytida borsam, ikki qo‘shnim bir-biri bilan sud-lashib yurgan ekan. Ikkovi yoqalashib qolib, biri ikkinchisini belkurak bilan urmoqchi bo‘libdi. Zo‘rg‘a ajratib qo‘yishibdi. Janjal nimadan chiqqanini hech kirn bilmaydi. Men o‘sha yerda ekanimda ularni sud majlisiga chaqirib qolishdi. Azbaroyi qiziqqanimdan men ham sudga bordim.
— Siz nima uchun qo‘shningizga belkurak ko‘tar-dingiz? — deb so‘radi sudya ayblanuvchidan.
— Itimni urib mayib qilgani uchun, — deb javob berdi ayblanuvchi.
Sudyaning jahli chiqdi.
— Hech zamonda odam bolasi bir itni deb qo‘shnisiga qo‘l ko‘taradimi, bu qanaqa gap axir?
— Mening itim bo‘lakcha, boshqa itlarga o‘xshamaydi, — deb qoldi da’vogar.
— Iya, nimasi bo‘lakcha ekan?
Shundan keyin itning egasi bir boshdan gapirib berdi.
— Ikkinchi farzandimiz ikki oylik chaqaloq edi o‘shanda. Chaqaloq beshikda uxlab yotgan paytlarda itimiz hecham uning yonidan jilmasdi. Bir kuni ertalab o‘rnimda gazeta o‘qib yotsam, xotinim yig‘i-sig‘i ko‘tarib qoldi. Bola beshigi bilan yo‘qolibdi. Darhol izlashga tushdik, uy ichidan topilmadi. Yugurib hovliga chiqsak, beshik o‘sha yerda ekan, yonida esa it. Chaqalog‘imiz pishillab uxlab yotibdi.
Beshikni uyga olib kirdik. Lekin o‘sha kuni kechasi it yana uni tashqariga olib chiqib ketibdi. Itni do‘pposlab, eshikni yopib qo‘ydik. Havo dim bo‘lgani uchun derazalar ochiq edi. Yarim kechada er-xotin shovqindan uyg‘onib ketdik. Bundoq qarasak, it derazadan uyga kirib, beshikni tashqariga sudrab chiqmoqchi bo‘lib turgan ekan. Uni yana quvib chiqardik.
Tongga yaqin dahshatli falokat yuz berdi. Yer chir aylanib ketganday bo‘ldi. Ustimga bir nimalar bosib tushdi. Hushdan ketibman. Shu ahvolda qancha yotganimni bilmayman. Bir payt o‘zimga kelib qarasam, xarobalar tagida ko‘milib yotibman. Qattiq shikastlanibman. Shu orada tepamdan qitirlagan ovoz eshitildi. Birov meni kavlab chiqarmoqchi bo‘layotganga o‘xshardi. Keyin itimizni ingillagan tovushidan tanidim. Sal o‘tmay kichkinagina teshik ochilib, ichkariga havo kirdi, yoaigiik tushdi. So‘ng itimning oyog‘i ko‘rindi. Uning yordami bilan bir amallab tashqariga chiqib oldim. It meni o‘z holimga qo‘ymay hadeb pochamdan tortqilayverdi. Bir joyga kelganimizda nuqul gir aylanib ingillayverdi. Darhol qazishga tushdim, katta qizimni qutqarib oldim. Bu dahshatli zilzila paytida hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Onam bilan xotinimning tirik qolishiga ham shu it sababchi. U joyni ko‘rsatdi, men qazib oldim. Keyin hammamiz chaqaloqni izlay boshladik. It ham g‘oyib bo‘ldi negadir. Qazib ko‘rmagan joyimiz qolmadi. Oxiri hovliga chiqib qarasak, beshik bir chekkada turibdi. Yonida esa itimiz. Beshikning ichida bola. Bildikki, yer qimirlashidan sal odinroq it beshikni uydan olib chiqib ketgan ekan. Zilzila paytida bizni butun uy ichimiz bilan o‘limdan qutqarib qolgan shu it bo‘ladi. O‘sha voqeadan keyin it bizga qadrdondan ham qadr-don bo‘lib qoldi. Qo‘shnim bo‘lsa shunday itning joniga qasd qilib o‘tiribdi. Chidab turolmadim, itimni qutqarib qolish uchun belkurak bilan qo‘shnimga tashlandim. Lekin ulgurolmadim, itimga jarohat yetkazibdi u.
Kinorejissyor Ajdar Ibrohim hikoyasini tugatgach, shunday dedi:
— Sudda shu gapni eshitganimdan keyin jonivorlarda favqulodda sezish qobiliyati borligiga ishondim. Xotinim itimizni ko‘p erkalab, mehribonchilik ko‘rsatardi. Men unchalik ro‘yxushlik bermasdim. It uning o‘lganini sezgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Xullas, o‘sha kundan keyin u uydan chiqib ketdi-yu, qaytib kelmadi.
Turk tilidan Miad Hakimov tarjimasi