Aziz Nesin. Bola nega yig‘ladi (hajviya)

– Mening o‘g‘lim – havas qilgulik, – dedi u.
– Ilohim uzoq umr ato etgan bo‘lsin! – javob berdim.
Biz bitta korxonada ishlaymiz va u bilan kuniga uch marotaba uchrashib turamiz. U har gal o‘g‘lini menga maqtaydi:
– Bola emas, aql to‘la xum. Shunaqa bu zumrasha!
– Uni yot ko‘zlardan o‘zi asrasin.
– Bir daqiqa ham tinch turolmaydi-ya.
– Umri uzoq bo‘lsin…
To‘rt farzandning otasiman, shuning uchun ham yaxshi bilamanki, ba’zida bolalarini maqtayotgan ota-ona qanday kulgili holatlarga tushib qolmaydi, deysiz. Shunday bo‘lsa-da, do‘stim Jovidning o‘g‘lini ko‘rmoq ishtiyoqiga tushdim. Buning ustiga, har gal uchrashib qolsak, meni uyiga taklif qilishdan charchamaydi.
Shanba kunlarining birida, ishdan so‘ng, unikiga borishga ahd qildim. Eshik ochilishi bilanoq nimadir sharaqlab, pillapoyadan pastga qarab dumalab, oyog‘im ostiga kelib tushdi. Oldimda g‘aroyib mavjudot turardi: na odamga o‘xshaydi, na-da boshqa narsa…
Jovid dedi:
– Bu mening o‘g‘lim. Qanday?
– Xo‘p ajoyib!
Do‘stim meni mehmonxonaga boshladi. Xotini, qaynonasi va qayinsinglisi bilan tanishdim. O‘tirdik. Qo‘limda issiq choy quyilgan stakanni ushlab turardim, nogahon unga nimadir lop etib tushdi. Qo‘limga qaynoq choy sachradi. Boshim uzra nimadir g‘uvilladi, og‘riqdan baqirishga ham ulgurolmadim. Ne kor-hol bo‘layotganini tushunolmay qoldim. Boshimga tushgan noma’lum narsani olib tashlayotgan paytida xonada yovvoyilarcha quvlashmachoq boshlandi. Jovid va uning qarindoshlari bola ortidan quvisha ketdi. Bola xona bo‘ylab yugurar ekan, kutilmaganda quvayotganlarga chap berdi, tezlik bilan boshqa tomonga qayrildi, uning izidan qolmayotganlar bir-biriga to‘qnashib, ag‘anab tushishdi. Uy egalari bir-birlari ustiga qulashdi. Aql bovar qilmaydigan ko‘ngilsizlikdan qayga bekinish mumkinligini o‘yladim va eshik orqasiga o‘tib yashirindim. Xayriyatki, vaqtida ulgurgan ekanman. Bola qo‘lga tushgan narsa borki, chor atrofga irg‘ita boshladi. Nihoyat, ota, ona, buvi va xolasi bolani burchakka siqib qo‘yishdi. U maymundek chaqqonlik bilan shkaf ustiga sakrab chiqdi. Ustida nimaiki bo‘lsa, “raqib”lariga qarata ota boshladi. Hech vaqo qolmaganidan so‘nggina onasi yalina boshladi:
– Bolajonim, mehribonim, tusha qol! Qara: biznikiga amaki keldi. Tag‘in u seni tarbiya ko‘rmagan bola ekan, deb o‘ylamasin.
Bola onasining bu gapiga javoban tinmay ko‘pik tuflay boshladi. Otasi jiddiy xafa bo‘ldi:
– Pastga tush, qanjiqning bolasi!
Bunga ham javob o‘z vaqtida qaytarildi:
– O‘zing qanjiqning bolasi!
Keyin bolakay sinalgan qurolini ishlatdi – otasining boshi uzra choptira ketdi. Noiloj qolgan ota esa:
– Mayli, o‘tiraver o‘sha yerda! – deyoldi xolos.
Onasi aybdordek menga o‘girildi:
– Siz bizni kechiring…
Men choy to‘kilgan shimimni sochiq bilan arta boshladim. Qaynoq choy oyog‘imgacha kuydirgan ko‘rinadi.
Jovid o‘zgacha qoniqish bilan menga sha’ma qildi:
– Qalay? To‘g‘ri tasvirlab bergan ekanmanmi? Oshirib yubormabmanmi?
– Aksincha… Uning yoshi nechada?
– Oltiga ham to‘lmagan hali.
Shkaf ustida turgan bolaga ko‘z qirimni tashladim. Hamon mag‘rur boqib turardi. Xona derazalarining oynalari xuddi snaryad parchalari tushganday chil-chil singan. Besh qirrali qandilning bir tomoni butun va unda bittagina lampochka osilib turibdi. Eshiklarning birortasida ham ushlagich qolmabdi.
Jovid dedi:
– Xudo haqqi, umrimda bunday bolani ko‘rmaganman. Ishonasanmi, biror marta ham yig‘lamagan.
Qaynonasi uning gapini qo‘llab-quvvatladi:
Ko‘z yoshi to‘kishga hojat bormikin. Bilasizmi, kecha nima bo‘ldi? Bolani oldim-da, muzlatgichning tagiga qo‘ydim. Muzlatgich ustiga ag‘darilib tushdi. Biror bir ovoz chiqarsa-chi. Lablaridan qon sirqirab oqdi. Xizmatkorni yollab, zo‘rg‘a sug‘urib oldik, deng.
Jovid gapni bo‘ldi:
– Bilmadim, bundan qanday odam chiqarkin. Balki askarlikka bersakmi?
Onasi qo‘shimcha qildi:
– Yig‘lamagan bolani qayda ko‘rgansiz? Avvalgi kecha bir soatlarcha xona bo‘ylab mushuk quvaladi. Mushugimiz uni ko‘rishi bilanoqqochib ketadi. U orqasidan quvayotganda mushuk dahlizdan boqqa sakradi. U ham mushukning orqasidan sakradi… Dahlizning balandligi to‘rt metrdan kam emas.
– Jarohat olmadimi? – qiziqsindim.
– Ehtimol, – javob berdi onasi. – Biz unga qarashga ulgurolmadik, qochib qoldi. To‘g‘ri, bir necha kun oqsoqlanib yurdi, biroq keyinchalik hammasi o‘rniga tushdi.
Shu payt bir narsa ustimga gup etib tushdi va bo‘ynim uzilib ketishiga sal qoldi. Bolakay shkaf ustidan to‘g‘ri boshimga sakragan ekan. Bo‘ynimga o‘tirgan holda qichqirdi:
– Ketdik, chuh!
Otasi ustimizga yopirildi va shunday tarsaki tushirdiki,katta odam ham uning zarbiga bardosh berolmagan bo‘lardi. Ammo bola hech narsa bo‘lmagandek xoxolab kulib yubordi.
Tan olaman, avvalo o‘yladimki, bolaning yaqinlari uni hecham jazolashmagan. Shuning uchun u “erkatoy” bo‘lib ulg‘ayayotgan bo‘lsa, ajabmas. Lekin Jovid o‘g‘lini mahkam ushlab, boshini ikki tizzasi orasiga olib, yuzini ko‘rib bo‘lmaydigan holatda sochlaridan tortqiladi. Boshidagi kaftdek keladigan shishni ko‘rsatib, otasi dedi:
– Kecha kechqurun guldonga boshini urib olgandi, mana qara, qanday shishib ketibdi.
Onasi uni to‘g‘riladi:
– Bu guldondan emas, samovardan. Samovarda qaynoq suv bor edi.
Gapga buvisi aralashdi:
– Bu samovardan olgan jarohat emas, bo‘ynidagisi… U jarohat shotidan tosh uyumiga yiqilib tushganidan.
Bola otasining tizzalari orasida tipirchilardi. Jovid xotiniga buyurdi:
– Yod bilan momiq keltir. Uni ushlab oldikmi, qochib qolmasidan tirnalgan joylariga surtib qo‘yaylik.
Xotin yod va bir bo‘lak momiq keltirdi. Bolaning butun badani shilingan, tilingan, ko‘kargan edi. Jovid paxta bo‘lagini yodga botirib, jarohatlarga surta boshladi. Lekin bolakay og‘riqdan loaqal inqillamadi ham.
O‘zimcha shunday qarorga keldim: bu xonadonda bolaga nimadir yetishmaydi va shuning uchun ta’sirlanish hissini yo‘qotgan. Boshim omonligida ketish niyatida o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. To eshikka yaqinlashgunimcha bola yana nimalarnidir ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi.
Ketaturib, beixtiyor mulozamat qilib qo‘ydim:
– Biznikiga ham o‘tinglar.
– Juma kuni borarmiz, – deyishdi ular.
Ko‘kragimda yurak o‘ynoqladi.
Uyga keliboq, uydagilarimga shunday dedim:
– Tayyorgarlik ko‘ringlar, juma kuni xonadonimizga bir olam tashvish keladi. Nimaiki sinadigan, yoki to‘kiladigan narsa bo‘lsa, barini bekitinglar.
Ertasi kuni:
– Bolangni o‘zing bilan birga olib kelasanmi? – so‘radim Joviddan.
– Yo‘g‘e, nima deyapsan!
Quvonchdan ichimga sig‘may ketdim. Mulozamatga o‘tganimni bilmay qolibman:
– Yo‘q, yo‘q! Xafa bo‘lamiz. O‘zing bilan albatta olib kel.
– Mumkinmas, qardosh, aslo olib bormayman. Butun uyingni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi…
Ammo, baribir ergashtirib keldi. Aslida ular bolakayni obizan (vanna)da qamab, yo‘lga tushishgan ekan. Lekin u obizan tuynugidan chiqib, suv quvurlariga tirmashgan holda pastga tushib, ularga yetib olibdi. Bunga qo‘shimcha ravishda yo‘l-yo‘lakay otasini toshbo‘ron ham qilibdi.
Bolakay dahlizga kirayotib qoqilib ketdi, umbaloq oshib yiqildi. Uncha qattiq emas-u, lekin yengilgina jarohat oldi. Bunday holatlarda chiniqish mumkin, ammo hali og‘zidan ona suti ketmagan har qanday bola ham yig‘lab yuborishi hech gapmas. Onam hayqirgancha bola tomon yugurgiladi:
– Voy, qoqindiq…
Bola o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
Xotinim ham g‘ulg‘ula ko‘tardi:
– Voy, bolajonim-ey! Biron joyingga shikast yetmadimi? Ay-ay-ay.. Mana, tasodif!.. Balki jarohat olgandirsan-a…
Shu tobda men ham ularga qo‘shildim:
– Bunday bo‘lishini qara-ya! Qanday qilib yiqilding, bolakay? Ay-ay-ay!
Xizmatkor qiz ham halloslab kelgancha, ostonadayoq so‘ray boshladi:
– Yiqilib tushdingmi? Biror joying shikast yemadimi? Oy-oy-oy! Do‘xtir chaqiraylikmi? Jarohating yo‘qmi? Ayt.
Mehmonxonadagi ikki ayol ham bola tomonga oshiqdi, uni o‘rab olib, hamdardlik qila boshlashdi.
Bola oldiniga ancha vaqt ularga hayrat bilan qarab turdi. Keyin quyi lablarini titroq bosib, yuzlari tirishib, o‘ksik-o‘ksik yig‘lay boshladi. Keyin shunday yig‘ladiki, uni to‘xtatib bo‘lmasdi.
– O‘zi yiqilgan kishi hecham yig‘lamaydi, – dedik unga baralla.
– Erkak zotiga yig‘lash uyat!
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku!
Barcha harakatlar behuda ketdi. O‘kirgani o‘kirgan. Deyarli yarim soatcha yig‘ladi. Yig‘isi to‘xtashi bilanoq suv so‘radi. U xizmatkor keltirgan stakanni beixtiyor qo‘lidan tushirib yubordi. Ayollar yana bir ovozdan:
– Biron joyingni kesib yubormadimi?
– Jarohat yetmadimi?
– Yod keltiringlar! — deyishdi.
Bolakayning yana lablari titrab, yuzlari tirisha boshladi, tag‘in o‘ksinib ko‘z yosh to‘kishda davom etdi. Bu safar ham yarim soatcha yig‘ladi. Shu oqshom u to‘rt marta yig‘ladi. Ammo hech narsani sindirmadi.
Hozir qachon Jovidni ko‘rib qolsam, undan o‘g‘li haqida so‘rayman.
– Avvalgidan ancha o‘zgargan, – deydi u, – xuddi ilgari ham mo‘min-qobil bo‘lib o‘sganday. Lekin yig‘lashni kanda qilmaydigan bo‘lgan.
Do‘stim tanishlarimdan biriga ustimizdan arz qilibdi:
– Bolajonimning tarbiyasini ular buzishdi!

Murodulla G‘afurov tarjimasi

* * *

Uyimizning ikkinchi qavatiga yangi qo‘shni ko‘chib keldi. Uning narsalarini naq bir hafta tashishdi. Bu hozirgi zamon uylari eskilariga o‘xshamasligini o‘zingiz yaxshi bilasiz.Yangi uylardagi odamlar shundoqqina biqinida kim yashayotganligini ham bilishmaydi.Misol uchun, shundoqqina bizga qo‘shni xonadonda islovotxona ochib qo‘ygan bir malla xotin yashagan ekan. Bu narsa politsiya aralashib, gazetalarda ovoza bo‘lgandan keyingina ma’lum bo‘ldi.
Men yangi qo‘shnilardan hech kimni tanimasdim.Bir kuni yo‘lakda men bilan bir kishi juda sertakalluf salom-alik qildi.Men uning salomiga javob berib, jo‘namoqchi bo‘lib turganimda gapga tutib qoldi.
– Kamina – Mo‘min Akram Ozaner,- deya o‘zini tanishtirdi.- Men aynan sizning tepangizdagi qavatda yashayman.Biron kun oqshomda tashrif buyurishingizni so‘rayman.Siz bilan tanishganimdan bag‘oyat mamnunman.
Shu tariqa Mo‘minbey bilan yo‘l-yo‘lakay tanishib qoldik.
Oqshomda uning xizmatkori keldi:
– Bey-afandi uylariga tashrif buyurmog‘ingizni so‘rayaptilar.
– Kechirgaysiz, bugun bandman, mehmonlarim bor.
O‘sha kundan e’tiboran Mo‘minbey har kuni kanda qilmay meni mehmonga taklif qilardi. Albatta, borib qo‘ysam ham bo‘lardi,ammo unda uning o‘zini ham mehmonga chorlashim lozim edi.Uyimizda esa to‘rtta maymoq stulchadan boshqa hech vaqo yo‘q. Begona odam oldida xijolat bo‘lgim kelmasdi.Har oqshom uning xizmatkori kelib, xo‘jayini astoydil mehmonga taklif qilayotganini aytib ketardi.Axiyri mabodo bormaydigan bo‘lsam u meni sudrab bo‘lsada uyiga olib ketadigandek tuyuldi…
Bir oqshom kechki taomdan so‘ng men o‘sha qo‘shnimnikiga kirib bordim.Xuddi ko‘rgazmaga qo‘yilgandek zamonaviy-maishiy jihozlar haqida gapirib o‘tirmayman.Sovutkich, changyutkich, radiola, kir yuvish mashinasi,tezpishar tovalar uyini bezab turardi.
Mo‘minbey meni o‘z xonasiga taklif etdi. Kirdimu hangu mang bo‘lib qoldim – yerdan shiftgacha devorlardagi tokchalarda liq to‘la kitoblar taxlanib qo‘yilgandi. «Demak, u haqda men noto‘g‘ri fikrga borgan ekanman-da!» Men Mo‘minbeyni shunchaki omadi chopgan boyvachcha bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim.
– Ziyoli odamlarga ixlosim baland,- dedi u.
Gap=so‘zlari andak dag‘alroq edi. «Xo‘sh, nima bo‘pti!..»
– Nima ish qilasiz?
– Bir idorada ishlayman,- dedi u.
Mo‘minbey she’rlaridan o‘qib berdi.
– Qalay ekan?- deb so‘radi.
– Zo‘r!..
U yana o‘qishda davom etdi.Keyin she’riyatdan hikoyalarga o‘tdi.
– Hikoyalarim yaxshiroq chiqqan- dedi u.
Keyin p’esalarini o‘qishga o‘tdi.Ko‘nglim ayniy boshladi.Uni bu mashg‘ulotdan chalg‘itish uchun kitob tokchalariga qo‘l cho‘zdim:
– Qancha yillardan buyon adabiyot bilan shugullansam ham bunchalik boy kutubxonaga ega bo‘lolmadim.
– Tokchalardagi bu kitoblarning hammasi – sovg‘a!- deya maqtandi Mo‘minbey.
– Shunaqami?..Kim sovg‘a qilgan?
– Hamma yozuvchilar,mualliflar bilan tanishman…Ular meni hurmat qilishadi,asarlari chiqqanda hamisha tuhfa etishadi.
Men hayratdan lol qoldim.
– Siz Falix Rifqi bilan tanishmisiz?- deb so‘radi u.
– Uning nomini eshitganman,- deya javob qildim.
U tokchadan kitobni olib ko‘rsatdi:
– Mana uning sovg‘asi…
Men kitobni qo‘limga oldim.Bu Falix Rifkining «Zaytunzor» degan kitobi edi.
– Menga nima deb yozganini o‘qib ko‘ring.
Kitobning zarvarag‘ida shunday yozuv bitilgandi: « Mening og‘am, hurmatli janob Mo‘min Akromga do‘stligimizdan xotira sifatida taqdim etaman.Falix Rifqi…»
Falix Rifqining «do‘stligimizdan xotira sifatida» deb yozishi…Tag‘in kim biladi deysiz!..
– Mana bu Rashod Nuridan xotira…
«Choliqushi»… Mo‘minbeyga ehtirom ila…Rashod Nuri».
– Men savdo bilan shug‘ullanaman, bu yozuvchilarning hammasi mening do‘stlarim.
U menga yana bir kitobni uzatdi:
– Bu Rushen Ashrafbeyning sovg‘asi…
Kitobdagi dastxatni uning o‘zi o‘qib berdi:
« Mening og‘am Mo‘minbeyga chuqur hurmat-ehtirom ila…Rushen Ashraf».
Yoqub Qadriyning «Begona»si… Xolid Edinning «Yurak iztirobi»…Hammasiga dastxat bitilgan.Goho tokchalarda ko‘rimsizgina kitoblar ham uchrab qolar, lekin ularda ham dastxatlar bor edi.
Kitoblarni titkilayotib men nogoh o‘zimning romanimni ko‘rib qoldim.O‘shanda men asarlarimni taxallus bilan chop ettirardim.Kitobimning zarvarag‘ini ochib ko‘rsam, u yerda ham dastxat bor ekan: « Muhtaram Mo‘minbey afandiga… Ehtirom ila Hasan Yakto ».
G‘azabim junbushga keldi.
– Siz Hasan Yakto bilan tanishmisiz?- deb so‘radim.
– Agar men u bilan tanish bo‘lmaganimda kitobi shu yerda turarmidi?..U kechagina shu yerda bo‘lgandi.
Men o‘rnimdan qo‘zg‘oldim.
– Ertaga sizni uyimda kutaman!..- dedim xayrlashayotib.
– Bezovta qilarkanman-da!..- deya javob qildi.
Darhaqiqat, kelgusi oqshomda u meni rostdan ham «bezovta qildi».Men bu nusxaning andak tanobini tortib qo‘yish uchun bir shumlikni o‘ylab qo‘ydim.Qahva ichib bo‘lganimizdan keyin men unga shunday dedim:
– Mening kitoblarim siznikichalik ko‘p emas, ammo dastxat bitilganlari ham bor.
– Juda yaxshida…Qanday kitoblar ekan?
Men tokchadan Ahmad Vofiq poshoning* Molerdan qilgan tarjimasini olib, Mo‘minbeyga uzatdim.
-Qani o‘qib ko‘ringchi, Ahmad Vofiq posho menga nima deb yozgan ekan?
U kitobdagi dastxatni o‘qidi:
-« Qimmatli o‘g‘lim Hasanbeyga…Ahmad Vofiq ».
– Bu Ahmad Vofiq posho degani uchinchi harbiy qismda qo‘mondon bo‘lmaganmidi?- so‘rab qoldi mehmon.
Javob o‘rniga men Naim 1 qalamiga mansub bo‘lgan tarix kitobini oldim.Men uning qovun tushirib qo‘yganini o‘zi ham payqab, uyalsa kerak deb o‘yladim.
– Buni qarang,Naim menga qanday dastxat bitgan: « Kamtarona asarimni ixlosim ramzi sifatida taqdim etaman.Hurmat-ehtirom ila sizning qulingiz Naim».
Men Mo‘minbeyning qiyofasidagi o‘zgarishni kuzata boshladim. U jimgina kitoblarni tomosha qilardi. « Harqalay, qanday bema’ni ish qilib qo‘yganini anglab yetgandir» deb o‘yladimu o‘zim ham shu asno xijolat chekdim.
– Bu Naim deganingiz qahvani xorijdan olib kelib sotish bilan shug‘ullanmasmidi?- nogoh so‘rab qoldi u.
Men serrayib turib qoldim.Agar shu tobda og‘iz ocholganimda edi bu nusxaning holiga maymunlar yig‘lardi.
– Sizda mashhur shaxslarning asarlari yo‘qmi?..
Men kitoblar orasiga qo‘l uzatib, «Faust»ni oldim.
– Mana Gyote!- dedim.- Uning dastxatiga qarang: « Mening Hasanjonimga».
– Muallifini kim dedingiz?- deb so‘radi.
-Gyote…Gyote…Gyote…- deya bir necha bor takrorladim.- E, darvoqe, esladim, bu yigit bir vaqtlar «Doj» avtomobilini sotish bo‘yicha agent bo‘lgan.
Qotillar sodir etilgan jinoyatlari haqida hikoya qilarkan, eng dahshatli joyiga kelganda shunday deyishadi: « U yog‘ini eslolmayman». Men ham keyin nima bo‘lganini eslolmayman.
Men politsiya mahkamasida Shekspir tomligini ushlagancha o‘zimga keldim.Mo‘minbeyning aft-angori mo‘mataloq bo‘lib ketgandi.
– Men bu bezori ustidan arz qilaman,- dedi u men tomonga ishora qilib.
– Nima gap o‘zi? Oralaringdan qanday olamushuk o‘tdi?- politsiya komissari menga murojaat qildi.
Men Shekspirning portreti aks etgan kitobni uzatdim.
– Kim bo‘ldi bu soqolli kimsa?- deb so‘radi komissar.
– Shekspir!..
– A-ha!..Demak, xorijiy?..
– Angliyalik!..
– Nima ish qiladi?
– Shoir…
– Qayerda yashaydi? Qachon, nima maqsadda siz u odam bilan tanishgansiz?
Men Mo‘minbeyga o‘girildim.
– Meni ushla, mahkamroq ushla!..- deb iltimos qildim.
Komissar ikkita politsiyachiga ishora qildi.
-Bularni siyosiy politsiyaga olib bor, biz bunaqa ishlar bilan shug‘ullanmaymiz.
_______________
* Ahmad Vofiq posho ( 1823 – 1891 ) – turk yozuvchisi va tarjimon.

Shodmon Otabek tarjimasi