Artur Shnitsler. Bashorat (hikoya)

I

Botsandan sal narida, o‘rmonga burkanganidan katta yo‘ldan deyarli ko‘zga tashlanmaydigan, chog‘roq tepalikda baron fon-Shottenesning ixchamgina yer-mulki joy olgan. O‘n yildan buyon Meranda istiqomat qilayotgan og‘aynimni kuzda yana o‘sha yerda uchratib qolgandim va u meni baron bilan tanishtirib qo‘ygandi. O‘shanda yoshi elliklarga borib qolgan baron san’atga ishqiboz odam bo‘lib, uning har xil turlari bilan shug‘ullanardi. U skripkani, royalni binoyidek chalar, boshqalarga jo‘r ham bo‘lardi, rasmni ham durustgina chizardi. O‘z vaqtida u, san’atning dramatik turi bilan ham jiddiy shug‘ullangandi. Aytishlaricha, u yoshlik chog‘larida viloyatning chekka-chekka joylarida soxta nom ostida bir necha yil aylanib ham yurgan ekan. Otasining qarshiligi sabab bo‘lganmi, qobiliyat yo omad pand berganmi, nima bo‘lganda ham u, bu yo‘ldan voz kechib qo‘ya qoldi va ota-bobolari izidan borishni ma’qul topdi-da, fursatni g‘animat bilib, shartta davlat xizmatiga kirdi. Har holda juda ishtiyoq bilan kirishib ketmasa-da, baribir u, bir necha o‘n yillar davomida o‘z vazifasini sidqidildan, halol ado etib yurdi. Endigina qirqqa chiqqanda, otasi vafot etdi, shundan so‘ng u ham xizmatdan bo‘shadi va yoshlikdagi havaslari hamon uni tark etmaganini anglab yetdi. U Gunchn tog‘i yonbag‘ridagi bog‘-rog‘li hovlini tartibga keltirishni buyurdi-da, asosan yoz, kuz mavsumlarida u yerga bir talay erkak va ayollarni to‘plab, qisqa-qisqa, ko‘ngilochar pesalar, quvnoq sahna asarlarini namoyish eta boshladi. Uning xotini eski tirol burjua naslidan bo‘lib, san’atga unchalik ishtiyoqi yo‘q edi, lekin aqlli, eriga chinakam mehrini qo‘ygan vafodor ayol edi. Garchi erining ishqibozliklariga bir muncha kinoya bilan qarasa-da, turmush o‘rtog‘ining bu qiziqishlari xotinining jamiyatga bo‘lgan moyillik talablariga javob berishini tan olardi. Saroy muhiti qattiqqo‘l hakamlarga u qadar yoqimli bo‘lib tuyulmasa-da, bu yerdagi mehmonlar yoshlikdan tabaqa urf-odatlariga moyil tarbiya topganliklariga qaramay, to‘garakdagi san’at turi o‘zini yetarli darajada oqlab ulgurgani bois uning faoliyatiga sira qarshilik ko‘rsatmadilar; shuningdek, er-xotin baronlarning nomi va obro‘yining o‘ziyoq to‘garak ishiga xalal beruvchi har qanday axloqsizlik borasidagi shubha-gumonlarni bir chetga surib qo‘yardi. Hozir kimligi yodimda yo‘q odamlar orasidan men insbruks komendantligidan yosh grafni, Rivdan yeger ofitserini, bosh shtab polkovnigini xotini va qizi bilan, Berlindan operetta qo‘shiqchisini, Botsendan likyor fabrikasi egasini o‘g‘illari bilan, yaqinda dunyo bo‘ylab safaridan qaytgan baron Metsdoltni, Byukeburgdan saroy artistini, yoshlik chog‘larida artist bo‘lgan beva grafinya Saymani qizi bilan va daniyalik rassom Petersenni uchratib qoldim.
Saroyning o‘zida mehmonlardan ba’zilarigina yashardilar, xolos. Boshqalarining Botsenda o‘z xonadonlari bor edi. Uchinchilari bo‘lsa, xiyla tor ko‘chasi saroyga olib chiqadigan chorrahada joylashgan oddiygina mehmonxonada istiqomat qilishardi. To‘garak a’zolari ko‘pincha tushdan so‘ng yuqoriga to‘planishardi-da, ba’zan sobiq saroy artisti rejissyorligida, ba’zan esa o‘zi hech ishtirok etmaydigan baron boshchiligida boshda hazil-huzul, kulgi bilan, keyinroq pesa voqealarining qayerda bo‘lib o‘tishiga qarab, bu o‘rmon etagidagi, saroy bog‘chasi orqasidagi kichik o‘tloqzor bo‘ladimi, yoki derazalari gotik uslubida ishlangan bir qavatli binoning tanobiysidami, ob-havoga, kayfiyatga, tayyorgarlikka qarab namoyish etiladigan tomosha qo‘yiladigan kun yaqinlashgunga qadar mashqlar borgan sari jiddiy tus olib boraverardi.
Baronni ilk bora ko‘rgani kelganimda, kunimni bu notanish odamlar orasida qanday vaqtichog‘lik bilan o‘tkazishni o‘ylashdan bo‘lak dardim yo‘q edi. Negaki, ba’zan mutlaqo bemaqsad qolib ketib, tentirab, hayyo-hu deb boshing oqqan tomonga ketib qolging keladi va bunday holat tez-tez takrorlanib turardi, shu boisdan ham bu yerlarda qolib ketishim uchun baronni ko‘ndirishga harakat qilardim. Kunlarga kunlar ulanaverdi, shunday qilib, men saroy yuqorisidagi poyida soy yastlanib yotgan ixchamgina minoraning ataylab kamina uchun ajratilgan, qulay va shinam qilib jihozlangan xonasida bamaylixotir kech kuzgacha qolib ketdim. Tog‘liq yerlarda men ilgari sira yashab ko‘rmagan edim. Atrofdagi o‘yin-kulgi, g‘ala-g‘ovur meni qanchalik qurshab olmasin, Gunchnda ko‘rganlarimning bari beozor va iliq xotira bo‘lib qoladi, negaki, lahzalik suhbatlarni inobatga olmaganda, mehmonlarning birontasi bilan deyarlik tuzuk-quruq munosabatda bo‘lmadim, buning ustiga o‘rmondagi yolg‘iz sayrlarim chog‘ida vaqtimni ijodga va o‘y-xayollarimga teppa-teng taqsimlab chiqdim. Bir kuni baron hurmatimni joyiga qo‘yib, kichik pesalarimdan birini sahnalashtirganida, ko‘nglimda zarracha o‘zgarish sezmadim, negaki, yozuvchi ekanim birontaning xayoliga ham kelmagandi.To‘g‘risini aytsam, bu kecha menga ajoyib bir voqeani tuhfa etgandi, chunki, ochiq osmon ostida, maysalar ustida o‘tkazilgan bu tomosha mening yoshlikdagi orzularimni kech bo‘lsa-da, kutilmaganda ro‘yobga chiqarganidan boshim ko‘kka yetgandi. Saroyni zavq-shavqqa to‘ldirib turgan jonlanish ham ancha tinchib qoldi, turli lavozimdagi janoblarning ham ta’tillari tugab, endi saroyda onda-sonda mehmon bo‘lish shu yaqin-atrofda yashovchi yor-do‘stlargagina qolgandi, xolos. Havaskor-ishqibozlarga xos bo‘lgan o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qarash baronda haddan ziyod ekanini u bilan yaqin bo‘lganimdan keyingina payqab qoldim-u, bundan rosa hayratlandim. Saroyda nima bilan shug‘ullanishayotgan bo‘lishsa, baron buning barini o‘zgacha bir mashg‘ulot, jamoat o‘yinlarining eng sarasi deb bilardi, lekin, buni san’at deb u o‘zini sira aldamasdi. Negaki, umri mobaynida ko‘ngil qo‘ygan ishi – san’at bilan uzoq va jiddiy shug‘ullanish baronga nasib etmagandi, shu tufayli saroydagi kamtarin sahna faoliyatini bu soha uzoqdan bo‘lsa-da, o‘z shu’lasi bilan yoritib turganining o‘zi unga kifoya edi, boz ustiga professionallarga xos bo‘lgan san’atni bo‘g‘ishga urinishdek kayfiyat bu yerda sezilmagani uni mamnun etardi.
U bilan o‘tkazgan sayrlarimizning birida, bir kun kelib, ochiq osmon ostida, o‘z sahnasida sahnaning bepoyon ekanini ko‘rsatib, tabiiy sharoitga moslab yozilgan pesani ko‘rish uning orzusi ekanini aytib qoldi. Bu fikr men anchadan buyon ko‘nglimga tugib qo‘ygan maqsadimni ro‘yobga chiqarish uchun qo‘l kelgani bois, uning bu niyatini amalga oshirishga so‘z berdim.
Ko‘p o‘tmay men saroyni tark etdim.
Bahorning ilk kunlaridan birida, o‘tgan kuzdagi ajoyib kunlarimizni eslatib, chamasi, sharoit talablaridan kelib chiqib yozilishi kutilayotgan pesamni iltifot bilan baronga jo‘natdim, so‘ng undan minnatdorchilik bildirib, meni yaqin kuzda chin dildan taklif etib yozgan javob maktubini oldim. Men yozni tog‘da o‘tkazdim va sentyabr oyining ilk sovuq kunlari boshlanishi bilanoq baron fon-Shottenesning saroyiga yaqin joyda ekanimni ham unutib, Gardsk ko‘liga jo‘nab ketdim. Ha, men, o‘sha bir paytlar hayot qaynagan ixchamgina qasrni endi mutlaqo unutgandek edim. Venadan ketishim bilan sakkizinchi sentyabrda barondan xat oldim; unda, mendan hech bir darak bo‘lmayotganidan ajablangani aytilgandi va to‘qqizinchi sentyabrda unga yuborgan ixchamgina pesamning namoyishi kutilayotgani, mening bunda ishtirokim shartligi haqida xabar berilgandi. Pesada qatnashgan, endi esa mashqlardan so‘ng o‘zlariga yarashib turgan kostyumlarda maysalar ustida maza qilib o‘ynashdan tiyila olmayotgan bolalar tomonidan baron menga alohida xursandchilik va’da qilgandi. Bosh qahramon roli ustida u uzoq ishlagandi va bir qator tasodiflardan so‘ng bu rol, yanglishmasam, jonli kartinalarda bor-yo‘g‘i ikki marta ishtirok etib, hozir aktyor sifatida o‘zidagi ajoyib iqtidorni namoyish eta olgan baronning jiyani Frantsua fon-Umprextga topshirilgandi.
Men jo‘nab ketdim va kechga yaqin Botsenga yetib keldim, tomosha kuni saroyga tashrif buyurdim, meni bu yerda baron, xotini izzat-ikrom bilan kutib olishdi; u yerda men yana boshqa tanishlarni: iste’fodagi saroy artistini, grafinya Saymani qizi bilan, janob fon-Umprextni go‘zal xotini bilan, shuningdek, mening ishimning muqaddimasini o‘qishi kerak bo‘lgan o‘rmonchining o‘n to‘rt yashar qizini uchratib qoldim. Tushdan so‘ng ancha-muncha odam kelishi, oqshomgi tomoshaga esa nafaqat baronning shaxsiy mehmonlari, balki, avval ham tomoshaga kirishga bir necha bor ruxsat etilgan shu yaqin-atrofda yashovchilardan yuztachasining kelishi kutilayotgandi. Ustiga-ustak, bu gal botsen kapellasi musiqachilaridan iborat bo‘lgan kichik orkestr va Veberning uvertyurasini, so‘ng baronning o‘zi yozgan antrakt musiqasini ijro etish uchun bir nechta havaskorlar ham taklif etilgandi.
Stol atrofiga yig‘ilganlarning kayfiyatlari chog‘ edi, yolg‘iz fon-Umprextgina boshqalarga qaraganda menga xiyla vazmin ko‘rindi. Boshda uni deyarli eslolmadim va bir og‘iz ham so‘z demay ba’zan do‘stona, ba’zan shubha bilan menga tez-tez ko‘z qirini tashlayotganini payqab qoldim. U borgan sari ko‘zimga issiq ko‘rina boshladi va birdan uni o‘tgan yil mening jonli kartinalarimda shaxmat taxtasi ustida tirsagiga suyanib o‘tirgan rohibni tasvirlaganini eslab qoldim. Yana adashayotgan bo‘lmay tag‘in, deb uning o‘zidan ham so‘radim. Uni suhbatga tortmoqchi edim, bir oz xijolatga tushgandek bo‘ldi: baron o‘z jiyani haqida gapirib, sahna yana bir iqtidorni kashf etganini hazilomuz tarzda menga izohladi-da, jiyanining o‘rniga javob berib qo‘ya qoldi.
Shunda, janob fon-Umprext g‘alati kuldi-da, go‘yo oramizda hali bunga o‘zim ham tushunib yetolmayotgan qandaydir bitim bordek yalt etib menga qaradi. Biroq, yana shu lahzadan boshlab, mendan yana ko‘zlarini olib qocha boshladi.

II

Tushlikdan so‘ng darrov xonamga chiqib ketdim. Mana, xuddi o‘tgan yildagidek, men yana o‘sha ochiq deraza oldida turibman, shahar va dalani o‘z bag‘riga chorlagancha, xuddi oyog‘im ostidan ensizgina boshlanib, asta-sekin kattalasha bora-bora qo‘l-oyog‘ini butunlay yozib yuborgan vodiy porlab turgan quyosh nuridan yana-da go‘zallashib ketishi menga zavq bag‘ishlardi.
Bir muncha vaqt o‘tgach, eshik taqilladi. Janob fon-Umprext kirdi-da, ostonada taqqa to‘xtab:
— Bezovta qilganim uchun uzr so‘rayman, — dedi tortinibgina.
So‘ng yaqinroq kelib, so‘zida davom etdi:
— Agar mendan chorak soatgina vaqtingizni ayamasangiz, unda Sizni bezovta qilganim uchun gunohimdan o‘tishingiz turgan gap.
Men janob fon-Umprextga o‘tirishni taklif etgandim, u bunga e’tibor ham qilmay, kuyib-pishib gapida davom etdi:
— Men sizdan juda g‘alati bir tarzda qarzdorman, shu bois sizga qancha minnatdorchilik bildirsam shuncha oz.
Janob fon-Umprext o‘z rolini nazarda tutayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdan bo‘lak fikr kallamga kelmadi, yana u o‘z so‘zlarini shunday muloyimlik bilan aytardiki, hatto e’tiroz bildirib yuborishimga ham sal qoldi. U o‘sha zahoti so‘zimni bo‘lib:
— Bu bilan men nimani nazarda tutayotganimni siz xayolingizga ham keltirolmaysiz. Sizdan iltimos, o‘tinchimga quloq solsangiz.
U deraza tokchasiga o‘tirib olib, oyog‘ini chalishtirdi-da, o‘zini xotirjam ko‘rsatishga astoydil urinayotganini yashirmay, so‘zlay ketdi:
— Men endi katta yer egasiman, qulog‘ingizga chalinganmi, yo‘qmi, avval zobit bo‘lganman. O‘sha, bundan o‘n yil muqaddam, — o‘n yil muqaddam aynan shu bugungi kungacha davom etib, sizning sharofat va ko‘magingiz sabab o‘z nihoyasiga yetay deb qolgan zulmingiz ostida ajabtovur bir voqeani boshimdan o‘tkazganman. Ikkimizning o‘rtamizda, xuddi mendek siz ham arang tushuntirib bera oladigan allaqanday yovuz munosabat o‘rnatilgan; lekin, oz bo‘lsa-da, siz uning borligidan boxabar bo‘lishingiz kerak. O‘shanda mening polkim ovloq polyak makonidan joy olgandi. Unchalik ham toliqtirmas xizmatdan tashqari, ko‘ngil ochish borasida ham faqat aroqxo‘rlik, qimorbozlik bo‘lgandi, xolos. Ustiga-ustak, kelajakda, hali-beri o‘zgarishi mahol bo‘lgan va ichimizda uncha-munchamizning bardoshimiz yetmaydigan bunday hayotda yana uzoq yillar yashashga mahkum edik. Kelganimizning uchinchi oyida mening eng yaqin do‘stlarimdan biri o‘zini otib qo‘ydi. Ilgari xushmuomala bo‘lgan sobiq zobit do‘stim esa birdan ashaddiy aroqxo‘rga, qo‘pol, jirtaki, nima qilayotganini hatto o‘zi ham anglolmay qolgan bir jirkanch kimsaga aylandi-qoldi va qandaydir advokat bilan oralarida bo‘lib o‘tgan qandaydir ko‘ngilsizlikdan keyin xizmatidan ham ayrilib qo‘ya qoldi. Uylangan batalon polkovnigi, bunga uning dalil-isboti bormidi-yo‘qmidi, bilmadim-u, bir kuni rashkdan xotinini derazadan uloqtirib yubordi. Aql bovar qilmas holatda xotini o‘lmay qoldi; eri esa ajalni jinnixonadan topdi. O‘sha-o‘sha yoqimtoy, lekin hayratomuz darajada esi past bo‘lgan yunkerlarimizdan bittasi, kesakdan o‘t chiqqandek, falsafani yaxshi tushunishini, Kant va Gegelni o‘qib-o‘rganganini ma’lum qildi va xuddi yosh bolalar alifboni yodlagandek, ularning asarlaridan katta-katta parchalarni yoddan aytib berdi. Menga kelsak, azbaroyi ensam qotganidan shunday xunobim chiqardiki, ba’zan tushdan so‘ng o‘rnimda yotib, ishqilib, aqldan ozib qolmasam go‘rga edi, deb yuragim orqamga tortib ketardi. Bizning kazarmamiz yig‘ishtirib kelganda o‘ttiztacha xonadondan iborat bo‘lgan qishloq ortiga joylashgandi; iflos, jirkanch va badbo‘y hidli odamlarga liq to‘la shahar bu yerdan bir soatlik yo‘l bo‘lib, unga kamdan-kam hollardagina ishimiz tushardi. Qahvaxona xo‘jayini, etikdo‘z va boshqalar singari mehmonxona egasi ham yahudiylardan edi. Ularni nega bunchalik tahqirlaganimizni endi tushungandirsiz. Bizning polkka biriktirilgan mayor unvonidagi bir knyaz hazil qilibmi yo o‘zi xayrixohmidi, bilmadim-u, yahudiylarning salomiga o‘ta odob bilan alik olgani yetmagandek, yana kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan polkimiz shifokorini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlardi, bu esa yahudiylarga bo‘lgan g‘azabimizni battar qo‘zitib yubordi. Agar knyazning aynan mana shu injiqliklari sabab, taqdir meni o‘sha odam bilan uchrashtirib, bizning shu qadar sirli tarzdagi aloqalarimizning boshlanishiga turtki bo‘lmaganida, balki bularning barini sizga so‘zlab o‘tirmagan bo‘lardim. Bu firibgar, qo‘shni polk shahri mayxona egasi bo‘lgan yahudiyning o‘g‘li edi. U yigitlik chog‘lari ish yuzasidan Lvovga, so‘ng Venaga borganlarida, qartada ko‘zboyloqchilik sirlarini bilib olgan ekan. Keyinchalik o‘z ustida ishlab, bu hunarini yanada boyitibdi, asta-sekin sayohatlarga chiqa boshlabdi va shantan-qahvaxonalarida va klub sahnalarida bo‘lib, muvaffaqiyat qozona boshlabdi.
Yozda u ota-onasidan xabar olgani, albatta, o‘z shahriga qaytardi. Bu yerlarda u hech qachon jamoat orasida hunarini namoyish etmasdi, shu boisdan ham u o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan e’tiborimni tortgani uchun uni ilk bor ko‘chada uchratib qolgandim. O‘shanda uning yoshi o‘ttizlar atrofida bo‘lib, egniga umuman faslga mos tushmagan, kulgingni qistatadigan serhasham kiyimdagi kichkinagina, ozg‘in, soqolsiz odam edi; egnida qora syurtuk, boshiga esa dabdabali shlyapa kiyib olib, hashamdor duxobadan tikilgan nimchada sayr qilib yurardi; havo ochiq kunlari ko‘ziga, albatta, qora ko‘zoynak taqardi.
Bir kuni kechki ovqatdan so‘ng o‘n besh-o‘n olti kishi bo‘lib, o‘zimizning uzun stol atrofida zobitlar yig‘ilishib o‘tirardik. Kechqurun havo dim bo‘lganidan derazalar lang ochib qo‘yilgandi. Ba’zi o‘rtoqlarimiz o‘yinni boshlab yuborishgandi, boshqalari esa deraza oldida o‘tirib, gap sotishardi, uchinchilari, damlarini chiqarmay, ichib, chekib o‘tirishardi. Navbatchi unter-zobit kirdi-da, ko‘zboylog‘ich kelganini ma’lum qildi. Boshda biz bir oz hayron bo‘ldik. Lekin, o‘sha aytilgan odam gap tugashini ham kutib o‘tirmay, shartta kirib keldi-da, yengilgina firibgarlar tilida bir nima deb qo‘ydi, keyin ikki og‘iz kirish so‘zini aytdi va taklif qilganimiz uchun minnatdorchilik bildirdi. U avval unga peshvoz chiqqan knyazga murojaat qildi va, albatta, bizning g‘ashimizga tegish maqsadida u bilan qo‘l berib ko‘rishdi.
Ko‘zboylog‘ich ham buning bo‘lgani shu ekan deb o‘yladi-da, boshda qartada bir nechta fokus ko‘rsatib, so‘ng magnitizm va xiromantiyaga o‘tishini aytdi. U gapini oxiriga yetkazmay turib, bir burchakda qarta o‘ynayotgan ba’zi zobitlar rasmli qartalarning g‘oyib bo‘lib qolayotganini payqab qolishdi; lekin qartalar ko‘zboylog‘ichning ishorasi bilan ochiq turgan derazadan yana qaytib uchib kirardi. Keyingi o‘yin(fokus)lar ham bu borada qancha ko‘rganlarimdan oshib tushsa tushdiki, ammo kam bo‘lmadi. Menga uning keyingi bajargan sehrli tajribalari ancha g‘alati ko‘rindi. Safsataboz yunkerning qanday qilib uyquga ketgani, sehrgarning buyrug‘iga bo‘ysunib, ochiq turgan derazadan lip etib sakrab tushib, tep-tekis devorga tirmasha-tirmasha tomga chiqib olgani va butun boshli tomning to‘rttala burchagidan gir aylanib, so‘ng yana qaytib yerga tushganini vahimasiz kuzatib turolmadik. Hali uyqusi tarqamagan yunkerning pastda turganini ko‘rgan polkovnik:
— Menga qarang, Xudo ko‘rsatmasin, biron kor-hol bo‘lganda bormi, unda siz kazarmadan aslo tirik chiqmasdingiz, — dedi sehrgarga.
Bu tenbehga yahudiyning nafrat to‘la nigoh bilan javob bergani sira yodimdan chiqmaydi.
Keyin:
— Janob polkovnik, sizga kazarmani yo tirik, yo o‘lik, qachon tark etasiz, shuni qo‘lingizga qarab aytib beraymi? – dedi u xotirjam holda.
Bunday qo‘poldan-qo‘pol gapga polkovnik yoki bizlar nima deb javob qilardik, bilmadim-u, lekin umumiy kayfiyat shunday ko‘tarinki ediki, polkovnik ham unga qo‘lini uzata qoldi-da, olchoqlar tilida:
— Mayli, qani bir o‘qib ko‘ring-chi, — deganida ham bunga hech kim hayron bo‘lmadi.
Bularning bari hovlida sodir bo‘layotgandi, va yunker uyquli ko‘zlari bilan qo‘llarini kerib, hali ham devorga mixlangandek turardi.
Shunda sehrgar polkovnikning qo‘lidan tutdi-da, diqqat bilan uning qo‘lidagi chiziqlarga razm sola boshladi.
— Sen yahudiyga biron nima ko‘rinyaptimi o‘zi? – dedi g‘irt mast poruchik.
— Mening sahnadagi ismim – Marko Polo, — dedi u savol bergan kishiga jiddiy ohangda.
Knyaz yahudiyning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da:
— Mening do‘stim Marko Poloning ko‘zlari o‘tkir, — dedi.
— Qani, nimalar bor ekan? – dedi polkovnik muloyimlik bilan.
— Bilmadim, aytsammikan, yo‘qmi? – dedi Marko Polo.
— Ixtiyoringiz, — dedi knyaz.
— Gapira qoling, — baqirdi polkovnik.
— Yaxshisi, og‘iz ochmaganim ma’qul,— e’tiroz bildirdi Marko Polo.
— Qani, borini to‘kib-soling-chi, juda unchalik ham yomon emasdir, axir, mabodo, shunday bo‘lganda ham buning haqiqat ekani hali noma’lum-ku, — dedi polkovnik qah-qah urib kulgancha.
— So‘raganingizga hali pushaymon bo‘lasiz, — dedi sehrgar, — aytganlarimning bari sodir bo‘ladigan, rost gaplar.
Hamma jim turardi.
— Qani, unda eshitaylik-chi, — iltimos qildi polkovnik.
— Endi sovuqdan qiynalishingizga hojat yo‘q, — javob qildi Marko Polo.
— Qanaqasiga? – qichqirdi polkovnik, — nahotki polkimizni baribir ham Rivaga ko‘chirishsa?
— Polk haqida biron nima deya olmayman-u, faqat men sizni kuzgacha tirik qolmasligingizni ko‘rib turibman, xolos.
Polkovnik kulib yubordi, qolganlar hamon jim turardi; sizni ishontirib aytishim mumkinki, o‘sha lahzaning o‘zidayoq polkovnik bizga o‘limga mahkum odamdek tuyulib ketdi. Birdan kimdir dabdurustdan ovozining boricha ataylab kulib yubordi-da, shovqin-suron va kulgi aralash barcha zobitlar yig‘ilishga qaytishdi.
— Endi, — baland ovozda dedi polkovnik, — bari tugadi. Bunga yana qiziqsinayotganlardan bormi, janoblar?
Kimdir hazillashib baqirdi:
— Aslo, biz buni eshitishni ham istamaymiz!
— Agar diniy sabablarga amal qilinsa,— dedi boshqa bir kishi to‘satdan fikr bildirib,— taqdirni bu taxlit bashorat qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
— Marko Pologa o‘xshaganlarni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilish kerak, — dedi bir yosh leytenant. Men knyazni burchakda eski bir zobit bilan chekib turganini ko‘rib qoldim; uning:
— Bashorat qachon boshlanadi? – degani qulog‘imga chalindi.
Shu orada men ketishga taraddudlanayotgan Marko Poloning yoniga keldim-da, boshqalar eshitmaydigan qilib:
—Menga ham bir nimalarni karomat qilib ko‘ring-chi, — dedim unga.
U bexosdan qo‘limdan tutdi-da, keyin:
— Bu yerda yaxshi ko‘rolmayapman, — dedi u. Men, fonus alangasi tebranayotganini va qo‘limdagi chiziqlar ham titrayotganini sezib qoldim. — Yuring, janob poruchik, tashqariga chiqamiz. Menga oydinda yaxshiroq ko‘rinadi.
U qo‘limdan tutgancha tashqariga sudradi va men ham unga ergashib, ochiq turgan eshikdan tashqariga chiqdim.
Birdan kallamga ajabtovur fikr keldi.
— Quloq soling, Marko Polo, — dedim men, — agar polkovnikni hozirgi ko‘yga solganingizdan bo‘lak hunar qo‘lingizdan kelmasa, yaxshisi, bu ishni yig‘ishtirib qo‘ya qoling.
Sehrgar shu zahoti qo‘limni qo‘yib yubordi-da:
— Janob poruchik qo‘rqyaptilarmi, deyman? — dedi jilmayib.
Men bitta-yarimta odam eshitib qolmadimikan deb u yoq-bu yoqqa alangladim; lekin biz allaqachon kazarma darvozasidan tashqariga chiqib, shaharga olib boradigan yo‘lda turardik.
— Men oz bo‘lsa ham tayinli biron nima bilishni istardim, —dedim men. – Aravani quruq olib qochishdan nima foyda.
Marko Polo menga qaradi.
— Janob poruchik nimani istaydilar o‘zi? Balki ko‘ngillari bo‘lajak qallig‘larining suratini ko‘rishni tusar?
— Nahotki bu qo‘lingizdan kelsa?
Marko Polo yelka qisdi.
— Keladi… nega endi kelmas ekan?…
— Lekin men buni istamayman, — uning gapini bo‘ldim men. – To‘g‘risi, keyinroq, hech bo‘lmaganda o‘n yillardan so‘ng menga nima bo‘lishini bilishni xohlardim.
Marko Polo boshini sarak-sarak qildi-da:
— Buni aytolmayman-u, biroq, bundan boshqasiga qurbim yetsa kerak, — dedi.
— Masalan, nimaga?
— Kelgusi hayotingizdan bironta lahzani, janob poruchik, xuddi suratdagidek sizga tasvirlab berishim mumkin.
Uning nima demoqchi bo‘lganini hadeganda tushunmadim.
— Ya’ni, o‘z farazingizni tasvirlab bermoqchisiz, shundaymi?
— Mening farazim mana bunday: men sizning kelajakdagi hayotingizdan bir lahzanigina uzib olaman-da, biz siz bilan turgan xuddi mana shu yerga hoziroq chaqirib olaman.
— Qanday qilib?
— Janob poruchik, siz aynan qaysi lahzani ko‘nglingiz tusayotganini aytsangiz bo‘ldi.
Men uning gaplarini yaxshi tushunolmayotgan bo‘lsam-da, bunga o‘lgudek qiziqayotgandim.
— Yaxshi, — dedim men, — agar eplolsangiz, unda o‘n yildan so‘ng xuddi shu bugun va xuddi mana shu lahzalarda menga nimalar bo‘lishini ko‘rmoqchiman… gapimni tushunayapsizmi, Marko Polo?
— Bo‘lmasam-chi, poruchik janoblari, – javoban dedi Marko Polo va o‘ychan nigohini menga qadadi.
Mana, u g‘oyib bo‘ldi… hozirgina oy nurida yal-yal yonib turgan kazarma ham, tekislikdagi rangi o‘chib yotgan yakkam-dukkam yog‘och uylar ham g‘oyib bo‘ldi-qoldi, ba’zan o‘zingni o‘zing tushda ko‘rgandek, men ham o‘zimni shunday tushda ko‘rdim… o‘n yoshga ulg‘aygan, moshkichiri paxmoq soqolli, peshonamda chandiq, o‘rmondagi yalanglikning qoq o‘rtasida zambilda yotibman, oldimda bir xushro‘y ayol, yonimda bir o‘g‘il va bir qiz bola, orqa tomonda qorong‘i o‘rmon va undan beriroqda qo‘lida mash’ala tutgan ikki ovchi… Hayratdan yoqa ushlayapsiz, shunday emasmi, yoqa ushlayapsiz!
Men rostdan ham hayratdan yoqa ushlagandim, chunki u menga tasvirlab bergan o‘sha manzara aynan shu bugun oqshom soat o‘nda yakuniga yetay deb qolgan pesamdagi jon berayotgan qahramon rolini u o‘ynashi kerak edi.
— Bilaman, menga ishonmayapsiz, — davom etdi fon-Umprext. — Buning uchun sizdan xafa emasman, lekin, shunday bo‘lsa-da, sizning bu shubha-gumonlaringizga chek qo‘yaman.
Fon-Umprext cho‘ntagiga qo‘lini olib bordi-da, undan yelimlangan konvertni oldi.
— Iltimos, bir qarab ko‘ring-chi, orqa tomoniga nimalar yozilgan ekan.
 Men baland ovozda o‘qiy boshladim: “1859 yil 8 yanvarda notarial tomonidan muhrlangan, 1868 yil 9 sentyabrda ochiladi”. Tagida menga shaxsan tanish Venadagi notarius, doktor Artinerning imzosi turardi.
— O‘sha kun shu bugun, — dedi menga fon-Umprext. – Rosa shu bugun Marko Polo bilan bo‘lib o‘tgan sirli uchrashuvimizga naq o‘n yil bo‘ldi, lekin, baribir, men uchun tagiga yetib bo‘lmas jumboqligicha qoldi. Chunki, taqdir go‘yo har yili men bilan xuddi bekinmachoq o‘ynayotgandek edi, endi ro‘yobga chiqay deb turgan “bashorat” birdaniga yana g‘oyib bo‘lib qolardi va uni o‘zgartirib bo‘lmasligiga ishontirib, allaqayerlarga yana juftakni rostlab qolardi-da, yana iziga qaytib kelaverardi. Qo‘ying, ijozatingiz bilan o‘z hikoyamga qaytsam.
Xayolot olami uzoq emas, bir lahzagina cho‘zildi, xolos, chunki u boshlanmasdan avvalroq kazarmadan kelayotgan poruchikning qattiq kulgani qulog‘imga chalingan edi. Mana, Marko Polo yana qarshimda tabassum qilib turardi, lekin bu tabassum na alamdiyda va na istehzoli edi. U shlyapasini boshidan olib:
— Xayrli kech, janob poruchik, endi, har holda mendan ko‘nglingiz to‘lgandir, — dedi-da, orqasiga o‘girilib, bamaylixotir shahar tomonga yo‘l oldi. Ertasi kuni u jo‘nab ketdi.
Kazarmaga qaytganimdan so‘ng kallamga kelgan dastlabki fikr shu bo‘ldiki, balki, Marko Polo allaqanday noma’lum yordamchini ishga solib, qandaydir ko‘zgu orqali bu hodisani chaqirib olgandir? Men hovlidan o‘tib kelayotganimda yunkerning hali ham o‘shanday qo‘llarini yoygancha devorga suyanib turganini ko‘rdim-u, o‘takam yorilay dedi. Hayajonlarini ichlariga sig‘dirolmayotgan odamlarning bahs aralash o‘zaro suhbatlari shunday eshitilib turardi. Men shartta yunkerning qo‘lidan tutdim, u shu zahoti ko‘zini ochdi, lekin ko‘rganlarining birontasiga ajablanmadi, faqatgina polk zobitlari nega bunchalik darg‘azab bo‘lishayotganini tushunolmay hayron edi, xolos. Men ham azbaroyi g‘azablanganimdan bu ishga aralashmoqchi bo‘ldim, biroq biz ko‘rib turgan bu g‘alati hodisalarning barchasi to‘g‘risida behuda mish-mishlar tarqala boshlasa, ehtimol, men ham ahmoqlikda boshqalardan qolishmas ekanman degan o‘yga borishdan istihola qildim. Shunda polkovnik:
— Janoblar, men yana kelgusi bahorgacha o‘lmayman deb garov o‘ynashga tayyorman! Qirq beshtaga yakka o‘zim! – deya dabdurustdan xitob qildi.
Shu gapni aytdi-da, u qimorboz va janjalkash sifatida nom chiqargan zobitlarimizdan biri bo‘lgan poruchikka murojaat qildi:
— Siz bunga nima deysiz?
Poruchik o‘yindan o‘zini arang tiyib turgan bo‘lsa-da, baribir, boshlig‘ining o‘limi bilan bog‘liq masala borasida uning o‘zi bilan bas bog‘lashga jazm etmadi, unga indamay kulib qo‘ya qoldi. Balki, keyinroq bundan afsus qilgan bo‘lishi ham mumkindir. Chunki, oradan roppa-rosa bir hafta o‘tib, erta tongda polkovnigimiz imperator mashqlaridan birida otdan yiqilib, til tortmay o‘ldi. Shunda, hammamiz bundan boshqacha bo‘lishini kutmaganimizni aytgandik. Shu lahzadan e’tiboran, men g‘alati bir jur’atsizlik bilan hali hech kimga oshkor etilmagan tungi “bashorat” haqida ich-etimni yeb o‘ylay boshladim. Faqat Venaga sayohat bahonasidagina Rojdestvoda oshnam Fridrix fon-Gulend degan kimsagagina yuragimda borini to‘kib solgandim. Balki siz u haqda eshitgandirsiz, juda chiroyli she’rlar yozardi, afsus, dunyodan juda erta ketdi… Xullas, biz mana shu konvertdan topishingiz mumkin bo‘lgan tasvirning xomaki suratini u bilan birga chizgandik. U, o‘z yakuniy xulosalarida garchand bunday hodisalarga ishonish qiyin bo‘lsa-da, baribir, fan ularni qo‘ldan boy bermasligi lozim degan, fikrda edi. Ikkovimiz doktor Artiner huzurida bo‘lganimizda chizmani ko‘z o‘ngimizda konvertga solib, muhrlashgandi. Konvert shu choqqacha notariusning devonxonasida saqlanib, kun-kecha iltimosimga ko‘ra o‘zimga keltirib berildi. Gulyandning bu ishga jiddiy yondoshishi, tan olib aytishim kerakki, boshda meni rosa ranjitdi, lekin uni boshqa ko‘rmaganim ham, ayniqsa, vafotidan keyingi barcha voqealar ham menga kulgili tuyula boshladi. Men, avvalo, taqdirim o‘z qo‘limda ekanini tushunib yetdim. Dunyoda hech bir kuch 1868 yil 9 sentyabr tungi soat o‘ndagidek meni qop-qora paxmoq soqolim bilan zambilda yotishga majburlay olmaydi; men o‘rmon va daladan qochib qutulishim, xuddi shuningdek, malla sochli ayolga uylanmasligim va hatto farzand ko‘rmasligim ham mumkin. Men qochib qutulishim mahol bo‘lgan yolg‘iz narsa bu – dueldagi baxtsiz hodisa yoki undan peshonamda qolishi mumkin bo‘lgan chandiqqina bo‘lishi mumkin, xolos. Demak, vaqtincha bo‘lsa-da, xotirjamman.
Bu bashoratdan so‘ng bir yil o‘tib, men hozirgi rafiqam freyleyn fon-Geymzalga uylandim, undan keyin sal o‘tmay iste’foga chiqdim-da, o‘zimni qishloq xo‘jaligi yumushlariga bag‘ishladim. Bu sizga kulgili tuyulmasa-da, men tushimdagi (buni xayolot olami deb atashni yaxshi ko‘raman) o‘tloqni yodga solmaydigan, iloji boricha yeri bo‘lmagan bir nechta ixcham-ixcham uy-joylarni ko‘rib chiqdim. Xotinim merosni qabul qilib olganidan so‘ng Karintidagi yer-mulk egasi bo‘lganim bois men hafsala bilan ro‘zg‘orimizga u-bu xarid qilishga tayyor edim. Yangi yer-mulkimizni tomosha qilgani chiqdim-u, adashib qoldim va yurib-yurib atrofi o‘rmon bilan ihotalab tashlangan yaylovga duch keldim. U menga bekorga qo‘rqmaydigan o‘sha yerni g‘alati bir tarzda yodimga soldi. Yuragimni bir oz vahima bosdi. Xotinimga bashorat to‘g‘risida og‘iz ham ochmadim; u irim-sirimlarga ishonuvchan ayol edi, agar bularning barini unga aytib berganimda, uning hozirgacha o‘tgan butun hayotini zahar-zaqqumga aylantirgan bo‘lardim.
U yengil nafas oldi-da, asta jilmayib qo‘ydi.
— Shunday qilib, ko‘nglim notinchligi to‘g‘risida unga hech nima aytmadim. Lekin 1868 yil sentyabrini o‘z mulkimda o‘tkazmayman degan xayol bilan o‘zimga tasalli berib qo‘ya qoldim.
Men 1860 yilda o‘g‘il ko‘rdim. U bir yoshga to‘lganda, menga tushimda ko‘rgan xuddi o‘sha bolani eslatayotgandek tuyulaverdi; bu o‘xshashlik ba’zan yo‘qolardi, ba’zan yanada yaqqolroq namoyon bo‘lardi va tan olib aytishim kerakki, bugun oqshom soat o‘nda men yotgan zambil yonida turadigan bola bilan o‘sha men tushimda ko‘rgan bola xuddi ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash edi. Menda qiz yo‘q, lekin bundan uch yil burun beva qolib, hozirda Amerikada yashagan xotinimning opasi vafot etgach, undan bir qizcha qolgandi. Xotinimning iltimosiga ko‘ra, qizchani o‘zimiz katta qilamiz dedik va men dengiz osha Amerikaga borib, uni olib keldim. Qizchaga ilk bor ko‘zim tushganda, u xuddi o‘sha, men tushimda ko‘rgan qizchani yodimga solgandek bo‘laverdi. Bolani o‘zga yurtda, begona odamlarga tashlab ketish fikri bir bor bo‘lsa-da, yilt etib xayoldan o‘tdi. Xayolimdan o‘tgan bu badbin o‘yni shu zahoti daf qildim-da, biz qizchani jon-jon deb bag‘rimizga oldik. Bashoratga qurilgan bu xayolot olamimda bolalarning borgan sari bir-biriga o‘xshab ketishiga qaramay, yana xotirjam tortdim-da, bolalar bahona o‘sha tushni esga olaverish yaxshilikka olib bormaydi, degan xulosaga keldim. Hayotim birmuncha vaqt tinchlik va osoyishtalikda o‘tdi. Bundan ikki yil burun taqdirning yana bir yangi ogohlantirishi meni hayajonga solmaganida, Polsha shaharchasida o‘tgan o‘sha g‘alati kechani deyarli o‘ylamay ham qo‘ygandim. Men ikki oyga jo‘nab ketishim kerak edi; qaytib kelganimda ne ko‘z bilan ko‘rayki, meni kutib olishga chiqqan xotinimning sochlari malla rangda bo‘lib, u, o‘sha, tushimdagi men yuzini ko‘rmagan ayol bilan ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash edi. Qo‘rquvni qahr-g‘azab bilan bosish eng qulay usul deb o‘yladim; ha, rostdan ham shartakiligim borgan sari avjga chiqib borardi, chunki, o‘sha telba-teskari fikrlar menga hech tinchlik bermay qo‘ygandi; mabodo oilamdan kechsam, unda xavf-xatar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi va men o‘shanda taqdirni o‘z nog‘oramga o‘ynatgan bo‘laman. Xotinim tiz cho‘kib yig‘ladi-siqtadi, yalindi-yolvordi, o‘zidagi o‘zgarishlar sababini kuyib-pishib tushuntirdi. Bir yil burun Myunxen safari chog‘ida, rasmlar ko‘rgazmasida men malla sochli ayol portretiga juda mahliyo bo‘lib qolgandim va buni ko‘rgan xotinim qulay fursat topilsa, men ham o‘sha ayolga o‘xshab sochimni malla rangga bo‘yayman deb ko‘ngliga tugib qo‘ygan ekan.
Men undan iloji boricha tezroq bu rangni yo‘qotib, sochini o‘z tabiiy holiga qaytarishini so‘radim va u bunga ko‘nganidan so‘ng yana hammasi o‘z iziga tushib ketgandek bo‘ldi. Hatto mana shu ham taqdir mening izmimda ekanidan dalolat emasmi?.. Nahotki hozirga dovur bo‘lib o‘tgan voqealarning barini tabiiy sodir etilgan deb bo‘lmasa?.. Nahotki boshqa minglab odamlarda mana shunday o‘rmon va yaylovdan iborat yer-mulk, bola-chaqa, oila deganlari bo‘lmasa?.. Irim-sirimga ishonuvchining yuragini taka-puka qiladigan peshonamdagi mana bu chandiq ham hozirgi qishgacha yo‘q edi. Qo‘rqoq emasligimni tushuntiray sizga: zobitlik chog‘larim juda xavfli vaziyatda duelda olishganman, bundan boshqa sakkiz yil burun to‘yimdan sal o‘tmay, xizmatdan ketganimda, o‘tgan yil qandaydir xursandchilik munosabati bilan allaqanday janobga tuzukroq salom bermaganim uchun u mendan buning sababini tushuntirib berishimni talab qilgandi – fon-Umprext bundan bir oz xijolat tortgandek bo‘ldi, men esa janobdan uzr so‘rab qo‘ya qolishni ma’qul ko‘rdim. Xayriyatki, bari yaxshilik bilan hal bo‘la qoldi, bo‘lmasa, sizni ishontirib aytamanki, bu safar ham mushtlashishim, raqibim peshonamdan darcha ochishi, taqdirning qo‘liga yana bir qartani tutqazishidan qo‘rqib, men arosatda qolishim turgan gap edi. Ko‘ryapsizmi, bu ham menga yordam bermadi: chandiq esa hamon men bilan. Balki, o‘sha, jarohatlangan kunimdan boshlab o‘n yil mobaynida ojizligim tuyg‘ularimga o‘z ta’sirini o‘tkazgandir, ehtimol. Bu voqea mana shu qish oqshomida sodir bo‘lgandi; men o‘zimga mutlaqo notanish bir qancha begona odamlar bilan poyezdda Klagenfurtdan villaga ketayotgandim. To‘satdan deraza oynasi jaranglab sindi-yu, shu zahoti peshonamda og‘riq his eta boshladim; ayni vaqtda qattiq bir nima polga taraqlab tushganini ham eshitdim; men darhol jarohatlangan yerimni ushladim, u yerdan qon oqardi; shunda tezda engashdim-da, poldan qirrali toshni oldim; kupedagi odamlar vahimadan sapchib tushishdi.
— Nima gap o‘zi? – hayqirdi ulardan biri.
Peshonamdan qon oqayotganini ko‘rib, darrov yordamga chog‘lanishdi, lekin bir janob o‘zini burchakka otganini aniq ko‘rdim. Yaqin o‘rtadagi bekatdan suv olib kelishdi, temir yo‘l shifokori yaramni bog‘lab qo‘ydi, biroq men shu jarohat orqasidan o‘lib ketishdan qo‘rqmayman, axir yaraning chandiqqa aylanib qolishi menga oldindan ma’lum-ku. Bu qasddan qilingan jinoyat bo‘lsa-chi? Bolalar shunchaki sho‘xlik qilishgan degan mish-mishlar avj oldi; burchakka tiqilib olgan janob ham ro‘paraga qarab o‘tirgancha churq etmasdi. Men Villaxda tushaman. Yetti yot begona mana bu odam dabdurustdan yonimga keldi-da:
— Bu aslida menga otilgandi, — dedi-yu, men javob berishga ulgurmasimdan qayergadir g‘oyib bo‘ldi-qoldi; uning kimligi menga noma’lumligicha qoldi. Balki, u ta’qib dardiga mubtalo savdoyilardandir… balki, chandiq menga tegishli bo‘lgani uchun men qutqarib qolgan, alamzada er yoki aka ta’qib qilib yurgan boshqa birovdir… Yana kim biladi deysiz?..
 Bir necha haftadan so‘ng chandiq men tushimda ko‘rgan peshonamning xuddi o‘sha yerida manaman deb turardi. Shunda allaqanday noma’lum kuch bilan olishayotganimga imonim komil bo‘la boshladi va men kun sayin ortib borayotgan xavotir bilan qachon bo‘lmasin hal qiluvchi kuch sifatida yuzaga chiqadigan o‘sha kunni intizorlik bilan kutardim.
Bahorda amakimdan taklifnoma oldik. Bu taklifga men tish-tirnog‘im bilan qarshi edim, negaki, garchand xotiramda biron aniq tasavvur namoyon bo‘lmasa-da, har holda, o‘sha qarg‘ish tekkan joy aynan amakimning hovlisida edi. Xotinim rad javobim sababini tushuna olmasligini hisobga oldim-da, tezroq saroyni tark etib, undan nariroqqa, to‘g‘ri janubga, Venetsiyaga, Lidoga jo‘nab ketishni qat’iy ko‘nglimga tugdim va iyulning boshida oilam bilan saroyga borishga ahd qildim.
Kelgan birinchi kunimizdanoq pesangizdan gap ochilib, amakim pesadagi bolalarga atab yozilgan kichkinagina rolni farzandlarim ijro etib berishiga roziligimni so‘radi. Bunga qarshiligim yo‘q edi. O‘shandagina bosh qahramon rolini professional aktyorga topshirish kerak degan bir to‘xtamga kelindi. Bir necha kun o‘tgach, qattiq betob bo‘lib, ketolmay qolsam-chi, deb meni vahima bosa boshladi. Shunda men, bir kuni oqshom chog‘i ertadan bir necha kunga dengizga cho‘milishga ketishimni ma’lum qildim. Sentyabrning boshlariga kelaman deb va’da berishim kerak edi. O‘sha oqshom baron qandaydir sabab bilan rolni qaytarib berayotgan aktyordan xat oldi. Bundan xabar topgan amakimning ta’bi xira bo‘ldi. U, mendan avval pesa bilan tanishib chiqishimni va mana shu rolga tanishlarim ichidan bironta munosib odamni topib berishimni so‘radi. Shunday qilib, pesani o‘zim bilan olib ketdim va uni o‘qib chiqdim. Shu yilning to‘qqizinchi sentyabrida, o‘sha, menga bashorat qilinganlarning bari pesada oqizmay-tomizmay tasvirlab berilganini o‘qiganimda, mening qay ahvolga tushganimni o‘zingiz bir tasavvur qilib ko‘ring-a. Shu rolni men o‘zim o‘ynashni xohlayotganimni aytishga tonggacha sabrim chidamadi. U bunga rozi bo‘lmas deb qo‘rqqandim, chunki pesani o‘qib chiqqanimdan beri o‘zimni xavf-xatardan xoli his eta boshlagandim, mabodo, agar pesangizdagi roldan quruq qolsam, unda, men yana allaqanday noma’lum kuchlarga qurbon bo‘lishim turgan gap edi. Amakim darrov rozi bo‘ldi va o‘sha daqiqadan boshlaboq ishlar yana jo‘nashib ketdi. Biz, mana, bir necha haftadirki, tinmay mashq qilamiz va men boshimga tushishi muqarrar ko‘rgilikni o‘zimda o‘n besh martacha sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lgandim: men zambilda yotibman, ajoyib malla sochli grafinya Sayma esa yuzini qo‘llari bilan to‘sib, ro‘paramda tiz cho‘kib turardi, bolalar ham shu yerda edilar.
Janob Umprext shu so‘zlarni gapirib turgan bir paytda nigohim hali ham surg‘ichi buzilmay yotgan konvertga tushdi. Janob Umprext jilmayib qo‘ydi.
— Darvoqe, hali men sizga dalil taqdim etmadim-a, — dedi-yu, muhrni buzdi. Taxlanib yotgan qog‘oz nihoyat yorug‘likka chiqdi. Ro‘paramda mukammal, xomakisi go‘yo men tomondan ishlangan mise-en-scene pesaning so‘nggi voqeasi yotardi, sahnaning orqa tomoni va tevarak atrofi o‘rmon ko‘rinishidagi manzara bilan bezatilgan; tagiga taxtachasi bilan erkak kishining gavdasi deyarli sahnaning o‘rtasida turardi, uning ustiga: “zambillar…”— deb yozib qo‘yilgandi. Boshqa gavdalarga qizil siyoh bilan: “malla sochli ayol”, “o‘g‘il bola”, “qiz bola”, “mash’alchi”, “qo‘l ko‘targan odam” deb yozib qo‘yilgandi.
Janob fon-Umprextga:
— Bu qo‘llarini ko‘tarib turgan odam nimani anglatadi o‘zi? –so‘radim undan.
— Qarang-a, — dedi janob fon-Umprext xijolat tortib, — sizga aytish mutlaqo yodimdan ko‘tarilibdi-ku. Demak, ishlarning ahvoli bunday: xayolotning anavi tasavvurida lopillab yonib turgan mash’ala tutgan tepakal, soch-soqoli silliq qirtishlangan, ko‘zoynakli, bo‘yniga to‘q yashil shol tashlab olgan, ko‘zlari katta-katta ochilgan va qo‘llari ko‘tarilgan odam bor edi.
Bu safar lol qolgandim. Biz bir muddat jim qoldik. Keyin men:
— Aslida bu kim bo‘lishi mumkin, siz nima deb o‘ylaysiz? – deya ajib bir tashvish bilan so‘radim undan.
— Men, — dedi fon-Umprext o‘zini xotirjam tutib,— bu bironta tomoshabin yoki amakimning xizmatkorlaridan biridir deb o‘ylayman yoki pesaning so‘ngida paydo bo‘lib, haddan ziyod to‘lqinlanib ketganidan o‘zini sahnaga otgan bironta dehqondir… yo‘q, balki, endi men mutlaqo ajablanmay qo‘ygan tasodiflardan biri bo‘lgan, jinnixonadan juftakni rostlagan tentaklardan birini, men zambilda yotishim kerak bo‘lgan xuddi o‘sha joydan yugurib o‘tishini taqdirning o‘zi xohlab qolgandir.
Men bosh chayqadim.
— Aytishingizga qaraganda… tepakal – ko‘zoynak – yashil shol?.. Bu ish menga avvalgidan ham g‘alatiroq tuyula boshlayapti. Siz ko‘rgan o‘sha odamning qiyofasini men haqiqatan ham pesamga kiritishni mo‘ljallagandim, biroq keyin undan voz kechdim. Bu birinchi pardada tilga olingan va pesa so‘ngida sahnaga o‘zini otishi kerak bo‘lgan rafiqaning aqldan ozgan otasi bo‘lishi lozim edi.
— Lekin shol va ko‘zoynak-chi?
— Buni aktyor o‘zidan to‘qib chiqargan.
— Bo‘lishi mumkin.
Suhbatimiz bo‘lindi. Fon-Umprext xonim tomosha oldidan gaplashib olish uchun yoniga erini chaqirdi va biz u bilan xayrlashdik.
Men yana bir oz vaqt turdim-da, Umprext stolda qoldirib ketgan tise-en-sceneni diqqat bilan ko‘zdan kechirdim.

III

Ko‘p o‘tmay, tomosha ko‘rsatiladigan o‘sha joyga borgim kelaverdi. U joy saroy orqasida bo‘lib, ko‘rkam xiyobon bilan chegaradosh edi. Xiyobon esa pastak-pastak butalarga borib taqalib, poyoniga yetgan joygacha o‘n qator qilib yog‘och o‘rindiqlar qo‘yib chiqilgandi; oldingi qatordagi o‘rindiqlarga qizil gilam to‘shalgandi. Birinchi qatorning oldiga bir nechta nota kursichalari va kursilar qo‘yilgandi; sahnada parda yo‘q edi. Sahna bilan tomoshabinlar o‘rtasidagi chegara ikki tup baland archa daraxti bilan ajratilgandi, o‘ng tomonda unga yonma-yon yovvoyi buta o‘sgan, uning orqasida esa suflyor uchun tomoshabinlarga ko‘rinmaydigan qilib maxsus oromkursi qo‘yilgandi. Chap tomondagi maydoncha bo‘m-bo‘sh bo‘lib, vodiyning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turardi. Sahnaning orqa tomonida baland-baland daraxtlar saf tortgan; ularning o‘rtadagilarigina sershox edi, xolos, chapdan, soyadan tor so‘qmoq boshlanardi. Nariroqda o‘rmon ichkarisidagi tor so‘qmoqqa aktyorlar o‘z chiqishlarini kutib, o‘tirib turishlari uchun stol va stullar qo‘yilgandi. Yoritish uchun esa sahnaga va tomoshabinlar zalining har ikki tomoniga ulkan shamlardan iborat baland chilchiroq o‘rnatilgandi. O‘ng tomonda buta orqasidagi ochiq joyda sahna jihozlariga o‘xshash nimadir bor edi; u yerdagi pesa uchun zarur bo‘lgan jihozlar orasidan men, yana, pesa so‘ngida fon-Umprext o‘lishi kerak bo‘lgan zambilga ham ko‘zim tushdi.
Yalanglik orasidan yurib borarkanman, kechki quyoshning sokin nuri birdan uni yoritib yubordi… Turgan gapki, xayolim fon-Umprextning hikoyasi bilan band edi. Men fon-Umprextni odamlarni o‘ziga qiziqtirish maqsadida ularni avvaldan avrab turib tayyorlab boradigan ustomon firibgarlar toifasiga mansub emas, deb hisoblamaganman. Men, hatto notariusning imzosi qalbaki va fon-Umprext ishni qoyilmaqom qilib uddalash niyatida, bunga boshqa odamlarni ham jalb qilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblayman. Menda, hozircha noma’lum va Umprext balki hali shartlashib ulgurmagan, qo‘llarini ko‘targan odam sabab g‘ayrioddiy shubha uyg‘ondi; va bu mening birinchi, hali noma’lum rejamdagi shu kishiga atalgan rol edi; bundan tashqari, janob fon-Umprext shaxs sifatida menda yaxshi taassurot uyg‘otgandi. Uning hikoyasi qanchalik g‘alati va qanchalik vahimali tuyulmasin, unga ishonmasam bo‘lmasligini his etib turardim, balki, bunga ustimizdan tegirmon toshi yurgizayotgan istak-xohishlarimizning ijrochisi deb o‘zini hisoblayotgan uning manmanligi sababdir.
Shu top mening yonimdagilar g‘imirlay boshlashdi; saroydan xizmatkorlar kela boshlashdi, shamlar yoqildi, yaqin-atrofdagi odamlarning ko‘pi qishloq libosida tepalikdan tushib kelishdi-da, odob bilan o‘rindiq oldiga kelib to‘xtashdi. Tortinmay o‘z joylarini egallagan bir talay xonimu janoblar orasida ko‘p o‘tmay uy egasi ham paydo bo‘ldi. Men ham ularga qo‘shildim-da, o‘tgan yilgi oshnam bilan rosa chaqchaqlashdim. Musiqachilar kelib, o‘z joylarini egallashdi; ularning tarkibi ancha o‘zgacha bo‘lib, ikkita skripka, violonchel, viol d’amur, kontrabas, fleyta va goboydan iborat edi. Ular shu zahotiyoq, chamasi, juda erta Veberning uvertyurasini ijro eta boshlashdi. Oldinda, orkestrga juda yaqin yerda bo‘yniga qora ro‘molga o‘xshash allanima tashlab olgan keksa, tepakal bir erkak turardi. “Balki, ko‘zoynakni olib tashlab, es-hushidan ayrilib, o‘zini sahnaga otish unga taqdir tomonidan tayinlangandir,” – ko‘nglimdan kechirdim men.
Engilgina esgan shamoldan shamning alangasi ohista tebrandi, atrofni shom qorong‘uligi chulg‘ay boshladi. Men hozirgina boshqa qatnashuvchilar to‘g‘risida yana o‘yladim va Umprext, uning farzandlari, o‘rmonchining qizidan bo‘lak hech kimga ko‘zim tushmaganini esladim. Endi menga rejissyorning baland ovozi va yosh grafinya Saymaning kulgisi eshitildi. Barcha kursilar egallab bo‘lingandi, baron esa grafinya bilan birinchi qatordagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirib olib, gap sotishardi. Orkestr ijroni boshladi va o‘rmonchining qizi chiqib, pesa muqaddimasini o‘qidi.
Pesa mazmuni, to‘satdan olisdagi sarguzashtlarni qo‘msab qolib, oilasi bilan xayr-xo‘shlashmay, ularni taqdir izmiga tashlab, bir kun ichida dard-alam, ko‘ngilsizliklar jabrini tortib, tavbasiga tayangan va oilasi uning yo‘qligini sezmasdan burun orqaga qaytishni ixtiyor etgan inson qismati haqida borardi; u uyiga qayta turib, o‘z ostonasida joni uzilishi bilan uning so‘nggi sarguzashti ham o‘z poyoniga yetadi va o‘limi oldidan uning qochib ketishi, halokati sabablari ular uchun jumboqligicha qolgan, tashlab ketgan oilasiga so‘nggi so‘zini aytishigagina imkon qolgandi, xolos.
Tomosha boshlandi. Xonimlar va janoblar o‘z rollarini binoyidek uddalashardi; meni ko‘proq bayon qilishdagi tabiiylik xursand qilardi, men endi fon-Umprextning hikoyasini o‘ylamasdim ham.
Birinchi pardadan so‘ng orkestr yana kuy chalishni boshladi, biroq, tomoshabinlarning g‘ala-g‘ovuridan kuyni hech kim eshitmayotgandi. Mening o‘zim, chap tomonda, yo‘l oppa-oson vodiyga olib tushadigan, sahnaga xiyla yaqin, odamlar ko‘zidan yiroq joyda tik turardim. Ikkinchi parda boshlandi; shamolning sekin-asta kuchayib borayotgani yorug‘likni tebratib oz bo‘lsa-da, pesaning ta’sirli chiqishiga ko‘maklashayotgandi.
Ijrochilar yana o‘rmon ichida g‘oyib bo‘lishdi va orkestr sadosi yangradi. Kutilmaganda nigohim soch-soqoli silliq qilib olingan ko‘zoynakli fleytachiga tushdi: lekin, uning sochlari uzun, oppoq bo‘lib, hech qanday shol-pol ko‘rinmasdi. Orkestrning ovozi o‘chdi va ijrochilar yana sahnada paydo bo‘ldilar. Men fleytachining cholg‘usini oldidagi nota kursichasiga qo‘yib, cho‘ntagidan yashil sholni olganini va bo‘yniga o‘raganini ko‘rib, hang-mang bo‘lib qoldim; galdagisida janob fon-Umprext chiqdi; men uni fleytachiga e’tibor bilan qaraganini ko‘rdim va bo‘ynidagi sholga ko‘zi tushishi bilan duduqlanib qoldi; sal o‘tmay o‘ziga keldi-da, yana o‘z roliga kirishib ketdi. Men yonimda turgan oddiy kiyimdagi yoshgina yigitdan fleytachining kimligini so‘ragandim, uning Kalterdan kelgan o‘qituvchi ekanini aytdi. Tomosha davom etardi, xotima ham yaqinlashib qolgandi. Sahnada qanday yurish talab qilingan bo‘lsa, ikki bola xuddi o‘shanday gandiraklab yurardi, o‘rmondagi shovqin-suron esa borgan sari yaqinlashar, dod-faryod va nido ovozlari eshitilardi; shamol yanada qattiqroq esib, shoxlarni tebratganda yanada yaxshi bo‘lardi; va nihoyat, sarguzashtlar ishqibozi bo‘lgan talvasadagi fon-Umprextni zambilda olib chiqishdi. Bolalar o‘zlarini uning ustiga otishdi, mash’alachilar qimir etmay turishardi, uning xotini boshqalardan ko‘ra kechroq keldi va qo‘rquvdan basharasi burishib ketib, erining yoniga cho‘kdi; u og‘zini ochishga urinib, nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, ammo, o‘ynayotgan roli bunga izn bermasdi. Shamol to‘satdan g‘alati bir shiddat bilan esdi, mash’alalar deyarli o‘chib qoldi; men allakimning orkestr yoniga lip etib chiqib olganini ko‘rdim – bu fleytachi edi; yasama sochi uchib ketganida, uning boshida bir dona ham tuk yo‘qligini ko‘rib hayron qoldim; bo‘ynidagi shol ro‘molini hilpiratib, qo‘lini ko‘tardi-da, o‘zini sahnaga otdi. Men beixtiyor Umprextga qaradim. U sehrlangandek fleytachiga qarab qolgandi. U nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, aftidan, eplolmay yiqildi; ko‘pchilik, bularning bari pesaga tegishli harakatlar deb o‘ylardi, men bo‘lsam ikki marotaba takrorlangan bu qulashni qanday tushuntirishga ham ojiz edim; shu orada yasama sochlining orqasidan ketayotgan odam zambil yonidan yugurib o‘tdi-da, o‘rmonga kirib g‘oyib bo‘ldi. Umprext o‘rnidan turmadi, yangitdan zo‘raygan shamol mash’alalarni o‘chirdi; oldinda o‘tirganlarning ba’zi birlari jonsarak bo‘la boshlashgandi, men baronning: “Jim bo‘ling, sekin!”— degan ovozini eshitdim. Hamma tinchlandi va shamol ham esmay qo‘ydi; lekin Umprext miq etmay turardi. Lablari ham qimirlamasdi. Grafinya Sayma baqirib yuborgandi, odamlar bu ham pesaga tegishli gap bo‘lsa kerak deb o‘yladilar. Men olomon ichiga o‘zimni urdim-da, borib sahnaga otildim, orqamdan odamlarning tobora bezovta bo‘layotganini eshitib turardim, ular oyoqqa turib izimdan kelar edilar, zambillar o‘rab olingandi…
— Nima bo‘ldi, nima gap?
Men mash’alachilardan birining qo‘lidan mash’alani yulib oldim-da, yerda yotganning yuziga tutdim… uni silkitdim, nimchalarini tortqiladim; shu orada shifokor ham yetib keldi-da, Umprextning yuragini eshitdi, tomirini ushlab ko‘rdi va hammaning nari ketishini so‘rab, baronning qulog‘iga allanimalarni shivirladi… Zambilda yotganning xotini yetib keldi-da, qichqirgancha o‘zini uning ustiga otdi, bolalar bo‘lsa, hang-mang, nima bo‘lganiga aqli yetmay qotib qolgan edilar. Voqeani ko‘rib turganlarning birontasi hech ko‘ziga ishonmasdi, hamma nima bo‘ldi-nima bo‘ldi, deb bir-biridan so‘rardi, xolos. Hayal o‘tmayoq janob Umprextning zambilda to‘satdan joni uzilganini atrofdagilar eshitib bo‘lgandi… Men o‘zim ham o‘sha kuni oqshomdayoq bu dahshatlardan karaxt bir ahvolda vodiyga jo‘nab ketdim. Men shu bilan saroyga boshqa qaytishga jur’at etolmadim. Chunki yuragimni allaqanday bir vahima chulg‘ab olgandi. Ertasi kuni baron bilan Botsenda ko‘rishib qoldim; Umprextning boshidan kechirganlarini unga so‘zlab berdim. Baron avvaliga ishonmadi; shunda hamyonimdan sirli varaqani chiqarib, unga ko‘rsatdim; u menga g‘alati, hattoki hadiksirab qarab qo‘ydi-da, varaqni qaytarib berdi. Qog‘oz top-toza edi, unda na biron so‘z va na biron rasm bor edi…
Men Marko Poloni izlab topishga urinib, birdan-bir bilganlarim shu bo‘ldiki, bundan uch yil burun u Gamburgdagi eng jo‘n ko‘ngilochar joylardan birida so‘nggi marotaba tomosha ko‘rsatgan. O‘shanda qo‘llarini ko‘tarib, yasama sochlining orqasidan o‘rmon ichiga kirib, g‘oyib bo‘lgan o‘qituvchini shundan so‘ng boshqa hech kim ko‘rmabdi – o‘ligini ham, tirigini ham, — bu, bari jumboqlar ichida jumboq bo‘lib qolgandi.

NOShIR SO‘NGSO‘ZI

Mazkur hikoya muallifi bilan shaxsan tanish bo‘lmaganman. U o‘z davrining mashhur yozuvchilardan bo‘lib, bundan o‘n yil burun 60 yoshida vafot etguniga qadar deyarli unutilib ketgandi. Undagi bor meros ortiqcha vasiyatnomasiz ushbu kitob sahifalarida nomi zikr etilgan uning yoshlikdagi meranlik do‘stiga o‘tgandi. O‘tgan qish so‘nggi bor Meranda bo‘lganimda shifokor bilan har xil shubhali mavzular — bashorat, telepatiya to‘g‘risida suhbatlashdim va ushbu qo‘lyozmani nashr ettirish uchun oldim. Uning mazmunini jon-jon deb ijod mahsuli degan bo‘lardim-u, lekin ko‘rinib turganidek, g‘oyib bo‘lgan o‘qituvchini shaxsan tanigan shifokor tasvirlab berilgan tomoshaning so‘ngida ishtirok etmadi. Sehrgar Marko Pologacha, men yoshlik chog‘larim Verdsk ko‘li yaqinidagi dala hovlilar joylashgan yerda uning nomi yozilgan afishani ko‘rganim hali-hanuz yodimda; ayni o‘sha paytda men xuddi shu nomdagi mashhur dengiz sayyohining safari haqida yozib qoldirgan mufassal ta’rifini o‘qiyotganim uchun ham u xotiramda saqlanib qolgandi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 11-son.