— Men sizga stolimning ustidagi narsalarni yig‘ishtirmang deb aytgan edim-ku, — dedi Nikolay Yevgrafich. — Siz yig‘ishtirgandan keyin hech qachon hech narsani topib bo‘lmaydi. Telegramma qani? Qayoqqa tashladingiz uni? Axtarib ko‘ring. U Qozondan kelgan, kechagina yozilgan edi.
Rangsiz, novdaday ingichka xizmatchi xotin, beparvolik bilan, stolning ostidagi savatdan bir necha telegrammani topdi-da, g‘ing demasdan ularni doktorga uzatdi; biroq bular hammasi shahardagi o‘ziga boqizgan kasallardan kelgan telegrammalar edi. So‘ngra mehmonxonani va Olga Dmitriyevnaning xonasini axtarishdi.
Kechasi soat o‘n ikkidan oshgan edi. Nikolay Yevgrafich, xotinining hali-beri kelmasligini, loaqal soat beshlarda qaytishini bilar edi. U xotiniga ishonmas, xotini uzoq vaqtgacha uyga kelmasa, uxlolmas, siqilar edi va shu bilan birga xotinidan ham, uning o‘rnidan ham, oynasidan ham, bonbonerkasidan ham va har kuni har kimlardan kelib turadigan va butun uyga gul do‘konidagidek o‘tkir hidlar sochib turuvchi marvarid gullaridan va sunbullaridan ham jirkanar edi. Mana shunday kechalarda injiq, serxarxasha, o‘chakuvchi bo‘lib qolar edi; shu paytda, unga, kecha akasidan kelgan, mazmuni bayramini tabriklashdangina iborat bo‘lgan telegramma juda ham kerakdek tuyuldi.
Xotinining xonasidagi stoldan, pochta qog‘oz qugichasining tagidan u allaqanday bir telegramma topib oldi-da, unga bir qarab qo‘ydi. U Olga Dmitriyevnaga berib qo‘yish uchun qaynanasining nomiga yozilgan, Monte-Karlodan, Michel degan imzo bilan kelgan edi… Doktor telegrammaning biror so‘ziga ham tushunmadi, chunki u qandaydir bir chet tilda, ingliz tilida yozilganga o‘xshar edi.
— Bu Mishel kim ekan? Nechuk Monte-Karlodan? Nega qaynanamning nomiga yozadi?
U ro‘zg‘or tebratgan yetti yil mobaynida shubhalanishga, o‘ylab topishga, dalillarni tekshirishga o‘rganib qolgan, ana shunday xonaki tajribalar orqasida ajoyib izquvar bo‘lib yetashajagi uning aqliga ko‘p marta kelgan edi. Xonasiga qaytib kirib, mulohaza etib ko‘rgach, uning darrov esiga shular keldi: bir yarim yilcha ilgari — xotini bilan birga Peterburgga borgan edi va Kyubada o‘zining bir maktabdosh o‘rtog‘i, temir yo‘l injeneri bilan birga nonushta qilgan edi va bu injener unga va xotiniga yigirma ikki-yigirma uch yoshlardagi bir yigitni tanishtirgan edi, uni Mixail Ivanovich deb aytgan edilar; familiyasi qisqa, sal g‘alatiroq: Ris edi. Shundan ikki oy o‘tgach doktor xotinining albomida o‘sha yigitchaning rasmini ko‘rgan edi va u rasmga frantsuz tilida: «Hozirgining xotirasi uchun va kelgusining umidida» deb yozilgan edi; keyin uni ikki marta o‘z qaynanasining uyida ko‘rgan edi… Bu hodisa, ayni, uning xotini tez-tez chiqib ketib, uyga erta soat to‘rt-beshlarda qaytadigan bo‘lib qolgan bir davrga to‘g‘ri kelgan edi. Bu davrda xotini undan menga chet el pasportini olib bering deb so‘ray berar, u esa rad etar, ularning uyida kun bo‘yi urish-janjal bo‘lar, hatto uy xizmatchisi — ayol oldida uyalib ham qolar edi.
Yarim yil muqaddam uning o‘rtoqlari sizda sil kasalligi boshlanibdi, bunaqa qilib yurmay, Qrimga jo‘nang, deb maslahat berishgan edi. Buni bilib Olga Dmitriyevna go‘yo juda qo‘rqqanday bo‘lib ko‘ringan edi; u eriga erkalanib, hadeb Qrim sovuq, unda odam zerikadi, yaxshisi Nitstsaga bora qoling, u holda men ham birga boraman, sizni parvarishlayman, joningiz huzur topadi, farog‘atda yashaysiz degan edi.
Endi u xotinining nima uchun Nitstsaga bormoqchi bo‘lganiga tushundi: Michel Monte-Karloda turgani uchun ekan.
U inglizcha-ruscha lug‘atni oldi, unga qarab so‘zlarni tarjima qilib va ma’nolarini fahmlab, sekin-asta shunday jumlani tuzdi: «Qimmatli sevgilimning sog‘ligi uchun ichaman, uning oyoqchasini ming marta o‘paman. Kelishini sabrsizlik bilan kutaman». Agar u xotinining gapiga kirib, Nitstsaga borishga ko‘nsa, u holda qanday nochor, kulgili ahvolga tushib qolishini angladi-yu, alamidan yig‘lab yuborishiga sal qoldi va ortiq hayajonlanganidan u xonadan bu xonaga yura boshladi. Uning ori keldi va izzat-nafsi koyidi. U mushtini siqib, jirkanishdan aftini burishtirib, men qishloq popining o‘g‘li, diniy maktabda ta’lim olgan, rostgo‘y, dag‘al, kasbi xirurg bo‘lsam-u, qanday qilib o‘zimni qullikka solaman, shunday arzimas, pastarin, sotqin maxluqqa yem bo‘lamanmi? deb o‘z-o‘ziga savol berar edi.
— Him, kichkinagina oyoqcha! — deb g‘o‘ldiradi u, telegrammani g‘ijimlab. — Kichkina oyoqcha!
Uni yaxshi ko‘rib qolgan va xotin bo‘lishga taklif etgan, so‘ngra yetti yil birga turgan vaqtdan beri uning xotirasida faqat uzun muattar sochlar, bir quchoq yumshoq uqa va haqiqatan ham juda kichkina, chiroyli oyoqcha haqidagi xotiralar saqlanib qolgan edi; endi ham, ilgarigi quchoqlardan uning qo‘llarida va yuzida ipak va uqalardan ta’sir saqlanib qolgan, boshqa hech narsa qolmagan edi. Agar hushdan ketishlarni, qiy-chuv, ta’na, do‘q va gapirishlarni, bezbetlik bilan xiyonatkorona aldashlarni hisobga olmaganda, uning xotirasida boshqa hech narsa qolmagan edi… Qishloqda, otasinikida, parrandalar to‘satdan uy ichiga uchib kirib, o‘zini oynaga part-purt urishi va narsalarni tushirib yuborishi esida qolgan edi; shunga o‘xshash, o‘ziga tamoman xil kelmagan bu xotin ham buning ro‘zg‘origa uchib kirib, uni chindan ham vayron etgan edi. Hayotining yaxshi yillari do‘zaxda o‘tganday bo‘ldi, baxtga erishuv yo‘lidagi umidlari uzilgan va masxaralangan, sog‘ligi yo‘q, uning uyidagi jihozlar pastkash satanglarnikiga o‘xshaydi, u har yili topadigan o‘n ming so‘mcha puldan onasi — pop xotiniga yuborish uchun loaqal o‘n so‘m ham ajratib qololmaydi, buning ustiga veksel bilan olgan qarzlari o‘n besh mingga yetib qolgan. Agar buning uyida o‘g‘rilar shaykasi turganda ham, uning hayoti bu xotin bilan turganidagidek umidsiz, o‘ng‘almas darajada vayron bo‘lmasdek tuyular edi.
U yo‘taldi va nafasi qisildi. U o‘ringa yotib isinishi kerak edi, ammo yotolmadi, birday xonadan-xonaga yurar yoki stolga o‘tirar va asabiylik bilan qalamni qog‘oz ustida tebratib, beixtiyor:
«Peroni sinab ko‘rish… Kichkinagina oyoqcha…» deb yozar edi.
Soat beshlarga yaqinlashgach, uning madori quridi va o‘tgan ishlarning hammasi uchun bir o‘zini aybladi; u o‘z ichida — agar Olga Dmitriyevna boshqa kishiga tegsa, balki u er unga yaxshi ta’sir etar edi, — buni kim biladi? — u holda Olga Dmitriyevna yaxshi, to‘g‘ri xotin bo‘lib ketar deb o‘ylar edi; o‘zini esa, men yaxshi psixolog emasman, xotinlarning ruhini bilmayman, buning ustiga chiroyli ham emasman, qo‘polman… derdi.
«Mening umrim oz qoldi, — deb o‘ylardi u. — Men o‘likman, tiriklarga xalaqit bermasligim kerak. Endilikda eringman deb xo‘jayinlik qila berish qiziq va bema’nilik bo‘lur edi, mayli u sevganiga borsin… Taloq xatini beraman, hamma aybni o‘z ustimga olaman…»
Oqibat, Olga Dmitriyevna keldi va oq po‘stin, boshida shapka, oyog‘ida kalish bo‘lgani holda kabinetga kirib, kresloga o‘zini tashladi.
— Iflos, baqaloq bola, — dedi u og‘ir nafas olib va xo‘rsinib. Yer tepinib: — Bu vijdonsizlik, yaramaslik. Sho‘rim qursin, voy nima qilaman endi!
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Nikolay Yevgrafich, uning oldiga kelib.
— Hozir meni student Azarbekov olib kelib qo‘ydi, u mening sumkamni yo‘qotib qo‘ydi, ichida o‘n besh so‘m puli bor edi, onamdan olgan edim.
U xuddi qiz bolalarga o‘xshab, astoydil yig‘ladi va ko‘zidan oqqan yoshlariga ro‘molchasigina emas, qo‘lqoplarini ham ivitib yubordi.
— Nima qilolarding endi! — deb chuqur nafas oldi doktor. — Yo‘qolibdi, yo‘qolibdi, bosh-ko‘zingdan sadaqa. Qo‘y endi, mening senga aytadigan gaplarim bor.
— Men millioner emasman-ku, ha, mayli deb qo‘ya qolsam. U to‘layman deb aytdi. Ammo men ishonmayman, u kambag‘al…
Eri uni yupatib, gapiga quloq solishni so‘radi, u esa hadeb student to‘g‘risida va yo‘qotgan o‘n besh so‘mi to‘g‘risida gapirar edi.
— Hah, men senga ertaga yigirma besh so‘m beray, faqat jim bo‘lgin, xudo xayr bergur! — dedi u g‘azablanib…
— Kiyimimni almashtirishim kerak, — deb yig‘lab yubordi. — Men po‘stinda turib, tuzukroq gaplasha olarmidim! Qiziq gapirasiz!
U xotinining po‘stinini va kalishini yechib oldi. Shunda u yaxshi ko‘rgan oq vinoning hidini sezdi (u nozikligiga qaramay ovqatni juda ko‘p yer va ko‘p ichar edi). O‘z xonasiga kirib ketdi, bir ozdan keyin kiyimlarini almashtirgan, upalar surtgan, ko‘zlari qizargan holda qaytib chiqib, o‘tirdi va o‘zining uqa tutgan yupqa kapotiga botib ketdi, qat-qat pushti rang varaqlar ichida eri uning faqat tarqoq sochlarini va tufli kiygan kichkina oyoqlarini ajrata oldi.
U kresloda chayqalar ekan:
— Sen nima to‘g‘rida gapirmoqchisan? — deb so‘radi.
— Men bexosdan mana buni ko‘rib qoldim… — dedi doktor va unga telegrammani berdi.
Xotini telegrammani o‘qib ko‘rib, yelkasini qisib qo‘ydi.
— Nima bo‘bdi? — dedi u, yana qattiqroq chayqalib. — Bu yangi yilni tabriklagan telegramma, boshqa hech narsa emas. Bunda hech qanday sir yo‘q.
— Sen meni ingliz tilini bilmaydi deb o‘ylaysan-da. Ha, men ingliz tilini bilmayman, ammo menda lug‘at bor. Bu Risdan kelgan telegramma, u o‘z sevgilisining sog‘ligi uchun ichadi va seni ming marta o‘padi. Mayli, bularni qo‘ya turaylik, qo‘ya turaylik… — deb gapira ketdi shoshilganicha doktor. — Men seni ta’na qilmoqchi emasman yoki janjallashmoqchi ham emasman. Shuncha janjallar va shuncha ta’nalar yetar endi… Senga aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, endi sening boshing ochiq, qanday xohlasang, shunday tura olasan.
Jim qolishdi. Olga Dmitriyevna sekin yig‘lay boshladi.
— Men seni hiylayu nayrang ishlatishdan va yolg‘on gapirish zaruratidan qutqazib qo‘yaman, — deb davom etdi Nikolay Yevgrafich. — Agar u yigitni sevsang, seva ber, agar chet elga uning oldiga borging kelsa, bora ber. Sen yoshsan, sog‘lamsan, men bo‘lsam, yarimjon bo‘lib qoldim, umrim ham oz qoldi. Qisqasini aytganda… U yog‘ini o‘zing tushunasan.
U hayajonlanganidan ortiq gapirolmadi. Olga Dmitriyevna yig‘lab va o‘ziga-o‘zi achingan ovoz bilan gapirib, Risni sevishini, u bilan izvoshda shahar atrofiga sayr etishga chiqqanini, uning nomeriga birga borganlarini va endilikda chet elga juda ham borgisi kelayotganini e’tirof etdi.
— Ko‘rdingmi, men hech nimani yashirayotganim yo‘q. — Mening ko‘nglim ochiq. Men sendan yana yalinib so‘rayman, muruvvat qilib, menga pasport olib bergin!
— Takror aytaman: sening boshing ochiq!
Olga Dmitriyevna erining yuzidagi ma’nolarni bilish uchun unga yaqinroq o‘tirdi. U eriga ishonmas edi, endilikda esa, uning dilida nima muddao borligini bilishni istab qoldi. U hech qachon, hech kimga ishonmas edi, kishining niyati qanday yaxshi bo‘lsa-da, uning tagida buzuq g‘arazlar bo‘lsa kerak deb gumon qilar edi. U erining yuziga tikilib qaraganida, eri uning ko‘zlari baayni mushukning ko‘zidek yashil tusda yalt etganini ko‘rdi.
— Men qachon pasportni olaman, — deb so‘radi u.
U to‘satdan «hech qachon» deb yubormoqchi bo‘ldi-yu, ammo o‘zini bosdi va:
— Xohlagan vaqtingda, — dedi.
— Men bir oygagina boraman.
— Sen Risning oldiga butunlay ketasan. Men taloq xatingni beraman, aybni o‘z bo‘ynimga olaman, Ris ham senga uylana oladi.
Olga Dmitriyevna hayron qolgan bir qiyofada:
— Men sendan taloq xatini butunlay olmayman, — dedi dadillik bilan. — Men sendan taloq xati so‘rayotganim yo‘q! Menga pasport olib bersang bo‘ldi, vassalom.
Doktorning g‘azabi keldi va:
— Nima uchun sen taloq xati olishni istamaysan? — dedi. Sen g‘alati xotinsan. Sen juda g‘alatisan-a! Agar sen uni yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsang, u ham seni yaxshi ko‘rsa, u holda ikkilaringiz ham er-xotin bo‘lib ketishdan boshqa narsani o‘ylamay qolasizlar. Nahotki sen yana ering bilan o‘ynash o‘rtasida lo‘ttibozlik qilib yurasan?
U erining oldidan ketar ekan:
— Men gapingizga tushundim, — dedi. Uning vajohati buzilib, xuddi o‘ch oladigan qiyofaga kirgan edi. — Men gapingizni juda yaxshi tushundim. Men sizni zeriktirdim, siz mendan qutulish uchun qo‘yish-chiqishni o‘rtaga qo‘yayapsiz. Rahmat sizga, men siz o‘ylagan ahmoqlardan emasman. Men sizdan chiqmayman, chiqmayman dedim — chiqmayman! Birinchidan, men el-yurtning oldida e’tiborimni ketkazishni xohlamayman, — deb shoshilib gapirdi u, go‘yo gapirish uchun birov unga xalaqit berayotganday, qo‘rqib, — ikkinchidan, men hozir yigirma yetti yoshdaman, Ris esa, yigirma uchda; bir yildan keyin men uning ko‘ngliga tegaman, so‘ng u meni tashlaydi. Uchinchidan, agar bilishni istasangiz, mening unga ko‘ngil berishim uzoq davo etishiga aqlim yetmaydi… Gap shu! Men sizdan chiqmayman.
— Men seni uydan haydayman! — deb qichqirdi Nikolay Yevgrafich va yer tepindi. — Haydayman sen past, yaramas xotinni!
— Ko‘ramiz! — deb chiqib ketdi xotini.
Hovlida allaqachon tong yorishgan bo‘lsa-da, doktor hamon stolda o‘tirar va qog‘oz ustida qalam tebratib:
— «Karamli shohim… kichkina oyoqcha…» deb yozar edi.
Yoki uy ichida yurar va mehmonxonada, bundan yetti yil ilgari oldirilgan fotorasm qarshisiga borib to‘xtar va uni uzoq ko‘zdan kechirar edi. Bu butun bir oila a’zolari: qaynatasi, qaynanasi, o‘zining yigirma yashar xotini Olga Dmitriyevna va yosh baxtiyor kuyov — o‘zi edi. Qaynag‘asi soqol-murti qirilgan, to‘lagina, xomsemiz tayniy savetnik, mug‘ombir va pulga o‘ch, qaynanasi — yuz-ko‘zining tuzilishi kichkina va sassiq ko‘zanniki kabi qahrli, o‘z qizini juda ham sevuvchi va unga har jihatdan yordam beruvchi semiz ayol edi; agar qizi biror kimsani bo‘g‘ib o‘ldirayotgan bo‘lsa, onasi unga biror so‘z demas, hatto uni o‘z etagi bilan yashirar edi. Olga Dmitriyevnaning yuz tuzilishi ham kichkina, qahrli, ammo onasinikiga qaraganda ham o‘tkir va dadil edi; bu sassiq ko‘zan emas, kattaroq yirtqichga o‘xshar edi! Nikolay Yevgrafichning o‘zi esa, bu rasmda sodda, ochiq ko‘ngil, kamtar yigitchadek ko‘rinadi; uning yuzida seminaristlarga xos oqko‘ngillik seziladi va u, soddadillik qilib, o‘zi oralariga tasodifan kirib qolgan bu yirtqichlar guruhi baxt-saodatga erishtiradi degan hamda «Sevmaslik — yoshlik hayotini so‘ndirishdir…» deb, student bo‘lib, qo‘shiq aytib yurgan chog‘larida xayol qilgan hamma umidlarim yuzaga chiqadi deb o‘ylagan edi.
U hayron bo‘lar va men qishloq popining o‘g‘li bo‘lsam, diniy maktab tarbiyasini ko‘rgan, sodda, qo‘pol va o‘jar odam bo‘lsam-u, nechun shunday past, yolg‘onchi, yaramas, o‘zimga butunlay nojins bo‘lgan bir maxluqning quli bo‘lib qolaman, deb o‘z-o‘ziga savol berar edi.
Soat o‘n birda u kiyim-boshini kiyib, kasalxonaga ketishga hozirlanib turganida xizmatchi xotin kabinetga kirib keldi.
— Nima kerak sizga? — deb so‘radi doktor.
— Barinya turdilar va kecha siz va’da qilgan yigirma besh so‘mni so‘rayaptilar, — dedi.
S. Ibrohimov tarjimasi