Tegirmonchi Aleksey Biryukov, o‘rta yoshlardagi norg‘il bir odam, kulbasining ostonasida o‘chib qolgan trubkasini erinchog‘lik bilan so‘rib o‘tirardi. Uning afti uyqudan oldin Jyul Vern kitobini o‘qigan yosh bolalarning tushiga kirib chiqadigan, xuddi bolta bilan yo‘nilgandek qo‘pol, terisi qalin, zalvori bilan yuruvchi matroslarga o‘xshardi. Bu safar uning egnida soldatlar kiyadigan kulrang dag‘al movut shim, oyog‘ida katta va og‘ir etik bo‘lib, ko‘cha nam va izg‘irin kuz bo‘lsa ham, boshyalang va syurtyuksiz edi. Nam tuman tugmalari yechilgan jiletkasidan kirib, badanida bemalol kezib yurar, ammo tegirmonchining qadoq bo‘lib ketgan g‘adir-budir badani sovuqni sezmagandek edi. Uning qip-qizil go‘shtdor yuzi endi uxlab turganday lanj, shishib ketgan qovoqlari ostidagi kichik ko‘zlari atrofga — goh to‘g‘onga, goh bostirmali eski saroyga, goh qari va beso‘naqay tollarga xo‘mrayib qarardi.
Saroy oldida endigina monastirdan kelib turgan ikki monax ivirsib yurardi. Ularning biri oppoq soqolli novcha Kliopa bo‘lib, loy sachragan kamzil bilan yamoq solingan pimcha kiygan, ikkinchisi — qoradan kelgan, qora soqol-mo‘ylovli, egniga oddiy dehqonlar kamzili kiygan Diodar edi, aftidan, gruzin bo‘lsa kerak. Ular tegirmonga keltirgan jovdarni aravadan tushirmoqdalar. Ulardan sal narida ezilgan va iflos ajriqda Yevsey degan qarol g‘irt mast o‘tirardi. Yevsey hali mo‘ylovi chiqmagan yosh o‘smir, egnida yirtilib ketgan kalta chopon. U qo‘lidagi baliq to‘rini zo‘r berib g‘ijimlar va o‘zini to‘rni yamash bilan mashg‘ul odamday ko‘rsatishga tirishardi.
Tegirmonchi uzoq vaqt atrofga qarab o‘tirdi, keyin ko‘zlarini qop tashib turgan monaxlarga tikdi-da; yo‘g‘on ovoz bilan:
— Hoy, monaxlar, nega daryodan baliq tutasizlar? Kim ruxsat berdi sizlarga? — dedi.
Monaxlar indashmadi, hatto tegirmonchiga qayrilib ham qarashmadi.
Tegirmonchi indamay trubkasini chekdi va so‘zida davom etdi:
— O‘zingiz tutganingiz tutgan, yana shaharlilarga ham nega tuttirasizlar. Men bu daryoni shahardan va sizlardan ijaraga olganman, o‘z vaqtida ijarasini to‘lab turaman, demak baliq meniki, uni ovlashga hech kimning haqqi yo‘q. Xudoga sig‘inasizlar-u o‘g‘rilik qilishdan qo‘rqmaysizlar.
Tegirmonchi xomiza tortdi, birpas jim o‘tirib, yana vaysashga kirishdi:
— Topgan qiliqlarini qara-ya! Monax bo‘ldim, avliyo bo‘ldim, hech kim tegmaydi deb o‘ylarsizlar. Sudga ariza bersam nima qilarkinsizlar? Sud monaxligingga ham qarab o‘tirmaydi, qamab qo‘yadi. Sudsiz o‘zim ham biryoqli qilishga kuchim yetadi. Daryoda ushlab olib bir do‘pposlayki, qiyomatgacha ham baliq yeging kelmasin!
— Bekor shunaqa gaplarni gapirasiz-da, Aleksey Dorofeich, — dedi Kliopa, ingichka ovozi bilan. — Xudodan qo‘rqqan yaxshi odamlar bunday gaplarni, biz-ku monaxlarga, itga ham aytmaydi!
— Monax emish, — dedi tegirmonchi, masxara qilib! — Senga baliq kerakmi? Kerak bo‘lsa mendan sotib ol, o‘g‘irlama!
— Voy, tovba-ey! Qani o‘g‘irlaganimiz? — dedi Kliopa, xunob bo‘lib. — Nega bunday deysiz, axir? Monaxlarning baliq tutgani rost, axir bunga arximandrit hazratlari ruxsat berganlar-da! Arximandrit sizni butun daryo uchun emas, faqat bizning qirg‘oqqa to‘r solish uchun po‘l to‘lagan deb aytadilar. Daryoning hammasi sizga berilgan emas… U sizniki ham emas, bizniki ham, xudoniki…
— Arximandrit ham senga o‘xshagan odam, — dedi tegirmonchi, trubkasini etigining poshnasiga urib, — u ham muttaham odam! Men uning kimligini surishtirib o‘tirmayman. Menga sen ham, arximandriting ham, anovi Yevsey ham bir. Agar daryoda ushlab olsam, uni ham do‘pposlayman…
— Monaxlarni tutib olib urmoqchi bo‘lsangiz, ixtiyor o‘zingizda. U dunyoda azobini o‘zingiz tortasiz. Vissarion bilan Antipiyni urdingiz, boshqalarni ham urabering.
Diodor Kliopaning yengidan tortib:
— Qo‘y, tegma unga, — dedi.
Kliopa birdan o‘ziga kelib, jim bo‘ldi-da, yana qopini tashishga kirishdi. Tegirmonchi hamon vaysar edi. U har kalima so‘zdan keyin trubkani so‘rib, yerga tufurib, istar-istamas vaysardi. Baliq ustidagi gap tamom bo‘lgach, bir vaqtlar monaxlar muttahamlik qilib olib ketgan ikkita qop esiga tushdi-da, yana vaysay ketdi; keyin Yevseyning mast va bekor o‘tirganini ko‘rib, monaxlar biryoqda qolib ketdi-da, xizmatkoriga yopishdi. U hech og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilar edi.
Monaxlar oldiniga ancha chidab turib, faqat uh tortibgina qo‘yardilar, biroq oxirida Kliopaning toqati toq bo‘ldi… Qo‘lini qo‘liga urib, jig‘ibiyroni chiqib, dedi:
— E parvardigor, tegirmonga kelishdan boshqa jazoying yo‘qmidi! Bu yerdan do‘zax yaxshiroq.
— Kelma, nega kelasan, — deb po‘ng‘irladi tegirmonchi.
— Jon deb kelmas ediga, ammo boshqa tegirmonni qayerdan oladi! O‘zing bilasan-ku, bu atrofda senikidan boshqa bironta tegirmon yo‘q! Yo donning o‘zini yeyish, yo ochdan o‘lish qoldi, boshqa iloj yo‘q.
Tegirmonchi gapdan qolmas, hamon so‘kinardi. Trubka so‘rish unga qanchalik odat bo‘lib qolgan bo‘lsa, vaysash va so‘kinish ham shuncha odat bo‘lib qolganligi ravshan edi.
Kliopa shoshib qolganidan kipriklarini pirpiratib:
— Juda bo‘lmasa shaytonni tilingga olma! Birpas jim o‘tir, rahming kelsin, axir! — deb o‘tinardi.
Tegirmonchi jim bo‘ldi, ammo Kliopaning yolvorishidan emas. To‘g‘on boshida kichkina, dumaloqqina, ochiq yuzli, xuddi qo‘ng‘izning orqasiga o‘xshagan yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiygan bir kampir ko‘rindi. Kampir bir qo‘lida tuguncha ko‘tarib, bir qo‘li bilan hassa tayanib kelar edi… Tegirmonga yaqinlashib kelib:
— Assalomu alaikum, taqsirlar! — dedi, monaxlarga ta’zim qilib. — Xudo madad bersin! Salom, Alyoshenka! Salom, Yevseyushka!..
Tegirmonchi kampirga boshini ko‘tarib qaramadi, qovog‘ini solib:
— Keling, ona, —deb po‘ng‘irladi qo‘ydi.
Kampir, tegirmonchining yuziga jilmayib va yoqimtoygina qarab.
— Senga mehmon bo‘lib keldim, o‘g‘lim! Ko‘pdan beri ko‘rmaganim uchun sog‘indim. Ko‘rishganimizga xiyla bo‘ldi o‘ziyam… Senga yoqsayam keldim, yoqmasayam! Sen ham o‘zingni ancha oldirib qo‘yibsanmi, nazarimda… — dedi.
Kampir, tegirmonchining yoniga kelib o‘tirdi, tegirmonchining bahaybat gavdasi yonida uning egnidagi mursagi yana ham qo‘ng‘iznikiga o‘xshab ketdi.
— Xiyla bo‘ldi ko‘rishmaganimizga! — davom etdi kampir. — Sog‘indim, bolam, yuraklarim ezilib ketdi, seni ko‘raman deb. Endi buyoqqa otlanay desam yo yomg‘ir yog‘adi yo tobim qochib qoladi…
— To‘g‘ri shahardan kelishingizmi? — deb so‘radi tegirmonchi, xo‘mrayib.
— Shahardan kelishim, bolam, shahardan… to‘g‘ri uydan chiqib kelishim…
— Bemor odamsiz, qarib qolgansiz, mehmondorchilikka yurgandan ko‘ra uyda o‘tiring. Xo‘sh, nimaga keldingiz? Kalishingizni ayamaysiz!..
— Seni bir ko‘ray deb keldim-da, bolam… — dedi kampir. Keyin monaxlarga qaradi. — Ikki o‘g‘lim bor, bittasi bu, yana biri — Vasiliy. Unisi shaharda turadi. Nihoyati ikkitagina. Tirikmanmi, o‘lib ketdimmi, ularning parvoyiga kelmaydi, men bechora bo‘lsam bolalarim, ovinchog‘im deb o‘laman… Mensiz bularning kuni o‘taveradi, men ularsiz bir kun ham turolmayman… Qarib qolganman, shahardan yurib kelish menga og‘irlik qiladi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Monaxlar javdari solingan qoplarni saroyga tashib bo‘lib, dam olgani aravaga chiqib o‘tirishdi… Kayfi taroq Yevsey hamon to‘rini g‘ijimlar va mudrar edi.
— Bevaqt kebsiz, ona, — dedi tegirmonchi. — Shu topda Karyajinoga jo‘namoqchi bo‘lib turuvdim.
— Ketaver! Yo‘ldan qolma! — dedi kampir, xo‘rsinib. — Meni deb ishingdan qolasanmi… Birpas damimni olib, qaytib ketaman… Senga, Alyoshenka, Vasya bola-chaqasi bilan salom deb yubordi…
— Hali ham araq ichgani ichganmi?
— Ko‘p ichmaydi, har zamonda… Ichganni ichmagan deydimi, ichadi… Ko‘p ichay desa o‘zing bilasan puli yo‘q, saxiy odamlar ichirsa… Uning turmushi nochor, Alyoshenka, uning holi-ahvolini ko‘rib juda qiynalib ketdim… yey desa ovqati yo‘q, bolalari yalang‘och, o‘zi ko‘chaga chiqay desa uyaladi, oyog‘ida etigi yo‘q, ishtonlari yirtiq… Oltovimiz bir uyga tiqilganmiz. Qashshoqlik ham shunchalik bo‘lar, bundan ortiq bo‘lmas… Men ham yordam berarmikinsan deb keldim. Onangni hurmat qil, o‘g‘lim, Vasiliyga qarash… Ukang-ku axir!
Tegirmonchi teskari qarab, indamay o‘tirardi.
— U qashshoq, sen bo‘lsang, xudoga shukur, o‘zingga tuzuksan! Tegirmoning yurib turipti, ekin ekkansan, baliq tutib sotasan… Xudo seni aqlli-hushli qilib yaratipti… boshqalardan baland ko‘tarib, davlatli qilipti… O‘zing ham yolg‘izsan… Vasyaning to‘rtta bolasi bo‘lsa, uning ustiga men o‘lgur ham uning qo‘lidaman, oladigan oyligi nihoyati yetti so‘m. Nimasiga yetqizsin? Yordam qil…
Tegirmonchi trubkasiga tamaki tiqib hamon jim o‘tirardi.
— Berasanmi? — deb so‘radi kampir.
Tegirmonchi og‘ziga talqon solganday jim o‘tiraverdi. O‘g‘lidan javob olmagach, kampir monaxlarga, Yevseyga bir-bir qarab chiqdi-da, o‘rnidan turdi.
— Xo‘b, mayli, bermasang berma, — dedi. — Bermasligingni o‘zim ham bilardim. Nazar Andreich deb kelgan edim oldingga… yig‘layverib qo‘ymadi meni, Alyoshenka! Qo‘llarimni o‘pib, sening oldingga yubordi…
— Nima kerak ekan unga?
— Qarzini uzsin deydi. Tortib bersin deb javdari eltgan edim, qaytarib borgani yo‘q deydi.
— Birovning ishiga aralashmang, ona, sizning ishingiz emas bu, — deb po‘pg‘irladi tegirmonchi. — Ibodatingizdan qolmang.
— Ibodatni ham qilib turaman-u, bilmadim, xudo dargohiga qabul qilmayapti. Vasiliy qashshoq, o‘zim ham gadoychilik qilaman, ustimdagi mursak ham birovniki, sen bo‘lsang badavlatsan, bilmadim, yuraging qanaqa ekan! Qizg‘onchiqlik seni odamgarchilikdan chiqardi, bolam! O‘zing tuppa-tuzuk odamsan: aqli-hushing joyida, chiroylikkina yigitsan, ko‘paslarning ko‘pasisan, ammo haqiqiy odamga o‘xshamaysan! Keling oyi demaysan, chiroyingni ochib gapirmaysan, xuddi yovvoyiday, baxil, berahmsan… Aftingga qaragan kishi qo‘rqadi… Odamlar orasida duv-duv gap… Ana, monaxlardan ham so‘rab ko‘r! Odamlarning qonini so‘rarmishsan, jabr qilarmishsan, qaroqchi-xizmatkoring bilan birga kechalari yo‘lovchilarni talarmishsan, ot o‘g‘irlarmishsan… Tegirmoning xuddi balo-qazoning makoni… Qizlar bilan yigitlar qo‘rqib, yaqin yo‘lashmaydi, sendan hamma o‘zini chetga tortib yuradi. Kain bilan Iroddan farqing qolmapti…
— Nodonsiz ona!
— Sen qadam bosgan yerda o‘t ko‘karmas, nafas olgan joyingdan pashsha uchmas odamsan. “Qani endi, tezroq uni birov bo‘g‘ib o‘ldirsa, yoki sud qilib kesdirib yuborsa!” deb hamma orzu qiladi. Ona bo‘lib shunday gaplarga men qanday chiday? Sen mening o‘z o‘g‘limsan, mening qonimsan…
— Men ketay endi, — dedi tegirmonchi, o‘rnidan turib. — Xayr, ona, yaxshi boring!
Tegirmonchi bostirmadan arava g‘ildiratib chiqdi, keyin ot yetaklab chiqdi-da, xuddi itni qo‘shganday aravaga qo‘shdi. Kampir uning atrofida yurib, namli ko‘zlari bilan o‘g‘lining yuziga termilib qarar edi.
O‘g‘li, ustiga kaftanini jadal kiyayotganda:
— Xayr, bolam! Yaxshi qol, bizlarni yo‘qlab tur, — dedi kampir, ovozini pastlatib. — Shoshma, senga atab sovg‘a olib keluvdim. — Kampir tugunchani yechdi.
— Kecha dyaknikiga borib edim, — dasturxonga qo‘yishgan ekan… Bittasini senga deb berkitib qo‘ygan edim…
Qampir o‘g‘liga uzatgan narsa bitta kichkina shirin kulcha edi…
— Nari tursangizchi! — deb o‘shqirdi tegirmonchi, kampirning qo‘lini siltab tashlab.
Kampir xijolat bo‘lib, qo‘lidagi kulchasini yerga tushirib yubordi va sekin-sekin yurib to‘g‘on tomonga ketdi…
Bu voqea hammaga qattiq ta’sir qildi. Nihoyatda hayratda qolib, g‘azablangan monaxlar uyoqda tursin, hatto g‘irt mast Yevsey ham bu voqiani ko‘rib, toshday qotib qolgan va xo‘jayinidan ko‘zini uzmay o‘tirardi. Monaxlarning va o‘z xizmatkorining vajohatlarini payqadimi, yo ko‘kragida allaqachonlar so‘ngan o‘g‘illik hissi uyg‘ondimi, har holda tegirmonchining yuzida ham qo‘rquvga o‘xshash bir narsa aks etdi…
— Ona! — deb chaqirdi u.
Kampir bir seskanib, qayrilib qaradi. Tegirmonchi shoshib-pishib cho‘ntagidan katak charm hamyonini chiqardi… Hamyonidan bir siqim qog‘oz va tanga pul olib, kampirga uzatdi va:
— Mana, bu sizga, oling, — dedi.
U qo‘lidagi pullarni gijimlab ko‘rdi, nima uchundir monaxlarga bir qarab qo‘ydi, keyin yana g‘ijimladi. Qog‘oz pullar va kumush tangalar barmoq oralaridan birin-ketin yana hamyonga tushib ketdi, qo‘lida faqat bir tanga qoldi… Tegirmonchi chaqaga bir qaradi, barmoqlari bilan artdi-da, yuzi qip-qizargani holda, onasiga uzatdi.
O.Rahimiy tarjimasi