Peterburgning uy ijaraxo‘rlaridan, bot-bot poygalarga borib turadigan, miqtidan kelgan, ikki yuzi qip-qizil o‘ttiz ikki yoshlar chamasidagi Nikolay Ilich Belyayev, kunlardan bir kun, kechqurun u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, yoki uning so‘zi bilan aytganda zerikarli va uzun sevgi dostoni bilan bog‘langan Irina, Olga Ivanovna, xonimnikiga kirib keldi. Haqiqatan ham bu dostonning dastlabki, ilhombaxsh sahifalari allaqachon o‘qib bo‘lingan, endi esa hech qanday yangiligi, hech qanday qiziqarli joyi yo‘q sahifalar o‘qilmoqda edi.
Olga Ivanovnani uydan topolmagan mening qahramonim mehmonxonadaga kushetkaga yonboshlab uni kuta boshladi.
— Salom, Nikolay Ilich! — degan bola ovozini eshitdi u. — Oyim hozir keladi, Sonya bilan chevarnikiga ketdi.
Mana shu mehmonxonaning o‘zida divanda Olga Ivanovnaning o‘g‘li, qaddi-qomati kelishgangina, ozoda, suratlardagidek baxmal nimcha va uzun qora paypoq kiygan sakkiz yoshlardagi Alyosha yotar edi. U atlas yostiqning ustiga chiqib olib, chamasi yaqindagina ot o‘yinda ko‘rgan akrobatlarga taxasib qilib, hali u oyog‘ini hali bu oyog‘ini ko‘tarar edi. Nozik oyoqlari charchagan paytlarda qo‘lini ishga solar yoki qattiq sakrab va oyog‘ini osmonga qilishga urinib emaklardi. Bularning hammasini u juda jiddiyat bilan, go‘yo o‘zi ham unga xudo bergan bu notinch gavdadan norozi bo‘lgandek qiynalib, harsillab bajarar edi.
— Ha, salomatmisan do‘stim! — dedi Belyayev. — Senmisan? Men seni payqamabman-a. Oying sog‘mi?
Alyosha o‘ng qo‘li bilan chap oyog‘ining uchini ushladi va g‘ayri tabiiy holda bir ag‘darildi-da, sakrab turdi va katta, paxmoq abajur orqasidan Belyayevga mo‘raladi.
— Nima desam ekan? — dedi u va kiftini qisib qo‘ydi. — Rostini aytganda, oyimning sog‘ kuni bo‘lmaydi. Axir u nima demang ayol kishi-da, ayollarning-chi, Nikolay Ilich, hamma vaqt et-beti og‘rib turadi.
Belyayev bekorchilikdan Alyoshaning yuz-ko‘zlariga qaray boshladi. Ilgari u, Olga Ivanovna bilan tanishganidan beri hech qachon bolaga biror marta e’tibor bilan qaramagan va uning bori-yo‘qligini ham sezmagan edi: bir bola g‘imillab, o‘ralashib yurardi, uning nima ishi bor — bular haqida o‘ylashni ham xohlamasdi.
Oqshom qorong‘iligida Alyoshaning rangsiz yuzi va qop-qora, pirillamay turgan ko‘zlari to‘satdan Belyayevga Olga Ivanovna sevgi dostonining dastlabki sahifalarini eslatib yubordi. U bolani bag‘riga bosib erkalatgusi keldi.
— Qani, bu yoqqa kel-chi, mitti! — dedi u. — Qani beriroq kel-chi seni bir ko‘ray.
Bola divandan sakrab tushdi va chopqillab Belyayev oldiga keldi.
— Xo‘sh? — deb boshladi Nikolay Ilich qo‘lini uning oriq yelkasiga qo‘yib. — Qalay? Yaxshi yashayapsanmi?
— Sizga nima desam ekan? Avvallari ancha tuzuk yashardik.
— Nega?
— Sababi ma’lum! Ilgari biz — Sonya, men faqat muzika va o‘qish bilan mashg‘ul edik, endi bo‘lsa frantsuzcha she’rlarni yodlatishadi. Siz soqolingizni yaqinda qirdiribsiz!
— Ha, yaqinda.
— Shunday deng. O‘zim ham sezib turibman. Soqolingiz kaltaroq bo‘lib qolipti. Men bitta ushab ko‘ray… Og‘rimayaptimi?
— Yo‘q, og‘rimayapti.
— Nima uchun soqolning bir tolasini tortsa og‘riydi-yu, hammasini qo‘shib tortsa hech ham og‘rimaydi? Ha, ha. Bilasizmi, siz bekorga baken qo‘ymabsiz. Mana bu yeridan qirqish kerak, yonidan bo‘lsa… Mana bu yerida soqol qoldirish kerak…
Bola Belyayevning bag‘riga o‘tirib uning sapochkasini o‘ynaydi.
— Men gimnaziyaga kirganimda oyim menga soat olib beradi. Men onamdan xuddi mana shunga o‘xshagan sapochka olib berishini so‘rayman… Qa-na-qa medal-on-a! Dadamning ham xuddi mana shunaqa medaloni bor, lekin siznikining mana bu yerida chizig‘i bor, dadamnikida bo‘lsa harflari bor… O‘rtasida oyimning surati turadi. Dadamda hozir boshqa sapochka bor, halqa-halqa emas, lentaga o‘xshaydi…
— Sen qayoqdan bilasan? Hali sen dadangni ko‘rib turibsanmi?
— Men! Hm… yo‘q! Men…
Alyosha qizarib ketdi, yolg‘on gapirib tutilib qolganidan uyalib medalonni timdalayverdi. Belyayev uning yuziga tikilib qaradi-da:
— Dadangni ko‘rib turasanmi? —deb so‘radi.
— Y-yo‘q!..
— Yo‘q, sen ochig‘ini aytaver. Yolg‘on gapirganingni aftingdan bilib turibman. Og‘zingdan chiqib ketdi, eyadi xaspo‘shlamay qo‘ya qol. Rostdan ayt, ko‘rib turasanmi? Bo‘la qol, qani do‘stlarcha!
Alyosha o‘ylab qolib:
— Oyimga aytib qo‘ymaysizmi? — deb so‘radi.
— Bu qanaqasi endi!
— Chin gapmi?
— Chin gap.
— Qasam iching-chi!
— Ey, bo‘lmag‘ur bola ekansan-ku! Meni kim deb o‘ylayapsan!
Alyosha u yoq bu yoqqa qarab qo‘ydi, ko‘zlarini katta ochdi va shivirlab, dedi:
— Faqat xudo haqi onamga ayta ko‘rmang… Umuman hech kimga aytmang, chunki bu yerda bir sir bor. Xudo ko‘rsatmasin, oyim bilib qolsa bormi, men ham, Sonya ham, Palageya ham baloga qolamiz… Mayli, quloq soling. Dadam bilan biz — Sonya ikkalamiz har seshanba va juma kunlari ko‘rishamiz. Pelageya bizni obeddan oldin sayrga olib chiqqanda biz Anfelyaning konditer do‘koniga kiramiz, dadam bizni kutib turgan bo‘ladi… Dadam hamma vaqt alohida xonada o‘tiradi, bilasizmi, hu anovi marmar stol va beli yo‘q g‘ozga o‘xshagan kuldon turadigan uy bor-u…
— U yerda nima qilasizlar?
— Hech narsa qilmaymiz! Avval salomlashamiz, keyin hammamiz stolga o‘tiramiz va dadam bizni kofe va somsalar bilan mehmon qiladi. Sonya bo‘lsa go‘shtlik somsa yeydi, men bo‘lsam go‘shtlik somsani juda yomon ko‘raman! Men karam va tuxum solgan somsani yaxshi ko‘raman. Qornimiz shunday to‘yib ketadiki, oyim sezib qolmasligi uchun ovqat mahalda tag‘in o‘lgudek tiqishtiraveramiz.
— U yerda nimalarni gaplashasizlar, a?
— Dadam bilanmi? Har to‘g‘rida gaplashamiz. U bizni o‘padi, quchoqlaydi, har xil qiziq-qiziq gaplarni aytadi. Bilasizmi, katta bo‘lganimizda u bizni o‘z uyiga olib ketarmish. Sonya xohlamaydi, men roziman. Albatta, oyimni sog‘inaman-da, lekin men unga xat yozib turaman! Tovba, bayram kunlari uni yo‘qlab kelib turish ham mumkin-ku, to‘g‘rimi? Tag‘in dadam aytadiki, menga ot olib berarmish. Juda yaxshi odam-da! Hayronman, nima uchun oyim uni uyimizga chaqirib kelmas ekan va bizning ko‘rishishimizga ham yo‘l qo‘ymas ekan. Axir u oyimni juda ham sevadi-ku. U hamma vaqt bizdan oyimning sog‘ligini, nima qilayotgaaini so‘raydi. Oyim kasal bo‘lib qolganini eshitganda, u mana bundog‘ qilib, boshini changallab oladi-da, u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yuguradi… Ha deb uning so‘zidan chiqmanglar, uni hurmat qilinglar deb bizga nasihat qiladi. Menga qarang, rostdan ham biz baxtsizmizmi?
— Hm… Nega endi?
— Dadam shunday deydi. Sizlar baxtsiz bolalarsizlar deydi. Juda g‘alati gapiradi, tovba. Sizlar ham, men ham, oying ham baxtsizmiz deydi. O‘zingiz uchun ham, uning uchun ham tangriga ibodat qilinglar deydi. Alesha qush haykaliga tikilib xayol surib qoldi.
— Shunday… — deb g‘ing‘illadi Belyayev. — Ha, ha, hali shunday degin. Konditer do‘konda shunday gaplar to‘qiymiz denglar. Onangizning bu gaplardan xabari yo‘qmi?
— Y-yo‘q… U qayerdan biladi? Pelageya o‘lsa ham aytmaydi. O‘tgan kuni dadam bizga nok olib berdi. Shunday shirinki, xuddi qiyomga o‘xshaydi! Men ikkita yedim.
— Hm… Xo‘sh, haligi… menga qara, dadang mening to‘g‘rimda hech gapiradimi?
— Sizning to‘g‘ringizdami? Nima desam ekan? Alesha Belyayevning yuziga sinchiklab qaradi-da, yelkasini qisib qo‘ydi.
— Unchali gapirmaydi.
— Har holda, nima deydi?
— Aytsam xafa bo‘lmaysizmi?
— Seni qara-ya! Nima, u meni so‘kadimi?
— U sizni so‘kmaydi, lekin, bilasizmi… U sizdan xafa. Dadam aytadiki, oyimning baxtsiz bo‘lishiga siz sababchimishsiz va siz… oyimni xarob qilganmishsiz. Juda g‘alati odam-a, tovba! Men unga ming martadan, sizni juda yaxshi odam, oyimga baqirmaydi deb tushuntirsam ham bo‘lmaydi, hadeb boshini irg‘atadi.
— Shunday qilib, oyingni xarob qilgan men emishmanmi?
— E, siz xafa bo‘lmang-da, Nikolay Ilich! Belyayev o‘rnidan qo‘zg‘oldi, biroz tikka turdi-da, mehmonxonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.
— Bu juda g‘alati gap va… kulgili! — deb to‘ng‘illadi u yelkalarini qisib, iljayib qo‘ydi. — Hammasiga aybdor o‘zi-ku, men xarob qilgan emishman-a? U qanday gunohsiz qo‘zichoq ekan-a. Shunday degin, onangni men xarob qilgan emishmanmi?
— Ha, axir… o‘zingiz xafa bo‘lmayman degan edingiz-ku!
— Xafa bo‘layotganim yo‘q… Nima ishing bor sening! Yo‘q, axir bu… bu masxarabozlik-ku! Sho‘ri qurigan , avvalo men-ku, tag‘in men aybdor emishman!
Qo‘ng‘iroq tovushi eshitildi. Bola o‘rnidan irg‘ib turdi va g‘izillaganicha chiqib ketdi. Bir daqiqadan keyin mehmonxonaga kichkina qiz bilan xonim kirdi — bu Aleshaning onasi Olga Ivanovna edi. Uning orqasidan sakrab-sakrab, ovozining boricha ashula aytib, qo‘llarini qimirlatib Alesha keldi. Belyayev boshini qimirlatib qo‘ydi-da, yurib turib:
— Albatta endi meni ayblamay kimni ayblasin! — deb g‘o‘ldiradi pishqirib. — U haqli! U haqoratlangan er!|
— Nimani gapirayapsan? — deb so‘radi Olga Ivanovna.
— Nimani emish!.. Qani, quloq sol-chi, nimalar dermish sening olijanob ering! Uningcha men iflos va yovuz emish, seni va bolalaringni xarob qilgan emishman. Hammalaringiz baxti qora emishsizlar-u, faqat men yolg‘iz o‘ta ketgan baxtli emishman! Baxtim oshib-toshib ketganmish!
— Nikolay men tushunmayapman! O‘zi nima gap?
— Ana, anovi navqiron sinordan so‘ra! — dedi Belyayev va Aleshani ko‘rsatdi.
Alesha qizarib ketdi, keyin birdan rangi o‘chdi va qo‘rqqanidan yuzi burishdi.
— Nikolay Ilich!.. — deb qattiq shivirladi u. — Jim!
Olga Ivanovna taajjublanib Aleshaga, Belyashga va yana Aleshaga alangladi.
— So‘rab ko‘rchi! — deb davom etdi Belyayev. — Anavi ahmoq Pelageyang ularni konditer do‘konlariga olib borib, adavoylariga ko‘rsatar ekan. Lekin gap bunda emas, gap shundaki, u kishi mazlum, men bo‘lsam ikkingizning hayotingizni buzgan yaramas, zolim odam bo‘lib chiqibman…
— Nikolay Ilich! — deb ingradi Alesha. — Axir siz so‘z bergan edingiz-ku!
— Tur-ey! — deb qo‘l siltadi Belyayev. — Bu yerda so‘z berishdan ham ko‘ra ahamiyatli gaplar bor. Meni ikki-yuzlamalik, yolg‘onchilik g‘azablantiradi!
— Tushunmayapman! — dedi Olga Ivanovna va uning ko‘zlarida yosh yiltilladi. — Menga, qara Lyolka, — dedi u o‘g‘liga murojaat qilib, — sen dadangni ko‘rib turasanmi?
Alesha uning gapini eshitmas va vahimaga tushib Belyayevga tikilar edi.
— Bo‘lmagan gap! — dedi onasi. — Borib Pelageyani so‘roq qilaman.
Olga Ivanovna chiqib ketdi.
— Menga qarang, axir siz so‘z bergan edingiz-ku! — dedi Alesha a’zoyi badani qaltirab.
Belyayev unga qo‘l siltab qo‘ydi va yurishini davom etdiraverdi. U o‘z qayg‘usiga cho‘mgan va qadimgiday bolaning bor-yo‘qligaii payqamas edi. U kap-katta va jiddiy odam, uning ko‘ngliga hozir bola sig‘armidi. Alyosha bo‘lsa burchakka o‘tirib olib, o‘zining qanday aldanganini vahimaga tushib Sonyaga gaiirib berardi. U titrar, tili tutilar, yig‘lar edi; u umrida endi birinchi marta qo‘pol yolg‘onchilikka yuzma-yuz keldi; u ilgarilari dunyoda shirin noklar, somsalar va qimmatbaho soatlardan ham boshqa, bolalar tilida nomi yo‘q, juda ko‘p narsalar borligini bilmagan edi.
H. Ziyaxonova tarjimasi