Ya. P. Polonskiyga bag‘ishlayman
Cho‘ldagi katta yo‘l yoqasida qo‘y suruvi tunab qolgan, uni ikki cho‘pon qo‘riqlab yotar edi. Ulardan biri sakson yoshga kirgan, kemshik, yuzlari titrab turgan chol, tirsagini chang bosgan otquloq bargiga tirab, yo‘l yeqasida qornini yerga berib yotar edi; ikkinchisi qoshlari qalin, hali mo‘ylovi chiqmagan, ustiga qop qilinadigan siyrak matadan ko‘ylak kiygan yosh yigit, qo‘llarini boshi ostiga qo‘yib chalqancha yotar edi va qoq tepasida cho‘zilib ketgan Somon yo‘liga va miltillab turgan yulduzlarga qarab yotar edi.
Cho‘ponlar yolg‘iz emasdilar. Ulardan bir sajin narida, yo‘lni chulg‘ab olgan g‘ira-shira ichida, egarloqlik ot qorayib ko‘rinar, uning yonida egarga suyanib, katta etik va kalta kamzul kiygan bir kishi turardi, aftidan u, xo‘jayinining otliq qorovuliga o‘xshar edi. Uning tik va harakatsiz qomatiga, qilig‘iga, cho‘ponlarga va otga qilgan muomalasiga qaraganda, bu o‘z qadr-qimmatini bilgan mulohazali, jiddiy bir odam edi, hatto qorong‘ida ham o‘zining harbiycha tutishi, xo‘jayinlar va gumashtalar bilan doim muomalada hosil qilinadigan ulug‘ sifat iltifot ifodasi ko‘rinib turar edi.
Qo‘ylar uyquda edi. Osmonning sharqini qoplab ola boshlagan shafaqning kulrang nurida, har joy-har joyda bedor qo‘ylarning qorasi ko‘rinadi; ular boshlarini quyi solib, o‘yga tolgandek turardi. Ularning faqat keng cho‘l-u osmon, tun-u kun to‘g‘risidagi tasavvurlaridan hosil bo‘lgan og‘ir va uzundan-uzoq o‘ylari, ehtimol, ularning o‘znni ham ezib, shalayim qilib tashlaganday edi; ular qaqqayib qotib qolganliklaridan begona kishi borligini ham, itlarning bezovtaligini ham sezmasdilar.
Qorong‘i va dim havoda bir zayil tovush eshitilardiki, cho‘ldagi yoz kechalari doim shunday bo‘ladi; chirildoqlar, bedanalar tinmay sayrar, suruvdan bir chaqirimcha naridagi jarlikda — soy ichidagi tolzorda bulbulchalar ohistagina nola qilar edi.
Otliq qorovul tamaki chekmoq uchun cho‘ponlardan o‘t so‘ragani to‘xtagan edi. U trubkasini yondirib, indamay batamom chekib bo‘ladi, so‘ngra churq etmay egarga suyanganicha o‘ylanib qoldi. Yosh cho‘pon unga parvo ham qilmadi; u hamon osmonga qarab yotar edi, chol esa qorovulga uzoq tikilib turib so‘radi:
— Makarov mulkidagi Panteley emasmisan?
— Ha, shunday, — deb javob qildi qorovul.
— Hah-ha. Tanimabman — boy bo‘lasan. Qaydan kelyapsan?
— Kovili yeridan.
— Uzoqdan ekan-da. Yerni teng sheriklikka beryapsizmi?
— Har xil. Teng sherikka ham, ijaraga ham, poliz ekinlariga ham. Aslini surishtirsang, men tegirmonga borib kelyapman.
Sarg‘ish, junlari hurpaygan, ko‘z va tumshug‘ini jun bosgan qari ovcharka begonaga go‘yo beparvo bo‘lgandek, otning tevaragidan uch marta aylanib o‘tdi, keyin birdan xirillab, irillaganicha otliq qorovulning orqasidan yugurib qoldi, boshqa itlar ham qarab turolmay, har tomondan yugurishib keldilar.
Chol tirsagiga tayanib ko‘tarilganicha:
— Tur ket, la’nati! Hu qorning yorilib o‘lsin bachchag‘ar! — dedi.
Itlar jim bo‘lgach, chol yana boyagi vaziyatiga kelib salmoqlab dedi:
— Xuddi Vozneseniye hayiti kuni Yefim Jenya Kavilida qazo qilgan. Tunda bunday odamning nomini tilga olish ham gunoh bo‘ladi, yaramas chol edi. Eshitgan chiqarsan?
— Yo‘q, eshitmaganman.
— Yefim Jmenya Stepka temirchining amakisi bo‘ladi Butun atrof uni biladi. Bay-bay, la’nati odam edi! Men uni oltmish yildan, beri, frantsuzlarni quvgan podsho Aleksandrni Taganrogdan aravada Moskvaga olib jo‘nashgan vaqtdan beri bilaman. Biz ikkimiz podshoning o‘ligini kutib olishga chiqqan edik, u vaqtda katta yo‘l Baxmutga bormay, Yesaulovkadan Goradishchaga borar edi, hozirgi Kovilida ola to‘g‘onoqlar in qo‘ygan edi — har qadamda ola to‘g‘onoq ini ko‘rinardi. O‘shandayam men Jmenyaning falokat bosgan odamligini, jin chalganini bilgan edim. Bilishimcha, dehqon toifasidan bo‘lgan bir odam indamay yurib, kampirlarning rasmi-rusmi bilan shug‘ullansa, yana buning ustiga so‘qqa bosh bo‘lib yashasa, undan yaxshilik chiqmaydi; Yefimka bo‘lsa yoshligidan indamas bo‘lib, kishiga xo‘mrayib qarar, tovuq oldida qanot yoyib turgan xo‘rozga o‘xshar edi. Uning cherkovga borib ibodat qiladigan, yo ko‘chada yosh-yalanglar bilan o‘ynaydigan, yoki qovoqxonalarga kirib yuradigan odati yo‘q edi, aksari u yolg‘iz o‘tirar yo esa kampirlar bilan pichir-pichir qilardi. Yosh bo‘lsa ham asalarichilarga, yoki polizchiga ishga yollanar edi. Ba’zan, yaxshi odamlar uning poliziga kelsa, tarvuz-qovunlari hushtak chalib yotar ekan. Bir kuni u odamlar oldida bir cho‘rtan baliq tutib olganida, baliq xaxolab kulib yuborgan.
— Rost, shunaqa bo‘ladi, — dedi Panteley.
Yosh cho‘pon bir yonboshiga ag‘darilib, qora qoshlarini chimirib, cholga sinchiklab qaradi.
— Tarvuzning hushtak chalganini o‘zing eshitganmisan? — deb so‘radi.
— Eshitishga-ku eshitganim yo‘q, xudo saqlasin, deb chuqur nafas oldi chol, — odamlardan eshitganman. Ajab emaski, agar ajina istasa tosh orasida ham hushtagini chalaveradi. Ozodlik oldidan biz tomonda uch kecha-yu uch kunduz katta bir tosh guvillab turdi. O‘z qulog‘im bilan eshitganman. Cho‘rton baliqning kulganiga sabab shuki, Jmenya baliq o‘rniga ajinani tutib olgan.
Chol nimanidir esladi. U irg‘ib cho‘kkalab oldi, xuddi sovuqdan junjigan kishiday asabiy bir holatda qo‘llarini yenglari ichiga olib, xotinlarday bidirlab:
— Yo xudovando o‘z panohingda asragin! — dedi. — Bir kuni soy yokalab Novopavlovkaga ketayotgan edim. Momaqaldiroq boshlanib, biram bo‘ron ko‘tarildiki, parvardigorning o‘zi asrasin… Jonim boricha chopib ketayotgan edim, qarasam, endi gullagan tikanakzor orasida oppoq bir ho‘kiz kelyapti. Kimniki bo‘ldi ekan bu ho‘kiz deb o‘ylayman. Bu yerda nima qilib tentirab yuribdi ekan? O‘zi yurib kelyapti, dumini silkib, mo‘-o‘ deydi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, og‘aynilar, uni quvib yetib borsam, u ho‘kiz emas, Jmenya ekan. Yo alhazar! Men bir cho‘qinib oldim, u bo‘lsa menga baqrayib qarab, pichirlaydi. Qo‘rqib, o‘takam yorilay dedi! Birga ketdik, unga bir narsa degani tilim bormaydi, — chaqmoq chaqib, osmon guldiraydi, tollar suv betiga engashadi, birdan qarasam, til tortmay o‘lay, yo‘lni kesib quyon chopib o‘tdi… Yugurib ketayotib to‘xtab, xuddi odamday: «Hormanglar, dehqonlar!» dedi.
Yana otning atrofidan aylanib o‘tgan beo‘xshov itga qarab chol: «Ket, yo‘qol, la’nati! Joning chiqqur!» dedi.
Otliq qorovul hamon egarga suyanib qotib qolganicha:
— Shunaqa bo‘ladi, — dedi. Bu so‘zlarni u xayolchan odamlardek sekin do‘rillab gapirdi.
Chuqur o‘yga tolib, qat’iy ishongan holda:
— Shunaqa bo‘ladi, — deb takrorlab qo‘ydi yana.
Chol endi bir oz hovuridan tushib, so‘zida davom etdi:
— Bachchag‘ar, o‘laksa chol edi! Ozodlikdan besh yil keyin odamlar uni mahkamada xo‘b savalashdi; ya’ni u, masalan, o‘z yomonligini ko‘rsatish uchun butun Koviliga bo‘g‘ma kasalini tarqatdi. O‘sha paytda xaloyiq xuddi vabo tekkandek yopasiga qirildi…
Yosh cho‘pon bir oz jim turgach:
— U qanday qilib kasal tarqatdi? — deb so‘radi.
— Qanaqaligi ma’lum. Bunda farosatning hojati yo‘q, xohlasa bo‘ldi. Jmenya odamlarni zaharli qora ilon moyi bilan nobud qildi. Bu shunaqa baloki, moyning o‘zidan emas, hatto hididan ham odam qiriladi.
— Rost aytasan, — deb ma’qulladi Panteley.
— O‘shanda yigitlar uni o‘ldirishmoqchi bo‘lgan edi, lekin chollar yo‘l bermadi. Uni o‘ldirish chakki bo‘lar edi; u xazina ko‘milgan joyni bilar edi. Undan boshqa hech kim bilmas edi. Bundagi dafinalar tilsimlangan, topsang ham ko‘zingga ko‘rinmaydi, u bo‘lsa ko‘rardi. Soy yoqalab yoki o‘rmon ichidan ketayotganida buta yoki toshlar orasida olov ko‘rinar edi. Xuddi oltingugurt singari bo‘lib yonar edi. Men ham o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Jmenya xazina ko‘milgan joyni topib beradi yoki o‘zi qazib oladi deb kutdilar, u esa xuddi qizg‘anchiq itdek o‘zi ham yemadi, birovga ham bermadi, shu kuyicha o‘lib ketdi: o‘zi ham qazib olmadi, odamlarga ham ko‘rsatmadi.
Otliq qorovul trubkasini tutatdi, shopday mo‘ylabi va katta qirra buruni birdan yorishib ketdi. Trubkasidan lop etib chiqqan yorug‘ qo‘lidan shapkasiga o‘tdi, keyin egardan otning sag‘risiga ko‘chib, qulog‘i yonida — yolda g‘oyib bo‘ldi…
— Bu joylarda xazina ko‘p, — deb qo‘ydi u.
U asta cho‘zilib, atrofiga qaraydi, oqarib kelayotgan sharqqa tikilib turib:
— Xazina bo‘lishi kerak, — dedi.
— Nimasini aytasiz, — deb uh tortdi chol. damma alomatlardan ma’lumki, bor, lekin kavlab oladigash kishi yo‘q. Asl joyini hech kim bilmaydi, shu tobgacha hamma xazina tilsimlangan deyaver. Uni topib ko‘rmoq uchun duo tumor kerak, tumorsiz hech ish chiqara olmaysan, yigit. Jmenyaning duo tumori bor edi, uni u kal haromidan olib bo‘larmidi? Xazina birovga tegmasin deb, u tumorini yashirib taqib yurar edi.
Yosh cho‘pon sudralib cholga tomon ikki qadam yaqinlashdi, mushtlarini jag‘iga tirab, cholga tikilib qoldi. Uning qora ko‘zlarida yosh bolalarga xos qo‘rquv va qiziqsinish ifodasi porlab ketdi, g‘ira-shirada uning yosh va dag‘al basharasi cho‘zilib ketganday bo‘ldi. U astoydil quloq solar edi.
Chol davom etib:
— Kitoblarda ham, shu yerda xazina ko‘pligi yozilgan, — dedi. — Bunga shak keltirib bo‘larmidi. Novopavlovlik bir keksa soldatga Ivanovkada bir vasiqa ko‘rsatganlar. O‘sha joyi ham, qancha pud oltin borligi ham, qanaqa idishdaligi ham yozilgan ekan; shu vasiqaga qarab xazinani allaqachon topishar edi-yu, biroq tilsimlangan, yondashib bo‘lmaydi.
— Nima uchun yondashib bo‘lmaydi, buva? — deb suradi yosh cho‘pon.
— Bir sababi bo‘lsa kerak, soldat aytmadi. Tilsimlangan… tumor darkor.
Chol go‘yo o‘tkinchining oldida o‘z yuragini bo‘shatayotganday juda berilib gapirar edi. U tez va ko‘p gapirishga odatlanmaganidan ming‘irlab, duduqlanib gapirardi, o‘z nutqidagi kamchilikni sezib; boshi, qo‘llari va oriq yelkalarini o‘ynatib, o‘z gapini bejamoqchi bo‘ladi; har harakatda uning qopdan qilingan ko‘ylagi g‘ijimlanib, yelkasiga chiqib ketar, oftobdan va qartayganlikdan qoraygan umurtqasini yalang‘ochlab qo‘yar edi. U ko‘ylagini tortib qo‘yar, ko‘ylak yana darrov yuqoriga chiqib ketaverar edi.
Nihoyat, chol go‘yo bebosh ko‘ylagi dastidan toqati toq bo‘lganidan, sapchib turadi va xafa bo‘lib gapirdi:
— Baxt bor-u, lekin yerga ko‘milganidan keyin undan nima naf? Bu xazina hech foydasiz, xuddi bir tezakdek behuda yo‘q bo‘lib ketadi? Baxt ko‘p, shunday ko‘pki, yigit, u butun tumanga yetadi, lekin uni hech bir zot ko‘rmaydi! Xo‘jayinlar u xazinani kavlab olguncha yoki poshsholik tortib olguncha odamlar kutib o‘tiraberadilar. Xo‘jayinlar tepaliklarni qazishga tushdilar… Hidini bilib qolibdilar! Ular dehqonlarning baxtiga hasad qiladilar! Poshsholikning ham aqli bor! Qonunda shunday bitilganki, biror dehqon xazina topsa, oborib ulug‘larga topshirsin deb, lekin baribir, bu bo‘lmagan gap. Halvo degan bilan og‘iz chuchimaydi!
Chol zaharxanda qilib kulib yerga o‘tirdi. Otliq qorovul cholning gapiga diqqat bilan quloq solar va ma’qullar edi, biroq yuz ifodasi va jim turishdan cholning hamma gapi uning uchun yangilik emasligi, bu narsalar ustida ko‘p o‘ylagani va choldan ko‘ra ko‘proq narsa bilgani ko‘rinib turar edi.
Chol xijolat tortganday qashinib:
— Rostini aytsam, men umrimda o‘n martacha baxt izlab ko‘rdim. Bor joylaridan qidirdim, bilsangiz, nuqul tilsimga duch keldim. Otam ham qidirgan, akam ham qidirgan — hech baloni topisha olmagan, shunday qilib, baxt topa olmay o‘lib ketganlar. Rahmatlik akam Ilyaga bir monax Taganrogdagi qal’ada bir joyda uch tosh orasida xazina borligini, bu xazina tilsimlanganini aytgan; o‘sha mahalda, es-es bilaman, o‘ttiz sakkizinchi yilda — Matveev Kurganda bir armani o‘tgan, u tumor sotar ekan. Ilya tumor sotib olib, ikki yigit bilan birga Taganrogga borgan. Akam qal’adagi xazina bor joyga yetib borsa, o‘sha joyda miltiq ko‘targan bir soldat turgan emish.
Cho‘lning sokin havosini kesib bir ovoz yangradi. Yiroqda nimadir toshga qattiq urilib, guvullab ketdi. Cho‘lda uning tax-tax-tax-tax etgan ovozi tarqaldi. Tovush tingandan keyin, chol qimir etmay beparvo turgan Panteleyga savol nazari bilan qaradi.
— Shaxtada yog‘och chelak uzilib tushdi, — dedi yosh yigit o‘ylab turib.
Tong yorisha boshladi. Somon yo‘li oqarib, qor syngari asta-sekin erib, o‘z shaklini yo‘qotdi. Osmon qorong‘ulashib, xiralashdi, bu vaqtda havoning ochiqligi ham, bulut qoplagani ham bilinmaydi. Faqat sharq tomondan yaltiroq yo‘l-yo‘l ufqqa va onda-sonda miltillab turgan yulduzlarga qarab, nima gapligini payqab bo‘ladi.
Ertalabki ilk shabada qoq gul va bulturgi burgan o‘tlarning poyalarini asta qimirlatib, unsiz, yo‘l bo‘ylab yelib ketdi.
Otliq soqchi xayoldan o‘ziga kelib, bosh irg‘ab qo‘ydi. Qo‘llari bilan egarni bir silkitib, ayilni ushlab ko‘rdi, go‘yo otga minishga botinmadi, yana xayolga cho‘mdi.
— Shundoq, — dedi u, — tirsaging yaqin bo‘lsayam og‘zing yetmaydi… Baxt bor-ku, lekin uni izlashga aql yo‘q.
Shunday deb u, cho‘ponlarga o‘girilib qaradi. Uning jiddiy chehrasidan noumid kishnday xafalik va ma’yuslik aks etardi.
U chap oyog‘ini uzangiga olar ekan, cho‘zib:
— Shundoq, kishi baxtning nimaligini ko‘rolmay o‘lib ketadi… Yoshroqlar ko‘rar-u, biz buni ko‘rmay, orzumizga yetolmay ketamiz.
U o‘zining uzun va shudring bosgan mo‘ylovini silab, otga zildek bo‘lib minib oldi. Go‘yo bir narsani esidan chiqargan yoki fikrini aytib tugatmagan kishiday ko‘zlarini qisib uzoqlarga qaradi. Yiroqlarda, ko‘kish rang bilan qo‘shilib ketgai tepaliklarda hech narsa qimir etmas edi; ufqda va cheksiz cho‘lda qad ko‘tarib turgan qorovulxona va mozor tepalari allaqanday haybatli va murdadek ko‘rinardi; ularning harakatsizligi va unsizligida asrlarning hidi kelar, odamga loqaydligi sezilib turardi; yana ming yillar o‘tar, milliard odamlar o‘lib ketar, ular o‘lganlarga achinmay, tiriklarga qiziqmay qanday turgan bo‘lsalar shunday turarlar. Ularning nima uchun turganini, ostlarida cho‘lning qanday sirini yashirib yotganlarini hech zot bilmaydi.
Uyg‘ongan go‘ng qarg‘alar indamay, yer bag‘irlab yakka-yakka uchib yurardi, na bu uzoq yashovchi qushlarning sekingina uchishida, na har kuni bir xilda takrorlanib turadigan tong paytida va na bepoyon cho‘lda — hech narsada biror ma’no ko‘rinmas edi. Otliq qorovul miyig‘ida kulib, dedi:
— E xudo, qanday kenglik-a! Qani borib baxtni topib ko‘r-chi! Shu yerda, — tovushini pasaytirib, chehrasi jiddiy qiyofada so‘zida davom etdi, — shu yerda ikki joyda xazina ko‘milgani ma’lum. Xo‘jayinlar bundan xabarsiz, keksa mujiklar, ayniqsa, soldatlar anig‘ini biladi. Shu yerda, ana shu tepa orqasida (qorovul qamchisi bilan bir tomonni ko‘rsatdi) bir vaqtlar qaroqchilar oltin ortgan karvonni bosganlar; bu oltinni o‘sha vaqtda Voronejda flot qurdirayotgan imperator Pyotrga Peterburgdan olib ketayotgan ekanlar. Qaroqchilar karvonni qirib tashlab oltinni yerga ko‘mganlar, keyin o‘zlari ham topa olmaganlar. Boshqa bir xazinani o‘zimizning Don kazaklari ko‘mib yashirganlar. O‘n ikkinchi yilda ular frantsuzlarni talab, har xil behisob mol, kumush va oltin qo‘lga tushirganlar. Uylariga qaytayotganda yo‘lda, boshliqlar hamma oltin va kumushlarini tortib olib qo‘ymoqchi bo‘lganini eshitib qolganlar. Bu mol-u dunyoni u azamatlar, bekorga boshliqlarga bergandan ko‘ra, hech bo‘lmasa bolalarimizga qolar deb yerga ko‘mib yuborganlar, lekin qayerga ko‘mganlari noma’lum.
Chol qovog‘ini solib:
— Men shu xazinalar to‘g‘risida eshitganman, — deb po‘ng‘illadi.
— Ha, — deb o‘ylanib qoldi Panteley. — Shundoq…
Oraga jimlik cho‘kdi. Otliq qorovul yiroqlarga o‘ychanlik bilan nazar tashladi, miyig‘ida kuldi, guyo bir narsani unutgan yoki fikrini aytib tugatmagan kishiday otning jilovini siltadi. Ot istar-istamas yurib ketdi, yuz qadamcha borib Panteley boshini qattiq silkidi, xayoli qochdi va otini qamchilab, yo‘rtdirib ketdi.
Cho‘ponlar yolg‘iz qoldilar.
— Bu Panteley Makarovning mulkidan, — dedi chol. — Yilda yuz ellik oladi, xo‘jayinnikida ovqatlanadi. O‘qigan odam…
Uch mingcha keladigan qo‘ylar uyg‘onib, istar-istamas yarmi oyoqosti bo‘lgan pastak o‘tlarni chimdiy boshladilar. Oftob hali chiqmagan bo‘lsa ham, hamma tepaliklar va uzoqda bulutga o‘xshab ko‘ringan nayzalik Savur-Magila aniq ko‘rinib turar edi. Agar bu Savur-Magila ustiga chiqib qaralsa, undan osmon kabi tekis va bepoyon yalanglik, pomeshchiklarning qo‘rg‘onlari, nemislar va Molokonlarning xutorlari, qishloqlar ko‘rinadi; uzoqni ko‘ra oladigan qalmoq esa, hatto shaharni va temir yo‘llardagi poyezdlarni ko‘ra oladi. Faqat shu yerdan turib qaraganda bu dunyoda jimjit cho‘llar va ko‘hna qo‘rg‘onlardan boshqa yerga ko‘milgan baxt va qo‘ylarning o‘yi bilan hech qanday ishi yo‘q boshqa bir hayot borligi ko‘rinadi.
Chol yonidagi uchi ilmoqlik uzun tayog‘ini paypaslab o‘rnidan turdi. U jimgina o‘ylar edi. Yosh cho‘ponning chehrasidan bolalarga xos qo‘rquv va qiziqsinish ifodasi hali arimagan edi. U eshitgan gaplarining ta’siri ostida bo‘lib, yangi hikoyalar eshitishni bezovtalik bilan kutar edi.
U ham o‘z tayog‘ini olib:
— Buva, sening akang Ilya soldatni nima qipti, — deb so‘radi.
Chol bu savolni yaxshi eshitmadi. U yosh yigitga parishonxotir qarab, tamshanib javob qildi:
— Sanka, men hamon Ivanovkada soldatga ko‘rsatilgan vasiqa to‘g‘risida o‘ylayapman. Men Panteleyga aytmadim, xayr mayli, o‘sha vasiqada joyi shunday aniq ko‘rsatilganki, uni xotin kishi ham topa oladi, bilasanmi, qayda? Bogataya Balochkada, o‘zing bilgan jarlik — uch daraga ajralib ketgan joyda; xuddi o‘rtasidagida.
— Xo‘sh, kavlab olmoqchimisan?
— Baxtimni sinab ko‘raman.
— Buva, xazinani topsang, uni nima qilasan?
— Menmi? — dedi chol kulib, — Hm!.. Topsam bo‘ldi, innaykin… hammaga ko‘rsatib qo‘yardim… Hm!.. Nima qilishimni o‘zim bilaman…
Chol xazinani topgach, uni nima qilishini aytolmadi. Butun umrida bu savol shu tong paytida unga birinchi marta berilgan bo‘lsa kerakki, uning yuzidagi yengiltaklik va befarq ifodaga qarab bu savol ustida o‘ylashning hojati ham yo‘q degandek ko‘rinar edi. Sankaning boshida hayron qolarlik fikrlar uymalashib qoldi: nima uchui xazinani chollargina izlaydi, erta-indin o‘lishi mumkin odamlarga yerdagi baxtning nima hojati bor ekan? Biroq Sanka bu fikrni savol tarzida ifodalay olmasdi, chol ham bu savolga nima deb ham javob qila olardi?
G‘ira-shira qorong‘ilik ichida to‘q qizil bahanbat quyosh ko‘rindi. Uning hali sovuq va serbar nurlari shudring bosgan o‘tlar ichida cho‘milib, cho‘zilib va go‘yo bu narsa ularni ko‘ngliga urmaganini ko‘rsatmoqchi bo‘lganday, quvnoqlik bilan yerga yastanar edi. Simob rang suvoq, zangori chuchmo‘ma, sariq shumg‘iya, bo‘ta ko‘zlar tabassum bilan quyosh nurini emib, yayrab ochilib ketdilar.
Chol bilan Sanka ajralishib, qo‘y suruvining ikki tomoniga o‘tib oldilar. Ikkovi sim yog‘ochdek, qimir etmay yerga qarab o‘ylanib qoldilar. Chol baxt to‘g‘risida qamon o‘ylar, yosh yigit esa tungi suhbatni eslar edi; uni keragi yo‘q va tushunib bo‘lmaydigan baxt emas, inson baxtining xayoliy va afsonaviyligi qiziqtirar edi.
Yuztacha qo‘y hurkib ketib, qo‘rquv ichida xuddi signal berilganday suruvdan ajralib bir tomonga qochdi. Qo‘ylarning uzundan-uzoq og‘ir o‘ylari go‘yo Sankaga ham bir on ko‘chgandek, xuddi ularday qo‘rquv bilan o‘zini bir yoqqa tashladi; shu topdayoq o‘ziga kelib, baqirib yubordi:
— Hu, harom o‘lgurlar, quturdinglarmi, qirilgurlar!
Uzoq va jazirama kun va’da qilgan oftob yerni qizdira boshlagach, tunda qimirlagan va chirillagan har bir jonivorni mudroq bosdi. Chol bilan Sanka, tayoqlari qo‘lda, suruvning ikki yog‘ida go‘yo ibodat qilayotgan faqirlar singari qimir etmay turar va qattiq o‘yga tolgan edilar. Ular endi bir-birlarini unutgan, har qaysisi o‘z xayoli bilan band edi. Qo‘ylar ham o‘yga tolgan edi…
M. Rahmonov tarjimasi