Anton Chexov. Sarlavhasiz (hikoya)

V asrda ham hozirgidek har kuni ertalab quyosh chiqar va kechqurun uxlagani yotar edi. Ertalab quyoshning dastlabki nurlari shudring bilan o‘pishganda yer jonlanar, havo quvonch, shodlik va umid tovushlariga to‘lar, kechqurun esa shu yer tek qolar va shafqatsiz qorong‘ulikka cho‘mardi.
Kun-kunga, tun-tunga o‘xshaydi. Har zamon ko‘kda qora bulutlar paydo bo‘lib, jahl bilan momaqaldiroq qaldirardi yoki yulduz uchardi, yo bo‘lmasa rangi o‘chgan monax zohidlarning oldiga yugurib kelib, monastirga yaqin bir yerda yo‘lbars ko‘rganini aytardi, vassalom, so‘ngra yana kun-kunga, tun-tunga o‘xshardi.
Monaxlar ishlar va ibodat qilar, ularning boshliqlari bo‘lgan chol organ chalar, lotincha she’rlar hamda notalar yozardi. Bu ajoyib chol favqulodda qobiliyat egasi edi. U organni shunday ustalik bilan chalar ediki, hatto umrining oxirida musiqiy zavqi bir tarziroq bo‘lib qolgan eng qari monaxlar ham, uning hujrasidan organ tovushi kelganda o‘zlarini yig‘idan to‘xtatolmasdilar. U hatto eng oddiy narsalar to‘g‘risida, masalan, daraxt, yirtqich hayvonlar yoki dengiz haqida so‘zlaganda ham kishi yo kular, yo ko‘ziga yosh olar, xuddi uning qalbida organ torlariday torlar sado berayotganday tuyulardi. Uning achchig‘i kelsa yoki juda quvonib ketsa, yo bo‘lmasa biron dahshatli narsa to‘g‘risida gapirsa, ehtirosli ilhomga tolar, chaqnab turgan ko‘zlari yoshlanar, yuzi qizarar, tovushi momaqaldiroqday guldirar edi. Monaxlar, uning so‘ziga quloq berar ekanlar, uning ilhomi o‘z qalblarini band qilayotganini sezar edilar. Mana shunday soz va ajoyib lahzalarda uning hukmronligi cheksiz bo‘lar, agar u zohidlariga daryoga o‘zlarini tashlashni buyursa, hammasi xursandlik bilan bu amrni ijro etgani shoshilardi.
Uning musiqasi, tovushi, xudo, yer va osmonni madh etgan she’rlari monaxlarga doimiy xursandlik manbai edi. Umrguzaronlik bir xilda bo‘lavergandan keyin ba’zan daraxt, gullar, bahor, kuz ularning me’dasiga tegar, dengizning shovullashi toliqtirar, qushlarning sayrashi yoqmas, ammo cholning talanti ularga nondek har kuni kerak edi.
O‘n yil o‘tdi, hamon kun-kunga, tun-tunga o‘xshardi. Monastir atrofida yovvoyi qush va yirtqich hayvonlardan bo‘lak jon egasi ko‘rinmas edi. Odam turadigan eng yaqin yer monastirga yuz chaqirim kelar va yuz chaqirim yo‘l nuqul cho‘ldan borardi. Bu cho‘ldan o‘tishga faqat hayotga tahqir ko‘zi bilan qarovchi, hayotni tark etib, monastirga kirishni qabirga kirish, deb biluvchi kishilargina jur’at qila olardi.
Shuning uchun bir kuni kechasi birov monastirning eshigini taqillatganda monaxlar juda hayron qolishdi. Eshikni taqillatgan kishi shaharlik bir odam bo‘lib, hayotni sevguvchi oddiy bir osiy ummat ekan. Bu odam monaxlar boshlig‘i duosini olish va ibodat qilish o‘rniga avval vino bilan ovqat talab qildi. Nima bo‘lib cho‘lga chiqib qolganligini so‘ralganda u, uzundan-uzoq so‘zlab, ovga chiqqani, ko‘proq ichib qo‘yib, adashganini aytdi. Monastirga kirib, qiyomatning g‘amini yegin, degan taklifga, kulib: ”Men sizlarga o‘rtoq emasman”, deb javob berdi.
Eb, ichib to‘yganidan so‘ng, xizmatini qilib turgan monaxlarga bir-bir qaradi-da, bosh chayqab ta’na bilan dedi:
– Bekor o‘tirasizlar, monaxlar. Yeyish-ichishdan boshqani bilmaysizlar. Qiyomatni g‘amini shu xilda yeydimi kishi? O‘ylab ko‘ringlar: sizlar bu yerda tinchgina yeb-ichib saodat xayolida o‘tirgan chog‘larda, yaqin kishilaring halok bo‘lib, jonlari do‘zaxga ketmoqda! Bir qaranglar-chi, shaharda nimalar bo‘lmoqda. Biri ochdan o‘lmoqda, boshqasi o‘z oltinini qayerga ko‘mishini bilmasdan buzuqlikka g‘arq bo‘lmoqda va asalga botgan pashshaday halok bo‘lmoqda. Kishilarning qalbida na imon bor, na haqiqat. Bularni qutqarish kimning ishi, axir? Va’z-nasihatni kim qiladi? Ertadan kechgacha mast bo‘lib yuradigan odam men qilaymi? Nahot xudo, ezgu ruh, sevguvchi qalb va imonni sizlarga to‘rt devor orasida o‘tirish uchun bergan bo‘lsa?
Shaharlikning mastlik bilan aytgan so‘zlari qattiq va odob doirasidan tashqari edi, ammo nima balo bo‘ldiki, cholga ta’sir qildi. Chol hamma monaxlar bilan bir-bir ko‘z urishtirib, rangi oqardi va dedi:
– Birodarlar, bu to‘g‘ri aytadi! Chindan ham bechoralar o‘zlarining nodonliklari va tadbirsizliklari orqasida gunohkor va dinsiz halok bo‘ladilar, biz esa joyimizdan qimirlamaymiz, go‘yo buning bizga dahli yo‘q. Shaharga borib o‘z payg‘ambarlarini unutgan ummatlarning esiga Iso alayhisalomni solsam bo‘lmaydimi?
Shaharlikning so‘zlari cholni qiziqtirdi: ertasiga u asosini qo‘liga oldi, zohidlar bilan xayrlashdi va shaharga qarab ketdi. Monaxlar uning musiqasidan, so‘zlaridan va she’rlaridan mahrum bo‘ldilar.
Bir, ikki oyni ular cholni sog‘inib o‘tkazdilar, chol kelmadi. Oqibat uchinchi oyning oxirida hammaga ma’lum bo‘lgan aso tovushi eshitildi. Monaxlar yugurib uning istiqboliga chiqdilar va unga benihoyat ko‘p savollar berdilar, ammo chol, ularni ko‘rib sevinish o‘rniga kuyinib yig‘ladi va bir og‘iz ham so‘z aytmadi. Monaxlar uning juda qariganini va ozganini payqadilar; uning yuzidan charchaganlik va chuqur qayg‘u aks etar edi, yig‘laganida esa tahqirlangan kishiga o‘xshar edi.
Monaxlar ham yig‘ladilar va undan nimaga yig‘layotganini, nima uchun xafa ekanini so‘radilar. Biroq, u bir og‘iz ham so‘z aytmadi va hujrasiga kirib, eshikni beklab oldi. U yetti kun uyidan chiqmadi, tuz totmadi. Organ chalmadi, nuqul yig‘ladi. Monaxlar eshigini taqillatsalar, chiqib biz bilan dardlash deb iltimos qilsalar ham, churq etmadi.
Oxir tashqariga chiqdi va monaxlarni to‘plab,yoshli ko‘z, chuqur qayg‘u va g‘azab bilan so‘nggi uch oy ichida boshidan kechirganlarini aytib berdi.
U monastirdan shahargacha bosgan yo‘lini tasvirlab berganda ko‘zlarida tabassum, tovushida osoyishtalik aks etar edi. Aytishicha, yo‘lida unga qushlar sayrab bergan, uning uchun ariqlar shildirab oqqan, qalbini shirin, yosh umidlar hayajonga keltirgan: u yo‘lda borar ekan, o‘zini jangga ketayotgan va g‘alaba qozonishiga amin bo‘lgan soldatday sezgan, she’rlar va na’tlar aytib shaharga yetganini bilmay qolgan.
Biroq, shahar va u yerdagi odamlar to‘g‘risida gapira boshlaganida tutaqib ketdi, ko‘zlari chaqnadi. U shaharga kirib ko‘rganlarini umrida ko‘rgan emas, hatto shunday bo‘lishini tasavvur qilishga ham jur’at etgan emas.
Shayton naqadar qudratli, yovuzlik qanchalik go‘zal ekanini, kishilarning na daraja yuraksiz va g‘arib ekanliklarini u umrida birinchi daf’a keksaygan chog‘ida ko‘rdi va angladi. Baxtsiz tasodif bo‘lib, birinchi qadam bosgani uy buzuqlik makoni bo‘lib chiqdi. Ellik chamasi puldor kishilar ovqat yer va vinoni ko‘p ichar edi. Vino ichib mast bo‘lgan odamlar kuylaydilar va xudojo‘y kishi aytgani botinolmaydigan yaramas so‘zlarni hech ibosiz aytadilar. Cheksiz erkin, tetik, baxtiyor bu odamlar na xudodan qo‘rqadilar, na shaytondan va na o‘limdan, nimani xohlasalar shuni aytadilar, shuni qiladilar, ko‘ngillari qayerni tilasa, o‘sha yerga boradilar. Vino esa haqiqday sof, haddan tashqari shirin va xushbo‘y bo‘lsa kerpk, chunki ichgan kishi rohatlanib kuladi va yana ichgisi keladi. Kishi kulganda vino ham kulganday bo‘ladi, ichilganda quvonch sochib, uchqun oladi, go‘yo o‘z shirinligida qanday shaytoniy latofat berkitib turganini o‘zi biladi.
Chol g‘azabdan borgan sayin tutaqib, yig‘lab, ko‘rganlarini hikoya qilib beraverdi. Bazm qurib o‘tirganlar orasida, – dedi, – stolningustida yarimi yalang‘och bir buzuq xotin turar edi. Tabiatda bundan ko‘ra go‘zal va jozibali narsani topish qiyin. Yosh, uzun sochli, do‘ndiq, qorako‘z, durdoq labli hayosiz va sharmanda, bu palid sadafday tishlarini ko‘rsatib iljayib, xuddi “Ko‘rdilaringmi, men qanday sharmanda va chiroylik” demoqchiday edi. Shohi kimxoblar burma-burma bo‘lib, uning yelkasini qoplagan, ammo go‘zallik kiyim ostiga berkinishni istamas, bahori sabzi qo‘pib turgan yerni yorib chiqqanday, tashqariga chiqqani intilar edi. Sharmanda xotin vino ichar, ashula aytar va kim xohlasa o‘shanga o‘zini taqdim etar edi.
Undan so‘ng chol titrab-qaqshab ot o‘yini bo‘ladigan maydon, ho‘kiz urishtirish, teatrlar, loydan yalang‘och xotinning suratini yasaydigan rassomlar korxonasi to‘g‘risida so‘zlab ketdi. u ilhom bilan, chiroyli va tiniq tovush bilan, xuddi ko‘zga ko‘rinmaydigan bir torni chertayotganday so‘zlar, monaxlar esa uning atrofini qurshab, diqqat va ishtiyoq bilan so‘ziga quloq solar va xursandlikdan entikar edilar… Shaytonning barcha jozibasi, yovuzlikning go‘zalligi va jirkanch xotin badanining maftun qiluvchi latofatini tasvir qilib bo‘lganidan so‘ng chol shaytonni la’natladi. Burilib hujrasiga kirib ketdi…
Ertasiga ertalab hujrasidan chiqib qarasa monastirda bitta ham monax qolmapti. Hammasi shaharga ketib qolipti.

Rus tilidan Abdulla Qahhor tarjimasi

***************

ROHIBNING QAYG‘USI

Xuddi hozirgidek, V asrda ham har tong quyosh uyqudan bosh ko‘tarib, shom pallasi ufqqa bosh qo‘yar edi. Tongning ilk nurlari shabnam bilan o‘pishgan lahzalarda Zamin qaytadan jonlanib, butun borliq shodumonlikka to‘lib ketar, shomda esa hammayoqni chuqur sukunat o‘z komiga torta boshlardi. Shu zaylda biri biridan farqsiz kunlar va tunlar almashinib kelaverardi. Ahyon-ahyonda osmonni qora bulut qoplab, qasirg‘a o‘ynar, ko‘kdan yulduz uchib, rang-quti o‘chgan rohib qavmlariga monastir yaqinida yo‘lbars ko‘rganini aytib, ularning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solar, va yana bir-biridan farqsiz kunlar, tunlar almashinib kelaverardi.
Rohiblar zuhdu taqvoda toat-ibodat qilishar, sarrohib bo‘lsa cholg‘u chalib yaratganga hamdu sanolar aytar, va ularning tili hamda dilidan tangri kalomi tushmas edi. Alomat sarrohibga qodiru mavlon benazir salohiyat va cho‘ng iqtidor ato etgan edi. Rohiblarning quloqlari keksalik g‘oratidan og‘irlashib qolgan bo‘lsa-da, sarrohib sozi jo‘rligida bag‘oyat mahoratla ijro etgan maqomlarni sel bo‘lib tinglashar, ba’zilari o‘zini tutolmay yig‘lamoqqa tushishardi. Sarrohib eng oddiy narsalar haqida, aytaylik, dov-daraxtlaru gul-chechaklar, darrandalaru parrandalar, tog‘u toshlaru daryo-ummonlar to‘g‘risida so‘zlay boshlasa, uning sehrli ovozini zavqlanmasdan yoki mutaassir bo‘lmay eshitish mushkul edi. Uning kufri qo‘zigan yoki qalbini kuchli his-hayajon chulg‘agan damlarda yoxud qavmlarining diliga qutquli olamshumul voqealarni so‘zlab dahshat solganda esa, hammaning diqqat-e’tiborini qozongan sarrohibning yuz-ko‘zlarida zohir bo‘lgan vajohatdan rohiblar tosh qotib qolishar — bunday vaziyatlarda uning amriga binoan o‘zlarini o‘tgayam, suvgayam otishga tayyor turishardi.
Sarrohibning tangrini ulug‘lab, uning ta’rifida keltirgan hamdu sanolari, rivoyatlarida din ahliga bitmas-tuganmas ilhom bag‘ishlaguvchi sehr mavjud edi. Ba’zan, ya’ni monastir hayotining bir maromdagi yakrang umrguzaronligida daraxtlaru gul-chechaklar, ko‘klamu tiramoh, daryoyu ummon to‘lqinlarining shovullashi ham rohiblarning ba’diga urib, qushlarning sayroqi xonishidan-da dillari zada tortgan kezlarda sarrohibning betimsol a’moli qavmlarida suv bilan havoga tashnalikdek ehtiyoj uyg‘otardi.
Quvlashib yillar o‘tib borar, kunlarni kunlardan, tunlarni tunlardan ajratib bo‘lmas edi. Yovvoyi qushlaru darrandalardan bo‘lak monastir yaqiniga zog‘ ham yo‘lamasdi. Atrof javonibda odam zoti yashamas, monastirdan kentu manzilgohlarga borish uchun yuz chaqirimcha yo‘l yurish lozim edi. Monastirga kelishni esa tarki dunyo qilgan va zohidona ro‘zg‘orni avlo bilgan darvishlargina o‘zlariga ravo ko‘rishardi. Turmush mashaqqatlaridan ezilgan, jonidan to‘yib ketgan bandalargina monastir taraflarga borishni o‘zlariga ixtiyor etardilar.
Buni qarangki, kunlarning birida yarim tunda monastir eshigini kimdir qoqdi. Boshpana so‘rab turgan kimsani ko‘rib, rohiblar taxayyulga borishdi. Notanish odam turmushi yalang ayshu tarabda o‘tgan kentlik po‘rim bo‘lib chiqdi. U sarrohibdan ibodatga izn so‘rash o‘rniga, toqatsizlanganicha yemak va ichmak berishlarini talab qildi. Olis kentdan gadoytopmas bu joylarga qanday kelib qolganini so‘rashganda, u shikorga chiqqanini va ichib changalzorda adashib qolganini aytdi. Zohidlik zunnorini belga bog‘lab, sahobu shom toat-ibodatda bo‘lishga da’vat etganlarida, u tirjayganicha: “Sizlarga birodar bo‘la olmayman”, dedi.
Eb-ichib nafsi anchayin qongan musofir rohiblarga bir-bir qarash qildi-da, xuddi yozg‘irgandek bosh chayqab dedi:
— Obbo siz rohiblar-ey! Yeb-ichish, huzur-halovatdan boshqasini bilmaydigan dangasa ekansizlar-ku! Oxiratingizni o‘ylasangiz-chi, axir!? Tunu kun tavba-tazarruda yaratganga yukinadigan ilmu amalingiz nahotki shundan iborat bo‘lsa?! Sizlar bu yerda vaqtida taomlanib, vaqtida istirohat qilasiz, uyoqda — Kenti Kabirda bo‘lsa xeshu aqrabolaringiz kun sayin razolat va fisq-fujur botqog‘iga botib oxiratini kuydirishmoqda… Odamlarda na iymon, na e’tiqod qoldi! Zero, kallani ishlatib, bundoq sarhisob solsangiz-chi! Oddiy avom ro‘zg‘or tutishdan qiynalib yotibdi, havoyi nafslarini tiya olmay, sarvatu shahvatga mukkasidan ketganlar bo‘lsa yo‘ldan adashib xudoning g‘ashiga tegmoqdalar. Ayting-chi menga, ularni nahs bosib, fosiqlik girdobi o‘z girvatiga tortib ketmasligi uchun nima qilmoq kerak? Zuhdu taqvo hamda amru ma’ruf bilan ularni haq yo‘liga solish kimning vazifasi? Ertayu kech ayshu tarabdan bo‘shamaydigan kaminaningmi? Zotan ruhni itoatda saqlab, butun qalb qo‘ri, mehr-muhabbatini tangri va uning bandalariga baxshida etib, tunu kun mana shu to‘rt devor ichidan chiqmay, ezgu amallarga qo‘l urmasdan taralla bedodlik qilib kelayotgan sizning vazifangiz emasmi?!
Musofirning sarxush ta’na-dashnomlari qanchalik qo‘rs tuyulmasin, sarrohib ularni eshitib chuqur o‘yga toldi. Avzoi buzilib, birodarlariga gezarib qaragancha dedi:
— Birodarlar, indallosini aytganda, kentlik mehmonning gaplari to‘g‘ri! Faqiru yo‘qsillarning iymonsizligi va nodonligi bilan uch pullik ishimiz yo‘q. Axir u yoqlarga borib, xudo bexabarlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishimiz kerak emasmi?
Sarrohib kentlik kishining ta’nalaridan mutaassir bo‘ldi. Ertasiga u hamma qavmlari bilan xayr-xo‘shlashib, hassasini to‘qillatgancha olis va mashaqqatli yo‘lga tushdi. Sarrohibsiz monastir huvillab qoldi.
Oradan bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi — sarrohibdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, uch oydan keyin hassasini to‘qillatgancha monastir eshigidan sarrohib kirib keldi. Kutib olishga chiqqan rohiblar uni savolga ko‘mib tashlashdi. Ammo sarrohib ular bilan qayta diydorlashib turganidan xursand bo‘lish o‘rniga, lom-mim demasdan achchiq yig‘lay boshladi. U o‘zini xiyla oldirib qo‘ygandi: safar uni judayam toliqtirgani va qaroqlarining qa’riga teran musibat soya solgani shundoq ko‘rinib turar edi. Sarrohib birdaniga ancha yoshga keksayib qolganga o‘xshardi. Uning yig‘loqi ko‘zlari va salqi yuzlari boyoqishning u yoqlarda rosa ezilgani, xo‘rlik va abgorlik chekkanidan darak berib turardi.
Shunda monastir rohiblarining ham dili vayron bo‘lib, unga qo‘shilib yig‘lamoqqa boshladilar. Ularning: “Hadeb ko‘zyosh to‘kishingizning boisi ne?”, degan savoliga sarrohib churq etib javob qilmadi va tamomila uzlatga chekindi.
Sarrohib yetti kechayu yetti kunduz tuz totmadi — na soz chalib qavmlarining qalbiga orom bag‘ishladi, na amru ma’ruf qilib va’z-nasihat o‘qidi. Nihoyat, u hujrasidan chiqib keldi. Tegrasiga ruhoniylarni chorlab, surunkali jola to‘kishdan shishib-qizargan, g‘ussa va nafratga to‘la ko‘zlarini ularga tikkancha o‘tgan uch oy davomida ko‘rgan-kechirganlari haqida hikoya qila boshladi.
Monastirdan Kenti Kabirga dovur bosib o‘tgan yo‘lini bayon etarkan, uning ovozi xotirjam jaranglab, yuz-ko‘zlaridan tabassum balqib turdi.
— Yo‘limda, — deb hikoya qilardi u, — qushlarning “chax-chax” sayrashi, ariq va jilg‘a suvlarining qiqirlab kulishi qalbimda xush kayfiyat uyg‘otar va dilimni sarafroz aylardi; kamina bo‘lsa g‘olib chiqishga ishonchi komil fotih singari ketib borardim. Ana shunday nekbin orzu-maqsadlar qanotida shahar tomon oshiqar ekanman, yo‘lakay qasidalar bitib, tangrining sha’niga hamdlar aytgancha manzilimga yetib kelganimniyam sezmabman…
Biroq kent va kentliklar to‘g‘risida so‘zlay boshlashi hamon sarrohibning ko‘zlari chaqnab, butun vujudida titroq turdi va ko‘zlarida qahr-g‘azab o‘ti yondi. Sarrohib gavjum va sershovqin shaharga kirib borarkan, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘layotgan ko‘rguliklarni ilgari ko‘rish u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltira olmasdi. Umri poyoniga yetib borayotgan sarrohib hayotida birinchi marta shaytoni la’in hali-hamon ko‘p narsalarga qodirligini, odam zotini irodasiz va haqir qulga aylantirib qo‘yish unga hech narsa emasligini anglab yetdi. Baxtga qarshi u kirib borgan dastlabki manzildan fosiqu gumrohlar oshyon qurib olishgan edi. U yerda bir talay puldorlar ishratparastlikka berilib, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan buzuqliklar bilan mashg‘ul edilar; stolga tortilgan noz-ne’matlarni oyoqosti qilishar, mast-alast holda behayo so‘zlarni so‘zlashar, uyatsiz qo‘shiqlar kuylashardi. Bunday sharmandagarchilik faqat xudobexabar gumrohlarninggina qo‘li va tilidan kelishi mumkin edi; na xudodan, na shaytoni la’indan va na ajaldan qo‘rqadigan bu haromzodalar o‘zlarini o‘ktam, xurram va xushbaxt chog‘lashardi. Qahrabo tusli totli musallas nafis jomlarda jimir-jimir qilar, bag‘oyat mazali va xushbo‘y ichimliklardan mayparastlarning qayta-qayta ichgisi kelar edi. Musallasda shunday bir iblisona kuch pinhon ediki, undan ichgan har qanday odamni sarob misol o‘z domiga tortaverardi…
Sarrohib g‘azab otiga minib, ko‘rganlarini kuyib-yonib bayon etarkan, “uh” tortgancha, afsus-nadomat chekib ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kardi.
— Maishatparastlarning, — deya hikoyasini davom ettirdi u, — davrasi o‘rtasiga yarim yalang‘och suyuqoyoq chiqib olgan edi. Odam zotiga ato etilgan noz-ne’matlar ichida bu qadar jozibador, bu qadar maftunkor husni tavajjuhni uchratish dushvor edi. Qoramag‘izdan kelgan uzunsoch, quralay ko‘z, dudoqlari lo‘ppi bu kuydirmajon sadafdek oppoq tishlarini yaltiratgancha: “Qarasangiz-chi, naqadar sumanbar, va shu bilan birga benomus, behayo xilqatman!”, deyayotgandek bo‘lardi. Uning nihoyatda xushbichim va nazokatli kiftlariga kimxob va shohi tashlab qo‘yilgan edi. Zero, zinogarning beandisha, beor tanasi yaltir-yultur liboslarga bekinib olishni istamas, balki ayni bahorda zamin bag‘rida bosh ko‘tarib chiqqan sabza yanglig‘ harislik bilan ochilib-sochilar edi. Yuvuqsiz ayol erkaklarga qo‘shilib may ichar, badaxloq qo‘shiqlar xirgoyi etib, ularning birgina imosiga jimo qilib ketaverardi.
Jununi qo‘zigan sarrohib qo‘llarini to‘lg‘ab-to‘lg‘ab buqalar jangi, suvoriylar bellashuvi, teatru tomoshalar to‘g‘risida, haykaltarosh loydan did bilan yasagan shir yalang‘och ayol haykali haqida uyatdan qizarib-bo‘zarib so‘zlar edi.
U burrozabon notiq singari mulohazalarni lo‘nda-lo‘nda bayon etar, uning sehrli soz kabi maftunkor ovozini tinglayotgan rohiblar lol bo‘lishib, entikib-entikib qo‘yishar edi…
Fohisha ayol tanasining kishida nafrat va irganish uyg‘otuvchi nahs bosgan sehru jodularini tilga olar ekan, sarrohib shaytoni la’inga tavqi la’natlar o‘qib, hujrasiga kirib ketdi.
Erta tongda hujrasidan chiqib kelgan sarrohib monastirda o‘zidan boshqa bironta ruhoniy qolmaganini ko‘rdi. Hammasi shaharga ketib qolgandi.
1887 yil.

Ilhom Hafizov tarjimasi.