Muallifdan: 1994 yilning mart oyida qalamga olingan bu qaydlarni hikoya deb bo‘lmaydi. Chunki “janr talablariga mos kelmaydi” deyishlari aniq. U holda bularni qaysi janrga kiritish mumkin? Ehtimol, “hujjatli fantaziya” demoq kerakdir? Fantastik hujjatlar ichida ko‘p o‘ralashavergandan keyin “hujjatli fantaziya” yozishdan o‘zga chora qolmadi.
YoZUVChILAR UYuShMASIGA
Yosh nosir Marlen Imomquli o‘g‘li Mammedov nomidan
ARIZA
Meni Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilishingizni so‘rayman. Sizga ma’lum bo‘lganidek, qishloq mehnatkashlarining sotsializmni barpo qilishda ko‘rsatgan fidokorona xizmatini, qishloqda kolxozlashtirishning amalga oshirilishi bilan bog‘liq mavzular yoritilgan “Quyoshli bahor” nomli romanim jumhuriyatimizning partiya rahbariyati tomonidan yuksak baholandi. Shu kunlarda dengiz neftchilarining mehnat jabhasidagi mislsiz jasorati haqidagi “To‘lqinlar qo‘ynida” deb nomlangan romanim nashr etilish arafasida turibdi. Shonli inqilob va baynalmilal Boku proletariatining sotqin musovotchi[1]larga va uning ingliz, turk og‘alariga qarshi olib borgan mardona kurashi tasvirlangan “Do‘stlik zafar qozonadi” nomli romanimni yakunladim. Romanning asosiy qahramonlari buyuk Stalinning izdoshlari, shonli inqilobchilar avlodining namoyandalari Qahramon Pahlavonov, Ivan Dubov, Ashot Yalayan, O‘tar Abashidze va boshqalardir. Asarda dohiy Stalinning rahbarligi ostida Ozarbayjon xalqining mulkdor va zodagon og‘alarni yer bilan yakson etgani, buyuk Stalinning sodiq quroldoshlari, qahramon bolsheviklar Kirov, Orjonikidze va Mikoyanlarning Ozarbayjonda sovet hokimiyatining barqarorligini ta’minlash yo‘lida qilgan beminnat xizmatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ezgu maqsadlarimiz yo‘lida Narimon Narimonov kabi mayda burjuaziyaning millatchi vakillari qanday g‘ov bo‘lgani va ularning zararli faoliyatlari fosh qilindi. Taraqqiyparvar Baku proletariatining fikri asarimning qahramonlaridan biri keksa ishchi Bahrom tilidan shu tarzda ifoda etilgan: “Narimon, bu xalqning nonu tuzi senga harom bo‘lsin!” Yaqin kunlar ichida shonli Boku kommunistlariga armug‘on sifatida “26 qardosh” nomli roman ustida ish boshlash niyatidaman.
Yozuvchilar Uyushmasi tarkibida ulug‘ yo‘lboshchimiz Stalin va Ozarbayjon bolsheviklarining rahbari o‘rtoq Mir Ja’far Bag‘irovning rahnamoligida kommunizmning butun dunyoda g‘alaba qozonishi uchun fidokorona kurashmoq niyatidaman. Bu maqsad yo‘lida bor iste’dodimni, qobiliyatimni, kerak bo‘lsa, hayotimni ham qurbon qilishga tayyorman.
Anketa, tarjimai hol, 6 dona fotosurat va kerakli hujjatlar papkaga ilova qilindi.
Marlen Mammedov
1 may, 1950.
TARJIMAI HOL
Men, Mammedov Marlen Imomquli o‘g‘li 1930 yilning 28 aprelida Marks tumanining Engels qishlog‘ida dunyoga keldim. Otam Imomquli o‘g‘li tumanimizda kolxozlashtirish tashkilotchilaridan bo‘lib, tajovuzkor Amerika-Angliya imperialistlarining yaloqxo‘rlari tomonidan vahshiyona o‘ldirilgan. Meni, akalarim Komsomolboy va Birmayjon, ukam Pionerjon hamda singlim Zakfederatsiyaxon (Zina)larni otam Stalinga muhabbat ruhida tarbiyalab voyaga yetkazdi. Hozirda maktab o‘quvchisiman. Shu bilan birga maktab komsomol tashkilotining kotibi vazifasini bajarib kelaman. Kuni kecha Bolsheviklar partiyasi a’zoligiga nomzod sifatida ko‘rsatilganligimni hayotimning eng buyuk saodati deb bilaman. Mening adabiyotga bo‘lgan kuchli havas va ishtiyoqim bolalik chog‘larimda uyg‘ondi. Besh yoshimda qishlog‘imizga birinchi traktor kelganidan ruhlanib ilk she’rimni yozganman.
Qishlog‘imda anhor bor,
Ko‘kda yulduz, oy ham bor.
U qishloqda masjid bor,
Bizlarda bor traktor.
Keyinroq nasr janrida ijod qila boshladim. “Quyoshli bahor” nomli romanim Ozarbayjon Kommunistik (bolsheviklar) Partiyaning Markaziy komiteti kotibiyati tomonidan “Kenja avlodning dadil ovozi” sifatida yuksak baholandi. Romanim nashrga tavsiya qilindi va kitob bo‘lib chiqqandan keyin asarim haqida gazetalarda ko‘plab maqola va taqrizlar chop qilindi. (Taqrizlar va maqolalar ham papkaga ilova qilingan.)
Bor iste’dodimni, qaynab toshgan ijodiy ilhomimni, zarur bo‘lsa hayotimni dono yo‘lboshchimiz va otamiz Stalin boshlab bergan ulug‘ yo‘lda fido qilishga tayyorman.
Marlen Imomquli o‘g‘li Mammedov
1 may 1950.
YoZUVChILAR UYuShMASI PREZIDIUMINING NAVBATDAN TAShQARI MAJLISI STENOGRAMMASI
(9 may 1950)
Majlis raisi: O‘rtoqlar! Bugungi majlisimizning kun tartibiga uyushmaga yangi a’zolarni qabul qilish masalasi qo‘yilgan. Yagona nomzodimiz bo‘lgan yosh va iste’dodli yozuvchi Marlen Mammedovning qabul haqidagi arizasini muhokama qilishimiz kerak. Ma’lumingizki, yigirma yoshli Marlen Mammedov bir roman muallifidir. Uning “Quyoshli bahor” romani nashr qilingan. Yosh romannavisimizning bu asari adabiyotimizda alohida hodisa bo‘ldi, nasrimizda tamoman yangi sahifa bo‘ldi, desak, aslo adashmagan bo‘lamiz. Shahar partiya faollari yig‘ilishida romanning “kenja avlodning dadil ovozi” sifatida e’tirof qilinishi barchamizni ruhlantirib yubordi. Biz ijodkorlar bundan bag‘oyat ilhomlanib… (eshitilmadi) Xullas, gapning qisqasi masala hammamizga ma’lum. Qanday takliflar bor?
Ovozlar: Qabul qilinsin.
Rais: Juda soz. Unda…
Shuhrat Shonli: Ijozatingiz bilan ikki og‘iz gapirmoqchiman.
Rais: Marhamat, so‘z o‘rtoq Shonliga.
Shuhrat Shonli: Mening fikri ojizimcha, aziz o‘rtoqlar “qabul qilinsin” degan bir juft so‘z bilan bu muhim masalaga yakun yasab bo‘lmaydi. Bilasizlarki, biz, to‘g‘rirog‘i, Yozuvchilar uyushmasining rahbariyati shundoq ham zamondan ortda qolib ketyapmiz. Har doim bo‘lganidek, yana bu safar ham haqiqiy iste’dodni o‘z vaqtida kashf qila olmadik. Shunday qiymatli asarni yana shonli partiyamiz ko‘magida payqadik. Holbuki, mazkur asarni birinchi bo‘lib Yozuvchilar uyushmasi kashf qilmog‘i kerak edi.
Luqma: Partiya va Yozuvchilar uyushmasini bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymang. Uyushmamiz har ishda ulug‘ partiyamiz ko‘rsatgan yo‘ldan og‘ishmay harakat qiladi.
Mir Munaqqid: Sen… (eshitilmaydi)
Shuhrat Shonli: O‘zingsan o‘sha… (eshitilmaydi)
Rais: O‘rtoqlar… O‘rtoqlar… Jim bo‘ling. Janjal-shovqin ko‘tarmasligingizni talab qilaman. Navbat bilan gapiring. O‘rtoq Shuhrat Shonli, siz gapingizni tugatdingizmi?
Shuhrat Shonli: Yo‘q. Dohiy yo‘lboshchimiz Stalinning bebaho ko‘rsatmalariga va… va partiyamizning adabiyot haqidagi tarixiy qarorlariga, o‘rtoq Bag‘irovning yozuvchilarimizga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklariga suyangan holda Yozuvchilar uyushmasining rahbariyati mehnatkash xalq ichiga chiqib asl iste’dod egasi bo‘lgan yosh qalamkashni o‘zi qidirib topishi va uning ijodiy parvoziga to‘siq bo‘ladigan har qanday g‘ovni olib tashlashi lozim edi.
Rais: Markazkom kotibi… (eshitilmadi) o‘rtoqqa bu romanning qo‘lyozmasini shaxsan o‘zim olib borib berganman.
Luqma: Hamqishlog‘ing-da…
Luqma: Kim?
Luqma: Kotib ham raisimiz ham hatto yosh romannavis ham.
Rais: Marhamat, so‘z navbati o‘rtoq Nasir Nosirga.
Nasir Nosir: Bahor (sukut).
Ovozlar: Nima? Nima dedi?
Nasir Nosir: Bahor. Ha, bahor. Haqiqatan ham behad go‘zaldir bahor… Bahor behad go‘zaldir… Nihoyatda chiroylidir bahor. Men, albatta, o‘rtoq Marlenning romanini nazarda tutyapman. Men aytmoqchi edimki, bu nasrimizning bahoridir, adabiyotimizning bahoridir, yoshlarimizning bahoridir… Uyushmamiz va partiyamizdan benihoya minnatdorman. Ki umrim vafo qilib shu yoshimda adabiyotimizga kirib kelgan porloq iste’dod sohibini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ming shukr, quyoshli bahorning balqiganini ko‘rdim (past ovozda shivirlab gapirdi) Adabiyotimizda quyosh porladi. Bahor keldi. Men aytmoqchimanki, ta’bir joiz bo‘lsa, quyoshli bahor kirib keldi adabiyotimizga…
Rais: O‘rtoq Mir Munaqqid, balki siz ham fikrlaringizni aytarsiz?
Mir Munaqqid: Karlen Mammedovning…
Rais: Marlen Mammedovning…
Mir Munaqqid: Uzr so‘rayman Marlen Mammedovning uyushmamizga a’zo bo‘lishiga qarshiligim yo‘q. Ammo yosh yozuvchining ilk asarini ta’riflashda biroz oshirib yuboryapmiz…
Ovozlar: Nima? Qanaqasiga? (shovqin).
Rais: Jimlik, jimlikni saqlaylik, o‘rtoqlar. Eshitaylik, o‘z fikrini aytsin, axir. Keyin ehtiyoj bo‘lsa javob beradilar. Davom etavering, o‘rtoq Mir Munaqqid.
Mir Munaqqid: Aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, ortiqcha maqtovning yosh ijodkorga foydadan ko‘ra zarari ko‘proq tegadi. Partiyamiz bu asarga yuksak baho berib “yosh avlodning dadil ovozidir” dedi. Endi biz bu “ovoz”ni asrab-avaylashimiz kerak. Uning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay ilgarilamog‘i uchun ta’rif emas, balki teran tahlilga ehtiyoji bor.. Chunki asarda badiiyat nuqtai nazaridan jiddiy kamchiliklar ham yo‘q emas. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoq… (shovqin, hech nima eshitilmayapti)
Shuhrat Shonli: O‘rtoq Mir Munaqqid, shuni yodingizdan chiqarmangki, to‘g‘ri yo‘limiz yagona – partiyamiz ko‘rsatib bergan yo‘l. Meni xayratga solayotgan nasa shuki, dadil odimlar bilan olg‘a borayotgan bir yosh yigitni nega yo‘lidan adashtirmoqchisiz? Qanaqangi badiiy kamchiliklardan so‘z ochmoqchisiz? Yoki badnom “san’at san’at uchundir” degan chirik burjua nazariyasini qaytadan tiriltirmoqchimisiz? Yo‘q, o‘rtoq Mir Munaqqid, san’at san’at uchun emas, san’at xalq uchundir va partiya xalqning fikrini ifoda etib bir asarga yuqori baho bersa, yana qanaqangi “badiiy kamchiliklar” bahonasi ortida asardan kir qidiriladi? Men buni yosh ijodkorga qarshi bo‘hton deb hisoblayman. Demakki, o‘rtoq Jdanovning ma’ruzasini o‘qimagan ko‘rinasiz.
Mir Munaqqid: Men o‘qiganman. Ehtimol, o‘zing o‘qimagandirsan (shovqin).
Rais: O‘rtoqlar, o‘rtoqlar, jim bo‘laylik…
Shuhrat Shonli: Shuni yaxshilab bilib qo‘yingki, men o‘rtoq Jdanovning ma’ruzasini bir marta emas, bir necha marta o‘qidim. Hatto qaysidir yondaftarimga qaydlar ham olganman. O‘rtoq Jdanovning kitobi har doim ish stolimda turadi.
Mir Munaqqid: Mening ish stolimda o‘rtoq Stalinning kitoblari turadi. Albatta, o‘rtoq Jdanovning ma’ruzasini ham stolimdan ayirmayman.
Shuhrat Shonli. Eslatib qo‘yayki, siz bekorga o‘rtoq Stalin bilan uning e’tiborli quroldosh do‘stini bir-biriga qarshi… (shovqin)
Ovozlar: Sen emasmiding o‘sha kuni… Yetar sen…
Rais: O‘rtoqlar, hurmatli o‘rtoqlar, joy-joyimizga o‘tirib olaylik, jimlik saqlansin. Jimlikni saqlaylik. Kun tartibidan chiqmaslikni talab qilaman. Menimcha, hamma gap aytildi, hammaning fikri bir joydan chiqmoqda. Demak, Marlen Mammedovni uyushmamizga a’zo sifatida qabul qilamiz.
Ovozlar: Qabul qilinsin. Munosib nomzod… Ko‘pdan loyiq edi…
Rais: Siz nima demoqchisiz?
Nasir Nosir: Men taklif qilmoqchimanki, o‘rtoq Marlenni, muallim Marlenni, iste’dodli bolamiz Marlenni uyushmaga qabul qilsak va ayni onda uning “Quyoshli bahor” nomli romanini buyuk Stalin mukofotiga nomzod ko‘rsatsak… Chunki adabiyotimizda quyosh porladi, bahor keldi…
Rais: Hmm… Kechirasiz, kechirasizlar (yo‘talib)… O‘zingizga ma’lumki, o‘rtoq Nasir Nosir, mukofot masalasi butunlay boshqa masala. Bu dabdurustdan, bir onda hal qilib bo‘ladigan ish emas. Ma’lum distantsiyalar (instantsiya demoqchi – ta’kid stenografchiga oid) bilan maslahatlashishimiz kerak. Hammasi bamaslahat bo‘ladi bu ishlar. Maslahatlashgandan keyin bir to‘xtamga kelinsa, kelgusi majlisimizda bu masalaga qaytamiz. Endi, ovozga qo‘yaman. Kimlar Marlen Mammedovni Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilinsin degan fikrda? Juda soz. Qarshilar – yo‘q. Betaraflar – yo‘q. Protokolga qayd qilib qo‘ying. O‘rtoq Marlenni chin yurakdan tabriklaymiz. So‘nggi so‘zni yana sizga beramiz o‘rtoq Nasir Nosir, siz bu xususda qanday fikrdasiz?
Nasir Nosir: Men faqatgina shuni aytmoqchimanki, Yozuvchilar uyushmasiga quyosh kulib boqdi. Bahor keldi… Ta’bir joiz bo‘lsa, quyoshli bahor… (shovqin suron)
TAVSIFNOMA
Yosh iste’dodli yozuvchi, davlat mukofoti sovrindori 1951 yildan Sovet Ishchi Kommunistik Partiyasi a’zosi Marlen Mammadzoda (Marlen Imomquli o‘g‘li Mammedov) 1930 yil aprel oyining oxiri may oyining boshlarida Olatog‘ (eski Marks) tumanining Qoradara (eski Engels) qishlog‘ida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Otasi Imomquli Mammedov shaxsga sig‘inish davrining qurbonlardandir. Beriya-Bag‘irov gazandalarining omonsiz ta’qiblari natijasida dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan. Yosh paytidan she’riyatga, san’atga havas qo‘ygan Mardon Mammadzoda ilk asarlari bilan adabiy jamoatchilik e’tiborini qozondi. Romanlari Baku va Moskvadagi markaziy nashriyotlarda chop qilingan. Ba’zi asarlari Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tillariga ham tarjima qilingan. Sovet Ishchi Kommunistik Partiyasining XX quriltoyidan va o‘rtoq N.S.Xurushchevning tarixiy nutqlaridan ilhomlangan Mardon Mammadzoda “Bulutsiz yoz osmoni” romanini yozib nashr qildirdi. Asarda Stalin shaxsiga sig‘inish davrida sotsialistik qonunchilikning buzilishi, bir guruh vijdonsiz va ma’naviyatdan yiroq kimsalar tufayli xalqning haqiqiy o‘g‘lonlarining, ba’zi sadoqatli kommunistlarning boshiga tushgan qora kunlar badiiy jihatdan qalamga olingan. Qatag‘on qurbonlaridan biri, Bakuning keksa mehnatkashlaridan hisoblangan Bahrom surgundan qaytgandan so‘ng g‘oyalariga sadoqatli barcha kommunistlar nomidan shunday fikrni tilga keltiradi: “Bizning inqilobiy aqidamizni hech qanaqangi surgun, hech qanday qamoq to‘xtata olmagay.” Jasoratli qahramon Bahrom kelajak avlodga xitoban shunday deydi: “Buyuk Leninning sodiq quroldoshi Narimonni aslo unutmangiz. Men uning o‘z xalqi uchun qanday jafo chekkanini shaxsan o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Senga bu xalqning nonu tuzi halol bo‘lsin, Narimon, – dedim unga.”
Asarda mana shunday yodda qoladigan, jonli epizodlar ko‘p uchraydi. Mardon Mammadzoda samarali ijodiy izlanishlari bilan birga ijtimoiy sohada ham fidokorona faoliyat yuritib kelmoqda. U Yozuvchilar uyushmasi rahbarlaridan biri, Ozarbayjon-Koreya XDR do‘stlik jamiyati raisi muovini, faxriy o‘t o‘chiruvchidir. Oilali, ikki qiz va ikki o‘g‘ilning otasi. Mardon Mammadzoda oilaparvar va ahloqan durust inson sifatida e’tirof etiladi. Siyosiy tafakkurini oshirish uchun muntazam ravishda o‘z ustida ishlaydi. Tashkilotimiz rahbariyati partiya va hamkorlar byurosi Mardon Mammadzodani (Marlen Mammedov Imomquli o‘g‘li) delegatlar hay’ati tarkibida Mo‘g‘uliston XRga safarga borishiga tavsiya qiladi.
Imzolar.
7 noyabr 1960.
TAQDIMOT
Ozarbayjon Kompartiyasining Markaziy komitetiga
6 mart 1980.
Zabardast yozuvchi, davlat mukofoti sovrindori, 1951 yildan Sov.IKP a’zosi Mardon Olatog‘li (Marlen Imomquli o‘g‘li Mammedov) 1930 yilning aprel-may oylarida Olatog‘ (eski Marks) tumanining Qoradara (eski Engels) qishlog‘ida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Bolalik chog‘laridanoq adabiy jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortdi. Asarlari o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan o‘qib kelinadi. Mardon Olatog‘li hamisha zamon talablariga javob beruvchi asarlar yozishni uddalagan, dolzarb mavzularda qalam tebratib kelgan adiblarimizdan hisoblanadi. Uning kuni kecha nashr qilingan “Barakatli kuz” deb nomlangan romanida respublikamizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan buyuk ishlar, Qoradara qishlog‘ining timsolida tuproqsozlik ishlarining ravnaqi, obodonchilik va mamlakatimizning bayroqlar bilan bezatilganligi kabi g‘urur va iftixor bag‘ishlovchi mavzular otashin ilhom bilan tarannum qilingan. Asarga SovIKP MKning bosh kotibi, SSSR Oliy Kengashi Rayosatining raisi, xalqimizning qadrdon do‘sti aziz Leonid Ilich Brejnevning quyidagi satrlari epigraf qilib olingan: “Ozarbayjon dadil odimlar bilan olg‘a boradi!”
Aprel-may oylarida Mardon Olatog‘li qutlug‘ 50 yoshga qadam qo‘yadi. Shu munosabat bilan ardoqli adibimizga faxriy nom berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi degan fikrdamiz.
Imzo
8 mart 1980.
“BOZORLIK” GAZETASINING MUXBIRI BAHOR QUYoShLINING MARD O‘NDAR MUKOFOTI SOVRINDORI MARD O‘NDAR BILAN BO‘LIB O‘TGAN SUHBATI
(5 may 1992)
Mardon Mammadzoda, Mardon Olatog‘li, Mardon O‘ndar va nihoyat Mard O‘ndar… 60 yillik porloq hayot yo‘lini mardonavor bosib o‘tgan, ulug‘ adib, zabardast romannavis va ardoqli yurtdoshimiz bilan uchrashishni ko‘pdan beri orzu qilardim. Mard O‘ndar deganda xayolimda hamisha Atilla shijoati, Zardo‘sht hikmati, Bobek g‘ayrati, Shoh Ismoil mardligi, Hoji Zaynalobidin sahovati, Mammad Emin jasorati, Shaxriyor she’riyati jonlanadi. Va nihoyat bu saodat menga nasib qildi. Bugun zamonaviy adabiyotimizning buyuk vakili xonadonida mehmonman. Avvalo, ustoz Mard O‘ndarni o‘z ismi bilan ataluvchi Mard O‘ndar mukofotiga loyiq ko‘rilgani bilan tabrikladim. Qalbimning yalpiz yaprog‘idek mayin titrog‘i ham san’atkor adibning nigohidan yashirina olmadi. O‘ziga xos xassosiyat va nazokat bilan ismimni so‘radi. Bahor, dedim. Onajonim qo‘yganlar, – dedim. Ammo taxallusimni o‘zim tanladim: Quyoshli. To‘liq qilib aytadigan bo‘lsam: Bahor Quyoshli. Sizning ilk romaningiz “Quyoshli bahor”dan ilhomlanib shu nomni tanladim.
Taajjubki, ulug‘ ustoz bunday asari borligini eslay olmadilar. Nihoyatda kamtarligidan bo‘lsa kerak. Aytishlaricha, san’atkor adibimiz oxirgi 2-3 yil ichida yozgan asarlarining na nomini eslaydilar, na mazmunini. Ammo bolalik chog‘larini juda yaxshi eslaydilar. Shu boisdan biz suhbatimizni uzoq bolalik yillaridan boshladik.
– Muhtaram ustoz, siz bahor faslida tavallud topgan ekansiz, ya’ni may oyining yigirma sakkizinchisida. Ammo bugunga qadar hech qayerga yozilmagan edi.
– Qizim, bu hammaga aytadigan gap emasdi-da, axir. Bilasiz, 28 may, tarixda turk va islom jumhuriyati – Ozarbayjon Respublikasi tashkil etilgan kun. Aslida, shunday kunda tug‘ilganim bilan g‘ururlanardim, ammo buni birovga aytib bo‘larmidi, deysiz? Ketgani rost bo‘lsin qora kunlarning. O‘shanda qarindosh-urug‘dan yoshi ulug‘lar to‘planishib muhokama qilishibdi. Otam ularning dono maslahati bilan tug‘ilgan kunimni hujjatga 28 aprel deb yozdiribdi. Ya’ni, go‘yo men tariximizning eng manfur, eng qora, eng murdor kunida tug‘ilganmishman. Tug‘ilganimdan beri bu tamg‘a bilan yashash menga qanchalik azob berganini tasavvur qila olasizmi? Ammo bir jihatdan tug‘ilgan kunimni 28 aprelga o‘zgartirilishida ham o‘zgacha ma’no bor, bir navi istehzo, masxara, qandaydir bir ironiya bor, sarkazm bor. Sovet hukumatini chalg‘itishdan boshqa narsa emas, bu axir.
– Ustoz, gazetxonlarimiz siz haqingizda ko‘p narsa biladilar. Masalan, siz ijod olamiga she’r bilan kirib kelgan ekansiz. O‘sha ilk she’ringiz adabiyotimizning alvon gulzoriga armug‘on qilingan nozik navnihol, san’at osmonimizda parvoz qilgan ilk qaldirg‘och edi. O‘sha mitti qaldirg‘och, nozik navnihol yodingizdami bugun?
– Albatta, yodimda. Qisqagina, lakonik she’r edi.
Qishlog‘imda anhor bor,
Ko‘kda yulduz, oy ham bor.
Bu she’rni ko‘p yil eng yaqin do‘stlarimdan boshqa hech kimga o‘qib berolmasdim. Tasavvur qila olasizmi, yulduz va oy axir bular milliy ramzlarimiz-ku! O‘sha paytlarda bu ramzlarni deb terimga somon tiqishlari hech gap emasdi-da. Ammo eng qiyin sinovga tobe tutsalar ham men bu she’rimdan voz kechmas edim.
– Ko‘p yashang, ustoz, ming rahmat sizga. Ammo biz maktab darsliklarida sizning ilk she’ringizni qishlog‘ingizga kelgan birinchi traktorga bag‘ishlab yozganligingizni o‘qigandik. Demak, bu ham sovet adabiyotshunoslari to‘qib chiqargan tuhmatlardan ekan-da?
– Bilasizmi, Bahor xonim. O‘sha ilk she’rimda, haqiqatan ham traktor detali bor. Ammo qay shaklda? She’rni sizga qanday bo‘lsa o‘shanday o‘qib beray, o‘zingiz tushunib olaverasiz. Demak:
Qishlog‘imda anhor bor,
Ko‘kda yulduz, oy ham bor.
U qishloqda masjid bor,
Bizlarda bor traktor.
Tushundingizmi? Keling endi she’rni birga tahlil qilib ko‘raylik. Masalaga teran yondashadigan bo‘lsak, muallif – ya’ni u paytlar endigina besh yoshni qoralagan iste’dodli bola bu she’r bilan nima demoqchi? Bolalikning musaffo ko‘zlari bilan ko‘rib, his qilgan qanday tuyg‘ularni tilga keltirmoqda? U qishloqda, ya’ni chet mamlakatda, masjid bor, din bor, imon bor. Bizning qishloqda esa faqatgina traktor bor. Dinsiz, imonsiz quruq texnika bu millatga nima bera oladi? Faqtgina ma’naviy bo‘shliq, e’tiqodsizlik, imonsizlik. Masalaning asl mag‘zi mana shunda edi. Manfur kommunistik partiya ko‘rsatmalariga tobe quldek itoat etgan badnom sovet munaqqidlari bu nozik matlabni idrok etishga qodirmidilar? Men ham u vaqtlar tabiiyki, buni ochiq-oydin ayta olmasdim. Shuning uchun ham yashirin, kosa tagida nimkosa tarzida aytardim. Diqqatingizni boshqa bir masalaga tortmoqchiman. “Oy va yulduz”ni aytib o‘tdim. Endi “Qishlog‘imda anhor bor” satrini olib ko‘raylik. Qishlog‘imizning chetidan oqib o‘tgan anhorning boshi, manbai, chashmasi qayerda ekanligini, bilasiz albatta: Turkiyada. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring endi, u vaqtlarda men shunday she’rni bostira olarmidim? Partiya ayg‘oqchilari meni nafaqt millatchilikda, balki panturkistlikda ham ayblashlari aniq edi. Bugun men hech kimdan yashrirmay ayta olamanki, ko‘zimni ochgan chog‘imdan millatchi edim va bu bilan faxrlanaman. Albatta, men bu to‘rt misrani mukammal she’r namunasi sifatida ko‘klarga ko‘tarmoqchi emasman. Keyinchalik o‘zingizga ma’lum she’r yozishni tashladim. Ammo besh yoshli bolakay qalbining tag tubidan chiqib kelgan, ruhining butun borlig‘ining eng teran tuyg‘ularini aks ettirgan bu to‘rt satrda qanday buyuk matlablar, ma’nolar yashiringan! O‘sha ma’nolarni kashf etmoq, millatni ishontirmoq lozimdir. Ming afsuski, keksa avlod adabiyotshunoslarning hech biri bunday teran ma’nolarni tushuna olmaydi. Bu vazifa sizga o‘xshagan yosh, go‘zal, dadil, keng fikrlaydigan, ozodlik va mustaqillik yillarida kamol topayotgan yigit-qizlarning zimmasiga tushadi. Ishonamanki, zimmangizdagi vazifangizni a’lo darajada bajarasiz.
– Ishonchingiz uchun katta rahmat, ustoz. Bir-ikki og‘iz ota-onangiz haqida gapirib bersangiz. Gazetxonlarimiz sizning otangiz haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istaydilar.
– Otam Mashadi Sayyid Imomquli qishlog‘imizning mullasi edi. Tabiiyki, manfur sovet hokimiyati ma’naviy mayoqlarimiz hisoblangan bunday insonlarni shafqatsizlik bilan ta’qib qilar edi. Ahvolni ko‘ringki, bechora otam kommunistlarning ko‘zidan asrash uchun o‘z farzandlariga qo‘ygan ismni ideologik ismlarga almashtirgan edi. Aslida ismi Qosimali bo‘lgan katta akamning ismini Komsomol, o‘rtancha akam Bayramning ismini Birmay, ukam Parvizning ismini Pioner, singlim Zaynabning ismini Zina deb almashtirgan edi. Bular faqat hujjatda shunday edi. Ammo, tabiiyki, har birimiz o‘z asl ismimizni yaxshi bilardik va esimizdan chiqarmaslikka harakat qilardik.
– Otangizning taqdiri nima bo‘ldi? Darslikda qatag‘on qurboni bo‘lgan deb yozilgan.
– Qo‘rqitdilar uni, uyidan, oilasidan, tug‘ilib o‘sgan yurtidan ayirdilar. Qatag‘ondan jonini asrab qolish uchun qardosh mamlakat Turkiyaga qochishga majbur bo‘ldi. U yerda otamga Memed Emin[2] yordam berdi. Butun umrini qonxo‘r sovet hokimiyatiga qarshi kurashga bag‘ishladi. O‘tgan yili Turkiyaning Ig‘dir shahrida ko‘rishdik. O‘ziga oid kabobxonasi bor. Shunaqangi mazali to‘g‘rama, qiyma, do‘nar[3] kaboblar pishiradilarki… Mazasi og‘zingizda qoladi. Sog‘lik uchun ham juda foydali. Otam u yerda boshqa oila qurganlar. Uch o‘g‘li bor: Atalay, Kubilay, Sobutoy. Otam “kun kelib Qorabog‘ masalasi hal bo‘lsa, Vatanga qaytsam, o‘sha yerda o‘lsam” deb orzu qiladilar. Eh… Dunyo, dunyo… Bekorga aytmaydilar-da: “Sayrga yot ellar, o‘lmoqqa vatan yaxshidir” deb.
– Ustoz, bir-ikki og‘iz yangi asaringiz haqida gapirib bersangiz. “Qonli qish” romani haqida…
– Romanimda sovet imperiyasi zulmi ostida o‘tgan davrni “Qonli qish” deb atadim. Ham qahraton sovuq, qorbo‘ron, qon, o‘lim, zulm… Millatimizning g‘addor dushmani Lenin, Stalin, Kirov, Mikoyan, Gorbachev kabi jallodlarning jirkanch amallari fosh qilinadi. Ko‘p afsus qilamanki, “perestroyka” deb atalgan balo endigina boshlangan paytlarda uning mohiyatini chuqur anglay olmaganimdan Gorbachevga bag‘ishlab “Umidimiz, panohimiz” deb atalgan maqola yozdim. Tan olaman, bu mening xatoim edi. Ammo kimning xatosi yo‘q deysiz… Romanimda shonli musovotchilarning 1918 yilda milliy istiqlol uchun olib borgan kurashlarini munosib tarzda tasvirladim. Shu bilan birga xalq dushmanlarining, xoinlarning asl basharasini ham ochib tashladim. Narimonovning kechirib bo‘lmaydigan ishlarini ham bor bo‘yi bilan ko‘rsatib berdim. Asarimda xalqning asl farzandi, milliy qahramonimiz Bahrombek shunday deydi: “Narimon, senga bu xalqning nonu tuzi harom bo‘lsin!”
– Ustoz, ma’lumki, sizning yubileyingiz bundan ikki yil oldin o‘tkazilishi kerak edi. 1990 yilda…
– O‘zim xohlamadim. Mamlakat Moskva zug‘umi ostida turgan paytda yubiley ko‘nglimga sig‘madi. To‘g‘ri, orden berdilar, tabriknoma yo‘lladilar, gazeta va jurnallarda ancha-muncha maqola yozildi. Televideniyeda ko‘rsatuv, radioda turli eshittirishlar berildi. Ammo dabdabali ziyofatlar tashkil qilishdan o‘zimni tiydim. Qolaversa, o‘sha paytlarda Bakuda emasdim. “Erondo‘st” jamiyatining taklifiga binoan Tehronda ma’ruza qilayotgan edim. Mavzu shunday edi: “Arab alifbosiga qaytish – muqaddas dinimizga qaytish demak!” Juda katta mamnuniyat bilan tinglashdi.
– 1991 yilda 61 yoshga to‘lgan edingiz, negadir bu qutlug‘ sanani hukumat “yodga olmadi.”
– Yashang. Ammo tasodifni qarangki, o‘sha paytda ham Bakuda emasdim. “Turkparvarlar jamiyati” taklifiga ko‘ra Turkiyada edim. Antalyada “Turkiy xalqlarning kelajagi – lotin alifbosi!” mavzusida ma’ruza qilayotgan edim. Ma’ruzamni katta e’tibor bilan tinglashdi.
– Ammo bu yil, ikki yil kechikib bo‘lsa-da, 60 yoshingiz katta shodiyonalar bilan qutlansa kerak-a?
– Bilasizmi, Bahor xonim, bu murakkab kunlarda xalqimizdan katta shodiyonalar uyushtirishlarini xohlamayman. Yubileyimni Ozodlik maydonida qutlaylik, deyishgandi, o‘zim xohlamadim. Jumhuriyat stadionida o‘tkazilsa kifoya, ortiqcha dabdaba-yu as’asani nima qilaman, dedim. Bu og‘ir kunlarda hammamizning fikru zikrimiz chekka hududlarda qiyin ahvolda yashayotgan fuqarolarda bo‘lmog‘i lozim.
– Ustoz, ijodiy rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…
– Sovet hokimiyati davrida ko‘p ta’qiblarga uchradim, turli tazyiqlarga duchor bo‘ldim. Ammo hech qachon fikrimdan, e’tiqodimdan qaytmadim. Hatto kommunistik partiyaga ham meni o‘zimga aytmasdan a’zo qilishgan. Partbiletimga mening rasmim o‘rniga qayerdandir xolavachchamning rasmini topib yopishtirib qo‘yishgan. Mayli… Boshimizdan daf bo‘lgani rost bo‘lsin o‘sha kunlarning. Obrazli qilib aytganda, “Bahor yomg‘irida shalabbo bo‘ldik, yozning jaziramasida yonib qovurildik, kuz shamollaridan tanimiz junjikdi, qishning sovug‘idan nafasimiz qotdi.” Ko‘rib turganingizdek, yana shoirligim tutib ketdi.
Ustozning yuzida ma’sum bir tabassum namoyon bo‘ldi. Na qadar nuroniy bu chehra, na qadar teran nigoh, shavq va otash bor bu ko‘zlarda. Choydan bir xo‘plab so‘zida davom etdi:
– Hozir “Yil fasllari” nomli roman ustida ishlayapman.
– Nihoyat, so‘nggi savol. O‘zingizga ma’lum, gazetamiz mustaqil nashr hisoblanadi. Hech qaysi siyosiy partiyaga bog‘liq ham emasmiz, siyosatga aralashmaymiz ham. Gazetamiz “Bozorlik” deb ataladi. Ya’ni bozor iqtisodiyoti tarafdorimiz. Bu haqdagi fikrlaringiz?
– Xalqimizning kelajagi bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq, albatta. Faqat bozor iqtisodiyotigina mamlakatimizni, shu jumladan, men tug‘ilib o‘sgan Qoradara qishlog‘ini ham mashaqqatli iqtisodiy bo‘hronlardan, ocharchilik va yo‘qsillikdan qutqarishi mumkin. Obodonchilik va farovonlik olib kelishi mumkin. Sizga ham, “Bozorlik” gazetasining barcha yosh va g‘ayratli jamoasiga ham omad tilayman. Bozor yo‘lida, kerak bo‘lsa, hammamiz yonib kabob bo‘lishga tayyormiz. Nozim Hikmat o‘zi kommunist bo‘lsa-da, mana bu gapni juda topib aytgan: “Sen yonmasang, men yonmasam, kabob qanday pishadi?” Bu juda katta nazokat hisoblanadi.
Ustoz mayin tabassum qiladi. Hayotga muhabbat to‘lib toshgan bu ko‘zlarga mayin tabassum shu darajada yarashganki… Uning boqishlarida donolik va ma’sumlik, soddalik va matonat birday balqib turibdi. Mustahkam irodali, iymon-e’tiqodli, oldiga qo‘ygan maqsadlarida sobitqadam, goh vulqondek g‘azabnok, goh mahzunu dardnok buyuk ustoz kamtarligi tufayli tilga keltirmasa ham biz o‘quvchilar yaxshi bilamizki: “Millat yo‘lida Mard do‘nar kabob bo‘lib yonmoqda.”
“Bozorlik” gazetasi
5 may 1992 yil.
TUZATISh: Gazetamizning kechagi sonida Mard O‘ndar mukofoti laureati Mard O‘ndar bilan olib borilgan suhbatda musahhih e’tiborsizligi va muxbir Bahor Quyoshlining mas’uliyatsizligi tufayli jiddiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan. “Millat yo‘lida Mard do‘nar kabob bo‘lib yonmoqda” jumlasi “Millat yo‘lida Mard O‘nar kabob bo‘lib yonmoqda” deb o‘qilsin. Musahhih va muxbirga chora ko‘rildi. Buyuk ustozdan va gazetxonlardan uzr so‘raymiz.
“OzarTAS” MA’LUMOTI
(1 aprel 1994)
Zabardast yozuvchi Mard O‘ndar mukofoti laureati Mard O‘ndar Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan safaridan so‘ng bolalik chog‘laridagidek yana she’r yoza boshladi. She’riyat muxlislariga “Chin saddida bahor” nomli she’riy to‘plamini armug‘on qildi.
1994.
Ozarbayjon tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjima qildi.
Asar olingan manba: Anor. Asarlar. IV jild. Boku, 2004. B. 89-106.
[1] 1911 yilda tashkil qilingan “Musovot” Ozarbayjon milliy demokratik partiyasi a’zosi.
[2] Ozarbayjon Demokratik Respublikasining tashkilotchisi va birinchi prezidenti Mehmed Emin Rasulzoda (31.01.1884 Baku – 6.03.1955 Anqara) nazarda tutilmoqda.
[3] Kabob turi, muntazam aylantirib pishirilgani uchun “do‘nar kabob” deyiladi.