Anor. Oqshomning tongi (hikoya)

37 yil oqshomi.
Bokuning sokin ko‘chalaridan biri.
Ko‘chaning boshida ikkita katta bino bir-biriga qarab turibdi — ikki g‘amgin bino.
Uylardan sal narida kichkina bog‘ bor. Suv tuproqqa xuddi ohista singib ketganiday ko‘cha ham kunduzgi ovozlarni — shoshilgan qadam, ulovlar tovushlarini o‘ziga yutib yuborgan. Bog‘ esa kimsasiz va kamiga juda hazinlashgan, yog‘och o‘rindiqlar xuddi oppoq yo‘l-yo‘l daftar kabi bo‘m-bo‘sh edi. Faqat birgina o‘rnidiqda ikki o‘smir quchoqlashib o‘tirar, yigit qizning sochlaridan silardi.
Bog‘, ko‘cha, uylar tamomila qorong‘ulikka taslim bo‘lgan, yolg‘iz o‘ng qo‘ldagi to‘rt qavatli uyning bir derazasidan oqshom sari xira nur tushardi.
Hamma uxlagan. Biroq xushyor yotishardi. Oqshom tahminan soat ikkilarda ko‘cha sukunati qoq o‘rtasidan bo‘lindi — to‘rt qavatli bino oldida bir mashina to‘xtadi.
Shosha-pisha kelgan va birdan to‘xtagan mashinaning qattiq bosilgan tormoz ovozi uydagilarning uyqusini pichoq kabi yirtib yubordi.
Hech kim issiq o‘rnidan turmadi.
Hech kim balkonga chiqmadi.
Hech kim panjaradan qaramadi.
Yotoqlarida mizg‘iyotgan odamlarning barchasi quloqlarini bir nuqtaga yo‘naltirishdi.
Bu binoning birinchi qavatidagi 1 uyda otli-obro‘li er-xotin yashashardi. Bashir, ya’ni er — domkom, ayolining ismi Zulayho edi.
Zulayho bu mahal tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘ini tush ko‘rar, tushida xovlilarning paxsa devori ortidan oppoq tutun osmonga o‘rlardi. Kimdir olisdan “Ey qiz, Zulayho, bu idish-tovovlarni ol, qani, tozala, qayerda qolding, ey qiz?” deya baqirardi.
Zulayho yaqin kelib chaqirayotgan odamni tanidi — u onasi edi.
Domkom Bashir tushida choy ichardi. Ko‘k choy hidi stakanidan lazzat ila bug‘lanar va tomog‘iga urilar, yotgan joyida boladay tamshanib qo‘yardi.
Mashinaning to‘satdan to‘xtagan ovozi ikkalasini ham uyg‘otdi. Tinglay boshlashdi. Ulov eshigi ochildi.
Zulayho shivirlab:
— Xudoyim, o‘zing asra har xil balodan, — dedi va og‘ir yutindi.
Er esa hozirgina ko‘rayotgan tushini esga oldi va o‘zicha ta’birladi: “Suv — yaxshilikka, onasi…”
Mashina eshigi yopildi. Zulayho yana:
— Xudoyim, o‘zing asra balolardan, — dedi kipriklarini pirpiratib.
Qadam ovozlari eshitildi. Qadam ovozlari bo‘yicha Bashir kelganlarning nechaligini tahmin qildi: “Uch yo to‘rt kishi…”
Binoning kirish eshigi ochildi.
Qadam tovushlari juda yaqindan — Bashirning eshigi oldidan eshitilardi. “Bu kecha kimni olib ketishar ekan-a?”, deya o‘ylardi Bashir. Qadam tovushlari ularning eshigidan yiroqlashdi.
Bashirning ro‘parasidagi 2 xonadonda keksa beva ayol — Zahro momo istiqomat qilardi. Eri olamdan o‘tganidan keyin uyining bir xonasini ijaraga bergandi. Zahro momoning qulog‘i og‘ir, shu tufayli qattiq uxlardi. Quloqlari ostida bomba portlasa ham pinagini buzmasdi. U bugun ham hech narsa bo‘lmaganday uxlashda davom etaverdi.
Ijarachisi Sakina ismli mashinkachi edi. U o‘ttiz ikki yoshli, muloyim, samimiy, ko‘xlikkina juvon edi. Sakina mashina to‘xtaganidayoq uyg‘ondi. Nafas olmay tinglay boshladi. Qadam tovushlari ularning xonadoniga yaqinlashishi bilan Sakinaning xayolidan ellik ikki ming fikr o‘tdi. Turfa o‘ylar uning xayolida bir-bir to‘planar, parchalanar, yana to‘planar va yana zarralarga bo‘linib ketardi: “Mayli, bitta xato uchun bunchalikka borishmasa kerak. Axir Ahmedovdan boshqa hech kim bilmaydiku… Ahmedov sotdimikan? Yo‘q-yo‘q, to‘g‘ri, axir u muhim so‘z edi, boshqa so‘zda adashsamam mayliydi, ammo… Qurg‘ur “z”ni o‘rniga “p” yozib yuborgandim. Yo‘q, ishonmayman, Ahmedov bunday qilishi mumkinmas. Biroq, u ham odam, ehtimol… Ehtimol, u o‘z jonini asrash uchun… Yo‘q, u axir qo‘rqoq odam emasku… Axir xonada faqat ikkalamiz edik, boshqa kim bo‘lishi mumkin… Men ham kelib-kelib shu so‘zda xato qilamanmi?! Kimning xayoliga kelibdi deysiz bittagina harf bilan shuncha ma’no o‘zgarib ketishi… Axir ataylab qilmadim, ulargayam shunday deyman… Yo‘q, axir bunga kim ham ishonardi… Axir har kun yuz sahifa yozaman, xato o‘tishi mumkinku… Ahmedov haqiqiy erkak, xotin ishini qilmaydi u, yo‘q, u qilmagan buni… Ehtimol…”
Sakina yostig‘i ostidan o‘zi tikkan naqshli do‘stro‘molchasini olib manglayidagi sovuq terni artdi.
Qadam tovushlari bu payt zinapoyadan eshitilardi.
Ikkinchi qavatdagi 3 uy Surhayning uyi. U hali hamon bo‘ydoq, kasbi memor edi. Ko‘chaga taralayotgan xira nur uning derazasidan tushardi. Surhay ishlayotgandi. U yangi maktab loyihasini ertaga taqdim etishi darkor, shu sababli tun bo‘yi ishlashga majbur edi.
Surhayning boshi shunchalik qorishgandiki, hech narsadan xabari yo‘q, u na tashqarida to‘satdan to‘xtagan mashina ovozini, na qadam tovushlarini eshitdi. Qadam tovushlari uning eshigidan ham o‘tdi va 4 xonadon sari yo‘naldi.
4 uyda yashovchi Qurbon eski firqachilardan edi. So‘nggi uch oy davomida u zinapoyaga har kuni ertalab ikkita yangi palto, tish cho‘tka va pastasi, uch dona sovun qo‘yadigan odat chiqargandi. Do‘stlari unga yoshlikdan “Vosvossan”, deyishardi. Ehtimol… Mashina to‘xtashi bilan Qurbon ko‘zlarini ochgan, chunki hali uxlab ulgurmagandi. Tinchi buzilgandi oxirgi paytlar. Biroq zohiran juda hotirjam edi.
Qadam tovushlari zinalardan eshitila boshlaganida Qurbon “1937 yilning 14 apreli”, deya o‘yladi.
Inson umrining bir nechta eng go‘zal kunlari bo‘ladi — xotirasiga bir umrga muhrlangan kunlar, ya’ni, tug‘ilgan kuni, ilk sevgan kuni, ota-ona bo‘lgan kuni, biror yaqinining motam kuni, buyuk umidlar tug‘ilgan kun… Shuningdek, xotirasiga muhrlanmaydigan, aniqrog‘i muhrlashni istamaydigan, xotiraning so‘ngan kuni — o‘lim kuni… Bularning bari inson umrining eng go‘zal kunlaridir, albatta.
Qadam tovushlari Qurbonning eshigi tomon yaqinlashdi. Qurbon “14 aprel” deya bir necha bor takrorladi va negadir umrining eng go‘zal kunlarini eslashga qaror qildi: “7 dekbar, 1903 yil — birinchi talabalar yig‘ilishi. 18 avgust, 1904 yil — birinchi talabalar qo‘zg‘oloni. 28 aprel, 1920 yil — Boku. Inqilob tonggi. 22 fevral, 10 sentyabr, 8 iyul — chor surgunlari, inqilob yillari, yurtdoshlar urushi… 5 oktyabr — (…) og‘ir to‘qnashuv…”
O‘sha kunlardan buyon, ayniqsa so‘nggi yetti oy davomida Qurbon umrining eng go‘zal kunini, to‘g‘rirog‘i, go‘zal kechasini kutardi. Har kechayu kunduz kutardi. Bu kechani kutardi, “14 aprel kechasi”ni.
Birozdan so‘ng Qurbon bu sana haqida emas, boshqa bir sana haqida ham xayol qildi. U o‘ylardiki, bu kecha umrining eng go‘zal kechasi bo‘lganidek — eng go‘zal tonggi ham bor. Haqiqat, ozodlik sari ochilgan tong…
Bu tong qachon otadi? Qaysi kun? Qaysi oy? Qaysi yil?
Qadam tovushlari Qurbonning eshigi oldida bir zum to‘xtadi. U eshikni ochish uchun yotog‘idan turdi, xona qorong‘u bo‘lgani uchun oyog‘i bilan paypog‘ini izladi. Oyoqlari muzdek polga tegib butun vujudi titrab ketdi, paypog‘ini topdi. O‘ng oyog‘iga paypoq kiydiyu chapiga kiyolmadi, qorong‘uda turtinib-surtinib eshik sari yurdi. Birdan joyida qotib qoldi va uning eshigidan tobora olislashayotgan qadam tovushiga hayrat ichida quloq tutdi. Uchinchi qavatda ikkita xonadon bor edi. 5 raqamli xonadon ikki hafta avval bo‘shatilgandi. Unda Faraj ismli bastakor yashardi. U yerga hali hech kim ko‘chib kelmagandi. 6 uyda esa Javonshir ismli erkak, uning ayoli va olti yashar qizi Ra’no yashardi.
Mashina ko‘cha boshiga burilganidayoq Tovusning belidan silayotgan qo‘l — Javonshirning chap qo‘li harakatdan to‘xtadi. Keyin Javonshir o‘rnidan sakrab turdi. Tovus lom-lim deyolmadi. Ikkalasi ham tinglay boshlashdi. Kichkintoy Ra’no esa pishillab uxlab yotar, tushida katta, oydin, moviy rangli deraza ko‘rardi — pardasiz bir deraza. Kimdir unga sanashni o‘rgatardi: bir, ikki, uch, to‘rt, besh… Bir, ikki, uch, to‘rt, besh… Bir, ikki, uch, to‘rt, besh…
Mashina to‘xtab qadam tovushlari binoda eshitilganida Javonshir Tovusga bitta so‘z aytdi:
— Qurbon.
Ehtimol shunday deyishga asosi bor edi. Bundan ikki hafta oldinam xuddi shunday holat yuz berganida Javonshir xotiniga bitta so‘z aytgandi:
— Faraj.
Buni eshitganida Tovus bir muddat qosh-qobog‘ini uygan, Javonshir esa “Sen ayolsan, erkaklarning ishiga aralashma…”, degandi.
Ikki kundan so‘ngra Tovusning ko‘z-qobog‘i ochildi. “Menga nima, — deya o‘yladi, — o‘zi biladi”. Ikkalasi ham hotirjam bo‘lishdi. Ular bahslashgan oqshom Javonshirning aytgani to‘g‘ri chiqqach u ayolining bo‘yinlaridan o‘pib, shivirladi: “Men aldamayman, bildingmi, so‘rashsa, o‘z quloqlarim bilan eshitdim deyman, bo‘ldi”.
Qadam tovushlari Qurbonning eshigidan o‘tib zinalardan eshitilganida yotoq er-xotinni talay boshladi. Javonshir qo‘lini yotog‘i yoniga ilingan ko‘ylagining cho‘ntagiga suqdi, titragan barmoqlari bilan papirosini oldi va labiga qistirdi. Biroq olovlatolmadi, jim turdi, tingladi, faqatgina tingladi. “Ehtimol adashishgandir, — deya o‘yladi, — mayli, balki bu qavatda faqat ikkita xonadonda odam yashashini bilishmas. Axir beshinchi bo‘sh, oltinchi esa meniki…”
— Menga qara, Tovus, birorta xato gap aytib qo‘yma, xo‘pmi, o‘zim gaplashaman…
— Nimalar deyapsiz, Javonshir?!
— Axir sening o‘sha dugonalaring xudo haqqi deb qasam ichib, yolg‘on gapirishgan.
— Javonshir, ikki oy avvalam bu haqida gaplashgandik axir, ortiq bu haqda gaplashmaslikka kelishgandik. Shundan keyin ularning birortasi bu yerga oyoq bosishmadi. Men ham ular bilan ko‘rishmadim. O‘zingiz ham yaxshi bilasizku, tanishlar, hatto qo‘shnilar bilan ham salom-alikni uzganmiz. Hech kim bilan bordi-keldi ham qilmayapmiz.
Qadam tovushlari 5 uydan o‘tdi.
— Javonshir, — Tovus ovozi titrab, tomoq qirib so‘z boshladi, har holda, bilsin-bilmasin, aytib qo‘yganim yaxshi degan qarorga keldi. — Ra’no yana o‘sha yaramasning o‘rgatgan qo‘shig‘ini aytgandi…
— Nima?! — Javonshir o‘rnidan sapchib turdi.
Muloyim, yolg‘iz bastakor Farajning negadir butun mehru muhabbati kichkintoy Ra’noga tushgandi. Yangi yozgan musiqalarini unga o‘rgatardi.
O‘tgan kun Javonshir gazetalarni o‘qib so‘nggi yangiliklardan boxabar bo‘layotgandi, to‘satdan ilon chaqqan kabi eti muzladi, qarasa so‘nggi yangiliklardan bexabar kichkintoy Ra’no qo‘g‘irchog‘ini beshikka yotqizib, og‘zida musiqa chalib, xalq dushmani Faraj yozgan musiqani hirgoyi qilyapti.
Javonshir o‘zini yo‘qotib ko‘ydi, na rafiqasiga, na qiziga izohlab o‘tirmay Ra’noning yuziga shapaloq tortdi, sal o‘ziga kelgach esa ayoliga tushuntirdi: “Bilib qo‘y, yana bir marta qizingni o‘shani o‘rgatgan qo‘shig‘ini aytsa ayab o‘tirmayman, o‘zingdan ko‘r…”
Qadam tovushlari Javonshirning eshigida to‘xtadi.
Tovus tutilib-tutilib:
— Kecha ko‘rdim, yana aytyapti, — dedi. — Qulog‘idan tortib dakki berdim, ona aytib ko‘rayotgandim, yodimdan chiqdimi yo yo‘q, bilmoqchiydim, dedi.
So‘zini tugatib Tovus ajoyib ish qildi — jilmaydi.
Bu yil, bu kecha, ayni vaqtda aynan shu yerda bu tabassum Javonshirga eng og‘ir xiyonat kabi tuyuldi. U Tovusning qo‘lidan tutib:
— Jim bo‘l! — dedi va ko‘zini bir nuqtaga tikib, o‘zi ham jim qoldi. Qadam tovushlari ularning eshigidan yiroqlashdi. Javonshir asabiylashib papirosini olovlatdi.
— Oh Xudoyimey, kallam ketibdi, — dediyu kuldi. — Butkul esimdan chiqibdi, axir tepada yana bitta qavat borku!
— Ha, to‘rtinchi qavat, — deya yig‘lamsiradi Tovus.
“To‘rtinchi qavat… — deya o‘yga toldi Javonshir, — To‘rtinchi qavat. Kim bo‘lishi mumkin? Kapitanmi yoki neftchi?”
To‘rtinchi qavatda ikkita xonadon bor edi. 7 uyda Salayev yashardi. U Hashtarxonga qatnovchi kema kapitani edi. Haftada uch kun uyda bo‘lardi. Dushanba, seshanba va chorshanba, qolgan to‘rt kun esa ishda — dengizda.
“Bugun juma, — deya fikrladi Javonshir. — Demak, neftchi Zeynalli. Buni qara-ya. Kim ham bilibdi deysiz. Kibrli odam edi o‘zi judayam. Hech qachon salomga alik olmagan…”
Javonshir qulog‘ini dikkaytirib tinglay boshladi. Qadam tovushlari 7 xonadondan o‘tib 8 raqamli uyda to‘xtadi. Keyin uy eshigi qoqildi. Juda qattiq qoqildi. Butun binodagilar eshitishdi uni.
6 xonadondagi Javonshir “Demak olib ketiladigan odam yurtdosh Murod Zeynalli. Yaramas! Muhtasham uch xonali uy bo‘sh qoladi endi. Kim ko‘chib o‘tar ekan-a? Biroq hech kim Zeynallining nega ketganini bilmasa kerak…”
5 uyda… U muhrlangandi.
4 xonadonda Qurbon o‘zicha hisob-kitob qilar, tinmay o‘ylardi: “Ehtimol, shu safar Moskvaga o‘zim borarman, maktubni ham shaxsan o‘zim yetkazaman. Mayli, ko‘ramiz…”
3 uyda Surhay ishini davom ettirardi.
2 xonadonda Sakina ichikib-ichikib ko‘zyosh to‘kar, Zahro momo esa qotib uxlar, tush ham ko‘rmasdi.
1 uyda domkom Bashir ayoliga pand-nasihat o‘qirdi: “Xotin, bo‘sha gapni qo‘y. O‘zidan o‘zi hech kimni olib ketishmaydi. Nimadir aybi bordirda qurmag‘urni…” So‘ngra dono domkom chuqur uh tortib, qo‘shib qo‘ydi: “Ey Sulaymonga qolmagan dunyo, kimga qolajaksan?!”
To‘rtinchi qavatdagi 8 xonadonning eshigi ochildi, ichkariga kirishdi. Birozdan so‘ng uydan chiqayotgan qadam tovushlari eshitildi. Qadam tovushlari zinama-zina pastga tushdi. Binoning orqa eshigi ochildi, so‘ng ohista yopildi. Mashina yoqildi va harakatga keldi. Mashina ovozi sekin-asta yiroqlashib, bora-bora butunlay eshitilmay qoldi.
Ko‘chaning sukuti go‘yoki ovozlarni yutib yuborardi. Qorong‘ulikka mahv bo‘lgan binoning faqat bitta derazasidan ko‘chaga xira nur tushar, bog‘da, ustiga uzilgan qanot kabi daraxt shohi egilgan o‘rindiqda yigit qizning lablaridan o‘pardi.
Odatda har kun ertalab domkom Bashir rang to‘la palitrasi va patini ko‘tarib dahlizga chiqardi. Kiraverishdagi qora lavhachaga oq harflar bilan shu binoda istiqomat qiluvchilarning ism-familiyalari yozilgandi. Faqatgina 5 raqamining yonidagi familiya o‘chib ketgan, o‘qib bo‘lmasdi. Domkom Bashir uni roppa-rosa ikki hafta oldin shu ahvolga keltirgandi.
Bu sahar ham domkom Bashir rang to‘la palitrasi va patini ko‘tarib dahlizga chiqdi.
Soat chamalar yetti edi.
Ishga shoshilayotgan Sakina, Javonshir, Tovus dahlizda qarshilashishdi. Biroz joyida qotib Bashirga termulishdi.
Sakina sovuq qotdi shekilli, sharfini yuz-ko‘zi aralash o‘radi. Bashir patini palitrasiga botirib ohista “Zeynalli” familiyasiga yaqinlashtirdi.
To‘satdan…
Javonshir va Tovus seskanib ketishdi. Sakina sharfining sochoqlaridan ushladi. Domkom Bashir turgan joyidan ko‘zg‘ololmay qoldi.
Dahlizning chiqish eshigidan oq to‘shamaga qatim nur tushar, eshikning qiya ochiq joyidan ko‘chaning bir bo‘lagi, qarama-qarshidagi uyning derazasi, uning oldiga yoyilgan kirlar ko‘rinardi.
Biroq ularni gangitib qo‘ygan boshqa narsa edi. Eshik oldida 8 raqamli xonadon egasi Murod Zeynalli turardi.
Murod domkom Bashirga, lavhaga, rang to‘la palitraga ko‘zi tushdi va darhol hammasini tushundi, biroq eshikdan nari ketmadi.
Javonshir:
— Kecha… siz… mashina… — deya tutilib gapirdi.
Bashirning rafiqasi Zulayho ham eshikdan chiqdi. U ham taajjublanib Murod va dahlizdagilarga qaradi. Zinapoyadan yuqori qavatdan shoshilib tushayotgan odamning qadam tovushlari eshitildi. Surhayning qo‘ltig‘idagi qog‘ozlar quvur shaklida buralgandi.
Murod kulganida og‘zi qulog‘iga yetar, oppoq va tekis tishlari ko‘rinardi.
Murod iljayib:
— Niyatlaringiz qursin, — dedi. — Tez yordam mashinasi edi. Faridani tug‘ruqxonaga olib ketdik. Shu kecha o‘g‘illi bo‘ldim!
Tovus qo‘lini peshonasiga urdi:
— E-e, haa-a, — dedi, — butkul yodimdan ko‘tarilibdi. Ko‘zingiz oydin, Murod!
Zulayho:
— To‘ppa-to‘g‘ri, umuman esimizga kelmabdi, — dedi. — Katta yigit bo‘lsin. Uzoq umr tilaymiz, ota-onasini baxtiga omon bo‘lsin ilohim.
Javonshirning birdan rangi o‘chdi. Shoshilgancha cho‘ntagidan papirosini chiqardi.
Sakina g‘azablanib boshini quyi egdi.
Surhay:
— Tabriklaymiz, katta yigit bo‘lsin, — dedi va chiqib ketdi.

* * *

O‘sha kecha dunyoga kelgan bolakay men edim. Har yilda o‘ziga xos kunlar bo‘ladi, sevinchli, g‘amgin kunlar… Ish kunlari, bayram kunlari, motam kunlari…
Biroq shunday yillar borki, insonlarning hotirasiga faqat birgina rang bilan muhrlanadi.
Biz ma’lumotnomlarimizda tug‘ilgan yilimizni 1937 yil deya yozamiz. Ulg‘ayganimizda bildikki, bu qora yil bo‘lgan, xalq qalbiga, xotirasiga qo‘rquv, intizorlik yili kabi muhrlangan.
Biroq biz uchun bu yil umrimizning eng go‘zal yilidir. Quyoshni, daraxtlarni, dunyoni ilk bora ko‘rgan yil.

1964 yil.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi