TINTUV
Hammasi oldindan ikir-chikirigacha hisobga olib qo‘yilgan edi.
Hozir eshik taqillaydi. To‘g‘rirog‘i, avval eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Biroq bu qo‘ng‘iroq umumiy bo‘lib, asosan begonalarga mo‘ljallangan. O‘zimiznikilar esa boshqa yashirin qo‘ng‘iroq tugmachasi borligini bilishadi. Sirasini aytganda, o‘zimiznikilar barmoq bilan sanarli, ular kam kelishadi. Shuning uchun begona qo‘ng‘iroq ovozi keldi deguncha, yuragimiz taka-puka bo‘lib ketadi.
Bordi-yu, qo‘ng‘iroq (begonasi) jur’atsizgina, qisqa-qisqa jiringlasa, bu, shubhasiz, eshikni adashtirgani bo‘ladi.. “Xit”lar bosgan qo‘ng‘iroq butunlay boshqacha — uzun-uzun, amrona, qattiq jiringlaydi.
Ana shunda nafasingni ichga yutasan. Shovqin solish yo‘q, kunduzi quyosh, kechasi ko‘chadagi chiroq nurini ichkariga kirishdan saqlovchi derazaning duxoba pardalari tarang tortib qo‘yilganini tekshirish kerak. Bu har ikki tomoni birdek yaltiraydigan duxoba pardaning noyob xili.
Har ehtimolga qarshi chiroqni o‘chirib, pardalar orasidagi tirqishdan mo‘ralasa ham bo‘ladi. Pod’ezdga ochiq-oshkora kirib kelgan kimsa xuddi shunday chiqib ketadi. Shundan uning kimligini bilsa bo‘ladi. Yoki esda saqlab qolish, yoki derazadan chaqirish mumkin.
Bordi-yu, kimdir shunchaki eshikni adashtirgan bo‘lsa, bir-ikki jiringlatadi-da, ketadi. Faqat “xit”lar, o‘g‘rilar yoki qaroqchilar, JEK xizmatchilari — quvursozlar, elektrsozlargina uzoq jiringlatishlari mumkin. Biroq JEK xizmatchilarining bu xonadonda qiladigan ishlari yo‘q — xonadon sohibi qo‘li gul, hammasini o‘zi tinchitadi. Bir gal shunday bo‘ldiki, bironta ham santexnik yangi, zamonaviy shved “Kompakt”ini o‘rnatishga jur’at qilolmadi. Hammalari bir ovozdan hojatxonaning ichi torligini va oqova quvurini bosh quvurga ulash tizimi mutlaqo boshqachaligini ro‘kach qilishdi. “Kompakt” balkonda bir yil yotdi.
Bir kuni, JEK santexnigi, qo‘yib beraman degandan keyin, ichkariga kirishga ruxsat berdik. Ko‘z ochib-yumguncha u eski unitazni ko‘chirib oldi, uni bamisoli chaqaloqday bag‘riga olib quchoqladi-da, qandaydir zarur murvatchasini olib qaytib kelaman deganicha badar ketdi. Oradan ikki kun o‘tdi, birinchi kuni sabr qilib chidab turdik, ikkinchi kuni qo‘shnilarnikiga chiqishga majbur bo‘ldik. Uchinchi kuni hammasiga tupurdim-da, balkondan “Kompakt”ni olib keldim. Eski avtomobil kamerasidan bir qismini kesib olib, ichidan po‘lat prujinani shundoq o‘rnatib, “Kompakt”ni bosh quvurga ulagan edim, oqova hech bir to‘xtovsiz oqib ketaverdi. Bu ishlarning barchasi bor-yo‘g‘i bir soatgina vaqtimni oldi, xolos. Shu “Kompakt” haliyam joyida turibdi, mana, o‘n bir yildirki, suvni bexato quyib berayapti.
Demak, bizlarga elektrsozlar, santexniklar hamda gazchilarning keragi yo‘q ekan. Bizda gazning o‘zi yo‘q. Bizda elektrplita. Ammo bizda o‘g‘rilar bor. Lekin ular bilan muomala qilish u qadar murakkab ish emas.
Hozirgi paytda o‘g‘rilar qonuni bo‘yicha yashaydiganlar boshqa hunarlarga o‘tib ketishgan, ular har qanday qulfni xotin-qizlarning to‘g‘nag‘ichi bilan ochadigan ustasi faranglarga, eng murakkab po‘lat sandiqning allaqanday moslama yordamida ko‘z ochib-yumguncha avra-astarini ag‘darib tashlaydigan “jarroh”larga aylanishgan. Shunaqalardan oxirgisi qolgan, familiyasi Dubovik degan — Davlat xavfsizligi qo‘mitasi idoralarining keksa xodimi. Tintuv paytlarida ichidagi narsalarga zarracha ziyon-zahmat yetkazmay qanchalab po‘lat sandiqlarni ochmagan. Lekin o‘lguday qaysar, ko‘p og‘riydi, o‘ziyam ko‘p ichadi. Aks holda undan zo‘r odam bo‘lmasdi.
Shunday qilib, endigi o‘g‘rilarni u qadar ustasi farang deb bo‘lmaydi, ularning kushandasi “xit”lar ham maqtashga arzimaydi. Ulari ham, bulari ham qo‘pol, surbetlarcha harakat qiladi, birlari misrang bilan urib eshikni sindirsa, boshqalari to‘qmoq bilan urib, ko‘rsatma oladi. Xullas, unisi ham, bunisi ham bir-biridan qolishmaydi.
Ammo mening eshigimni misrang bilan sindirib bo‘lmaydi. U — po‘latdan, po‘lat qoplamali. Uni bomba qo‘yib portlatish kerak, xolos. Qulflari ham juda o‘ylab qilingan. Tashqaridan oddiygina ko‘ringani bilan unaqa-munaqasining tishi o‘tmaydi.
Xonadonimga kiraverishda ichkarida gaz to‘pponcha, ya’ni karaxt qiluvchi elektr asbobi shay turadi. Deylik, siz uyga keldingiz, eshikka yaqinlashdingiz, orqadan esa kimdir yelkangizga to‘pponcha tiraydi: — “Jim, shovqin solma, eshikni och!” Shunda birinchi eshikni kalit bilan ochasiz-da, ikkinchisini ochaturib epchillik qilasiz, shartta o‘tirib olasiz-da, haligi asbob bilan mehmonni karaxt qilib qo‘yasiz. U ikki metr nariga uchib tushadi. Badtarroq karaxt qilib qo‘yish uchun endi gaz to‘pponchani qayta ishga solishingiz mumkin. So‘ng eshikni taqqa yopib olasiz, vassalom.
O‘g‘rilar bilan qaroqchilar o‘rtasidagi farq quyidagicha: o‘g‘rilar uy egasi yo‘q paytida kelishga harakat qilishadi, qaroqchilar esa uy egasi borida. O‘g‘rilar titkilashadi, sizdagi qimmatbaho narsani qidirishadi, qaroqchilar esa qahva ichadilar va o‘zingiz bor bisotingizni mana deb uning kaftiga keltirib qo‘yishingizni poylab o‘tirishadi.
Qaroqchilar pochtalon qiyofasida kuppa-kunduzi kirishga harakat qilishadi. Ular bolani o‘g‘irlashlari mumkin (agar bola hovlida qarovsiz o‘ynab yurgan bo‘lsa), so‘ng sizdan evaziga pul talab qilishadi. Bosqinchilar uchun har doim saqlash ruxsatnomasi bo‘lgan qo‘shog‘iz miltiq shay turadi, hozirgi vaqtda esa ichki ishlar vazirligining maxsus roziligi bilan berilgan “PM” to‘pponchasi bo‘ladi.
Bir gap bo‘lsa, hamma narsa chappasiga aylanib ketishi hech gap emas, avtohaydovchining malakasi bir zumdayoq mo‘ljalni aniq olish imkonini beradi. Joningizdan umidingiz bo‘lsa, kelmang, muhtaram qaroqchivoylar. Bu yerda jon taslim qilishingiz ham mumkin.
Xufiya zargarlik kasbi o‘ta sarishtalik bo‘lishni talab etadi. Hamma narsa o‘z joyida — katta-kichik qutichalarda, xil-xili bilan joylangan bo‘lishi kerak, hammasi kaftdagidek ko‘rinib turmog‘i lozim. Shunda ishlashga ham, tintuv qilishga ham qulay bo‘ladi. Chunki tintuv qilinganidan keyin tortib olinadi-da. Ro‘yxatga olish oson bo‘lishi uchun qutichalar raqamlab qo‘yilgan bo‘lishi kerak. U yoqda, Qo‘mitada qaysi qutida yotganini keyin aniqlashadi va o‘sha tartibda qaytarib berishlari ham mumkin.
Oltin va kumush kukunlari o‘zlarining soflik darajasiga qarab qat’iy ravishda alohida yotmog‘i lozim. Albatta, magazinniki bo‘lishi kerak, zavoddan o‘g‘irlangani va texnik yo‘l bilan eritib olingani ketmaydi. Buning javobgarligi ham katta — 88-modda bo‘yicha oltidan o‘n besh yilgacha. Ma’dan miqdori juda katta bo‘lsa — eng yuqorigi muddat beriladi. Juda katta miqdordagisi qancha bo‘lishini hech kim bilmaydi… Ba’zilarning aytishicha, o‘n mingdan yuqori emish, boshqalarning gapicha — yuz mingdan yuqori. Buni faqat prokuror biladi — bu uning kayfiyati qanaqa bo‘lishiga bog‘liq.
Olmos — bu alohida masala. Agar toshlar “yalang‘och”, gardishsiz bo‘lsa, unda tag‘in o‘sha 88-ga tortishlari mumkin: yalang‘och tosh — bu valyuta degani, gardishli tosh — bu buyum degani. Buning uchun 88-isi to‘g‘ri kelmaydi.
Agar uyda ishlasangiz, buyurtmani mijozlardan, ularning xom ashyosidan qabul qilsangiz, — oltinmi, qimmatbaho toshmi, bundan qat’i nazar, bu eng yengil moddaga kiradi. Buning uchun ko‘p deganda uch yil berishadi. Bungacha esa hayfsan, jarima, shartli qamoq. Biroq har qanday holatda ham albatta sizning mahsulot tayyorlash uskunalaringiz musodara etiladi. Shu bois asbob-uskunalar ham, xom ashyolar ham joy-joyida mutlaqo botartib turgan bo‘lishi lozim. Siz esa kunduzimi, kechasimi har soatda, har soniyada eng mudhish narsaga tayyor bo‘lib turishingiz shart.
Otam aqlli va halol odam edi. Katta serjant unvoni bilan 1941-1945 yillardagi fashizm bilan bo‘lgan urushning boshidan-oxirigacha ishtirok etgan. Urushdan keyin matematika professori bo‘lgan. Umrida bironta odamni aldamagan. O‘zidagi teran ilmiy zakovatni yaxshilik bilan yo‘g‘irgan holda faoliyat ko‘rsatardi. Shulardan ba’zilari quyidagilar: “Hayotning ma’nosi kutmoq va umid qilmoqdan iborat.” Yana biri: “Hayot bir eshikni yopishdan avval boshqasini ochishni unutmaydi”. Yana: “Tiz cho‘kib yashagandan, tik turib o‘lgan afzal”. U, darvoqe, xuddi shunday o‘ldi. Tik turib. O‘n bir qavatli uy tomidan sakrab, kiraverishdagi eshik soyaboniga tik tushgan.
Men, tik turib o‘lgan afzal degan qarorga keldim. To‘g‘rirog‘i, o‘tirib o‘lgan afzal. Zargarlik ish stolida. Mening vijdonim hamisha pok bo‘lgan. Umrimda hech qachon o‘z mijozlarimdan olgan oltinlardan bir zarrasini ham o‘zlashtirmadim. Butun dunyoda zargarni izzatu ikrom qilganlar, bizning tuzumimizda esa — qamaganlar. Nachora, dedim men, zamona doim zo‘rniki bo‘lgan. Bu — tuzumning illati. So‘ngra men oddiy yo‘l bilan ish olib borishga qaror qildim. O‘sha paytda dramatik teatrda rejissyor bo‘lib ishlardim. Maoshim oyiga bir yuz ellik so‘m edi, ezgu orzuim — avtomobil uchun oyiga o‘n-yigirma so‘mdan tugib qo‘yib, qolganiga tirikchilik qilsa bo‘lardi.
Mashina o‘shanda yetti yarim ming so‘m turardi. Agar boyagidek oz-ozdan tugib borsam, mashinani rosa o‘ttiz yildan keyin bemalol olar ekanman.
Oqshomlari, tunlari va dam olish kunlari ishlab men besh ming so‘mgacha topar edim. Yiliga bu oltmish ming so‘m degani. Uch yilda — bir yuz sakson ming. Binobarin, mening bo‘lajak uch yillik o‘tirib ishlashim bemalol o‘zini oqlar ekan.
Biz uydan chiqdik-da, avtomobilga o‘tirdik. Biroq jo‘nashga ulgurmadik. Avtomobil qo‘zg‘alishi hamon xotinim: “Qara, xitlar kimnidir qo‘lga olgani kelishdi…” dedi. Ko‘zim hovlimizga asta kirib kelayotgan qora “Volga”ga tushdi. Ko‘rdim-u, miyamga qon quyildi. Men bu tuyg‘uni yaxshi bilardim. Kurashni oldindan his etish tuyg‘usi. Vujuddagi barcha kuchlarning yuqori darajada jam bo‘lishi. Voqealar girdobida, muzda, yomg‘ir ostida qolganda shunday bo‘ladi. Mashina har soniyada ixtiyordan chiqib ketishi mumkin, bunda yagona xaloskorlik — ishqilib dvigatel to‘xtab qolmasin-da.
Men asta-sekin uzoqlashib ketaverdim. Shu top “Volga”da o‘tirgan fuqaro kiyimidagi uch kishi meni ko‘rib qoldi va hovlimizdan chiqaverishda yo‘limni to‘sib, to‘xtadi. Ulardan biri eshikni ochdi-da, o‘zini vazmin tutib so‘radi:
— Andrey Georgiyevichmisiz?
Hammasi tugadi. Manzilga yetdik. Sezgir xotinimning taxmini to‘g‘ri chiqdi. Magnitofon tasmasidan ham tezroq chirillab aylanayotgan fikrlar silsilasi shuurimda allaqanday g‘ashlik uyg‘otgancha beixtiyor ko‘nglimdan birgina o‘y kechdi: “Bu — Qo‘mita”. Xonadonimiz kaliti umumiy bog‘ichda bo‘lib, o‘t oldirish qulfchasida osilib turardi. Unda jinoyat belgilari — kontrabanda sifatida Isroildan keltirilgan ellik karatlik1 mayda olmos toshchalari. Bu — 88-modda. Iloj yo‘q… Iloj yo‘q… Iloj yo‘q… Kurashmoq kerak… Nimanidir o‘ylab topish kerak… Taslim bo‘lish qochmaydi… Yo‘lini qilish kerak… Biroq qanday qilib…? Boshqa iloj yo‘q.
Men mashinamdan chiqdim. U o‘z mashinasidan chiqdi.
O‘zimni tanishtirdim. Guvohnomasini ko‘rsatdi. Odessa viloyati bo‘yicha DXQ (Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) mayori. Nima uchun Odessa viloyati bo‘yicha? Nima uchun o‘z viloyatimiz bo‘yicha emas?
— Xonadoningizga boraylik, Andrey Georgiyevich.
Men, cho‘kkan cho‘pga yopishar, qabilida dedim:
— Kechirasiz, qanday huquq bo‘yicha bunday deyapsiz? Eshitishimcha, bunday hollarda tintuv o‘tkazishga sanktsiya ko‘rsatilar ekan…
Mayor birdaniga tundlashdi.
— O‘tir mashinaga!..
Men mashinaga o‘tirdim. Miyamda o‘ylar charx urardi. Endi mashinadan chiqmayman. Lekin ular xotinimni chaqirishmayapti. Unda ham xonadonimiz kalitlari bor edi. U farosatli ayol. Biron narsa o‘ylab topadi. Mashina ichida mayor portfeldan qog‘oz oldi. “Mahsulotni tortib olish to‘g‘risida qabul qilingan qaror…”
— Kechirasiz, bu yerda prokurorning imzosi yo‘q-ku. Faqat prokuratura tergovchisining imzosi bor, xolos.
— Hozir seni tuman militsiya bo‘limiga olib boraman. U yerda seni shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazishadi, xonadoning kalitini olishadi. Tamom. Sen menga boshqa kerak bo‘lmaysan.
— Unda nega hamma joyda prokuror sanktsiyasi haqida gapirishadi?
— Bu militsiya uchun kerak. Seni esa DXQga olib borayapmiz. Boz ustiga, bizda qaltis vaziyatlarda mustaqil ish ko‘rishimizga huquq berilgan. Eshikni buzib kirish va jinoyatchiga shikast yetkazish maqsadida o‘q uzishgacha haqqimiz bor. Anglagandirsan?
Ha, angladim. Juda tez angladim. Men o‘zi har doim yaxshi anglayman. Biroq bunday hol birinchi marta sodir bo‘layapti, istisno tarzida. Men ularning jahlini qo‘zg‘atmaslik kerakligini tushundim. Yaxshi muomala qilish kerak. Hozir o‘zim sahnaga qo‘yilmoqchi va bosh rolni ham o‘zim o‘ynamoqchi bo‘lgan spektaklning birinchi qismi boshlanadi. Nima bo‘lganda ham men mutaxassisman. Akter va rejissyorman. Axir, padariga qusur, meni davlat pullarini isrof qilib bekorga o‘qitishganmi.
— Kechirasiz, o‘rtoq mayor. O‘zingiz tushunasiz, nima bo‘lganda ham bunday vaziyatga birinchi marta tushib turibman. Keling, uyga kiraylik.
— Mana bu boshqa gap! — Mayor yana jilmaydi. U pastak bo‘yli to‘ladan kelgan odam bo‘lib, yoshi mendan katta emasdi, balki yoshroq bo‘lsa ham ehtimol. — Devor-darmiyon qo‘shnilaring bormi? Odamshavandarog‘idan uch-to‘rttasini chaqir.
— Iltimos, qo‘shnilarni chaqirmang. Uyalaman. O‘tkinchilardan oling…
— Yaxshi, — muruvvat ko‘rsatdi mayor. Keyin tasodifiy yo‘lovchilardan olib kelgani yordamchisini jo‘natdi. Ko‘p o‘tmay ikki odam paydo bo‘ldi.
— Qani, ketdik. To‘xta, darvoqe, xotining qayerda?
Men mashina tomonga qaradim. Mashinada hech kim yo‘q edi. Xotinim huv narida asta yayov ketib borardi. (Ular xotinimning irodaliligiga tan berishadi hali.)
Zumda xotinimning orqasidan quvib yetishdi. Uni orqaga qaytarishdi. O‘shanday yurish bilan xotinim buyoqqa yaqinlashib kelardi. Go‘yo menga o‘ylab olishim uchun ataylab vaqtni cho‘zayotganday.
Biroq ortiqcha vaqtning endi menga hojati qolmagandi. Men: “Kechirasiz, o‘rtoq mayor” deya samimiy (balki o‘ta samimiy) ravishda gapira boshlaganimdayoq hammasini miyamda pishitib olgan edim. Judayam hammasini emas. Biroq o‘yinning birinchi ko‘rinishini pishitib olgandim.
Pod’ezdga yetti kishi kirib keldik. Parda ochildi.
Xonadonga birinchi bo‘lib men kirdim. Orqamdan mayor kirdi. Keyin xotinim. Safning oxirida ikkala qo‘mitachiyu odamshavanda shaxslar kelardi. Kambargina dahlizdan o‘tdik, u yerda mening ish stolim, to‘g‘rirog‘i, stol ham emas, osilib turadigan qopqog‘i menga stol vazifasini o‘tovchi sekreterim1 turardi. Sekreterdan bir metrcha chapda hojatxona eshigi, o‘ng tomonda — yotoqxonaga kiradigan, o‘rtada esa ishxonaga kiradigan eshik.
Mana shu sekreterda, uning tokchalarining pastki bo‘lmasida hamma narsa, yillar davomida yiqqan-terganlarim yotardi, — bular faqat sohibi uchungina qimmatli va yodgorlik hisoblanuvchi eng bebaho ashyolar: asbob-uskunalarim, qutichalarim, g‘ilofchalarim, shisha idishchalarim va yana ko‘plab sanoqsiz narsalarim edi.
Asbob-uskunalarim, buragich va qisqichlarim bilan yonma-yon o‘sha la’nati bankacha ham shu sekreterda yotardi, bankacha ichida ayni paytda xuddi ko‘zacha ichiga qamalgan jin kabi mening 88-moddam o‘tiribdi. Bu ellik karatlik mayda olmos parchalari, kontrabanda bo‘lib, u menga yo ozodlik, yo qamoq hadya qilishi kerak edi!
Men uni yaqinda bir razildan yasab bergan uzugim evaziga haq sifatida olgan edim, aynan o‘sha borib meni sotgan. Ha, sotgan, chunki mening qutulib ketolmasligimni, uyimda zargarlik asbob-uskunalari, olmoslarim borligini, mening ancha-muncha nomim chiqqan zargar ekanimni, hammadan ham bu murtad mendan o‘zining barcha ashqol-dashqolini olib, men bilan hisob-kitob tugaganini bilar edi.
Anchadan beri men uning buyurtmasini bajarib kelar edim, biroq bu ishning oxiri voy bo‘lishini sezganimdan keyin bas qilib qo‘ya qolgan edim. Mo‘may foydadan voz kechib qo‘ya qolgan edim. Biroq mayda olmos toshchalardan voz kechmagandim, chunki ba’zilar uchun bu jinoyatning ashyoviy dalili, kontrabanda, valyuta bo‘lsa, men uchun — hunarimning dastmoyasi edi, busiz men nozik, nafis, noyob buyumlar yarata olmas edim. Mana, endi mana shu quticha boshimga bitgan balo bo‘lib turibdi.
— Siz qidirayotgan narsa mana bu yerda, — dedim men va sekreterga ishora qildim. Qo‘mitachining baribir gapimga yuz foiz ishonmasligini bilib tursam-da, to‘g‘risini aytganga ne yetsin. Stanislavskiy: “Yomon narsani o‘ynayotganingda undagi yaxshi joyni qidir”, deb bekorga aytmagan-ku.
Men aynan shu narsani hisobga olgan edim. Birinchi sahnani bexato o‘ynab, bir oz vaqtdan yutaman, vaqt esa to‘xtovsiz o‘tib turgan bo‘ladi. Bu orada men navbatdagi sahnani o‘ynab olishim kerak bo‘lar edi.
— Bo‘pti, buni yaxshi niyatlar uchun o‘zingizga qoldirasiz. — Mayor menga qadrdonlarcha kulib qo‘ydi. Ha, men siz muttahamlarni yaxshi bilaman degandek. So‘ng sekreterdan uzoqlashib, ishxonaga kirib ketdi.
Ikkinchi qo‘mitachi xonani obdon tintuv qilishga kirishdi. Uchinchisi palto osig‘liq ilgich hamda dahlizni titkilardi.
Odamshavanda shaxslar oyog‘i kuygan tovuqdek pitirlashardi.
Xotinim o‘rindiqda o‘tirgancha jimgina ularni kuzatardi.
Men ishxonada o‘zimga qahva damlardim. Mayorga ham manzirat qildim. U ichmayman, dedi. Qahva qaynatar ekanman, faqat bir narsani o‘ylardim: “Hech bo‘lmasa oxirgi marta qahva ichib qolay”.
Zimdan (uning o‘zicha) menga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatib borarkan, mayor shoshmaygina oshxonani tintidi. Shakarni shopirib qaradi, unni, qutichalardagi ziravorlarni titkiladi.
Men qahva ho‘plar va rejissyorlik vazifamni — sekreterni ochib berganimni — “oqlash”ni o‘ylardim.
Teatrda bir tushuncha bor — yangi mizansahnaga o‘tishni “oqlash” degan. Masalan, agar sahnada so‘zlashib o‘tirgan aktyor birdan sapchib turib, burchakka chopib borsa-da, yerdan topib olgan tugmacha bilan qaytib kelsa, hammasi tushunarli bo‘ladi — demak, u tugmasini yo‘qotib qo‘yganu, birdan ko‘zi tushib, chopib ketgan va yerdan olgan.
Xuddi shu narsa “o‘tishni oqlash” deyiladi.
Men oshxonada o‘tirar va zo‘r berib sekreterni ochish uchun bahona qidirar, shu ishimni oqlash uchun yo‘l izlardim.
Vaqt esa ayovsiz olg‘a intilardi.
Mayor oshxonani tintib bo‘layotgandi.
Birdan men hojatxonaga kirishga ruxsat so‘radim. (Shuni aytish kerakki, to‘satdan miyamga shu fikr kelib qolgandi. Lekin uni amalga oshirish shu qadar qiyin ediki, buning biron-bir natija berishiga ko‘zim yetmasdi. Biroq ortiq paysalga solib bo‘lmasdi).
Iltimosimni eshitib, mayor hushyor tortdi. Iskovuch itday quloqlari dikkaydi. U o‘lja hidini olayotgandi.
Avvaliga u meni obdon tintuv qildi. Keyin birpas o‘ylanib turdi-da, uy kiyimimni so‘radi. Mening sport libosimni ham tintuv qildi. Kiyimimni almashtirishimni buyurdi. Yonimdan chiqqan buyumlarni Qo‘mitachi diqqat bilan tekshirib ko‘rish uchun tugib qo‘ydi. So‘ngra biz birgalikda hojatxonaga ketdik. U yerda hamma burchakka ko‘z yugurtirdi, unitaz ortida har ehtimolga qarshi, ro‘zg‘orda asqotishga asrab qo‘yilgan taxtachayu fanerchalarni chiqarib tashladi, hojatxona cho‘tkasini olib, sinchiklab qarab chiqdi.
Men uning orqasida turardim, vaqt, nazarimda, to‘xtab qolgandek edi. Spektaklimning kulminatsion nuqtasiga yetib kelmoqda edim. Endi sahnani oxirigacha, asosiy voqeagacha olib borish lozim edi. Bu voqea qahramoni tepaga qarab ko‘tarilayotgan oqqush nusxa dastakli afsonaviy shved “Kompakt”i bo‘lishi kerak edi. Butun “Kompakt” ham emas, faqat uning dastagi, dastagi ham emas, balki dastakni o‘qqa mahkamlab turuvchi murvat edi u. Chunki shu murvatni burabgina “Kompakt”ni ochish mumkin edi. Buning uchun esa buragich kerak. Buragich esa mayorda yo‘q. To‘pponchasi bor, guvohnomasi bor, ammo buragichi yo‘q. To‘g‘ri ham. Chunki, agar har bir mayor buragichi bilan yuradigan bo‘lsa, qancha buragich kerak bo‘lmasdi! Mayor oppoq “Kompakt”ga o‘ychan qarab qoldi. U tekshirib ko‘rmagan yagona narsa shu edi — bunga fahmi yetmagani ko‘rinib turardi, biroq yo mayor erinayotgandi, yo qanday ochishni bilmayotgandi.
Oxiri toqatim toq bo‘lib men unga do‘q aralash dedim:
— Xo‘sh, endi kirsam bo‘lar?..
Mayor bir fikrga kelgandi:
— Manovi narsa qanday ochiladi?
Men “bilmasam” dedim jo‘rttaga.
Mayor aytasan deb turib oldi.
Men “yorilib” ketdim:
— Dastagida kichkina murvati bor. Shuni burash kerak. Keyin hammasi tutday to‘kiladi.
— Bura.
Rahmat, Konstantin Sergeevich Stanislavskiy. Rahmat, Izakin Abramovich Grinshpun. Sizlar menga “o‘tishlarni oqlash”ni o‘rgatdingiz. Mayor bilan so‘zlashib va uning ko‘ziga tik qarab turib, men sekreterni ochdim va ko‘r-ko‘rona, faqat xotira va sezgi bilan mo‘jazgina qutichani paypaslab topdim. Uni barmoqlarim orasiga qistirib oldim. Shu qo‘lim bilan paypaslab buragichni oldim-da, murvatni buradim.
Mayor unitaz ustiga engashdi.
Men qutichani tintib ko‘rilgan sport libosimning cho‘ntagiga soldim.
Spektakl deyarli o‘ynab bo‘lingandi. Hayal o‘tmay ta’zimga chiqishim mumkin bo‘ladi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, ta’zimgacha hali ancha bor ekan.
Nihoyat, yaxshi “niyat”ga navbat keldi. Mayor bilan ikkala yordamchisi sekreterni titkilashga tushib ketdi.
Uning ichidan qutichalar, tugunchalar, qog‘oz xaltachalar, bankachalar birin-ketin saf tortib chiqib kela boshladi. Shu yerda men go‘yo gid vazifasini o‘tamoqda edim — bu narsalarning nimaligi va nimaga kerakligini tushuntirar, asbob-uskunalarni namoyish etar, Faberje ustaxonasidan undirganim rosmana qadimgi lobzik (oltin arralaydigan arracha) bilan maqtanardim. Mayor tezoblar (kislotalar) turgan yuqori tokchaga o‘rlay boshladi.
— Keragi yo‘q, — ogohlantirdim uni, — shimingizning teshilgani qoladi.
Mayor ko‘ndi.
Mening ichki ishonchim (sekreterda boshqa dalillar yo‘qligiga amin edim) “mehmon”larga o‘tgani shundoq ko‘rinib turardi. Muvaffaqiyatsiz chiqqan tintuv bilan tinchishib, endi ular rasmiyatchilikni poyoniga yetkazgandek bo‘lib ko‘rinayotgandi.
Ko‘p o‘tmay turli-tuman narsalar bilan to‘lib-toshgan sekreter qopqog‘ining ustida tirnoqcha bo‘sh joy qolmadi. Shunda mayor bularning barchasini xonadagi stolga olib o‘tishga qaror qildi, u yerda men ko‘zdan kechiriladigan va mendan tortib olinadigan narsalarni aytib turishim kerak ekan, u esa ularni tortib olingan buyumlar ro‘yxatiga yozib borarkan. Bizlar jimgina stolga kelib o‘tirdik va men birin-ketin zargarlik buyumlarini unga tomon surib qo‘yib, ularning nomlarini ayta boshladim. Mayor yozib bordi.
Birdan ko‘zim qayta eritishga mo‘ljallangan turli oltin qiyqimlari saqlanuvchi bir quticha ichida yaltirab turgan ikkita kichkina-kichkina qismchaga tushdi. Bu qismchalarni men aynan haligi murtad sotqinga yasagan edim va mana shu bir juft qism keyinchalik mening o‘sha murtad bilan aloqamga dalil bo‘lishi mumkin edi. Men esa buni xohlamasdim.
Qismchalar yonida qutichada yigirma besh gramm vazndagi oltin quymasi yotardi. Men shunga achindim.
Men xotinimdan sho‘rva keltirishini so‘radim.
Xotinim hayron bo‘ldi va “Sabr qil, keyin ovqatlanaverasan”, dedi.
— Keyin kech bo‘ladi. Bugun u yerda bizga ovqat berishmaydi.
— Nima? — hayron bo‘ldi xotinim. — Bizni olib ketishadimi?
— Sen nima deb o‘ylovding?
— Aqlli odam bilan ishlash mazza-da, — ta’kidladi mayor.
Xotinim bir likopchada karam sho‘rva bilan bir bo‘lak non keltirdi. Men nonni qismchalar bilan oltin quymasi yotgan quticha yoniga qo‘ydim.
Karam sho‘rva ichar ekanman, ro‘yxatga olinayotgan buyumlarni birma-bir aytib borardim.
Nonni qo‘lga olardim-da, tishlardim, keyin quticha yoniga qo‘yardim.
Olardim, tishlardim, qo‘yardim.
Qo‘lim bir maromdagi harakatga o‘rganib borardi. Qo‘lim tobora ishonchliroq harakat qilardi. Bir gal non o‘rniga qutichadagi qismchalarni olib og‘zimga solganimda hech kim bunga e’tibor qilmadi.
Og‘zimdan qismchalarni qoshiqqa, qoshiqdan likopchaga o‘tkazdim. Ular karam sho‘rva tagida ko‘rinmay ketdi. Shunda men butunlay nafsim hakalak otib, oltin parchasini ham yamlab yubordim. Ko‘p o‘tmay u ham likopchaga kelib tushdi.
Bobom dadamga ovqatdan keyin likopchani top-toza qilib qo‘yishni o‘rgatgan. Undagi hamma narsa yeb-ichilishi kerak. Dadam meni ham shunga o‘rgatgan. Xotinim bu odatimni bilar edi. Qaraydiki, umrimda birinchi marta ovqatni chala yedim. “Oltin karam sho‘rvani” o‘zimdan nari surib qo‘ydim-da, “yig‘ishtir” dedim. Farosatli xotinim sho‘rvani to‘kib tashlamadi. U likopchani oshxonaga olib ketdi va ustidan qopqoq yopib qo‘ydi.
Men ikki kundan keyin uyga qaytib keldim, karam sho‘rva, tabiiyki, achib bo‘lgandi.
Biroq, ma’lumki, oltin sho‘rvada ham aynimaydi.
MUTTAHAMLAR
Elliginchi yillar edi…
U vaqtlarda velosiped degani kamdan-kam bolalarda (kattalarda ham) bo‘lardi. Ko‘pincha omadli odamlarning ikki g‘ildirakli samokatlari bo‘lardi, yugurib kelib irg‘ib ustiga chiqib olishardi-da, ora-sira bir oyog‘i bilan yerni tepib-tepib katta tezlikda haydab ketishardi, keyin ikkala oyoqni samokat ustiga qo‘ygancha rulni to‘g‘ri qizaloqlar ustiga qarab burishar va qizaloqlar qiy-chuv solib, har tomonga qochib qolishardi.
Biz qarindoshlarimiznikiga mehmonga bordik. Nima bo‘ldi-yu, amakimning o‘g‘li Volodya menga samokat sovg‘a qildi. Sababi, o‘zining yoshi samokat uchishdan ancha o‘tib qolgandi. Volodya mendan besh yosh katta edi.
Oradan ko‘p yillar o‘tib, men o‘zimning birinchi “Moskvich”imni olganimda ham bu qadar sevinmagandim. Men uni rulidan ushlab, butun Dzerjinskiy tumani orqali o‘zimizning Liteyniy tumaniga tantanavor olib o‘tgandim.
Xullas, oqsochimiz Faina bilan Tavriya bog‘iga borishimizni besabrlik bilan kutib, tun bo‘yi uxlolmadim.
Kiraverishdan sal narida bir tepalik bo‘lib, ustida doirasimon muzqaymoq do‘koni joylashgandi. Omadli samokat egalari uchishni mana shu tepalikdan boshlashardi. Pastdagi ko‘lchani aylanib o‘tgan uzun xiyobondan mayda oq gullar bilan qoplangan quyuq butazor ortiga o‘tib ketishardi.
Mana, men samokat bilan tepalik ustida turibman. Kim bilsin, birinchi marta uchayotganim asar qildimi, sal kalovlanib qoldim. Oqsoch qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Aftidan, uning o‘sha paytda yuradigan soldat yigiti bor edi.
— Hoy bola, bir uchib kelay, men senga mashinachamni beraman…
Qarshimda o‘zim tengi bir bola turardi, boshida o‘sha paytda rasm bo‘lgan kepka-londonkani teskari kiygan, oyog‘ida qora bog‘ichli jigarrang botinka.
Men indamay mashinachani oldim, bola chap oyog‘ini samokatga qo‘ydi-da, qora bog‘ichli jigarrang botinkasi bilan yerni bir tepdi va tepalikdan o‘qday pastga sho‘ng‘idiyu hayal o‘tmay xiyobonning narigi chekkasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi…
Men o‘sha joyda kutib turaverdim.
Nihoyat, o‘zida yo‘q shod Faina paydo bo‘ldi va darrov so‘radi:
— Samokat qani?
— Bir bolaga uchishga bergandim…
— Samokatdan ajrabsan, u endi qaytmaydi.
— Qaytadi. Uning mashinachasi menda.
Faina qo‘limdan zanglagan o‘yinchoqni yulqib oldi-da, jahl bilan butalar ichiga uloqtirdi.
Bola, ehtimol, juda olisga ketib qolgandi, yelday uchib ketar ekan, u ikkala oyog‘ini samokat ustiga qo‘yib olgan, tumtaraqay qochayotgan qizaloqlarga gerdayib qarayotgan bo‘lsa kerak, hoynahoy.
Bu mening muttahamga birinchi bor duch kelishim edi. Hozirgilarning tili bilan aytganda, “laqqa baliq” bo‘lib qolavergandim.
Baribir odamlarga ishonish kerak. Soddalikka yo‘yishsa yo‘yishar, ammo ishonish kerak…
Meni aeroportga olib kelayotgan qora “Mersedes” Omskni ko‘z ochib-yumguncha ortda qoldirdi-da, dasht yo‘liga chiqib oldi. To‘satdan katta tezlikda bizni quvib o‘tayotgan “BMV” ichidan avtomat tumshug‘i ko‘rindi…
Mashinada o‘tirganimizda o‘q ovozi deyarli eshitilmas ekan, g‘ildirak va motor tovushlari bosib ketarkan. O‘q kuzovni teshib o‘tganda shunaqa bir ovoz chiqar ekanki, go‘yo konserva bankasini mix bilan o‘yganday.
Xullas, orqadagi chap qanotdan uchta teshik ochishdi-da, quvib o‘tib, dangal ilgarilab ketishdi. Yo sibirlik sheriklarini cho‘chitishdi, yo bizni boshqa birov bilan adashtirishdi.
Men Yevropaning barcha bozorlarini ortda qoldirib ketuvchi bir mahalliy bozor ochish niyatida zargarlik buyumlari to‘plamini Sibirga olib ketayotgan edim, biroq sibirlik do‘stlarim qaysidir ishni xom qilishgandi. Muzdek mehmonxonada, mahalliy “lyuks”da ikki kun o‘tirdim, deylik, “Otel de Pari”dagidek menga xalat va shippak berishmadi, “rum servis”1 deganini eshitmaganman ham, quvurlardan issiq o‘rniga muzdek suv oqardi. Uchinchi kuni sibir millionlaridan qo‘limni yuvishga qaror qildim, karavot tagidan qimmatbaho toshlar solingan jomadonni sug‘urib oldim-da, meni aeroportga eltib qo‘yishlarini so‘radim.
Biroq ko‘rganim “yo‘l azobi, go‘r azobi” oxirgisi emas ekan. Oxirida ravshan bo‘ldiki, menga hech kim chipta buyurib qo‘ymagan ekan, Sankt-Peterburgga to‘g‘ri uchadigan reys bugun yo‘q ekan. Moskva orqali uchishga, Domodedovoda qo‘nib o‘tishga va o‘sha yerdan Sheremetevo aeroportiga o‘tishga to‘g‘ri keldi.
Bundan o‘ttiz yil muqaddam oxirgi marta Leninobodga, Respublika drama teatriga yosh aktyor sifatida uchib ketganimda xuddi shunday sarguzashtni boshdan o‘tkazgandim.
Nihoyat, samolyot qo‘na boshladi. Moskva. Yetib keldim-a, deb yengil nafas olgandim, biroq “chuv” tushganimni bildim.
Har doimgidek, Domodedovoga uchib kelgan yo‘lovchilarni chaqqon haydovchilar to‘dasi qurshab oladi va ma’noli ovozda taksi xizmati ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini aytishadi.
— Janob, sizni oborib qo‘ysam bo‘ladimi?
Qarshimda odmi kiyingan va tabassumli chehrasi bilan shubhaga aslo o‘rin qoldirmaydigan yosh yigit turardi. Men shu kuni umrimda birinchi marta xatoga yo‘l qo‘ydim. Bu, albatta, birdaniga sodir bo‘lmadi. Men darhol inkor ma’nosida bosh chayqadim, bu bilan hamma ishim joyida demoqchi bo‘ldim, ahvolimdan ham uning xizmatiga muhtoj emasligimni bemalol anglasa bo‘lardi, chunki haydovchim furajkasini tutamlagancha narsalarimni olishga va bajonidil eshikni ochishga shay bo‘lib, xizmat mashinasi yonida turardi.
Agar taksi olish zarurati tug‘ilsa, u sizni emas, siz uni olishingiz kerakligini bilardim.
Haligi yigit judayam odobli, biroq parishonxotir edi. Siniq tovushda dedi:
— Eh, xotinimga sovg‘a olmoqchi edim…
Birdan mehrim iyib ketdi-ku. Hatto, yo‘lkira haqini ham to‘layman, ustiga-ustak, bolakayga mittigina, shabadaday shaffof, emalli pasxa tuxumchani ham sovg‘a qilaman, bunaqasini umrida ko‘rmagan bo‘ladi, deb o‘yladim.
— Mashinangiz qanaqa?
— “Oltilik”.
— Hm… Bo‘pti, ketdik. Sheremetevoga qancha olasiz?
— Ellik ming.
Rostini aytsam, men rus narx-navolari tartibini yaxshi bilmasdim. Parijdagini esa aniq bilaman: Sharl de Goll aeroportidan markazgacha — ikki yuz ellik frank.
Men rozi bo‘ldim va shu top ikkinchi xatoga yo‘l qo‘ydim: mashinada nechta yo‘lovchi bo‘lishini so‘ramabman. Balki yo‘lovchilar bo‘lmasligiga odatlanib qolganimdir bu.
“Oltilik” oldida plash kiygan bir rangpar odam uyoqdan-buyoqqa yurib turardi, u jomadonidan kilki va qo‘lbola tuxumli buterbrod oldi-da, vaqtini zoye ketkazmaslik uchun tamaddi qila boshladi. Men bu yana bir yo‘lovchi bo‘lsa kerak deb o‘yladim, biroq uning qo‘lbola buterbrodi, egnidagi rosmana safar plashi va parti ketib sharti qolgan jomadoni meni qattiq taajjubga soldi.
Haligi kishi judayam xushmuomala ekan, birpasda yoqamdan kirib yengimdan chiqa qoldi-ku. O‘zining Sochidanligini aytdi, mening u yerda bo‘lgan-bo‘lmaganligimni so‘radi.
Sochida bo‘lganmanmi? Ha, u yerda mening eng yaxshi yillarim kechgan, avval “Jemchujina”da, so‘ngra esa “Dagomis”da. Ayni yoshlik paytlarimiz edi o‘shanda…
Suhbat qizigandan qizib ketdi. Safimizga yana bir hamroh qo‘shildi, u ham Sibirdan kelgan ajabtovur musofir ekan. Ana buni rosmana omad desa bo‘ladi.
Shiftda uxlashning bir noqulay tomoni shundaki, ustingdagi ko‘rpa yerga tushib ketadi, degan matalni bejiz aytishmagan-da.
Aynan mana shu noo‘ng‘aylikni deb men boshimga balo ortdirdim.
Mashinaga o‘tira boshladik. Yangi yo‘lovchi old tomondan joy oldi, men odatim bo‘yicha orqa o‘rindiq tomonga o‘tdim va avval buterbrodli musofirni o‘tqazishga qaror qildim. Lekin u metrogacha borishini bahona qilib, rad etdi, shu tariqa men orqa o‘rindiqqa birinchi bo‘lib o‘tirdim.
O‘ng tomonimda dastagi siniq eshik, chap tomonimda yo‘lovchi. Chekinish yo‘llari men uchun kesib qo‘yilgandi.
Endi qo‘zg‘algan ham edikki, bizning yoqimtoy haydovchimiz yoniga allaqanday bir isqirt yugurib keldi:
— Seryoga, anovi yerda bittasini metrogacha yigirmata “ko‘k”iga olib ket!
Qiziq, haydovchi tasodifan Domodedovoga borishim kerak bo‘lib qoldi, degandi-ku…
Nimagadir Domodedovo bilan Sheremetevo o‘rtasida metro yo‘qligi va bo‘lishi ham mumkin emasligi xayolimga ham kelmabdi. Lekin men keskin ohangda dedim:
— Yigit, sal insof ham kerak-da. Yo yur, yo men tushib qolay. O‘zi ikki kishi zo‘rg‘a sig‘dik-ku.
— Lekin yigirmata “ko‘k”i… yigitlar, — dedi haydovchi tirjayib, — sal surilinglar, a?
— Yo yur, yo men tushib qolaman, — takrorladim men.
Mashina yurib ketdi.
Men mayin teridan tikilgan va qimmatbaho toshlarga to‘la parijcha hamyonimni tizzamga qo‘yib o‘tirardim. Chap qo‘l barmog‘imda odatdagidek bobomning olmos ko‘zli uzugi yaltirardi, oilaviy rivoyatga ko‘ra u bobomning Monte-Karlodagi o‘yinlar uyida uni to‘la xonavayron bo‘lishdan saqlab qolgan ekan, goho yengi ostidan “Ananov” shirkatining olmosli soati ko‘rinib turarkan. Bu o‘ziga xos ajoyib reklama vazifasini o‘tarkan.
Biri Sochidan, ikkinchisi, ma’lum bo‘lishicha, Chelyabinskdan kelgan ikkala musofir qizg‘in suhbatlashardi.
Anig‘ini aytolmayman-u, ammo yuragimning tubida qandaydir g‘ashlik his etmoqda edim. Chor atrof zim-ziyo qorong‘ulikdan iborat va rutubatli edi, qandaydir qop-qora va loyli yo‘ldan ketib borardik.
Birdan suhbat o‘yindagi biznesga kelib taqaldi. Sochilik musofir “Jemchujina” mehmonxonasi ro‘parasida turgan kemadagi yangi qovoqxonani maqtardi.
“Nimada o‘ynasharkin ular u yerda? Ruletkada bo‘lmasa kerak? Axir, u yer tinmay chayqalib turadi-ku?!” — o‘yladim men. O‘yladim-da, shuni so‘radim.
— He-yo‘q, qartada.
— Blek-jekmi?
— Yo‘q, oddiy bir o‘yin, ikkita qartada. O‘n yetti odam baravariga o‘ynashi mumkin.
Shunda ikkita qartalik o‘yin oldinda o‘tirganni ham qiziqtirib qoldi:
— O‘rgatsang-chi! Bizlar dala hovlida ko‘pincha qarta o‘ynaymiz, odam rosa ko‘p bo‘ladi.
— Qartasiz o‘rgatib bo‘larkanmi, iloji yo‘q buning, — tarang qildi sochilik.
Qartadan gap ochilishi bilan men hushyor tortdim. Lekin sir boy bermadim. Sayohatlarda va kemalarda, parklar yoki Petropavlovsk yaqinidagi plyajda o‘ynalgan qarta o‘yinlari nima bilan tugashini men yoshligimdan bilardim. Avvaliga “bir-bir so‘m”dan boshlanadi, so‘ng kishibilmas qarta dastasi o‘zgara boshlaydi, “almashadi”, “laqqa” tushirishadi, yonidagi bor bud-shudini va qimmatbaho buyumlarini shilib olishadi. Lekin bu ilgari bo‘lar edi, bu bizning yoshligimizdagi gaplar… O‘sha oddiy holat hozir, yigirmanchi asr oxiriga kelib takrorlanishiga ishonging ham kelmaydi, buning ustiga bu o‘yinda mendek nomini yarim jahon biladigan zargar ham ishtirok etsa.
— Qartasiz men hech nima o‘rgatmayman, — dedi sochilik biroz dili og‘rigandek.
— Bor-da, qarta bor! Busiz menga hech qanaqa komandirovka tatimaydi! Qartalar, shashkalar…
“Undan ko‘ra ishni o‘ylasang-chi, ovsar”, — dilimdan o‘tkazdim men.
Oldindagi odam qarta dastasini uzatdi. Qo‘shnim yo‘l-yo‘lakay qartadagi tuzlarni chiqarib sanay boshladi.
— Ie! Ikkita tuz yetishmayapti-ku! — g‘alati ohangda dedi u.
— Bo‘lishi mumkin emas… Tuf-e, to‘g‘ri… — shunday deya oldindagi musofir boshqa cho‘ntagidan ikkita tuzni chiqardi.
Yuragim bir tutam bo‘ldi va yana yoshligimni eslab ketdim. O‘shanda men kolxozda ishlab topgan pulimga sotib olgan, anodlangan birinchi “Pobeda” soatini yutqazib qo‘ygan edim.
Men sochilikning gaplariga quloq sola boshladim.
— Qo‘llarga ikkitadan qarta suziladi. Tuz — o‘n bir ochko, o‘nlik — o‘n ochko, dama — uch ochko, qolganlari qartada yozilganidek. Ikkita qarta qo‘shimcha qarta olishga suziladi. Agar ularni olsangiz, ikki baravar banka tikishingiz kerak bo‘ladi, lekin unda qo‘shimcha olgan qartangizdagi ochkolarga bir ochko qo‘shiladi…
Sinovga sochilik qartalarni hamyonim ustiga qo‘yib qarta suzishga kirishdi. Suzib bo‘lgach, o‘zining eski qartalarini tashlab-tashlab qanday savdolashish va qo‘shimcha qartani qanday olish kerakligini birma-bir namoyish qila boshladi.
— Ana shunaqa. Endi xuddi qovoqxonadagidek chinakamiga suzaman, — tantanavor dedi u. Nimagadir dastaning faqat quyi qismini chiylab va “olishga” imkon bermay, u qartalarni suzib chiqdi:
— Bankada sinov uchun o‘n ming, — shunday deya u hamyonim ustiga qog‘oz pulni qo‘ydi.
Uzoq umrim davomida men ko‘p narsalarni ko‘rdim. Ko‘p narsalarga o‘rgandim. Talabalik yillarimda avtopoygachi bo‘lgandim, bilyardni qotirib qo‘yardim, taniqli olim — professor Shiroxov o‘qigan matematika lektsiyalarida, Leningrad universiteti tarix fakultetining lektoriyasi — ulkan auditoriyaning eng oxirgi qatorida preferensni shavq bilan o‘ynardim. Meni ma’zur tuting, janob professor.
Bir kuni men ikki g‘irrom do‘stga to‘qnash kelib qoldim. Juda yuqori texnikada o‘ynab turib men ularga qarshi hech narsa qilolmay qoldim — ular deyarli har suzishda “to‘qqizlik” va “mitti”ga o‘ynar edi. Aqldan jaholat ustun kelgan edi.
Mendan yutib olgan pulga mening o‘zimni “mehmon” qilishdi. Bizlar do‘stlashib qoldik. Keyinchalik ulardan biri — mutlaqo odobli yigit Yura Rojkovskiy menga qirriqlik mahoratining sirlarini ochib berdi. Men qobil shogird chiqib qoldim. Men buyuk g‘irromboz bo‘lishga ahd qildim. Har doim halol sheriklar bilan halol o‘ynab, men behad zavqlanardim, “juftlik”ka o‘ynagan boshlovchi qirriqlarni bir cho‘qishda qochirardim.
Shu darajada mahoratga erishdimki, qirriqlar bilan o‘ynar ekanman, o‘zimga yirik qartalarni, ularga esa “yomon taxlangan” yaxshi qartalarni biylatmasdim. Renonsli zot “to‘qqizlikni” yoki tutilgan sakkizlikli “mitti”ni “blank” bilan. To‘qqiz sekund ichida qartalarga qaramasdan “mijoz” bilan bemalol gaplashib o‘tirib men o‘ttiz olti qarta ichidan yigirma ikkitasini saralab olardim, mijozga qartani olishga berar va bir qo‘lim bilan “volt” qilar edim.
(Kimki bu atamalarni tushunmasa, ma’lumotlar olgani Domodedovoga murojaat qilishi mumkin.)
— Bankada o‘n ming so‘m. Sinov uchun.
Men mashinadan chiqib ketolmasdim. “Yo‘lovchilar” ikki nafar, ular, shubhasiz, ustasi faranglar. Yana haydovchi ham bor… Men qora mayin charm hamyonimni qanday olsamu qanday juftakni rostlab qolsam ekan, deb rosa bosh qotirmoqda edim. Sochilik esa, go‘yo tuyqusdan bo‘lganidek, uni necha bor turtib qo‘ydi, aftidan hamyon ichidagi narsani bilishga undayotgandi.
O‘yindan bo‘yin tovlab bo‘lmasdi. Bunday holda sheriklardan bittasi ishni “hurmatsizlik” bahonasi bilan janjalga olib kelib taqashi va janjal mushtlashuvu pulni zo‘rlab tortib olish bilan nihoyasiga yetishi mumkin.
Men ustasi faranglarni dog‘da qoldirishga qaror qildim. So‘ng juftakni rostlab qolaman. Hozircha bular bari haqiqiy o‘yin, aldam-qaldamlik yo‘q, men ham “mijoz” emas, shunchaki yo‘lovchiman, degan fikr hukmron edi miyamda.
Har ikki qartada eng yuqori ochkolar miqdori — yigirma ikki, o‘n bittadan ikkita tuz. Agar qolgan ikki tuz qo‘shimcha qarta ichida turgan bo‘lsa, unda ular bir ochko ko‘proq tosh bosadi va bu ushbu oddiygina o‘yindagi eng kuchli kombinatsiya hisoblanadi.
Shunday qilib, tezda ichimda hisob-kitob qilib chiqdim, agar men “yo‘lovchi” bo‘lsam va o‘yin haqiqiy bo‘lsa, unda qo‘limda hozir har qanday ikki yutuq qartasi bo‘ladi. Bordi-yu, men “mijoz” bo‘lsam, unda qarta suzilgandan keyin menda ikkita tuz bo‘lishi kerak, qolgan ikkita tuz yerdagi qartalar ichida yotgan bo‘lishi lozim. Haqiqiy “laqqa”da bo‘lganidek, men yerdan qarta olmasligim kerak, chunki busiz ham mening qartalarim o‘zi zo‘r. Yerdan qartalarni yo‘lovchilardan biri oladi, shunday qilib, uning qo‘lida mag‘lubiyatsiz kombinatsiya bo‘ladi, ikki tuzli mijoz esa zo‘r omad keldi deb o‘ylab, yutishga ishonadi-da, o‘zidagi borini o‘rtaga tashlaydi. Natijada u yolg‘iz paypoqda qoladi va bankni tenglashtirish uchun puli qolmaydi, yoki sherik yerdan qarta oladi-da, hayajon-la qichqirgancha tuzlarni ag‘daradi — g‘isht qolipdan ko‘chadi!
Insof qilishsa, “laqqani” loyli halqa yo‘lda mashinadan tushirishadi va metrogacha bir amallab yetib olishi uchun bir ozgina pul berishadi. Insof qilishmasa, aylantirib boshiga solishadi.
Bu ish halol bo‘lgan, muttahamlik qilishning deyarli imkoni yo‘q, “laqqani” hech kim majburlab o‘ynatmagan.
Men o‘z qartalarimni ko‘tardim. Qarasam, ikkita tuz.
Hammasi ravshan. Men — “mijoz”man.
Nima ham derdim, musofir do‘stlar, barakalla. Ustasi farangni dog‘da qoldirdingiz. Lekin jo‘jani kuzda sanaymiz.
Naqd pulim qanchaligini o‘zimcha chamalab chiqdim. Portfelimda sakkiz millioncha so‘m va yana ozgina valyutam bor edi.
Men o‘n mingni stolga qo‘ydim. O‘yin boshlandi.
Oldindagi o‘yinchi yuzta tikdi. Sochilik yarim million tikdi. Men olti yuz tikdim va yana qo‘shdim.
Ikki davradan so‘ng bank sakkiz millionga yetib, navbat menga kelgan edi. Endi yerdan qarta olish va qartalarimni ochish uchun men ikki baravar bank qo‘yishim kerak edi. Lekin menga yerdan qarta bermasliklari mumkin.
Qo‘shnim o‘zini Stanislavskiy tizimining eng yaxshi an’analariga mos ravishda tutmoqda edi. Biroq shu top oldindagi aytib qoldi:
— Bordi-yu, pul tugab qolsa, yuz grammga chegirib qolsa bo‘ladimi?
Obbo shovvoz-ey! Sen nimangga chegirib qolasan, axir, Ijevskdan komandirovkaga kelyapsan-ku! Kimga ham qoldirarding? O‘rmon qorovuligami?
— Bolalar, valyuta ham olaverasizlarmi?
— Qaysi narx bo‘yicha? MBmi?1
— MB. MB.
Men o‘zimcha ikki baravar qiymatni hisoblab chiqdim, qartalarimni “stol”ga qo‘ydim-da, yerdagi qartalarni changalladim. Bundan sheriklarim bo‘kirib yuborishdi:
— Qayoqqa!!!
— Men ikki baravar qilib qo‘ydim, — xotirjam tusda dedim men. — Garchi… ahmoqman-da, olmasam ham bo‘laverardi… Shundoq ham qartalarim yaxshi… — Men o‘zimni “choynak” qilib ko‘rsatishga tirishayotgandim. Xullas, men ularni chuv tushirdim. Mening qo‘limda mag‘lubiyatsiz kombinatsiya bor edi. Yerdagi qartalar ichidan ikkita tuz.
“Sheriklar” alam bilan qartalarni tashlashdi, men pullarni shipirib oldim va sanab ham o‘tirmay cho‘ntaklarimga tiqdim.
Endi juftakni rostlash qolgandi.
— Ha… — cho‘zib dedi oldindagi, “laqqa”ning uloqni olib ketganiga hamon ishonmay. — Xo‘p, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, suz yana, tag‘in bir qo‘l o‘ynaylik. Suza qol, — shoshirdi u sherigini.
— Yo‘q, bolalar. Hozircha suzmay turamiz. Avval sizlarning xatolaringizni bir eslatib qo‘ymoqchiman.
— Qanaqa xatolarni? — ajablandi oldindagi.
— Sizlarning birinchi xatongiz shundaki, sizlar meni Sibirdan chiqqan “laqqa” deb o‘yladingiz, chunki Omsk reysi bilan uchib kelgandim-da. Lekin men Omskdan emasman. Men shimoliy poytaxtdanman, ya’ni Piterdan. Sank-Peterburgdan. Hali Omskda o‘tmagan narsamizni biz Piterdayoq unuta boshlaymiz. Sizlarning ikkinchi xatongiz, — tahqirlangan yigitlarning tashlanishga bo‘lgan shaxtlarini kesdim men, — bu sening yuz grammga olib qo‘yish haqidagi gullaganing bo‘ldi. Hoy bola, o‘ylab ko‘rsang-chi! Qanaqasiga olib qo‘yarding, sen axir Ijevskdanmidi yoki anovi Chelyabinskdanmi, esimda yo‘q, komandirovkaga kelayotgan odam bo‘lsang. — (Bola karaxt holda sukut saqlardi). — Sen esa, birodar, qoyil, — maqtadim qo‘shnimni, — haligi kilkili buterbroding qimmat turadi. Buni senga qayerda o‘rgatishdi?
— Joyi ko‘p, — xushlamaygina javob berdi u. Umuman, u ko‘p sukut saqlardi, aftidan, hozir yoki birpasdan so‘ng meni tuzlashni o‘ylardi…
— Endi esa, bolalar, asosiy ishga o‘taylik. Sizlarning qarta bilan bunday muomala qilganingiz uchun qo‘llaringizni sindirsa ham oz!
— Nimaga endi?
— Hozir aytaman. Masalan, seni olaylik. Dastadagi tuzlarni “mijoz”ning yuz-ko‘zicha o‘marib olyapsan, keyin qarasaki ular o‘zingning qo‘lingda, ushlab ko‘rishga ham qo‘ymaysan… Axir, shu insofdanmi, yigitlar? Modomiki senga tuzlar kerak ekan, pont uchun pulsiz o‘ynagin edi, bildirmay olgin edi, dastani shunday suzginki, “mijoz” ajablanmasin, qaytanga minnatdor bo‘lsin, senga o‘xshab qirriqlik qilmasin, — tepadagilarga tegmasdan pastki beshtasini tupuklaysan, xolos. Undan ko‘ra turtishga uzatsang-chi, shunda ham o‘zingning “buzmakor”ingga emas, “mijoz”ga uzat, toki u bundan keyin hech narsani tushunolmay qolsin. Tushundingmi? Qani, chiqar.
Qo‘shnim beixtiyor dastani “chiqardi”.
— Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi?
— Bu yog‘iga o‘zim suzaman.
Men qartalarni suzib chiqdim.
“Bolalar” qartalarga shunday tikilib qarashardiki, go‘yo birinchi marta ko‘rayotgandek. Men, aftidan, ularning ustasi farang degan nomlarini bir pul qilgan, g‘ururlarini sindirgan edim.
— Xo‘sh, nega o‘tiribsizlar? Qartalarni olinglar.
Ular qartalarni olishdi va ularga tikilib qolishdi.
— Xo‘sh, nega ko‘zingni uzmay qolding? Tuzlarni ko‘rmaganmiding? Hali yerdagining ichida ikkitasi yotibdi, olib qarashing mumkin.
Qo‘shnim yerdagi qartalarni ko‘tardi. U yerda ikkita tuz bor edi.
— Voy jall…, ikkinchi qo‘l ham ketdi… — bosiq ovozda dedi u sherigiga. — O‘rgatsang-chi.
— Tekinga kim o‘rgatibdi.
— Qancha?
— Xo‘-o‘-o‘sh, — o‘ychan cho‘zib dedim men… — Sheremetevoga borishga bo‘lishi qancha?
— Bir yuz ellik “ko‘ki”dan.
— Ha, mayli. Qo‘ymadinglar-da. Sheremetevoga ketdik, yo‘l-yo‘lakay sizlarga o‘rgatib boraman. Darvoqe, hozir qayerdamiz?
— Okrujnoydamiz, xo‘jayin, — ovoz berdi haydovchi.
— Bir soatda ulgurasanmi?
— Harakat qilaman.
“Ovchilar sarguzashti” qo‘shig‘iga monand ravishda haydovchi chambarni aylantirardi. Ko‘p o‘tmay tanish joylar ko‘rina boshladi, keyin Leningrad xiyoboni keldi. Men sal yengil tortdim.
Men yangi do‘stlarimga bir nechta oddiy-oddiy o‘yin usullarini o‘rgatdim. Ular nafaslarini yutib o‘tirishardi. Nihoyat, oldinda aeroport ko‘rindi.
— Deputatlar zaliga, — qisqagina amr qildim men.
“Komandirovkachilar” ruhsizgina jilmayib qo‘yishdi.
— Obbo, jall… deputatlar qanday yashashimizni bilishsaydi…
Men haydovchiga yutib olgan pullardan bittasini sug‘urib uzatdim.
— Endi yaxshi yashaysizlar, — dedim-u, mashinadan chiqdim.
— Hech bo‘lmasa pivoga jinday qoldirsangiz bo‘lardi, — oyna ichidan mahzun jilmayib dedi qo‘shnim.
— Senga mumkin emas. Sening uy vazifang bor.
Shoshmaslikka ham, imillamaslikka ham harakat qilgancha men najot zali tomon juftakni rostlab qoldim. Juftakni ham rostladim, qimmatbaho toshlar to‘la hamyonimni ham saqlab qoldim. Ehtimol, hayotimni ham.
Bir haftadan so‘ng Moskvaga uchdim. Styuardessa takalluf bilan berib ketgan “Smena” gazetasini ochib qarar ekanman, ko‘zim tasodiflar rukni ostidagi bir maqolaga tushdi:
“Ishbilarmon X. tasodifiy yo‘lovchilarga 130 million so‘mni yutqazib qo‘ygandi, yutqazib qo‘yilgan pullarini qaytarib olishga uringanida esa uning boshiga to‘pponcha dastasi bilan zarba berishgan va yo‘lga tashlab ketishgan”.
Hoynahoy, bu haligi “shogird”larim bo‘lsa kerak, shogird ustozdan o‘tibdi deganlari rostga o‘xshaydi.
VALYa PAVLOVA
Biz yozda, “Lenfilm”da uchrashib qoldik. Men Leningrad teatr instituti rejissyorlik fakultetining birinchi kursini endigina tugatgan pallalarim edi. Men yigirma uch bahorni ko‘rgan yosh bola edim.
U ham o‘sha institutni bitirgan edi, biroq olti yil oldin, Rossiyaning yirik teatrlarida ishlagan. U o‘ttizlarga kirgan ayol edi.
O‘sha kuni bir shisha araqqa Valyaning soatini garovga qo‘ydik-da, ertalab aktyor sherigimning oshxonasidagi yig‘ma karavotda uyg‘ondik. Shundan so‘ng biz rosa besh yilgacha birga umrguzaronlik qildik.
Men o‘qishimni rejissyorlik fakultetining sirtqi bo‘limiga o‘tqazdim va ikkalamiz qayerda imkonimiz yetsa, o‘sha yerda — radioda, televideniyeda, kinoda ishladik. So‘ng teatrga bordik — avval Qozonda, keyinchalik esa Petrozavodskda. Birmuncha vaqt Valya Liteyniydagi Drama va komediya teatrida ishladi, biroq keyin bosh rejissyor bilan chiqisholmay qolib, ketishiga to‘g‘ri keldi.
Biz og‘ir, ammo go‘zal va quvnoq yashardik. Men Qorbobo va Valya Qorqizni o‘ynagan “archa kampaniyasi” uchun qalam haqi olib, goho “boyigan” paytlarimiz ham bo‘lardi. Shunda restoranga borardik, doim bir joyga — “Evropa” mehmonxonasining ikkinchi qavatiga. Biroq biz ko‘pincha xarjdan siqilib yurardik, bir so‘m bilan navbatdagi qalam haqigacha amal-taqal qilib yetib olardik, gohida esa umuman bir tiyinsiz qolardik. Shunda bozorga borardik-da, mevalardan, quritilgan zamburug‘dan va gullardan o‘g‘irlardik. Bir-birimizning harakatlarimizni birimiz olib-birimiz qo‘yib sharh qilgancha bozordagi hangomalarni eslab, xoxolashib kulishar edik: bu biz uchun o‘yin, spektakl yo lavhalarday bo‘lib, go‘yo Valya yengiltabiat, erkatoy, pulni ayamay sovuruvchi xotin rolini, men esa qattiqqo‘l boy er rolini o‘ynagan bo‘lardik va men shunday der edim:
— Joyiga qo‘y-chi. Bas. Bugun sen kundalik ahmoqliging uchun oladigan naqd ming so‘mning tagiga suv quyding.
Shunda u “itoatkorlik” bilan o‘g‘irlangan gullarni joyiga qo‘yardi, “ming” so‘zidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan sotuvchi esa, — bo‘lmasam-chi, u paytlarda bu pulga minilmagan avtomobil berardi, — uzoqlashib ketayotgan “millioner”larning ortidan havas bilan qarab qolardi.
Biroq odatda gullar Valyada qolardi va shunda komediyaning ikkinchi ko‘rinishi boshlanardi. Biz mevalar sotiladigan rastadagi xatti-harakatlaridan o‘t chaqnaydigan suxsurday gruzin yigitini tanlardik va o‘yinni boshlardik. Yo‘l-yo‘lakay Valya sotuvchi bilan gap sotib qolardi va oxirida gruzin gullar bilan, Valya esa bir qopchiq meva bilan qolardi. Goho qiyin holatda men paydo bo‘lardim va shunday derdim:
— Hayron bo‘lmang. “Lenfilm” kinostudiyasi. Biz mashhur aktrisa Pavlova haqidagi kinoni suratga olayapmiz. Bu esa repetitsiya.
Shu bilan hammasi joy-joyiga tushardi-qo‘yardi.
Aftidan, men uni sevardim. U xudo bergan iste’dod egasi, ajoyib aktrisa edi, teatrda o‘zining ayolga mos va xos mavqeiga ega edi. “Hayotbaxsh o‘lim”dagi Medeya va Mariya Styuart, Ledi Makbet va Komissar uning sevgan rollari edi. U doim jo‘shqin, g‘ayratu ishtiyoqqa to‘lib-toshib turardi. Har qanday telbalik va tavakkallikdan qaytmaydigan ajoyib qobiliyat sohibasi edi.
Meni undagi nimadir, qandaydir joziba o‘ziga tortgani-tortgan edi. Ehtimol, bu undagi iste’dod va g‘ayrat bo‘lsa kerak. Men zimdan u bilan kurashar edim, chunki erkak sifatida men birinchi bo‘lishim kerak edi-da. Biroq ko‘p narsada u birinchi bo‘lardi va men olishganim-olishgan edi. Men Teatr institutida o‘qirdim, teatrlarda ishlardim, bilim yurtida dars berardim, u bilan bir oyga ayru tushib, yilida ikki marta sessiyaga ketar edim. U menga uzun-uzun chiroyli xatlar yozardi. Nimagadir men asabiylashardim, rashkdan qiynalardim, bir oz muddatga bo‘lsa-da, hissiyotlardan qutulish maqsadida unga xiyonat qilardim, unga tomon intilardim, tuyg‘ular junbushiga chidolmay, bo‘kib ichardim, sevardim va nafrat qilardim.
Diplom spektakli qo‘ygani Saranskka ketganimda u meni tashlab ketdi. Uni kardobaletdan bir bola olib ketgandi, ikki haftadan keyin esa bola uni tashlab ketdi. U menga qaytib kelishga urinib ko‘rdi, biroq men uning xiyonatini kechirolmas edim, uning bu ishi o‘shanda menga xiyonat bo‘lib ko‘ringan edi-da.
Keyin, anchadan so‘ng men uni tushundim va kechirdim. Vaqti-vaqti bilan unga butun umrim davomida yordam berib yurdim. Uning og‘ir va qisqa hayotida yordam ko‘rsatdim. Biroq, ehtimol, xudo uni nimasi uchundir jazolagan edi. Ehtimol, meni tashlab ketgani uchundir.
Meni esa panohkor farishtam asragan edi. U meni tashlab ketgani uchun ham odam bo‘lgan bo‘lsam, ajab emas.
Biroq o‘shanda men buni tushunmagandim. Azoblangan sayin ichkilikka ruju qilardim.
Nihoyat, umrimda birinchi marta o‘z ismimni ko‘rdim — rejissyor “Andrey Ananov sahnaga qo‘ydi” — bu teatr afishasidagi yozuv edi. Umrimda birinchi marta qalam haqini oldim — yetti yuz so‘mdan ko‘proq. O‘sha paytlarda bu katta pul edi. Valentina meni Leningradda kutardi, yangi 1972 yil yaqinlashib kelardi. Biz kelishib qo‘ygan edik — men diplom spektakli qo‘ygan teatrdan uyga, Piterga 31 dekabrda uchib kelishim kerak edi. Biz yangi yilni ikkalamiz uyda tanho bayram qilishimiz kerak edi. Biz telefonda har kuni gaplashardik, men unga tomon intilardim va yuragimda boshqa hech qanday gap yo‘q edi.
Men Leningradga bir kun avval, 30 dekabrda uchib kelishga qaror qildim. O‘shanda biz yashab turgan 7-Krasnoarmeyskdagi uyda uni topmadim. Qo‘shnilar, yaqinda u Viborgdagi ota-onasinikiga ketdi, deyishdi. Bu esa elektrichkada uch soatlik yo‘l edi.
Men narsalarni uyda qoldirdim, cho‘ntaklarimni pul va sovg‘alar bilan qappaytirdim-da, kechki poyezd bilan Viborgga qarab parvona bo‘ldim. Biroq uni u yerda ham topmadim. “Leningradga ketdi”, dedi qaynonam, ko‘zlarini olib qochib. Qandaydir noxushlikni his etdim va tonggi birinchi poyezdda uyga qaytdim.
Leningradda Finlyandiya vokzalida poyezddan tushib, nima uchun meni Valya kutib turishi lozim bo‘lgan 7-Krasnoarmeyskdagi uyimga emas, balki Liteyniy ko‘prigi orqali o‘zimning eski xonadonimga, ota-onam huzuriga piyoda yo‘l olganimni tushuntira olmayman. Xonamga kirdimu, darhol ko‘zim stol ustida yotgan xatga tushdi. O‘sha zahoti hammasini angladim.
“Kechir meni, Andryusha. Men nima qilishimni bilolmayman.
Hech nima chiqmasligini oldindan bilgan holda men boshqani sevib qoldim… Meni qidirma… Sen hech narsani o‘zgartira olmaysan… qachon bo‘lmasin, bu ishimdan qattiq pushaymon qilaman… lekin hozir…”
Bu juda qattiq zarba edi. Men birmuncha muddat garang bo‘lib qoldim. Nima bo‘lganini anglashga uringan holda xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladim.
Ertalabki soat to‘qqiz edi. 1972 yil 31 dekabr.
Uyda ota-onam yangi yilga deb olib qo‘ygan bir shisha konyakni ko‘rib qoldim va oldinma-keyin ikki choy stakanni to‘ldirib sipqordim. Oyim uyg‘ondi. U darhol hammasini tushundi, biroq menga bir og‘iz bir nima demadi.
Men hamma pulni, o‘zimning dastlabki qalam haqim yetti yuz so‘mni oldim. Bu pul bilan unga erkak kishi bo‘lganimni, yordam berishga, ro‘zg‘or tutishga qodir ekanimni, iste’dodli ayolga tayanch bo‘la olishimni ko‘z-ko‘z qilmoqchi edim, bu pul bilan mening usta rejissyor bo‘la olganimni va endi men kemamiz darg‘asi bo‘lib yetishganimni, u esa men bilan birga repetitsiya qila olishi mumkinligini va gapimga kirishini ko‘rsatib qo‘yishim kerak edi, men bu pulni cho‘ntagimga suqdim-da, ichgani ketdim.
Men butun maktab ta’tilim davomida ichdim, qo‘limdan kelgancha ichishga sarfladim, men “Evropa” mehmonxonasi restoranining uzoq burchagiga qarab nikoh uzugimni itqitdim, uzuk mayin jingirlagancha dub parketdan dumalab ketdi.
Taajjubki, ko‘p yillardan keyin mana shu uzuk o‘zimga qaytdi. Bu paytga kelib men zargar bo‘lgan edim, uyda ishlardim va mijozlardan buyurtmalar olardim. Kunlardan birida buyurtma bergani kelgan ayol buyum uchun xom ashyo sifatida menga bir nikoh uzugini tutdi. Men hali uni qo‘limga olganimcha, qarab ko‘rganimcha, “Valya, 1968” degan o‘ymali yozuv aks etib turishi lozim bo‘lgan ichki qismiga ko‘z solganimcha yo‘q edi, biroq tashqaridan qaraganda minglab boshqa uzuklardan hech nimasi bilan ajralib turmagan bu uzuk meniki ekanini his etdim.
O‘yma yozuvga ko‘z soldimu bunga ishonchim komil bo‘ldi. Mijoz ayol ketdi, nima qilishim kerak deya unga uzoq tikilib qoldim. Albatta, o‘rniga o‘zimning oltinimdan quyib, uzukni olib qolishim mumkin edi.
Men bizning hayotimizni, bizning ajrashuvimizni, yangi yil xatini, ichkilikka ruju qilganimni, azoblarimni, rashkim va muhabbatimni eslay ketdim.
Men uzukni eritib yubordim. U kichik bir ma’dan qatrasiga aylandi.
…Shunday qilib, barcha qalam haqimni ichib tugatdim, uy aptechkasidagi kalendulaning barcha nastoykasini ichib tugatdim, ikkita kichik araqni deb men to‘rtinchi qavatning karnizidan oyimning qulflog‘ xonasiga yurib o‘tdim, araqlarni o‘sha yerda sipqordim va tag‘in o‘sha karnizdan yurib orqaga qaytdim. Lekin bu ichkilik rujusi meni qutqarib qoldi. Aks holda men u turgan joyga borar edim-da, uni o‘ldirgan bo‘lar edim. Men uning qayerdaligini bilardim.
O‘n kundan keyin vujudim taslim bo‘ldi. Men Liteyniyda, divanda o‘zimga keldim, men asta-sekinlik bilan ming uqubatda hayotga qaytmoqda edim. Bir necha kundan so‘ng bir oz o‘zimga kelgach, qayta Saranskdagi teatrga uchib ketdim — yangi spektakl qo‘yishim kerak edi.
Bir necha kundan keyin men hushdan ketib qoldim — tunda, mehmonxona bo‘lmasida, — qornimda chidab bo‘lmas og‘riq turdi-yu, o‘zimni jarrohlik stolida ko‘rdim…
…Narkoz asta-sekinlik bilan o‘tib borardi. Meni operatsiya qilishganini angladim, men endi hammasini eshitar, anglay olardim. Jarrohlarning shunday deyishganini eshitib yotardim: “Bo‘ldi, to‘rt soatlik jarrohlik operatsiyasidan keyin chekishimiz mumkin”, — shunday deya chekkani chiqib ketishdi. Jarrohlik xonasida qolgan ikki hamshira o‘zlarining qizlarga xos gaplarini shivirlashar edilar.
Men momiq paxtadan yaralganday hilvirab yotar edim. Birdan karaxtlangan tilim hiqildog‘imga tortilib borayotganini, uning vannaning probkasiday to‘sib qo‘yilganini his etdim. Men yotgan joyimda bo‘g‘ila boshladim. Qo‘limdan hech narsa kelmayotgandi. Na gapira, na chaqira, na qo‘limni qimirlata olardim, hamshiralar esa hamon shivirlashardi.
Shu top bir latifa esimga tushib qoldi. Ha, men na yaqinlar, na Valya, na oliy va abadiy narsa haqida o‘ylar edim. Men shu mavzudagi bir latifani esladim.
…Chekka bir joydagi kasalxona. Tuman miqyosidagi yirik partiya xodimini operatsiyaga tayyorlayaptilar. Operatsiya xonasi jihozlarga limmo-lim — sun’iy yurak deysizmi, sun’iy buyrak deysizmi, hammasi shu yerda, har tomonga rezina ichaklar, naychalar tortib tashlangan, asboblarning millari titraydi. Moskvadan professor, tibbiyot ilmining yulduzi chaqirilgan. Yulduz operatsiya xonasiga kirib keladi, bemorga yaqinlashadi, bemor bo‘g‘ilib xirillay boshlaydi.
Asboblarni qayta-qayta tekshirishadi. Hammasi bexato ishlab turibdi. Havo, kislorod, qon kelib turibdi.
Biroq har gal professor bemorga yaqinlashdi demaguncha u xirillay boshlaydi. Shunda professor buyuradi: “Unga qog‘oz bilan qalam bering, balki nima gapligini yozar”.
Bemor qog‘ozga nimanidir yozgan bo‘ladi, professor yaqin boradi va uning qo‘lidan qog‘ozni olib, o‘qiy boshlaydi, bemor shu zahoti o‘lib qoladi.
— Judayam noaniq qilib yozilgan, — debdi chol-professor. Assistent qog‘ozni oladi-da, baland ovozda o‘qiydi:
— “Rezina ichakdan tushsang-chi, qanjiq!”
Xuddi shundayin, men ham latifa bilan o‘lgan ekanman.
Aytishlaricha, chekib bo‘lgach, vrachlar operatsiya xonasiga qaytib kirishadi. Bu ham bo‘lsa mening baxtim-da.
— Qaranglar, — debdi bittasi, — nimagadir bemorimiz ko‘karib ketibdi!
Bo‘lmasa-chi, ko‘karmay qizararmiding. Rezina ichakdan tushsang-chi, qanjiq!
Bir necha kungacha bo‘m-bo‘sh mehmonxona bo‘lmamdagi telefon to‘xtovsiz jiringlaydi. Nihoyat, dadam anglab yetadi-da, navbatchilarga qo‘ng‘iroq qiladi.
— Ananovmi? O‘n to‘rtinchi xonadagimi? Axir u o‘lgan-ku! Siz kimi bo‘lasiz?
Dadam uyda hech nima demasdan o‘sha zahoti Saranskka uchib ketgan. U menga keyin hikoya qilib berdi, yo‘l bo‘yi qandaydir xatolik sodir bo‘lganini sezibdi. Bir vaqtlar urush vaqtida ham oyimga xuddi shunday deyishgan ekan:
— Serjant Ananovmi? Axir u o‘lgan-ku!
Oyim dadamni morgda, marhumlar stolida hali issiq holatda topgan ekan. Oyim ham qandaydir xatolik sodir bo‘lganligiga qattiq ishongan ekan. Operatsiyadan bir necha kun keyin men chidab turolmadim va Valyaga telegramma jo‘natdim. Menda klinik o‘lim sodir bo‘lganligini, operatsiya qilinganimni yozdim va tezda uchib kelishini iltimos qildim. Biroq u kelmadi. U telegramma yubordi: “Meni ahmoq qilaman deb o‘ylama. Men sening melodramangga ishonmayman”.
Shundan keyin men unga hech qachon va hech nima yozmadim.
…Men yana uylandim, jozibador Stella ismli ajoyib, go‘zal, bokira va meni jonidan sevuvchi qizga uylandim, bu paytga kelib Valya yana hayotimda paydo bo‘ldi.
Valya menga qo‘ng‘iroq qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, u ikkiqat bo‘libdi, Rigadan kelibdi, o‘sha vaqtda u teatrda ishlayotgan ekan, Leningradda tug‘ishga ahd qilibdi, hozir “Snegiryovka”da turganmish, unga yog‘, choy, qand va pul kerak ekan, yangi eri Rigada ichishga ruju qilganmiщ va kelishga shoshilmayotganmish.
Men hayotimizning boshlang‘ich pallalarini eslab ketdim. O‘shanda dastlabki uchrashuvimizdan uch hafta o‘tgach, Valya bolasini oldirib tashlashga ketgan edi, men unga besh so‘m pul, qand, choy va yog‘ olib bergan edim.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi, men tag‘in unga yog‘, qand, choy va pul olib borayapman.
Keyin esa men uni o‘g‘li Maksim bilan tug‘uruqxonadan chiqayotganida uchratdim, taomilga ko‘ra sanitar qizning cho‘ntagiga uch so‘m solib qo‘ydim.
— Baxtli otani o‘g‘ilcha bilan tabriklayman, — dedi sanitar qiz.
…Yillar o‘taverdi. Vaqti-vaqti bilan Valya menga qo‘ng‘iroq qilar va pul so‘rar edi. Men unga pul jo‘natar edim. Kunlarning birida esa Valya yana qo‘ng‘iroq qildi va yetib kelishimni o‘tindi. Uning eri baxtsiz hodisa qurboni bo‘libdi. Yosh, baquvvat yigit ekan, bosh miya shikastlanishidan keyin u aktyor uchun bebaho hisoblangan eng aziz narsadan judo bo‘libdi — u tildan qolib, birinchi guruh nogironi bo‘libdi. Valya g‘amining chegarasi yo‘q edi. Men mashinada Rigaga yetib keldim, Valyaning erini o‘zim bilan olib keldim-da, Leningradga joyladim. Kommunal kvartiramizning bitta xonasida uch nafar odam — Stella, men va Valyaning eri o‘n kun turdik. O‘n kun men yigitga zargarlik san’ati sirlarini o‘rgatdim, u rostdanam qo‘li gul chiqib qoldi. Oddiy jarayonlarni u tez o‘zlashtira boshladi.
Birmuncha muddatdan keyin men Rigaga borib, Valyani ko‘ndirdim. Shogirdimning qo‘li ancha hunarga kelib qolgan va uncha-muncha pul ham ishlab topmoqda edi. O‘g‘li ham voyaga yetmoqda edi.
So‘nggi marta Valya Peterburgga to‘qsoninchi yillarning boshida keldi. O‘lgani keldi. Tashxisi — o‘pka saratoni. Ikki oy kasalxonada yotdi va men unga yana qand, choy, yog‘, dori-darmon va pul eltar edim.
— Andryusha, menga javob berishsa, yana yurtimga, Viborgga olib bor. Men o‘sha yerda o‘lishni istayman, — deb iltimos qilgandi u bir gal.
Ko‘p o‘tmay unga javob berishdi.
Men uni Viborgga olib ketdim.
QUYoNChA
O‘n besh yil flotga tushib, men yana ichkilikka ruju qo‘ygan edim.
O‘sha yillari maktablarni xrushchyovchasiga qayta tashkillashtirish ketmoqda edi. Sakkizinchi sinfni bitirgach, bizlar yana ikki yil emas, uch yil o‘qishimiz kerakligini bildim. Ko‘plar o‘shanda o‘n yillik ta’limlar saqlanib qolgan “ishchi yoshlar”ning kechki maktablariga ketib qoldi. Kimlardir chindanam kunduzi ishlar edi, kimlardir ish haqida soxta ma’lumotnomalar olar edi.
Men yana o‘z yo‘limdan ketishga qaror qildim: otam, matematika professori yordamida mustaqil ravishda tayyorlanib, bir yilda butun o‘rta maktab dasturini zudlik bilan topshiraman-da, universitetga kiraman deb o‘yladim. Xonadonimizdagi an’ana shuni talab etardi. Biroq otam kasal bo‘lib qoldi, nevrozlar klinikasida uzoq qolib ketdi, bu klinika Vasilevskiy orolining 5-yo‘lida joylashgandi. Men qarovsiz va rahnamosiz qoldim. Oyim ishlardi va biz ukam Nikita ikkovimiz oqsoch Faina bilan uzoq vaqt birga qolishga majbur edik. Faina sodda va ochiqfe’l qishloq ayoli bo‘lib, oilamizda yigirma yildan beri istiqomat qilardi.
Men mustaqil tayyorlana olmadim, oxir-oqibatda, bir-ikki oy beish valaqlab yurdim-yurdim-da, dadamning o‘sha paytlarda urf bo‘lgan o‘tkir uchli botinkasida bir chaqasiz va tanish-bilishsiz Tallin ko‘chalarida paydo bo‘ldim.
O‘sha vaqtlarda billiardga qattiq havas qo‘ygan kunlarim edi. Avvaliga Tavriya bog‘idagi bolalar maydonchasida, temir soqqali mo‘jazgina stolda o‘ynay boshladim va juda tez o‘rganib oldim, keyin esa Leningrad zobitlar uyida buyuk mutaxassisga o‘sha yillari marker bo‘lib ishlagan sobiq piter billiard qiroli Nikolay Pavlovich Chijga “shogird” tushdim. Ertalablari maktabni aylanib kelgach, zobitlar uyiga kelardim, baxtimga u men turgan uydan atigi ikki uy narida joylashgandi. Dahlizdagilar meni bal raqslar to‘garagi mashg‘ulotlariga borayapti deb o‘ylashardi. Men esa ichki eshiklardan birining kalitini olardim-da, binoning ikkinchi qismiga o‘tib ketardim va hech kimga bildirmay billiardxonasiga kirib olardim. Nikolay Pavlovich nima uchun meni shogirdlikka olganini tushunmasdim, ehtimol, yolg‘iz bo‘lgani uchundir, ehtimol, o‘zining noyob usullari va o‘yin sirlarini kimgadir qoldirish uchundir. Men yoshimni katta qilib aytardim, institutda o‘qiyman, deb aldardim, meni billiardxona “talabasi”, yana “Pionerlar uyining chempioni” deb atashardi. Men haqiqatan ham yomon o‘ynamasdim. Nikolay Pavlovich menga yo‘llarini ko‘rsatib borardi, goho ertalablari men o‘yinda biron-bir puldor zobitga sherik tushardim va bir chekkadan yuta boshlardim. Yutganlarimni ustozimga berardim, u esa oxirida menga “choychaqa” berardi. Yutqazganim uchun ham pulni u berardi.
Shunday qilib, Tallindaman. Birmuncha vaqt mahalliy zobitlar uyida “gastrollarda” bo‘lardim, oz-oz yutib olgan pullarimga muzqaymoq olib yerdim, (bu xiyla quvvatbaxsh ozuqa edi), so‘ng sarguzashtlar payidan tushib, tevarak-atroflarni aylanardim. Bir gal men bir shturmanni yutdim, uning yonida pul kam ekan, u meni dengiz bandargohiga, “Vega” o‘quv kemasi — uch machtali brigantinaga olib ketdi, o‘sha yerda “tanishganligimizni” nishonladik va men tunab qoldim. Keyin bir yo‘la qolib ham ketdim, paluba matrosi shogirdi bo‘lib joylashdim, boshqacha aytganda Tallin dengiz o‘quv yurti o‘quvchilari ikki oylik paluba amaliy mashg‘ulotlari o‘tadigan g‘aroyib yaxtaning yungasi bo‘ldim.
Sarguzashtlarga ishqibozlik meni “kattalar” hayotiga tortar edi. Dastlabki qisqa muddatli ta’tilimda birovning “qisqichbaqali” furajkasini mag‘rurona kiyib va kubrikda eston matrosining nasiyaga olgan kumush uzugini barmog‘imga taqib, “Meri-klub”dagi raqsga yo‘l oldim. Qaytib kelib, uzuk egasidan rosa kaltak yedim. Unga furajkaning egasi yordamlashib turdi, u ham eston yigiti edi. Men o‘z nazarimda nohaq jazolangan bo‘lsam-da, bu saboq umr bo‘yi esimdan chiqmaydi. Shundan beri men estonlarni yomon ko‘radigan bo‘lib qoldim.
Bolaligimda balandlikdan o‘lguday qo‘rqardim. Kemaga kelgach, eng baland reylar, yoki bo‘lmasa yuqorigi marsellarda matroslar ishlashini bildim. Shogirdlarni faqat quyi pog‘onalarga qo‘yilar ekan. Men tez orada va kutilmagan fursatda sharmanda bo‘lishimni angladim. Kema radiosidan kema bo‘yicha navbatdagi komanda berilishini bildiruvchi qarsillagan va shiqillagan tovushni eshitishim hamon har gal ichimdan ichqirindi o‘tar edi. Har gal nafasimni ichimga yutib, e’lonni kutar edim:
— O‘quv yelkan trevogasi. Komanda yuqorigi va quyi marsellarda o‘z joyini egallasin…
Yuqorigi marsellar — bu machtalarning eng oxiridagi palubadan yigirma metrlarcha balandlikdagi yelkan edi.
Biroq hozircha Xudo menga yor edi. Radio churq etmayotgandi.
Bir kuni tunda men o‘zimni bardam his qilmoqda edim. Komanda a’zolari va shogirdlar uxlashardi, supachadagi shturvalda vaxta matrosi turardi. Tun zim-ziyo, yulduzsiz edi, boz ustiga kuchli yon shamol esardi. Kema shitob bilan guvillab suzib borardi.
Vaxta matrosi yon-beriga qaramas, ikki ko‘zi oldinda edi, ahyon-ahyonda shturvalni turtib qo‘yar edi. Palubada hech kim yo‘q, faqat shamol to‘rlarga urilib chiyillar va oldindagi qop-qora bo‘shliq ichiga kirib ketgan bizan-machta g‘ichirlardi. Men na tepaga, na pastga, na yon-atrofga ham qaramay vantlar tomon intildim va yuqoriga o‘rladim.
Men vantlarning dastlabki marshi oxirigacha ko‘z ochib-yumguncha yetib oldim. Endi men machta atrofini aylanib o‘tuvchi o‘tish supachasiga kelib qolgandim. Vantlar yog‘och pillapoyachali arqon narvonchasining navbatdagi vantlari ortida joylashgandi.
Qo‘lim bilan supachaga tirmashgancha men qarshi tomondagi qirragacha egilib yetib oldim va jon-jahdim bilan yuqoriga o‘rladim. Yuqorigi marselgacha qanday yetib borganimni aytib o‘tirmayman. Leerga mahkam yopishib olgancha, machta bilan baravar chayqalar ekanman, o‘zlarini bilag‘on ko‘rsatib, machtaning har borib kelishi olti metrdan ham oshiqroq ekanini aytishganda yuz foiz haq ekanliklarini, afsuski, anglab turardim.
Qisqichlari va dumi bilan changallab olgan qisqichbaqa singari men ham duch kelgan narsaga mahkam yopishgancha qanday pastga tushib kelganimni ne so‘z bilan aytay? Nazarimda bir bo‘ltak iliq axlatga aylanganmanu abadiyat sari sirg‘alib ketyapman. Nihoyat, sovuq va dahshatdan titrab-qaqshagancha o‘zimning qadrdon issiqqina kubrigimda paydo bo‘ldim, boshim bilan to‘shakka suqildim va o‘likday uyquga ketdim. Ertasi kuni tunda yana bizanga ko‘tarildim — endi har kuni tunda mashq qila boshladim va kundan-kunga dadillashib boraverdim. Oxiri shu darajaga yetdimki, matroslarda bo‘lgani kabi hatto oyog‘imni leerga qo‘yib chiqadigan, yuqorigi marsel bo‘ylab uning eng chekkasigacha yetib boradigan bo‘ldim.
Men “Vega”da yarim yil suzdim, texminimumni topshirib, “g‘o‘ra”dan ikkinchi klass matrosiga aylandim, men eshkakni ajoyib eshar, yelkan trevogasi vaqtida leerda ikki oyoqlab turib va reyda qornim bilan yotib yuqorigi marsel yelkanini bemalol chayqatar edim: hatto bir gal suv bayrami vaqtida fok-rey tumshug‘idan ancha og‘ir va xiyla xatarli bo‘lsa-da, pastga sho‘ng‘idim ham, chunki suv o‘rniga bosh bilan palubaga sho‘ng‘ib tushish hech gap emasdi-da. Qisqasi, men chinakam yigit bo‘lgandim.
Biroq men yana ichkilikka berildim. Qanday tirik qolganimga, ko‘plarni domiga yutgan mana shu chuqurlik tubiga tushib ketmaganimga, ichkilikdan adoyi tamom bo‘lmaganimga, mastlarcha mushtlashuvlarda o‘lib ketmaganimga, Liteyniydagi shifti pastak kvartiramning qandilidagi ilmoqqa osilib qolmaganimga hali-hanuz ishongim kelmaydi. Bir karra ko‘z yumib, qayta uyg‘onmaslikni orzulagan paytlarimda vahshiyona ichkilik jazavalaridan mo‘jizali tarzda omon qolganimni o‘ylayman. Universitetga qanday kirganimni, teatr institutini qanday bitirganimni, qirq to‘rt yil spektaklimni qanday qo‘yganimni, qanday qilib mashhur sportsmen, kinoartist bo‘lib yetishganimni va, umuman, qanday yashab qolganimni hozir hech tushuna olmayman.
Kim meni qutqarar edi? Musibat va fojealarni boshimdan kim aritar edi? Qayta oyoqqa turib, yorug‘ olamga meni kim yetaklab chiqardi? Tangrimi? Homiy farishtami? Taqdirmi? Meni yaxshi ko‘ruvchi odamlarmi? Yoki vujudim qa’rida yashovchi, meni taslim bo‘lishga, taqdirga tan berishimga, o‘zimning ojizligimni tan olishimga yo‘l qo‘ymovchi tag‘in biron-bir narsami? “Boshqasini ochmasdan oldin hech qachon hayot birinchi eshikni yopmaydi”, — der edi menga otam. U o‘z joniga qasd qildi va men uchun bir eshik yopildi. Men uni dafn etdim va uning xotirasiga ichishni tashladim. Men uchun ikkinchi eshik ochildi.
Men besh yil ichmadim. Men boy berganimni qayta tikladim, o‘sha paytda o‘zim uchun eng muhim bo‘lgan ishni ado etdim — men hayotda o‘z o‘rnimni egalladim, asosiy savollarga o‘zim uchun javoblar topdim. Nima uchun yashayotganimni, kim bo‘lmoqchi va qanday qilib bo‘lmoqchi ekanimni tushunib yetdim, men zargarlik kasbiga olib kelgan baxtli tasodifdan foydalanib qoldim, onajonimga o‘zimning birinchi oltin buyumimni — bir vaqtlar sotib ichib yuborganim o‘rniga dur ko‘zli to‘g‘nag‘ich yasab berdim. Oyijonim o‘lib ketdi, to‘g‘nag‘ich esa o‘shandan beri hamisha o‘zim bilan birga, galstugimda yuradi. Unga qarab turib mening nimalar haqida o‘ylashimni va nimalarni eslashimni hech kim bilmaydi. Ammo bu og‘ir doston va buni hech kim bilishi ham kerak emas. Ichuvchilarga kamdan-kam hollarda achinishadi. Ko‘proq yomon ko‘rishadi, ulardan yirganadilar, undan ham badtarrog‘i — sotadilar va tashlab ketadilar. Qattiq mastlik holatidan keyin hushiga kelgan ichkilikbozning nechog‘li azoblanishlarini ichmaydigan yaqinlaridan birontasi hech qachon bilmaydi. Bu azoblar jismoniy azoblardan necha chandon azobli kechadi. Men umrimda bundan ham kuchli azobni faqat bir marta boshdan o‘tkazganman: Tallin kasalxonasida pichoq bilan chavoqlangan va shamollagan ichagimdagi dahshatli og‘riqdan ikkinchi marta o‘lganimda, peritonitning so‘nggi bosqichida shunday bo‘lganman. Biroq o‘shanda meni Xudoning o‘zi saqlagan edi.
Keyin esa Xudo menga hayot farishtasi qizalog‘im Anitani yubordi, uzil-kesil meni o‘limdan saqlab qoldi. Menimcha, meni chin dildan sevuvchi yakkayu yagona zot ham shu kishim bo‘lsa kerak. Men uni erkalab, Quyoncha deyman, shu Quyoncham meni musibatdan nari qildi, o‘zi bilmagan holda meni qutqarib qoldi, holbuki, buning uchun u urinib-chirangani ham yo‘q, ko‘zyoshi to‘kib, yig‘i-sig‘i qilgani ham yo‘q. Va’z o‘qib, nasihatlar bergani ham yo‘q. Hali tili chiqmagan norasida go‘dak qanday qilib ham va’z o‘qib, nasihatlar bera olsin! Biroq u mening hayotimni saqlab qoldi va men bu haqda so‘zlab beraman.
Quyoncham Sher bo‘lib tug‘ilishi kerak edi, shunda oilamizda ikkita Sher bo‘lar edi — dada-Sher va Quyoncha-Sher. Biroq Anita muddatidan uch hafta oldin dunyoga keldi va Sher emas, Saratoncha bo‘ldi. Sherning fazilatlariga ega bo‘lgan shundoq mehribon va toleli Saratoncha.
…Haydovchi meni bir qop unday dala hovliga keltirib tashladi. Xotinim va qizimga ko‘zimni ko‘tarib ham qaramay, ruhiy azob va uyatdan g‘ujanak bo‘lgancha xonamgacha yetib bordim va boshimni ko‘rpaga burkab yotib oldim. Issiq yoz kuni edi, men esa xuddi qahratondagidek dag‘-dag‘ qaltirardim. Birdan ko‘rpa qimirladi. Bu jimgina oldimga kelgan Quyoncha edi va indamay men bilan yonma-yon yotib oldi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, uning go‘daklarcha ma’sum ko‘zlarida kattalarga xos dard va mungni ko‘rib, qo‘rqib ketdim. Birmuncha vaqt biz jimgina yotdik. So‘ng esa mittigina issiq qo‘lcha meni unsiz va ehtiyotlik bilan silayotganini sezdim.
Men Anitani bag‘rimga bosdim-da, tovush chiqarmay yig‘lab yubordim. Menga nima yordam berishi mumkinligini va bu boshqa biron-bir odamning qo‘lidan kelmasligini tushungan murg‘akkina jonzotga azbaroyi minnatdorligim tufayli yig‘lab yubordim. Go‘dakka qapishibgina yotar edim, qo‘nimi yo‘qligi uchun yana ketib qolishidan qo‘rqayotgandim. Lekin u ketmadi, ketmadigina emas, meni ohista silar edi. Bu vaqtda Anita hali birga ham to‘lmagan qip-qizil chaqaloq edi.
Bundan oldin hech kim va hech qachon meni bu qadar yovvoshlik, mehribonlik va sabr-toqat bilan erkalamagandi. Ehtimol, bu o‘zgalar dardini his etish, o‘zining nozik his-tuyg‘ulari bilan yordam haqidagi ushbu ko‘zga ko‘rinmas unsiz qichqiriqlarni idrok etish, evaziga o‘zining qalb harorati va muhabbatini sadqa qilish bilan javob qaytarish barchaga ham nasib etavermasligidan bo‘lsa kerak. Quyoncha mening dardimni his etardi, Quyoncha meni sevar va menga achinardi. Men ham yengil nafas olib tushundimki, men ham kim uchundir yashashim kerak. Boshdan-oyoq sovuqqonlikdan iborat va o‘zgalar dardini anglashga va his etishga qodir sevuvchi va bag‘rikeng yaqinlaring yo‘q bu foniy dunyoda men yolg‘iz emasman.
Uzoq vaqtgacha qachon stakanni ko‘rsam, qizimning ko‘zlaridagi o‘sha kattalarga xos mungi esimga tushib yurdi. Shu narsa menga ko‘mak berdi. O‘zimni o‘nglashga, stakanni qo‘limga olmaslikka, navbatdagi ichkilikbozlik dardiga giriftor bo‘lmaslikka yordam berdi. Men qariyb bir yarim yilgacha ichmadim, biroq meni dala hovlida silagan iliq qo‘lchani asta-sekin unuta boshladim. Tag‘in hammasi boshidan boshlanib ketdi. Uch kun bo‘kib ichaman, ikki kun qaltirab yotaman, arqon haqidagi o‘ylarga ko‘milaman, divandan bag‘rimni ko‘tarolmayman, uchinchi kuni sho‘rvaning suvini ichaman, ikki kun davomida oldingi hayotga qaytaman va bir necha hafta bosim ishlayman. So‘ngra — yana bari boshidan boshlanadi.
Mening hayotimda bir vaqtdagi Visotskiyning hayotiga zomin bo‘lgan “esperal” muolajasi bor edi, u halok bo‘lgan otam haqidagi xotiraga chandib qo‘yilgandi, besh yil tanaffus qildim, yana bir muolaja o‘tdi, yana bir yarim-ikki yil tanaffus qildim-da, yana ichkilikka ruju qildim va nihoyat, Quyoncha yo‘limni to‘sdi.
1989 yilning qishida Quyonchaning onasi bir necha kunga Smolenskda turadigan buvisinikiga ketdi. Biz qizim bilan ikkalamiz qoldik. Men u bilan mazza qilib aylanar, uni ovqatlantirar, tagliklarini almashtirar, to‘ri baland bolalar karavotchasiga yotqizar edim.
Bir kuni kechqurun huzurimga qo‘shni kirdi. Chaqaloqni yotqizib qo‘yib, biz dasturxonga o‘tirdik. Aniq nima bo‘lganini yaxshi eslayolmaymanu, ammo oxiri shunday bo‘ldiki, so‘nggi shishani bir o‘zim icha boshlagan edim.
…Men yarim tunda uyg‘ondim. Pardasi tortib qo‘yilgan derazadan oy yaraqlardi, uning sovuq nuri yoritib turgan buyumlarning soyasi bahaybat ko‘rinardi. Men ko‘rpa ustida, botinkamni yechmay yotardim, quruqshagan tomog‘im yopishib, zo‘rg‘a nafas olardim. To‘satdan yonginamda kimningdir issiq badanini his etdim. Biqinimda, cho‘k tushib egilgan ko‘yi boshini divanimga qo‘ygancha jiqqa ho‘l Quyoncha jimgina uxlardi. Yalang‘och oyoqchalari qop-qora polda oqarib ko‘rinardi.
Go‘dakkinamning o‘rnida bir zum o‘zimni tasavvur qildimu dahshatdan nafasim ichimga tushib ketdi. Quyoncha tunda uyg‘ondi. U yig‘lab meni chaqirardi. Men esam, g‘irt mast bo‘lib, qo‘shni xonada xurrakni otardim. Quyoncha qandaydir mo‘jiza bilan baland to‘rdan oshib o‘tganda, yiqilib tushib, oyog‘ini sindirib olmagandi, balki yiqilgandir, lat yegandir ham, meni chaqirib yig‘lagandir ham, oxiri umidini uzib, jimjit keng xonada meni qidirib, emaklab kelgandir. Quyoncha meni topgan, homiy farishta singari cho‘k tushgancha tun bo‘yi yonimda, o‘layotgan otasi oldida qolgan. Otasi esa bu vaqtda o‘zidagi bor so‘nggi bisoti — bir yarim yasharlik go‘dakni boy berishga tap-tayyor bo‘lib yotardi. Axir, bu otani yorug‘ dunyoda tutib turgan qilcha jon mana shu murg‘ak go‘dak emasmidi? Meni balo-ofatlardan homiy farishtadek omon saqlab qolgan mana shu so‘z bilan izhor etib bo‘lmas bokira muhabbat emasmidi? Yana kuch bilan o‘rnimdan turdim, uxlab yotgan chaqaloqning ustini almashtirib, yotqizdim, ko‘rpam bilan o‘radim, qolgan araqni unitazga to‘kdim, yechindim va boshimni ko‘rpaga burkab, peshonamni go‘dakning ozg‘in yelkasiga tiragancha, yonma-yon yotdim. Shunda vujudimdagi barcha og‘riqlar birdan g‘oyib bo‘ldi va men jim va tinch uyquga ketdim.
Shundan beri ko‘p yillar o‘tdi. Men spirtli ichimlikni boshqa og‘zimga olmadim. Umid qilamanki, men bu baloyi ofatdan xalos topdim.
Quyoncha Parijdagi maktabda o‘qiyapti, hozircha frantsuzchada sharillatib o‘qiydi va yozadi. Tez-tez shamollab turadi, asalli qaynoq sutga hushsizroq. Quyonchaning Parijda oyisi va singlisi Nastyosha ham bor.
Ular inoq yashashadi va birga o‘ynashadi. Quyoncha meni avvalgidek yaxshi ko‘radi va doim ko‘zi yo‘limda to‘rt. Quyoncha shunday deydi: “Men dadamday aqlliman va oyimday chiroyliman”. Quyoncha tez o‘sayapti.
Ey Xudoyim, ishqilib, Quyonchani o‘z panohingda asragin-da.
MONTE KARLO
Shunday qilib, shinam frantsuz Montelimeridagi bayram nihoyasiga yetmoqda.
So‘nggi kunlarda vaqti-vaqti bilan he yo‘q-be yo‘q nimagadir o‘zimdan-o‘zim kuladigan odat chiqargan edim. Aslida esa bolalik xotiralarim va bobom Monte-Karloda mulki va ot zavodini yutqazib qo‘ygan ashaddiy qimorboz haqidagi oilaviy rivoyatlarga qattiq berilib ketib, ajib bolaligim kechgan mamlakat Monakoga qilajak serzavq safarimni xayoldan o‘tkazarkanman, og‘zimning tanobi qochib ketaverardi. Biroq Monakoda meni hayajonga soladigan bir qimorxona emasdi. Monte-Karlo markazida, barcha qulayliklar va hashamat bilan qurshalgan “Otel de Pari” oldidagi Kazino maydonidagi ko‘pni ko‘rgan, uncha hashamdor bo‘lmagan “mersedes”da paydo bo‘ldimu, bir oz o‘zimni yo‘qotdim, shuurimda qandaydir bilinar-bilinmas g‘ayritabiiylik his etdim. Atrofimda maxsus buyurtma bilan yasalgan maxsus avtomobillar zir qatnaydi, o‘ziga to‘q, og‘zida sigara, feruzalarga ko‘milgan boy odamlar g‘ala-g‘ovur qiladi, oyoqlari uzun, parday yengil gollivud qizlari u yoqdan-bu yoqqa suzadi, oftob charaqlaydi, dengiz tomondan salqin shabada esadi, har yoqdan shirin ozodlik kuylari quloqqa chalinadi. Men o‘zimni tasodifan zotdor xonaki itlarning ko‘rgazmasiga tushib qolgan bezot daydi ko‘ppakday his etmoqda edim.
Birpas sust bosib turdim-da, men o‘zimni qo‘lga oldim. Eski limuzinimni xuddi milliarderlardek erinibgina kezinayotgan satang eshikbon ko‘zidan nari qilish uchun otel tomon yurdim.
Men “Otel de Pari”da qimmat xona oldim, g‘aribgina yeguliklarimni yoyib qo‘ydim va mehmonxona bo‘lmasiga o‘xshash vannaga kirdim-da, dabdabali ko‘pikka sho‘ng‘ib, o‘yga cho‘mdim. Men bu yerda hech kimni bilmasdim. Men faqat bir narsani bilardim — men millioner va xudbin donolarga to‘lib-toshgan bu jannatda shuhrat cho‘qqisini egallashim mumkin edi. Bu ham bo‘lsa faqat o‘zimning halol mehnatim bilan: zargarlik buyumlari yig‘nog‘iyu sog‘lom rus avantyurizmi orqali. Ammo qaysi tomondan boshlasam ekan?.. Shu top eshik taqilladi. Kirgan ofitsiant stolga shampan shishali chelakni qo‘ydi, chelakka bir konvertni suyab qo‘ydi-da, vannaning ochiq eshigiga orqasini qilib tavoze ila burilgancha, ko‘zdan yo‘qoldi.
Bu mehmonxonaning yangi mijozini kutib olishdagi rasmiy harakatlar edi. Aslida shampan puli yo hisob-kitob chog‘ida hisobga olinardi, yo azaldan bo‘lma qiymatiga kiritilgan bo‘lardi. Konvertda, albatta, direktorning tashrifnomasi solingan, unga navbatchi menejer bir nechta takalluf so‘zlari bitgan bo‘lardi.
Shunda miyamga bir fikr keldi.
Men Sobchak xonim Parijdagi qabulda frantsuzlarga ko‘rsatgan tuxumning o‘zidek qilib pasxa tuxumi tayyorladim, o‘zimning tashrifnomamga “Otel de Pari”da bo‘lganimdan g‘oyat baxtiyorman, deb yozdim. So‘ng kurerdan direktorga jo‘natib yubordim. Agar u joyida bo‘lsa, albatta, qo‘ng‘iroq qiladi. Chunki poshsholik shampaniga javob tariqasida qimmatbaho sovg‘a yuborgan birinchi ahmoq, hech shubhasiz, men bo‘lib chiqaman. Qo‘ng‘iroqni kutar ekanman, yig‘nog‘imni ochdim va ko‘rgazmaga o‘xshash bir narsa hozirlay boshladim.
Xuddi taxmin qilganimdek, qo‘ng‘iroqni uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Qolgani xamirdan qil sug‘urgandek bitdi. Direktor meni bir piyola qahvaga taklif qildi, men esa uni xonaki peshtaxtamga.
Otel direktori hayratdan yoqa ushladi. U oshkora qiziqish bilan buyumlarni ko‘zdan kechirdi va oxirida dedi:
— Sizga kim kerakligini bilaman. Sizga Andre Rolfo Fontana kerak. U shu sohaning odami. Sizni u bilan tanishtirib qo‘yaman.
Mesyo Rolfo Fontana knyazlikdagi birinchi ko‘rgazmalarning mudiri, Knyaz Rene III ning yaqin do‘sti edi.
Ko‘p o‘tmay u mallasoch yordamchi qizi hamrohligida paydo bo‘ldi. Rolfo Fontana haqiqatan ham g‘oyat boobro‘ janobga o‘xshab ko‘rinardi. Buyumlarni viqor bilan ko‘zdan kechirdi, viqor bilan o‘rindiqqa ag‘darildi, bu bilan u bu yerda o‘zi xon, ko‘lankasi maydon ekanini bildirib qo‘ymoqchi edi, Monako knyazidan ko‘ra bilimdon mutaxassis ohangida dedi:
— Chakki emas, siz ajabtovur Faberje yig‘nog‘iga ega ekansiz, janob Ananov.
— Muallifga bu qadar tez baho berishga qanday jur’at etdingiz? — ajablangannamo dedim men.
— Hayotimda ko‘p narsalarni ko‘rdim, — mamnun va xayrxohlik bilan jilmaydi mesyo.
— Men bergan bahoingizdan lol qoldim, to‘g‘risi, menga noqulay: ammo tan olish kerakki, bu Faberje emas. Bu — Ananov. Buyumlar esa hozir Rossiyada yasalgan.
Mesyoning mamnun jilmayishi so‘ndi. U hatto bir oz qizardi ham. Biroq o‘zini juda tez o‘nglab oldi-da, tavoze bilan ta’zim qildi — “tabriklarimizni qabul eting”.
Tashrif so‘ngida butun sovet hokimiyati yillarida Monakoda bayram qilingan rus rojdestvosi vaqtida buyumlar yig‘nog‘im bilan Monte Karloga kelishga taklifnoma oldim. Bu o‘n kunlik tashrif bo‘lib, barcha xarajatlar hukumat tomonidan to‘landi, ikki kundan keyin esa sohilbo‘yi shahrining markaziy gazetasi “Nis maten”ning eng a’lo, so‘nggi rangli sahifasida “Mavsum yulduzlari” rukni ostida mening fotosuvratim bosilib chiqdi. Suvrat ortida xazinam va katta maqtov maqolasi chop etilgandi. Fotosuvratda o‘quvchilarga oq kostyumli, o‘z qadrini biladigan va gazeta rukni nomiga mutlaqo javob bera oladigan salobatli janob qarab turardi.
Mesyo Andrey Rolfo Fontana chinakam mard inson ekan.
1991 yil dekabri — 1992 yil yanvarida Monte Karlodagi ilk ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tdi, men kelasi yil kelish uchun yana taklifnoma oldim. Bu ishim bir cheti ommaning hayajonli qo‘llab-quvvatlashi, bir cheti Andreyning oliyhimmatliligi, bir cheti yangi do‘stimiz, afsuski, marhum shahzoda Lui de Polinyak va yana bir cheti Monako knyazi Rene III uchun oldindan maxsus tayyorlangan va o‘sha maftunkor Rolfo Fontana tomonidan mening nomimdan taqdim etilgan sovg‘a sharofati bilan baroridan keldi. Xullas, men Monte Karloni zabt etishda davom etmoqda edim. So‘nggi istehkom Qizil Xoch Bali edi.
1994 yil yaqinlashib kelardi. Bu vaqtga kelib men Monte Karloga xiyla mustahkam o‘rnashib olgan edim: men Monte Karloning oliy jamiyati doirasiga kirib bordim, bu yerda mening uch turli ko‘rgazmam bo‘lib o‘tdi, bahorda Balning birinchi mukofoti va ramzini yasab, shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarildim. Bu — o‘zi oq kaxolang toshidan, barglari yashil nefritdan, tog‘ billuridan qilingan va olmoslar bilan jilolangan guldonchaga o‘tqazilgan atirgul edi.
Nihoyat, beshinchi avgustda, tug‘ilgan kunimga uch kun qolganda Monte-Karlo shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilishimning so‘nggi pillapoyasini bosib o‘tishim kerak. Beshinchi avgustda Qizil Xochning mehr-muruvvat balida men tantanali suvratda sahnaga chiqishim va Farebje va Ananovning eng yaxshi an’analarida tayyorlangan mehr-muruvvat lotoreyasi vaqtida o‘ynaladigan Balning bosh mukofoti sifatida shahzoda Albert tomonidan tasdiqlangan maxsus pasxa tuxumini baxtiyor insonga topshirishim kerak. Bu fikr boshimda ancha oldin, bultur balda mehmon bo‘lib qolganimdan beri aylanib yurardi. Garchand o‘shanda men bal boshlanishidan oldin malika Karolinaning shaxsiy kokteyliga taklif etilganimda bu alohida sharaf hisoblanardi — kechki ovqat vaqtida meni shahzoda de Polinyak qarshisiga o‘tqazishdi, bu ham g‘oyat sharafli edi, o‘shanda ilk bora bu yurtga qadam ranjida qilganimdagi bir tuyg‘u vujudimni qamrab olgandi. Uch ming boy bekorxo‘jalar o‘tirgan bu tanobiy uy menga qaramayotgandi, menga qo‘l siltamayotgandi va umuman, mening bu yerdaligimni bilmasdi ham. Bu men uchun haqorat qilish bilan baravar edi. Xaloyiq olmos ko‘zli g‘aroyib uzuk sovg‘a qilgan “Karte” shirkatiga, butunlay yangi nusxadagi oltin bilakuzuk in’om etgan “Repossi” shirkatiga stollarni odatdagi atirgullar bilan to‘ldirib tashlagan Karl Lagerfeldni olqishlardi.
Men stol osha shahzoda de Polinyak tomon egildim, hozirgina menyu orqasiga chizgan suvratni uzatdim.
— Nima bu?
— Bu qizil yoqut xochli pasxa tuxumi, kelgusi Balga mening sovg‘am.
— Ichida nima bor?
— Syurpriz.
— Qanaqa?
— Bu sir.
Qarimsiq shahzoda lunjini shishirdi. Shundan boshqa narsa miyamga kelmadi. Biroq darhol o‘zimni qo‘lga oldim-da, kallamni ishga solib noqulay vaziyatdan oson qutuldim. Men jilmaydim:
— Sir, ammo sizdan sir saqlay olmayman, shahzodam. Tuxum ichida besh ramkacha, akangiz, oila a’zolaringiz suvratlari solingan yig‘ma sozlama bor. Lekin bu gap oramizda qolsin. Rozimisiz?
— Obbo graf-ey! Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a?.. Bu zo‘r g‘oya. Men hoziroq Albert bilan gaplashaman. Darvoqe, tuxumning bahosi qancha?
— Bal uchun — hech qancha. Bu mening sovg‘am.
— Baribir uning narxi qancha turishi mumkin? — tinchimadi qarimsiq.
— Kamida yarim million frank.
— Juda yaxshi, men hoziroq gaplashib ko‘raman.
Kechki ovqat so‘ngiga borib, hov anavi janob, Rossiyadan kelgan garf Ananov hozirgina knyaz Rene III ga har biri yarim million turadigan besh oltin portretni sovg‘a qilgani allaqachon yarim zalga ma’lum bo‘lgandi. Bu afsona narxi necha marta ko‘tarilib zal bo‘ylab tarqalar ekan, Albert mening barcha takliflarimga rozilik bildirib bo‘lgan edi va qoralamalarni yuborishni so‘radi. Men undan bo‘lajak mitti suvrat chizgilari uchun rasmini chizishimga vaqt ajratishini va oilaning boshqa a’zolari bilan uchrashuvni tashkil etishini hamda meni shahzoda va malikalarning turli fotosuvratlari bilan ta’minlashini iltimos qildim.
Uch kun o‘tib men saroyga keldim. Men keyinchalik oilamiz hayotida g‘oyat muhim rol o‘ynagan dono va mehribon knyaz Rene bilan miriqib suhbatlashish, sohibjamol malika Karolina bilan tanishish, loyiha qismlarini shahzoda Albert bilan muhokama qilish, mitti suvratlar chizish uchun fotosuvratlar olish sharafiga muyassar bo‘ldim. Saroyga taklif etilish sharafiga kamdan-kam kishilar musharraf bo‘lar edi.
Sovg‘a ustidagi ish butun qish bo‘yi davom etdi. Ajoyib mitti suvratlar musavviri Nina Kleyn oila suvratlarini yupqa mamont suyagi varaqchasiga g‘oyat mahorat bilan chekdi. Tuxum chizgisi Balga bag‘ishlangan kitobcha muqovasiga chop etilgandi. Nihoyat, may oyida men knyaz Renega tayyor mitti suvratlarni ko‘rsatishim va buyumlarni tugatishim kerak edi.
Biroq knyaznikiga oldindan belgilangan tashrifimga ikki hafta qolganda baxtsizlik ro‘y berdi.
Odatdagidek ustaxonamdagi ishimdan keyin do‘konimizga, “Evropa” mehmonxonasiga ketdim. Do‘konga jo‘nash oldidan qahva ichgani uyimga kirdim. Xotinim qaytishimda yo‘ldagi dorixonadan kichkina qizimiz uchun dori ola kelishimni aytdi. Boyaqish Nastyusha aftidan qattiq shamollab qolgan edi. Do‘konga kirar-kirmasimdan telefon jiringladi. Xotinim ekan:
— Tez… Nastya o‘layapti… — Va yig‘i ovozi.
Besh minutda uyga yetib keldim. Ahvol g‘oyatda dahshatli edi. Qizaloqning ko‘zlari xonasidan chiqib ketgandi, a’zoyi badani dag‘-dag‘ titrardi. Qizaloq atrofida tezkor tibbiyotdan kelgan vrachlar gir aylanardi.
Ma’lum bo‘lishicha, bolalar reanimatsiya mashinasi darkor ekan. Biroq qizaloq unamay turib olgandi.
Men reanimatsiya raqamlarini terdim. G‘amli tovush bilan nozimxonachi shaharda faqat ikkita reanimatsiya mashinasi borligini, ulardan biri bandligini, ikkinchisi esa uzoqda, Kupchinada ekanligini aytdi.
— Mashina yetib borguncha vrachlarning gapiga qaraganda, bolangiz uzilib bo‘ladi.
Men bosh vrachni telefonga chaqirishlarini so‘radim va dona-dona qilib dedim:
— Agar mashina yetib kelguncha bola o‘ladigan bo‘lsa, buni o‘zimiz uchun bir musibat deb bilamiz. Bordi-yu, mashina umuman kelmasa va bola o‘lsa, unda bu faqat mening boshimni emas, sening boshingni ham musibatga qo‘yadi. Hoziroq yetib boraman-da, seni bugunoq bir yoqli qilaman. Uqdingmi?
U uqdi. O‘n besh minutdan keyin uy oldida mashina turardi.
Qizaloqni “tezkor tibbiyot” vrachi, ajoyib doktor Bondar qutqarib qoldi. U endigina bir yoshga to‘lgan murg‘akkina jonni “og‘izdan og‘iz”ga usulida sun’iy nafas oldirdi, yuragini uqaladi, ukollar qildi. Nihoyat, kislorod keltirishdi. Nastyaning yanoqchalariga asta-sekin rang yugura boshladi, u o‘ziga kelmoqda edi. Uni kasalxonaga olib borish lozim edi. Men Nastyushamni kasalxonaga o‘zim eltdim.
Bolalar kasalxonasida, Pediatriya institutida dastavval nima sodir bo‘lgani hech qachon esimdan chiqmaydi. Ikkita barvasta hamshira mushtdekkina jismni karavotga mahkam bosib olgan, uchinchisi esa narkozsiz yo‘g‘on nina bilan ukol qilyapti. Bu ularda “orqa miyaga ukol urish” deb ataladi. Bu mudhish nina urishni o‘ylab chiqargan o‘sha zolimni ko‘rsam edi! Go‘dakkina nochor va ayanchli chinqirar edi, men mushtumimni tugaman, tishimni tishimga bosaman, biroq qani buni unutib bo‘lsa.
Xullasi kalom bir dunyo tashxis — entsefolit, meningit, istisqo — bola onasi bilan kasalxonada qoladi. O‘n kungacha bechora qizimga azob berishdi, turli-tuman tibbiyot jarayonlaridan o‘tkazishdi, bir dunyo tez ta’sir qiluvchi dorilar bilan badanini ilma-teshik qilishdi. Nozikkina chaqaloq qo‘lchalari o‘tmas tabiblarning o‘tmas ninalaridan g‘alvir bo‘lib ketgandi.
Men Monakoga knyaz Rene III bilan oldindan belgilangan uchrashuvga uchib ketishim kerak edi. Uzoq ikkilanishlardan keyin men uchib ketdim.
Knyaz meni saroyda, o‘z xonasida qabul qildi. U men olib kelgan mitti suvratlarni sinchiklab ko‘zdan kechirdi va juda mamnun bo‘ldi. Xullas, u tuxumning uzil-kesil yig‘ilishiga oq yo‘l tiladi-da, xayrlasha turib, takalluf bilan dedi:
— Menga biron xizmatingiz bo‘lsa, bajonidil, xizmatingizga tayyorman.
— Bor, monsinor. Qizimning ahvoli og‘ir. Menga eng yaxshi bolalar vrachining maslahati kerak.
O‘n besh minutdan keyin knyazning shaxsiy vrachi bo‘lmam eshigi oldida turardi, bundan barvaqtroq kela olmagani uchun uzr so‘radi. Ertasi kuni Nastyaning tibbiyot hujjatlari va kompyuter tadqiqotlari bilan xotinim Leningraddan uchib keldi. Frantsiyaning eng yaxshi vrachlaridan iborat konsilium tahlillarini tadqiq qilib bo‘lgach, hech ikkilanishsiz xulosa chiqarishdi:
— Entsifolit yo‘q.
— Meningit yo‘q.
— Istisqo yo‘q.
— Nima bor bo‘lmasa?
— Yosh bolaning yuqori haroratga bebardoshligi va qizginaga keraksiz va zararli dorilarning katta miqdorini ukol qilgan vrachlarning jinoyatkorona xuruji bor. Besh minutdan keyin hammasini o‘z bo‘ynimga olgan holda telefon orqali barcha dori va ukollarni bekor qildim.
Yaqinda Nastenka oltiga to‘ldi. Onasi undan jonini ayamaydi. Nastya chindanam ajoyib qiz bo‘lgan, yuvosh, quvnoq, ko‘zlari kulrangga moyil ko‘m-ko‘k, sochlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib eshilib turadi.
Katta qizim Anyuta ikkalamiz onasining Nastyaga bo‘lgan samimiy muhabbatiga havasimiz keladi. Goho, ochig‘i, jinday hasad ham qilamiz.
OTA
Ertalabki sukunatni buzib telefon quloqni teshgudek uzun-uzun jiringlardi. Go‘shakni xotinim ko‘tardi.
Nimaga ekanini balmadimu, ammo darhol angladim. Oyim qo‘ng‘iroq qilardi.
U paytda mashinamiz yo‘q edi. Harholda taksida yetib borgandik. Lekin esimda yo‘q. Esimda bori shuki, mashinada ketar ekanman, Xudoga iltijo qilardim:
— Ishqilib xato bo‘lsin-da, ishqilib o‘lmagan bo‘lsin-da, ishqilib tirik bo‘lsin-da.
Biroq bu qanday sodir bo‘lganini allaqachon bilardim.
Biz yetib borganimizda uyning yonida, deraza tomondan hech nimani ko‘rib bo‘lmasdi. Odam zoti ham ko‘rinmasdi. Na odatda bunday paytdagi “bekorxo‘ja”lar, na “tez yordam” — hech kim yo‘q. Shundan keyin sal jonlandim. Xatolik o‘tgan, qandaydir xatolik o‘tgan.
Biz uyni aylanib o‘tdik, pod’ezd oldida bir nechta odamni ko‘rdim. Ular tik turgancha nimagadir qaramoqda edilar.
Yo‘q, xatolik o‘tmagan ekan.
Biroq yerda hech kim yotmagandi. Faqat kiraverishdagi eshik oldida kichkinagina qon halqobchasi bor edi. Biz pod’ezdga o‘tdik, to‘rtinchi qavatdagi xonadonimiz eshigi ochiq edi. Oshxonada notanish odamlar ivirsirdi.
Qandaydir yot, ammo bosiq ovozda qani u deb so‘radim.
— Anovi yerda, — kishilar zinapoya darchasi tomon imo qilishdi. Men darchaga yaqinlashdim va tashqariga qaradim.
Otam kiraverishdagi beton tomcha ustida yuztuban yotardi. Hammasi esimda qolgani yo‘q, bu bir jihatdan yaxshi bo‘lsa kerak.
Esimda, men boshqarishga tutinib ketgandim, kimnidir qayoqqadir yubordim, pul to‘pladim, arqon qidirdim, arqon bilan otamni kiraverishdagi beton tomchadan yerga tushirdik. Oshxonadagi ikki kishi tergovchilar bo‘lib, (ular o‘z joniga qasd qilganini qayd etib qo‘yishlari kerak), muzxona yonida o‘ralashardi.
— Hoy bola, bilmaysanmi, ularda araq yo‘qmikan?
Men araqni olib berdim.
Otamni tomcha ustidan tushirishga menga qarashib yuborgan odam o‘t o‘chiruvchi ekan. U ham yonimda o‘ralashardi va o‘zicha ming‘irlardi: “Joniga qasd qilganlarni olish bizning ishimiz emas… Bizning ishimiz — o‘t o‘chirish…”
Men unga pul berdim.
Esimda, kimdir ichkaridan, onani chiqarib yubormanglar, dedi.
Lekin onam chiqdi, indamay otamning yonida cho‘kkaladi. Shu tariqa biz otam yonida cho‘kkalab turdik. Butun oila. Oyim bilan Nikita unsiz yig‘lashardi. Kimdir yaqin keldi. Qo‘shnilar. Men haydab yubordim. Otamning o‘ng qo‘li tirnog‘i ko‘karib ketgandi.
Bekorchixo‘jalar bir necha qadam narida turishardi. Churq etishmasdi. So‘ng murda tashuvchi mashina keldi. Men oyimdan meni otam bilan murdaxonagacha olib borishini so‘radim. Murda tashuvchilar sarosimalanib qolishdi. Men pul berdim. Ketdik.
Issiq kuz kuni edi. Murdaxona oldida odam gavjum. Muzxonalar to‘lib ketgan. Murdalarni qo‘ygani joy yo‘q. Sanitarlarga yalinib, ayollar yig‘lardi.
Men katta sanitarni qidirib topdim. O‘zimni tanishtirdim. U o‘zining ismi sharifini aytdi. Georgiy Davidovich. Tasodifiy o‘xshashlikni ko‘ring.
— Qabul qiling, adashingizni olib keldim, — dedim men va pul berdim.
Otamni Georgiy Davidovich deb chaqirishardi.
Men ustalik bilan ora-chora pidjagimning ichki cho‘ntagidagi flyajkadan ho‘plab-ho‘plab qo‘yar, odamlarga uni qil, buni qil deb ish buyurar, rasmiyatchilikni ado etar edim.
Uch kundan keyin qarindosh-urug‘lar va xizmatdoshlar belgilangan vaqtda murdaxona yonida to‘plandik. Murdaxonaning vidolashuv zali hammom kiyimxonasiga o‘xshardi. Odamlar zir qatnardi, bir kichikroq xonada bir vaqtning o‘zida marhum bilan o‘n-o‘n ikki oila vidolashardi.
Men pul berdim. Georgiy Davidovich murdaxonani qirq minutcha to‘sib qo‘ydi. Mening buyrug‘im bilan mening bir o‘zimni chaqirishdi, bu paytda otamning jasadi solingan tobutni murdalar yuviladigan va kiyintiriladigan xonadan olib chiqib, supa ustiga qo‘yilgandi.
Tobut oldida ikkita sanitar ivirsirdi, biri chol, aftidan ichkilik qovjiratgandi, ikkinchisi o‘smir, yangiligi shundoq ko‘rinib turardi. Otam kiyintirilgan edi, tobut qopqog‘i yonida turardi. Yuzi dag‘al, tuproq rangida, peshonasida yaxshi pardozlanmagan pachoq joy ko‘rinardi, qulog‘idan oppoq choyshabga qop-qora qon sizib tushmoqda edi. Bosh chanog‘i orqa tomondan ochilgan bo‘lib, yo‘g‘on qora ip bilan aylantirib tikib qo‘yilgandi.
— Yigitlar, uni nima bilan pardozlagan edilaring?
Menga teatr pardozlik qutichasini ko‘rsatishdi.
Men qutichani oldim-da, ishga tushib ketdim. Chol nimadir deb to‘ng‘illardi.
— Tirikligimda o‘rganib qol, — dedim men qisqa qilib. U chetga o‘tdi va kuzata boshladi, mudom qandaydir bekorchi narsalarni vaysardi, latifami yo shunchaki gapmi, bilib bo‘lmasdi.
Xuddi bir vaqtlar teatr institutidagi pardoz darsida bo‘lganidek, men sarishtalik bilan avval yuziga moy upa surtdim, so‘ngra rang bera boshladim.
— Ha, chakkimas… — cho‘zib dedi orqadan sanitar. — Nima, birga ishlarmidinglar?
Men indamay rang berishni tugallayotgandim.
— Yo tanishingmidi?
Men indamay terining burishgan joyini tekisladim, qovoqlarini tortdim, lablarini bo‘yadim.
— Qarindoshingmidi yo? — tinchimadi bobo.
— Otam.
Men bamaylixotir bo‘yashni tugalladim.
Sanitar sukut saqlardi va shundan keyin to oxirigacha churq etmadi. Ehtimol, tashqaridan turib qaraganda bu dahshatli ko‘rinsa kerak.
Men ishimni tugatdim, oyim bilan Nikitani olib keldim. Oyim endi ancha o‘zini tutib olgandi va ortiq diydiyo qilmay, bemalol turardi.
So‘ng eshiklarni ochdik, boshqalar ichkariga kirib keldi.
O‘sha kuni men ichishni tashlagandim.
O‘ZING QO‘LLA MENI, TANGRIM…
Bular barchasi bizga yuqoridan ato etilgandi. Taqdir bizlarni tasodiflarga to‘la hayot daryosiga uloqtirgandi, biz esa cho‘p yo qovjiroq yaproqdami, gugurt quti yo xaridami, qayiq yo kemadami omonat o‘tirgancha uning ilonizi oqimi bo‘ylab suzib kelmoqdamiz.
Na daryoning jozibador qayrilishlari, na sohillardagi nabototni o‘zgartirish, na suvni teskari tomonga oqizish va na shamol va to‘lqinlar yo‘lini to‘sish qo‘limizdan kelardi.
Biroq daryomizdagi bizning suzishimizda biz ta’sir etishga qodir nimadir bor edi. Ha, daryo ming qilsa ham daryo-da, bizni keng o‘zanida Bahri Muhitga borib quyiladigan joy tomon olib ketadi, uning har bir muyulishida, har bir bo‘g‘inida ikki qirg‘oq oralig‘idagi kenglik, bo‘shliq yotadi, qayerdadir qirg‘oqlar bir-biriga juda yaqin keladi, oqim kuchayadi, to‘lqinlar ostona va shovvalar osha sapchiydi, qayerdadir esa suv bepoyon kenglik hosil qilib yoyilib oqadi, uning oqimi maromlashib, bizning goh u, goh bu qirg‘oqqa borishimizga imkon tug‘diradi, yo‘l-yo‘lakay esa goh uyurmaga duch kelamiz, goh kamarda tutilib qolamiz, shunda katta oqim sari jon-jahdimiz bilan harakat qilamiz, aynan mana shu harakat bizning tabiiy kuchlar bilan, hayot bilan olishuvlarimizning asil ma’nosini o‘zida namoyon etadi. Biz o‘z qurb-qudratimizni, iste’dodu qobiliyatimizni ko‘rsata olishga yuqoridan ato etilgan bir ulush imkoniyat ham aslida biz uchun tag‘in shu Ona Tabiat ko‘rsatgan ehsondan boshqa narsa emas.
Esimda: elliginchi yillarda erkaklar va ayollar maktablari qo‘shilib ketdi: biz uchinchi sinfdagi qizlar bilan birga o‘qiy boshladik, o‘n bir yoshimda tramvay tagida qoldim, ikki deraza o‘rtasida oyimning karam tuzlamasi turgan shisha bochkasi kiraverishdagi eshiklar oralig‘ida koshindor polga ag‘darilib tushib, chil-chil bo‘lgandi, Lugaya yaqinidagi dala hovliga yozgi baliq oviga borgandik, tuzumsiz va taqiqlarsiz muqaddas oyatlardan qiroat qilgandik, oltmishinchi yillarda o‘n yillik maktablar o‘n bir yillikka aylantirildi (buning uchun Xrushchyovga rahmat deyish kerak), yettinchi sinfni tugatgach, kolxozdagi yozgi qishloq xo‘jaligi amaliy mashg‘ulotlar vaqtida ishlab topgan pulimga yaltiroq “Pobeda” qo‘l soati sotib olgandim.
Hech kimning men bilan ishi yo‘q edi, meni hech kim tarbiya qilmayotgandi. Otam bilan oyim tinimsiz ishlashardi, ilmiy maqolalar yozishardi, goh-goh mehmon kutishardi, uzoq yillar, taxminan o‘n besh yilcha dala hovli qurishdi.
Mening o‘qishim yengil va muvaffaqiyatli ketmoqdaydi, faqat “xulq” degan joyda oqsardim. Garchi bu bezorilik emas, bolalarcha sho‘xlik bo‘lsa-da, tabelning o‘sha qatorida “uch” baho paydo bo‘lganida uyda ko‘radiganimni ko‘rdim. Bir vaqt to‘rtinchi sinfdaligimdami, matematika darsi ketayotuvdi. Semiz va do‘mboqqina muallimamiz Nina Petrovna doskada masala shartini yozayotgandi: “Zavoddagi ishchi bir soatda 5 ta bolg‘a chiqaradi”. U qisqartirib “bol.” deb yozib qo‘ydi. Orqadan turib men luqma tashladim:
— 5 ta bola chiqaradi.
Nina Petrovna meni ota-onamni chaqirishga yubordi. Esimda, oyim kamar bilan rosa savalasa kerak deb shunaqangi qo‘rqqandimki, qo‘yaverasiz. Biroq negadir hammasi tinch o‘tdi.
Yana bir gal, beshinchi sinfdaligimda, men g‘irt jinoyatkorona, hech tushunib bo‘lmaydigan ish qilib qo‘ydim.
Tanaffus paytida hammaning ko‘z o‘ngida men oyoqlari uzun Alla degan bir qizning oldiga bordim, shundoq etagidan ushlabman-da, etagini boshigacha ko‘taribman. Yubka ostidan qip-qizil ichko‘ylak yaraqlab ko‘rindi.
Yana maktabga ota-onamni chaqirishdi. Yana oq kaltak-qora kaltakni kuta boshladim. Biroq nima sabablar bilandir bu mojaro ham tinib ketdi.
Lekin maktab devoriga ruschadagi uch uyatli so‘zni yozganimda meni o‘sha zahoti maktabdan haydab yuborishgandi. Bunaqani o‘sha paytlarda “bo‘ri pattasi bor” deb atashardi. Ehtimol, bu mening uyat so‘zni Lenin boboning Gorkidagi suvrati tagidan yozganim uchun bo‘lsa kerak. Lekin otam direktor bilan uzoq gaplashdi va men qayta maktabga qabul qilindim. Faqat boshqa sinfga o‘tkazishdi.
Men doim yaxshi o‘qirdim, matematikani sevardim, inshoni oson yozardim, doim erkin mavzuni tanlardim, insho matni oldidan epigraf qo‘yardim. Qisqa-qisqa jumlalarda. Tagidan izoh ham berardim: “V.Lenin, falon jild, falon bet”. Bu “lenincha so‘zlar”ga hech kim va hech qachon churq etib og‘iz ocholmasdi.
1963 yili o‘shanda Jdanov nomidagi Leningrad universitetining fizfagiga o‘qishga kirayotib, “Nima uchun fizik bo‘lmoqchiman” degan mavzuda insho yozdim. Uni quyidagi so‘zlar bilan boshladim: “Fizik — bu kelajakning samoviy me’mori” (yoki shunga o‘xshash bir nima edi) va tagidan izoh berdim: “Xrushchyov, MQ XIII Plenumida so‘zlangan nutqidan”. Qarabsizki, fizfakka o‘qishga kirib ketdim. 1967 yili Leningrad teatr, musiqa va kinematografiya institutining rejissyorlik fakultetiga, Izakin Abramovich Grinshpun kursiga o‘qishga kirayotib “Nima uchun rejissyor bo‘lmoqchiman” mavzuida yozgan inshomda shunday degandim: “Rejissyor — bu inson tuyg‘ulari me’moridir”. Va izoh: “K.Stanislavskiy. Mening san’atdagi hayotim. I-qism”.
Bolaligimda yolg‘onni ko‘p gapirardim. Ayniqsa, bu yoshimga qo‘shib aytganimda, qilmagan ishlarni qildim deganimda, tabel bilan kundalik daftardagi qalbakiliklarda ko‘proq aks etardi. Men ota-onamning, hammasidan ham otamning imzosini xo‘p o‘zlashtirib olgandim, otam uchun kundalikka qo‘l qo‘yib yuboraverardim, goho o‘g‘lim kundalikdagi ogohlantirishlarga yarasha mendan boplab ta’zirini yedi degan gaplarni yozishdan ham toymasdim. Keyinchalik esa butunlay taltayib ketdim — endi siyohni o‘chirish yo‘lini ham qoyillatardim. Buni men maktabdagi kimyo darsidan bilib olgandim. Biroq bu hunarni o‘zlashtirib olganimdan beri oyim meni na faqat kuzatadigan bo‘lib qolgandi, balki tabel va kundaliklarimni hidlab ham ko‘rardi — tag‘in undan sirka hidi kelmayaptimikan. Sirka mo‘jizaviy kimyo tarkibining ajralmas qismi edi.
Aldoq uchun oyim jazoning zo‘rini topib qo‘ygandi. Kamar menga keragicha ta’sir o‘tkazmayotganini ko‘rib (men qornim bilan yotib olardim-da, tishimni-tishimga bosib o‘ylardim: shoshmay tur, sening josusliging ma’lum bo‘ladi-ku, o‘shanda sen bilan boplab hisob-kitob qilib qo‘yishadi), oyim nima ko‘proq mening esimni joyiga keltirib qo‘yishini anglab yetdi.
Aldaganim uchun oyim meni sartaroshxonaga olib bordi-da, sochimni tag-tugi bilan qirdirib tashladi. Bu, albatta, borib turgan shafqatsizlik edi. Ammo bu ham ta’sir qilmasdi. Bir gal esa men shataloq otib qochib qoldim, to‘g‘ri ko‘chaga, sartaroshxona yo‘lidan qochdim, keyin kuni bilan otam dars beradigan LITMO yotoqxonasidagi talaba oshnalarim oldida ivirsib yurdim.
Esimda, bu 1960 yilda bo‘lgandi. Ya’ni men o‘n besh yoshda edim. “Yumaloq-yassi” qilib, ikkinchi semestrdan kechki maktabga kirib olgandim. Garchi maktabga muntazam qatnamasam-da, bizning sinf rahbarimiz, matematika o‘qituvchimiz aksar shunday derdi: “Ananov darslarga qatnashmasa ham kontrol ishlarni beshga yozadi”. Umuman, katta yoshdagi bolalarning maktabga qatnashi haminqadar edi.
Biroq tarix o‘qituvchimiz meni yoqtirmasdi, u maktab direktori ham bo‘lib, familiyasi o‘ziga yarasha — Yejov edi. Bir kuni u shunday deb qoldi:
— Hali bitiruv imtihonlarida ko‘zingga ko‘rsataman.
Bitiruv imtihonlari keldi. Barcha fanlardan mavaffaqiyatli topshirdim va tarixdan yaxshilab tayyorlandim, ya’ni qo‘ynimni shpargalka va o‘quv qo‘llanmasi bilan to‘ldirib, biletdagi savollarga “zo‘r” javob berdim va tarixdan “ikki” oldim.
Barcha rejalarim ostin-ustun bo‘ldi. Fizfakka kirishim bir yilga surilib ketdi. Bitiruv kechasi bo‘ldi, bir quti araq, buterbrodlar va o‘yin-kulgilar bilan nishonlangan shunday ajoyib kechada birdan yo‘lakdagi chiroq o‘chib qoldi-yu, (men probkani burab qo‘ygandim) kimdir Yejovning basharasini qora qonga belabdi.
O‘shanda avtobusda uyga qaytib kelsam, oyog‘imdagi botinkayu qo‘limdagi soat yo‘q edi. Ertasiga kechqurun dadam meni ogohlantirdi:
— Ertaga tarixdan boshqatdan imtihon topshirasan.
— Qanaqasiga?!
— Men tuman maorif bo‘limida bo‘ldim.
Oxiri baxayr bo‘lishiga ko‘zim yetmaganidan istar-istamas maktabga ketdim, bu gal na shpargalka, na o‘quv qo‘llanmasi bor edi yonimda. Kabinetda jilmayib meni Yejov qarshi oldi, mo‘ltaygan ko‘zi ostida “ko‘k qashqa” ko‘rinib turar, o‘zining ham rosa popugi pasaygan edi.
— Bilet ol.
— Nega?
— Balki u-bu narsa aytarsan.
— Aytmasam-chi?
— Unda faqat uch bo‘ladi.
— Kelishdik.
Ko‘zlarimga ishonmasdan “tasalli ball” — ezgu uchni olgancha kabinetdan chiqdim. O‘zimni tutib turolmay, ostonada qayrilib qaradim-da:
— Sizni kim bu ahvolga soldi? — deb so‘radim.
Direktor menga g‘amgin qarab qo‘ydi-da, birpas sukut saqlab, so‘ng faylasuflarcha dedi:
— Sinfiy dushman.
Bir oydan keyin imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, universitetga kirdim. Fizfakka tanlov katta edi — bir o‘ringa qirq odam.
Agar universitetni tugatganimda, mendan yaxshigina fizik chiqardi. Laboratoriyada ishlardim, qattiq jismlar fizikasi bilan shug‘ullanardim. Biroq qattiq jismlar meni unchalik qiziqtirmasdi. Undan ko‘ra sarvqomat va barno qizlarning jismi, sport, billiard, preferans va spirtli ichimliklar to‘kin-sochin bo‘lgan shovqinli ulfatchiliklar ko‘proq mahliyo etardi.
Bir amallab birinchi kursni tugatdim. O‘sha yerda yoshi mendan ancha katta artistlar bilan tanishib qoldim, ular yordamida “Lenfilm”ga kirib oldim, bu yerdagi muhitni so‘z bilan ifoda qilish qiyin edi — suvratga olishlar, ijodiy ulfatchiliklar, liboslarni o‘lchash, uzluksiz qahvaxo‘rlik, “kinoartistlar” girdobi, o‘n uchinchi raqamli portveyn, ommaviy sahna qizaloqlari atrofida parvona bo‘lishlar…
Qovun qovunni ko‘rib rang oladi deganlaridek, mohir artistlarga yondoshaverib, men ham o‘zimni ulardek tuta boshlagandim, ulfatchiliklarda, ichkilikbozliklarda ulardan qolishmaslikka tirishardim. Moskvadagi Bauman bog‘ida bo‘ladigan har yilgi aktyorlar “bozori”da ishtirok etardim.
Mana shu rangin manzara to‘g‘risida batafsil gapirmasam bo‘lmaydi. Har yilgi avgust oyida Bauman bog‘iga chekka viloyat teatrlarining artistlari yopirilib kelardi, rejissyorlar ham o‘sha yerga tashrif buyurardi. Teatrga xos yasama harakatlar, imo-ishoralar qilgan, “soxta ovoz”li, cho‘ntaklari qup-quruq va bir qultumning gadoyi bo‘lgan ayrim “aktyor va aktrisalar”ni kuzatish menga bir dunyo zavq bag‘ishlardi.
Biz bozorga to‘rt kishi bo‘lib keldik. Uchala sherigim viloyat teatrlari guruhiga kirishga obdon harakat qilmoqda edi. U paytda Ittifoqda bunaqa teatrlardan besh yuztasi bor edi, men ham sheriklarim bilan salanglab yurar, va tabiiyki, hech qanday ijodiy rejaga ega emasdim.
Biroq kutilmagan hol ro‘y berdi. Do‘stlarimdan birontasini rejissyorlar taklif qilmayotgandi, lekin ko‘plari menga ishqiboz bo‘lar edi. Avvaliga shartta yo‘q deb yurdim, allaqachon taqdirim hal bo‘lganini, Gorkiy nomidagi katta drama teatridagi Georgiy Aleksandrovich (ya’ni Tovstonogov!)dagi bosh rollarni viloyat yosh tomoshabinlar teatridagi allaqanday mayda rollarga hargiz almashtirishga rozi bo‘lmasligimni vaj qilib ko‘rsatardim. Biroq asta-sekin ko‘nglim iyib boraverdi-da, ularning taklifiga rozi bo‘la boshladim, lekin shu shart bilanki, do‘stlarimni ishga olishsa. Xullas, uchala do‘stimni bir kunda ishga joyladim. Birini Uralsk, birini Chita va birini Minusinsk teatriga. O‘zim esa “yaxshilab o‘ylab” ko‘rishga va’da berdim.
Lekin do‘stlarim “bozor”da olgan pulini hash-pash deguncha ichib tugatdik. Ishtaha esa baland. Hech bir kutilmaganda Leninobod shahri, aniqrog‘i, Tojikistondagi Leninobod-30 yopiq turdagi shaharning drama teatri bosh rejissyori bilan shartnoma tuzdim.
Sirasini aytganda, oyimning yo‘qligi taqdirimni hal qilgandi. Oyim o‘sha yili sentyabrda o‘zining yagona xorijiy ish safariga — Gollandiyaga geologlar kongressiga ketgandi. Shunisi qiziqki, dadamga mening bu ahmoqona ishim yoqib tushdi, meni yaxshilab shayladi, Liteyniydagi kvartiramizga ko‘chirib qo‘ydi, men ham yangi palto, to‘qima bo‘yinbog‘ va shlyapada, qo‘limda sariq rangli ikki chemodanni tutgan, “leningradlik kinoartist” degan dabdabali laqab bilan, ammo hech qanaqangi teatr bilimi yo tajribasi bo‘lmagan bir holda tantanavor jo‘nab ketardim.
Bir yilda uchta teatr almashib, birinchisidan sharmandalarcha haydalib (na shlyapa, na sariq jomadon ish berdi), oxir-oqibatda, teatr o‘yinlari va usullari haqida yuzakigina bilimga ega bo‘ldim va Novgorodda amal-taqal qilib ishlab yurdim. Moxovoga, Leningrad teatr institutiga keldim va shu yerda ishga qabul qilindim. Shu tariqa universitet, aniq fanlar va tarix fakulteti lektoriysidagi gardkamchilik davri nihoyasiga yetdi.
Hayot menga voqealar, qarsaklar, hayajonli taqrizlar, teatr taqdimotlari va faxriy unvonlarning sehrli olami eshigini ochdi. Men bu olamni sevib qoldim, qobiliyatli rejissyorligim ma’lum bo‘ldi, qiyin va sho‘rtang teatr nonini sevib qoldim. To‘g‘risini aytsam, kasb mashaqqatini anglab yetdim, muvaffaqiyatlardan suyundim. Bu yo‘lni rosa o‘n to‘rt yil bosib o‘tdim, bir qancha binoyidek rollarni o‘ynadim, qirqdan ortiq spektakl qo‘ydim. Sahnada qilayotgan ishlarim kimgadir kerakligiga ishonardim, artistlar bilan halol muomalada bo‘lishga harakat qilardim. Men teatr rejissyorligini hayotimning bosh mavzui deb bilardim. Bu inqilobiy bolshevikcha terrorning dahshatli to‘lqini hayot dengizidan sohilga itqitib tashlagan badbaxt rus ziyolisi fojeasi mavzusi edi. Men Mixail Bulgakovning “Qochish” va “Turbinlarning kunlari”, Aleksey Tolstoyning “Muhojirlar” romani bo‘yicha o‘zimning instsenirovkamni sahnalashtirdim. Bular rus ruhining nechog‘li ulug‘vorligini va rus kishisining naqadar bag‘rikengligini, Frantsiya qovoqxonasida farrosh bo‘lishni istamagan poruchik Nalimov o‘z joniga qanday qasd qilganini oshkora namoyon etgan spektakllar edi.
Bu spektakllar orasida “cho‘ntakbop” tez va yengil qo‘yilgan, teatr repertuar rejasi manfaati uchun, “tirikchilikka”, ya’ni yillik me’yordan ortiq qo‘yilgan spektakl uchun rejissyorlarga to‘lanadigan qalam haqi ishlash niyatida mendan ketguncha qabilidagi tomoshalar ham yo‘q emas edi. Me’yor ham chakki emasdi — bir mavsumda uch spektakl. Men V.F.Komissarjevskiy nomidagi teatrda rejissyorlik tayyorgarligidan o‘tish, ajoyib artistlar bilan mashqlar qilish, hayotdan erta ketgan Valdis Lentsevichus, Sergey Aleksandrovich Boyarskiylar bilan do‘stlashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu teatr va uning guruhiga nisbatan alohida iliq va yorqin munosabat hamon yuragimda saqlanib qolgan.
Men yelkanli kemada yunga bo‘lib, “Shponka” — dengizlar maktabini bitirib, va do‘stlarim maslahatiga kirib, mohir dengizchi bo‘lishim mumkin edi.
Men universitetni tugatib, o‘z tabiiy iste’dodimni ishga solib, ajabtovur fizik bo‘lishim mumkin edi. Men hamon teatrda ishlab, spektakllar qo‘yib, Teatr institutida talabalarga dars berib yurishim mumkin edi.
Men o‘sha yillarda ko‘plab hamshishalarim kabi mastlikda mushtlashib, birovlar qo‘lidan o‘z jonimga qasd qilib, hayotdan allaqachon ko‘z yumib ketgan bo‘lishim mumkin edi.
Lekin hayot menga bir eshikni ochdi.
Bu eshik Vladimir xiyoboni va Stremyannaya ko‘chalari muyulishidagi bolsheviklar sotsialistik turar-joyga aylantirgan bir vaqtlardagi go‘zal eski uyning uchinchi qavatida joylashgandi. Men qo‘ltig‘imga bir shisha araqni qistirgancha bu yo‘l meni qayoqqa olib borishini xayolimga ham keltirmagan holda o‘sha eshikdan kirib bordim.
Bir lahzagina yongan lampochkaning xira yog‘dusida son-sanoqsiz telefon raqamlari, bir-biridan g‘alati familiyalar, televizion kabellar tasqarasini chiqarib tashlagan bir vaqtlardagi mahobatli o‘ymakori eshik jilva qildi. O‘tmishdagi achchiq kinoyadek, eshikda “Professor Shuster, So‘zak kasalliklari” deb ko‘rinarli qilib yozilgan mis lavhacha saqlanib qolgandi. O‘zini “Imperatorlar teatri artisti” deb atashni yaxshi ko‘radigan oshnam Yura kiraverishdan chap tomondagi ilgari yo odamlar turgan, yo o‘liklar yoriladigan joy bo‘lgan ko‘richakdek qop-qorong‘i va uzun xonada yashardi.
Biz u bilan bir necha yil oldin “Lenfilm”da tanishib qolgandik. U qobiliyatli va “xaridorgir” artist bo‘lib, ko‘pincha “ikki og‘iz so‘zli” va kichik rollarni ijro etardi, men esa teatr instituti talabasi bo‘lib, ommaviy sahnalarda va so‘zsiz sahnalarda qatnashardim.
Garchi ichish deganda o‘zini tomdan tashlaydiganlardan bo‘lsa-da, boshqa lenfilmchi og‘alaridan u jiddiy farq qilardi. Biroq u boshqalardan ko‘ra vazminroq, salobatliroq va kattaroq ko‘rinardi, buning ustiga drama teatrlaridan birida aktyor bo‘lib ham ishlardi, shu tariqa u ichkilikbozlik kinochilar “oliy tabaqasi” vakili sifatida ham tanilgandi.
Yura o‘z “ko‘richagi”da Lena degan yuvosh, dilkash va ochiq ko‘ngil yosh bir xotin bilan turardi. Lena dasturxonni qo‘lidan kelgancha to‘kis qilib bezardi-da, keyin o‘zi ham ko‘pincha erining uzun va jonsug‘urar ichkiliklariga sherik bo‘lar edi.
Hammayog‘i tupurib tashlangan zinapoyadan Tangri meni qavatli uyga boshlab kirdi va taxminan ikkinchi stakandan keyin Yuraning uzun oshiyoni joylashgan burchakka ishora qildi. U yerda qopqog‘iga egasining suvrati tushirilgan qo‘lbola kitob javoni bilan o‘lik tilla baliqchali akvarium o‘rtasida uncha katta bo‘lmagan, ustida asbob-uskunalar qalashib yotgan maxsus va g‘aroyib ko‘rinishdagi ish stoli bor edi.
— Yura, bu nima?
Yura xijolat tortib, junjikdi. Aftidan asbob-uskunalarni yig‘ishga va stolni berkitishga ulgurmagandi, mana, siri fosh bo‘lib, o‘z aybini o‘zi ochib o‘tiribdi.
— Otam zargar edi. Menga yoshligimda o‘rgatgandi. O‘ymakor bo‘lib ishlaganman ham. Hozir ermak qilaman, teatrdagilardan bitta-yarimtasining uzuk-puzugini yo sirg‘asini tuzatib beraman… lekin sen gullab yurma tag‘in… o‘zing bilasan, bunaqa hunar taqiqlangan…
Birinchidan, tabiiyki, men buni bilmasdim. Ikkinchidan, araq tugagandi. Bo‘lmasa bizlar ozmuncha ichmasdik. Qarz oladigan hech kim yo‘q, hammadan olib bo‘lganmiz.
— Yura, shu ham gap ekanmi? Axir zargar bo‘lsang! Qani, darrov bir narsa yasab tashla, uzukmi, men yordam beraman, aylantirib turarman yo ishqalab yaltiratarman, qani, olg‘a!
— Hafsalam yo‘q hozir… keyin, qayerda ham sotarding buni… ko‘zim yetmaydi…
— Ke qo‘ysang-chi! Yotib qolguncha otib qol, o‘rtoq Beriya shundoq degan.
Biz yonma-yon o‘tirib oldik. Birinchi marta qo‘limga sehrli zargarlik asbobini tutdim, haqiqiy kumush simdan bir parcha arralab oldim, jun g‘ildirakchada yaltiratib ishqaladim, burchakka, “Moskva” restoraniga chopdim va ko‘p o‘tmay ikki shisha araq va bir tizim sosiska bilan qaytib keldim.
Shundan beri yigirma besh yil o‘tibdi…
Amir Fayzulla tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 10-son