Abdulhamid Samad. Qaniydi… (hikoya)

… – Agar hayot bo‘lganida edi, kaftimda ko‘tarib yurardim, – keyingi kunlarda Safol odamlar orasiga qo‘shildi deguncha u gapni takrorlaydigan bo‘lib qolgandi. Shunday derdi-da, mahzun, horg‘in, yoshlangan ko‘zlarini oyog‘i tagiga tikkancha o‘zicha g‘o‘ldirardi. – Lekin qo‘ldan ketdi… Eh, agar u bo‘lganda…
“Kim biladi?”. Sovuq va shubha yaltillagan nigohlar Safolning ko‘zlariga qadaladi. Qariya og‘ir bir “oh” tortib, qoracha, dag‘al barmoqlarini qaltirayotgan boshiga qo‘yadi va hasratlangancha qayta-qayta deydi:
– Qaniydi, tirilib kelsa…
Uch-to‘rt oy oldin, kampiri hayotligida cholning xotini to‘g‘risida biron nima deganini hech kim eshitmagandi. Na yaxshiligidan gapirar, na biron yomonligidan nolir, go‘yo har ikkovi bir tom ostida yashamayotganday edi. Yo har kim o‘zicha, begonalar kabi umr kechiradi. Chol-kampirning bir dasturxon atrofida ovqatlanishi, ko‘chada birga ketishayotganiga hech kimning ko‘zi tushmagan. Avvaliga odamlar ajablanib, “Shuyam hayotmi?!” der, bora-bora esa bunga oddiy holday qaraydigan bo‘lib qolishdi. Nachora, keng dunyo, hamma bilganicha yashaydi.
Lekin chol yoshligidan jiddiy, qarashlari o‘tkir, tili zahar, nashtarli edi. Ba’zan odamlar oldida – kim biladi, yolg‘iz qolishganida ham ularning orasidan nima gap o‘tardi – xotinining zig‘irdekkina aybini topib olib, birdan koyishga tushar, hatto so‘kishdan o‘zini tiyolmay qolardi.
– Oyog‘ing go‘r labida turgan bo‘lsa-da, aqling kirmadi… Ming afsus, shirin umrim sen bilan zoye o‘tdi… E, Xudo, qachon yengim tagidan bu changni yo‘qotasan?
Ana shu paytda ayolning qon qochgan labiga jilmayish yugurib, so‘nik ko‘zlari yasharganday bo‘lardi. Lekin u tishlarini ko‘rsatmay, erining yuziga qaramasdan, bildirmaygina o‘zini chetga olar va ehtimol ortidan erining nafrat to‘la o‘tkir nigohini his qilardi ham.
Undan boshqa birontayam ayol bunday haqoratga jim qarab turmasdi. Ular karaxt ahvolda, ayrimlari boshiga haqorat yog‘ilgan ayolga rahmu shafqat bilan ko‘z qirini tashlab, ichida uni ham, erini ham o‘zicha muhokama qilishardi.
“Til emas, zahri qotil… Gapidan yetti o‘lik eshakning hidi keladi-ya. Bunday zolimga chidab kelayotgan sendek ayolga ming rahmat-ey…”
“Ey, johil er, xotin sening cho‘ring emas, bir umrlik hamnafasing, sheriging, bolalaringning onasi-ku!”.
“Baxtiqaro, taqdiriga tan beribdi. Yo‘qsa, bu itfe’l er bilan bir kun ham yashash hayf. Nima qilsin? Manglayiga bir umr o‘lib-tirilib xizmat qilishu achchiq-tiziq gaplar eshitish yozilgan ekan. Tavba. Xudo to‘ng‘izning changaliga topshirsa-topshirsin, bu kasofat erga xotin qilmasin edi…”
“Bosh egib yuraverishning ham chek-chegarasi bordir? Nahot o‘zingni shunchalik oyoqosti, xoru zor qilib qo‘ysang? Billoh, agar ersiz o‘tib ketsam ham, bunga o‘xshagan do‘zaxi bilan bir kun ham birga nafas olmasman”.
“Hayot emas, go‘r azobi, jahannam. Bunaqa uyda yashasang sil bo‘lib, qurib-qaqshab o‘lib ketasan…”
Lekin ayol umrida bir marta ham achchiq hayotidan nolimadi. Uyidami, daladami, hamisha boshi quyi solingan, biron kimsa uning nimani o‘ylayotganini, yo beshiktervatardek tebranib-tebrangani sababini bilmasdi. Ayollar uning boshiga malomat toshlari otishib: “O‘z qadringni bilsang-chi, hoy odam! Sabru toqatning ham cheki bordir. Zahar-zaqqum, jon olg‘ich eringga namuncha itoatli bo‘lmasang, goh-goh jilovini tortib turgin…” deganida lablariga bilinar-bilinmas tabassum yugurar, hayotdan to‘yib ketgan ko‘zlari asta porlaganday bo‘lib, xotirjam javob berardi:
– Umrimning shirin damlari birga o‘tdi, sochlarimga oq oraladi. Endi qaytadan yosharmayman, bosh ko‘tarib, dilozorlik qilish ham gunoh. Axir, u mening erim, – ayol achchiq-achchiq kuldi. – Toshbaqa ham erining fe’liga chidab qadr topgan ekan… Menga Xudo shu erni loyiq ko‘ribdimi…
– E, bunaqa er degani baloga yo‘liqsin. Qo‘pol odam go‘rdagi tuproqni ham harom qiladi.
Ayollarning qah-qahasi bir zumda tevarakni zirillatib o‘tdi. Ularning har-xil kulgisida turli ma’no bor: “go‘l, sodda ayol… Qari takangdan biron ro‘shnolik ko‘rdingmi?” Ayol esa tilini tishlab, xotinlarga hayratlanib qarardi-da, yana indamasdan o‘z ishiga mashg‘ul bo‘lardi… Chehrasi yorishmas bu ayolning hamisha ma’yusligi sababi noayon edi.
Kuz boshida ayol to‘satdan olamdan o‘tdi.
“Joni g‘avg‘odan qutuldi, – deyishdi uning holini bilganlar. –O‘lguncha u qari takadan bir og‘iz shirin so‘z eshitmadi”.
“Noshukur erning yengidagi chang qoqildi, – qo‘shnilar kesatiq gap qilishdi. – Endi yo‘li ochiq. Ko‘ramiz, holi ne kecharkin?”
Chol ayoli qazosidan bir-ikki oy o‘tgach, avval soqolini kaltalatdi, ke­yin tushgan tishlari o‘rniga yasama tishlar qo‘ydirdi. O‘lmasidan bir kungina oldin rahmatli xotini yuvib ketgan kiyimlarini kiyib, o‘ziga oro bergancha qo‘liga hassa oldi. E-ha, xayolida u ayrim yigitlardan baquvvat edi. U cho‘ntak soatining oltinrang zanjirini ko‘krak cho‘ntagiga osdi, savlat to‘kkancha qadam tashlab, qishloqning odam gavjum yerlariga borar va o‘zini yostiqdoshi vafot etgani uchun bir tuki o‘zgarmaganday, qaytaga qaddi tiklanib, ko‘zlari ravshanlashib, ta’bi chog‘langanday ko‘rsatardi… Lekin bir narsa uni doim ich-ichidan qiynardi: u o‘tkir nigohini oldingidek kimga qadashini, kimning boshiga qahru g‘azabini to‘kishini bilmasdi. Keyin yana bir ish boshiga tushdi-yu, hayratdan barmoq tishladi-da, borgan sari dili og‘rib, cho‘ka boshladi. U qishloqdagi qaysi bevaga sovchi yubormasin, hammasi rad qilar edi. Bunday bo‘lishi tushigayam kirmagandi. Go‘yoki bevalarning hammasi unga zoru “men tegaman, men tegaman”lab bir-biri bilan yulishardi. Rahmatli xotiniga bu gapni doimo eslatib turardi. “Oqshomdan tonggacha sizni o‘ylab bedor-a sho‘rliklar”, – xotini ham bir marta jilmayganicha kesatgandi. Lekin erkakning xayollari endi chippakka chiqdi. Hatto yetti marta er ko‘rgan bir beva ayol yuz-ko‘zing bormi demasdan shartta:
– Yo‘qol ko‘zimdan! Boshimdan zar sochsang ham seni ostonamdan o‘tkazmayman… Ko‘chada qolgan emasman, – dedi.
Nazarida, yeru osmon aylanib ketdi. Axir bir umr zaharxandaligi xotinining ko‘nglini og‘ritadimi-yo‘qmi, o‘ylamasdi. Ana endi achchiq so‘zga dosh berish oson emasligini tushundi.
Bir kampir uning yelib-yugurishlari, qiynalib, asabi qaqshayotganini ko‘rib, rahmi keldimi, bir kuni ko‘chada maslahat berdi:
– Bilasanmi, Safol, agar bir oftoba suv olib rahmatli xotiningning qabriga quyib kelmasang, ishing yurishmaydi.
– Nimaga?
– Bilmadim, shunday taomil bor… U ham odam edi, yuragi bor edi… Aytishlaricha, agar uning qabriga suv quyib kelsang, xotirjam bo‘lib, sendan ko‘ngli soviydi…
Chol kampirning soddaligidan mazax qilgandayin kuldi va birdaniga g‘azab otiga minib dedi:
– Qayoqdagi gaplarni aytasan, eshitgan quloq… Nima meni go‘l, nodon sanab, kalaka qilmoqchimisan? Tirikligida uning ko‘nglida zarracha iliqlik yo‘q edi-ku! Endi yana bir oftoba suvni ko‘tarib qabriga borishim qoluvdimi? E-ha, bu tushingni borib suvga ayt… Har bitta to‘nkaning gapiga kiraversam…
Hafta ortidan hafta, oy ortidan oy o‘tib, erkakning egnidagi kiyimlarining rangi o‘zgaraverdi. U bir odat chiqardi – do‘ppisi va ko‘ylagining yoqasi, yengi, etagi, shimining pochasini ustma-ust qoqaverardi. Uning nazarida duch kelgan odam faqat kiyimidagi dog‘-dug‘, kir yerlarini ko‘rardi. Ayrimlar istehzo aralash, yo sovuqqina so‘rashardi:
– Haligacha yenging hamda etagingdagi changlardan xalos bo‘lmadingmi? Uzzukun lo‘killaganing-lo‘killagan…
Erkak bo‘ynini burgancha jim o‘tirardi. Yuragi g‘azabga to‘layotgandi. Lekin alamini olish, ko‘nglini bo‘shatish uchun gapini ko‘taradigan boshqa odam yo‘q edi.
Kunlardan bir kun yolg‘iz o‘g‘lining uyiga bordi. Ishlariga aralashib, buyruq beraverdi. Nevaralari undan o‘zini olib qochar, o‘qrayib qarashlar va do‘q-dag‘dag‘alar ularga yoqmasdi. Kelini ham ro‘yxushlik bermadi.
– Buvimiz yaxshi edilar, – o‘pkaladi nabiralari.
U xafa bo‘lib, bolalarga o‘shqirdi, jahlini bosolmasdan, tushlik ham qilmadi. Och qolsa hamki, bilintirmasdi. E-ha, agar rahmatli xotini aytilgan vaqtda bir kosa ovqatni dasturxonga keltirib qo‘ymasa, u qozon-tovoqni ag‘darib tashlardi, ag‘darish ham gapmi, sindirishgacha borardi… O‘g‘li sovuqqina muomala qildi. Uning nolishini eshitib, o‘g‘li hatto farzandlari tomon o‘qrayib ham qo‘ymadi. Alam qildi, qattiq alam qildi. Agar u hozir o‘g‘lining o‘rnida bo‘lganida edi, yonib ketardi, ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib, jahlidan tushguncha, yuragidagi alam bosilguncha farzandlarini urib-urib, nechta xipchinni sindirardi. Lekin o‘g‘li boshini quyi solgancha o‘yga cho‘mib, tomir va paylariga bor kuchini to‘plaganday bo‘ldi. Balki ota nolishi o‘g‘ilga xuddi tog‘dek og‘irlik qilgandir. Og‘ir botdi. O‘g‘il picha o‘ylanib o‘tirgach, boshini ko‘tardi-da, ko‘zlarini bir chetga olgancha dedi:
– Dada, bola yolg‘on gapirmaydi… Xafa bo‘lmang. Sizning do‘q-po‘pisalaringizni, nozu erkaliklaringizni onam ko‘tarardilar, xolos. Ko‘tarib-ko‘tarib, tuproq tagiga ketdilar…
U tutoqib ketdi. Quturganday qoni qaynadi. Dasturxonning chetidan siltab tortdi, choy to‘la choynakni ag‘dardi, piyolani piyolaga urib sindirdi va og‘ziga kelganini qaytarmay gapiraverdi. O‘g‘li bilan nabiralari qo‘rqqanlaridan toshdek qotib qolishdi. Shu bahonada qachonlardan beri ko‘nglida to‘planib yotgan gaplarni o‘g‘lining yuziga soldi. Aslida paytini poylab yurgandi. “Sen odam emassan, insofsiz! U dunyoda yoqangdan tutganimdan so‘ng tushunasan… Shariat yuzasidan ham bugungacha mendan bir necha marta so‘rashing kerak edi, ota, sizga bironta tanmahram topib beraylikmi deb. Lekin senga nima, yotgan to‘shaging, quchog‘ing issiqqina, ota bilan ishing bo‘larmidi…”
– Nima qilayin? – pichirladi o‘g‘il.
– Ko‘r emassan-ku, ko‘rib turibsan, or-nomusli o‘g‘illar onasi o‘lganidan so‘ng bel bog‘lab, otalariga xotin qidirishadi. Sen-chi?
U shunday deb o‘g‘lining uyidan chiqib ketdi… Ana undan keyin o‘zini odamlardan olib qocha boshladi.
Endi u uyidan onda-sonda ko‘chaga chiqar, fikri-zikri yengu etagidagi chang, dog‘larni odamlarning ko‘z o‘ngida qoqib qo‘ymaslik bilan band edi…
U kuni kecha bir yangi xabar eshitib, yuragiga cho‘g‘ tushdi, umid shu’lasi porladi. Qo‘shni qishloqda kimdir xotinini qo‘yibdi. Qiziq, nega bunday qildiykin? Uning uyini topib borib, sababini bilsinmi. Balki…
Uy egasi hovlisiga o‘zi uncha yaxshi tanimaydigan begona odam kirib kelganida hayron bo‘ldi. U chaqirilmagan mehmonning ko‘zlariga sinchkovlik bilan boqar ekan, ko‘ngli uchun: “Xush kelibsan, qaysi shamol uchirdi”, dedi va ortidan “Eshitdim, xotining u dunyoga rixlat qilibdi. Xizmatingni xo‘b o‘rniga qo‘ygan ayol edi, joyi jannatdan bo‘lsin”, deya so‘zini tugatdi.
– Bir o‘zim so‘ppayib qoldim, – erkak hasratidan chang chiqib “oh” tortdi va o‘zicha g‘uldiradi. – Xudo erkak odamni qariganida hech qachon tanmahramsiz qo‘ymasin ekan, xoru zor bo‘lib qolarkansan. Hamma narsaga muhtojsan, issiq ovqatga, toza kiyimga, yaxshi so‘zga… Qaniydi, xotinim qaytadan tirilib kelsa…
Bir piyola choy ichib, u yoq-bu yoqdan gapirgach, uy egasiga ko‘zini tikib, asta so‘radi:
– Ahvoling qalay?
– Yomon emas, tuproqdan tashqari…– mezbon og‘rinmay javob berdi.
U sukutga ketdi, lekin maqsad qurti ko‘nglida g‘imirlab-g‘imirlab tinch qo‘ymasdi. Barmoqlari beixtiyor shimining pochasidagi dog‘larga tushardi, ularni mezbonning nazaridan yashirmoqchi bo‘larmidi. Uy egasi yangi savolni kutgancha mehmonning oldiga qand-qurs solingan likopchani surib qo‘ydi.
– Marhamat.
– Labbay? – mehmon angrayib qoldi.
– Shirinliklardan oling, deyapman…
– E, oshna, – chol ichidan toshib kelayotgan hayajonini zo‘rg‘a bosdi, lekin yengining uchiga chang yuqqandayin uni shosha-pisha qoqishga tushdi. – Agar hayot shirin bo‘lmasa, shakarning mazasini ham bilmaysan odam.
– To‘g‘ri, – mezbon ohista dedi va esnay boshladi.
– Xotiningdan ajralding, deb eshitdim.
Endigina dasturxon ustiga egilgan uy egasi boshini ko‘tardi va mehmonning ko‘ziga tikilgancha xayolchan bosh tebratdi. Uning nafasi ichiga tushib ketib, kiprik qoqmasdan hayratga tushdi: xotin qo‘yishining bu odamga nima daxli bor ekan?
–G‘alati ish qilibsan…
– Buni hayot deydilar…
Chol o‘zini xuddi chuqur xayolga tolganga soldi. Yarim yumuq ko‘zlari ariniki kabi nigohidan ajralgan kalta sarg‘ish kipriklari o‘ynagancha uy egasining har bir harakatini ayyorona kuzatardi.
– Senu mening yoshimda xotinsiz yashash qiyin ekan, go‘r azobiday. Xudo erkak qariganda hech qachon yolg‘iz qoldirmasin, yo‘qsa, u xoru zor bo‘ladi, – dedi mehmon va ovozining mezbon holiga kuyayotgandek chiqishiga harakat qildi. – Mana men sovuq tuproq ichida qoldim…
– Ha, eshitdim, taqdir…
Yana o‘rtaga jimlik cho‘kdi, og‘ir jimlik. Suhbat qo‘r olay demasdi. Bu holat mehmonning g‘azabini qaynatdi. Lekin bu g‘azabni kimga sochsin? Vo, darig‘…
– Balki, – u o‘tirgan yerida qimirlab, savolomuz gapirdi so‘ng yana jim qoldi. Go‘yo tili tanglayiga yopishib qolganday edi. Shunda mezbon yordamga keldi.
– Nimadir demoqchimidingiz?
– Xotiningni qaytarib olib kelasanmi, deyman.
Mezbon iljayishga urindi, lekin ko‘zlarida g‘azab o‘ynadi.
– Mehmon, jahlim yomon. Men tupurgan tupugimni qaytib og‘zimga olmayman… Shirinliklardan oling!
– Bir bobom bor edilar, – oraga cho‘kkan qisqa sukutdan keyin so‘zga og‘iz ochdi mehmon, – u kishini tez-tez eslab turaman. Bobom gohida: “Ayol – badanning tozaligi, u bo‘lmasa, uydan yorug‘lik ham qochadi, issiqlik ham”, derdilar. Men gaplariga kulardim… Hozir uyim to‘kilib qolgan, naq go‘ristonning o‘zi. Sovuq tuproq ichida qoldim…
– Ha-a, – mezbon kulimsiradi. – Mening qo‘limdan nima kelardi? O‘zim boshimni qaysi go‘rga urishni bilmayman-u…
– Balki?..
– E, yo‘-o‘q! Tilimni qichitmang! Maslahat yo o‘git eshitadigan yoshdan o‘tib ketganman, – uy egasi baqirib, qiynala-qiynala g‘azabini yutgancha so‘radi: – Nondan oling.
– Yo‘q?! Unday bo‘lsa, omin!
Avval uy egasi o‘rnidan turdi, keyin mehmon noiloj qo‘zg‘aldi. Uning maqsadi tiliga chiqa olmay qolib ketdi. Ming afsus! Boshining qaltirog‘i kuchaydi, yo nazarida shunday tuyuldimi? Mezbon eshikni katta ochib, quruqqina takalluf qildi:
– Marhamat!
Chol sovuqqotgan odamga o‘xshab g‘ujanak bo‘lgancha boshi bo‘yniga kirib ketganday tuyuldi. U muz ustida yurayotgan kabi ohista ko‘cha eshikdan chiqdi.
– Xush kelibsan! – mezbon ikki qo‘lini ko‘kragiga bosgancha istehzo aralash ta’zim qildi. Ortidan tirjaygancha qo‘shib qo‘ydi. – Agar tabib bo‘lsang, o‘z dardingga davo top… Xudoga shukr, men senga o‘xshab sovuq tuproq ichida qolgan emasman. Endigina jonim najot topdi. Tavba, yomon odam bilan qopag‘on it bir ekan…
Mezbonning oxirgi gapi Safolga tegib ketdi. Azbaroyi g‘azabi qaynaganidan gapira olmadi. Lablarini tishlagancha, boshini egib, umidsiz jo‘nab qoldi. U yo‘l-yo‘lakay o‘z-o‘zicha ming‘irlab borardi: “Baxil, qo‘yvorgan xotining qayerda yashashini aytsang, bir yering kamayib qolarmidi! Tavba, odamlarda na insof qolibdi, na mehru shafqat… Birov joningga oro kiray, demaydi-ya. Hamma o‘zining g‘ami bilan, tomosha bo‘lsa bas… Qaniydi… yana bir marta… tirilib kelsaydi. Ey, Xudo, qachongacha it yotish, mirza turish…”
G‘azablangancha alam yutib borardi, nam ko‘zlarini kafti bilan artar, qaltirayotgan boshini hech kim ko‘rmasligi uchun yo‘ldagi chang baland-baland ko‘tarilishini istardi. Lekin bunga kuchi yetmasdi. Kampiri ko‘z o‘ngidan ketmay boshi yanada qattiqroq qaltirardi. Yer xuddi ohanrabodek uning tanasini o‘ziga tortdi. Qaddi egilib borardi. U qishlog‘i chetiga yetib borgach, etagi va yengidagi changni to‘xtovsiz qoqa boshladi. Nihoyat, chang qoqishdan to‘xtadi-da, qo‘lini peshonasiga soyabon qilgancha ko‘zlari g‘azabga to‘lib, mozor tomon tikildi. Nega xotini uni yolg‘iz tashlab, so‘ramay-netmay u yoqqa ketdi? Uni ingichka so‘qmoqlar, qiyshayib yotgan qamish devor, sarg‘ayib ketgan xas-xashaklar, katta-kichik do‘ngliklar, past-baland qabrlar, uchiga singan choynak ilingan novdalar, kiyik shoxi qo‘yilgan yo latta bog‘langan mozorlar, bir-biridan uzoq-uzoqda qurib yotgan daraxtlar toshdek og‘ir jimlik bilan kutib oldi. Xayolida tagida yostiqdoshi yotgan tuproq uyumi uning o‘qraygan qarashiga chidayolmasdan silkina ketdi. Birdan qabr ikkiga bo‘lindi va kafan kiygan xotini tuproqdan bosh ko‘tarib chiqdi. U faqat yuzini ko‘rsatgan holda unga xotirjam, muloyimgina tikildi va o‘sha tanish jilmayishi lablariga yugurib, baland ovozda dedi:
– Ey zolim, qachongacha meni ta’qib qilasan? Bu tomonga boshqa bunday g‘azab bilan qarama, iltimos, qarashingdan jonim chiqquday, dahshatga tush­yapman… Qo‘y, hech bo‘lmasa, shu go‘rimda tinch yotay.
U ko‘zlarini yumdi. Xayolida qishloqda yashaydigan kattayu kichik barcha xotinining malomatga to‘la iltijoli so‘zlarini eshitdi. Endi uning g‘azabi, alami ikki baravar kuchayib, faqat boshi emas, butun tanasi qaltiray boshladi. Basharasi qiyshayib, qo‘rqinchli tusga kirdi. Ko‘zini ochdi. Mozor tinch, jim edi. Xotinining suvratidan nom-nishon yo‘q. Qiziq… Qishloq ko‘chasida bola-baqra ham ko‘rinmasdi. Yuragiga quvvat bo‘lguvchi, bir imosi yo istagi bilan kelib, qo‘lini olguvchi biron odam yo‘q edi. Hech bo‘lmaganda, qo‘liga hassa tutishsa ham, or qilmasdi…
– Qaniydi… – pichirlab dedi u va gandiraklagancha, oyoqlari titray-titray uyi tomon yo‘l oldi. Nam ko‘zlarini kafti bilan siypalardi. – Qaniydi…

Tojik tilidan O‘rinboy Usmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son