Sohibqiron Amir Temur va uning suyukli nabirasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek davrida boshqa fanlar qatori tabobatning rivojiga ham katta ahamiyat berilgan. Sababi muttasil bo‘lib turgan janglarda yaradorlarni davolash uchun yuzlab tabiblar zarur edi. Sohibqiron qo‘l ostidagi barcha shaharlarda hech bo‘lmaganda bitta masjid, bitta madrasa, bitta karvonsaroy va albatta, bitta kasalxona ochishga buyruq bergani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Manbalarda Amir Temurning xos tabibi Fayzulloh Tabriziy haqidagi ma’lumotlar ham saqlanib qolgan.
Bu davrda shuningdek, Sadiduddin al-Kozaruniy as-Sadidiy, Jaloliddin Muhammad ibn Muhammad al-Oqsaroiy, Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chaqminiy, Ishoq ibn Murod kabi zamonasining benazir tabiblari va tib sohasining bilimdonlari yashab o‘tganlar. Mirzo Ulug‘bek davrida mazkur sohada izlanishlar olib borgan yetuk qomusiy olimlardan biri shubhasiz 1404 yilda Samarqandda tug‘ilgan Ali Qushchi edi. Uning astronomiyaga oid asarlari bilan bir qatorda tabobatga doir “Al-Mo‘jaz fi-t-tibb” (“Tabobat haqida qisqacha kitob”) nomli asar yozib qoldirgani ham ma’lum.
Ulug‘bekning taklifiga muvofiq Kirmondan Samarqandga kelgan Burhonuddin Nafis ibn Ivaz al-Kirmoniy ham zamonasining mashhur hakimlaridan edi. U mo‘g‘ullar Hirotga hujum qilganda halok bo‘lgan Najibuddin as-Samarqandiyning “Kitob ul-asbob va-l-alomot” (“Kasallik sabablari va belgilari”) nomli asariga sharh yozadi va uni “Sharh ul-asbob va-l-alomot” (“Sabablar va belgilar kitobiga sharh”) deb ataydi. Muallif 1424 yili bu sharhni yozib tugatib, Mirzo Ulug‘bekka taqdim qiladi. Olim kitobining muqaddimasida o‘zi asli Kirmon shahridan ekanini, Mirzo Ulug‘bek tomonidan chaqirib olinganini bayon qilgan. Burhonuddin Nafis ibn Ivaz al-Kirmoniy Ulug‘bekni “as-sulton ibn as-sulton ibn as-sulton”, “amirzoda muqis ud-din Ulug‘bek Ko‘ragon” deb sharaflaydi. Shuningdek, adolat yoyuvchi, tinchlik o‘rnatuvchi, rahmoniy inoyatlar va rabboniy iltifotlar sohibi sifatida madh etadi. “Sharh al-asbob va-l-alomot”ning O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 2872-nusxasining mundarijasida 458 ta kasalliklar va bir qancha dorilar nomi qayd etilgan. Sharhdagi Najibuddin as-Samarqandiy matnlari ustiga qizil siyoh chizilgan bo‘lib, ular alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Hukmdorning ishonchiga sazovor bo‘lgan Nafis ibn Ivaz Samarqandda o‘zining ikkinchi tibbiy asarini yozadi va uni “Sharh al-Mo‘jaz al-qonun” (“Qonunning qisqartmasiga yozilgan sharh”) deb ataydi. O‘sha davrda yashab ijod etgan tarixchi olim Hoji Xalifaning “Kashf uz-zunun” asarida bayon etilishicha, “Mo‘jaz al-qonun”ga yozilgan sharhlar ichida Nafis ibn Ivazning sharhi eng yaxshi sharh hisoblanadi. Bu sharh 1438 yili tugatilib, Ulug‘bekka taqdim qilingan. Manbashunos olim H.Hikmatullayev ta’kidlashicha, bu olim ijodini chuqur tadqiq etish Ulug‘bekning Sharq mamlakatlari bilan olib borgan madaniy aloqalarini o‘rganishda ham juda muhim o‘rin tutadi.
15 asr boshlarida yashagan tabobat ilmi bilimdonlaridan yana biri Mansur ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf ibn Faqih Ilyos edi. U fors tilida odam anatomiyasi haqida “Risola dar tashrihi badani inson” (“Inson badanining anatomiyasi haqida risola”) nomli asar yozib, uni Amir Temurning suyukli nabirasi va valiahdi Pir Muhammad Bahodurga bag‘ishlaydi. Mazkur asar “Tashrih bi-t-tasvir” (“Suvratli anatomiya”) yoki “Tashrihi Mansuriy” (“Mansurga atalgan anatomiya”) nomlar bilan ham yuritiladi. Ammo ingliz olimi K.Elgud bu asarni nomsiz deydi va keyingi asrdagi kishilar uni “at-Tashrih bi-t-tavsir” deb ataganlari haqida yozadi. Nima bo‘lganda ham u yillar davomida tibbiyotga oid muhim qo‘llanma sifatida foydalanib kelingan. Asarga Subhonqulixon (1680-1702) buyrug‘iga bilan Abdug‘afur ismli rassom tomonidan oltita rasm ishlangani ham fikrimizning tasdig‘idir.
14 asrning ikkinchi yarmi va 15 asr boshlarida yuqoridagi tabiblardan tashqari, hoji Zayn ul-Attor, Muhammad Sabzavoriy, Al-Joniy Muhammad al-G‘ijduvoniy kabi bir qator mashhur hakimlar ham yashab o‘tgan. Bu insonlarning asarlarida bugun eng davosi qiyin xastaliklarni oson va zararsiz davolash usullari haqida fikr yuritilganki, ular qancha ko‘p o‘rganilsa, tadqiq qilinsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.
Mahmud Hasaniy,
tarix fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).