Saydakbar Rizayev. Tog‘lar salobati olisdan ham ko‘rinadi

Tarix sahifalarida ochilgan va ochilmagan sir-sinoatlar, o‘zgacha sharhu talqinlar juda ko‘p. Ammo, ulug‘ bir donishmand uqdirganidek, hech narsa, voqea vaqt o‘tishi bilan, mazmuni qasddan soxtalashtirilsa ham, asl mohiyatini yo‘qotmaydi. Buni xalqimizning ardoqli farzandi, davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning xotirasi misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Dastlab mamlakatning sobiq rahbari sha’niga misli ko‘rilmagan bo‘htonlar yog‘dirildi. O‘limidan ko‘p o‘tmay tabarruk nomini  badnom qilishga qaratilgan siyosiy kampaniya boshlandi.  Bir necha yil davomida markaziy matbuot Rashidov shaxsi misolida o‘zbek xalqiga ayovsiz ravishda tuhmat toshlarini otdi, uni o‘sha kezlari sobiq ittifoqda  chuqur ildiz otgan jamiki illatlar, hatto jinoiy harakatlarning O‘zbekistondagi bosh sardori va ilhomchisi deb atashgacha borib yetishdi. Soxta, adolatsiz maqolalarni chop etish markaziy gazetalar uchun shon-sharaf ishiga aylandi. O‘zbekistonga chorak asr rahbarlik qilgan,  respublikani boshqargan, el-yurt uchun imkoni darajasida mehnat qilgan kishining haqiqatdan mutlaqo yiroq, mudhish obrazi shakllantirildi,  xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarori bekor qilindi, xoki shahar markazidagi qabridan kavlab olinib qayta dafn etildi. Kimlardir bu qabih ishlari bilan nom chiqarishga  ulgurishdi.

Ne baxtki, bunday g‘ayriaxloqiy xatti-harakatlarga qaramay mamlakatimizda, xalqimiz xotirasida, bu ulug‘ zot bilan hamnafas, hammaslak bo‘lgan safdoshlari qalbida  Sharof Rashidovga bo‘lgan chuqur ehtirom saqlanib qoldi. Uning nomini badnom qilish uchun g‘arazli maqsad bilan yozilgan maqolalarga, bo‘hton gaplarga, qo‘yilayotgan ayblarga imon-e’tiqodli kishilar ishonmadi. 2017 yiliO‘zbekistonda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi  keng nishonlandi. Jizzax shahri markazida uning salobatli haykali o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tantanali marosimda so‘zlagan nutqidagi quyidagi so‘zlar xalqimizning  dilidagi gaplar bo‘ldi: “Ko‘p millatli xalqimiz bu ulug‘ insonning aziz nomini yod etib, uning o‘lmas xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom bajo keltirmoqda. Sharof Rashidov o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq-yaqin o‘lkalarda ham katta obro‘-e’tibor qozongan edi. Bu ulug‘ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi.Umrining so‘nggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash o‘zbek dehqonlari orasida bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz”.

Men 1979 yilning sentyabridan to Sharof Rashidov vafot etgan  1983 yilgacha partiya markazqo‘mida mas’ul lavozimda ishladim, u kishini turli majlis va yig‘inlarda ko‘rdim, odamlar bilan muomalasi, huzuriga kelgan kishilarga e’tibori va g‘amxo‘rligiga bevosita guvoh bo‘ldim.Bir men emas, boshqa hamkasblarim ham  u  kishining haqiqiy ziyoli, bosiq va vazmin, keng mushohadali, suhbatdoshlari fikriga e’tibor beradigan rahbar, kamtarin inson ekanligiga ko‘p bor amin bo‘lganmiz. Ishga mas’uliyat bilan yondoshishni, biror muammoni hal qilishda masalani atroflicha o‘rganishni, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslikni, yanada muhimi, to‘g‘ri va adolatli yechimlarni topishni u kishidan o‘rganganmiz. Shu bois, u kishining obro‘sini tushirishga, nomini bulg‘ashga qaratilgan harakatlarni ko‘rib, jim tura olmadim. Bunday nopoklikni ko‘rib, qo‘l qovushtirib turish mumkin emasdi, bunday qilish vijdon azobi kabi og‘ir edi.

Ko‘p o‘ylab o‘tirmay, qo‘limga qalam oldim. Bu shaxs haqida  arxiv materiallari, nutq va ma’ruzalar, rasmiy hujjatlar, yozishmalar, ko‘pdan-ko‘p xotiralar, jonli misollar, fakt-raqamlar, dunyoviy e’tiroflar asosida haqiqatni borligicha tiklashga ahd qildim, “Sharof Rashidov siymosiga chizgilar” degan kitob yozishga bel bog‘ladim. Hissiyotga berilmay, aniq holatlar, voqea-hodisalarning asl tafsilotlari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayoti bilan bevosita bog‘lik ulkan natijalarga qat’iy asoslandim. Satrlar o‘z-o‘zidan kela boshladi. Vaziyatning  murakkabligi, ko‘p “do‘st”larning, masalan, u kishining mehr-muruvvatiga ko‘p bor sazovor bo‘lgan ayrim kimsalarning buqalamunday o‘zgarib qolishiga qaramay, maqsad sari qat’iyat bilan intildim. Nihoyat, istiqlolimizning ikkinchi yili boshlarida kitob chop etildi. Bu ijtimoiy-siyosiy tadqiqot mohiyatan Sharof Rashidov hayoti va faoliyati xususidagi birinchi ilmiy-tahliliy nashr edi. Unda yopiq manbalardan olingan ma’lumotlar birinchi bor ilmiy mushohada tiliga ko‘chirilib bayon etilgandi. Balkim,  shu uslub o‘quvchilarga ma’qul bo‘lgandir:  10 ming nusxada chop etilgan kitob bir-bir yarim yilga yetmay do‘konlarda bir nusxa ham qolmadi. 2017 yili uning to‘ldirilgan ikkinchi nashri o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Bu nashr ham tezda tarqaldi. Bu – xalqimiz qalbida Rashidov shaxsiga, uning yetuk arbob va siyosatchi sifatidagi faoliyatiga, u yashagan, mehnat va ijod qilgan murakkab tarixiy davrning o‘ziga xos xususiyatlariga qiziqish so‘nmaganining dalolati edi. O‘quvchilar  muallif kitobda u Sharof Rashidovning shaxsiga xolis va ob’ektiv yondashganini ham to‘g‘ri tushunishdi.

1991 yili bahorda tegishli idoralarning ruxsatini olib, g‘oyat muhim sirlar saqlanadigan partiya arxividagi mutloq yopiq hujjatlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Hujjatlar orasida MQ byurosi va plenumlarining stenogrammalari, protokollar, jumladan, “Maxsus papka”lar, Sharof Rashidovning shaxsiy va rasmiy yozishmalari, 80-yillar o‘rtalariga taalluqli hujjatlar orasida “haqiqat asosida mamlakatni  poklash” degan tuturuqsiz shior ostida kadrlarni quvg‘in qilish, Rashidov davrida ishlaganlarni ta’qib ostiga olishni boshlab bergan MQning mash’um 16 plenumi stenogrammasi ham bor edi. Uni o‘qish oson emasdi, har bir jumlada xalqimiz sha’niga aytilgan bo‘hton so‘zlar, sobiq markazdan kelib, O‘zbekistonda tartib o‘rnatmoqchi bo‘lgan asli nopok, dimog‘dor “rahnamo”larning pachava xulosalarini uchratish mumkin edi.

1959 yili O‘zKP MQning birinchi sekretarligiga nomzod ko‘rsatish masalasini ko‘rib chiqqan maxsus byuro yig‘ilishining papkasi menda alohida qiziqish uyg‘otdi. Yig‘ilish stenogrammasi “Literaturnaya gazeta”ning 1987 yil 10 iyun sonida  chop etilgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “I probil chas…” (“Vaqt-soati keldi…”) maqolasidagi barcha iddaolarni to‘la-to‘kis inkor etadi. Maqolada veteranlarning birining fikriga tayanib, go‘yo O‘zbekiston rahbarini saylash  masalasi bitta ortiqcha ovoz, u ham bo‘lsa byuro a’zosi Rashidovning ovozi bilan uning foydasiga hal bo‘lgani  aytilgan. Bu “fakt” o‘shanda “bomba portlashi” effektini  bergandi. Maqolani o‘qigan gazetxon, agar Rashidov shunday yo‘l bilan mamlakat rahbarligiga kelgan bo‘lsa, bunday shaxsdan nimani ham kutib bo‘lardi, degan fikrga kelishi kerak edi. Maqsad shu edi.  Lekin gazetadagi bu “muhim” ma’lumot g‘irt yolg‘on, g‘arazli uydirma ekan!

Byuro yig‘ilishida ijtimoiy xarakteristikalari biri biridan qolishmaydigan ikki kishining nomzodi  ko‘rib chiqilgan. Biri Orif Alimov,  ikkinchisi Sharof Rashidov. Bu ikki mard, chinakam inson va rahbarning stenogrammaga muhrlangan so‘zlarini o‘qib larzaga tushdim. Orif  Alimovich “Men Rashidovga ovoz bergan bo‘lar edim”, deydi. Sharof Rashidovich “Men Alimovga ovoz bergan bo‘lar edim”, deydi. Muhokamadan so‘ng byuro a’zolari  Rashidov nomzodida to‘xtashga qaror qiladilar.1959 yil 14 mart kungi yig‘ilish stenogrammasidan parcha: “R.E. Melnikov (majlisda raislik qilayotgan MQning ikkinchi sekretari): “Xo‘sh, nima deysizlar, o‘rtoqlar, ovozga qo‘yamizmi, yo‘qmi?” Joylardan “Yo‘q!” degan ovozlar. R.E. Melnikov: “Sharof Rashidovich haqidagi taklif bir ovozdan qabul qilinadi”.

Shaxsiy hujjatlar, Sharof Rashidovning shaxsiy xatlari, arxivdagi boshqa materiallar, shuningdek, ko‘plab uchrashuvlar, Rashidovning safdoshlari bilan suhbatlar 80-yillarda ittifoq ommaviy axborot vositalarida berilgan ma’lumotlar qip-qizil tuxmat ekanligi haqidagi fikrimni tasdiqladi. Aytish lozimki, ommani yolg‘on va bo‘htonga ishontirishda  “olomon effekti” deb ataladigan tushunchadan g‘oyat samarali foydalanilgan. Ruhshunoslar olomon ta’siri ostida ehtirosga berilib zaharlangan ayrim individlar o‘zlari istamagan holda ma’lum bir ruhiy holatga tushib qolishligini ta’kidlaydilar. Bunday paytda el-yurtda tarqalgan har qanday gap-so‘z, to‘g‘ri bo‘lsa ham, noto‘g‘ri bo‘lsa ham, bundan qat’i nazar, jamoatchilik fikriga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, aniqrog‘i odamlarni chalg‘itadi. Rashidov xotirasini yoddan chiqarish uchun kurashayotganlar ayni  shunga urg‘u bergandilar. Rashidovning  yaqin safdoshlaridan biri MQ plenumida “Biz hammamiz uning ta’siri ostida sehrlanib qolgan edik” dedi, boshqasi esa o‘zining omma oldidagi nutqida “sharofrashidovchilik” degan yangi iborani ishlatib,  uning nomi va ish uslubiga o‘ta salbiy mazmun, ma’no yuklamoqchi bo‘ldi.

O‘rgangan materiallarim, mushohadalarim va tahlillarim “Rashidov partiya biletini cho‘ntagiga solib, o‘zim – xon, ko‘lankam – maydon”, deb yashagan, faqat o‘zini o‘ylagan, mukofotlarga o‘ch bo‘lgan”, degan gaplar mutloq asossiz ekanligini ko‘rsatdi. Ko‘z oldimda yuksak insoniy fazilatli kamtarin inson, katta qobiliyat va yorqin iste’dod egasi, chuqur  bilim va hayotiy tajribaga ega  o‘zbek ziyolisi, odamlarga  mehr-muhabbati ona suti bilan  vujudiga singgan, faqat yaxshilik qilishga intilgan va o‘zini el-yurt ishiga fido etgan shaxs, safdoshlariga ko‘ngli-dili ochiq, mehrli, diqqat-e’tiborli, uzoqni ko‘radigan rahbar siymosi namoyon bo‘ldi.

Rashidov o‘zining rahbar sifatidagi obro‘sini saqlar, atrofidagilarning ham pok, benuqson bo‘lishiga qattiq turib harakat qilar, ularni turli balo-qazolardan himoya qilar edi. O‘zbekiston Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (DXQ) raisi bo‘lib ishlagan E.Nordman o‘zining xotiralarida: “Men Rashidov haqidagi turli yolg‘on, bo‘hton gaplarga hech ham ishonmaganman… Mendan “Rashidov mafiyaga rahbarlik qilganmi, poraxo‘r bo‘lganmi?”, deb tez-tez so‘rab turishar edi. Men  komil ishonch bilan yo‘q deyman! Uning inson sifatida tozaligiga, pokligiga ishonaman”.  DXQ raisi  lavozimidagi amaldor kimning kimligini juda yaxshi bilar edi.

Rashidov hisobotlarning bo‘rttirilishi, qo‘shib yozish, davlatni aldashga bo‘lgan xatti-harakatlarga qarshi turgani to‘g‘risida ham  hujjatlar bor. U yolg‘onchilik, ko‘zbo‘yamachilik, soxta obro‘ olishga toqat qilmagan. Xodimlariga respublika majburiyatlarini bajarish hamma narsadan yuqori ekanligini uqtirgani, bunga o‘zi ham harakat qilgani bor gap. Ittifoq fondlariga paxta, sabzavot, ho‘lmevalarni  birinchi nav­batda yetkazib berishni talab qilgan: “Bizning mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarimiz bor, ular bajarilishi lozim, bu davlat intizomining muhim qismi, talabi va uni buzishga hech kimning haqqi yo‘q”,  der edi yig‘ilishlarda. Xuddi shunday, qo‘shni respublikalarga  elektr quvvati, gaz, suv yetkazib berish majburiyatlari bajarilishiga ham  diqqat-e’tibor berardi.

Sharaf Rashidov yuqori partiya lavozimlariga tavsiya qilingan bir guruh yosh xodimlar bilan, jumladan men bilan ham suhbatlashar ekan: “Hayotda qanday bo‘lsanglar, ishda ham kamtarin, insonlarga yaqin, mehrli bo‘linglar. Shundaylar ham bo‘ladiki, biz u kishini katta lavozimga tavsiya etamiz, u esa tezda  do‘stlari va yaqinlarini unutib yuboradi. Noinsof, makkor kishilarni  o‘zlaringga yaqinlashtirmang. Ulardan olisroq bo‘ling.  Bo‘lmasa obro‘ingizni tushirib yuborasiz”, degan edi.

Sharof Rashidovning insoniy qiyofasi va rahbar sifatidagi fazilati  uning shaxsiy yozishmalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Rashidovning xatlari g‘oyat iliq, yoqimli, samimiy,  rasmiyatchilikdan uzoq bo‘lgan nomalardir. Ularda insonni o‘ziga tortadigan, rom qiladigan qandaydir  kuch, quvvat bor. Kimnidir u endigina nashrdan chiqqan yangi kitobi yoki tanlangan asarlari bilan qutlaydi, kimnidir tavallud topgan kuni, yubileyi bilan muborakbod etadi. Kimgadir yo‘l ko‘rsatadi, otalarcha g‘amxo‘rlik qiladi. Yaqin kishisini yo‘qotganlarga hamdardlik bildiradi. Sharof Rashidovdan kelgan bunday haroratli xatlar mashhur dirijyor Muxtor Ashrafiy, bastakor Yunus Rajabiy, qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan taniqli irrigator olim Najim Hamroyev, uzoq yillik safdoshi Bektosh Rahimovlar oilasi arxivida saqlanmoqda.

Sharof aka, ayniqsa, shoir va yozuvchilar, olim va bastakorlar, skulp­torlar, diplomatlar va kosmonavtlar, nashriyot xodimlari,  ijodiy uyushmalarning a’zolari va rahbarlariga ko‘plab maktublar yozgan. O‘nlab kishilar unga yordam so‘rab murojaat qilishgan. I.Lomidzening turmush o‘rtog‘i yozuvchining Karlovo Variga davolanish kursini davom ettirish uchun yo‘llanma olishida yordam so‘raydi. Odessalik pensioner surunkali pnevmoniya  kasaliga duchor bo‘lgan qizi, meditsina instituti dotsentini davolash uchun 40 gramm mumiyo jo‘natishni iltimos qiladi. Sobiq ittifoqning Seylondagi elchisi qizini ishga joylashishida uning yordamidan umidvor. Muhimi, murojaat qiluvchilarning hammasi Sharof Rashidov band bo‘lishiga qaramay, albatta yordam berishiga ishonadilar.

Ijoddosh hamkasblari – yozuvchilar, madaniyat va san’at arboblari, olimlar bilan bo‘lgan yozishmalarida Sharof Rashidov ularning yutuqlaridan xursand bo‘lganini ma’lum qiladi. Kitoblarini chop etgan noshirlarga samimiy minnatdorlik izhor qiladi. Asarlarini chop etish yoki ularni o‘qishga hech qachon hech kimni majbur qilmaydi. Boz ustiga, hali pishib yetilmagan stsenariylari asosida  sahna asarlari  qo‘yilishiga qarshi chiqadi.

Ko‘p xatlarida iste’dodli yosh yozuvchi va shoirlar haqida ustozlarcha qayg‘urayotgani, ularga nisbatan samimiy g‘amxo‘rligi ufurib turibdi. “Sovetskiy pisatel” nashriyotining direktori N.V.Lesyuchevskiyga yozgan  maktubidan: Qadrli birodarim Nikolay Vasilevich!Toshkentdan  samimiy salom! Men sizga Oripov Abdullani yuborayapman. Yaqinda o‘zbek tilida uning “Yurtim shamoli” kitobi nashr etildi. Men uni diqqat bilan o‘qib chiqdim va hayratlandim: to‘plamga qanday ajoyib she’rlar kiritilgan. Aytishim joizki, Abdulla Oripov bilan Erkin Vohidov yaqin kelajakda o‘zbek sovet poeziyasi, o‘zbek sovet adabiyoti me’zonlarini belgilab beradigan iste’dodlardan bo‘lib yetishadi.  Shu sababli  men Sizga katta bir iltimos bilan murojaat qilmoqdaman. O‘zingiz shaxsan Abdulla Oripovni qabul qilsangiz, u bilan yaqindan tanishib, suhbat qursangiz. 1978 yili uning she’rlarini Moskvaning eng yaxshi tarjimonlari yordamida rus tilida chop etish kerak. Uning she’rlari yuksak darajadagi tarjimada bosilib chiqishi uchun men uni Sizga ijodiy safarga jo‘natmoqdaman. Menga ishoning, Abdulla Oripov she’rlari ko‘p jihatdan Sizga Rasul Hamzatov, Eduard Mejelaytis va boshqa ko‘plab iste’dodli shoirlar asarlarini so‘zsiz eslatadi”.

Sharof Rashidov niyati pok, samimiy insonlarni  yaxshi ko‘rar, ularga intilar edi. Kim bilan muloqot qilmasin, unga albatta ma’qul bo‘ladigan iliq so‘zlar topardi. U kishi bilan suhbat qurgan  odamlar ruhlanib ketar, ijodkorlarda ilhom, yangi ijodiy niyat paydo bo‘lar edi.  Uning suhbatdoshi bilan  samimiy munosabati, oddiyligi, odamoxunligi, insonga, u  oddiy brigada boshlig‘i bo‘ladimi, arxitektormi, yozuvchidan tortib akademikkacha, ittifoq vazirigacha – hammani hurmat-e’tibori bilan o‘ziga shaydo etardi. Odamlar Rashidov bilan paxta dalasida, dala shiyponida, yangi maktab ochilishida,  elektrostantsiyada navbatdagi yangi agregatni ishga tushirishda, Toshkentda qurilayotgan metropoliten tunnelida, Chorbog‘ GESi qurilishida bir lahzali uchrashuvlari, qisqa davom etgan suhbatlari yoki qo‘l berib samimiy ko‘rishganlarini bugunga qadar eslashadi.

Rashidovning odamlar bilan muomala madaniyati, suhbatni jozibali olib borish mahorati uning qadimgi va hozirgi zamon tarixi, zamonaviy adabiyot xususidagi bilimlari ko‘pchilikni hayratga soladi. Akademik N.Timofeeva Sharof Rashidovning yordamchisi G.A.Kraynovga yozgan xatida shunday degan edi: “SSSR Fanlar Akademiyasi delegatsiyasining barcha a’zolari O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifdan nihoyatda katta qoniqish hosil qildilar. Barchamizni (meni esa hammadan ham ko‘proq) Sharof Rashidovich hayratlanarli oddiyligi, nozik ta’b ziyoliligi va odamlarga bo‘lgan diqqat-e’tibori, mehri-munosabati bilan o‘ziga rom qildi”.

Sh.Rashidov inson psixologiyasini nozik anglar va chuqur tushunar edi. Bu esa siyosatchi uchun muhim hislatdir. U muammolarni hal qilishda nafaqat ongga, aqlga, balki hissiyotga ham ta’sir etish zarurligini yaxshi bilardi. Inson qalbiga yo‘l topish esa sahroi kabir yoki ummonda to‘g‘ri yo‘l topishdan ham qiyin. Buning uchun sening o‘zing qaynoq va mehrli qalbga ega bo‘lishing kerak. Rashidov barchaning, shu jumladan, partiyaning eng yuqori mansabdorlari, nufuzli vazirlar bilan muloqotga kirishish, muhim masalalarni yechishda  ularning yuragiga yo‘l topishning mohir ustasi edi.

Xatlarni, safdoshlarining esdaliklari va boshqa hujjatlarni o‘rganar ekanman, shunday xulosaga keldim: Moskvada, vazirlik va boshqa idoralarda, ittifoqdosh respublikalarda Sharof Rashidovning iste’dodi va insoniyligiga, ishchanligi, ziyolilik darajasi, do‘st-birodarlariga sadoqati, shuningdek,  tashkilotchilik qobiliyatiga  yuksak baho berishgan.

Mamlakat hayotida pishib yetilgan, yechimini kutayotgan muhim muammolarni joyida hal qilish uchun respublikaga tegishli ittifoq vazirliklari va idoralarining rahbarlari taklif qilinar edi. Ularga markaz tomonidan ajratilgan mablag‘lar qanday o‘zlashtirilayotgani va ular qanday iqtisodiy samara berayotgani namoyish etilar edi. Mehmonlarni Sharof Rashidovning  o‘zi shaxsan kutib olishi, joylarga kuzatib borishi ularda yaxshi taassurot qoldirardi.

1960–1980 yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqarishning jadal sur’atlar bilan rivojlanishida Sharof Rashidovning  xizmati katta bo‘lgan. Buni inkor etish qiyin. Respublikada aholining o‘sish sur’ati yuqori ekanligi,  1959 yili mamlakatda 8,5 million kishi yashagan bo‘lsa, 1983 yilga kelib bu raqam  17 millionga yetgani bois, yangi ish joylarini yaratish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash bilan  muntazam ravishda shug‘ullanish lozim edi. Buning uchun esa yangi yerlarni o‘zlashtirish, kanallar qazish, suv omborlari qurib ekin maydonlarini yetarli darajada suv bilan ta’minlash, shaharlar, yo‘llar qurish, iqtisodiyotning yangi sohalarini rivojlantirish kerak bo‘lardi. Rashidov bu haqda chuqur o‘ylaydi. Sohalar rahbarlariga yangi ishlab chiqarish korxonalarini qurish bo‘yicha puxta asoslangan takliflar tayyorlash topshirig‘ini beradi. Bu bilan qanoatlanmay,  o‘zi bosh tashkilotchi sifatida tinim bilmay ishga kirishadi, yangi sanoat korxonalarini qurish, transport shaxobchalarini tashkil etish, yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha  istiqbolli tashabbus va g‘oyalarni taklif etadi. Noyob tashkilotchilik qobiliyati, o‘ta ziyrakligi, odamlar psixologiyasini chuqur his etishi  bois mas’ul lavozimlarga  ijodkor va tashabbuskor kadrlarni olib keladi, ularni tarbiyalaydi,  qadriga yetadi.

Respublika ijtimoiy-siyosiy  hayoti bilan bog‘liq muhim masalalarni markaz bilan hamkorlikda hal etish uchun Rashidovga katta sabot, matonat va shaxsiy jasorat kerak bo‘lardi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 1942 yili Shimoliy-G‘arbiy frontdagi mudofaa janglarida jarohat olgunga qadar “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlangan Sharof Rashidov  bu fazilatlarga to‘la ega edi.

Sobiq ittifoqning o‘sha paytdagi rahbari Nikita Xrushchev Mirzacho‘lni o‘zlashtirish ishlarini to‘xtatishni talab qilgan paytda Rashidov uch marta Moskvaga borib, katta rahbarning oldiga kirib, masalaning mohiyatini tushuntiradi va o‘zlashtirish  ishlarini davom ettirishga erishadi. Qo‘shni respublikalardagi gidroelektrostantsiyalar qurilishini kutib turmasdan Markaziy Osiyodagi eng yirik, quvvati 3 mln. kvt bo‘lgan Sirdaryo GrESi bunyod etilishini boshlab yuborish zarurligini isbotlaydi. Brejnev va Kosiginni  Muruntov oltin konini o‘zlashtirish zarurligiga ishontiradi. Toshkent metropolitenini qurish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul  qilinishi uchun yuqori rahbariyatga rasman  18 (!) marta murojaat qiladi. Bunaqa misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Sharof Rashidov markazlashtirilgan ittifoq davlati sharoitida res­publikamizga uzoq yillar rahbarlik qildi. O‘zining insoniy va siyosatchiga xos noyob fazilatlari tufayli mamlakatni mumkin qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga erishdi. O‘zbekistonda turli millat vakillariga mansub bo‘lgan millionlab kishilar o‘rtasida mustahkam do‘stlik va hamkorlik muhiti shakllantirildi.

Bugun yashnayotgan Mirzacho‘l, o‘zlashtirilgan Jizzax va Qarshi cho‘llari, Qizilqum sahrosida qad ko‘targan go‘zal  Zarafshon va Navoiy shaharlari mamlakatimiz fuqarolari va chet ellik mehmonlarni hayratga soladi. Dahshatli zilziladan keyin qayta qurilgan go‘zal Toshkent kishilarni lol qoldiradi. Xalqlar Do‘stligi nomidagi katta maydon, shu nomdagi mahobatli saroy, temirchi Shomahmudovlar oilasiga qo‘yilgan haykal, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan metropoliten va uning marmardan qurilgan yer osti saroylari mehmonlarni lol qoldiradi. Bularning barchasi mustaqil O‘zbekistonning olg‘a qarab shaxdam qadamlar tashlashiga o‘ziga xos ishonch baxsh etgani shubhasiz.

O‘zbek xalqining sodiq o‘g‘loni, buyuk inson va mohir siyosatchi  Sharof Rashidov millionlar qalbida, ularning xotirasida bir umrga qoldi. Uni eslar ekanmiz, buyuk bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi satrlari beixtiyor yodimizga keladi:

Bu gulshan ichra yo‘qdir baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur qolsa  yaxshilik bila ot.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son