Rustamjon Ummatov. Bobur va Napoleon

(essedan boblar)

QISMAT

Muqaddima o‘rnida: Bobur – mo‘g‘ul yo hind bo‘lmagani kabi,
Napoleon ham frantsuz yo italiyalik emas edi

Zahiriddin Muhammad Bobur… Napoleon Bonapart… Zamoni va makoni, kelib chiqishi va nasl-nasabi, hayoti va a’moli, ibtidosi va intihosi tamoman tafovutli bu ikki arbobni taqqoslab bo‘ladimi? Ularda o‘xshashlik nima qilsin?..

Podshoh Bobur – Temuriylar sulolasiga mansub shahzoda, Osiyoda tavallud topgan, bolaligida yetim qolsa-da, baribir, shoh edi, xizmatiga qoyim mahram-mulozimlari, beklaru askarlari hoziru nozir, eng og‘ir kunlarida ham muhtojlik ko‘rmagan, islomiy arkonu ahkomlarda sobit va sodiq, turkiy va forsiy tilda so‘zlagan va yozgan, qo‘lidagi saltanati daxlsiz bo‘lib, valiahdiga meros qoldi va yetti pushti toj-taxt sohibi bo‘ldi…

Imperator Napoleon esa – o‘rtahol dvoryanning o‘g‘li, ajdodlaridan hech kim hech qachon yurt so‘ragan emas, Yevropada tug‘ilgan, bolaligi iqtisodiy qiyinchilikda kechgan, xizmatkori bo‘lmagan, oilasi hamisha muhtoj edi, nasroniy diniga mansub, lekin e’tiqodda sobit emas, frantsuz va italyan tillarida so‘zlagan, imperiyasi daxlsiz bo‘lmagan, saltanatini valiahdiga qoldirgan, ammo undan tortib olishgan…

Bu kabi tafovutlarni yana anchagina sanash mumkin. Biroq ana shu farqlar zamirida ham o‘xshashlik, hatto hayratangiz sirli qonuniyatlar uyg‘unligi seziladi. Ikki hukmdor saltanati va ikki sarkardaning jangovar yo‘lida mushtarak jihatlar, tarixi va taqdirida shunday takrorlar borki, tong qolmay iloj yo‘q.

Bobur tog‘lar orasidagi Farg‘ona vodiysida, Napoleon suvlar orasidagi Korsika orolida tavallud topgan. Bunisi O‘rta Osiyo, unisi O‘rtayer dengizi edi. Farg‘ona vodiysi ham, Korsika oroli ham 40-42,5-shimoliy kenglikda joylashgan. Bobur ham, Napoleon ham o‘zi ulg‘aygan oiladagi 8 farzandning biridir.

Endi qarang: Bobur dastlab Farg‘onaning, Napoleon esa avval Korsikaning mustaqilligi uchun kurashgan. Boburning qo‘shini “engilmas o‘rdu”, Napoleonning armiyasi Grand Armee atalardi: Bobur – Samarqandda uch karra (1497, 1500, 1511), Napoleon esa Parijda uch marta (1799, 1804, 1815) sohibi davlat bo‘lgan. Samarqandni – “sayqali ro‘yi zaminast”, Parijni – “er yuzining poytaxti” deydilar. Bobur Samarqandni ilk bor olib, yuz kun podshohlik qilgandi, Napoleon esa Parijdagi so‘nggi zafaridan so‘ng yuz kun toj kiygan. Bobur ham, Napoleon ham shoir, yozuvchi, memuarnavis edilar. Boburning asarlari qanchalar qimmatli bo‘lsa, Napoleonning kitoblari (32 jild!) ham o‘shanchalik mo‘tabar hisoblanadi.

Hindiston podshohi Bobur – hind emas, frantsuzlar imperatori – Napoleon frantsuz emas. Bobur mo‘g‘ul bo‘lmasa-da, “buyuk mo‘g‘ullar imperatori” degan nom oldi, Napoleon frantsuz bo‘lmasa-da “frantsuz imperatori” edi. Bobur Hindiston boyliklarini Farg‘onaga, Napoleon esa Frantsiya xazinasini Korsikaga tashimagan.

Ikkala imperator deyarli tengqur yoshda: Bobur (47), Napoleon (46) toj-taxtdan voz kechib, o‘rniga o‘g‘lini qo‘ydi. Bobur bu qarorga ixtiyoriy, Napoleon esa majburlikdan barmoq bosdi. Qonuniyatni ko‘ringki, ota-buvasi hukmdor o‘tgan Bobur bu niyatiga erishdi, ajdodlaridan birortasi yurt so‘ramagan Napoleonning esa murodi hosil bo‘lgani yo‘q. Va yana ajabki, podshohzoda Bobur avlodlari Hindiston taxtida davru davron surishdi, uzurpator Napoleonning biror zuryodiga hukmdorlik buyurmadi.

Hindistonga podshoh bo‘lib, Bobur buni o‘ziga armon bildi, chunki vatanjudo, musofir edi. Hindiston Napoleonga ham armon bo‘lib, 18 yil urinsa-da, bosib ololmadi. Boburiylarning qismati ham, Napoleonning taqdiri ham inglizlar qo‘lida hal bo‘lgan.

Bobur arkoni davlati, oilasi, yaqinlari davrasida xotirjam vafot etdi. Biroq Napoleon Atlantikaning olis janubidagi Avliyo Yelena orolida tanholik va g‘ariblikda dunyodan ko‘z yumdi. Boburning qabri Kobulga (1540), Napoleonniki esa Parijga (1840) ko‘chirildi. Asrlar o‘tmoqdaki, har ikki ulug‘ sarkardaning xoki turobi e’zozda. Boburning noyob qo‘lyozmalari Parijga borib qolgan, Napoleonning xos mebellari esa Samarqandda…

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, butun bir yil (1993) Bobur yili deb e’lon qilindi. Shoh va shoirning tavallud ayyomi mamlakatimizda ma’naviyat bayrami tusini oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kid etganidek, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘n ikki yoshidan boshlab Temuriylar davlatini saqlab qolish uchun o‘zini o‘tga ham, cho‘qqa ham urdi, hech qanday dushmandan ham, sinovdan ham qo‘rqmadi. O‘z avlodlariga Vatanga bo‘lgan buyuk muhabbatni, ezgu fazilatlarni meros qilib qoldirdi.

Har yilning fevral oyi Navoiyxonlik va Boburxonlik bilan o‘tmoqda. Matbuot, radio-televideniyeda bu ikki siymo shaxsi yetakchi mavzuga aylanadi. Endi Napoleonga keladigan bo‘lsak, u imperator tojini kiygach, 15 avgust (tug‘ilgan kuni) tantanavor nishonlanadigan diniy va davlat bayramlarining rasmiy ro‘yxatiga kiritilgan. Har yili frantsuz vaqtli nashrlarining 15 avgust soni bayramona bezaladi, Faxriy Legionning yangi nishondorlari ro‘yxati e’lon qilinadi… Bu yil Napoleon tavalludiga ikki yarim asr to‘ladi, shu munosabat bilan Frantsiya, Korsika va Italiyada yubiley tadorigi allaqachon boshlangan.

Napoleonni Boburga o‘xshatayotganimiz yo‘q. Lekin Xudo o‘zi ikkovning hayotini, a’molini, taqdirini o‘xshatib yaratgach, biz bandalarda ne ixtiyor?..

 

HIND SORI YuZLANDIM…

Podshohning yig‘lagani. Hindistonga hujum rejasi.
Ushalgan orzu, armonga aylangan shuhrat

Evropalik olimlar Hindistonga ilmiy yondashuv, ya’ni hindshunoslik 19-asr boshida shakllangan deydilar. Mayli, bu – ularning nuqtai nazari.

Vaholanki, undan ming yil burun (9-asrdayoq) o‘zbek hindshunosligi mavjud edi. Chunonchi, Xorazmiy hind ma’rifatini, jumladan, riyoziyot va jug‘rofiya fanlarini chuqur o‘rganib, tadqiqotlarida foydalangan. Marhum S. Chatterji (Kalkutta universitetining professori) e’tirof etgandiki, hind, ellin va islom madaniy merosini teran va mukammal bilgan qomusiy olim dunyoda yagona bo‘lib, bu Abu Rayhon Beruniy edi.

Hindshunoslik ustida gap ketarkan, Marko Polo, Afanasiy Nikitin kabilar tilga olinadi. Bu ro‘yxatda Beruniyning nomi bo‘lsa-da, boshqa movarounnahrlik va Boburiy olimlarning ilmiy-tarixiy xizmatlari xolisona e’tirof etilmaydi. Keling, loaqal Afanasiy Nikitin faoliyatiga nazar solaylik. Uning Hindistonga safari haqidagi kitobining asosiy qismi izoh va sharhlar bo‘lib, kundalik aslida 15-20 sahifani band etadi. Shunday esa-da, Nikitinning sayohatnomasi juda ko‘p dovruq qilinadi. U haqda hujjatli va badiiy filmlar (“Uch dengiz osha sayohat”) yaratilgan, dissertatsiyalar yoqlangan. Vladimir Pribitkovning “Tverlik mehmon” (1956) nomli serto‘qima qissasi ham bor.

Yo‘q, bizni Afanasiy Nikitinning yirik hindshunos deyilishi emas, boshqa sharqshunoslarga iltifotsizlik o‘ylantiradi. Avvalo, Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk hindshunos edi, lekin negadir u kishining faoliyatidagi ana shu yo‘nalish e’tirof qilinmaydi. Boburning xolavachchasi Mirzo Muhammad Haydar Ayoziyning “Tarixi Rashidiy” asari ham Hindistonni, ayniqsa, Kashmirni o‘rganishda juda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, Gulbadan Begimning “Humoyunnoma”, Abul Fazlning “Akbarnoma”, Badouniyning “Muntaxabut tavorix”, Bengaliyada Boburiylar sarkardasi bo‘lgan Mirzo Natxonning “Bahoristoni g‘oyibiy”, Abdul Hamid Lohuriyning “Podshohnoma”, Muhammad Solih Kombuning “Amali solih”, Hofiyxonning “Muntaxab-ul lubob” kabi asarlari Hindiston xususida bebaho ilmiy manbalar hisoblanadi. Nizomiddin Ahmad Hirotiy (1549-1594) Gujarot armiyasining yetakchi qo‘mondonlaridan bo‘lib, 1593 yildan Boburiylar xizmatiga o‘tgan. U o‘ttizga yaqin manba asosida bebaho “Tabaqoti Akbariy” solnomasini yozgan. Asarda Akbarshoh davridagi Hindiston, G‘azna, G‘ur, Dehli, Malva, Bengaliya, Sind, Kashmir kabi hududlarning tarixi xolis yoritilgan va noyob ma’lumotlar keltirilgan.

 

* * *

O‘z yerni qo‘yib, hind sori yuzlandim, Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?”

“Yaqinda menga qovun keltirgan edilar, so‘yib yeganimda g‘alati ta’sir qildi. Rosa yig‘ladim”.

Bobur hukmdor va sarkarda sifatida Kobulda kamolga yetdi, o‘rdasida xiyla yillar osoyishta va xotirjam yashamoqqa ham muyassar bo‘ldi. Endi uning toj-taxtiga yuraksinib daxl qila oluvchi errayim yo‘q, inchunun, Kobulda bemalol davru davronini suravermog‘i mumkin edi.

Uning qalbida Hindiston havasi ilgaritdan bo‘lsa-da, dovonlar va daryo­lardan oshib, jonini xatarga qo‘yishi, jangu jadallarda yana o‘lim bilan yuzlashuvi zarurmi edi? Bu savolning mantiqli va lo‘nda javobi hamisha tilimiz uchida: Hindiston ne zamonlar turkiylar tasarrufida bo‘lgan va sohibqiron Temurbek musahhar etgandiki, Bobur Mirzo bobomeros mulkini talab qilib borgani aniq. Bu – to‘g‘ri, albatta.

Lekin ayni xususda Harold Lambning mulohazasi yanada jo‘yali. Yoshi qirqdan oshgan Bobur bu paytgacha sal kam o‘ttiz yilni kurashlar bilan o‘tkazdi, goh mag‘lubiyat zahrini, goh zafar luqmasini totib ko‘rdi. Aynan ana shu zafarlar uni buyuk ishlarga chorlagan bo‘lsa ajabmas. Zero, otasida bo‘lgan mulkgirlik dag‘dag‘asi unda ham kam emasdi. U hamon tog‘ni ursa talqon qiladigan kuchga ega – ikki navkarni qo‘ltig‘iga olib, qal’a devori ustida yugura olardi. Oilasiginamas, darbadar yurgan Temuriy shahzodalar ham Boburga suyanadigan bo‘lib qolishgan. Keyingi yillarda ko‘plab qarindoshlar najot ilinjida uning oyog‘iga bosh urishdi, ana shu xeshu aqrabolar hisobiga o‘rdaning yuki tobora vazminlashib borardi. Boz, mehmonlarning “Chingiziy”, “Temuriy” degan quruqqina nomi qolgan bo‘lsa-da, katta oxurdan yem yeb o‘rgangan, ozga qanoat qilish ularning maqomiga begona. Aksariyatiga mulk, saltanat, amal topib berish ham go‘yo Bobur uchun farzu qarz. Yana, xizmatdagi o‘z beklari, amiru umarolar, vaziru vuzarolar, sarkardalar va askarlar oz emas, ularga ham ta’minot va daromad zarur. Qo‘lidagi mo‘jazgina mamlakatni Temur saltanatiga muqoyasa qilib bo‘ladimi? Xullas, Kobulning tushumi podshoh Bobur tasarrufidagi davlat ma’muriyatining ehtiyojini qondira olmas edi.

Qolaversa, kelajak avlod, masalan, muarrixlar o‘z yurtidan abadiy kuvilgan shahzoda Zahiriddin Muhammad haqida nelarni bitarkinlar?..

Bobur harb san’atini mukammal egallagan sarkarda sifatida zamonaviy qurol-yaroq g‘alabaning muhim kaliti ekanini, nayza va shamshir ko‘targan suvoriylar o‘rnini miltiqli piyodalar egallaydigan davr kelganini ang­lab yetgandi. Harold Lamb aytadiki, Hindiston sari yurish boshlagan Bobur siyosiy va tabiiy chegaralarni buzib o‘tgani yo‘q. “Hindikushdagi chegara”, “Xaybar dovoni”, “Dyurand liniyasi” kabi atamalar inglizlarning mustamlakachilik siyosati tufayli tug‘ilgan yanglish va nohaq tushunchalar, xolos. Yevropaliklar keyinroq tashkil etgan bu jug‘rofiy “devorlar” Bobur zamonida hech qanday hududiy yoki milliy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan emas. Xaybar, shuningdek, Xurram dovonlari tarixan chegara emas, qatnov yo‘li sifatida e’tirof etilgandi. H. Lamb ta’kidlaydi:

“Mavjud asarlarning hech birida tog‘ tizmalari bo‘ylab chegara o‘tgani aytilmaydi. Agar dushman yo‘lidagi g‘ov haqida gap borsa, u Hind daryosi bo‘lishi mumkin. Bobur ulkan Panjob vohasini bo‘ysundirgach, Loxurni ikkinchi Kobul qilib olishni mo‘ljallagan edi. Ana o‘shanda uning mulki Gang daryosi sohillaridan Badaxshon va Amudaryo vohasigacha qamrab olgan bo‘lardi. Boburshoh erishgan g‘alabalarini mustahkamlab, Hind daryosining qarshi qirg‘og‘ida qolsagina boshpanasiz qochoq degan tamg‘adan qutula olardi.”

Bobur besh karra urinib, axiyri ana shu murodiga yetdiki, ushalgan bu orzu uning abadiy shon-shuhratiga ham, armoniga ham aylandi.

 

* * *

Hindiston Boburga qanchalar armon bo‘lsa, Napoleonga ham shunchalar armon edi. Bonapart to saltanati kunpayakun bo‘lgunicha Hindistonga intildi, qariyb o‘n sakkiz yil orzuladi, ammo yeta olmadi.

Aslida, Misr yoki Hindistonni Frantsiyaga qo‘shib olish Napoleon dahosining kashfiyoti emas. Misr va Hindiston Parijning ko‘ngli anchadan buyon tusab yurgan totli luqma edi.

Diviziya generali Bonapart 1797 yil 7 dekabrda zafarli Italiya yurishidan dabdaba bilan qaytdi. Parij, “Lyuksemburg” saroyi, Direktoriya – hukumat g‘olib qo‘mondonni betimsol shon-sharaf bilan kutib oldi: gullar, olqishlar, tabriklar, maqtovlar. U Italiyada kamida o‘nta jangda g‘alaba qozonib, karvon-karvon o‘lja, siymu zar jo‘natgan, tili ham go‘yo bir qarich.

“Angliyaga La-Manshdan hujum qilish mushkul, chunki inglizlarning dengiz floti zo‘r. Biroq men quruqlikdan zarba berib ham Londonni tit­ratib qo‘ya olaman. Avval Misrni bo‘ysundirib, Yaqin Sharqda platsdarm yarataman-da, so‘ngra Hindistonga yurish boshlab, bu mamlakatni Angliyadan tortib olamiz. Menga qo‘shin va kemalar bering, u yog‘ini o‘zim boplayman…”

Barras rahnamoligidagi Direktoriya bir qarorga keldi: mayli, borsa bora qolsin. Va’dasini ado etib, sog‘-omon qaytib kelsa – yaxshi. Basharti, Gang sohillarida yoki piramidalar poyida o‘lib ketsa, bu ham yomonmas: o‘zboshimcha va qaysar korsikalikdan qutuladilar…

Xullas, Napoleon yo‘l-yo‘lakay Maltani egalladi va 2 iyul kuni Afrika qirg‘oqlariga langar tashlab, Aleksandriya yaqinidagi Marabu qishlog‘ida quruqlikka qadam bosdi. Misr xalqiga faqat ozodlik va saodat bag‘ishlash uchun kelganini chuqur izohlab, sanani uchta taqvimda ko‘rsatdi: milodiy – 1798 yil 2 iyul, inqilobiy taqvimda – VI yil 14 messidora va hijriy-qamariy hisobda – 1213 yil 18 muharram.

U Misrdan sharqqa yurish boshlab, asir tushgan to‘rt ming turk askarining barini dengiz bo‘yida ottirdi. Oshiqmasa bo‘lmasdi: xomcho‘tiga ko‘ra 1800 yil bahorida Hind daryosiga yetib borishi zarur. Hindiston orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Suriya, Iroq, Eron va afg‘onlar hududini bo‘ysundirib, kunchiqarga ildam borishi, ortiga aslo qaytmasligi kerak. Koshkiydi, Aleksandr Makedonskiy zafarlarini takrorlab, Gang va Jamna sohillarigacha fath eta olsa!

Bonapart 1799 yil 25 yanvar kuni Suriyadan Maysurga chopar yo‘lladi. Ular Angliya istibdodiga qarshi bosh ko‘targan Tipu Sultonni topib, hamkorlikda harakat qilish haqida bitim tuzishlari lozim. Napoleon Maysur hukmdoriga mubolag‘a va dabdaba bilan maktub yozadi:

“Boxabardirsizki, yengilmas armiyam bilan Qizil dengiz  qirg‘oqlarini zabt etdim. Askarlarimning son-sanog‘i yo‘q va xalqingizni bosqinchilar changalidan ozod qilish istagidaman…”

Maysur Haydar Ali va uning valiahdi Tipu Sulton hukmronligi davrida (1761–1799) Janubiy Hindistondagi eng qudratli davlatga aylandi. Biroq 55 ming suvoriy va piyoda jangchisi, zamonaviy artilleriyasi bo‘lishiga qaramay, baribir inglizlar vassali hisoblanardi. Haydar Alining gollandlar bilan ittifoq tuzishidan xavfsiragan Angliya mus­tamlaka ma’muriyati Niderlandiya tasarrufidagi Negapatamni bosib oldi. Bundan qo‘rqib ketgan boshqa maratxi sardorlari maysurliklar bilan ittifoq tuzishdan bosh tortdilar.

Haydar Ali nihoyatda og‘ir harbiy-siyosiy vaziyatga tushib qolgandi. Shunda go‘yo mo‘jiza ro‘y berdi: admiral Syuffren qo‘mondonligidagi frantsuz eskadrasi yetib keldi va 1782 yil yanvardagi dengiz jangida admiral Xyuz boshliq ingliz kemalarini tor-mor qildi. Shahzoda Tipu Sulton esa Angliyaning quruqlikdagi yirik bo‘linmasini Anagudi yaqinida qurshab oldi va qirib tashladi.

Haydar Ali vafot etgach (1782 yil), taxtga Tipu Sulton chiqdi. U 1783 yili Bangalurni qamal qilgan kunlari admiral Byussi yetakchiligidagi frantsuz kemalari Maysur tasarrufidagi Kuddalur bandargohiga langar tashladi. Biroq o‘sha yili iyul oyida Angliya va Frantsiya o‘rtasida Kanada ixtilofi bo‘yicha sulh tuzildi, shu bois Byussining matroslari ham, avvaldan hindlar xizmatida bo‘lgan frantsiyaliklar ham inglizlarga qarshi urush harakatlarini to‘xtatdilar.

Qolaversa, Napoleon Bonapart Misrni istilo qilib, Suriyaga yurish boshlaganini, ammo ko‘zlagan asl manzili Hindiston ekanini Londonda allaqachon bilib bo‘lishgandi. Ana shunda Hindiston general-gubernatori R. Uelsli (1798–1805) Londonning ijozati bilan muhim bir to‘xtamga keldi. Avvalo, Hindistonda har qanday qurolli frantsuz otryadlariga barham berish va keyin Maysur knyazligini xaritadan yo‘qotish zarur. Haydarobod knyazining xizmatidagi frantsuz bo‘linmasini inglizlar qurolsizlantirib, maoshlarigacha to‘lashdi va Frantsiyaga jo‘natib yuborishdi. To‘rtinchi ingliz-maysur urushi chog‘i 1799 yil 28 aprelda Seringapatam qo‘ldan ketdi, 4 may kuni Tipu Sulton jang maydonida halok bo‘ldi.

 

* * *

1800 yilga kelib Bonapart inglizlarga qarshi kurashda Rossiya bilan hamkorlikka bel bog‘ladi. Ikki o‘rtada har ikki mamlakat manfaatlariga mos sulh tuzildi. Napoleonning rejasiga ko‘ra endi o‘ris va farang qo‘shinlari birikib, Hindiston sari yurishi mumkin. Avvalo, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston orqali hujumga o‘tgan ma’qulroq. Yoki Afanasiy Nikitinning 15-asrdagi marshrutini takrorlash ham mumkin. Napoleon Yaqin Sharq va Kavkaz orqali, imperator “Pol” (Pavelni Frantsiyada ana shunday atashardi) esa Shimoldan boradi. Ikki armiya Amudaryoning yo o‘ng, yo so‘l sohilida birlashib, hal kiluvchi hujumga o‘tadi.

Pavel bu rejada Rossiya uchun katta foyda bor, degan xulosaga keldi. Birinchidan, Angliyaning floti yakson qilingach, rus imperiyasi Malta orolini oladi, ham O‘rtayer dengizida, ham Qora dengizda o‘z flotiga ega bo‘ladi. Ikkinchi va asosiy yutuq shuki, Konstantinopol va Ierusalim Rossiyaning qo‘liga o‘tishi hech gapmas. Natijada, Pavel va Napoleon Yevropani, hatto butun dunyoni o‘zaro taqsimlab olsalar koshki edi.

Rossiya podshohi amaliy ishga kirishdi. Dastlab Don kazaklari atamani M.Platov boshchiligidagi yigirma besh ming kishilik to‘rt guruh tezkor kazak polklaridan iborat ekspeditsion armiya 1801 yil fevralda Hindiston sari yo‘lga tushdi.

Pavel Birinchi 12 yanvarda Don qo‘shinlari atamani general Orlovga ham bir necha farmoyish yo‘llab, kazak polklari bilan tezda Orenburgga yetib borishni buyurgan. Rejaga ko‘ra, u yerdan to‘ppa-to‘g‘ri Hindiston sari yurib, dushmanning, ya’ni Angliyaning qoq yuragini jarohatlashi zarur edi.

Farmon zudlik bilan amalga oshirilib, Dondan qo‘zg‘olgan kazak polk­lari sharq tomonga yo‘l oldi, Orlovning yigirma ikki ming kishilik otryadida o‘n ikki zambarak va o‘n ikki qadimiy rus to‘pi ham bor edi…

Pavel Birinchi ilk bor (18 dekabr) Napoleonga yozma ravishda shaxsan murojaat qildi:

– Sizni tinglashga va Siz bilan muzokaraga tayyorman…

Ikki o‘rtadagi keng ko‘lamli ittifoqning markaziy masalasi Hindistonni fath etish edi. Bu taraddud o‘ta maxfiy amalga oshirilib, sanoqli kishilargina (valiahd Aleksandr, Palen) bilardi, xolos. O‘n yillarga mo‘ljallangan Rossiya-Frantsiya hamkorligiga 1801 yil 12 yanvar kuni dastlabki qadam qo‘yildi. Farmon:

– Zudlik bilan 30 ming kazak soldati Volgadan o‘tsin! Bir oyda Orenburgga yetib borib, qolgan masofani uch oy muddatda bosadi-da, Buxariya va Xivani ortda qoldirib, Xindus[1] sohillarini zabt etadi.

Bu reja qulay, mantiqli va puxta edi. Antik zamonda Aleksandr Makedonskiyning yetakchi qanoti ham, 18-asrning 40-yillarida Nodirshoh suvoriylari ham ana shu yaqin va oson yo‘ldan o‘tib, Hindistonni zabt etishgan. Buning ustiga, Hindistonda ingliz soldatlari ko‘p emas, Eron bilan esa shartnoma tuzilgan hisobi, hind xalqi Buyuk Britaniyadan norozi, Gruziya batamom Rossiya qalamraviga qo‘shilgan – bu omillar bari rejaning muvaffaqiyatli ijrosiga xizmat qilishi turgan gap.

Nihoyat, Rossiyada yana bir taraddud bor: Petropavlovsk-Kamchatsk bandargohida uchta kemani tayyorlashayotgandi, zamonaviy zambaraklar o‘rnatilgach, ular harbiy fregatga aylanib, Hind okeaniga jo‘naydi. Ma’lumotlarga qaraganda, Uzoq Sharq mudofaasini mustahkamlash uchun o‘sha paytlari Irkutskdan katta kuch jo‘natilgan. Himoya qo‘shini hujum quroli bo‘lishi va kemalar Hindiston fathiga dengizdan ko‘mak berishi mumkin…

Napoleonning ruslar podshohi bilan og‘iz-burun o‘pishayotgani, ikkov qandaydir fitna boshlayotgani, hatto Hindistonga yurish qilmoqchi ekani ingliz razvedkasidan pinhon qolarmidi? Voqealar rivojini Londonda xavotir va tashvish bilan kuzatishardi. Balki, bo‘lg‘usi falokatning oldini olsa bo‘lar – Buyuk Britaniya bosh vaziri Vilyam Pittning shunaqa umidi ham yo‘q emasdi…

Ammo Rossiyada shunday mudhish kori hol sodir bo‘ldiki, bunday qabohatga Yevropada hech kimning aqli bovar qilmay qoldi. Imperator Pavel Birinchi 1801 yil 11 martdan 12 martga o‘tar tunda Mixaylovsk saroyida bo‘g‘ib o‘ldirildi. Orzulari sarobga aylangan Napoleon Bonapart quturib ketdi: unga qolsa, bu suiqasdni inglizlar uyushtirgani begumon. K.Valishevskiyning tasdiqlashicha, Pavel Birinchiga qarshi turganlarga Angliya muntazam moddiy yordam berib kelgan.

Tabiiyki, kazaklarning Buxariyaga safari ham to‘xtatildi…

Birlashgan qirollikda Napoleonning Maysur knyazlari bilan aloqa bog‘laganidan voqif bo‘lgach, Tipu Sulton o‘lgandan keyin ham Londonning domangirligi tarqalgani yo‘q. Negaki, Bonapart afg‘onlar hukmdori Zamonshoh Durroniyni yo‘ldan urishi mumkin edi. Hindistondagi Angliya kolonial ma’muriyati Eron shohiga tazyiq o‘tkazib, uning yordamida Kobul taxtiga shahzoda Mahmudni chiqarishga erishdi. Zamonshohning ko‘ziga mil tortildi, bu voqea 1801 yili sodir bo‘ldi.

Napoleon Birinchi konsul bo‘lgan kezlari Frantsiya-Angliya raqobati nihoyatda keskinlashdi. U 1803 yil aprel oyida Hindistonga harbiy-diplomatik vakillarini jo‘natdi. General Dekan rahnamoligidagi bu maxfiy missiya mahalliy rojalar bilan ittifoq tuzib, inglizlarga qarshi hindlarning qo‘zg‘olonini tashkil etishi kerak edi.

Kobulga 1808 yilning oxirida Birlashgan qirollikning birinchi dip­lomatik missiyasi keldi. Ikki davlat o‘rtasida bitim tuzilib, unga Angliya nomidan M. Elfinston va Afg‘oniston hukmdori shoh Shujo’ imzo qo‘ydi. Shartnomaga ko‘ra, basharti Napoleon Hindistonga yurish boshlasa, shoh frantsuz armiyasini o‘z hududidan o‘tkazmaslik majburiyatini olgandi. Ammo Shujo’ tezda taxtdan ag‘darildi, Napoleon Britaniya mulkiga qo‘shin tortgani ham yo‘q.

Hindiston Bonapartga ushalmas orzu edi, orzuligicha qolaverdi…

 

“AYoL  MAKRINING  BIR  UChQUNI  – SIYoSATDA  ZO‘R  YoNG‘IN…”

Yomon xotindan Xudo saqlasin. Qotil malika afv etildi.
Jozefina bevafo edimi? Polinaning “sadoqati”.
Qirolicha Luiza va jigarso‘xta Napoleon

Boburshoh safarda ekanidan foydalanib, Kobulda davlat to‘ntarishi qilmoqchi bo‘ladilar: nabirasi Mirzoxon taxtga ko‘z olaytirarkan, u Shohbegimning xayrixohligiga suyanadi. Bu toifalar panoh so‘rab kelganda, ne-ne yaxshiliklar qilib, evaziga yomonlik ko‘rgan Boburshoh bundan qattiq ranjiydi. Lekin na g‘alamis qarindoshlariga, na o‘gay buvisiga zarra jazoni ravo ko‘rmaydi, aksincha, izzat-ikrom va mehr-muruvvatni avvalgiday tutaveradi. Kaltabin buvi bu e’zoz va shafqatdan shunchalar muztarlik, xijolat chekadiki…

Ko‘z ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshi Oyshasulton Begim-chi? Bobur sarson-sargardon, qay eshikka bosh urarini bilmay yurgan kezlar Oyshasulton rafiqalik farzini ado etishni o‘ylagani yo‘q. Negaki, eriga bormoqqa ne maskan muyassar, turmoqqa ne davlat muqarrar. Axir, yigit boshi omon bo‘lsa, molli bo‘lar, molsiz bo‘lmas! Umarshayx Mirzoning o‘g‘liga Xudoning atagan nurafshon kunlari mo‘l-ko‘l ediki, Iskandarning yo‘llaridan zafar bilan o‘tdi, oltin boshiga tojlar kiydi. Necha o‘n yillardan so‘ng o‘sha Oyshasulton Begim Boburiylar saroyidan panoh topdi…

Panipat – Zahiriddin Muhammad Bobur qudratining, shon-shuh­ratining cho‘qqisi, biroq u dushmani Ibrohim Lo‘diyninng oq sochli onasiga, yonidagi nabirasiga rahm-shafqatdan  o‘zga “yomonlik” qilgani yo‘q. Badbaxt kampir-chi? Noshukurlik va namakharomlik yo‘lini tutib, to‘rt qotilga bosh bo‘ldi. Podshohning zotida muruvvat sifati bor esa-da, davlat xavfsizligi jazo va ijroni ham taqozo etadi, qotilga esa shafqat esiz!..

 

* * *

Saroy fitnalari na mashriqda, na mag‘ribda hech bir saltanatni chetlab o‘tgan emas.

Napoleondan olti yosh katta Jozefina 16 yasharligida erga berilgan, umr yo‘ldoshi general A. Bogarne bilan 15 yil yashab, bir o‘g‘il, bir qizli bo‘lgan. U jodugarmidi? Hali uylanmagan 27 yashar yigitni sehrlab qo‘ygandimi?

Men uni telbalarcha sevaman, – derdi Bonapart…

Misr ekspeditsiyasining achinarli bosqichi 1799 yil 9 fevralda boshlandi, misrliklarni bo‘ysundirish og‘ir kechayotgandi. Bonapart noiloj Suriyaga yo‘l oldi. Oftob yondiraman deydi. Kayfiyati tushkun Napoleon 13 ming askarni olg‘a boshlab boradi. Shunda go‘yo uning yuragiga xanjar urdilar. Keyinchalik Burenn bunday xotirlaydi:

– Bu voqea Al-Arishda bo‘lgandi. Jyuno bosh qo‘mondon bilan yonma-yon borayotib, uning qulog‘iga nimadir dedi. Bonapartning rangi murda tusini olib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, hatto unda bezgak xuruji sezilib turardi. O‘shanda Jyuno Jozefinaning xiyonatidan gapirgan ekan.

Napoleonning qahri qaynab, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqaveradi, bevafo ayolning yetti pushtini “o‘qib tashlaydi”. Hamma narsadan kechib, uzlatga chekinmoqchi, tarki dunyo qilmoqchi ham bo‘ladi. Aldangan generalning kayfiyati avval-boshda ana shunaqa edi, lekin  Falastin sahrosidayoq taqdir unga Jozefinadan o‘ch olish “imtiyozi”ni hadya etdi. Bu “intiqom”ning quroli yosh va suluv kelinchak Polina Fure edi. Xo‘sh, bu zaifaga ming-ming soldat orasida nima bor? Gap shundaki, Polina bir zobitning rafiqasi bo‘lib, Misrga otlanayotgan erining oyoqlariga chirmashdi, yig‘ladi, yolvordi:

– Meni o‘ldirib keting. Sizsiz hayot menga ne kerak?

Kelinbolaning sevgi va sadoqatidan leytenant-kuyovning yuragi o‘rtandi, ikkov chorasini topdilar: Polina askar libosini kiygach, binoyiday yigitga aylandi-qoldi, kemada bu hiylani hech kim payqamadi.

Napoleon uchun Sen-Jan d`Akr qal’asining mudofaasi qanchalar qattiq bo‘lsa, “servafo” Polina Furening sadoqat qo‘rg‘oni shunchalar yumshoq va behol chiqib qoldi. Oltmish ikki kun muttasil o‘q otib, qal’a devorlari ostida depsinayotgan bosh qo‘mondon “Polina fronti”da xamirdan qil sug‘urganday zafar qozondi.

Oyni etak bilan yopib bo‘larkanmi? Zobit-kuyovning qo‘lidan nima ham kelardi? Bosh qo‘mondonni duelga chaqirolmasa…

Napoleonning “muhabbatnoma”si butun bir epopeya, undagi “obraz­lar”ning son-sanog‘i yo‘q. Polina bilan o‘tgan besh kunlik “havas” uning hayotidagi umri qisqa qissalardan birgina satr, xolos.

Prussiya qirolichasi Luiza Napoleonning zo‘ravonligidan norozi kayfiyatdagilar rahnamosi bo‘lib, uning sa’y-harakati bilan Berlindagi arkoni davlat lafzida Frantsiyaga qarshi “nemis shon-sharafi”, “Prussiya qilichi” qabilidagi da’vatlar tahdidli jaranglay boshladi. Bejirim harbiy mundirdagi malikayi oliya polklarni jangovar ko‘rikdan o‘tkazar chog‘i olqishlar yangrardi:

– Yashasin Prussiyaning shonli qiroli va shavkatli qirolichasi!

Keyin boshlar uzra qilichlar yalong‘ochlanib, Frantsiya tarafga po‘pisa bilan silkitilardi. O‘sha korsikalik, do‘ppiday orolda tug‘ilgan beta­yin shildir, ya’ni Bonapart Prussiya shamshirining zahrini totib ko‘rgach biladi asl urush qanaqa bo‘lishini!

Qirolicha orziqib kutgan urush bir oygina davom etdi, xolos. Faqat natija u kutganicha bo‘lgani yo‘q. Bonapart haligacha bunday tez va oson g‘alaba qozongan emasdi. Dastlabki zafar 9 oktyabr kuni Saksoniyada qo‘lga kiritildi. Ertasiga marshal Lann to‘qqiz ming kishilik Zaalfeld garnizonini tiz cho‘kdirdi, shahar mudofaasining qo‘mondoni shahzoda Lyudvig halok bo‘ldi. Bu qayg‘uli xabardan Prussiyadagi yoshu qarining yuragi larzaga keldi, maqtanchoqlik tax yeb, qo‘shinning ruhi tushib ketdi. Faqat qirolichagina hamon havoyi kayfiyatda, buginamas, hatto o‘g‘lining qahramonlarcha halokatidan iftixori jo‘sh urardi. U murojaat qilib, jigargo‘shasining jonfidoligidan andoza olishga, intiqomga da’vat etdi…

Bonapart esa Potsdamga bamaylixotir joylashib, bir muddat zafar kayfini surdi va hordiq chiqardi. So‘ngra yana Grand Armeeni olg‘a boshlab, 19 dekabrda Varshavaga kirib bordi.

Xuddi shu kuni Rossiya imperatori Aleksandr yo‘llagan oq bayroqli elchi marshal Myuratga rasmiy noma topshirdi. Mazmuni:

Urushganimiz yetar, endi sulh tuzaylik…

Ikki podshohning yuzma-yuz muzokaralari 25 iyundan 9 iyulgacha (1807) davom etdi. Prussiya qiroli gohi kunlari Aleksandrning daldasi bilan zalga kirib qolsa-da, uning ishtiroki qo‘nishganicha og‘ziga so‘k solib o‘tirishdan iborat edi, xolos. Boz ustiga Napoleonning dakkisini, ta’na va haqoratlarini eshitishga, ichiga yutishga majbur.

Fridrix-Vilgelm ana shu talvasada toj-taxtidan ayrilmaslik yo‘lini axtara-axtara, axiyri topdi: suluv rafiqasining sehru jodusi hozir kor kelmasa, qachon kor keladi? Yuragiga yorug‘lik oralagan qirol “sehrgar” ni darhol Tilzitga chorlatdi.

– Ko‘ylagingiz jonbaxsh mo‘jiza-ya! Matosi krepdanmi yo Italiyanikimi? – hujumga o‘tdi imperator Napoleon ilk uchrashuvda.

Prussiyaning ofatijon qirolichasi suhbati jonon ayol ediki, aqli, go‘zalligi va shirinzabonligi bilan Bonapartning es-hushini oldi-qo‘ydi. O‘zi keyinroq iqror bo‘lganki, “qirolicha avvalroq kelganda, Prussiyaga ancha yon bervorardim.”

Uzun so‘zning qisqasi shulki, 1807 yil iyul oyining ilk kunlaridan birida frantsuzlar imperatori va Prussiya qirolichasi xoli joyda tanho yuzma-yuz bo‘ldilar. Uni Tilzitdagi qasrga qirolning shaxsan o‘zi boshlab keldi. Otliq sayrdan qaytgan Napoleon odmi harbiy mundirda qo‘lida qamchisi bilan kirib bordi. Luiza eng a’lo liboslarda, yasangan-tusangan, upa-eliklar bilan o‘ziga oro bergan, zeb-ziynatlarni taqqan holda va kuydirmajon tabassum bilan peshvoz chiqdi. (Uning shu qiyofasi Pirimqul Qodirov tasvirlagan va Muhammad Solih la’natlagan Zuhrabegimni eslatmaydimi? Qarangki, har ikki ayol ham o‘g‘lidan ayrilgan, ikkala shahzodani ham bu malikalar o‘zini bag‘ishlagan hukmdor o‘ldirgan.)

“Muzokara” ichkarida juda uzoq davom etdi: Napoleon nemis malikasini abadul-abad bo‘shatmaydiganga o‘xshardi. Tashqaridagi qirolning o‘ziga qolsa-ku, har qancha kutib  turishga rozi. Baxtga qarshi qasr ostonasida yolg‘iz o‘zi emas: bir yo‘la uch davlat vakillari (Frantsiya, Rossiya, Prussiya), diplomatlar, arboblar eshik ochilishini kutib turishibdi.

Fridrix-Vilgelm tevaragidagi istehzoli tabassumlar va zaharli nigohlar ta’qibiga ortiq dosh berolmay qoldi: shartta o‘rnidan turdi-da, o‘z rafiqasi va bosqinchi imperator ustiga kirib bordi. Orada ne mojaro bo‘lgan, bunisi qorong‘i, uchovidan birortasi bu haqda yozib qoldirmagan. Faqat shunday og‘zaki gap yuradiki, Napoleon marshallariga degan emish:

– O‘shanda Prussiya qiroli juda bemavrid kirib qoldi-da, agar sal sabr qilganda bormi, xotiniga Magdeburg shahrini bag‘ishlardim.

Har holda aniqki, Frantsiya imperatori va Prussiya qirolichasining xilvatdagi bu uchrashuvidan na diplomatik natija chiqqan, na siyosiy…

 

ZAMONLARI  BO‘LAK  –  ZAFARLARI  MUShTARAK

Ayg‘oqchining hiylasi. Imperatorni somonga o‘rab qo‘ydilar.
Napoleonga tarvuz yedirgan askar.
Xosiyatli hassa va shayxning karomati

Napoleon Ulmda yirik zafarga erishdi va bu g‘alaba 1805 yil 20 oktyabr sanasi bilan imperiya solnomasiga kirdi. General Mak qo‘mondonligidagi Avstriya armiyasi 50 ming askaridan ayrildi, 23 ming jangchi asir tushdi. Frantsuzlarning talofati 6 ming kishidan oshgani yo‘q.

Grand Armeening mislsiz shiddatida kuchli razvedkaning, josuslarning xizmati Bonapartga nihoyatda qo‘l kelgandi. Avstriyaliklarda qamal halqasini yorib chiqish imkoniyati bo‘lsa-da, qo‘mondon Mak frantsiyalik ayg‘oqchilarning hiylasiga laqqa uchdi. Josuslar rahbari Shulmeyster Parijda qo‘zg‘olon boshlanganiga, yana ozgina dosh bersa, Napoleon qamalni to‘xtatib, Frantsiyaga qaytishiga Makni ishontirdi. Bugina emas, ko‘chma bosmaxonada soxta gazeta tayyorlab, uni Shulmeysterga yetkazishadi. Parijda inqilob sodir bo‘lgani haqidagi uydirmani o‘qigan Mak chippa-chin ishonib, qamaldan chiqishga urinmaydi va fursatni boy beradi.

Bonapart Avstriya qo‘shinini sentyabrdayoq qurshovga oldi, bu – Bobur necha bor sinovdan o‘tkazgan to‘lg‘ama usuli edi. Avstriyaliklar kunbotarga qurol o‘qtalgan bo‘lib, frantsuzlarning hujumini o‘sha tarafdan kutishardi. Napoleon esa armiyasining asosiy qismini dushmanning ortiga va ikki yoniga joylashtirib ulgurgandi.

Ulmda zafar quchgan Napoleon 75 ming askari bilan sharqqa – rus qo‘shinlari tomon yo‘lga tushdi. Unga qarshi qo‘yilgan Moraviyadagi Avstriya-Rossiya armiyasi 90 ming kishidan kam emasdi. Bonapart bu yerda ham josuslarini ishga soldi, polklarni qulay joylashtirib, Pratsen qirlariga o‘zi uchun alohida kuzatuv punkti jihozlatdi. Bu Austerlits (hozirda Slavkov) qishlog‘iga yaqin manzil edi.

Berte rahbarligidagi bosh shtab korpus qo‘mondonlari uchun dasturulamal tayyorlab berdi. Reja shunday: ayg‘oqchilar frantsuzlarning qanoti zaif ekaniga ishontirishi lozim va dushman hovliqqanicha janubdan hujumga o‘tishi kerak. Ana undan so‘ng zaxiradagi frantsuz qismlari yovning ortidan zarba beradi, Bonapartning asosiy diviziyalari to‘lg‘ama usulida shimoldan siqib keladi-da, markazni yanchib tashlaydi. Beixtiyor tong qolasiz: Austerlits jangi Napoleon qanday o‘ylagan bo‘lsa, o‘shanday boshlandi va mislsiz g‘alaba bilan yakunlandi.

Pastqam sayhonlikka o‘rnashgan frantsuzlarni boyagi tuman yov ko‘zidan yashirib turardi. Nihoyat, qish oftobi beholgina yuz ochdi: ruslar va avstriyaliklar ne hayrat bilan ko‘rsinlarki, Bonapart armiyasi osmondan tushgan misoli orqada va ikki yonda turibdi-da! Napoleon boburona to‘lg‘amani shiddat bilan amalga oshirdiki, jang maydoni batamom frantsiyaliklar nazoratiga o‘tdi va dushmanning iskanjaga olingan markazi tutday to‘kilaverdi. Frantsuzlar son jihatidan oz bo‘lsa-da, yovlarni mutlaqo shoshirib, chekinayotgan polklarni ko‘l yoqasiga shunday qisdiki, ularga chala muzlagan suv ustiga qochishdan o‘zga yo‘l yo‘q. Yupqa muz yorilib, mag‘lublarning qolgan-qutgani ko‘lga g‘arq bo‘ldi. Ruslar va avstriyaliklar jangovar kuchning uchdan birini boy berdi.

Bu jahannamiy jangni kuzatib turgan ikki imperator – Frants va Aleksandr qo‘shinni o‘z holiga tashlab, qochib qolishdi. Arkoni davlatga ham jon shirin tuyilib, tumtaraqay bo‘lib ketdi, valine’matlariga hamroh bo‘lmoqqa ham yaraganlari yo‘q. Hamma o‘z boshining qayg‘usida, Mixail Illarionovich Kutuzov esa birovning esiga kelmaydi. Axir, u jangda jarohat olib, ahvoli xiyla og‘ir edi, haytovur, taqdir uni asirlik isnodiga giriftor etmadi. Vaholanki, buyuk rus sarkardasi mag‘lubiyatni oldindan ko‘ra bilib, o‘z rejasini aytsa-da, unga quloq solmagan edilar…

Austerlits jangidan bir g‘aroyib epizod tarixchilar nazdidan chetda qolmagan, u uch imperator – Napoleon, Frants va Aleksandr shaxsi bilan bevosita bog‘liq. Bu voqealarning shunisi qimmatliki, o‘sha hukmdorlarning tahlikali damlardagi fe’l-atvorini hech bir izohsiz sharhlay oladi.

Rossiya podshohi Aleksandr Pavlovich Austerlits kulfatining avvalidan oxiriga qadar uchinchi kolonnaga yetakchilik qilib, uzil-kesil mag‘lubiyatni va o‘z askarlarining tumtaraqay qochib borayotganini ko‘rdi. U sanoqli soqchilari bilan botqoq va qamishzordan o‘tarkan, chehrasi og‘ir alam va sarosimadan bo‘zargan edi. Yomg‘ir jalaga aylandi, qop-qora bulutlar go‘yo chelaklab suv quyardi. Imperator yarim tun chog‘i zulmat qo‘ynidagi Godejits qishlog‘iga yetib bordi. Unga ma’lumot berishdi:

– Hamma yaradorlar va ular yuklangan aravalarning bari shu qishloqda ekan. Xoliroq biror uy yo‘q, hazrati oliylari.

– Mixail Illarionovichni topinglar! – buyurdi imperator.

Ustma-ust yuborilgan choparlar hammasi quruq qo‘l bilan qaytaverdi, faqat Chernishevgina yarador Kutuzovni topdi va podshoh huzuriga boshlab keldi. Ikkov hali bir-birlari bilan hol so‘rab ulgurmasdanoq tashvishli xabar olishdi:

– Bu yerda qolish xatarli, frantsuzlar bostirib kelmoqda, zudlik bilan yaqinroqdagi Cheychga ko‘chish zarur!

Ammo imperatorning xos izvoshi yo‘q, harchand qidirdilarki, uni yer yutganga o‘xshardi. Noiloj otga mindirilgan Aleksandr Pavlovich olti-etti kilometr yurgach, batamom holdan ketib qoldi. Hazrati oliylari o‘zi tumov bilan xastalangandi, mag‘lubiyat alami, xunuk havo, noma’lum istiqbol uni butkul yiqitdi. Shunda kichik karvon Urjits qishlog‘iga kirib keldi. Ular yo‘liqqan birinchi qo‘rg‘on qandaydir dehqonning bo‘m-bo‘sh kulbasi bo‘lib, poxol g‘aramidan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Chora topilmagach, noiloj, imperatorni ichkariga opkirib, somon bilan o‘radilar. Shu holida bemavrid dardni, xijolat va istihola iztirobini aytmasa, olampanoh baxtiyor edi. “Shunchalar baxt” ustiga moychechak va ko‘knor damlamasini ham ichirib qo‘ydilarki, u pinakka ketdi. Aleksandr Pavlovich uxlab qolgach, leyb-medik Villiye hamma vrachlarga xos buyruqbozlikni boshlavordi:

– Yaxshi sharob topish kerak.

– Qayoqdan?.. Bitta lo‘labolishga zormiz-ku!

– Zarur! – dedi pinagini buzmay doktor. – Oftobi olam uyg‘onishlari bilanoq tamaddi qildiraman, vino tanlariga mador bo‘ladi.

Soqchilar tizza bo‘yi loy kechib, qishloqni behuda titib chiqdilar. Kimdir ularga mahalliy ruhoniyning uyini ko‘rsatib qo‘ydi, askarlar qo‘lga kirgan har na bilan darvozani chorak soat gumburlatishdi, nihoyat, Avstriya harbiy kiyimidagi kishilar chiqib keldi va zug‘um qildi:

– Nega zoti oliylarining oromini buzasanlar?

– Kim ekan o‘sha oliy zot?

– Napoleon qo‘lidan shu yerda jon saqlab turgan Frants Ikkinchi – Avs­triya imperatori.

– Ie, Xudoyimga shukur, axir u kishiga ittifoqchi bo‘lmish bizning podshohimiz, ya’ni oftobi olam Aleksandr Birinchining ahvollari og‘ir, quvvat bo‘lar deb bir shishagina may izlab…

Darvoza ichkarisida uyquli ko‘zlarini ishqalayotgan obergofmarshal Lamberti taassuf ma’nosida qulochini kerib, bosh chayqadi:

– Olampanohimizni bir amallab uxlatdik, uyg‘onsalar, dorilikka ichirguday qittak sharobimiz qolgan, uni sizga bervorsak…

Qarangki, o‘z polkidan ayrilib, uloqib yurgan venger zobiti xuddi shuning ustiga kelib qoladi.

– Menda shisha to‘la qimmatbaho vino bor, – deydi u muammoning yechimiga sa’y qilib, xaltasini titkilarkan, ohista ming‘irlaydi: – Lekin narxi…

“Xaloskor” zobit og‘ziga siqqan pulni aytdi va “izquvarlar” darhol to‘lashdi. Ertasi tong chog‘i Aleksandr va Kutuzov Cheychga jo‘nab ketishdi…

Austerlits zafari kunidayoq Napoleon e’tirof va sharaflash farmoniga barmoq bosdi, u ertasiga hamma polklarda o‘qib eshittirildi:

Jangchilarim! Tasanno sizlarga! Austerlitsda siz men orzulagan bahodirlikni namoyon etdingiz va nomingizni abadiy o‘chmas shon-shuhratga burkadingiz. Rossiya va Avstriya imperatorlari ishongan yuz ming kishilik qo‘shinning qismati to‘rt soatdayoq hal bo‘ldi: yo ajalga ro‘baro‘ keldi, yo asirlikni bo‘yniga oldi. Shamshiringizga chap bermoqni, qochib qolmoqni ko‘zlaganlarni ko‘l yutib yubordi. Avlodlar asrlar davomida unutmaguvchi matonatingiz sarhisobini bildirib qo‘yayki, Rossiyaning 40 jangovar bayrog‘i, 120 zambaragi, 30000 zobitu askari va 20 nafar generali sizning qo‘lingizda! Dushmanning maqtovi ko‘klarga ko‘tarilgan armiyasi sizdan ziyoda bo‘lsa-da,  qudratingizga dosh bera olmadi. Bilingki, ayni damdan e’tiboran Yevropada sizga bas keladigan kuch qolmadi. Soldatlarim! Yurtimiz saodati, farovonligi va xavfsizligi uchun zarur choralarni ko‘rib bo‘lganimdan so‘ng barchalaringizni Frantsiyaga qaytaraman. U yerda sizlarni mening so‘ngsiz mehrim va otalarcha g‘amxo‘rligim doimiy og‘ushiga oladi. Daryodil xalqim mardligingizni ulug‘lab, quchog‘ini keng ochadi. Siz oddiygina bitta jumlani aytasiz:

– Men Austerlits jangida qatnashgan askarman!

Sizga ham juda oddiy javob qaytaradilar:

– Sen vatanning jonfido o‘g‘lonisan!

Napoleonning so‘zi bilan ishi bir ediki, bu gal ham va’dalarini yelga sovurgani yo‘q. Austerlits ishtirokchilariga oltin hisobida o‘n besh million frank naqd pul mukofot tariqasida tarqatildi. Yarador soldatlarga esa bundan tashqari uch oylik maosh miqdorida ustama haq to‘landi. Imperatorning maxsus buyrug‘iga ko‘ra askar bevalarining barchasiga umrbodlik nafaqa tayinlanib, halok bo‘lganlar xotirasini yo‘qlash uchun Notr-Dam ibodatxonasida har yili bir marta davlat hisobidan ehson va ibodat marosimi joriy etildi. Austerlitsda otasidan judo bo‘lgan yetimlarning barini Napoleon o‘zi farzandlikka olganini e’lon qildi va har bir bolaning familiyasi yoniga “Bonapart”ni qo‘shishga rasman ruxsat berdi. Shuningdek, yetim-esirlarning barchasi davlat qaramog‘iga olinib, imperiya xazinasi hisobiga o‘qiydigan bo‘ldi. Napoleon Austerlits haqida ko‘p ming nusxada byulleten-axborotnomalar nashr qildirdiki, bu jangovar varaqalarda alohida bo‘linmalarning, zobit va askarlarning mardlik va matonatlari madh etildi.

…O‘tgan asrning 80-90-yillarida Stalinning “avra-astarini” ag‘darish xuruji boshlanganda, unga ham Napoleonga taqlidchilikni taqashardi. Boshqa birovlar: “Yo‘q, Stalin unga taqlid qilmasdi, shon-shuhratiga g‘ayir ko‘z bilan qarardi”, deyishardi.

Napoleonga taqlid qilgan, uning sobiq imperiyasi hududini tasarrufiga olishga uringanlardan biri Gitler edi, bunga uning o‘zi ham iqror bo‘lgan. Bu da’vo Stalinning qulog‘iga tushib, qay bir yig‘ilishda kinoya qilgan emish:

– Mushukbola arslonga qanchalik o‘xshash bo‘lsa, fashistlar diktatori ham Napoleonga o‘shanchalik o‘xshaydi-da…

Napoleonning ashaddiy dushmani feldmarshal Vellington esa 1815 yildayoq “Hozir ham, o‘tgan asrlarda va kelgusi zamonlarda ham Napoleon Bonapart sarkardalarning eng buyugi bo‘lib qolaveradi”, – deb e’tirof etgan.

 

* * *

Napoleon Bonapart Zahiriddin Muhammad Boburni bilarmidi, “Boburnoma”ni o‘qiganmi-yo‘qmi? Bu savolga “ha” deyishga daf’atan asos kamroq, chunki, “Boburnoma” frantsuz tilida ilk bor 1871 yili chop etilgan. Lekin mantiq nuqtai nazaridan shuni tasdiqlash mumkinki, Hindiston orzusiga mukkasidan ketgan Napoleon bu o‘lka haqidagi adabiyotlarni o‘qib-o‘rgangani, jumladan, Bobur shaxsiga va uning qalamiga mansub memuarlarga qiziqqani rost. Illo, Bonapartning Ulm va Austerlitsdagi zafarlari Panipat va Kanvada Bobur erishgan buyuk g‘alabalarga juda o‘xshab ketadi, buni yuqorida aytdik.

1798 yilning 19 may tongida 38 ming sara askar bilan Misrga otlangan general Napoleon Milliy Institut a’zosi ekanini unutgani yo‘q. Frantsuz va butun Yevropa fanining yalovbardori bo‘lmish olimlar – Monj, Bertolle, Jofrua Sent-Iller, Konte, Dolome, shoirlar, yozuvchilar, jumladan, sharqshunoslar bosh qo‘mondonning hamrohi edilar. Ana shu yurishda Napoleonga hamroh bo‘lgan ilm ahli keyinchalik misrshunoslikni fan sifatida shakllantirdiki, Parijdagi tadqiqot markazi ko‘hna Misrni o‘rganish bo‘yicha jahondagi yetakchi muassasalardan biriga aylanib qoldi…

Yana shuni ham bilmoq lozimki, Napoleon hali Rimda ekanidayoq papaga tegishli arab harfli tipografiyani musodara qilib, “Orion” kemasiga joylab qo‘ygandi. U Misr yurishiga o‘sha bosmaxonani ham ola ketdi: sharqshunoslar, mutarjimlar arab, fors va boshqa tillardan tarjima qilgan risolalar, mahalliy aholiga da’vatnomalar ana shu “Frantsuz sharqiy bosmaxonasi”da chop etilardi. Arabiy va forsiy matnlarning ilmiy-imloviy benuqsonligi Napoleonning hamrohi, yosh sharqshunos J.Marsel zimmasida edi. Murojaatnomalarda qo‘lyozmalar sotib olinishi, evaziga piyodalar ot olishi, tashnaga suv, ochlarga non berilishi va’da qilinardi. Hatto Misr ulamolari (albatta, Bonapartning zug‘um va zo‘rligi bilan) frantsuz xalqi musulmon ekanini aytishardi. O‘ylaymizki, ana shu jarayonda general Bonapartga sharq qo‘lyozmalarini keltirib berganlari ehtimol.

Akademiyaning a’zosi Napoleon Bonapart Misr yurishida eng yetuk olimlar bilan qariyb 15 oy birga bo‘ldi. Inchunin, shu vositada Hindiston haqida ma’lumot olishi va “Boburnoma” xususida xabardor bo‘lishi mutlaqo mumkin. Sharqshunoslar Napoleonga Boburning harbiy-strategik san’ati to‘g‘risida axborotlar, sharhlar tayyorlab berishlari ehtimolga yaqin. Napoleon Hindistonga qiziqarkan, ilmiy doiralar vositasida bu mamlakat va uning hukmdorlari haqida tasavvur olgan va o‘rgangan, albatta.

Bobur, “Boburnoma” va Boburiylarning dovrug‘i 16-asrdanyoq G‘arbiy Yevropada og‘izga tushib bo‘lgandi. Avrangzeb Olamgir saroyida 9 yil tabobat bilan shug‘ullangan frantsiyalik vrach va sayyoh Fransua Berne o‘z vataniga qimmatli ma’lumotlar olib qaytgan. U ko‘rgan-kechirganlari haqidagi hikoyalari bilan juda mashhur bo‘lib ketadi, oliymaqom kiborlar davrasining erkasiga aylanadi va qirol qabuligacha kirib boradi (uni Parijda “Buyuk Mo‘g‘ul” deb atardilar). Ana shu jarayonda Berne qudratli davlat arbobi Jan Batist Kolber bilan do‘stlashadi. Moliya va dengiz vazirligidan tashqari, Frantsiyaning butun ichki siyosati Kolber qo‘lida edi. Uning ko‘magi bilan qirol Lyudovik O‘n oltinchi ijozat beradi va Berne yozgan “Buyuk Mo‘g‘ul davlatidagi so‘nggi siyosiy buhronlar tarixi” kitobi bosilib chiqadi. Asar dastlabki 7 yilda (1670–1676) to‘qqiz marta chop etildi, keyingi bir yarim asr mobaynida (1833 yilgacha) Yevropaning yetakchi tillarida 29 marta nashr qilingan.

Taxminan Bernening kitobi chop etilgan kezlari Frantsiyada chiqqan d`Erbeloning qomusida ham Bobur haqida ma’lumot berilgan. “Xatti Boburiy” to‘g‘risida esa frantsuzlar ilk bor A. Longperening “Asarlar” kitobidan (1773) xabar topishgan. Shuningdek, “Og‘a-ini Misho” nashriyoti (1811) chop qilgan “Qadimgi va hozirgi tarixiy arboblar” to‘plamida sharqshunos Langlening “Bobur” nomli maqolasi bor edi, unda Boburshohning hayoti va faoliyati yoritilgan… Hindiston orzusini unutmagan Napoleon loaqal frantsuz tilidagi ana shuncha adabiyotlardan xabardor edi deya olamiz.

Panipat va Kanvada – Boburshohni, Ulm va Austerlitsda – Napoleonni sohibi zafar aylagan taktika aynan to‘lg‘ama ekanini aytdik. Shunisi ham borki, Panipatda – Bobur, Austerlitsda – Napoleon safdan chiqargan dushmanning adadi ham qariyb bir xil: 40-50 ming o‘rtasida.

Bahodirlarni taqdirlash va o‘lja taqsimotidagi adolat Sohibqiron Temurbekdan meros an’ana bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur bu tamoyilni yanada yuksak darajaga ko‘tardi (shuning uchun ham Napoleon Boburni bilgan-bilmagani xususida fikrlab ko‘rdik-da).

“O‘tgan beshta podshohning xazinasi otam hazratlarining qo‘liga tushdi, – yozadi Gulbadan Begim. Avvalo, Agra va Dehlidagi davlat g‘aznalariga mas’ullar tayin etilib, borliq ganjina va naqdina muhrlandi. Eslatamizki, Bhira zafarida (1519) ham Bobur to‘rt yuz ming shohruxiydan iborat o‘ljani askarlarga ulashgan edi.

1526 yil 11 mayda, ya’ni Panipat fathidan yigirma kun o‘tgandayoq fotih podshoh xazinadagi mablag‘ni shaxsan ko‘rib chiqdi va taqsimlashni boshladi. Eng katta ulushni shahzoda Humoyun Mirzo oldi. Har bir bek munosib darajada – olti lakdan to o‘n lakkacha nasibador bo‘ldi. Lashkar tarkibidagilar xizmatiga munosib naqd pul bilan mukofotlandi. Bu jihatdan adolatli qaror shu ediki, Hindiston fathiga qalbiy xayrixohlik bilan ma’naviy madad berganlar ham Boburshoh hotamligidan bebahra qolganlari yo‘q. Masalan, shahzodalardan Komron, Askariy, Hindol, Muhammad Zamon va barcha urug‘-aymoqlar, hatto bolalar qimmatbaho tuhfalarga musharraf etildi. Kobulda qolib, tinchlikni asrayotgan beklar va sipohiylarga yirik-yirik hadyalar yuborildi. Samarqand, Xuroson, Koshg‘ar va Iroqdagi xeshu aqrobalar ham unutilmadi. Bobur shayxlarga  nazr-niyozlar ajratdi. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Gulbadan Begim yozishicha, Boburshoh Hindiston havosidan zorlangan Xoja Kalonni Kobulga jo‘natarkan, shunday farmon qiladi:

“Hamonoki ketadigan bo‘lsangiz, Sulton Ibrohimning fathidan qo‘lga tushgan hind sovg‘alaridan valine’matlarga, opa-singillarga va haram ahliga berib yubormoqchimiz, olib ketasiz. Mufassal ro‘yxatini beramiz, o‘shanga qarab tarqatasiz. Ayting, har bir begim bog‘ va devonxonada alohida podshohiy chodirlar tutsinlar, yaxshilab ma’raka o‘tkazib, g‘alaba shukronasiga Haq subhonahu taolo haqiga duo qilsinlar, – deb buyurdilar.

Mirshab [Asas yoki Muhammad] amakilariga atab uch podshohiy sir katta ashrafiy berdilar. “Agar mirshab, podshoh hazratlari menga nima berib yubordilar, deb so‘rasa, bir ashrafiy [tanga] deb javob berasiz”, – deya Xoja [Kalonbek]ga tayinlagan edilar. Aslida ham bir ashrafiy ekanligidan ranjib, uch kungacha koyindilar.

“Ashrafiyni teshib, ko‘zini bog‘lab, bo‘yniga osib haram ichkarisiga kiritinglar”, – degan hukm bo‘lgan edi.

Xoja Kalon Kobulga borgach, shunday qildi. Boburning buyrug‘iga muvofiq tayyorlangan maxsus tanganing teshigidan ip o‘tkazilgandi. Xoja Kalon Boburshoh aytganday Asasning ko‘zini bog‘lab, tangani uning bo‘yniga osib qo‘ydi. Sovg‘aning og‘irligi shunchalik ediki, tungi soqchining qaddi egilib qoldi. Asas xursandligidan o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi…

 

* * *

Bulat Okujava Napoleon bilan bog‘liq bir voqeani keltiradi:

“Imperator matonatli jangchilarni alohida xizmatlari uchun “Faxriy legion” ordeni bilan taqdirlamoqda. Umri janggohlarda o‘tib, soch-soqoli oqargan grenadyor yaqinroq kelib, qo‘lini cho‘zdi:

– Menga-chi, hazrati oliylari?

– Nima ish ko‘rsata qolding, qariya? – uni so‘roqqa tutdi Napoleon. – Qandoq jasorating uchun mukofot talab etasan?

– Bu Yaffa sahrosida bo‘luvdi…

– Xo‘sh-xo‘sh?

– Dahshatli jazirama, nafas olishning iloji yo‘q, qumga tuxum qo‘ysangiz, chorak soatda pishardi… Esingizda yo‘qmi, oftobi olam?

– Xo‘p, aytaver-chi, azamat askarim.

– O‘shanda tomog‘ingiz qaqragan chog‘i mana shu qo‘llarim bilan bir karj tarvuz berganman, axir.

Keksa soldatning qiyofasi va so‘z ohangi mutlaqo jiddiy ediki, imperator ham kulgani yo‘q.

– Tashakkur, birodarim, – dedi Napoleon bosh irg‘ab, – yana va yana rahmat. Ha, o‘sha mehribonliging esimga tushdi. Biroq xafa bo‘lma, azizim, “Faxriy legion”ning nishondori bo‘lishga shu birgina voqea badal bo‘lolmaydi-da.

Mo‘ysafid askar dag‘dag‘aga o‘tib, jazava boshladi:

– Badal bo‘lolmaydi deysizmi? – qichqirdi u. – Jin ursin! Yetti karra yarador bo‘lganim kifoya qilmasmish! Arkol ko‘prigida, Lodi va Kastilonada, Nil sohilidagi ehromlar poyida, Sen-Jan-d`Akr va Austerlitsda, yana Friland!.. Italiya, Misr, Avstriya, Prussiya, Polshada… o‘n bir marta qonim to‘kilgan, axir!

– Hay-hay, to‘xta-to‘xta, – ovoziga zo‘r berdi boshini changallab qolgan imperator, – nega ayyuhannos solasan, jangovar quroldoshim?.. Lodi, Kastilona… Bor ekan-ku, shularni aytgin edi, sen bo‘lsa tarvuz-parvuz deysan.

– Axir, oftobi olam, – pinak buzmay izoh berdi mo‘ysafid askar, – o‘z imperatoriga qachondir qilgan xizmatini minnatga aylantirish menday jangchingizga ep keladimi?

Napoleon kuldi va uning yelkasiga qoqdi:

– Barakalla, do‘stim. Men seni imperiya kavaleri rutbasi bilan siylayman. Yiliga ming frank daromad ham tayinlanadi. Xo‘sh, rozimisan?

– Yo‘q, olampanoh! – deya oyoq tiradi jangchi. – Uni boshimgayam urmayman, orden – xoch bering, menga o‘sha afzal.

– Ie, senda endi unisiyam, bunisiyam bo‘ladi-ku. Toming ketganga o‘xshaydi. Imperiya kavaleri bo‘lasan, imperiya kavaleri-ya!

“Tomi ketgan” bosh chayqadi:

– Kechirib qo‘yadilar, taqsiri olam, sizdan ot bilan tuya so‘raganim yo‘q, bittagina orden… ordenning o‘zi…

Imperator Napoleon Birinchi iltifotli jilmaydi-da, “Faxriy legion”ni keksa askarning ko‘ksiga taqdi va bag‘riga bosdi…”

Tong qolasiz: barcha inson bir xilda – volidalarning buyuk azobi – to‘lg‘oq bilan tug‘iladi. Bu – haq, daholar tavalludi ham shunday, lekin ular tug‘ilmaydilar, daholar dunyoga keladilar. Nega? Negaki, ularga o‘z zamonlari, o‘z makonlari torlik qiladi, daholar hatto dunyoga sig‘maydilar…

Axir, Bobur va Napoleon harb san’atining shundoq allomalariki, qurol bilan qadami yetgan yer va elni titrata olishgan. Ularga ortiqcha so‘z deyishga, da’vo qilishga, ovozini ko‘tarishga kimning jur’ati yetsin? Ammo Mirzo Bobur tungi qorovul Asasdan, Napoleon Bonapart oddiy askaridan o‘zini baland tutmaydi. Bobur mukofotning a’losini o‘sha qorovulga ilinib, qaddini egadigan vazndagi oltin hadya qiladi. Napoleon esa soldatining erkaligini ko‘tarib, talabini ado etadi va quchog‘ini ochadi.

U iltifotli jilmayib qo‘ysa yo ikki og‘iz shirin so‘z bilan ko‘nglini ko‘tarsa baski, har bitta askar naqd o‘limning bag‘riga kirib ketaverardi. Farmonlari esa go‘yo vahiyday qabul qilinib, “Yashasin imperator!” xitobi bilan jon berish shon-sharafga aylanardi. Bonapart qay bir mo‘ysafid soldatning quloq solinchagidan yengil chimchilab, samimiy so‘z aytadi:

– Sen qadrdonim, o‘limni ham o‘takasini yorvording, dushmanning dodini bervording-ku, azamatim!

Tamom! O‘sha askar borini shu odam yo‘liga tikadiki, jismi va qoni tuproqqa qorishib, so‘nggi nafasi chog‘i ham oppoq ot ustidagi chavandoz faqat o‘ziga tikilib turganday his etadi-da, “Yashasin imperator!” deya ko‘z yumadi. U-ku, oddiygina bir soldat edi, generallarni aytmaysizmi…

Mana, Bavariya janubida bo‘lgan voqea. 1805 yil edi. Ajalning jahannamiy bozoridan faqat bir lahzaga chiqib kelgan general Muton qo‘lini chakkasiga tekkizib axborot boshladi:

– Sizga shuni yetkazishga burchlimanki, hazrati oliylari…

Napoleon uning so‘zini bo‘lib, yelkasiga og‘alarcha qo‘l tashladi:

– Men, – dedi u o‘z ko‘ksiga ishora qilib, – sizning oldingizda burchliman, aziz generalim. Axir, bugun siz mening jonimga oro kirgan lochinimsiz, lochinim!

Keksa generalning ko‘zlariga yosh qalqdi:

– Oftobi olam, kamina xoki poyingiz…

– Aslo! Siz mening boshimdagi, yo‘q, Frantsiyamning boshidagi zafar tojisiz! – Muton rostakamiga yig‘lab yuboradi, imperator davom etadi: – Ishonamanki, zaxiradagi shovvozlarimni faqat o‘zingiz g‘alabamga boshlay olasiz va Landsxutdagi yovning dumini tugishni uddalaysiz.

Oddiy askar misoli hayajondan titrayotgan general ko‘z yoshlarini yengi bilan sidirib, g‘oz qotdi va shahdam ortiga burilib, sara grenadyorlar safini olg‘a boshladi. Ular ko‘prikdan yashinday o‘tib borisharkan, jo‘rovozda hayqirdilar:

– Imperatorga shon-sharaflar!

Jang shiddatli va og‘ir kechdi, ammo Landsxut general Muton oldida bosh egdi. U mundiri dabdala va yuzi jarohatlangan holda yana axborot bergani keldi:

– Hazrati oliylari, sizga shuni aytmoqqa burchlimanki, buyrug‘ingizga binoan qishloqni…

Napoleon ana shunday odamki, qanchalik serg‘azab bo‘lsa, shunchalik rahmdil, uni nechog‘li yomon ko‘rsalar, o‘shancha yaxshi ko‘rishardi…

 

* * *

V.Bartold Zahiriddin Muhammad Boburning bohimmatligiga bir misol keltiradi. Purkaromat shayx Muhammad Xabushoniy-Kuchoniy Kub­raviya tariqatining izdoshi bo‘lib, Bobur unga g‘oyibona qo‘l bergan, pir tutgan edi. U hali Kobulda ekan chog‘lari shayxdan duo so‘rab, Samarqandga maktub va tuhfalarini yo‘llagandi. Xabushoniyning qalbi iyib, Boburga o‘z qo‘lidagi ko‘hna asoni berib yuboradi. Kanva jangi (1527 yil 17 mart) oldidan ibodat chog‘i o‘sha tabarruk hassani joynamozi ro‘parasiga qo‘ygan Boburshoh Allohdan madad so‘rarkan, shayxning haqqiga duolar qiladi.

Ajabki, o‘sha tun Xabushoniy-Kuchoniy tushiga kirib, dushman vahmida ishonchi susaygani uchun Boburga tanbeh beradi va qo‘rqmaslikka da’vat etib, bo‘lg‘usi zafardan karomat aytadi. Va… Rona Sango bilan to‘qnashuvda zafar tug‘i Boburga nasib etdi. Minnatdor va mutaassir Boburshoh shayxga o‘ljalaridan yirik ulush ajratadi-da, maktub bilan Samarqandga yuboradi.

Bonapart 1802 yili ta’sis qilgan “Faxriy legion” ordenining anchagina suyunchi puli bor edi. Bu jasorat nishoni o‘shanda ham, hozir ham Frantsiyaning eng yuksak mukofoti sanaladi. Bu orden bilan xorijiy fuqarolar ham taqdirlanadi. Bu ordenning ajnabiy nishondorlaridan biri afg‘onistonlik diplomat, Zohirshohning Frantsiya va Shveytsariya­dagi elchisi Said Islombek edi. Said Islombek (ayrim manbalarda Usmonbek) aslida bizning vatandoshimiz – Qo‘qon xoni Xudoyorxonning nabirasi bo‘ladi. U 1888 yili Toshkentda tavallud topgan, Orenburg va Moskvada o‘qigan, diplomatiya sohasida yarim asrdan ortiq ishlagan, 1983 yilda vafot etgan va Parijdagi Per la Shez qabristoniga dafn etilgan. “Faxriy Legion” ordenini 1961 yilda Said Islombekning ko‘ksiga do‘sti – Frantsiya respublikasining prezidenti Sharl de Goll o‘z qo‘li bilan taqib qo‘ygan.

“Faxriy Legion” Napoleon Bonapart nomi bilan bog‘liq bo‘lsa, ushbu orden nishondori Said Islombek ham, uning bobosi Xudoyorxon ham Oltinbeshikka avlod edilarki, bu afsonaviy go‘dak Bobur naslidan, deb rivoyat qiladilar…

 

XAZINA:  HAM  HAQIQAT,  HAM  AFSONA

Oltinbeshikxon yoxud Boburzoda Muhammad Muqim Mirzoning
Farg‘onaga kelishi. G‘arq etilgan tillolar.
Kreml dafinasi xususida. Napoleon va Stendalning o‘ljalari

Saltanat va jahongirlig‘ beasbobu olot dast bermas. Podshohliq va amirliq benavkar va beviloyat mumkin ermas, – deydi Bobur.

Uch yuz yildan so‘ng Napoleon Bonapart ham shu gapni takrorlaydi:

– Hukmdorlik shundoq bir kasb-korki, uning ham o‘ziga xos asbob-uskunalari bor va ularsiz toj-taxt mumkin emas…

Bobur talashmasa bo‘lmasdi, zero, bunga u ham haqli, ham burchli edi. Haqli ekani shuki, Farg‘ona viloyatining podshohligi shahzodaga otameros, u ana o‘sha mamlakatning qonuniy valiahdi. Burchga kelsak, Sohibqirondan qolgan Samarqand dorussaltanasini boy berib qo‘ymaslik zarur. Buning uchun Temuriy shahzoda Bobur Mirzo maydondorlik qilmasa, kim qiladi?

Alqissa, Movarounnahr torlik qilgach, Bobur Mirzo afg‘onlar yurti sari yo‘l olib, oyoq yetgancha ketib borardi. Sargashta safar chog‘i Alloh unga bir o‘g‘il ato etdi. Oldinda – mavhum istiqbol, ortida – joni qasdidagi yov, qoshida – mitti jigargo‘shasi. Otga qamchi bosaversa, chaqaloqning halokati muqarrar. Tashlab ketmoq… Bu aslo mumkinmas: kimsasiz tog‘u tosh, bo‘riyu ayiq… Onaizor go‘dagiga ko‘krak tutdimi, bilmadik, ammo tilla beshikka beladi. Osmon – uzoq, yer – qattiq, tavakkal – Allohga: otaning boshi egildi, onaning ko‘zidan yosh quyildi, sarbon “chuh” dedi…

Chaqaloq ingasi aks sado berdi, beshik quyma oltin, qo‘lbog‘ ustida javohirlar qadalgan kamar…

Boburga nisbat beriladigan “Oltinbeshik” afsonasi ana shunday boshlanadi. Uni kimlar qalamga olmagan deysiz: Xudoyorxonzoda, Mirzo Olim Mahdum hoji (“Tarixi Turkiston”), Mirzo Olim Mushrif (“Ansobul salotin va tavorixul xavoqin”), Ibrat (“Tarixi Farg‘ona”), Miyon Buzruk (“O‘zbek adabiyotiga umumiy qarash”), Haydarbek Bobobekov (“Qo‘qon tarixi”), Sharif Yusupov (“Xufiya qatlamlar”), To‘lagan Qosimbekov (“Singan qilich”), Alisher Ibodinov (“Xudoyorxonning so‘nggi kunlari”) va b.

Boburiy shahzodani yaxshi odamlar topib olib, ismini Oltinbeshik qo‘yadilar, ulg‘aytiradilar, o‘qitadilar, uylantiradilar. Eslatamizki, Oltinbeshik topilgan manzil, uning keyingi taqdiri mualliflar tomonidan turlicha talqin etiladi. Ayrim hollarda o‘sha go‘dakni sir-sinoatlar bilan uyg‘unlashtirib, ertak qahramoniday tasvirlashadi.

Sh. Yusupov Oltinbeshik 1545 yili vafot etgani, uning o‘g‘li Tangriyor Farg‘onaga hukmdor bo‘lgani xususida yozadi. Shuningdek, Oltinbeshik afsonasi o‘ylab topilgani va Qo‘qon hukmdorlari nasl-nasablarini Boburga  bog‘lab, o‘zlarini ulug‘lamoqchi bo‘lishgani haqidagi talqinlar bor…

Rivoyatning davomiga qaytamiz, Ishoqxon Ibrat yozadi:

Alqissa, go‘dak – Targ‘ova qishlog‘ining, javohirot – Saroyning, oltun beshik – Chankanatning qur’asiga tushdi va har birisi taqsimlarini rozilikda olub, o‘z jamoalarig‘a qaytibdurlar.

Andin so‘ng jamoayi Targ‘ova mazkur bolaning tarbiyasig‘a ko‘shish aylab, bir muttaqiy va porso zaifani topibdurlar. Unga qadar oltun beshikdag‘i go‘dakning xonzodalig‘ini xalqg‘a ravshan qilmoqda necha ilova so‘zlar qo‘shulub, boshida bulut soya berg‘on qabilidag‘i gaplar quloqlarg‘a quyuldi…

Bolaning nomini Oltunbeshik qo‘yubdurlar, haddi balog‘atqa yetishg‘och, taalluqdor qilib, ming urug‘ining xushchehra, xushsiyrat va xushsurat bir qizini olib beribdurlar. Alar ikkovdin bir o‘g‘il farzand tavallud topib, nomini Tangriyor Sulton qo‘yubdurlar. Yillar o‘tqoch, Tangriyor Sultondin – Xudoyor Sulton, ondin Muhammad Amin, ondin Abulqosim dunyog‘a keldilar. Abulqosim bolig‘ bo‘lub uylang‘och, o‘g‘il ko‘rdikim, Shahmasatbiy o‘shal boladir va alhol Chamashbiy nomi ila Farg‘ona ahllari orasinda mashhurdur. Shahmasatbiydin – Shohruxbiy, ondin Hojibiy, ondin Ashurbiy tavallud topib, ondin Shohruxbiyi Soniy tug‘ildi. Oltunbeshikxondin to bu Shohruxxon miyonasinda o‘n pusht, ikki yuzu ikki yil muddat o‘tdi.

Shohruxxoni Soniy bir hiylayi harb ko‘rsatib, muzofotni o‘z tasarruflarig‘a oldilar va Xo‘qandi latifni poytaxti saltanat qildilar.

Xudoyorxonzoda (“Anjumut tavorix”) talqinida esa Oltinbeshik Boburning emas, Muhammad Muqim Mirzoning o‘g‘li deyiladi…

Humoyunshohning ikki o‘g‘li bor edi: Akbar va Muhammad Hakim. Kenja shahzoda Muhammad Hakim Mirzoga Hindiston podshohligi tegmagach, akasi Akbarshohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi, lekin baribir niyatiga yetgani yo‘q. Umri qisqa ekan, u 1586 yili (31 yoshda) vafot etdi, bir necha qiz va uch o‘g‘il qoldi: Muhammad Muqim, Muhammad Rahim, Muhammad Mo‘min. Ma’lumki, Akbarshoh qazo qilgach, toj-taxtni valiahd shahzoda Salim – Jahongir egallagan. Muhammad Muqim Mirzo otasi yetmagan taxtdan umidvorlikda amakivachchasiga (Jahongirshohga) qarshi isyon boshladi. Oqibatda mag‘lub bo‘lib, Buxoroga qochdi: mahalliy hukmdor Vali Muhammadxon Boburiy shahzodani siylab, shohona to‘y qildi va qizi Sharafniso Begimni nikohlab berdi.

Uzundan-uzoq qissadan hissa shulki, Muhammad Muqim Mirzo bobokalonining merosi da’vosida Farg‘ona mulkiga qo‘shin tortadi. Taassufki, omadi yana kulmaydi, to‘lg‘oq azobi Sharafniso Begimni halok qiladi, Muhammad Muqim o‘zi esa og‘ir jarohatlanib, O‘shda (1611 yil 14 yanvar) olamdan o‘tadi. Zarrin beshikdagi shahzodaga vasiy etilgan Kamoliddin bir paytlar Akbarshoh yetim jiyani Muhammad Muqimga tayinlagan bek atka edi…

Xulosa qiladigan bo‘lsak, go‘dakning nasl-nasabi (Xudoyorxonzoda talqinida) shunday: Oltinbeshikxon ibn Muhammad Muqim Mirzo ibn Muhammad Hakim Mirzo ibn Humoyunshoh ibn Boburshoh.

Rivoyatning mag‘zi shu. Shohruxbiy tug‘ilganda 1689 yil, biylikni tasarrufiga kiritganda 1709 yil edi. To Norbo‘tabiygacha sakkiz biy o‘tib, so‘ng xonlar zamoni keldi. Hijriy 1216 (1800/1801) yili oq kigizga solib, toj kiygizilgan Olimxon Qo‘qonning birinchi xoni sifatida tarixga kirdi.

Hojibiy Norbo‘tabiyning ota bir, ona boshqa ukasi bo‘lib, 1807 yili Olimxon ana shu amakisini qatl qildirdi. Hojibiyning uch o‘g‘lidan yolg‘iz Sheralixon omon qoldi va tog‘lar orasiga qochib jon saqladi. Qo‘qon dorussaltanati 1842–1876 yillari asosan ana shu Sheralixon va uning avlodlari tasarrufida bo‘ldiki, Oltinbeshik sulolasining hukmronligi ikki yarim asrdan ortiq davom etgan…

Qo‘qon xonlarining bobokaloni Bobur Mirzoning o‘g‘li yoki Boburiy shahzoda ekani haqidagi rivoyat qalbimizga yaqin. Qolaversa, Bobur tog‘larda tashlab ketgan beshik o‘z ma’nosida ham, majoziy ma’noda ham asl xazina edi. Zero, Oltinbeshik sulolasi Markaziy Osiyodagi yirik saltanatga asos soldi, milliy davlatchiligimiz tarixiga o‘z dastxatini bita oldi. Eng katta shaharlarning o‘ndan ortig‘i (Andijon, Namangan, Qo‘qon, Marg‘ilon, Toshkent, Xo‘jand, O‘sh, Turkiston kabi) va hatto Qashqar ham necha yillar Qo‘qon xonlarining tasarrufida bo‘ldi.

 

* * *

Ikki yuz yildan oshibdiki, kurrai zaminning xazinatoparlari Napoleon yurgan yerlar xaritasini qo‘ltiqqa urib, tuproq titish bilan ovora, axir, ozmuncha tillo to‘kilib qolmagan-da.

Napoleon 1812 yilning 24 iyun kuni tong saharda Rossiyaga qadam qo‘ydi. Askari 420 mingdan kam emasdi (ayrim manbalarga ko‘ra, qo‘shimcha yana 150 ming kishi yetib kelgan.) Xullas, Grand Arme`e yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi: Borodino jangi (7 sentyabr) o‘tdi, Moskvaga kirdi (14 sentyabr) va Moskvani tark etib (19 oktyabr), iziga qaytdi. Bonapart Moskvadan yuz ming kishi bilan chekindi: har bir jangchining yelkasida o‘lja-boylik bor. Zobitlar, generalu marshallar topgan-tutganlarini o‘nlab aravalarga yuklab olishgan. Ularning qanchasi Parijga yetib oldi ekan?..

Frantsuzlar Moskvani tark etgach, ichki ishlar vazirligi ushbu xususdagi rasmiy ma’lumotni e’lon qildi: Napoleon armiyasi shahardan salkam 5,5 tonna oltin-kumush, behisob miqdorda javohirot, cherkov osori atiqalari, ko‘hna va bebaho qurol-aslaha, idish-ayoq, gazmol, mo‘yna va hokazolarni olib ketgan. Napoleonning shaxsiy o‘ljalari yigirma besh (boshqa bir manbada – qirqqa yaqin) aravaga yuklangandi. Joyni ko‘p olmasligi uchun tilla buyumlar eritilib, quyma shaklga keltirilgan. Davu, Ney, Morte, Myurat, Bogarne kabi frantsuz sarkardalarining o‘ljalari ortilgan aravalar ham borki, ular alohida yo‘lga tushdi. Hech kim, hatto markitantlar[2] ham Rossiyadan benasiba qaytganlari yo‘q. Frantsuz serjanti Adriyen-Jan-Batist-Fransua Burgon keyinchalik memuar yozib, yo‘lxaltasida “sanoqligina” oltin-kumush buyumlar bo‘lganini aytadi. Mashhur frantsuz adibi Stendal Napoleon armiyasida intendant-zobit bo‘lib, shinelining avra-astari orasiga yashirgan tillo so‘lkavoylarni Parijga yetkazib borgandi. Bu gapni Stendal o‘z qo‘li bilan yozib qoldirgan.

Vereylik o‘lkashunos Yu.Liskin munday hisob-kitob qiladi:

“Agar Moskvani tashlab chiqqan yuz ming kishi yarim kilodan g‘animatni kissasiga urgan bo‘lsa, frantsuzlarning yalpi o‘ljasi ellik tonna bo‘ladi. Aravalarda, karvonlarda, otlarda ketayotgan tillolar bundan tashqari, albatta.”

1812 yili rus tuprog‘ida mangu uyquga ketgan frantsuzlar son-sanoqsiz. Shu sabab “frantsuz mozorlari” haqidagi cho‘pchaklar paydo bo‘ldi. Taajjubki, goho afsonalar ayni haqiqat bo‘lib chiqadi. Gjatsk dafinasi buning dalili – Sokolovo qishlog‘i yaqinidagi kichik qabriston frantsuzlar mozori ekanini aytib yurishgan. 1874 yili sentyabr oyida xazinatoparlar tavakkal qilib, qo‘llariga kurak olishdi. Darhaqiqat, mozorga askarlar ko‘milgani ayon bo‘ladi, ular frantsiyalik ekani ehtimoldan xolimas. Suyaklar ichida ko‘rinib turgan charm kamar yarim chirigan bo‘lib, uni tortsalar uzilib, orasiga yashirilgan yetmishta yirik tanga to‘kilib ketadi…

Bunday frantsuz mozorlari Vyazmada ham topilgan. Litvinovo qish­log‘i yaqinida kichkina ko‘l bor, mahalliy aholi uni “G‘aznako‘l” ataydi. Sababi shuki, chekinayotgan frantsuzlar zambaraklarini… va uchta ho‘kiz terisiga o‘ralgan oltinni cho‘kdirib ketishganmish.

5 noyabrda (1812) ruslarning gvardiyachi ulanlar polki Krasniy shahri ostonalarida marshal Davuga tegishli o‘ljalar karvonini qo‘lga kiritdi. Sanab ko‘rsalar, 31 ming rublga barobar oltin va kumush tanga ekan. Xazina polkning tasarrufiga berilib, har bir jangchi ellik rubldan ulush olgan.

Frantsuz armiyasining Berezina daryosidan o‘tib olishi naq fojia bo‘ldi. Mish-mishlarga ko‘ra, daryoga chakana o‘lja cho‘kdirilgan emas (jon achchig‘ida). Berezina yaqinidagi pomeshchiklar keyinroq o‘z xizmatkorlarini daryoga tushib, frantsuz tillalarini olib chiqishga majbur qilisharkan…

Xo‘sh, unda, Rossiyadan to‘nalgan oltin-aravalar bari yo‘l-yo‘lakay adoyi-tamom bo‘lganmi? Parijgacha hech nima yetib borgan emasmi?

Yo‘q. Ancha-munchasi yetib borgan. Chunonchi, Napoleonga tegishli shaxsiy o‘ljalarni olisdan-olis safarning ming bir xataridan asrab, poytaxtga omon-eson oborishgan. Bu yumushga marshal Berte mas’ul bo‘lib, uning qo‘mondonligidagi imperator gvardiyasi jon-jahdi bilan uringan va zimmasidagi vazifani bekam uddalagan. Memuarlarda yozilishicha, qirlarga ko‘tarilish chog‘i g‘azna ortilgan aravalarning har biriga to yigirmatagacha, hatto undan ham ko‘proq otlarni qo‘shar ekanlar…

Sharq va G‘arbning ikki buyuk imperatori haqidagi rivoyatlarning indallosi shuki, Bobur vatanni tark etar chog‘i, Napoleon esa poytaxtiga qaytayotib afsonaviy oltin (balki xazina) qoldirib ketishgan. Bobur Mirzoning “tillosi” – Oltinbeshik darhol topilib, vorislar tasarrufiga o‘tgan bo‘lsa, Napoleonning dafinasini izlovchilar hamon jonhalak, haligacha sarson-sargardon: yo topadi, yo topolmaydi…

 

HAZRATLARGA  HASRAT  BO‘LGAN  OLMOSLAR

Osiyo Yevropadan kichkina emish. “Ko‘hinur”ning achchiq taqdiri.
Ko‘zi o‘yib olingan olampanohlar. Elchining o‘ldirilishi

Qadim zamonlardan to o‘rta asrlargacha olmosning vatani faqat Hindiston deb bilishardi. Jahonda eng qimmat baholangan, tevaragida shov-shuvlar ko‘tarilgan ma’lum va mashhur brilliant (gavhar)lar soni yuztaga boradi. Darhaqiqat, shularning yigirmaga yaqini Hindistondan topilgan, deyarli hammasi Bobur va Boburiylar yoki Napoleon bilan bog‘liq. Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hali yevropaliklarga yaxshi tanish bo‘lmagan allazamonlarda mantiqsiz taxminlar yurardi.

– Yevropa shunchalar azim qit’aki, – deb yozgandi Gerodot, – Osiyo va Afrika ikkovining hududidan ham u bir necha barobar kattadir.

Uning ta’rificha, Hindistonning tuprog‘i siymu zardan iborat, oltin oyoqlar ostida g‘ichirlab yotadi. Gerodot qalamiga mansub (9 kitobdan iborat) “Tarix”ning 3-jildida shunday bir ma’lumot borki, uni faqat cho‘pchak deb baholash mumkin.

Hindiston sahrosidagi tillatopar chumolilarning jussasi itga barobar. Ovchilar o‘lja olgan shu hasharotlardan bir nechtasi forslar shohining saroyida turibdi. Haybatli chumolilar yerostida o‘ziga in kavlaydi, chiqarilgan qum faqat oltin bo‘ladi. Hindlar ana shu boylikka mazaxo‘rak bo‘lishgan va xazina olgani uchtadan tuya qo‘shilgan aravalarda cho‘lga boradilar. Ammo ular oltin qumni nihoyatda chapdastlik bilan qoplashlari va tuyalarni qamchilab, ura qochishlari zarur. Negaki, chumolilarning hid bilish sezgisi zo‘r, darrov sezib, ovchilarni quvib yetadi, buni men forslardan eshitdim. Biror jonzot tez chopishda tillatopar chumolidan o‘tolmaydi, oltin qumni olayotganlar imillab qolsa, tamom, itday keladigan o‘sha hasharotlar birortasini ham tirik qo‘ymas ekan.

Evropalik istilochilarning qadami Hindistonga yetgach, Golkonda shahri afsonaviy xazinalarning sinonimiga aylanib qolgani bejiz emas. Bu yerda olmos koni tasodifan ochilgan: bir cho‘pon yarqiroq tosh topib oladi-da, boshqa bir hamkasbiga bug‘doy evaziga beradi. Ikkinchi qo‘ychivondan ham kimdir oladi va qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, axiyri olmos bilgich kishiga keladi. Ana shundan so‘ng qidir-qidir boshlanadi.

Golkondaga 1622 yili kelgan angliyalik Metgold yozadi:

Kondagi odamlarga qarab hayratda qoldik, chunki mahalliy aholi orasida olmos xurujida ishlayotgan ajnabiylar ham oz emasdi. Roja Ray Roviy qabulida bo‘lganimizda, u nihoyatda jilvador va bebaho toshlarni ko‘rsatdiki, ayrimlarini 30 qirot chamaladik.

Ertasi kuni Golkondadan ikki mil naridagi koplarga bordik, o‘ttiz ming kishi tuproq titkilash bilan ovora edi. Kon mahalliy tujjorlardan birovining tasarrufida bo‘lib, shartnomaga ko‘ra, 10 qirotdan vazmin olmos podshohning xazinasiga topshirilishi kerak. Ajnabiylarga sotgan va xorijga olib chiqishga uringan har qanday odam o‘lim jazosiga mahkum. Lekin bu farmon mahalliy aholini ortiqcha qo‘rqitmaydi shekilli. Negaki, menga bir necha toshni taklif etishdi, ikkitasi 20 qirotdan kam emasdi.

Metgoldning hisobicha, yaqin koplardagi[3] ishchilar soni yuz ming nafarga borardi. U o‘sha yerda bo‘lgan kuni rojaning buyrug‘i bilan ish to‘xtatiladi. Lekin kutilmaganda Dehlidan farmoni oliy keladi: Jahongirshoh uch funt sara va tiniq olmos yuborishni buyurgandiki, konchilar darhol kopga tushadilar…

Olmos – juda qimmat tosh. Chunonchi, eng yirik olmos “Kullinan” bo‘lib, 1905 yili Janubiy Afrikadan topilgan va undan yuzdan ziyod katta-kichik gavhar yasalgan. “Kullinan”ning xomashyo holidagi vazni 3106 qirot edi, ya’ni 621 gramm tosh bosadigan o‘sha bir dona olmos pulga chaqilsa, 290 million dollarga barobar bo‘ladi. Rus imperatori Pavel Birinchi 1800 yili 10 qirotlik qirmizi-gulrang gavharni yuz ming rubl­ga olgan. Qiyoslab ko‘ramiz: o‘shanda o‘ris bozorida 5 rublga sigir sotilgan, demak, 2 gramm olmos 2000 sigirga teng hisoblangan. Boz, olmosning bahosi tushmaydi, faqat o‘sadi: bir gramm gavharning narxi 1975 yili 3000 dollardan avval 7000 va so‘ngroq o‘n mingga ko‘tarilib, 1978 yil bahorida 18000 dollarga chiqqan, ya’ni to‘rt yilda 6 marta oshgan. Bu – qirq yil burungi baho…

 

* * *

“Ko‘hinur” so‘nggi besh asr davomida Hindiston, Eron va Afg‘onistonda 18 hukmdorning qo‘lidan o‘tgan: Bobur, Humoyun, Tahmosp, Burhon, Shohjahon, Avrangzeb, Bahodirshoh, Jahondorshoh, Farruxsiyar, Muhammadshoh, eronlik Nodirshoh Afshar, Ahmadshoh Durroniy (uning avlodlaridan – Temur, Zamonshoh, Mahmud, Shujo’ ul-Mulk), Ranjit Singx va Dalin Singh. “Ko‘hinur” 1850 yildan buyon Viktoriya, keyin Vindzor sulolasiga mansub barcha qirollar (Eduard VII, Georg V, Eduard VIII, Georg VI, Yelizaveta Ikkkinchi) saroyining ziynati va faxriga aylangan.

Ammo shunisi ham borki, mashhur olmoslar ichida faqat “Ko‘hinur” bozor ko‘rmagan, hech qachon kimgadir sotilgan emas. Ko‘hna rivoyatlarga ko‘ra, uning ilk tarixi eramizdan avvalgi 56 yilga borib taqaladi. Xiljiylar sulolasidan bo‘lgan A’louddin Muhammadshoh Janubiy Hindistonga yurish qilib, olmosni Malva sultonidan 1304 yili tortib olgani haqida ham taxmin yuradi. Lekin u ilk bor qayd etilgan yozma manba “Boburnoma” edi.

“Ko‘hinur”ning Bobur saroyiga kelishi Bikramojit shaxsi bilan aloqador, Sulton Ibrohim mag‘lub bo‘lganda, u vafot etgandi. Oilasi Agrada yashab, qochib qolish xayolida, biroq Humoyun Mirzoning soqchilari hamisha sergak, bunga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Shunda Bikramojitning ahli ayoli katta miqdordagi zar-zevar va javohirlarni Humoyunga hadya qiladi. Shuhratiy olmos ana shu tuhfalar orasida edi. “Boburnoma”da u Sulton A’louddinga daxldorligi eslab o‘tiladi. Noyob olmos tamomiy olamning ikki yarim kunluq[4] xarji qiymatiga teng edi. Boburshoh Agraga kelganda, Humoyun olmosni unga peshkash qildi, ota uni oladi va yana o‘g‘ilga qaytaradi.

Bu sirli toshning bizga ma’lum ilk “sarguzashti” Bobur saroyi­da sodir bo‘lgan (aslida bo‘lganicha yo‘q) edi. Shundoqki, Hindiston podshohining suyangan tog‘i, valiahd Humoyun Mirzo xasta. Muolaja, tabiblar, dori-darmon yetarli, lekin shahzoda shifo topmaydi. Shunda Boburga “Ko‘hinur”ni tasadduq qilishni maslahat berishadi. Ana shunda ota bemor farzandi boshidan uch qatla aylanib, nola qildi:

– Men ko‘tardim har ne darding bor?

Tasadduq voqeasi ham, undan keyingi jadal hodisalar ham Boburning jasoratini, buyukligini eng oliy maqomda isbotlaydi…

Shershoh Hindistonni egallab, o‘z hukmini muqim o‘rnatgan, Kobul, Qandahor va Badaxshon Komron Mirzo bilan Askariy Mirzo qo‘lida, asir olingan Hindol Mirzo esa Komronning zindonida erksiz tutqun. Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li – Humoyunshoh sarson-sargardon: Askariy Mirzo akasining Qandahor qo‘rg‘oni tashida to‘xtashiga izn berdi, ammo shaharga kiritmadi.

Humoyunga ukalari tasarrufidagi yurtlarda qolish endi xavfli edi. U Xudoga tavakkal qilib, Eron va Iroq sari otlandi: jajji valiahdi Jaloliddin Akbarni Qandahorda qoldirdi, yonida suyukli Hamidabonu va 44 yigitdan o‘zga hamrohi yo‘q. Karvon Xuroson hududiga kirib, Hilmand daryosiga yetganda, bundan xabar topgan Shoh Tahmosp ukalari Bahrom, Alfoz, Som va arboblariga mo‘tabar mehmonni munosib kutib olishni buyurdi.

“Humoyunnoma”dan o‘qiymiz:

“Yaqin borishganda, ukalar xabar berdilar va Tahmosp o‘zlari ham otga minib, hazratlarining istiqboliga chiqdilar. Oliy rutbali ikki podshohning do‘st-birodarligi shunchalik ediki, bir bodom ichidagi yalakat mag‘izday yaqin demoqqa arziydi. Ular orasidagi ixlos va ittifoq shu darajaga yetdiki, hazratlarining manziliga shoh (Tahmosp) doim kelardilar, shoh kelmay qolgan kunlari (Humoyun) hazratlari u yoqqa tashrif etardilar. Shoh  har gal ovga chiqqanlarida hazratlarini ham taklif qilardilar. Xullasi kalom, Eron shohi Humoyun hazratlariga haddan ziyoda mehribonlik va muruvvat ko‘rsatib, otaday, onaday mushfiqlik, g‘amxo‘rlik qilardilar.

Musofirchilikda quchoq ochib, mo‘l-ko‘l yaxshiliklar qilgan Tahmospdan qarzdor bo‘lib qolishni kimsan Humoyun Mirzo o‘ziga nomunosib bilardi, albatta. U javohirlar saqlanadigan kartmonidan “Ko‘hinur” olmosini oldi-da, Eron shohiga tuhfa etdi. Gulbadan Begimning ta’rificha, bu hadya Humoyun uchun Tahmosp qilgan xarajatlarni to‘rt hissa ortig‘i bilan qoplashga yetardi. Ikkala hukmdor xayr-xush qildilar, o‘z yigitlari va Tahmospning harbiy ko‘magini olg‘a yetaklagan Humoyun Mirzo Kobul va Qandahor taraflarga azm qildi. Shunda 1545 yil bo‘lib, Humoyunning otameros taxt uchun hali yana o‘n yil davom etadigan mardona kurashi boshlandi, ammo biz o‘z mavzumiz – “Ko‘hinur”ga qayta qolamiz.

Tahmosp 1547 yili “Ko‘hinur”ni do‘sti Burhonga (ahmadnagarlik) sovg‘a qiladi. Oradan yuz yil o‘tgach, olmos yana Dehliga qaytib, Boburiylar xazinasidan joy oladi.

“Toj Mahal”dagi Shohjahon qabri haqida bir muallif yozadi:

Sag‘anaga arab alifbosida Allohning 99 ismi husnixat bilan bitilgan, Qur’ondan oyatlar naqshlangan. Bir zamonlar jahonda eng katta – 117 qirotli “Ko‘hinur” olmosi ushbu qabrtoshni ziynatlab turardi. Boburiylar imperiyasi inqirozga uchragach, fors hukmdori Nodirshoh “Ko‘hinur”ni ham, mashhur “Tovus taxt”ni ham Dehlidan olib ketgan. Hozirda “Ko‘hinur” Angliya qirolichasining tojini bezab turibdi, bir bo‘lagi esa (?) Britaniya muzeyiga qo‘yilgan.

Bu toshning keyingi “hayoti” xususida yana ikki rivoyat bor, har ikkisi ham Eronning Hindistonga bosqiniga va Nodirshoh shaxsiga borib taqaladi. Nodirshoh Dehlini egallagach, fotihning ko‘ngliga yoqish uchun Sulton Muhammad Gurxon laganlarda oltinu javohirlarni peshkash qiladi, lekin “Ko‘hinur”ni bermaydi. Shoh Nodir olmos mag‘lub hukmdorning sallasi qavatiga yashirilganidan xabardor edi.

– Kel, – deydi u, – mana sulh tuzildi, endi do‘stligimiz ramzi sifatida bosh kiyimlarni almashtiraylik va bu ikkovimizga ham esdalik bo‘lib qolsin.

Shunday qilib, salla ham, uning orasidagi javohir ham Nodirshohga o‘tganmish.

Ikkinchi rivoyatda ham o‘sha g‘olib bilan mag‘lub musohabasi, faqat bunisida olmos Muhammad Gurxonning tojiga qadalgan, quyoshday charaqlab turibdi. Nodirshohning ko‘zlari qamashib, hayajon bilan ona tilida xitob qiladi:

– Ko‘hi nur! Ko‘hi nur! Ko‘hi nur!

Eron shohi bu qadar boylikni tashlab ketolmasdi. U hiylaga o‘tib, Gurxon shu topda har ne shartiga ko‘nishini bilgani bois, tojlarni almashtirishni taklif etadi va olmosni qo‘lga kiritadi.

Ana shundan so‘ng tosh “Ko‘hinur” – nur tog‘i degan nom olganmish[5]. Bu rivoyatlarda haqiqat unsurlari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, Nodirshoh 1739 yil Hindistonga bostirib kirgani ham, “Ko‘hinur”ni o‘zi bilan Isfahonga[6] ola ketgani ham aniq.

Nodirshoh Afshar aslida uzurpator bo‘lib, Tahmosp Ikkinchining harbiy boshliqlaridan edi. O‘n yildan so‘ng uni ham, o‘g‘li Abbos Uchinchini ham taxtdan ag‘darib, 1736 yili o‘zini shoh deb e’lon qildi. U o‘ta shafqatsiz bosqinchilik siyosati bilan katta hududni asoratga soldi, Nodirshoh imperiyasi Kavkaz, Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindistonni qamrab oladi. Qasosli dunyo deganlariday, 1747 yili saroy fitnasida o‘ldirildi va imperiyasi parchalanib ketdi. Ana shu tartibsizliklardan Ahmad Abduali foydalanib qoldi: u harbiy sarkarda bo‘lib, Eron taxtini egallashga jon-jahdi bilan urinsa-da, uddalay olgani yo‘q. Shundan so‘ng o‘z askarlari bilan afg‘onlar hududiga yo‘l oldi va Qandahorni poytaxt qilib, Ahmadshoh Durri Davron nomi bilan toj kiydi. (Uning avlodlari Durroniylar bo‘lib tarixga kirdilar.) Ahmadshoh Isfahonni tark etarkan, “Ko‘hinur”ni ola ketishni ham unutmadi, albatta. (O‘shanda “La’li Temuriy” ham uning qo‘lida ediki, bu haqda alohida hikoya qilamiz.) Ahmadshoh vafot etgach (1773), uning o‘g‘li shahzoda Temur Durroniy taxtga o‘tirib, poytaxtni Kobulga ko‘chirdi va otasidan qolgan “Ko‘hinur” va “La’li Temuriy” sohibi bo‘ldi. Temur Durroniyning 25 o‘g‘li bor edi, ularning beshinchisi bo‘lmish Zamonshoh toj-taxtni egalladi, lekin akasi Mahmud Mirzo undan hokimiyatni tortib oldi. Bu qonli mojarolar 1813 yilga qadar davom etib, shahzoda Shujo’ul Mulk o‘zini Shujo’shoh deb e’lon qildi. Biroq uning hukmdorligi ham omonat bo‘lib, jon saqlash qayg‘usida Ranjit Singh qo‘lidagi Lahordan boshpana topadi. Shunda “Ko‘hinur” u bilan birga bo‘lib, maxarojaga bergisi kelmaydi. Shujo’ul Mulkni qiynoqqa soladilar, baribir qayoqqa yashirganini aytmaydi. Axiyri, ko‘zini o‘yib oladilar va shundagina sirni ochadi. Ranjit Singhga toshni xufiya joydan topib berishadi va u tojiga qadab oladi.

1799 yili Lahorni bosib olgan, keyinroq (1810–1811) Panjobni to‘liq birlashtirgan Ranjit Singh kuchli davlat tuzib, maxaroja rutbasiga erishdi. Ammo Ranjit Singhga og‘ir dard yopishib, 1839 yil yozida to‘shakka mixlanib qolgach, maxarojaning a’yonlari maslahat berishdi:

Hazrati oliylari, ilohlardan madad umidida “Ko‘hinur”ni ma’bud Jo‘ganath yo‘lida tasadduq qilsak ne deysiz? Ajabmaski…

Ramaqijon Ranjit Singh tildan qolgandi, vaziru a’yonlar tasadduq uchun olampanohning imo bilan rozilik berganini tasdiqlashdi. Ammo xazinabon buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani bois sarkashlik bilan oyoq tiraydi:

Barmoq va muhr bosilgan farmoni oliy bo‘lmasa, yetti iqlimda yagona olmosni berolmayman.

Bunday hujjatning inshosi va imzosiga hech kimning yuragi dov urmaydi. Alqissa, Ranjit Singhning kun-soati bitgandi, uning taxtiga 12 yashar valiahdi Dalin Singh o‘tirdi. Bag‘oyat taajjubki, “Ko‘hinur” 1530 yili Humoyun boshida tasadduq bo‘lmagani kabi bu gal ham (1839) tasadduq qilingani yo‘q.

O‘n to‘qqizinchi asrning 40-yillarigacha Panjobga ingliz harbiylarining oyog‘i yetmagandi. Ost-Indiyaning ikki tajovuzidan so‘ng (1845–1846, 1848–1849) Panjob o‘z mustaqilligidan ayrildi va taslim xatiga qo‘l qo‘ydi. G‘oliblar tuzgan “shartnoma”ga ko‘ra Dalin Singh taxtidan voz kechadi, evaziga kompaniya maxarojani umrbodlik nafaqa bilan “siylaydi” va Panjobning davlat g‘aznasini o‘z tasarrufiga oladi.

Bu paytda “Ko‘hinur” Lahor yaqinidagi maxsus qo‘riqlanadigan “Toshxona” nomli yerosti xazinasida saqlanardi. Buyuk olmos 1849 yili Ost-Indiyaning o‘ljasiga aylandi va kompaniyaning topshirig‘i bilan lord Dalxauzi 1850 yilning 3 iyunida qirolicha Viktoriyaga hadya etdi. “Ko‘hinur” 1851 yili Londondagi ko‘rgazmada namoyish qilingan.

Hazrati oliyalari Amsterdamdan atoqli zargar Forzangerni (1852) chaqirtirdi: san’atkor faqat maslahat berib turdi, olmosni Viktoriya o‘zi ishlovdan chiqardi. Pardoz va sayqallash jarayoni 38 kun davom etib, shuning o‘ziga sakkiz ming funt-sterling mablag‘ ketdi va 186 qirotlik toshdan 106 qirotlik gavhar vujudga keldi.

Gap – ko‘p, ko‘mir – oz deganlariday, boshqacha taxmin ham bor: saroy ma’danshunosi Jeyms Tennant ishlov berib, 191 qirotlik olmosdan 108,9 qirotlik gavhar yasagan. Lekin u endi asl jozibasini yo‘qotgandi.

Viktoriya uni zebigardoniga joylashtirib, ko‘ksiga taqib yurgan. U vafot etgach, davlat xazinasiga olingan va qirolicha Aleksandraning (Eduard Yettinchining xotini) tojiga qadalgan.

Viktoriyaning nabirasi qirol Georg Beshinchi 1911 yilda rafiqasi Mariya (hozirgi qirolicha Yelizaveta Ikkinchining buvisi) uchun toj buyurib, unga “Ko‘hinur”ni asosiy bezak qildi. U keyinchalik “qirolicha Meri”, “kichkina toj” deb nom olgandi.

U qirolicha Mariyaning tojiga qadalganicha xiyla muddat turdi. So‘ng “Garrard va Ko” firmasi undan “Ko‘hinur”ni ko‘chirib olib, yangi tojni bezadi. 1952 yilda uni Buyuk Britaniyaning hozirgi qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi o‘z boshiga qo‘yib, otameros taxtga o‘tirdi…

 

DAFN  VA  QATL  GULXANLARI

Tiriklayin yondirilgan ayollar. Iskandar Zulqarnaynning mutaassirligi.
Inkvizitsiyaning Hindistondagi odamkush xanjari.

Hindiston – nihoyatda o‘ziga xos, hatto aql bovar qilmas g‘aroyibotlar va an’analar mamlakati: goh kulasiz, goh yoqangizni ushlaysiz, goh dahshatga ham tushasiz. Hindlar devday filni yelpig‘ichning cho‘pi bilan boshqara oladilar, dengiz tubidan marjon topish, la’l tusli laqqa cho‘g‘ ustida oyoqyalang yurish, zahrining zarrasi arslonni o‘ldiradigan ilondan raqqos yaratish ham ularga cho‘tmas. Ammo shunaqangi urf-odatlari ham borki, bunaqasini boshqa xalqlarda topish qiyin. Chunonchi, kathiyovar, jajhar, sati va hokazo…

 

* * *

Sati qachon va qanday urfga aylangani haqida tarixan muqim fikr aytish mushkul. Faqat rivoyatlardan xulosa chiqarish mumkin. Ma’bud Daksharajapatining qizi Sati ma’bud Shivani sevar va ikkovi turmush qurib, baxtli yashar edilar. Qaynota bu nikohga qarshi, nufuzi tobora yuksalib borayotgan kuyovi Shivani yomon ko‘rardi. Kunlardan-bir kun Daksharajapati katta ziyofat berib, unga kazo-kazolarni, kalon-kalon zotlarni taklif etdi, faqat qizi va kuyovinigina chaqirmadi. Shunday bo‘lsa-da, Sati eriga yolvorib, birga borishga ko‘ndiradi. Taassufki, bu tashrif qaynotaga yoqmaydi, kuyovini xo‘rlaydi, yomon so‘zlar bilan haqoratlaydi. Suyukli yorining bunchalar oyoqosti qilinishiga chidolmagan Sati o‘zini olovga tashlaydi. Shiva uning ortidanoq alanga ichiga intiladi, lekin ayolning kuyuk murdasinigina olib chiqadi. Jononidan judo etilgan yigit qorako‘ngil qaynotasini qahr ustida shartta chopib tashlaydi…

Rivoyat bu bilan xotimalanmaydi, uning yakuni bir necha variantlarda talqin qilinadi. O‘sha-o‘sha erini deb tiriklayin o‘zini o‘tda kuydirish hind ayoli uchun muhabbat va sadoqat ramziga aylanib, sati nomini olgan emish.

“Maxobxorat” eposida eramizdan avvalgi 400 yilda sodir bo‘lgan sati gulxanlari haqida ma’lumot bor. Sanskrit tilidagi “Rigveda” (madhiyalar majmuasi) kitobida esa 30 asr burun eri bilan birga yondirilgan ayollar tilga olinadi. Ammo u paytlarda sati zodagonlar oilasidagina amalga oshirilardi.

Aleksandr Makedonskiy eramizdan avvalgi 316 yilda shunday voqea­ning ustidan chiqqan: ikki kundosh marhum erining dafn gulxanida yonmoq huquqini talashib turgan ekan. Bu yunon sarkardasida chuqur taassurot qoldirgan va bunday holat Hindistonda tez-tez uchrashini ta’kidlagan.

 

* * *

Jahon tarixida alohida o‘rin tutuvchi buyuk hukmdorlardan yigirma bir nafarining hayoti va faoliyati haqida M. A. Lyatskiyning kitobi bor (M. A. Lyatskiy. Velikiye mira. Petrograd, 1915 g.) Muallif Jaloliddin Akbar to‘g‘risida yozarkan, shuni ta’kidlaydi:

“U (Akbar) 1587 yili beva qolgan hind ayollarining dafn gulxanida yondirilishini taqiqlovchi farmoni oliyga imzo chekdi…”

Avrangzeb saroyida bo‘lgan Fransua Berne bevalar uchun jallod boltasiga aylangan 17-asr dafn gulxanlari haqida keng ma’lumot beradi. Shunisi ishonchliki, muallif bu fojialarning deyarli hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va yozgan:

Shaytonning izmidagi bir ayol bo‘ydoq qo‘shnisi bilan don olishib qoladi. Jazmani chevar bo‘lib, childirma ham chalardi. Ma’shuqa erini zaharlab o‘ldiradi va hamsoyani xoli topib, niyatini izhor qiladi:

– Sening yo‘lingga yurib, shu ishni qildim, endi ikkov olislarga qochib, halovatda yashaylik. Agar tezroq qochmasak, hali-zamon murdaga qo‘shib, meniyam yoqib yuborishadi.

Childirmachi-oshiq juvonni qanchalik sevmasinki, qotilga sherik bo‘lishni aslo xohlamaydi.

– Nima bo‘lsang – o‘zing bo‘l, lekin meni bu jinoyatga aralashtirma! – cho‘rt kesadi u.

Chorasiz xotin ortiqcha so‘z demasa-da, kaftiga tuflaydi-qo‘yadi va ota-onasiga eri to‘satdan qazo qilganini, o‘zi dafn gulxanida kuymoqchi ekanini aytadi. Qizning mardona ahdi oila uchun obro‘ning kattasi hisoblanardi. Xandaq kavlab, o‘tin-cho‘p tashlanadi, g‘aram ustiga marhumni yotqizadilar, iforli moylar, sandal tarashasi kukunlari sepiladi va gugurt chaqiladi. Xandaqni qurshagan izdihom marhum er va uning fidoyi xotini haqiga duolar qilardi.

O‘zini o‘limga chog‘lagan qotil ma’shuqa olov gurlagach, davradagi yaqinlari bilan birma-bir vidolasha boshlaydi. Mashshoqlar orasida chevar qo‘shni musiqa chalardi. Ayol u bilan ham xayrlashmoqchi: jazman childirma cho‘pini qo‘yib, xotinga quchog‘ini ochdi.

– Alvido! – dedi alamzada ma’shuqa va yigitga mahkam chirmashdi-da, uni ham chuqurdagi olovga sudrab ketadilar…

– O‘zim ko‘rgan dafn gulxanlari dahshat edi, ularni aytib ado qilolmayman va shuni ham o‘ylaymanki, mening bitiklarimga Yevropada biror kim ishonadimi-yo‘qmi? – yozadi Fransua Berne.

Ahmadoboddan Agraga borayotgan karvonimiz kichik qishloqda to‘xtadi. Kun nihoyatda issiq, kechgacha salqinlab, oqshomda yo‘lga tushmoqchi bo‘ldik. Marhum eri bilan kuydiriladigan 12 yashar (!) kelinchakning xabari keldi. Olov yonib turibdi, uning yonidagi norasida juvon titrab-qaqshaydi, xuni biyron yig‘lamoqda. Uch-to‘rt brahman bilan bir kampir bechorani o‘tga itaradilar, keyin oyoq-qo‘lini chilvirlab, alanga ustiga o‘tirg‘izadilar va sho‘rlik dodlaganicha yonib ketadi.

Kezi kelganda shuni e’tirof etmoq lozimki, Hindistonga inglizlar kirib kelgach, satiga qarshi kurash ko‘lami yanada kengaydi va hind ma’rifatparvarlari ham bunga qo‘shildilar. Jyul Vernning “Dunyo bo‘ylab 80 kun” romanida satining borib turgan vahshiylik ekani juda ishonarli tasvirlangan.

O‘n to‘qqizinchi asrda Bharatendu Harishchandr, Din Bandhu Mitra, Bonkimchandra Chatterjiy, Madhu Sudan Datt va boshqa yozuvchilar xurofotlarga qarshi o‘t ochishgan. Bharatendu Harishchandr (1850-1885) ayollar uchun maxsus “Banabadhini” nomli jurnal tashkil etdi. Unda eri o‘lgach, o‘zi ham qatlga mahkum juvonlarning musibati tez-tez tilga olinardi. 1828 yili tashkil topgan “Brahma Samoj” jamiyati, keyinchalik Tagor, uning otasi bilan bobosi, shuningdek Gandi singari xalqning ulug‘ daholari sati aksilinsoniy hodisa ekanini dalillashdi. Zamonaviy hind ma’rifatparvar adiblari o‘sha ko‘hna kurashni hamon davom ettirmoqdalar.

1889 yili satini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan angliyalik jurnalist Jon Frester shunday yozadi:

Bu Banoras shahriga yaqin qishloqlardan birida sodir bo‘ldi. O‘tga tashlanadigan juvonning o‘n gulidan bir guli ochilgan emas, yoshi yigirma sakkizda. Kohin unga qandaydir ichimlik berdi, chamasi u og‘riqni kamaytirsa kerak. Sho‘rlik qiz faryod urib, qochmoqqa urindi. Lekin olomon bunga yo‘l qo‘ygani yo‘q. Bir kampir uning sochlaridan tutamladi, ikki yigit qo‘llarini qayirdi. Mahkuma harchand qutulishga intilmasin, qarindoshlari berahmlik bilan uni murda tarafga sudraydilar. Boz ustiga kohin sakrab turdi-da, bechoraning boshiga qo‘lidagi tayoq bilan soldi.

Ko‘z oldimdagi qotillikka aqlim ishonmasdi: men dahshatli film ko‘rayotganim yo‘qmi? Jonu dilim bilan bevaga yordam bersam deyman, lekin mutaassib olomon yo‘l qo‘yadimi? Shu asnoda ayolni marhum bilan yonma-yon bog‘ladilar. Kimdir gugurt chaqdi. Tayoq zarbidan behush mazluma darhol o‘ziga keldi. U jon achchig‘ida shunday dod soldiki, bu ohu zor hatto nog‘oralar gumburini ham bosib ketdi. Alanganing qip-qizil tili tirik insonga chang soldi, u jonli olovga aylandi. O‘tinga xushbo‘y narsalar sepilgan deyishdi, lekin kuyindining qo‘lansa hididan behush yiqilayozdim. Bundan ham dahshatlisi shundaki, dafn gulxanining kulini kohinlar taomiga qo‘shib berar ekan. Aytishlaricha, bu bilan gunohkor bandalar boqiy dunyoga poklanib ketarmish…

Hamma yerda hamxobidan judo bo‘lgan motamzadalarga hamdardlik bildirilib, ko‘ngil so‘ralsa-da, hindlarda nega bunday? Necha yuz yillardan beri satiga qarshi kurashilgani holda, nima uchun bu mudhish aqida hamon barham topmayapti?

Buning ikkita muhim sababi bor deyish mumkin. Avvalo, hinduizm mutaassiblari bevani yondirmaslik – gunohi kabira deb oyoq tirab olishgan. Ikkinchi omil shuki, butun mamlakatda, alalxusus, qishloq joylarda ersiz qolgan ayollarning hayoti nihoyatda ayanchli, ular faqat hazar va haqoratga mahkum. Ilgarigi zamonlarda bu baxtiqarolarning sochlari qirib tashlangan, oq ko‘ylak kiyish, zeb-ziynat taqish ularga mumkinmas. Tul xotin faqat bug‘doy non va guruchli taom yeyishga haqli, basharti, boshqa yegulik iste’mol qilsa, jazo muqarrar. El uni tirik murda deb biladi, hayot quvonchlariga, hatto tashvishlariga ham yo‘latmaydilar. Erining boshini yegan deb, baxtsizlik timsoli sanaluvchi bunday bechoralarga to‘yxonalar eshigi yopiq, bayramlarga yo‘l bo‘lsin, unaqalar yangi tug‘ilgan nabirasini ham og‘ushiga ololmaydi. Ko‘chada ketayotgan baxtiyor yo‘lovchi biror bevani ko‘rib qolsa bas, ta’bi tirriq bo‘ladi. Chunki, bu yomonlik alomati-da. Beva tashqariga chiqmagani, yerda uxlagani ma’qul, divanda yotish ham taqiqlanadi. Tul xotin er zoti bilan, hatto o‘g‘illari bilan ham so‘zlasholmaydi. Beva qayta turmushga chiqadimi? Yo‘q, albatta. Ammo ayni muammoda yagona istisno bor: ayol marhum erining tug‘ishgan inisiga tega oladi. Shundagina uni olovga tiriklayin uloqtirolmaydilar.

Yuqorida tilga olingan Jon Fresterning yozishicha, 2001 yili qishloqlardan birida shunaqa bo‘lgan va erning ukasi beva kennoyisini nikohlab olgan. Ikkov uch yil birga yashaydilar va taassufki, ikkinchi er ham dunyodan o‘tadi. Satiga bir karra chap bergan va manglayiga baxtsizlik tamg‘asi tushgan hind ayoli endi qazodan qochib qutulolmaydi. Bir necha yil burun Malegaonomda (Markaziy Hindiston) eri o‘lgan juvon o‘zini osib qo‘yibdi. U dafn gulxanida kuyishga ko‘nmagan va ota uyiga qaytgach, qismatidagi tahqirlarga chidashga majbur. Uning onasi tunda ko‘rsaki, beva qizi yerdamas, karavotda uxlayotgan emish. Boyaqish darhol uydan quviladi, ammo qayerga borsin? Noiloj qo‘lidagi arqon bilan boqqa chiqqan…

Eri o‘lgan boshqa bir juvon ko‘zguga qarayotgan ekan. Bu “kori bad”ni opalari ko‘rib qoladi: ikkov uni urib-tepkilaydilarki, baxtiqaro singil o‘lar holatga yetadi. Olis tarixda emas, 2006 yili Hindistonda sodir bo‘lgan bu voqeaning boisi shuki, “erining boshini yegan” xotin zoti oynadagi aksiga boqishga ham haqli emas…

Boburiylargacha Hindiston tarixida satiga qarshi kimdir kurashgani haqida biror ma’lumot topish amri mahol. Demoqchimizki, tirik insonni murda bilan yondirishday jaholatga barham berilishi eng avvalo Boburiylarning sa’y-harakatlari samarasi ediki, bu ham buyuk sulolaga munosib ezgulik va tarixiy xizmatdir.

 

* * *

Evropada qatl gulxanlari “ijodkori” bo‘lmish inkvizitsiya sudi qachon vujudga keldi? Bu savolning javobi bahsli va turli-tuman. Tadqiqotchilar har xil sanalarni ko‘rsatishadi: 1198–1230, 1184–1252, 1198–1216, 1227–1241 va hokazo yillar. Lekin shuni bemalol aytish mumkinki, inkvizitsiya jallodlarining odamkush xanjaridan kamida olti asr muttasil qon tomib, son-sanoqsiz insonlarning umriga zomin bo‘ldi.

Inkvizitsiya chaqimchilari har yerda hozir: 14 yashar bolalar, 12 yoshlik qizlar ham bu irkit xizmatga jalb etilaverardi. Sehr-jodu yo folbinlikda, rohibni tanqid qilishda yo g‘ayridin bilan do‘stlashuvda, cherkovga qarshi chiqishda salgina shubha tug‘ilsa bas, u endi omon qolmaydi. Homilador ayol ham, mo‘ysafid qariya ham, hatto norasida go‘dak ham ayab o‘tirilmaydi.

1597 yili Gelngauzenda (Germaniya) 67 ga kirgan beva Klara Geysler hibsga olingan. Chaquv tushganki, kampir jodugarlikda, chunonchi, bir emas, uchta jin bilan ishrat qilganlikda ayblanadi. Vaholanki, bunday kurakda turmas jinoyat gumondorning yetti uxlab tushiga kirganmas, borib turgan bo‘hton. Uni qiynoqqa soladilar, iskanja qisuvidagi suyaklari qisirlaydi. Og‘riq azobi hilviratgan ayol axiyri “qilmishlari”ni bo‘yniga olib, inkvizitor qozilar uydirmasidagi ushbu “gunohlari”ga iqror bo‘ladi:

Men qirq yil davomida ko‘plab iblislar bilan muttasil zino qildim. Ular yotog‘imga it va mushuk yoki qurt va kanalar qiyofasida kirib kelishardi. Shaytonlardan 17 farzand orttirdim va bolalarimning barini o‘ldirib, go‘shtini yedim, qonini ichdim. Shuningdek, 240 kishining aya­nchli halokatiga sabab bo‘ldim, ular orasida yoshlar ham, keksalar ham bor edi. O‘ttiz yo qirq yil davomida keng mintaqada bo‘ronni quturtirdim, afsun bilan olov yondirib, to‘qqiz marta uylarni kulga aylantirdim. O‘zim turgan shaharni yong‘in domiga topshirib, batamom yaksonlamoqchi edim. Biroq Bursian ismli iblis rozilik bergani yo‘q. Uning aytishicha, hali bu shahardagi bir talay qiz-juvonlarni jodugarga aylantirishi va ular uning yo‘liga yurib, shaytonga e’tiqod qilishlari kerak ekan…

Klara Geyslerning iqrornomasi shu nuqtada uzilib qolgan. Chunki, tergovda jallodlar qiynog‘idan sho‘rlik ayol o‘sha asnoda jon taslim qilgan.

Inkvizitsiya pichog‘ini qayrab, ularning qotilliklariga qonuniy tus beruvchi kodekslar ham talay. Shunday “nizom”lardan birining muallifi Antoniu de Souza (Portugaliya, XVII asr) edi. Souza janoblari yozadi:

“Inkvizitorlar imperatorlarni, qirollarni va dunyoviy hokimiyatning barcha-barcha vakillarini jinoiy javobgarlikka tortish huquqiga ega.”

Ya’ni, inkvizitsiya podshohlar ustidagi podshoh bo‘lib olgandi. Shu bois, o‘rta asr arboblaridan biri Rim papasi boshliq bu tribunal haqida shunday degan:

“Mening hayotim mudom dahshat tazyiqida. Xoh so‘zlagan chog‘im, xoh xat bitar chog‘im – hamisha qo‘rquvdaman. O‘zim bilan gaplashayotib yoki xayol surgan damlarimda… hatto sukut saqlaganimda ham hadiksirab turaman.”

Inkvizitsiya qo‘lidagi “qonuniy” asoslardan biri “Taqiqlangan kitoblar indeksi” edi. Buning uchun 1571 yili maxsus hay’at tuzilib, u to 1917 yilga qadar faoliyat ko‘rsatdi va o‘qish gunoh sanalgan “shaytoniy” adabiyotlar ro‘yxatini muntazam nashr etdi. Indeks 17-asrda 3 marta, 18-asrda yetti marta, 19-asrda 6 va 20-asrda 12 marta chop qilingan. Unda kitoblar soni muttasil oshib borardi. Masalan, 1900 yili 7200 ta bo‘lsa, 1948 yilda 8000 dan ziyod edi. Galiley, Kepler, Kopernik, Paskal, Volter, Russo, Spinoza, Leybnits, Kant, Bekon, Gobbs, Lokk, Mill, Sartr, Defo, Dyuma, Stendal, Balzak, Geyne, Gyugo, Zolya, Milton singari buyuk olim va faylasuflarning, shoir va yozuvchilarning asarlarini mutolaa qilgan har qanday odamning kallasi ketardi. “Taqiqlangan kitob­lar indeksi”ni nashr etish 1966 yildagina barham topdi.

Inkvizitsiya gulxani Yevropa hududi bilan kifoyalanib qolgan emas. Bu o‘t balosi mustamlakachi harbiylar va missionerlar timsolida Amerikaga, Afrikaga, Hindistonga, axiyri, butun dunyoga tarqadi…

Bobur va Boburiylar beva ayollarning yostig‘ini quritayotgan dafn gulxanlariga qarshi kurash boshlagan chog‘i Yevropadagi qatl gulxanlari Hindiston sohillariga ham hamla qildi. Do‘ppidaygina Portugaliya 16-asrda qudratli kolonial imperiyaga aylangan edi. Vasko de Gama va boshqa istilochilar sharq sari suzib, hatto Xitoygacha yetib borishdi. Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘idagi Goa knyazligi portugaliyaliklarning shtabi bo‘lib, kolonial hokimiyat va katolik missionerlar shu yerga uya qurgandilar. Ular musulmon, hind, budda ibodatxonalarini vayron qilibgina qolmay, aholini majburan katoliklashtira boshladilar. Kimki ko‘nmasa, unga rahm qilmaydilar. Alalxusus, ispaniyalik Fransis­ko-Ksaveriy peshvoligidagi iyezuitlar nihoyatda quturib ketishgandi.

Goada 1561 yil inkvizitsiya tribunali ta’sis etildi. Bu mahkama kimning payiga tushgandi? Hindistonliklarning, barcha o‘zga din vakillarining, ayniqsa, musulmonlar va boy-badavlat kishilarning sho‘rini quritardi, albatta. Bu Akbarshoh zamoni edi. Bilamizki, Buyuk Akbar diniy bag‘rikenglik bayroqdori bo‘lish bilan birga, beva hind ayollarining marhum eri bilan yondirilishiga dil-dilidan qarshi kurashgan. Shunday sharoitda Goa va uning tevaragidagi aholining dahriylikda ayb­lanib, tiriklayin olovga uloqtirilishi dard ustiga chipqon bo‘ldi.

“Goa inkvizitsiya tribunali qonxo‘rlikda ispan va portugal jallodlaridan ildamlab ketdi”, deb yozadi frantsuz tarixchisi J. Lavall.

Biroq 1579 yili Akbar Goadagi yevropalik inkvizitorlarning asl maqsadi va xunxo‘rligidan hali xabarsiz edi, saroyiga kelgan uch iyezuitni yaxshi qabul qildi, ularning ibodati uchun sharoit ham yaratib berdi. Hatto iyezuitlarning pasxa bayramida qatnashdi (R. Akvaviva va Monserratening kundaliklarida Akbarshoh haqida muhim ma’lumotlar bor.)

Endi buni qarang – Hindistondagi Sati gulxanlariga ilk va hal qiluvchi zarbani Boburiylar urganlaridek, Yevropada inkvizitsiya oloviga barham berilishi Napoleon Bonapartning xizmati edi. Portugaliyada “muqaddas” qozilar terrori Napoleonning generali Jyuno Lissabonni fath etgunicha (1808 yil) davom etdi. Qirol Joan Oltinchi arkoni davlati bilan vatanini tashlab, Braziliyaga qochib ketdi. Frantsuzlar Portugaliyadagi taraqqiyparvar kuchlarning quvvatlashiga ishongan holda inkvizitsiyaga barham berishdi. 1789 yili Buyuk frantsuz inqilobini inkvizitsiya nayza bilan kutib olgandi. Ispaniyaga Frantsiyadan hatto kitob va gazeta keltirish man etilgandi. Lekin Napoleon bostirib kirganda, unga sotilgan ham Ispaniya inkvizitorlari bo‘ldi. Madriddagi aksilfrantsuz qo‘zg‘oloni chog‘i Napoleonni yoqlab proklamatsiya chiqargan ham beburd inkvizitsiya edi.

Holonki, omad qushi qo‘liga qo‘nib turgan Bonapart o‘sha kunlari inkvizitorlarning bunaqangi hushomadlarini sariq chaqaga olmasdi. Aksincha, u alohida dekret bilan (1808 yil 4 dekabr) bu “muqaddas” tribunalni jinoyatkorona muassasa sifatida taqiqladi va unga tegishli mol-mulklarni Ispaniya davlati foydasiga musodara qildi.

Umuman, Napoleon qalamravidagi barcha hududlarda inkvizitsiya faoliyatiga chek qo‘yildi. Ayni chog‘da uning qonli ishlarini fosh qilish kampaniyasi boshlandi. Ispan inkvizitorlari haqidagi haqqoniy hujjatlar asosida ikki jildlik to‘plam 1812–1813 yillarda nashrdan chiqdi. Uning muallifi Madrid tribunalining sobiq kotibi Xuan Antonio Lorente edi.

Napoleon akasi Jozef Bonapartni Ispaniyaga qirol qilib qo‘ygandi. Lorente Jozef bilan faol hamkorlikka kirishib, uning farmoniga binoan ispan inkvizitsiyasining mufassal tarixini yoza boshladi. Biroq Napoleonning 1814 yil bahordagi mag‘lubiyati va uning Elba oroliga quvilishi bu xayrli ishning beliga tepdi. Lorente Parijga qochib ketdi, lekin tarixnavislikni to‘xtatgani yo‘q va to‘rt jilddan iborat kitob 1817–1818 yillari frantsuz tilida bosildi. Asar juda ko‘p tillarga tarjima qilinib, 24 marta nashr etildi. “Ispan inkvizitsiyasi tarixi” nomli bu solnoma hamon ilmiy-tarixiy qimmatini yo‘qotgan emas…

Shu asnolarda Galiley va Brunoning “muqaddas” tribunalga daxldor muhim hujjatlari topildiki, bu sermojaro romanning o‘zginasi.

Napoleon papa qalamravidagi hududlarni o‘z imperiyasiga qo‘shib olgach, arxivdan Galileo Galileyga aloqador fondlarni Parijga oldirib keladi. Biroq imperator ularni e’lon qilishga ulgurolgani yo‘q, undan toj-taxtini tortib oladilar. Parijga Burbonlar qaytib keladi, Lyudovik XVIII Frantsiya taxtiga o‘tirdi. Rim papasi Piy Yettinchi Vatikanda yana hukmronligini boshladi. Uning Parijdagi vakili Gayetano Marini darhol qirol hukumatidan Galileyning sudloviga taalluqli arxivni qaytarishni talab qildi. Lyudovik uning talabini qondirarmidi-yo‘qmidi? Bu noma’lum, gap shundaki, oradan hech qancha vaqt o‘tgani yo‘q, Gayetano Marini to‘satdan o‘lib qoldi.

Napoleon 1815 yil bahorida Parijga yana kirib keldi: biroq yuz kunlikkina hukmronligi asnosida u qandaydir hujjatlarni o‘ylay olmasdi. Alqissa, uning omonat taxti yozdayoq kunpayakun bo‘ldi. Rim papasiga tag‘in jon kirdi va uning qirol huzuridagi yangi vakili Marino Marini Galileyga oid bayonnomalar masalasini qo‘zg‘ay boshladi. Saroy ishlari vaziri graf de Blak oradan xiyla vaqt o‘tgach, hujjatlar topilganini va Vatikanga qaytarilajagini ma’lum qildi. Lekin de Blak turli bahonalar bilan, masalan, qog‘ozlarni Lyudovik O‘n sakkizinchi shaxsan ko‘rayotganini aytib, ularni paysalga solib yurdi…

Bu va bu kabi tafsilotlar uzundan-uzoq. Shu sababli, o‘quvchini chalg‘itmay, so‘zimizga qayta qolamiz. Faqat ta’kidlash lozim: inkvizitsiyaga qarshi qaqshatqich va hal qiluvchi kurash bayroqdori Napoleon Bonapart edi.

 

AVLODLAR  DOVONI

Birodarkushlik va ota-bola urushlari.
Boburiylarning fojiona taqdiri.
Juvonmarg Napoleonzoda bilan o‘ynoqi raqqosa.
Dantes –
Pushkinning qotili esa-da, Napoleon Uchinchining do‘sti edi.
Qamaldagi Parijda it ham, mushuk ham qolgani yo‘q.
Bizga zamondosh shahzoda va malikalar.

Boburshoh olamdan o‘tganida o‘n sakkiz farzandidan sakkizi hayot edi: 1532 yili vafot etgan Mohim Begimdan – Humoyun Mirzo (1508–1556); Gulruh Begimdan – Komron Mirzo (1509–1557) va Askariy Mirzo (1512–1558); Ma’sumasulton Begimdan – Gulrang Begim, Gulchehra Begim, Hindol Mirzo (1518–1551) va Gulbadan Begim (1522–1603). Nomlari tilga olingan shahzodayu malikalar ko‘hna tarixning bezagi edilar.

Humoyun Mirzo padar amriga binoan ish tutdi. Biroq jigargo‘shalari bo‘ysunmaslik harakatiga tushib qoldilar. Askariy Mirzo bilan Yodgor Nosir Mirzo ikkov Agrani ko‘zlasa, Hindol Mirzo Dehlini qamalga oldi. Bu xabarlardan ichi qizigan Komron Mirzoda ham podshohlik da’vosi paydo bo‘ldi va qurollangan o‘n ikki ming suvoriy bilan Dehli fathiga otlandi…

Shahzodalar orasidagi ana shu noahillik va jiqqamushtdan yutgan kishi faqat Sherxon Sur bo‘ldi. Uning ikki to‘qnashuvdagi ustma-ust (1539, 1540) g‘alabasidan keyin Hindiston Boburiylar qo‘lidan chiqdi. Ana shu sababli Humoyun podshohning sargardonligi boshlanib, 1555 yildagina taxtni qayta egallay oldi. Bu orada Boburzodalar boshiga ne-ne yaxshi-yomon kunlar tushdi. Komron Mirzoning ko‘zlariga mil tortildi, Askariy Mirzo ikkov haj ziyoratiga jo‘natilib, Arabistonda qolib ketishdi. Panada payt poylagan qotil Hindol Mirzoni shahid etdi. Xullas, fitna-fasod va toj-taxt talashuvlaridan Boburzodalar qattiq shikast topdilar…

Nihoyat, Zahiriddin Muhammad Boburga vafo qilmagan toj-taxt Humoyunga ham vafo qilgani yo‘q. Padari fojiona halok bo‘lganda (1556) valiahd Akbar Mirzo 14 yashar edi. U bobosi va otasidan ko‘ra uzoqroq umr ko‘rib, payg‘ambar yoshida (1605) vafot etdi va yarim asr Hindiston hukmdori bo‘lib, Boburiylar sharafini ko‘kka ko‘tardi.

Akbarshohning buyukligi shundaki, u Panipatni ikkinchi bor Boburiylar zafarnomasiga kiritdi: o‘ttiz yil burun bobosi g‘alaba qozongan tarixiy janggohda asosiy g‘animi Xemuning katta qo‘shinini yengdi. Ta’kidlaymizki, o‘shanda u 15 yoshga ham to‘lgan emasdi. Akbar hukmronlikni shahd va shiddat bilan boshlab, 18 yoshidayoq bek atkasi Bayramxon izmidagi davlat tizginini o‘z qo‘liga oldi.

Akbarshoh davrida kemasozlik yuksak darajaga ko‘tarildi. Surat bandargohida qurilgan kemalarni portugaliyalik korchalonlar bajonudil sotib olishardi. U Fathpur-Sekriday ulug‘vor shaharni bunyod etdi: hamisha yangilikka intilgan podshoh Akbar bu yerda hamma narsani hisobga olgandi, faqat suv ta’minoti unutilgandi. Hozir uni sharpalar shahri desalar-da, Boburzodalar bunyodkorligining haykaliday jahon sayyohlarini imlab turibdi. Aslida Akbar qurgan me’moriy obidalarning sanog‘i yo‘q, ijod, tasviriy san’at (xususan, miniatyura) gullab-yashnadi, podshohning kutubxonasida 24 ming kitob bor edi.

Boburshohning yirik tilshunos ekani-ku ayon, ammo Akbarshohning tilshunoslik ilmi oldidagi xizmati ham kichkina emas. Akbar bir kun darboridagi donishmandlarga shunday savol beradi:

Basharti, chaqaloq tavallud topgan kuniyoq odamlardan mutlaqo ajratib, biror so‘z eshitishiga aslo imkon qoldirilmasa, u ulg‘aygach, qaysi tilda gapiradi?

– Olampanoh, – deyishadi allomalar, – hech kim o‘rgatmasinki, bari bir, har qanday inson otasi va onasining tilida so‘zlayveradi. Hind – hind tilida, nepallik – nepal tilida, eronlik – forscha gapiradi-da.

– Unaqa bo‘lmasa kerak, – deydi ishonmagan podshoh va maxsus farmoni bilan bir necha go‘dakni uning nazoratida parvarishlay boshlashadi. Bolalar uchun alohida joy hozirlanib, belgilangan murabbiylarning tili kesib olinadi. (Xonalarning kaliti Akbarshohning kissasida.)

Shu zaylda oradan yetti yil o‘tadi, ayni muddat mobaynida bolalar haligi murabbiylardan o‘zga kishini ko‘rmagan va bitta ham so‘z eshitgan emas. Taqiqlangan eshiklar ochiladi: yetti yashar norasidalar hamon tilga kirmabdi, imo-ishorani, ma’nosiz vag‘ir-vug‘urni biladi, xolos. Bu dahshatli tajriba rivoyat yo haqiqat ekanidan qat’iy nazar, “til – ijtimoiy hodisa” aqidasining amaliy isboti edi…

Akbarshoh 1605 yili qazo qildi, shahzoda Salim Nuriddin Muhammad Jahongirshoh nomi bilan taxtga chiqdi. U diniy siyosatda padari kabi bag‘rikeng emasdi. Bu hindlaru musulmonlarning ma’lum qismida norozilik uyg‘otdi, uning ustiga, podshohning valiahdi Xisrav Mirzo Panjobda qo‘zg‘olon boshladi. Ota-o‘g‘il muhorabasi isyonkor shahzodaning mag‘lubiyati bilan yakunlandi va Xisravning ko‘zlariga mil tortildi.

Jahongir zarbi zo‘r podshoh edi, 1614 yili Mevarni qo‘shib oldi, bir yildan keyin Kangra, so‘ngroq Kishtvar ham qo‘lga kirdi. Yevropaliklar Hindistondan tobora mo‘may boyliklarni istashardi. Ichki nizolar yoniga ular bilan to‘qnashuvlar ham qo‘shildi. Ayniqsa, portugaliyaliklar tajovuzidan Jahongirshoh floti ko‘p shikast yedi va podshoh inglizlar bilan inoqlashuv yo‘lini tutdi. Angliya qiroli Yakov Birinchining elchisi Tomas Ro uch yil (1615–1618) Jahongir saroyida turdi.

Bengaliya ham notinch: bu hudud Akbar zamonida egallangan bo‘lsa-da, Musoxon va Usmonxon rahnamoligidagi qurolli qo‘zg‘olonlarni (1608, 1612) bostirish xiyla qiyin kechdi. Yusufzaylar, sikhlar ham tek turishmasdi. Baribir, Jahongir davrida Boburiylar hududi kengaydi, toraygani yo‘q, uning qo‘shini 1621 yili Ahmadnagarni zabt etdi, Dekan hududidagi uchala davlat ham yirik miqdorda xiroj to‘lashni o‘z gardaniga oldi.

Boburiylar davlatida Gujarotning iqtisodiy salohiyati va taraqqiyoti yuksak darajada edi. Shunday yirik tujjorlar bo‘lardiki, masalan, Virja Boxrani Jahongirshoh zamonida dunyodagi eng badavlat odam hisoblashgan. Ahmadobod, Agra, Burhonpur, Golkonda va Dehlida yuzlab gumashtalar uning sarmoyasi bilan ish yuritardilar. Virja Boxra Gujarot-Malabar savdosi tizginini o‘z qo‘lida tutib, ajnabiy mollarning ustama narxini shaxsan o‘zi belgilardi.

Bu paytlarda shahzoda Xurram Mirzo Gujarot hokimi bo‘lib, Dekandagi g‘alabalar suyunchisiga Jahongir tomonidan unga Shohjahon nomi berilgandi. Hokim yigit Virja Boxra kabi boylardan undirilgan soliqlar evaziga Gujarotda yirik xazina va cherik to‘pladi-da, otasiga qarshi isyon ko‘tardi. U o‘gay onasi Nurjahon Begimning ta’siri ostida valiahdlik qo‘lidan ketishidan, Hindiston taxti yo Shahriyor, yo Dovarbaxshga (Xisravning o‘g‘li) qolishidan xavotirda edi. Ikki qo‘zg‘olon ham Shohjahonga zafar keltirgani yo‘q, g‘olib ota baribir o‘g‘lini kechirdi, ammo Gujarot hokimligi o‘rniga Dekandan kichik bir hudud tasarrufini berdi…

Saroy musavviri Abulhasan chizgan Jahongirshoh portreti bor: qay bir chizgilari biz bilgan Bobur siymosini eslatadi, farishtali va shohona suratidan qudrat to‘la siyrati ham namoyon. U saroyidan Jamna sohiligacha yetadigan “Adolat zanjiri” bog‘latdi, 30 gaz uzunlikdagi oltin zanjirni ehtiyojmand fuqaro tortsa, 30 juft tilla qo‘ng‘iroq jaranglardi va uning arzi podshohga yetardi. Tamg‘a, mir bahri soliqlari, mahkumlarning quloq va burunlarini kesish jazolari Jahongir zamonida bekor qilingan.

Hindiston tarixida yangi-yangi sahifalar ochib, Boburiylar solnomasiga o‘z dastxatini bitgan Jahongirshoh 1627 yilning oktyabrida olamdan o‘tdi va 1628 yil boshida Shohjahon ota taxtiga o‘tirdi. Tarixiy adolat yuzasidan aytish zarurki, bunga qadar bir necha da’vogar, jumladan, Shahriyor va Dovarbaxsh o‘z boshidan ayrildi.

Boburiylar darbori Shohjahon zamonigacha bunchalar hashamatni ham, bunyodkorlikni ham ko‘rgan emasdi. Hindiston podshohlari silsilasida armiyasi mukammal va ko‘p sonli Boburzodalardan biri ham Shohjahon edi. Lekin uning saltanat surishi yengil-elpi ko‘chgani yo‘q: avvalo, bobosi va otasining qilichi ostida bo‘yin egib, endilikda sarkashlik yo‘lini tutayotgan mahalliy rojalarni bo‘ysundirishni uddaladi. Chunonchi, Dekan qayta fath etilgach, hokimlikka o‘g‘li Avrangzebni qo‘ydi. Shuning ustiga Portugaliya interventsiyasi tag‘in xurujga keldi. Ayniqsa, Bengaliyaga mustahkam o‘rnashib olgan portugallar Shohjahonning fuqarolariga jabr-zulmni haddan oshirib yuborishgandi. Masalan, haligacha hech zamonda ko‘rilmagan tamaki solig‘ini o‘shalar joriy etishdi, hindular va musulmonlarni majburan cho‘qintirish, masjid va ibodatxonalarni tahqirlash, shahar-qishloqlarga talonchilik uyushtirish, qo‘lga olinganlarni Yevropa qul bozorlarida sotish… Bu bedodliklarga mazlum xalq ham, Hindiston podshohi ham ortiq toqat qilolmasdi. Uning qo‘shini Xugli shahrini portugallardan ozod qilib, to‘rt ming dushmanni asir oldi. Asirlar Agraga olib kelindi va Shohjahon zo‘ravonlik bilan nasroniylikni tiqishtirayotgan portugaliyaliklardan ularning o‘z usuli bilan o‘ch oldi:

– Yo hammang islomni qabul qilasan, yo hammang qatl etilasan!..

Tarix asrlar bo‘yi shohidki, Bobur avlodlari faqat fotih va sarkarda emas, islohotchi, yaratuvchi va me’mor bo‘lib o‘tishdi. Xususan, Hindistonning shimoli va hozirgi Pokistonda ular tiklagan obidalarning sanog‘i yo‘q. Masjidlar, madrasalar, qal’alar, shaharlar, anhorlar… Loaqal Qizil Qal’a – La’l Qal’a va Tojmahal maqbarasini eslaylik: bu mo‘jizaviy inshootlar haqida kitoblar yozilgan, ikkovi Hindistonning faxrigina bo‘lmay, milliy ramziga aylanib ketgan.

Voqealarni ildamlatib, 1947 yilga kelamiz va Hindiston istiq­lolining ilk kuniga nazar solamiz. Buyuk Britaniya qirollik hukumatida Hindistonni ikkiga bo‘lish va ikkoviga dominion huquqini berish haqidagi deklaratsiya (1947 yil 3 iyun) imzolangach ham, Londonda bahslar davom etaverdi. Nihoyat, avgustning ilk kunlarida parlament mazkur hujjatni tasdiqladi va u “Mauntbetten rejasi” nomini oldi. (Chunki, uni amalga oshirish Hindiston vitse-qiroli L. Mauntbetten zimmasiga yuklatilgandi.) Yangi qonun 15 avgustdan kuchga kirdi va Javoharla’l Neru xuddi o‘sha kuni La’l Qal’ada Hindiston milliy bayrog‘ini ko‘tardi. Bu koshona Shohjahondan yodgorlik edi va Hindiston mustaqilligi aynan Akbarshoh boshlagan va uch yarim asr davom etgan tarixiy kurashning adolatli xotimasi bo‘lgandi…

Sohibqironi Soniy – Shohjahon qartayib borardi, 64 yoshida (1656) unga og‘ir dard yopishib, ancha vaqt to‘shakka mixlanib qoldi. Soppa-sog‘ padariga qarshi qo‘shin tortishdan uyalmaydigan shahzodalarga mo‘ysafid otaning xastaligi ayni muddao ediki, Temur avlodidagi kasal (Oybek ta’rifi) Sohibqironi Soniy saroyida “qaytavulladi”. Avrangzebning toj-taxti og‘a-inilari qoniga belandi. Avrangzeb Olamgir 1658 yili Hindiston tojini kiydi va Shohjahonday qiblagohini zindonband etdi…

Yarim asr hukmronlik qilgan Avrangzeb shaxsi o‘ta murakkab: uni ko‘klarga ko‘tarmoq uchun istagancha fazilat topsa bo‘ladi, ayni chog‘da qusur va illatlari ham bor. Avrangzeb davrida Boburiylar saltanati shu darajada kengaydiki, ungacha va undan keyin hech bir Hindiston podshohi bunchalar yirik hududni qalamraviga olgan emas. Qandahordan tashqari afg‘on yerlari, hozirgi Pokiston va Bangladesh, shimolda Kashmirdan to janubiy Hindistondagi Pennar va Tungabxarda daryosi yoqalarigacha – hammasi Avrangzeb Olamgir qo‘lida edi. Armiyasidagi suvoriy askarlar soni 170 mingdan oshib ketgandi. Tabiiyki, Avrangzeb bunga temir intizom, qattiqqo‘llik va baquvvat xazina bilan erishgandi.

U 1707 yili bir kam to‘qson yoshda bo‘lib, hamon qilich qo‘lida, arg‘umoq ostida: navbatdagi harbiy yurishni yakunlab, Burhonpurga qaytardi. (Avrangzeb poytaxtni bu shaharga 1681 yilda ko‘chirgan.) Yo‘lda mo‘ysafid podshohning tobi qochdi, bir amallab Ahmadnagarga yetkazdilar, lekin kun-soati bitgan ekan…

Ammo, Zebunniso Begimning (1639–1702) bokira ismi eslanmas ekan, nafaqat Avrangzeb Olamgirning, balki butun Boburiylar sulolasining tarixi kemtik bo‘lib qoladi. Shoiraning onasi Dilrasbonu bo‘lib, Boburning qizi Gulbadan Begim uning katta momosidir. Avrangzeb undagi noyob iste’dodni payqab, Mullo Muhammad Ashraf Isfaxoniyni murabbiy qilib tayinlagan. Shuningdek, u Hafiza Maryam Bonu va Mullo Javondan ham ta’lim olgan. “O‘zbek shoiralari” asarida To‘xtasin Jalolov yozadi:

Zebunniso Begimning hayot yo‘li romantik bir qissadir. Husnu latofat va fazlu malohatda benazir malikaga munosib umr yo‘ldoshi nasib etmagan. Begimdan so‘rabdilar:

– Oila qursangiz bo‘lmasmikan?

Javob:

– Mening erim ham, baxtim ham, hatto jannatim ham kitobdir!

Zebunnisoning Oqilxon Roziy degan yigitga muhabbat qo‘ygani haqida rivoyat bor, lekin oshiqni yoshligidayoq o‘ldirib yuborishgan…

…Malika Zebunnisoning mungli va davomli qissasini muxtasar qilib[7], Boburiy podshohlarning keyingi tarixiga qayta qolamiz. Avrangzeb Olamgirdan so‘ng sulolaning zafarli yurishlari avvalgiday davom etgani yo‘q. Taassufki, Boburiylar saroyida toj-taxt talashuvi nihoyatda avjiga chiqdi, hamjihatlik chekindi. Boburshoh vafotidan so‘ng 177 yil (1530–1707) davomida beshta podshoh o‘tdi: Humoyun (1530–1556), Akbar (1556–1605), Jahongir (1605–1627), Shohjahon (1627–1658), Avrangzeb (1658–1707). Ular juda katta hududni birlashtirib, davlat boshqaruvini mukammal holga keltirgandilar. Ana undan keyingi bir yarim asr (1707–1858) ichida Boburdan meros tabarruk taxtga sohibu da’vogarlar son-sanoqsiz. Hindistonga necha kun, necha oy podshohlik qilganlar bo‘ldi, esizki, qanchalab Boburzodalarning boshi kesildi. Yevropaliklar tajovuzi ham ulug‘ imperiyani yemiruvchi asosiy omilga aylanib, inqirozni jadallatdi…

Ost-Indiya kompaniyasi Boburiylar imperiyasining, umuman, Hindiston mustaqilligining kushandasi bo‘lgandi. Kompaniya avvalboshda savdo tashkiloti maqomidagi xususiy muassasa bo‘lib, bora-bora harbiy-siyosiy va ma’muriy apparatga aylandi, Hindistondagi monopolistik faoliyati ikki yarim asrdan ortiq (1600–1858) davom etdi. Ang­liya parlamenti qabul qilgan qator me’yoriy hujjatlarda (1773, 1784, 1813, 1833, 1853) Ost-Indiyaning vakolatlari belgilab berilgan. Kompaniya 1858 yili tugatilib, paychilarga (3 million funt-sterling) ulush to‘landi. Endi Hindistonni boshqarish Londondagi alohida vazirning va Kalkuttadagi (keyinchalik Dehlidagi) vitse-qirolining vakolatiga o‘tdi…

1773 yildagi nizomga binoan Angliya parlamenti general-gubernatorni va uning to‘rt maslahatchisini tayinlaydigan bo‘ldi. Uorren Xeystings (1732–1818) Hindistonning birinchi general-gubernatori edi. U 1750 yildan buyon Ost-Indiya xizmatida bo‘lib, 11 yil Kalkutta va Madrasda kolonial kengash a’zoligiga, 1772 yili Bengaliya gubernatorligiga tayinlandi va so‘ngroq mamlakat general-gubernatori sifatida 11 yil ishladi. Xeystings Hindistondagi uzoq faoliyati davomida ikki marta sudlandi va har ikkisida ham suvdan quruq chiqdi.

Xeystings (Bengaliya gubernatori bo‘lgan chog‘i) Shoholamning nafaqasini batamom to‘xtatdi, ustiga-ustak Hindiston podshohi izmidagi Kora bilan Allohobodni Audh rojasiga 50 lakka (besh million rupiya) sotib yubordi. Oradan o‘ttiz yil o‘tib, ingliz kolonial ma’muriyati yangilangachgina, Shoholam ularning esiga tushib qoldi: pensiyasini tiklab, go‘yo Dehli taxtini ham qaytarib berdilar. Biroq ko‘zlariga Amirxon Roxill mil torttirgan so‘qir va keksa podshohning hukmi Qizil Qal’adan tashqarida o‘tmasdi. Keyinroq, Akbar Ikkinchi (1806–1837) davrida Dehli ham batamom angliyalik general-gubernator ixtiyoriga o‘tib ketdi. So‘nggi Boburiy podshoh Bahodirshoh Ikkinchi qo‘lida faqat o‘sha La’l Qal’a qolgandi (bu haqda bobning nihoyasida to‘xtalamiz.)

Alqissa, Bobur podshoh bunyod etgan imperiya xomtalash qilinaverdi: mahalliy rojalarga, Eron podshohi va afg‘on qabilalariga, ingliz va frantsuzlarga, portugal va gollandlarga – hammasiga Hindistondan moyli o‘lja kerak. Ularga qarshi maydondorlik qila oluvchi Akbarshohday, Avrangzeb Olamgirday podshohlar qani?..

Bil’aks, Avrangzebning evarasi Farrux Siyar 1717 yiliyoq qirqqa yaqin shahar-qishloqni Ost-Indiyaga xatlab bergan. Maxsus farmon imzolab, ingliz tovarlarini bojxona chiqimidan ozod qildiki, o‘z xazinasi naqd 3 million rupiya yillik daromaddan mahrum bo‘ldi. Avrangzebning uchinchi o‘g‘li Azimushsha’n esa Xugli daryosining chap sohilidan Ost-Indiyaga yer ajratib, bepul berib yuborgan. Inglizlar bu joyga Uilyam fortini qurdi…

Markazlashgan Hindistonga asos solgan Boburiylarning davlat boshqaruvi xalqchil bo‘lib, davr sinovidan o‘tgan edi. Eng muhim jihati shuki, mamlakat boyliklarini Bobur avlodlari hech qayoqqa tashib-tashmalagan emas. Akbar zamonidanoq hindu-musulmon diniy jihatdan teng tutilardi. (Avrangzebgina bundan mustasno.) Qolaversa, Hindiston podshohlari tabiiy ofat bo‘lsa, yoki narx-navo keskin tushib ketsa, soliqlarni kamaytirishar yo zamindorlarga davlat xazinasidan ko‘mak berar edi.

Angliyalik mustamlaka ma’murlarining siyosati esa mutlaqo bo‘lakcha: qat’iy miqdordagi to‘lov albatta undiriladi, hech qachon, hech kimga imtiyoz yo‘q. Alalxusus, dehqonni iqtisodiy asoratga soluvchi rayyatvari va mavzavar usullari hatto yirik feodallarga ham malol kelardi. Negaki, bu asrlar davomida Boburiylar takomillashtirgan yer-suv egaligi tizimiga zid edi.

Sanoat va hunarmandchilikdagi sharoitlar ham og‘irlashdi. Birgina misol: ilgari Hindiston gazmollarini oladigan ingliz tujjorlari keyin faqat ipga xaridor bo‘lib qoldilar. Natijada, hind to‘qimachiligi, alalxusus, Banoras (Varanasi) harir matolari kasodga uchradi. Inglizlar Kalkutta kemasozligiga ham xalaqit bera boshladilar. Muxtasar aytganda, asoratga solingan Hindiston xalqi chekayotgan azob-uqubatlar adoqsiz…

Kolonial hokimiyatning xalqqa qarshi kurashida asosiy kuch sipohiylar armiyasi edi. Bu ingliz-hind qo‘shini 1830 yili 223,5 ming kishiga yetdi. Dastlab shaxsiy tarkib 1:6 nisbatida, ya’ni bir angliyalik va olti hindistonlik tartibida tuzilardi. Keyinchalik (1861–1864 yildagi harbiy islohotdan so‘ng) 1:2 va 1:3 nisbati o‘rnatildi.

Buyuk Britaniyaning Hindistondagi qurolli kuchlari xalq qo‘zg‘oloni arafasida 270 mingdan oshdi: qirq mingi angliyalik, 230 mingdan ziyodrog‘i sipohiylar. Ular uch okrugga bo‘linib (Bengaliya, Bombey, Mad­ras), harbiy-strategik, jangovar-texnik jihatdan Bengaliya armiyasi mustamlaka rahbariyatining bosh tayanchi edi, u soni bo‘yicha ham (128 ming) ustun turardi. Mahalliy askarlarning oylik maoshi 7000 rupiya bo‘lib, u turmush kechirishga bemalol yetsa-da, sipohiylar safidagi oz sonli hind va musulmon zobitlarining eng “yuksak” unvoni faqat subador (kapitan) noil edi, pogoniga bundan ortiq nishon berilmasdi.

Ana shunda Hindiston xalq qo‘zg‘oloni (inglizlar sipohiylar isyoni deb yozishadi) boshlandi. Uning markazi Panjob va Bengaliya orasida bo‘lib, qo‘zg‘olonning qurolli o‘zagini hindistonlik askarlar tashkil etardi.

Merath shahridagi harbiy baza angliyaliklar uchun o‘ta strategik ahamiyatli hisoblanib, xalq qo‘zg‘oloniga aynan shu yerda “gugurt chaqildi”. 1857 yil 10 may kuni Bengaliya piyoda sipohiylari tarkibidagi 11, 20-polklar va 3-engil suvoriylar polki bosh ko‘tardi. Isyonchilar britaniyalik zobitlar qarshiligiga parvo qilmadilar, aksincha, ularga qarata o‘t ochdilar. Yevropaliklar amridan bo‘yin tovlaganlar dastavval hech qancha emasdi: 85 kishi, xolos. Qo‘mondonlik o‘z vaqtida ehtiyot chorasini ko‘rmagani va murosa yo‘lini tutmagani tufayli norozilik qurolli mojaroga aylanib ketdi. Sipohiylar qamoqxonalardagi mingga yaqin begunoh mahbusni ozod etishdi.

Qo‘zg‘olon uchun vaziyat yetilgan bo‘lsa-da, bahona topilmay turgandi. O‘sha bahonani inglizlarning o‘zlari topib berdi. Londondan keltirilgan zamonaviy “Enfild” miltiqlarining quvuri va o‘qining qog‘oz qobig‘i hayvon yog‘i bilan moylanardi. Muammo buning uchun qo‘llanadigan cho‘chqa va mol yog‘idan chiqadi: musulmonlarga – cho‘chqa harom, hindlar uchun – sigir muqaddas. Mahalliy askarlarning vakillari buni tushuntirmoqchi bo‘lsalar, yevropalik komandirlar harbiy intizomni mahkam tutib, yon berishmasdi.

Inglizlar keyin tushunganday ham bo‘lishdi, lekin g‘isht qolipdan ko‘chib, endi qo‘zg‘olonchilar Boburiy podshoh saroyi sari ketib borardi. Ularga yo‘l-yo‘lakay hindu musulmonlar va Dehlidagi quroldoshlari ham qo‘shildilar. Qo‘zg‘olonchilar minba’d mustamlakachilarga bo‘ysun­masliklari  va Hindistonda Boburiylar saltanati tiklanganini e’lon qilishdi. Sipohiylar va mulkdorlarning vakillari Qizil Qal’aga kirib, Bahodirshoh Zafarga arzlarini yetkazishdi. Yigirma yildan beri nomiga Hindiston podshohi bo‘lsa-da, inglizlar pensiyasi bilan kun kechiruvchi va amru farmoni devor ortida birovga o‘tmaydigan Sirojiddin Abulmuzaffar Muhammad Bahodirshoh shunday kunni orziqib kutgan emasmidi? U Hindistonni ozod qilish haqidagi qo‘zg‘olonchilar da’vatnomasiga imzo qo‘ydi, muhrini bosdi.[8] Asosiy kuchlar uch shaharda (Dehli, Konpur, Lakhnav) jamlangandi. Dehlida hokimiyat yagona bo‘lmasa-da, oliy hokimiyat Bahodirshoh qo‘lida edi, faqat shahar sipohiylari qo‘mondonligini Baxtxon o‘z zimmasiga oldi. Shiddat shunchalarki, vatanparvarlar ikki haftadayoq Shimoliy Hindistonni to‘liq egallashdi. Ammo ikki yarim yilda bari barbod bo‘ldi.

Ham fors, ham urdu tillarida ijod etgan Bahodirshoh Ikkinchi Zafar (goho Abu Zafar) taxallusini qo‘llardi. Mirzo G‘olib[9] uning qator g‘azallariga muxammas bog‘lagan. Ana shunday muxammaslardan biri vatanjudolikda ko‘z yumgan podshohning vafotiga o‘ziga xos marsiya bo‘lib, uning muqaddimasi ayniqsa ezgindir:

Yarim qoldi oyog‘ingga ishqalangach kishan-zanjir,
Endi yo‘qsan, yarim bitgan sag‘onangga kerak ta’mir,
Namozing ham yarim qoldi, yarim-yorti duo-takbir,
Toki mahshar yig‘lab yashar qindan yarim chiqqan shamshir,
Yarim joning qolib bunda, yarim joning oldi taqdir…    

Mustamlakachilar qo‘zg‘olonchilardan bearmon o‘ch olib, eng shafqatsiz usullarni qo‘llashdi. Xalq harakatining yetakchilarini zambarakning og‘ziga bog‘lab otdilar. Bahodirshohning asirlikdagi ikki o‘g‘li va bir nabirasi qatl etildi. Mayor Uilyam Xodson uchovining ham qonli kallasini podshohga (navro‘z tuhfasi qilib) jo‘natgan ekan.

– Allohimga shukurki, – deydi oppoq soqolidan duvillab yosh oqayotgan Bahodirshoh, – Temuriy shahzodalar hamisha otalaridan burun, Mahshar sari yo‘lga tushardilar, mana, mening jigargo‘shalarim ham shu udumga sodiq qoldilar…

Hind xalq qo‘zg‘olonidan britaniyaliklar xulosasi: Boburiy podshoh munkillab qolgan bo‘lsa-da, ommaning boshini qovushtirdi va olg‘a yetakladi. Demak, sulolaga va uning saltanatiga uzil-kesil barham berish zarur, Bahodirshohni Hindistondan olislatib, bosgan har bir qadamini kuzatmoq lozim. Mustamlaka ma’muriyatiga surgun manzili sifatida Rangun juda bop ko‘rindi. Tribunal hukmi bilan 1858 yilda Bahodirshoh Birmaga quvildi, ingliz harbiy kemasi so‘nggi Boburiy podshohni Rangunga olib borib tashladi.

Taxtu baxti tortib olingan, eng so‘nggi kurashda zafar nasib etmagan Bahodirshoh Zafarning yonida malikayi oliya Ziynat Mahal Begim va ikki o‘g‘li birga edi: 17 yashar Mirzo Javon Baxt (xotini 15 yoshli malika Shoh Zamoni Begim bilan) va 13 yashar shahzoda Mirzo Shoh Abbos. Ular muttasil kapitan Nelson Devis kuzatuvida: ana shu nozirning qaroriga binoan podshoh oilasiga har biri katalakday to‘rtta xona ajratilib, hindlardan to‘rt xizmatkor tayinlandi. Tartib-qoidaning qamoqxonadan farqi yo‘q, shunchalikki, mahkumlarga qalam, siyoh, qog‘oz berish mumkin emas, tashqi dunyo bilan aloqa taqiqlanadi. Vaholonki, Zafar (Abu Zafar) ulug‘ shoir edi, tasavvuf ilmidan teran bilim egasi va qilqalam xattot ekanini hamma tan olardi. Qizil Qal’adagi she’riy-musiqiy anjumanlarning, hindiy, forsiy va urdu tillarida kechadigan mushoiralarning dong‘i dovon oshgandi. Axir, shunday kishiga qog‘oz-qalam zarur emasmi?!

Rangundagi zulm ostida podshohzodalarning, avvalo, to‘qsonni qoralayotgan podshohning salomatligi yomonlashaverdi. Yoshgina malika Shoh Zamoni Begimning ahvoli og‘irlashib, axiyri, ikkala ko‘zi ko‘rmay qolgandi.

Ingliz ma’murlarining bir xufiyanomasida 87 yoshli chol nihoyatda munkillab, holdan toyib bo‘lgani bitilgan. 1862 yil oktyabr oyining so‘nggi kunlarida u to‘shakka mixlanib qolgach, kapitan Devis: “bu yoqqa qarashi dargumon”, deb yozadi. Qo‘l-oyog‘i harakatsiz podshohni qoshiqda ovqatlantirishardi, lekin shunda ham qiyinchilik bilan yuta olardi. Oltinchi noyabr kuni Bahodirshohning tomog‘idan taom o‘tmay qoldi va nozir-kapitanning buyrug‘i bilan podshoh yotgan uyning yonidan qabr kavlanib, g‘isht va ohakkacha hozirlab qo‘yildi.

Ertasiga (1862 yil 7 noyabr) Hindistonning so‘nggi imperatori olamdan o‘tdi. Uning janozasida ikki o‘g‘li va surgunda kulfatdosh mulozimlar bo‘lishdi, xolos. Angliyaliklar Bahodirshohning vafotini sir tutdilar, Rangun ahli ham undan necha kunlar o‘tgachgina xabar topdi.

Mustamlakachilar 1867 yili Boburiylarga “shafqat qilib”, oz-moz yengilliklar berishdi. Ularga Rangun hududidan chiqmagan holda, shaharning boshqa yerlarida yashashga ruxsat tegdi. Shahzoda Javon Baxt rafiqasi bilan bo‘lak xonadonga ko‘chib o‘tdi. Marhum podshohning bevasi malikayi oliya Ziynat Mahal Begim eridan so‘ng 20 yil yashadi. U vafot etganida (1882) Bahodirshohning qabrini topa olmadilar.[10] Mo‘jaz hovlidagi bir daraxtni mo‘ljal qilib, podshohning shu yerga ko‘milgani tusmollandi-da, marhumani erining yoniga dafn etishdi. Ikki yildan so‘ng qirq ikki yoshga ham to‘lmagan shahzoda Javon Baxt olamdan o‘tdi. Uni ham o‘sha joyga qo‘ydilar. Ravnaq Zamoni Begim (Bahodirshohning nabirasi) bu hovlidagi oxirgi qabrdan mangu qo‘nim topdi. Shuni ham qo‘shimcha qilish mumkinki, surgundagi Boburzodalardan Mirzo Shoh Abbosgina uzoqroq yashadi. U Rangunda mahalliy musulmon tujjorning qiziga uylanib, 65 yoshida qazo qildi…[11]

Bir guruh hindistonliklar 1903 yili Bahodirshohning qabrini ziyorat qilish uchun Rangunga borishadi. Biroq oradan qariyb yarim asr o‘tgandi, nafaqat podshoh, hatto Ziynat Mahal Begim va shahzodayu malikalar yotgan joyni ham hech kim aniq ko‘rsatib berolmadi. Maydon chetidagi daraxtning yon-verida ekani aytilardi, xolos.

Ana shu fojia birmalik musulmonlar jamoasining ko‘zini ochadi. Ular hindistonlik dindoshlari oldida izza tortib, Buyuk Britaniyaning mahalliy ma’muriyatiga yozma ravishda murojaat qiladilar:

“Mayli, Bahodirshoh hukmdor va tarixiy siymo sifatida hech kim bo‘lmasin, lekin Alloh yaratgan har bir bandaning xotirasi e’zozga loyiq-ku!”

Ular Hindistonning so‘nggi imperatoriga yodgorlik tiklash uchun yer ajratishni so‘rashdi. Biroq inglizlar bu haqli talabni rad qildilar, natijada birmalik musulmonlar orasida norozilik boshlandi va tobora avj olaverdi. Vaziyat murakkablashgach, kolonial hokimiyat murosa yo‘lini tutishga majbur bo‘ldi: marmar lavhaga ijozat etildi. Lekin yoziladigan jumlani o‘zlari belgilashdi: Hindistonning sobiq podshohi Bahodirshoh 1862 yil 7 noyabr kuni Rangunda vafot etdi va mazkur hududga dafn qilindi. Keyinchalik Ziynat Mahal Begim uchun ham yozuvli toshtaxta qo‘yildi. Bora-bora Boburiylarning mangu oromgohida maqbara qad rostladi, Bahodirshohning o‘g‘li Mirzo Javon Baxt, nabirasi Ravnaq Zamoni Begim va boshqalarning nomlari ham marmarga bitildi. Maqbaraning o‘ng va chap yoniga ikki masjid qurildi: biri – erkaklar, boshqasi – ayollar uchun.

Nihoyat, yigirmanchi asr oxirladi: Rangun yerosti zaxoba shahobchasini tozalash chog‘i g‘ishtin qabr topildi. Uzunligi 2,75, eni 1,85 va balandligi 2,15 metr o‘lchamidagi bu qurilma bir metr chuqurlikda bo‘lib, Bahodirshohning qabri edi. Maqbaraning old tomoniga zal va marhum podshoh ziyoratiga tushish uchun pillapoyalar qurildi. Hindiston hukumatining faol ishtirokida bunyodga kelgan yangi majmua 1994 yil 5 dekabr kuni tantanali marosim va qorilar tilovati bilan ochildi. Unda Myanma (Birma) harbiy hukumatining din ishlari bo‘yicha vaziri Mo Nyun, Hindiston, Pokiston va boshqa joylarda yashayotgan boburiylar, islom jamoalarining vakillari qatnashdilar. Ana shu kuni yangilangan maqbara qadamjo bo‘lib qolajagi rasman e’lon qilindi. Devordagi arabiy bitiklardan biridagi mazmunga ko‘ra, Bahodirshoh ash’orlari bilangina emas, avvalo, poydor irodasi, sobirligi, marhamati, halimligi va oxiratni chuqur his etolgani uchun tasavvuf allomalaridan biri sifatida Birma musulmonlariga hamisha azizu mukarramdir…

Dehlidagi Mughal Trust (yana mo‘g‘ul!) jamg‘armasi nufuzli va boobro‘ tashkilotlardan bo‘lib, islomiy allomalar va biznes egalari tomonidan ta’sis etilgan. Jamg‘armaning keng ko‘lamli dastur va maqsadlari tahsinga loyiq: 16-19-asrlarda Hindistonda hukmronlik qilgan ulug‘ sulolaning faoliyatini o‘rganish, podshohlarning bugungi avlodlarini qidirib topish, Bahodirshoh Zafarning qabrini ota-bobolari vatani, ya’ni Hindistonga ko‘chirish, umuman, Boburiylar haqidagi tarixiy haqiqatni bor bo‘y-basti bilan tiklash… Hozirgacha jamg‘arma olimlarining sa’y-harakati bilan sulolaning 270 dan ortiq vakili aniqlangan.

Bahodirshoh nikohidagi malikalarning yana ikkisi ma’lum: Rohat Mahal Begim (Abdullo Mirzo bilan Abubakr Mirzoning onasi) va Ishrat Mahal Begim – Mirzo Quyoshning volidasi. Ana shu Mirzo Quyoshdan Mirzo G‘afurning otasi, Laylo Ummaxonimning bobosi Mirzo Abdullo tug‘ilgan.

Laylo Ummaxonim – bizga zamondosh, “Hindistonda Boburiylar oilasi” (Haydarobod) jamiyatining raisasi, Boburzodalardan to‘rt o‘g‘il – Ziyoviddin, Masihuddin, Orifiddin (1986 yili Mashhadda halok bo‘lgan) va Shajouddinning onasi.

Boburning bizga zamondosh avlodlaridan opa-singil ikki xonimni eslab o‘tishga burchlimiz. Tohira Sultonbegim London shahrida yashaydi. Bu iqtidorli shoiraning urdu tilidagi she’riy to‘plami Zokirjon Mashrabov tomonidan Andijonga olib kelingan. Kitobni Z.Mashrabov boshliq ekspeditsiya Hindistonda bo‘lgan chog‘i shoiraning Dehlida istiqomat qiluvchi singlisi Pokiza Sultonbegim hadya etadi. Bu opa-singil Bahodirshoh Zafarning chevarasi bo‘lishadi – onalari Qamarjahon Zebunnisobegim Bahodirshohning evarasi ekan.

Ma’lumki, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi Hindis­tonga uch marta (1961, 1983, 1997) tashrif buyurgan. U ilk tashrifi chog‘i eri shahzoda Filipp bilan Bombay, Chennai, Kalkutta shaharlarida bo‘lgan va mamlakatning iftixori va ramzi bo‘lgan Toj Mahalni ziyorat qilgan. Qirolicha hazrati oliyalari o‘shanda bugungi Boburiylar haqida xabar topadi-da, Qamarjahon Zebunnisobegimni tantanali qabul marosimiga taklif qiladi. Bu ham sharofatli avlod uchun tarixiy voqea edi, albatta.

Xonadon ahli Hindiston hukumati tomonidan yo‘qlab turiladi. Darvoqe, ikki buyuk arbob – Javoharla’l Neru va Indira Gandi ham bu xonadonga qadam ranjida qilishgan…

Endilikda podshoh Bahodirshoh Ikkinchi hazrati oliylarining Rangundagi turbati sari Hindiston va Pokistonlik ziyoratchilarning qadami uzilmaydi, bu ikki davlatning arboblari ham borib turishadi.

Boburiylarsiz Hindiston tarixini xayol etib bo‘lmagani kabi, Hindiston jug‘rofiyasi ham Boburiy toponimlarsiz tasavvurga sig‘maydi. Avvalidan boshlasak, Xaryana shtatidagi Boburpur shaharchasi: u sarkarda bobomizning Ibrohim Lo‘diy ustidan qozongan benazir g‘alabasini besh asrdan beri ham eslatib, ham olqishlab turibdi. Nafsilamrini aytganda, yarim orolning qay hududida bu umrboqiy sulolaning izi yo‘q?

Dehlidagi doimo gavjum, sayyohlar tashrifi tinmaydigan va mahobatli obidalar asosan 16-18-asrlarda bunyod etilgan: La’l Qal’a (Qizil Qal’a), mashhur Jome masjidi, Purona Qal’a, Humoyunshoh maqbarasi… Bugina emas, uch dahadan iborat shaharning shimoli-sharqiy mavzesi – Eski Dehlini hindlar Shohjahonobod atashadi. Negaki, u (1648) poytaxt­ni Dehliga ko‘chirib, mislsiz qurilish va obodonlashtirish ishlarini yuzaga chiqargan. Shuningdek, Uttar-Pradesh shtatida ham Shohjahonpur shahri bor, Jahonobod esa Patnadan 80 kilometr janubroqda.

Taniqli urdu shoiri Nazir Akbarobodiy (1740–1830) Akbarshoh kabi diniy bag‘rikenglik va tenglik kuychisi bo‘lib, xuddi o‘sha Akbarobodda tavallud topgan. Avrangobod degan joy esa bir emas, ikkita: birinchisi – Maxarashtra shtatida, boshqasi – Bixarda. Maxarashtrada qachonlardir sohibi taxt bo‘lgan Fotihxon shaharni Fotihnagar deb atashni buyurgandi, 17-asrning oxiridan Avrangobod nomini olgan. Dekan adabiy muhitida alohida o‘rin tutuvchi va urduzabon she’riyatining yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shgan Vali Avrangobodiy shu shaharda tug‘ilgan. Avrangobodda 17-18-asrlarda qurilgan quvurli suv tarmog‘i Boburiylar davri muhandislik san’atining noyob obidasi bo‘lib, shunisi ajabki, u hozir ham shahar ahlining koriga yaramoqda. Quvurning dahana boshidagi suv tindirgichda (uni “osma hovuz” deyishadi) tilla baliqlar tinimsiz o‘ynoqlaydi. Rivoyatga ko‘ra, ularni Avrangzeb Olamgir o‘z qo‘li bilan ko‘paytirgan ekan, shu bois, bu jonivorlarni tabarruk deb biladilar, ularga hech kim ozor bermaydi.

Kezi kelganida bir tarixiy haqiqatni ham eslash joiz: yorining yodiga mahobatli yodgorlik baxshida etgan Avrangzeb Olamgir o‘zi dunyodan o‘tgach, dabdaba qilmaslikni buyurgan ekan. Darhaqiqat, shon-shavkati beqiyos bu shohning Xuldoboddagi qabrtoshi zeb-ziynatdan xoli, bitik­lari odmigina:

“Huval hayyul qayyum. Abulmuzaffar Muhiyyiddin Muhammad Avrangzeb Bahodir Olamgir Podshohi G‘oziyi jannatmakon. Tavallud – sanayi 1027, julus – sanayi 1068, vafot – sanayi 1118”.

Bir paytlar Patna shahri Azimobod atalgan. Buning sababkori Avrangzebning o‘g‘li shahzoda Azimushsha’n edi… Xullas, Hindistonda (Pokiston, Bangladesh, Afg‘onistonda ham) Bobur va uning avlodlari ismi bilan ataluvchi joy nomlari, shahar-qishloqlar, ko‘chalar, maydonlar beadad.

Hindiston yarimorolida Boburiylar nomini abadiylashtirish haqida hukumatning rasmiy hujjati bor-yo‘qligi xususida muayyan gap aytish qiyin. Lekin Boburiy podshohlar hind va urdu adabiyotining (folklorning ham) yetakchi personajlariga aylanib ketishgan. Nobel mukofotining Osiyodagi birinchi laureati Robindranat Thokurning qator asarlari, jumladan, “Shohjahon” balladasi, “Tojmahal” she’ri ana shu mavzuda:

Amri vojib shohsan, Shohjahon hazrat,
Valekin qismating ko‘z yoshu hasrat.
Go‘yo bir hofizdir oppoq ul marmar,
Qo‘shig‘i hijrondan unsiz ming xabar.
Asrdan-asrga, yillardan-yilga,
Tarqatar gulvafo bo‘yin har dilga.
“Mumtozim” deb o‘tding, o‘tding Shohjahon,
Sen uchun yig‘layman, yig‘layman giryon.
R. Thokur, “Shohjahon”.

 

* * *

Bir finjon qahva uchun loaqal chaqasi bo‘lmagan, yupun ust-boshining cho‘ntaklarida shamol o‘ynaydigan korsikalik yigitchaning frantsuzlarga imperator bo‘lib qolishi… U davlat g‘aznasidan oladigan yillik maosh naqd 25 million frank! Bu, albatta, hasadgo‘yga yoki haqiqatgo‘ylarga yoqmasdi…

Uning otasi, onasi, bobosiyu bobokalonlari oddiy kishilar. Napoleon Italiyada juda keng tarqalgan ism, Bonapart esa 16-asrdan keyingi yozma manbalarda goho uchrab turadi. Karlo Buonaparte va Letitsiya Ramolini oilasida ulg‘aygan Bonapartzodalar bir etak edi. Ular ulug‘ og‘alari sharofati bilan tarixiy shaxslarga aylanishdi, to hanuz nomlari tildan tushmaydi. (Lyusen Bonapartgina (1775–1840) bu “imtiyoz”dan mustasno.) Napoleon akasi Jozef (1768–1844) boshiga avval Neapolitaniya (1806–1808), so‘ngroq Ispaniya (1808–1813) tojini kiydirib, qirollik taxtiga o‘tqizib qo‘ygandi. Lekin Jozef Bonapart unchalik rozi bo‘lmagan, negaki, o‘z saltanatiga akasini valiahd qilsa, haqi ketmasdi, axir. Imperator ukasi Luiga (1778–1846) Gollandiya qirolligini berdi (1806-1810) va o‘gay qizi Gortenziya Bogarnega uylantirib qo‘ydi. Kenjatoy Jerom Bonapart (1784–1860) akasining marhamati bilan 1807–1813 yillari Vestfaliyada qirol edi. To‘ng‘ich singil Eliza yoki Anna-Eliza xonim (1777–1820) bir emas, uch saltanat malikasi yo buyuk gertsoginya bo‘lib, to 1814 yilga qadar davr surdi. Polina (1780–1825) Italiyaning kattakon bo‘lagida gertsoginya esa-da, jigaridan xafa, negaki, durustroq bir odamga uzatgani yo‘q-da. Korolina (1782–1839) – Neapolitaniya qiroli bo‘lgan marshal Ioaxim Myuratning xotini, yegani oldida, yemagani ortida. Faqat marshal-kuyovning ichi chiqmaydi, chunki, olampanoh qaynog‘asi Polsha taxtini undan qizg‘ondi…

Yana bir og‘irroq mojaro shuki, hatto ona-imperator zoti oliyalarining dunyoni zirillatayotgan o‘g‘lidan ginasi bor:

– Qo‘lida o‘shancha davlati turib, og‘zining hovriniyam ayaydi, Yevropaning bitta-yarimta parchasini bechora Lyusenga “ol” devorsa, nimasi ketardi? – deb arazlaydi Letitsiya momo…

Befarzand Napoleon birinchi konsul (hali imperator emas) chog‘i o‘zini yupantiradigan bir chora topdi: ukasi Luini asrandi qizi Gortenziyaga uylantiradi, nikoh rishtasi Bonapartlar qonini Jozefinaning nasliga tutashtiradi-da, yoshlarning to‘ng‘ichini o‘zi o‘g‘illikka oladi, ana – valiahd. To‘y 1802 yil avvalida bo‘lib o‘tdi. Gortenziya va Lui uch o‘g‘il ko‘rishdi: Napoleon Lui Sharl (1802–1807), Napoleon Lui (1804–1831), Sharl Lui Napoleon (1808–1873, bo‘lg‘usi Napoleon Uchinchi).

Biroq o‘zi tirik turib, bolasini akaga o‘g‘il qilib berish ukaga xush kelmasdi. Uni yumshatish uchun Napoleon mol-dunyo, orden, unvonlar berdi, 1806 yili Gollandiya taxtiga o‘tqizdi. Ammo qirol Lui Bonapart bari bir sarkashligini qo‘ymaydi, boz ustiga, xotinini akasidan qizg‘onadi, axir, butun Yevropada zarbulmasal anavi mish-mishlar…

Imperator 1811 yil 20 mart kuni o‘g‘illi bo‘ldi. Baxtiyor ota (42 yoshda edi) unga Jozef Fransua Sharl Bonapart deb ism qo‘ydi va Rim qirolligini suyunchi qildi. Shu go‘dak buyuk Napoleonning qonuniy va asl valiahdi edi. Imperator og‘ir kunlarga qolib, ikki karra (1814, 1815) toj-taxtidan o‘g‘lining foydasiga voz kecharkan, shahzodani Napoleon Ikkinchi deb e’lon qildi. Lekin zafar shukuhidan ko‘zini moy bosgan g‘olib ittifoqchilar Bonapartni harbiy asir hisoblab, sulolaga barham berishdi. Parijdagi qonunchilik organlari 22 iyun kuni (1815) frantsuzlar imperatori Napoleon Ikkinchi ekaniga iqror bo‘lsa-da, Parijdagi asosiy arkoni davlat 7 iyulgacha shu qarorni tutsa-da, ertasiga (8 iyul) Lyudovik O‘n sakkizinchi poytaxtga tag‘in kirib keldi. Napoleonzoda uchun endi hammasi barbod bo‘ldi, Bonapartchilar o‘z orzu-umidlarining timsoliga aylangan yigitni “Burgutcha” deb ulug‘lashardi.

Shahzoda esa Frantsiya sarhadlaridan olisda – avstriyalik bobosi Frants Birinchi 1814 yildayoq uni Venaga olib ketgan. Volidasi Mariya-Luiza hazrati oliyalari Neyperg degan birov bilan don olishib bo‘lgach, yana boshqasining etagini tutdi. Baxt qushi boshidan uchgan imperator esa avval Elbada, so‘ngroq Avliyo Yelena orolida ilhaq, u o‘g‘li va rafiqasini oylab-yillab kutdi.

Venadagi imperator buva (Napoleonning ashaddiy dushmani) tirik yetim nabirasini o‘ksitib qo‘ymadi. To‘rt yashar shahzodaga tayinlagan murabbiy va muallimlar Avstriyaning mashhur olimlari edi. Bolakay es taniy boshlagach, imperator unga Reyxshtadt shahrini hadya etadi va Shenbrunn qasrini ham tasarrufiga berdi. Bu koshona sohibiga aylangan Napoleonzodani endi gertsog Reyxshtadtskiy deb atashardi.

Lekin soqchilar posbonligidagi Shenbrunning po‘lat panjaralari o‘ta mustahkam bo‘lib, har bir qadami kuzatiladigan shahzoda uchun bemalol turma vazifasini bajara olardi. U ulg‘aygani sayin, ayg‘oqchilar hushyorlikni oshirib borishdi, albatta.

Napoleonzoda 1832 yil 22 iyulda Venada juvonmarg bo‘ldi. Yorug‘ dunyoda yorug‘lik kun ko‘rmagan begunoh shahzoda endigina 21 yoshga to‘lgandi…[12]

 

* * *

Zahiriddin Muhammad Bobur afsus bilan yozadiki, Husayn Boyqarodek ulug‘ podshohning o‘n to‘rt o‘g‘lidan o‘n biri valaduzzino edi. Napoleonday shavkatli imperator va sarkardaning juvonmarg “Burgutcha”dan o‘zga barcha zuryodlari ham, taassufki, nikohsiz tavallud topishgan.

Tarixga Aleksandr Valevskiy (1810–1868) nomi bilan kirgan frantsuz davlat arbobi va diplomati Napoleonning valaduzzino o‘g‘li ekani o‘quvchiga ma’lum. Imperator Polshada tanishgan Mariya Valevskaya (mo‘ysafid graf Anastas buvaning rafiqasi) dunyoga keltirgan bu Napoleonzodaning asl ismi – Aleksandr Florian Kolonna edi.

Napoleon Uchinchi o‘z hukmronligi davrida Bonapartlarga qarindosh-urug‘ bo‘lgan hammani boylik va rutbalar bilan siyladi, jumladan, A.Valevskiyga graf maqomini berib, tashqi ishlar vaziri etib tayinladi.

Qrim urushida (1853–1856) Rossiya yakkalandi, qamaldagi Sevastopolda har kuni 1000-2000, hatto 3000 kishi halok bo‘lardi. Ikki yarim yil davom etgan urush kamida ikki yuz ming jangchining (asosan, rus, frantsuz, ingliz, turk) boshini yedi. Parij sulh shartnomasi (1856 yil, mart) bu xunrezlikka barham berdi: olti mamlakat ishtirokidagi muzokaralarda Rossiya bir muncha yutqazgan bo‘lsa-da, tomonlar kelishib olishdi. Bunda Frantsiya delegatsiyasi va uning rahbari graf Valevskiyning jo‘yali takliflari hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgandi.

Anglab turgandirsiz, hikoyamiz yana Napoleon Uchinchi ustiga ko‘chdi. U Frantsiya va Bonapartlar tarixida salmoqli o‘rin tutadigan shaxs: Napoleon Birinchining jiyani, Lui Bonapart bilan Gortenziya Bogarne nikohidan tug‘ilgan uchinchi o‘g‘il, asl ismi Sharl Lui Napoleon (1808–1873).[13]

Sharl Lui Napoleonning bolaligi 1814 yilgacha imperator amakisi sharofati bilan to‘kin-sochinlikda kechdi. Birinchi imperiya kunpayakun bo‘lgach, “ko‘chding-o‘chding” qabilida yashagan. Shunda onasi qo‘lidagi serdaromad mulk (qimmati – 3 million frank) kor kelib, yaxshi bilim oldi.

Napoleon Bonapartning o‘g‘li gertsog Reyxshtadtskiyning vafotidan so‘ng (1832) Sharl Lui Napoleon valiahd maqomini oldi. U birinchi bor Frantsiya taxtini egallashga (1836 yil 30 oktyabr) urinib, qo‘lga tushdi va Amerikaga surgun qilindi. Onasi Yevropada og‘ir xastaligini eshitib, AQShdan qochdi va Gortenziyaning o‘limidan (1837 yil 5 oktyabr) so‘ng Shveytsariyada yashab qoldi. Keyin Angliyaga ko‘chib o‘tgan shahzoda 1840 yil 6 avgust kuni ikkinchi bor davlat to‘ntarishi qilmoqchi bo‘lib, bu gal ham ishi chappasidan keldi. Natijada, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinib, Gam qal’asida 6 yil yotdi va qamoqdan qochib, Angliyaga ketdi.

Fevral inqilobi (1848)dan keyingi islohotlar tufayli u vataniga qaytish imkoniga ega bo‘ldi. 1840 yili Napoleon Birinchining qabri Parijga ko‘chirilgach, bonapartizm shunchalar bosh ko‘tardiki, Napoleon shaxsiga sig‘inish boshlanganga o‘xshardi. Bu esa Sharl Lui Napoleonning omadi edi: 1848 yil, sentyabr oyida ta’sis kengashi deputatligiga, o‘sha yilning oxirida (10 dekabr) Frantsiya prezidentligiga saylandi.

Shundan so‘ng bonapartizmga qaytadan jon kirganday bo‘ldi. Prezident-shahzodaga yaqindan ko‘mak berganlardan biri ukasi Sharl Ogyust – gertsog Morni edi. U 1851 yildagi davlat to‘ntarishida ham faol ishtirok etgan. Parij kongressi yakunlangach, gertsog Mornini akasi Rossiyaga elchi qilib tayinlagan.

Bonapartchilar uyushib, “O‘ninchi dekabr jamiyati” tuzildi va prezident-shahzoda davlat apparatini o‘z tarafdorlari bilan butlashni 1849 yil kuziga qadar nihoyasiga yetkazdi. Xullas, Sharl Lui Napoleon 1851 yil 2 dekabr kuni armiya yordamida davlat to‘ntarishi qilib, muxoliflarini tamoman mahv etdi, konstitutsiya ham yangilandi.

Endi prezidentdan imperatorga aylanish va dushmanlar amakisidan tortib olgan taxtni egallab, boshiga toj kiyish qolgandi. Davlat tizgini o‘z odamlari qo‘lida, ularning ko‘magi bilan xalqning fikrini bemalol boshqarsa bo‘ladi. Ammo Yevropa siyosatini belgilovchi buyuk davlatlar-chi, ularning hukmdorlari ne deydi?..

Frantsiyada “O‘ninchi dekabr jamiyati” bilan hamkor va hamfikr “Puate qo‘mitasi” bor ediki, u aksariyat kuchli hokimiyat tarafdori bo‘lgan monarxistlardan tashkil topgandi. Prezident ana shu qo‘mita faollaridan birini shaxsan yaxshi bilardi. U kim desangiz, Jorj Sharl Dantes – baron de Gekkern, ya’ni ulug‘ rus shoiri A.S.Pushkinning dueldagi qotili Dantes edi[14]. Napoleon uni xufyona chaqirib, maxfiy dip­lomatik topshiriq berdi. Bu 1852 yil may oyidagi gap: Dantes darhol yo‘lga chiqib, Avstriya, Prussiya, Rossiya imperatorlari bilan yuzma-yuz uchrashib, prezident-shahzodaning niyatini aytdi va ularning munosabatini so‘radi. Uchala hukmdor ham Frantsiyada imperiyaning tiklanishiga xayrixohlik bildirishdi.

Prezident-shahzoda amakisi 1804 yili qo‘llagan usulni dadil ishga soldi: 1852 yil noyabrda uning tashabbusi bilan umumxalq referendumi o‘tkazildi. Aksar frantsuzlar mamlakatda imperiya boshqaruvini tiklashni yoqlab ovoz berishdi. O‘sha yili 2 dekabrda (Napoleon Birinchi taxtni egallagan kun) Sharl Lui Napoleon-Bonapart Frantsiya imperatori deb e’lon qilindi va Napoleon Uchinchi nomi bilan taxtga o‘tirdi, ammo tantanali toj kiyish marosimini rad etdi.

Yangi hukmdor darhol shaxsiy dasturidagi uch yumush ijrosiga qo‘l urdi. Avvalo, respublika tuzumiga butkul barham berib, imperiya boshqaruv apparatini amakisidan qolgan andozada tuzdi. So‘ngra monarxiya poydevorining yaratuvchilari bo‘lmish o‘z odamlariga saxovat eshiklarini ochdi: ayniqsa, “O‘ninchi dekabr jamiyati” va “Puate qo‘mitasi” faollari shohona marhamatlardan mo‘l-ko‘l bahramand bo‘lishdi. Jumladan, Dantes ham senatorlik lavozimi va Faxriy Legion ordeni bilan taqdirlandi.[15] Olampanohning uchinchi rejasi baridan muhim, imperator 45 yoshga yetgan bo‘lsa-da, hanuz so‘qqabosh edi. Arkoni davlat u yoq-bu yoqqa og‘iz solib ko‘rdi, biroq Yevropaning ulug‘ podshohlaridan birortasi uni kuyov qilish niyatida emasdi. Alqissa, Napoleon 1853 yili 30 yanvar kuni uylandi, o‘zidan 18 yosh kichkina grafinya Tobskaya – Mariya Yevgeniya Avgustina Ignasiya de Montixo ispan go‘zali edi…

Napoleon Uchinchi nihoyatda serg‘ayrat, yangilikka o‘ch va tezkor kishi bo‘lib, urushni yaxshi ko‘rardi. Uning puxta o‘ylangan siyosati Frantsiya xazinasi va harbiy qudratini yuksaltirdi, dunyoning turli burchagidan kelayotgan daromadlar oshib ketdi. Frantsiyaning ikkinchi imperatori mamlakatini ko‘zga ko‘rsatib qo‘ydi, hamma huzur frantsuzlarniki bo‘lib, ular juda boyib-bitib ketgandilar. Birja o‘yinlarini o‘ylab topishdi, buyuk xalqqa Yevropa ne’matlari endi kifoya qilmasdi, negaki, Afrika va Osiyoning, Amerika va olis jannatiy orollarning mahsuliga juda mazaxo‘rak bo‘lib qolishgan. Napoleon Parijni qayta qurib tashladi, ko‘chalar torroq bo‘lsa-da, poytaxt hech qachon bunchalik obod bo‘lgan emasdi.

Suvaysh kanali… Britaniyalik muhandis Stefenson, Hind ummoni O‘rta yer dengizidan sakkiz metr baland, basharti ikki suv tutashguday bo‘lsa, Yevropa sohillari toshqinda qoladi, deb vahima qilardi. Inson tafakkuri, Ferdinand Lessepsning sa’y harakati va arablarning peshona teri bilan bu g‘oya ro‘yobga chiqdi. Bunda Napoleon Uchinchining xizmati ham ozmas, zero, aktsiyalarning 53 foizi Frantsiyaniki edi.[16]

Ochilish marosimi (1869) mislsiz xalqaro tantanaga aylanib ketgan. Mehmonlar orasida Emil Zolya, Teofil Gote, Genrix Ibsen kabi atoqli adiblar, Avstriya imperatori Frants-Iosif, Prussiya shahzodasi Fridrix, yana qancha tojdor arboblar bor. Ammo davraning gultoji Frantsiya imperiyasining vakili Yevgeniya Montixo (“Ikkinchi Kleopat­ra”) zoti oliyalari edi. Misr hukmdori Ismoil posho malikaga xushomad qilib, mas’ul muhandislarga do‘q urgan bo‘ldi:

– Basharti, xonim afandimning kemalari qum-pumga o‘tirib qolsa, hammangni qoziqqa o‘tqizaman!

Hazrati malika joylashgan “Egl” yaxtasi ortidan butun bir karvon suza ketdi. Biroq poshoni o‘z xodimlari emas, bastakor Juzeppe Verdi xijolatga qo‘ydi: u buyurtma bo‘yicha kanalga bag‘ishlangan “Aida” operasini bitkazib, tantanalar chog‘i namoyish etishi zarur edi, biroq va’dasini uddalamadi.

– Afsuski, – dedi suv sayridan qaytib, frantsuz malikasini xoli topgan Ismoil, – sizga va’daboz bastakorning qoziqqa o‘tqizilgan aftini ko‘rishday huzurni bag‘ishlashga imkonim yo‘q.

Evgeniya sho‘x qiqirladi va yelpig‘ichi bilan poshoning qo‘liga turtib, shivirladi:

– Rostini ayting-chi, haramingizdagi o‘shancha xotin sizga shunchalar zarurmi?

Ismoil posho tushundi, demak, tag‘in xushomad qilishi kerak:

– Birining ohu ko‘zlari, boshqasining tovusday xiromi, uchinchisining donoligi, to‘rtinchisining shamshod qomati, beshinchisining halimligi jonimga huzur-da. Lekin siz uchun bu halovatlarning baridan minba’d kechaman, zero, ilk ko‘rganimdayoq angladimki, ayol zotining ming bir fazilati tanho o‘zingizda mujassam…

Posho oliymaqom mehmonlarga 30 million frankka bitkazilgan yangi qasrda ziyofat berdi. Uch ming kishilik dasturxon tuzatilgan, Yevgeniya Montixoning yotog‘i alohida, uning uchun bir necha xona sharqona haramlar andozasida jihozlangan, bu yerdagi hashamatning xarajati yarim million frank, “xolos”…

Misr safaridan o‘lguday toliqib, o‘g‘lini sog‘inib qaytgan malikayi oliya shahzodani suyub bag‘riga oldi, uning qo‘lchalarini o‘parkan, tushkun kayfiyatdagi eriga boqdi:

– Sizga nima bo‘ldi, hazratim?

Imperator parlament va hukumatdan hasrat qilib, qandaydir xatolardan gap ochdi.

– Xato degani bo‘ladi-da, – dalda aralash maslahat berdi zoti oliyalari, – bilasiz-ku, urush hamma xatolarimizni tuzatishga qodir. Loaqal manavi go‘dakkina jigargo‘shangiz uchun, shu Lulujon valiahd bo‘ladigan taxtingizni saqlab qolishga ham urush kerak…

Xatolarini to‘g‘rilash ustida xo‘b tafakkur qilgan Napoleon 1870 yil 19 iyulda Prussiyaga qarshi urush boshladi. Bu imperatorning eng oxirgi va eng xunuk aybi edi – o‘z taqdiri ham, Frantsiyaning shon-shavkati ham barbod bo‘ldi. Ikkinchi imperiya 4 sentyabr kuni ag‘darildi, Napoleon dushman qo‘liga asir tushdi.[17]

Zafar turtki bo‘ldi-da, Bismarkning orzusi amalga oshdi: nihoyat, shimoliy va janubiy nemis davlatlari birlashib, yagona Germaniya imperiyasi tashkil topgani e’lon qilindi.

O‘shanda yevropaliklarning naqli tug‘ildi:

– Bismark Germaniyani buyuklik osmoniga ko‘tarsa-da, nemis xalqining qaddini bukdi…

Frantsuzlar uchun qiyomat kuni kelgandi: 27 oktyabr marshal Bazen uchun sharmisorlik sanasi bo‘ldi: Mets garnizonida 173 ming qurollangan askari turib, shaharni qo‘shqo‘llab topshirdi. Frantsuz soldatlari ilma-teshik bayroqlarini o‘pib-o‘pib o‘tga tashlashdi (yonayotgan bayroqlari alamidan yig‘layotgan faranglar holini ko‘rib, nemislar ham yig‘lab yuborgan ekan.)

Parijda uchinchi respublika e’lon qilindi. Napoleon boshlagan Frantsiyaning bosqinchilik urushi endi millatning ozodlik urushiga aylandi. Imperiyaning kuni bitib, imperator Sedanda oq bayroq ko‘targan esa-da, frantsuz xalqi taslim bo‘lgan emas, poytaxt erk uchun kurashning bosh tayanchi edi.

Parij qamalda, uni nemis to‘pchilari nishonga olgan: zambaraklar – 400 ta, snaryad-bombalar  – 100 ming dona. 27 dekabr (1870) tongida buyruq berilgach, Yevropaning bosh shahri ko‘chalari va xiyobonlariga, bog‘lari va gulzorlariga, muzey va teatrlariga, shifoxona va g‘aribxonalariga yog‘ayotgan “yomg‘ir”dan alanga ko‘tarilaverdi. Yaxlit Germaniyaning doyasi, ammo Frantsiyaning kushandasi bo‘lmish Otto fon Bismark frantsuz qirollari o‘rdasi Versalda g‘olibona kerilib yotgan damlarda parijlik­lar uvoq nonga zor edilar. Shaharda ilk bor oziq-ovqat pattasi paydo bo‘ldi, lekin yegulikning o‘zi qani? Me’yor bo‘yicha qamaldagi shaharda jon boshiga 15 gramm guruch yoki no‘xat, 20 gramm suli va 30 gramm ko‘kat qoqi beriladi. Parijdagi qahatchilikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bir rus muallifi yozadi:

“It, mushuk, sichqon-kalamushlar behad tanqis: mushuk – 20, kalamush – 4 frankka sotilardi. Bir qadoq bo‘ri go‘shtining 30 frankdan arzoni yo‘q, sutning to‘rtdan uch ulushi suv bo‘lib, u ham topilib-topilmaydi…”

Boz, o‘sha yili qish Parij ustiga qilichini shunchalar qayrab keldiki, ko‘mir tezda sob bo‘lib, ko‘cha-bog‘lardagi asriy va e’zozli daraxtlar, mebellar, noyob kitob va qo‘lyozmalar – nimaiki topilsa, bari pechkaga tiqilardi. Ochlik va sovuq aksari qariyalar, xastalar, nogironlar, norasida bolalar va urushdan jarohatlanib qaytgan askarlarni tutday to‘kar edi…

Ammo Parij g‘oliblar ustidan g‘olib edi, hamma xonadonlarning eshik-derazalari berk. Do‘konlar, oshxonalar, idoralar – bari yopilgan, peshlavhalar ustida e’lon:

– Milliy motam! Frantsuz xalqi azador!

Nemis armiyasiga huvillagan ko‘chalargina “peshvoz” chiqdi. Hech kim, hatto, it-mushuklar ham yo‘q. Qurshovdagi sho‘rlik shahar yeb bitirgan, axir.

Darvoqe, saflarning avvali tasodifan bir parijlikka yo‘liqib qoldi.

– Qiyshaytirib chizilgan karikaturalardagi aft-angoringizni taniganday bo‘ldim, Bismarksiz-da, a? – so‘radi frantsuz.

– Shunday, Bismarkman.[18]

– Otib tashlayin desam, afsuski, qurolim yo‘q, ammo basharangizga tuflay olaman.

Kantsler betidagi tupukni artarkan, Parijdagi yagona o‘tkinchiga yuzlandi:

– Bu ishing Venadagi ko‘rgiliklarim oldida holvasi, oshna. Bo‘pti, qahramon, bor, yo‘lingdan qolma…

Parij okkupatsiyasi 62 soatgina davom etdi: bosqinchilar kimsasiz shaharda g‘olibligini kimga ham ko‘z-ko‘z qilsin? Urush Germaniyani 2,7 va Frantsiyani 9,8 milliard markaga “chuv tushirdi”. Mag‘lub uchun kontributsiya deganlari ham bor: yerning tagidan bo‘lsa ham frantsuzlar oltin hisobida 7 milliard marka tovon pulini topishlari va nemislar g‘aznasiga to‘lashlari shart. Bil’aks, okkupatsion qo‘shinlar Frantsiyaning belgilangan hududida yeb-ichib yotaveradilar, shartnoma shunaqa…

Frantsiya xalqiga dunyo tan beradi, tan bermaslikning iloji ham yo‘q-da! Butun millat oyoqqa turdi, boy ham, kambag‘al ham kissasini kavladi. Yashirin g‘aznadagi oltin zaxirasi ochildi: u yerto‘lada, zanglagan tunukalar bilan g‘iloflangan, qaltis vaziyatda suvga bostirish tizimi ham tayyor, Senadagi dahana ochilsa bas edi. Frantsiya yemadi-ichmadi, ammo ana shu pulni tez topdi va ozodlikka chiqdi, okkupantlardan qutuldi… Frantsuzlar boshiga tushgan bu qora kunlar Napoleon Uchinchining “karomati”, u boshlagan urushning “sharofati” edi…

Qolmishiga, u yangi xurujning harakatiga tushib qoldi. Bu qariyb naqd bo‘lib, Angliyadan dengiz orqali borib, qurolli desant tushirish 1873 yil 20 martga belgilandi. Napoleon Uchinchi buyuk amakisining 1815 yildagi jasoratini takrorlash bo‘sag‘asida tayyor turardi. Ammo tarix oldidagi shunchalar mas’uliyatni kasal holida uddalay oladimi? Yo‘q, soppa-sog‘ bo‘lishi kerak: binobarin, Napoleon operatsiya stoliga yotishga va siydik yo‘lidagi toshni oldirishga rozi bo‘ldi. Biroq me’yordan o‘ta ortiq xloralni ko‘tarolmadi-da, olamdan o‘tdi-ketdi. Uning hamma rejalari chippakka chiqdi, lekin frantsuz xalqini yangi balo-qazolardan Xudo asradi.

Napoleon Uchinchini ust-boshi bilan tobutga qo‘yib, Angliya tuprog‘iga topshirishdi. Marhum imperatorning ikki qizi va bir o‘g‘li (Ejen Lui Napoleon) bor edi. Bonapartistlarning hamma umidi endi ana shu yigitdan: yosh shahzoda otasining taxtini qaytarib olsa, neajab? Uni halitdanoq Napoleon To‘rtinchi atayotgan xayrixohlar talay. Tag‘in, Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya hazrati oliyalariga ham shunday bo‘lgani ma’qulroq. Biroq yigitcha hali qilich ko‘tarib, jangga kirganicha yo‘q, frantsuz xalqi uni asl Bonapart deb qabul qilmog‘i uchun esa katta bir ish ko‘rsatib og‘izga tushishi, jangovar shuhrat orttirishi kerak. Bu mulohaza mantiqli edi, shu bois Napoleonning bevasi Yevgeniya va qochoq oilaga Chizlxerstdan joy bergan Viktoriya ikkov shahzodani janggohga jo‘natishdi.

Bu paytda (1879 yil, yanvar) Angliya Afrikadagi zulus qabilalari bilan urushayotgan bo‘lib, ingliz armiyasining zobiti Ejen Bonapart ham “qora qit’a”ga yetib bordi. Biroq zuluslar assagayi – rahnamosi faqat Bonapartchilarning rejasini emas, butun Yevropa siyosatini o‘zgartirib yubordi. Shahzoda mingan otning ayili uzilib, zobit toshloq yandamaga chappa tushdi va badaniga quvlab kelayotgan habashlarning zaharli paykonlari sanchildi. Hali uylanmagan 23 yashar shahzoda ustidan Janubiy Afrika tuprog‘i tortildi va Napoleon Uchinchining avlodiga nuqta qo‘yildi…

O‘shandan to bizning kunlarga qadar kelayotgan Napoleonlar sulolasi Jerom Bonapart (Napoleon Bonapartning ukasi) avlodlaridir. 1879 yildan bu yog‘iga shahzoda hisoblanuvchi Napoleonzodalar xronologiyasi quyidagicha: Viktor (Napoleon V, 1862–1926); Lui (Napoleon VI, 1914–1997); Jan Kristof (Napoleon VII), u 1986 yilda tavallud topgan.[19]

Mazkur Napoleonlar ham, ularning kelgusi avlodlari ham qaysidir davlatning monarxi bo‘lishi ham mantiqiy, ham siyosiy nuqtai nazardan amri mahol. Ularni xalq, masalan, frantsuzlar Bonapartdan qolgan jonli yodgorlik sifatidagina qabul qilishlari mumkin.

Bu mavzuga taalluqli yana ikkita gap qoldi. Birinchisi: Napoleon Bonapartning yana bir farzandi – benikoh tug‘ilgan qizi xususida. Graf Sharl-Tristan de Montolon surgunga birga ketib, unga ad’yutantlik qilardi. Gap shundaki, u Avliyo Yelenaga oilasi bilan borgan: rafiqasi Albina de Montolon nihoyatda shinam va go‘zal ayol bo‘lib, Napoleon shu xonimga qiziqib qoladi. “Qiziqish” natijasida 1818 yili bir qiz tug‘ilib, ismini Jozefina Napoleone de Montolon qo‘yadilar. Biroq qizaloqning umri qisqa ekan, uzoq yashamaydi, 1819 yilda yoshiga yetib-etmasdan olamdan o‘tadi.

Beixtiyor xayolga keladiki, Bonapartning o‘limida graf Montolonning qo‘li borligi haqidagi mish-mishlar ana shu “qiziqish”ga daxldor bo‘lsa-chi? Xotini va xojasining xiyonatidan voqif bo‘lgach, graf sobiq imperatorning kosasiga… U yog‘ini endi Xudo biladi…

Ikkinchi gap shuki, Napoleon kuyovi Ioaxim Myuratni marshal (1804) unvoni bilan siylab, imperiya shahzodasi rutbasini (1805) ham bergandi. Ikkinchi imperiya davrida Myuratning farzandlariga shahzodalik maqomi tiklandi. Marshalning to‘ng‘ichi Axill (1801–1847) vafot etgach, ikkinchi o‘g‘li Napoleon Lyusen Sharl Myurat yo‘q saltanatga “valiahd” edi. Italiya urushi paytida bu shahzoda imperator tog‘avachchasi ko‘magida Sitsiliya taxtini olmoqchi ham bo‘ldi, lekin Napoleon III uni quvvatlagani yo‘q…

Hozir Myuratlar ko‘payib, butun dunyoga tarqab ketishgan. Shahzoda sanaluvchilari ham bor, ulardan biri, ya’ni Myuratning evarasi Napoleon Axillovich Myurat (1873–1943) chor Rossiyasining generali edi va hokazo…

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 2-3-son

____________________

[1] Buxariya – Buxoro, Xindus – Hind daryosi.

[2] Markitantlar – urush sharoitida qo‘shin ortidan ergashib, savdo qiluvchi sayyor tujjorlar.

[3]  Kop – olmos koni.

[4] Shuhratiy olmos xususidagi Boburning ayni ta’kidiga asoslanib, “Ko‘hinur”ning hozirgi bahosini chamalash mumkin. Bir kishining kunlik ehtiyoji uchun 1-1,5 dollar kifoya desak, Yer yuzidagi 7 milliarddan ziyod aholining 2,5 kunlik sarfi 20 (yigirma) milliard dollardan oshib ketardi.
* Tahririyat izohi: Bu gavhar hozirda 94 tonna oltinga teng deb baholanadi. Bu esa 3,7 milliard dollar degani. Mana shu miqdor Bobur zamonidagi Yer yuzi odamlarining (500 million nafar atrofida) ikki yarim kunlik maoshiga ham to‘g‘ri keladi.

[5] Tahririyat izohi: “Ko‘hinur” – “Koxi nur”, ya’ni nur qasri, degan so‘zdan olingan degan talqin ham bor.

[6] Isfaxon – Safaviylar hukmronligi davrida va to 1786 yilgacha Eronning poytaxti.

[7] Zebunniso Begim Dehli shahridagi “Zarzariy” qabristoniga dafn etilgan. Ammo 19-asrda temir yo‘l qurilishi munosabati bilan shoiraning xoki boshqa joyga ko‘chirilgan.

[8] Bu qadam 82 yoshli qariya uchun hayot-mamot bilan barobar edi. Tarixchilar ushbu xususda yakdil fikrga hozir ham kela olishmagan. Muarrixlarning ixtilofi shundaki, u o‘sha da’vatnomaga (farmon ham deydilar) qanday qo‘l qo‘ygan: ixtiyoriymi, majburiymi?.. Keyinchalik Bahodirshoh shunday degan emish:
– Qo‘zg‘olonchilar saroyga bostirib kirishdi va men ham, o‘g‘illarim ham sipohiy-askarlarning talabini noiloj ado etdik.

[9] Mirzo G‘olib (1797–1869)ning bobokaloni Tursunbekxon saljuqiylar xonadoniga mansub dongdor amirlardan edi. Bobosi Qo‘qonbekxon 18-asrning boshlarida Samarqanddan Hindistonga borib qolgan, u ham, o‘g‘li Abdullabekxon ham (G‘olibning otasi) Shohjahonning atoqli sarkardalaridan bo‘lishgan. Mirzo G‘olib she’rlarida asl vatanini e’zoz bilan ta’kidlaydi: G‘olibni kim desangiz, Turon tuprog‘idanman…

[10] Ingliz ma’murlariga podshohning dafni va qabri ham siyosat hisoblanib, marhum asosiy hovlining orqa tarafiga ko‘milgan. Chuqur tevaragiga g‘isht devor ko‘tarilib, tuproq tashlangach, ustiga shunday chim bosildiki, qabr yer bilan tep-tekis bo‘ldi. Bundan tashqari, anchagina joyni bambuk nihollari bilan ihotalab, ko‘zdan pana qilishgandi. Kapitan Devis janoblari boshliqlariga shuni mamnuniyat bilan yozib ma’lum qiladiki, vaqt o‘tgani sayin ajriq hamma yoqni egallaydi va bambukzor orasidagi qabrni birov topolmaydi. Bu angliyaliklarga ayni muddao: so‘nggi Boburiy podshoh yotgan joyni topib bo‘lmasa va u ziyoratgohga aylanmasa, juda soz-da…

[11] Surgunda Bahodirshoh bilan kimlar birga bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar turli-tuman. Deydilarki, 1857 yili qatl etilgan shahzodalarning uchovi ham Bahodirshohning o‘g‘illari bo‘lgan (Mo‘g‘ul Mirzo, Xizr Sulton Mirzo, Abu Bakr Mirzo) va uchovini mayor Uilyam Xodson otib o‘ldirgan. Valiahd Javon Baxtning rafiqasi bo‘lmish malikaning ismi Shoh Zamoni Begim emas, Zamatri Begim ekan. Shahzoda Jamshidbaxt (1855–1921) esa podshohning o‘g‘li emas, nevarasi emish, Rangun kollejida o‘qib, 1905 yili uylangan va uning Iskandarbaxt ismli o‘g‘li borligi ma’lum. Biz yuqorida nabirasi deb yozgan Ravnaq Zamoni Begim Bahodirshohning qizi ekani va 1930 yili olamdan o‘tgani haqida ma’lumot bor. Malikayi oliya Ziynat Mahal Begimning vafoti sanasi ham bahsli bo‘lib, 1884 yil ham qayd qilinadi.
Shuningdek, surgunga yana quyidagilar jo‘natilgan deyishadi: Gulsum Zamoni Begim (podshohning qizi), Hofiz Muhammad Ibrohim Dehlaviy (Javonbaxtning ustozi), saroy a’yonlaridan – Mumtoz Do‘stxonbegim, Rahima Ishratbegim, Ruqiyasulton begim. Ibrohim Dehlaviy esa Rangunda imomlik qilgan.

[12] Avstriya 1940 yili Uchinchi reyx istilosida bo‘lib, Napoleonzodaning Venadagi jasadi qoldiqlari Hitlerning amriga ko‘ra fashistlar qo‘lidagi Parijga ko‘chirilgan va “Burgutcha” Nogironlar qasriga – otasining yoniga qayta dafn etilgan.

[13] Taassufki, Napoleon Uchinchining otasi kimligi xususida ham bahslar mavjud. Sirasini aytganda, toj-taxt taqozosi tufayli (deyarli majburan) uzatilgan Gortenziyani muhabbatsiz oilada baxtli deb bo‘lmasdi. Qolmishiga, Gollandiya qiroli Lui Bonapart hazrati oliylari yarim jon, o‘ng qo‘li va umurtqasi shikastlangan, yurib-turishi ham qiyin. Ammo shu bahona bilan baxtni chetdan qidirish?.. Ayniqsa, malikalar uchun baxt va muhabbat ko‘chada tushib yotarmidi? Yo‘q, biz Gortenziya Bogarneni qoralamoqchi emasmiz, uni ikki asr davomida oqlaydiganlar – oqlab, qoralovchilar – qoralab bo‘lganlar.
Napoleonshunoslar Gollandiya qirolichasining tarjimai holiga oshiq janoblar nomini ham bitib ketishgan. Mana ulardan ayrimlari: Jerar Kristof Dyurok – Napoleonning eng yaqin mulozimi, ober-gofmarshal; Karl Genrix Verguel – Gollandiya ministri, admiral; Eli Dekaz – Lui Bonapart­ning mushoviri; Sharl de Bilan – Gollandiya qirolining shtalmeysteri; Sharl de Flao – frantsuz generali…
Aleksandr Dyumaning yozishicha, Napoleon Uchinchining otasi ana shu Flao yoki sanalgan jazmanlardan boshqa biri, ammo Lui Bonapart emas. “Qisqasi, – deb  xulosalaydi Dyuma, – imperatorning padari noma’lum. Shuning uchun ham Lui Bonapart bolani “meniki emas” deb yurgan, faqat Napoleonning qistovi bilangina tan olgan”…

[14] Dantes (1812–1895) shoir Pushkinga boja bo‘lardi, u nafaqat rus poeziyasining quyoshini, balki kenja qayinsinglisi Natalya Nikolayevnaning erini duelda o‘ldirib qo‘ygandi. Avval hibsda saqlandi, so‘ng Rossiyadan badarg‘a qilindi. Ortidan rafiqasi Yekaterina Nikolayevna Goncharova-Dantes xonim (1809–1843) yetib bordi: er qayda bo‘lsa, xotin ham o‘sha yerda. Ikkov baxtli yashardilar, biroq Ye. Nikolayevna kenja farzandini dunyoga keltirgach, o‘zi olamdan o‘tdi.
Dantes singlisi Adelning onalarcha g‘amxo‘rligi bilan uch qiz va bir o‘g‘ilni bevalikda ulg‘aytirdi: Matilda-Evgeniya (1837–1893), Berta-Jozefina (1839-1908), Leoni-Sharlotta (1840–1888), Lui-Sharl-Jorj (1843–1902). Dantes ikkinchi imperiya arafasidayoq siyosiy qarashlari puxta shakllangan arbob sanalardi: Yuqori Reyn oliy kengashi raisi, Sults shahar meri, kredit banklari va temir yo‘l kompaniyalarining ta’sischisi…
Napoleon Uchinchi asir tushgach, Bismarkning tazyiqi bilan tuzilgan Frankfurt shartnomasiga ko‘ra, Elzatsni nemislar olib qo‘yishdi va yerlik aholiga “imtiyoz” berishdi:
– Millatingizni endi bemalol o‘zgartirib, pasportga “nemisman” deb yozdiravering.
– Men frantsuzman va frantsuzligimcha o‘laman, – dedi Dantes va “imtiyoz”dan foydalangani yo‘q.
U 31 yoshida beva qolgandi, qayta uylanmadi, umrbod yorining yodi bilan yashab, piri badavlat yoshlarga yetdi va farzandlari e’zozida vafot etdi.

[15] Senat a’zosining imperator belgilagan yillik maoshi oltin hisobida o‘ttiz ming frank edi.

[16] Suvaysh kanali loyihasini ikki frantsiyalik (Linan va Mujel), bir italiyalik (Negrelli) muhandis tayyorlagan. Qurilish o‘n yil davom etib, oyiga 60 ming kishi mehnat qilardi. Kanal Afrika qit’asini aylanib o‘tuvchi kemalar yo‘lini 8-15 ming kilometrga yaqinlashtirgan.

[17] Lyudovik O‘n oltinchining xotini Mariya-Antuanetta kabi boshi kesilishidan qo‘rqqan Yevgeniya o‘sha kuniyoq dengiz tarafga oshiqdi va “Ohu” nomli yelkanli kemada Angliyaga jo‘nadi. La-Manshda dovul quturib, Buyuk Britaniyaning “Kepten” fregati cho‘kib ketdi. Haytovur, malika 9 sentyabrda manziliga yetib oldi, sohilda mayin junli ingliz qo‘ylari o‘t chimdib yurardi. Qirolicha Viktoriya yuborgan kareta ikki soatdayoq uni Chizlxerst saroyiga olib bordi. Oldinroq jo‘natilgan shahzoda Lulu shu yerda edi… Yevgeniya Montixo Angliyada uzoq yashab, umri oxirini yolg‘iz va g‘ariblikda o‘tkazdi, u 1920 yili 94 yoshda vafot etdi.

[18] Bismark Otto Eduard Leopold fon Shyonxauzen (1815–1898) – nemis davlat arbobi, knyaz, diplomatik vakil (1851–1862), Prussiyada vazir-prezident va tashqi ishlar vaziri (1862–1867), Shimoliy Germaniya ittifoqi bundeskantsleri (1867–1871), Germaniya imperiyasi reyxskantsleri (1871–1890). Bismark yagona nemis davlatining yaratuvchisi edi.

[19] Frantsiya Respublikasi qonuniga ko‘ra, 1883 yili qirollar va imperatorlar oilasining barcha a’zolari mamlakatdan badarg‘a etilgan. Bu qonun uzoq vaqt amalda bo‘lib, 1950 yildagina bekor qilindi va shundan so‘ng Bonapartlar sulolasiga mansub shahzodalarning vatanga qaytishiga ruxsat berildi.