Qizim Uzro bonuga bag‘ishlayman
Xorazmni qazsangiz agar,
Er ostidan dunyolar chiqar…
Matnazar Abdulhakim
Olmoniyaga Xorazmdan oltmish-etmish oila ko‘chib borib, muqim yashab qolishi mumkinmi? Maktab qurib, masjid tiklab, urf-odatlarini saqlab qolishi, musulmon o‘zbek sifatida halol ter to‘kib, hayot kechirishi mumkinmi?
Bundan deyarli 140 yil muqaddam nasroniy dinining mennonit mazhabiga mansub oltmish-etmish nemis oilasi Xiva xonligi tasarrufidagi Oqmasjid qishlog‘iga kelib o‘rnashadi. Ular e’tiqodini saqlab qoladi, halol mehnat qilib hayot kechiradi. Maktab quradilar, ibodatxona tiklaydilar. Ellik besh-oltmish yil Xivadan o‘n ikki chaqirim naridagi unumdor yerlarda emin-erkin rizqini teradilar. 1935 yilda bolshevik-sho‘raviylar ayovsiz ravishda ularni Sibir o‘lkasiga badarg‘a etadi…
Ushbu esse-tadqiqotimiz yaqin o‘tmishda bag‘rikeng xalqimiz guvohligida yuz bergan o‘sha unutilmas voqelar to‘g‘risida.
ESKARTMA
2014 yili bahor mavsumi oxirlarida Xorazmga bordim. Aniqrog‘i, may oyi bo‘yi vohada bo‘ldim. Urganchdagi viloyat arxivida salkam yuz yillik tarixiy hujjatlar yap-yangi muqovalar orasida nihoyatda avaylab saqlanayotgan ekan. Shoir Erpo‘lat Baxt bilan 1927–1932 yillarga aloqador minglab eski jildtaxlamalarni titkilab o‘tirib, favqulodda qiziqarli hujjatlarga duch kelib qoldim.
Aslida, kamina Xorazmga maxsus safar qilib, o‘rganayotgan mavzu “xotin-qizlar ozodligi” (paranji tashlash kampaniyasi) bilan bog‘liq edi. Kutilmaganda arxivdan Xiva shahri janubida (o‘n ikki chaqirim narida) joylashgan Oqmasjid qishlog‘ida yashovchi “menuitchi” (“mennonitchi”) nemislar to‘g‘risida 1928 yili mahalliy partiya xodimi yozib qoldirgan hisobotga duch kelib, e-e voh, rostakamiga hayrat barmog‘imni tishlab qoldim. So‘ngra shu qishloqda yashagan “menuitchi” nemislar to‘g‘risida arxivda qancha hujjat bo‘lsa, hammasidan nusxa oldim.
Biz nemislarning nasroniy ekanini yaxshi bilamiz. Lekin ular qaysi mazhabga mansub: katolikmi yoki protestant? Bu savolga olis ovullarda yashaydigan o‘zbeklar dadil javob bera olmaydi. Lekin bir vaqtlar “mennonitchi” nemislar bilan bitta qishloqda yonma-yon yashagan o‘zbeklarning avlodlari taqdir taqozosi bilan Ovrupodan Xorazmga kelib qolgan o‘sha muhojirlarni hozirgacha nihoyatda mehnatkash va halol insonlar sifatida ehtirom ila eslaydi.
Darvoqe, may oyi oxirlarida zarur ishlarim borligi sabab Toshkentga qaytdim. Yoz chillasida esa olmonchani suv qilib ichgan Uzro qizim hamrohligida yana Xorazmga borib, tarixiy yo‘qlamani qolgan joyidan davom ettirmoqchi bo‘ldim. Ammo sharoit taqozosi bilan qizim bu safarda menga hamrohlik qilolmadi, natijada bitta o‘zim izlanishlarimni poyoniga yetkazdim.
Risola yozdim. Meningcha, qiziqib o‘qilsa kerak. Yana qaydam, hakam o‘zingiz, o‘quvchim.
N. B.
MENNONITChILIK TO‘G‘RISIDA
(Vikipediya erkin entsiklopediyasidan olindi)
Mennonitchilik – nasroniylarning protestant mazhabiga mansub diniy oqim bo‘lib, unga Menno Simons (1496–1561) asos solgan. Menno Simonsning millati golland bo‘lgan. XIV asrning 30-yillarida mennonitchilik paydo bo‘ladi; o‘sha kezlar Gollandiyada islohotchilik harakati boshlanadi, bu harakatda radikal va murosasoz anabaptistlar ham qatnashadi. Mennonitchilar kuch ishlatmaslik, qarshilik ko‘rsatmaslik g‘oyasini dasturulamal etib olgan bo‘lib, shunga ko‘ra, ular qo‘llariga qurol olmaydi, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaydi. Mennonitchilik davlat manfaatlariga mos kelmagani uchun ham siyosiy norozilikdek ko‘rinadi. Hokimiyat ma’murlari mennonitchilarni harbiy xizmatga safarbar etmoqchi bo‘lsa, ular emigratsiyani ma’qul ko‘rgan. Ya’ni, o‘zlari yashab turgan mamlakatni ommaviy ravishda tashlab chiqib ketgan. Ular ilk bora XVI asrning 40–50-yillarida shunday hijratni amalga oshirgan. Dastlab Gollandiyadan Shimoliy Olmoniyaga, so‘ngra G‘arbiy Prussiyaga ko‘chib o‘tadilar. 1560 yilda mennonitchilar ikkinchi marta ommaviy ravishda ko‘chadi. Bu safar Angliya, Frantsiya, Olmoniya va Polshaga ko‘chib boradilar.
XVIII asrning ikkinchi yarmida qirolicha Yekaterina Ikkinchi taklifiga binoan mennonitchilarning katta qismi Rossiyaga ko‘chib keladi.
* * *
Menno esini tanigan chog‘larida qishloqda katolik ruhoniysi edi. Reformatsiya davrida islohotchilarning ko‘plab kitoblarini mutolaa qiladi. Xususan, Martin Lyuter asarlarini o‘qiydi. 1531 yilda Leuvardenda anabaptistlar qatl etilishiga guvoh bo‘ladi. Nohaq qatl etilgan odamlarga achinadi. So‘ng anabaptistlar haq ekaniga ishonch hosil qiladi, bunga Injili sharifdan dalillar topadi. Mennoning ukasi ham anabaptistlar safiga qo‘shilib ketadi. 1535 yilda anabaptistlar ishg‘ol etgan Dokkuma yaqinidagi ibodatxonaga harbiy kuchlar hujum qiladi, hujum chog‘ida Mennoning ukasi o‘ldiriladi.
Ichki ruhiy to‘lg‘onishlardan so‘ng Menno 1536 yilda katolik mazhabidan oshkora yuz o‘giradi va anabaptistlar safiga qo‘shiladi. U anabaptistlarning asosiy g‘oyalarini qabul qiladi. Lekin cherkovning siyosiy, jangovar yo‘nalishini qabul etmaydi. Hatto anabaptistlar rahnamosi bo‘lmish Ioann Leydenskiy ta’limotiga qarshi asar yaratadi. Ioann Leydenskiy hukmdorlikka da’vo qilsa, Menno esa urush-janjalsiz tinchgina yashashni targ‘ib qilardi. U anabaptistlarning “havoriy”lari-dan bo‘lmish Obbi Filips tomonidan qayta cho‘qintirilgach, “elkezar da’vatchi” faoliyatini boshlaydi. Tez orada Kyolnda, janubiy Olmoniyada, Meklenburgda o‘z atrofiga yirik jamoalarni birlashtiradi. 1543 yilda barcha mennonitchilarning yepiskopi rutbasini oladi.
Buyuk Litva knyazligi viloyatlarida ham o‘z ta’limotini besh yil targ‘ib qiladi. Boltiq bo‘yida “Troitsa to‘g‘risida” nomli asosiy asarini yaratadi.
Mennonitchilik ta’limotining o‘ziga xos tomonlari shulardan iborat: dunyoda Tangri saltanatini tiklash uchun cherkovning sof va ilohiy asosini yaratish kerak; ta’limotning asosiy manbai Injili sharif ekanini so‘zsiz tan olmoq lozim; Troitsaning ilohiy ahamiyatini e’tirof etmoq darkor…
Bundan tashqari, xuddi baptistlar kabi balog‘at yoshiga yetgan odamlargina cho‘qintiriladi, toki odamlar ongli ravishda dindor bo‘lsin, dunyoviy kirlardan forig‘ bo‘lsin. Sudlashuv, qasamyod, harbiy xizmat rad etiladi. Mennonitchilik o‘zining tinchliksevarligi, murosasozligi bilan farqlanib turadi. Hech qachon zo‘ravonlikka, yovuzlikka da’vat etmaydi. Har bir mustaqil qavm boshqalarga bog‘lanmagan holda hayot kechiradi. Qavmning o‘zi diniy rahnamosini, ta’limot homiysini saylab oladi. Qavm muammolarini hal etish uchun cherkovning “umumiy yig‘ilishi” chaqiriladi, yig‘ilish qarori “diniy rahbarlar konventi” tomonidan tasdiqlanadi. Konvent qavmning rasmiy hokimiyat oldidagi vakili xisoblanadi.
XIX asrgacha mennonitchilik harakati doimiy kurashlar tarixidan iborat bo‘lgan. Tashqi “dushman” – katoliklar bilan protestantlar bo‘lsa, ichki “dushman” – mennonitchilar orasida paydo bo‘lgan firqalar edi.
Menno Simons vafot etgach (1561 yil), Gollandiyada mennonitchilar o‘n yil davomida qattiq ta’qib etiladi. Katta yoshdagi odamlar cho‘qintirilgani, qasamyod rad etilgani, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlangani uchun xalq ularni nafaqat cherkovga, hatto davlatga ham dushman deb hisoblardi. Bu paytlarda namunali mennonitchilar eng qadimiy nasroniylar kabi hayot kechirishni, ya’ni qabila bo‘lib yashashni afzal ko‘rardi. Shunday bo‘lsa-da , ular orasida ham “mas’ala talashuv”lar bo‘lib turardi. Masalan, “Faqat ibodatxonada odamlar bir-birining oyog‘ini yuvishi kerakmi yoki xususiy uylarda ham birovning oyog‘ini yuvish joizmi?” degan “mas’ala” yuzasidan qizg‘in tortishuvlar bo‘lib o‘tgan.
Gollandiyalik mennonitchilar 1795 yilda huquqiy jihatdan katolik va islohatchilarga tenglashtiriladi.
1847 yilda Prussiyada mennonitchilar harbiy xizmatga majburan chiqariladigan bo‘ladi. Shu bois ularning katta qismi Rusiyaga ko‘chib o‘tadi.
Ukrainaga ilk bora 1789 yilda 228 mennonitchi oilasi ko‘chib keladi. Ularga e’tiqod erkinligi berilgan, harbiy xizmatdan ozod etilgan. O‘n yil davomida soliqlardan qisman ozod qilingan, har bir oilaga 65 desyatinadan yer berilgan.
1874 yilda Rusiyada mennonitchilar harbiy xizmatga majburan jalb etilishi to‘g‘risida farmon e’lon qilinadi. Oqibatda Rusiyaning turli viloyatlarida istiqomat qilayotgan mennonitchilar Amerika qit’asiga ko‘chib keta boshlaydi.
1885 yilda bir guruh mennonitchilar Turkistonga ko‘chib kelib, Xiva xonligi hududida vatan quradi.
Ko‘chirma: “Turkistonda Rusiya hukmdorlari mazhabchi nemislarga – mennonitlar bilan adventilarga toqat qilishadi, zug‘um o‘tkazishmaydi; ular diniy urf-odatlarini bemalol amalga oshirishadi. Ularning xo‘jaliklari badastir edi. Mustamlaka asorati ostida qolgan mazlumlarga ular har tomonlama o‘rnak etib ko‘rsatiladi. Shu bois mennonit mazhabidagi nemislarga maxsus qo‘rg‘onchalar barpo etib yashashlari uchun ruxsat beriladi. 1919 yilda ular beshta qo‘rg‘oncha barpo etgan edi (Sentralnaya Aziya v sostave Rossiyskoy imperii. Yevropeyskiy universitet v Sankt-Peterburge. Fakultet istorii. Novoye literaturnoye obozreniye. 2008 g. Str. 257).
Bu ma’lumot Rusiya imperiyasi “merosxo‘rlari” tomonidan tayyorlangandi va talqin qilingan. Unga tanqidiy yondashib, mulohaza uchun mavzu sifatida qarash lozim. Qolaversa, Turkiston general-gubernatorligi hududida yashagan mennonit nemislar va boshqa sektantchi-mazhabchilar to‘g‘risida gap ketyapti. Xiva xonligi hududidagi mennonit nemislar bevosita musulmonlar qurshovida hayot kechiradi. Sank-Peterburgda nashr etilgan “Yangi adabiy sharh”da esa Oqmasjidda istiqomat qilgan nemislar to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi.
Biz Oqmasjidda tug‘ilgan yoki Xiva xonligida yashagan mennonit nemislarining dunyodagi turli mamlakatlarga sochilib ketgan avlodlari bilan hamkorlikda o‘z e’tiqodi sabab misli ko‘rilmagan azob-uqubatlarni boshidan kechirgan insonlar to‘g‘risida to‘laqonli tadqiqot-kitob yaratishni o‘z oldimizga ezgu maqsad etib qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, maqsadimiz ro‘yobga chiqsa, kitobxonlar izlanishlar samarasidan bahramand bo‘lajak. Omin.
* * *
O‘zbekiston (bolsheviklar) kompartiyasi Xorazm okrugi qo‘mitasi
O‘zbekiston KP MQ huzuridagi Partiya tarixi institutining partiya arxivi
Fond № 2
Ro‘yxat № 3
Jildtaxlam № 572
1928 y. 23 yanvarda boshlangan
1928 y. 27 avgustda tamomlangan
20 varaq
OQMASJID QIShLOG‘IDA NEMISLARNING
“MENUITLAR” KOLONIYaSINI O‘RGANISh NATIJALARI TO‘G‘RISIDA HISOBOTLAR, KAMBAG‘ALLAR BILAN IShLASh HAQIDA
23/ I – R
Yangiariq rayoni Oqmasjid qishlog‘ida Sho‘rolarga qayta saylov o‘tkazish uchun targ‘ibot-tashviqot kampaniyasiga doir safar yakunlari
1927 yil 30/XII kuni Xor. okrug saylov qo‘mitasining topshirig‘iga ko‘ra biz o‘rtoq Tohirov bilan birgalikda faqat nemislar yashaydigan Oqmasjid qishlog‘ida Q. Sho‘rosini barpo etish maqsadida tadqiqot o‘tkazdik. U yerda bo‘lganimizda shu narsa aniqlandiki, Oqmasjid ijtimoiy va siyosiy hayotdan batamom ajralib qolgan nemislar yashaydigan o‘ramga (koloniya) o‘xshaydi, Sovet hokimiyatidan nom-nishon ham yo‘q. Oqmasjid, aholining aytishicha, “nemislarning koloniyasi” ekan; bu yerda 35ta xo‘jalik bo‘lib, jami 165 nafar jon bor. Ko‘pchilik dehqonchilik bilan mashg‘ul, ayrim kishilar hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloqning barcha aholisi “menuitlar” deb ataladigan diniy mazhab-sekta a’zolaridir. Ular 43 yil muqaddam Madraimxon (Muhammad Rahimxon Ikkinchi (Feruz) – N.B.) davrida Xorazmga kelib qolgan. Harbiy xizmatdan qochib bu yerga kelganlar. Xon ularga shu qishloqda yashashga ruxsat beradi, diniy urf-odatlariga aralashmaydi, lekin hunarmandlaridan o‘z ehtiyoji yo‘lida foydalanadi.
Ular o‘zlarining diniy e’tiqodi bo‘yicha qo‘lga qurol olishni va umuman harbiy xizmat o‘tashni gunoh hisoblaydi; hozir ham harbiy xizmatdan ozod qilingan ekanlar. Oqmasjid qishlog‘ining deyarli barcha aholisi to‘q hayot kechiradi, ular badavlat kishilar. Har bir oilada 5-6 ta sigir, 3-5 tadan ot va kattagina hajmda yer-mulk bor. Daromad hisobidan o‘z xo‘jaliklarini yanada rivojlantiradi, madaniylashtiradi. “Kirxe” deb ataladigan o‘zlarining ibodatxonasi bor: har yakshanba kuni toat-ibodat qilish uchun “Kirxe”ga borishadi. “Menuitlar” mazhabi ruslarning “evangelistlar” sektasiga o‘xshaydi. Hozir ham ular eskicha yil hisobi bo‘yicha hayot kechiradi, o‘zlarining diniy bayramlarini eski sana bo‘yicha nishonlaydilar. Yoshlar ota-onalari ta’siri ostida konservativ (eskichasiga) hayot kechiradi, jamiyatga aralashmaydi, siyosatdan uzoq yurishadi. Har bir xonadonda o‘zlarining diniy marosimlarini nishonlash uchun shart-sharoit bor.
O‘zlarining gaplariga ko‘ra, qabila (“obщina”) bo‘lib hayot kechirishadi, hech kimga tobe emas, hech kimga bo‘ysunmaydi, ularni “davlat ichida davlat” deyish mumkin.
Qabilaning tepasida boshqarmasi bor. Boshqarma a’zolari qabila oqsoqollari hisoblanadi, ular fuqaro Teyvsa, o‘zbekchasiga Otaboy, pastor, o‘qituvchi – oqsoqolning o‘g‘li va suv masalalari bo‘yicha vakil – “mirob”. Mana shu boshqarma Oqmasjid qishlog‘ining rahbariyatidir.
Qabila boshlig‘i 27 yildan buyon o‘z mansabida o‘tiribdi, aholi orasida juda katta obro‘-e’tiborga ega. U Sovet hokimiyatini yomon ko‘radi. Tinmasdan qabilaning mustaqilligini, Sovet hokimiyatiga bo‘ysunmaslik kerakligini targ‘ib qiladi. Yonginasida o‘zbeklarning Qishloq Sho‘rosi bo‘lsa-da, ular bilan hech qanday aloqa o‘rnatilmagan, ularni tan olmaydi, hokimiyat o‘rnida ko‘rmaydi ularni. Har qanday ijtimoiy masalani mustaqil hal etadilar; o‘zbeklarning Qishloq Sho‘rosi bilan bog‘liq qandaydir muammo paydo bo‘lib qolsa, ularni o‘z huzurlariga bosh egib kelishga majbur qilishadi va muammoni Otaboy oqsoqol orqali hal qilishadi. Madaniyat sohasida ular juda orqada qolib ketgan. Deyarli hammasi nemischa savodxon, 14 yoshgacha o‘zlarining maktablarini tamomlaydilar, biroq ijtimoiy-siyosiy jihatdan hech qanday bilimga ega emas. 14 yashar bolalar uchun maktab bor, nemis tili grammatikasini shu yerda o‘rganishadi, shuningdek, diniy urf-odatlar ham o‘rgatiladi.
Erkaklar o‘zbeklar bilan ko‘proq muloqot qilib yurgani bois o‘zbek tilida juda yaxshi gapirishadi, qisman o‘rischa ham biladilar. Lekin ayollar faqat nemischa savodxon. Otaboyning o‘g‘li yollanma o‘qituvchi hisoblanadi, u bolalarni o‘qitgani uchun har oyda 45 so‘m maosh oladi.
Har bir xonadonda shaxsiy kutubxona bor. Kutubxona o‘nlab nemischa risoladan iborat, diniy mavzularda yozilgan kitoblar ko‘proq. Otaboydan boshqa hech kim gazetalarga obuna bo‘lmaydi. Otaboy Sibirdan keladigan “Krestyanin” (“Dehqon”), nemischa “Der Landman”, Rossiyada ta’qiqlangan “Gindenburg” organi “Difosishe tsaytung” (Olmoniyada, Berlinda chiqadi) gazetalarini muntazam olib turadi. Birinchi gazetani yoqtirmaydi, chunki “Krestyanin” haddan tashqari qizil, bolshevikparast gazeta, lekin ikkinchi gazetani miriqib mutolaa qiladi.
Dala ishlari qizg‘in tus olgan chog‘lari har bir xo‘jalikda bittadan o‘zbek-batrak doim band bo‘ladi; uning qornini to‘ydirishadi, har kuni 50 tiyindan haq to‘lashadi. Otaboyning xonadonida ham uch-to‘rtta o‘zbek-batrak doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular na “Qo‘shchilar” shirkatiga, na boshqa sho‘raviy tashkilotga a’zo, hech qanday shartnoma tuzmasdan ishlaydilar.
Nemislar bilan suhbat chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, ular Qishloq Sho‘rosi barpo etilishini aslo istamas ekan, hammasi Otaboyni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular bir ovozdan: “Bizdan davlat nimani talab qilsa, bajo keltiramiz, lekin qabilamizning ichki ishlariga hukumat aralashmasin, agar hokimiyat bizdan oqsoqolimiz Otaboyni qayta saylashni talab etsa, yana baribir uni saylaymiz, bizga boshqasining keragi yo‘q”, deyishadi. Ularning fikricha, faqat Otaboy qabilaning talab va ehtiyojlarini qondirishi mumkin.
“Agar hokimiyat bizdan soliq to‘lashni talab qilsa, biz to‘laymiz, bosh tortmaymiz, birinchi bo‘lib to‘laymiz. Lekin hukumat bizning hayotimizga ham, urf-odatlarimizga ham aralashmasligi kerak”, deyishadi. “Nima uchun kooperatsiyaga a’zo bo‘lmadingiz?” deb savol berdik. “Biz bolsheviklar bilan iloji boricha kamroq aloqa qilishni istaymiz. Agar kooperatsiyaga a’zo bo‘lsak, hukumatning har qanday topshirig‘ini bajarishga majbur bo‘lamiz. Biz o‘z zararimizga ishlashni istamaymiz”, deb javob berishadi. Ularning noroziligiga yana bitta sabab shundan iboratki, Edilbo‘yi nemislariga maktablarda diniy qonunlarni o‘qitish hukumat tomonidan man etib qo‘yilgan. Bu haqda ular aniq ma’lumotga ega.
Oqmasjid aholisi deyarli yoppasiga bir-biri bilan qarindosh bo‘lib ketgan. Shu bois ba’zi birlari Edilbo‘yi nemislaridan kelin olib kelishadi, faqat ular ham mennonit (arxiv hujjatida “menuitlar” deb yozilgan – N.B.) mazhabiga mansub bo‘lishi lozim.
Yoshlar bilim olishga mutlaqo qiziqmaydi, ular olg‘a intilmaydi, faqat xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul; bozor kunlari Xiva shahriga o‘z mahsulotlarini sotishga kelishadi. Shuningdek, yoshlar ba’zan otalariga qo‘shilib qishloqlarga ustachilik qilgani chiqib ketishadi. Ular ko‘pincha duradgorlik bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Nemislar qo‘li gul usta hisoblanadi.
Bayram kunlari yoshlar tanishlari xonadonida to‘planib, chiroyli o‘tirishlar uyushtiradi, jo‘r bo‘lib diniy qo‘shiqlar ijro etishadi, uy-ro‘zg‘or, xo‘jalik ishlari mavzusida suhbatlashib o‘tirishadi. Shuningdek, qishloqda rasm bo‘lgan har xil o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi.
Yoshlar ota-onalarining chizig‘idan chiqmaydi, ularga so‘zsiz itoat etadi, dinni qattiq ushlaydi, keksalar bilan barobar barcha diniy urf-odatlarni bekami ko‘st ado etadilar, o‘z vaqtida albatta ibodatxonaga boradilar. Ular ijtimoiy yoki siyosiy tashkilotlar to‘g‘risida hech qanday tasavvurga ega emas, tasavvurga ega bo‘lishni ham istashmaydi.
YaKUNIY TAVSIYaLAR
Oqmasjid qishlog‘ida yashaydigan nemislarni jamoat ishlariga va siyosiy hayotga jalb etib, Qishloq Sho‘rosini barpo etishga zamin hozirlash uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim:
- Oqmasjidda yoz mavsumida nemislarning xonadonida o‘ttiztacha o‘zbek batraklari ishlaydi; ular orasida targ‘ibot va tashviqotni kuchaytirib, qishloqda batraklar qo‘mitasi tashkil etish kerak, toki bu qo‘mita batraklarning mehnat sharoitini yaxshilash uchun shartnoma tuzsin. Hozir esa qishloqqa tez-tez borib, ular bilan suhbat o‘kazib, tashkiliy ishlar chorasini ko‘rmoq darkor. Juda ehtiyotkor bo‘lish kerak, aks holda ish beradigan xo‘jayinlar batraklarning sho‘raviy shirkatga a’zo ekanini sezib qolishsa, mehnat sharoitini yaxshilash to‘g‘risida gap ochgan shovvozlarni shu zahoti ishdan haydab yuboradilar, natijada batraklar bir parcha nonidan ham benasib qoladi.
- Qishloqqa komsomollarni tez-tez jo‘natib, siyosiy mavzularda o‘zbekcha suhbatlar o‘tkazilishini ta’minlash kerak, nemis yoshlari o‘zbek tilida yaxshi gapiradi va tushunadi. Shu yo‘sin komsomol yacheykasi tashkil etish uchun zamin hozirlanadi. Bu ishni Oqmasjid qishlog‘iga yaqin bo‘lgan Yangiariq rayon komsomol tashkiloti amalga oshirishi mumkin.
- Nemis tilida yozilgan bir nechta kitobni Oqmasjidga olib borish kerak. Ular partiyaviy mavzuda bo‘lishi shart emas. Faqat mavjud tuzumga xayrixoh bo‘lsa bas. O‘sha kitoblar yoshlarni to‘plab baland tovushda o‘qib berilsa, madaniy-oqartiruv yo‘nalishida suhbatlar o‘tkazilsa, yoshlarning madaniyat darajasi ko‘tarilib, ularni ota-onalari ta’siridan ajratib olish mumkin.
- Bu yil Qishloq Sho‘rosi barpo etishga shoshmaslik kerak, kelasi yili shu ishni amalga oshirish uchun zamin hozirlab qo‘yish kerak. Chunki hozirgi sharoitda Qishloq Sho‘rosi barpo etish juda qiyin, maqsadga muvofiq ham emas. Qolaversa, Sho‘ro qabila orasida hech qanday ta’sir kuchiga ham, obro‘-e’tiborga ham ega bo‘lmaydi.
* * *
Sizning 1927-7/XII da № 2/085 sonli so‘rovingizga javob
MA’LUMOTNOMA
OQMASJID QIShLOG‘INING AHVOLI
Sho‘rolarga qayta saylov o‘tkazilishi munosabati bilan Yangiariq rayondagi Oqmasjid qishlog‘ida targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
1927–30/XII kuni Xorazm okrug saylov qo‘mitasi tomonidan berilgan topshiriqqa ko‘ra men o‘rtoq Tohirov bilan birga asosan nemislar istiqomat qiladigan Oqmasjid qishlog‘ini baholi qudrat o‘rganib chiqdim. Maqsadimiz – u yerda Qishloq Sho‘rosi barpo etish uchun zamin hozirlashdan iborat edi. Biz safar chog‘ida shuni aniqladikki, Oqmasjid qishlog‘i nemislar yashaydigan koloniyaga o‘xshar ekan. Jamiyat hayotidan va siyosiy voqealardan tashqarida turadi, Sho‘ro (Sovet) hokimiyatidan asar ham yo‘q. Oqmasjid – aholi iborasi bilan “nemis koloniyasi” deyiladigan qishloqda 35 ta xo‘jalik bo‘lib, unda 165 nafar jon bor. Odamlar asosan dehqonchilik bilan mashg‘ul, qisman hunarmand kosiblar ham bor ekan. Qishloqning hamma aholisi “menuitlar” diniy mazhabiga (sekta) mansub bo‘lib, Xorazmga Madraimxon davrida, bundan 43 yil oldin kelganlar. Ular harbiy xizmat qilishdan bosh tortib ko‘chib kelgan. Xon ularning diniy urf-odatlariga aralashmagan, lekin o‘z ehtiyoji uchun ulardan hunarmand sifatida foydalangan.
Ularning diniy e’tiqodi bo‘yicha qo‘lga qurol olish ham, harbiy xizmat qilish ham gunoh hisoblanadi. Hozirgacha ular harbiy xizmatdan ozod qilingan. Oqmasjid qishlog‘ining barcha aholisi boy-badavlat, o‘ziga to‘q hayot kechiradi.
Har bir oilada 5-6 ta sigir, 3-5 tadan ot bor va yer-mulklari ham ko‘p. Daromad hisobidan o‘z xo‘jaliklarini rivojlantiradi, madaniylashtiradi. “Kirxe” deb ataladigan ibodatxonasi bor, har yakshanba kuni u yerga borib ibodat qilib qaytishadi. “Menuitlar” mazhabi ruslarning “evangelistlar” sektasiga o‘xshaydi. Hozir ular eskicha yil hisobi bo‘yicha hayot kechiradi, o‘zlarining diniy bayramlarini ham eskichasiga nishonlaydilar. Ota-onalari ta’siri ostida bo‘lgan yoshlar ham o‘ta konservativ – eskichaga mukkasidan ketgan, jamoat ishlariga ham, siyosiy hayotga ham intilishmaydi. Har bir uyda o‘zlarining diniy shiorlari bor. Masalan, “Bizning yo‘limiz sizning yo‘lingiz emas”, “Xudo – muhabbat degani”, “Parvardigor, o‘zing bizga madadkor bo‘l” va hokazo. Ular ana shu shiorlarga qarab sajda qilishadi. O‘zlarining gaplariga qaraganda, ular qabila bo‘lib yashaydi, hech kimga tobe emas, hech kimga bo‘ysunmaydi. Aytish mumkinki, “davlat ichida davlat”.
Qabilaning tepasida boshqarma turadi. Boshqarma tarkibida qabila oqsoqoli fuqaro Teyvsa, o‘zbekchasiga Otaboy, pastor, o‘qituvchi – oqsoqolning o‘g‘li va suv ishlari bo‘yicha vakil – “mirob”. Ular bu qishloqning asosiy rahbariyati hisoblanadi.
Aholi bilan suhbatlashib amin bo‘ldikki, ular Qishloq Sho‘rosi barpo etilishiga qarshi, hammasi Otaboyga tarafdor. Ular aytadiki, “Biz davlat nimani talab qilsa, bajo keltiramiz, lekin qabilamizning ichki ishlariga hukumat aralashmasin. Agar hokimiyat oqsoqolimiz Otaboyni qayta saylashni talab qilsa, biz yana oqsoqolimiz uchun ovoz beramiz, chunki bizga boshqasi kerak emas”. Ularning firkicha, faqat u qabilaning talabini qondirishi mumkin.
Yoshlar bilim olishga ham, taraqqiyotga ham intilmaydi, ular faqat o‘z xo‘jaliklari bilan ovora. Ular jamoat tashkilotlari va siyosiy uyushmalar borligini ham bilmaydi va bilishni ham istamaydi.
* * *
Butun dunyo yo‘qsullari, birlashingiz!
O‘zbekiston Kommunistlar (bolsheviklar) partiya Markaziy qo‘mitasi
1927 y. 7/XII
Samarqand shahri
Sovetskaya ko‘chasi, 15
Maxfiy
XIVA ok O‘z KP(b)
O‘z.KP/b/ taqsimot qo‘mitasi nemislarning menuitchilar koloniyasi bo‘lmish Oqmasjid qishlog‘i – Xiva shahridan 12 km. narida joylashgan – ahvoli to‘g‘risida, koloniyani o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar haqida ma’lumot berishingizni so‘raydi.
O‘z. KP /b/ Markaz Qo‘m.
Taqsimot qo‘mitasi mudiri muovini /imzo/ Tolpigo
Kotib /imzo/ Karev
KM-2
(Blankaning chap tomonida arab imlosida o‘zbekcha yozilgan matn ham bor – N.B.)
* * *
KAMBAG‘ALLAR BILAN IShLASh TO‘G‘RISIDA
16/VIII 28 y.
O‘tayotgan 1928 yilning boshlarida qishloq xo‘jaligi, iste’molchilar kooperatsiyalariga qayta saylovlar o‘tkazildi. Miroblar saylandi. Bahorda kredit berish kampaniyasi o‘tkazildi. Ikkinchi okrug partiya konferentsiyasi qarorlari asosida qishloqlarda olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish uchun okrug qo‘mitasi tomonidan joylarga (raykomlarga) kambag‘allar orasida majlislar o‘tkazish borasida amaliy ko‘rsatmalar (direktivalar) berildi. Bunda kambag‘allar bilan ishlash jabhasida to‘plangan tajribalar hisobga olindi.
Xorazmda ilk bora kambag‘allar orasida ishlash 1926 yilning oxirlarida – 1927 yilning boshlarida yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘shanda Sho‘rolarga qayta saylov o‘tkazish kampaniyasi boshlangandi. Qishloq kambag‘allarini faollashtirish borasida o‘sha ishlar ijobiy natijalar berdi. Kambag‘allarning Sho‘rolardagi pozitsiyasi mustahkamlandi, ularning jamoat ishlarida, siyosatda faol bo‘lishi ta’minlandi. Tashkiliy jihatdan bir qator kamchiliklar bo‘lishiga qaramasdan, ijobiy yutuqlarga erishildi.
Okrug qo‘mitasi ko‘rsatmalarini kambag‘allar ongiga yetkazish vazifasi bevosita raykom va partiya yacheykalarining vakillari zimmasiga yuklatildi, unda qishloq jamoat tashkilotlari – “Qo‘shchilar” shirkati, komsomol va batrak qo‘mitalari ham ishtirok etdi.
O‘tgan davr mobaynida kambag‘allar orasida ishlash borasida sezilarli natijalarga erishildi, ular jamoat ishlariga faol aralashadigan bo‘ldi, kambag‘allar xo‘jaligi tobora yuksalib bormoqda.
Okrugdagi umumiy xo‘jaliklarning 35 foizi kambag‘allar xo‘jaligi bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligi soliqlaridan ozod qilingan, kambag‘allarga kredit beradigan fond sezilarli darajada ko‘paytirilgan, paxta yetishtiradigan kambag‘allarning xo‘jaliklari ijtimoiy jihatdan maqsadga muvofiq ravishda muhofaza etiladigan, oqilona ravishda kredit taqsimoti bilan ta’minlanadigan bo‘lgan.
Oltita rayonda 147 ta shirkat rahbarlari, yettita rayonda 239 ta miroblar, oltita rayonda 127 ta iste’molchilar kooperatsiyasi rahbarlari saylandi. Yettita rayonda bahorgi kampaniya chog‘ida 159 ta kredit berish holati munosabati bilan kambag‘allar ishtirokida majlislar o‘tkazildi.
Quyidagi jadval rayonlar bo‘yicha o‘tkazilgan majlislar ko‘rsatkichini ifodalaydi:
№ | Rayonlar | Shirkat rahbariyatiga saylovlar | Miroblar saylovi | Iste’molchilar kooperatsiyasi rah. saylovi | Kredit kampaniyasi | Jami |
1 | Hazorasp | 53 | 26 | 16 | 26 | 121 |
2 | Yangiariq | 15 | 43 | 23 | 19 | 100 |
3 | Gurlan | 32 | 56 | 38 | 23 | 149 |
4 | Bog‘ot | 15 | 25 | 15 | 15 | 70 |
5 | Xonqa | 18 | 31 | – | 27 | 76 |
6 | G‘azavot | 14 | 16 | 16 | 11 | 57 |
7 | Mang‘it | – | 42 | 19 | 38 | 99 |
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, raykom xodimlari miroblar saylovi chog‘ida kambag‘allar ishtirokida eng ko‘p majlis o‘tkazadi. Bahorgi kredit berish kampaniyasi chog‘ida esa majlis 80 foiz kamroq o‘tkaziladi.
Miroblar saylovi chog‘ida aholining ijtimoiy tarkibi quyidagi jadvalda yaqqol o‘z aksini topadi:
№ | Rayonlar | Foiz ko‘rsatkichlari | Miroblarni qayta saylash | ||
Batraklar | Kambag‘allar | O‘rtahollar | |||
1 | Hazorasp | 3,7 | 74,2 | 22,1 | |
2 | Yangiariq | 28,3 | 56 | 15,7 | |
3 | Gurlan | 46,7 | 48,5 | 4,8 | |
4 | Bog‘ot | 9,6 | 68,3 | 22,1 | |
5 | Xonqa | 2,8 | 22,7 | 74,5 | |
6 | G‘azavot | 20,4 | 59,3 | 20,3 | |
7 | Mang‘it | 6,8 | 49,8 | 43,4 | |
Jadvalda Xonqa rayonida o‘rtahollar qatlami nihoyatda faol bo‘lganini yaqqol ko‘rish mumkin.
Kichik sharh: kambag‘allar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, saylov va saylovchilar borasida qayd etilgan fikr-mulohazalar o‘sha paytda Oqmasjid nemislari qanday muhitda yashaganini yaqqol ko‘rsatadi. Biz-ku, Sovet Ittifoqida birinchi besh yillik (1927–1932 yillar) aholi boshiga misli ko‘rilmagan musibat (kolxozlashtirish, “Hujum” kampaniyasi, surgunlar…) olib kelganini juda yaxshi bilamiz. Lekin har yili Xivaga turist sifatida Yevropadan, xususan, Olmoniya yoki Shveytsariyadan kelib-ketadigan mehmonlar Oqmasjidda “menuitlar” mazhabiga mansub nemislar o‘z e’tiqodini saqlab qolish uchun qanday qiyinchiliklarni boshidan kechirib, qay holatda tengsiz kurashga bel bog‘laganini, hoynahoy, bilmasalar kerak.
OQMASJID. QADAMBOY OG‘A XONADONIDA
Biz Oqmasjid qishlog‘ida Qadamboy og‘a Sariyev xonadonida davra qurib o‘tirardik. Mezbon oq-qorani taniydi, qishloq ziyolisi:
– Nemislar atrofi baland paxsa devor bilan o‘rab olingan qo‘rg‘onda istiqomat qilardi. Oldi tarafida darvoza, orqa tarafida yana bitta darvozasi bor edi – deydi Qadamboy og‘a.
– Devorning balandligi qancha edi? Balandmidi? – deb so‘raydi Ro‘zimboy Hasan.
– Yo‘q, unchalik baland emas edi. Taxminan, 1,7-2 metrcha kelardi.
– Ular necha odam edi? Ko‘pmidi? – deb yana savol beradi Ro‘zimboy.
– Ularning aniq soni nemislar chop etgan kitobda ko‘rsatilgan. Yaqinda nemislar yana keladi, ular har yili may oyi oxirlarida kelib, Oqmasjidni ziyorat etib, o‘zbek bolalariga sovg‘a-salomlar ulashib ketadi. O‘tgan yili o‘zlari chiqargan ruscha va inglizcha kitob berib ketishdi. Hovva. Chamasi, 55-60 oila istiqomat qilgan.
– Men bir joyda o‘qib qoldim, nemislar ikkita yetim bolani asrab oladi. Shu bolalar nemischa o‘rganadi. O‘tgan asrning 70-yillarida Olmoniyadan kelgan turistlar o‘z millatdoshlarini so‘rab-surishtirishadi. Bilasiz, 70-yillarda G‘arbiy Olmoniya hamon bizning dushmanimiz hisoblanardi, Sharqiy Olmoniya esa bizga do‘st edi. Turistlar ham Sharqiy Olmoniyadan kelgan bo‘lsa kerak. Xullas, o‘sha turistlar bilan nemischani o‘z ona tilidek yaxshi biladigan ikkita o‘zbek chol biyron-biyron savol-javob qiladi. “Bu tilni qanday o‘rgandingiz?” deb so‘rashganida, “Bizni mahalliy nemislar 30-yillarda asrab olgan”, deb javob berishgan emish. Shu gap rostmi, yoshulli? – deb yana savol beradi Ro‘zimboy.
Men diktofonni dasturxon chetiga qo‘yib, tugmachasini bosganim zahoti dastlab zo‘r ishtiyoq bilan gapira boshlagan uy egasi jaydari ohangdan rasmiy “til”ga ko‘chadi. Yonimda o‘tirgan shoir Erpo‘lat Baxt miyig‘ida kulib qo‘yadi (keyinchalik u “Mezbon qo‘rqib ketdi”, deydi).
– Yak, men eshitmaganman. Mustaqillikdan so‘ng ota-bobolarini surishtirib keladigan nemislarni bilaman, boshqasini bilmayman. Keladigan nemislar maktabga borishadi. Maktabda o‘zimizdi nemislar yasab berib ketgan ikkita parta saqlanib qolgan, o‘sha partaga beshta bola bemalol yonma-yon o‘tirsa bo‘ladi. Boshqa partalarga ikkitadan bola o‘tirsa, eski partalarga beshta bola sig‘adi. O‘zlaring maktabda ko‘rasizlar. Hovva.
– Ular qishloqning to‘y-ma’rakalariga qatnashganmi? – deb savol beradi Ro‘zimboy.
– Mening otam ham, qaynotam ham qari odamlar edi; ularning hikoya qilishicha, Oqmasjidda yashagan nemislar dim (o‘ta) halol ekan…
Mehmonxonaga uy bekasi kirib:
– Issiq ovqat tayyor, miymonlar, suzib kelaveraymi? – deb so‘raydi.
Xontaxta atrofida biz besh kishi edik: Xivaning Sayat qishlog‘idan Sotimboy (kasbi bo‘yicha – me’mor), Shovotning Chig‘atoyovulidan Sarvar (kasbi bo‘yicha – tarixchi), Bog‘otning Atovidan shoir Erpo‘lat Baxt va kamina – Erpo‘lat bilan ikki hafta mobaynida Urganchda, Xorazm viloyati arxivida “Hujum” kampaniyasiga aloqador (asosan 1927–1932 yillarga doir) hujjatlarni titkilab o‘tirganda tasodifan Oqmasjidda yashagan nemislar to‘g‘risidagi hisobotga duch kelib qolib, nihoyatda hayratlanganimdan yor-do‘stlarni otlantirib shu qishloqda “davra suhbati” tashkil etgan muallifingiz. Oramizda, ayniqsa, jurnalist do‘stimiz Ro‘zimboy Hasan faol edi. Beshovimizdan Sotimboygina ilgari ham Oqmasjid qishlog‘ida bo‘lgan, shu yerliklar “Ro‘zimat nemis” deb ataydigan mo‘ysafidga Namanganda yigitlik burchini o‘tab yurgan askar nabirasidan salom keltirgan, shu bahonai sabab bilan Oqmasjidda bir zamonlar nemislar istiqomat qilganini eshitib “dim ta’sirlangan”.
Xontaxtaga dasturxon yozildi, choy-non qo‘yildi. Erpo‘lat bilan Sotimboy choynaklarni yoniga tortib, choy shopirdi. Mezbonning hay-haylashiga qaramay, hammaga bir piyoladan choy uzatdi (mezbon o‘zi xizmat qilmoqchi bo‘ldi-da).
Uy bekasi mehmonxonaga kirgach, uzilib qolgan suhbat yana davom ettirildi.
– Demak, nemislar halol bo‘lgan… Xo‘sh, keyin-chi? – deydi Ro‘zimboy.
– Ha, ular dim halol bo‘lgan… Nemis oqsoqolining ismi Otto bo‘lgan, familiyasi esa Zegersmi, Bigersmi… Otto o‘zbek tilida erkin so‘zlashgan, biznikilar uni Otaboy deb atagan. Nemislar o‘zbek yigitlarini o‘z xo‘jaliklarida ishlatgan, nemislar qo‘lida o‘ynab-kulib mardikorchilik qilgan. Agar ish beruvchi bilan mardikor o‘rtasida janjal chiqib qolsa, darhol Otto – Otaboy aralashib muammoni hal etib bergan. Mardikorni ishlatgan odamning o‘rniga o‘zi ish haqini berib yuboravergan, keyin ish beruvchidan jarima undirib olgan bo‘lsa kerak. Balki o‘rtada buzilmas fond bo‘lgandir, qaydam.
– Nemislar o‘zbeklar bilan quda-anda bo‘lganmi? – deb savol beradi Ro‘zimboy.
– Yak, bo‘lgan emas… Birisi bizning bitta gizimiz bilan muomala etib qo‘yadi… Yoshlar qoni qizib turgan bo‘lsa, nimalar qilmaydi deysiz, hovva! Ular mennonit-nemislarning udumini buzgan yigitni o‘z jamosidan chiqarib, raddi ma’raka etib qo‘ygan… Lekin, umuman olganda, nemislar o‘zbeklarga giz ham bargan amas, bizdan giz ham olgan amas… Hovva. Ammo shu bitta ish bo‘lgan…
– Nemis yigitni xohlab qolgan qizning ismi nima?
– Gizning odini bilaman, ammo uni yozib o‘tirish shart amas; yoshligida sho‘x bo‘lgan momoning aqtiq-nabiralari tirik hali, eshitib qolsa xafa bo‘ladi. Hovva.
– Marhumlarni qayerga dafn etishgan? Qabristonlari saqlanib qolganmi?
– Men qabristonlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman. O‘tgan asrning 30-yillarida nemislar Oqmasjiddan ko‘chirma etilgach, oradan qirq yillar o‘tib, qarovsiz qabriston cho‘kib-cho‘kib yer bilan barobar bo‘lib qoladi. So‘ng eski qabriston o‘rniga qovun ekiladi; paykalga bostirib suv qo‘yiladi, shunda eski qabr o‘rinlari o‘pirilib, chuqaloq bo‘lib qoladi… Ko‘rinib qolgan suyaklar ustiga yana tuproq tortib qo‘yiladi. Men nemislar qabristoni qayerda joylashganini bilaman. Hovva.
– Nemislar o‘zlarining qo‘rg‘onida qanday yashagan?
– Ularning ibodatxonasi bo‘lgan, maktabi bo‘lgan, hatto telefonlari bo‘lgan ekan. Hovva. Musulmonlar bilan quda-anda bo‘lmagan. O‘z jamoasida uzatish yoki uylantirish uchun giz yoki yigit topilmasa, Orol bo‘yida yashaydigan nemislardan kelin yo kuyov topganlar.
– Orol bo‘ylarida ham nemislar yashaganmi?
– Faqat Volga (Edil) bo‘ylarida emas, Orol bo‘ylarida ham nemislar yashagan.
– Shunaqami?
– Hovva. Qo‘rg‘onda yosh kelin-kuyovga joy topilmasa, Oqmasjidning o‘zbeklar yashaydigan qismidan yangi uy qurishgan. Uylarini paxsadan tiklashgan. Tomni xuddi shifer qiladigandek qiyalatib yopishgan, ustini somon suvoq qilishgan; yomg‘ir yog‘sa, tomni teshib o‘tmasdi, pastga oqib tushib ketaverardi.
– Cherepitsa qoplashar ekan-da?
– Yak-yak, cherepitsa qoplashmasdi, lekin tomlari qiyalama… Derazalarga oyna o‘rnatishni avval nemislar boshlab bergan. Ular qurgan uylar yaqinlargacha ham saqlanib qolgan edi. Derazalari tashqariga ochilardi, tashqarida deraza ustidan yopib turadigan eshikchalari bo‘lardi. Qor-bo‘rondan, qattiq shamoldan derazani o‘sha eshiklar himoya qilardi. Yon-atrofimiz – Qoraqum; Sho‘rko‘lning narigi tomonlari – bepoyon sahro. Hovva. Xullas, ular madaniyatda ancha ilgarilab ketgan edi.
– Kartoshka, pomidor, bodringlarni Xorazmga ular olib kelishgan, deyishadi.
– Hovva. Bodring o‘zimizda bo‘lgan, shekilli. Lekin kartoshka bilan pomidorni bizga nemislar olib kelishgan. Qo‘rg‘onchalarida uzumdan musallas (vino) ham tayyorlashgan. Ular sholidan yuz sentnerdan, kartoshkadan esa besh yuz sentnerdan hosil olgan. Sigirlari har kuni qirq litr sut berardi. Qishlog‘imizda nemislardan qolgan govmush-sigirlari bor xonadonlar ko‘p edi. Yelinlari chotiga sig‘maydigan zotdor sigirlarni o‘zim ham ko‘rganman. Axir, men ham yosh emasman, yetmishga yaqinlashib qoldim.
– Nima balo, ular sigirlarini ham haydab kelganmi?
– Bilmadim, sigirlarini haydab kelganmi yoki yopiq vagonlarga ortib kelganmi, u yog‘ini aniq bilmayman. Ammo sersut sigirlari bo‘lgan.
– Aytishlaricha, Madrayimxon nemislarga Oqmasjidda yashashga ruxsat berayotib, cho‘chqa boqmaslikni shart qilib qo‘yadi, – deydi Ro‘zimboy.
– Lekin, nemislar daryo bo‘yidagi to‘qaylardan kelib qishloq oralab yuradigan yovvoyi qobonlarni otib yo‘qotadi. Yovvoyi qobonlar ilgari ekin-tikinni payhon etib, qishloq xo‘jaligiga ko‘p ziyon yetkazardi. Hozir to‘qaylarda qobon qolmagan, – deydi Sotimboy.
– To‘qaylar ham qish qattiq kelganda kesib yo‘qotilyapti.
– Do‘g‘ri, do‘g‘ri…
– Yanglishmasam, nemislar 1865 yilda Oqmasjidga kelgan, – deydi yana suhbatni asil o‘zaniga burib mezbon. – O‘sha paytlarda Turkistonning general-gubernatori fon Kaufman – nemis bo‘lgan-da! Ular fon Kaufmanni qora tortib, Turkistonga kelib qoladi.
Aslida, Konstantin Petrovich Kaufman allaqachon ruslashib ketgan, pravoslav mazhabiga mansub nasroniy bo‘lib, katta bobolari nemis bo‘lgani uchun mennonit sektasiga aloqador millatdoshlariga qayishadigan, yon bosadigan inson emas edi. U 1882 yilda vafot etgan. Mennonit nemislari Turkistonga, xususan, Xiva xonligi hududiga 1885 yilda keladi (bu haqda arxiv hujjatlarida aniq ma’lumot bor).
Darvoqe, Qadamboy og‘a xonadonida mennonitlarga doir voqea-hodisalar xalq xotirasida qanday saqlanib qolgan bo‘lsa, o‘sha holda diktofonga yozilib, qog‘ozga tushirildi.
– Ular dastlab turkmanlar yashaydigan ovullarga joylashmoqchi bo‘ladi. Turkmanlar nemislarning qizlarini o‘g‘irlab ketib, o‘zlariga kelinchak-xotin qilib olaveradi. Shundan keyin ular fon Kaufmanga murojaat etib, Xiva xonligi xududidan siyosiy boshpana so‘raydi, – deb izoh beradi tusmoldan Ro‘zimboy, – xon yashashga ruxsat beradi.
– Ular dastlab hozir Xiva qishloq xo‘jaligi kolleji bo‘lib turgan joyga tushadi, ammo bu yerda odamlar ularga ko‘p aziyat yetkazadi, shundan so‘ng ular Oqmasjidga ko‘chiriladi. Oqmasjid xalqi musofirlarga mehribon bo‘ladi. Xalq ularga tegingan emas. Aksincha, ular o‘rnashib boyib ketgach, mahalliy aholi ularning eshigida ishlagan, molini boqqan, tomorqasiga qaragan. Menga dars bergan ustozim yuz yil umr ko‘rdi. O‘sha muallimning hikoya qilishicha, to‘qqiz yashar chog‘ida akasi-otasi uni nemislar qo‘rg‘oniga ishga yuborgan ekan. Ustozimning ismi Vafo edi. Otasi Polvon bo‘lgan, hamma uni Polvon buva derdi… Nemislarning oqsoqoli Otto-Otaboy Vafoning otasi kimligini so‘rab, uyiga keladi va: “Polvon, sen bizni orqavarotdan “kofir” deb malomat qilib yurasan, aslida, biz emas, o‘zing kofir ekansan! Sen to‘qqiz yashar bolangni boqolmay qopsan, murg‘akni yosh chog‘idan ishlatib qo‘yibsan… – deydi joni achishib. – Lekin men uni ishlatmayman, hozirdan mayib bo‘lib qolishini istamayman. Mayli, Vafo biznikida yuraversin, qornini to‘ydiraman, ust-boshini butlab beraman, o‘zim o‘qitaman; musulmoncha ham, nemischa ham savodini chiqaraman, hovva!” deb bolani parvarish qiladi. Shu gaplarni aytib Vafo muallim yum-yum yig‘lar edi. Iloyim, xudoyim rahmatiga olgan bo‘lsin! – deb yuziga fotiha tortadi mezbon. – Oqmasjidda yashagan nemislar bizning xalqimizda munis xotiralar qoldirgan, hovva. Nemislar bizning odamlarni ishlatgan bo‘lsa, avval og‘zaki shartnoma tuzib, kelishib, so‘ng haqini bergan; molini boqtirsa ham, solma qazdirsa ham hech kimni norozi qilmagan. Haqini to‘kis bergan.
– O‘tgan asrning 30-yillarida qo‘rg‘onlarida kino qo‘yishar ekan. Yon-atrofdan odamlar yig‘ilib kelib, kino ko‘rib ketishar ekan. Shu gap rostmi?
– Yak, men bu gapni endi eshityapman.
– Xohlovchilarni suratga tushirishar emish…
– Bilmadim. Oqmasjidda yashagan nemislar to‘g‘risida bizdan ko‘p biladigan odam bo‘lmasa kerak. Qolaversa, har yili may oyining oxirlarida Olmoniyadan bir avtobus bo‘lib turistlar keladi. Biz bilganlarimizni ularga aytamiz, ular bilganlarini bizga aytishadi. – Turistlar hech kimning uyiga kirmaydi. Ko‘chadan kelib, ko‘chadan ketishadi, – deya so‘zida davom etadi Qadamboy og‘a. – Yak, maktabga kirishadi. Partalarni ko‘rishadi. Ilgari o‘n besh-yigirmata parta bor edi, hozir faqat ikkita qolgan. O‘sha partalar bugun tabarruk bo‘lib ketishini bilganimizda hammasini g‘ilofga o‘rab saqlab qo‘yardik. Hovva! Bizda Iskandar Yusupov degan rais bo‘lardi. O‘sha odam o‘n beshta partani kolxoz garajiga oldiradi. Partalarga katta odamlar ham bemalol sig‘ardi. Ulardan haydovchilar, garajga kelib-ketadigan boshqa odamlar foydalanadi. Men maktab direktori bo‘lib turgan chog‘larim “Bizda ham eski parta xotira bo‘lib qolsin, yoshulli!” deb ikkitasini olib qolganman. Partaga o‘tirish chog‘i yon tomondan o‘tiladi, o‘tayotib gujumdan yasalgan taxta-ostonaga oyoq qo‘yiladi; o‘sha taxta-ostona yemirilib, asil holatining uchdan bir qismi qolgan. Poyabzal bilan taxtani yemirish uchun yuz yil vaqt kamlik qiladimi yoki ko‘pmi? Hali-zamon o‘zlaring borib nemislardan qolgan ashyoviy dalilni o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rasizlar.
– Nemislardan boshqa hech narsa qolmaganmi?
– Qolgan. Ko‘p narsa qolgan. Faqat boshqa ashyoviy dalillar odamlarning qo‘llarida. Agar Oqmasjidda yashagan nemislarga muzey tashkil etilsa, men darrov odamlardan tarixiy ashyolarni yig‘nab berardim…
Mezbon bizni nemislar jo‘natgan elchilar guruhimi, muzey tashkil etish uchun Madaniyat vaziri jo‘natgan vakillarmi, deb o‘yladi chamasi. Shu bois quyuq mehmon qilishga ham shay edi.
– Yoshulli, odamlarning qo‘llarida nimalar qolgan? – deb so‘raydi Ro‘zimboy.
– Nemislar o‘z qo‘li bilan yasagan javon bor, pardasi bor, separati bor, “Zinger” degan mashinasi (tikuv) bor. Xullas, odamlarda ko‘p vajlar bor.
– Buyumlarini nemislar sotib ketganmi yoki tekinga tashlab ketganmi? – deb yana savol beradi Ro‘zimboy.
– Qanday sotadi? Sotmagan! Men ularning qanday qilib bu yerdan ketganini aytib beraman, – deydi mezbon. – Ularning hammasi 1935 yil 18 iyun kuni surgun etilgan.
– Hammasimi? – deb luqma tashlaydi Erpo‘lat. – Nahotki!
– Hammasi surgun etilgan, – deb takrorlaydi mezbon. – 1935 yil 18 iyun, “l” emas, “n” oyining o‘n sakkizinchi kuni surgun qilingan.
– Olmoniya bilan urush bo‘lishi muqarrar bo‘lib qolgach, Oqmasjid nemislari mamlakat ichkarisiga surib yuborilgan, deb eshitganman, – deydi Ro‘zimboy.
– E-e, u paytlarda Hitler endi hokimiyatni qo‘lga olgan, Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga ancha bor edi. Qolaversa, Oqmasjid nemislari harbiy xizmat qilishni e’tiqodga xilof deb bilardi, qo‘liga qurol ushlamasdi.
– Bo‘lmasam, nima uchun ular surgun qilingan? Qayoqqa ketishgan?
– Birovlar Qarag‘andaga deydi, birovlar Tojikistonga deydi. Yana birovlar Qozog‘iston bilan Tojikiston chegarasidagi odam yashamaydigan changalzorga eltib tashlangan, deydi. Menga qarang, Qozog‘iston bilan Tojikiston chegaradoshmi?.. Ishqilib, nemislar gadoytopmas joyga eltib tashlanadi. Nemislar nihoyatda mehnatkash bo‘lgan. Ustiga ustak, dim ongli edi. Ular qayerga borsa ham, nonlarini topib yerdi, och qolmasdi.
– Umri quvg‘inda o‘tgan xalq-da, – deb luqma tashlaydi Ro‘zimboy.
– Nemislarning uchta boshlig‘i bo‘lgan. Bittasi – Otto, Otaboy ham shu kishi, birisi – uning bolasi, yana birisi – mullasi. Ularga “kolxoz bo‘lasan” deyishadi. “Yak, biz kolxoz bo‘lmaymiz. Sen yerni o‘lchab ber, norma qo‘y, so‘ng shuni bizlardan so‘rab ol! Yeringni o‘lchab ber, nima ek desang, shuni ekamiz. Lekin bizga hech kim ish buyurmasin, nima qilish kerakligini o‘zimiz bilamiz. Rejani bajarmasak, undan keyin, mayli, chora ko‘rasan”, deyishadi Sho‘ro hukumati vakiliga. “Yak, biz aytganni qilasan, kolxozga kirib ishlaysan”, deydi Sho‘ro hukumati vakili. “Yak, kolxozga kirmaymiz”, deydi nemislarning yetakchilari. So‘ng uchisini qamaganlar. Yana uchisini badarg‘a qilganlar. Shundan keyin ham nemislar kolxozga a’zo bo‘lishni istamaydi. Oxiri hammasi yoppasiga surgun qilinadi.
– Hech vaj oldirilmaganmi? – deb so‘raydi Ro‘zimboy.
– Yak, hech vaj olishga ulgurishmagan… Akam aytar edi, palov pishgan ekan; palov tovoqlarga suzib dasturxonga qo‘yilgan, palov ustida turgan go‘shtlar hali maydalanmagan… Shu payt o‘n sakkizta harbiy yuk mashinasi Oqmasjidga kirib keladi.
– “Polutorka” (bir yarim tonnalik) yuk mashinalari kelgan bo‘lsa kerak-da?
– Ha, shundoq, – deydi mezbon. – Har kimga faqat bir qop vaj olishga ruxsat beriladi. Non olasanmi, latta-putta yoki qimmatbaho buyum olasanmi – ixtiyoring, deyiladi. Qurollangan askarlar havli-joylarga bostirib kiradi. Hech kim ortiqcha harakat qilolmaydi. Nemislar qurol ko‘tarishni xayoliga ham keltirmasdi, ular nasroniylarning mo‘min-qobil mazhabiga mansub qavm edi. Qoplar bitta mashinaga yuklangan, odamlar esa boshqa mashinalarga joylashtirilgan. Qishloqdoshlar g‘oyibona xayr-xo‘shlashib qolavergan.
– Mol-hol qolib ketganmi?
– Hammasi qolib ketgan.
– Nemislar qurgan uy-joylar nima bo‘lgan?
– Yon-atrofdan uysiz-joysiz yo‘qsullar ko‘chirib kelib joylashtirilgan. Ular bu uylarda ilgari kimlar yashaganini ham bilmasdi.
– O‘sha uylardan birortasi saqlanib qolganmi?
– Hammasi buzilib ketgan. Agar birortasi saqlanib qolgandami, juda ajoyib muzey bo‘lardi. Biz Oqmasjid Olmoniyadan keladigan turistlar uchun qadamjo bo‘lishini bilganimizda nemislardan qolgan uy-joylarni ko‘z qorachig‘idek asragan bo‘lardik. E-e, xom sut emgan bandamiz-da! Hovva.
– Poydevoriga tosh yoki karvich terilmagan bo‘lsa kerak, shu sabab qirq yilga yetib-etmasdan qulab tushgan, – deb tusmol qiladi Ro‘zimboy.
– Yak, nemislar hamma ishni puxta qilardi. Men yaxshi eslayman, ularning uylari yuz yildan ortiq turdi. Yana turishi mumkin edi. Lekin qishloq bosh reja (“Genplan”) asosida qayta qurilgan vaqtlarda (1970-yillar) ko‘p uylar buzilib ketdi. Ana, nemislar yasagan maktab partalarini ko‘ring: yuz yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa hamki, bolalar o‘tirib o‘qiyapti-ku! Birorta mix ishlatmasdan parta yasaganlar. Taxtalar bir-biriga shunday o‘yib yopishtirilganki, chimildiqqa kirgan kelin-kuyov ham bir-biriga bunday qattiq yopishmasa kerak. Hovva.
– Oyday turibdi.
– Hovva, oyday turibdi. Mix-six urilmagan. Aytishlaricha, katta doshqozonda alifni qaynatib, unga parta yasaladigan taxtalar bo‘ktirib qo‘yilar ekan. Alifni rosa shimib, to‘yinib qolgan taxtalar yuz yil emas, lofi bilan, ming yil ham o‘z holatini yo‘qotmasdan turaverar ekan.
– Nemischa hisob-kitob – bor imkoniyatdan oqilona foydalanish degani-da.
– Hovva. Nemislar yasab bergan qopu-eshiklar haligacha odamlarning uylarida bor. Xonning Nurulloboydagi saroyini ham shu nemislar duzatgan-qurgan deyishadi.
Mezbon ana shunday deydi-da:
– Choy ichaveringlar, – deb bizni yana dasturxonga manzirat etadi. – Ey, bolalar, choy opkelinglar, axir!
– Xo‘p, hozir, – degan sas eshitiladi dolondan.
– Qaysi fandan dars bergansiz? – deb so‘raydi Erpo‘lat.
– Men til va adabiyot fanidan dars berganman.
– Qaysi urug‘dansiz, siz ham naymanmi? – deb so‘rayman.
– Yak, biz turkmandan, – deydi mezbon. – Otim Qadamboy Saliyev, Saliyev Qadamboy. Hovva. Bizlar turkmanlarning “sari” urug‘idanmiz.
– Qaysi maktabda ishlagansiz?
– Shu o‘zimizning 8-maktabda ishlaganman.
– Nemislarning o‘rniga turkmanlar olib kelib joylashtirilganmi?
– Yak, turkmanlar bor-yo‘g‘i uch xo‘jalik bo‘lgan… Asosan o‘zbeklar joylashtirilgan.
– Turkmanlarni xon Xiva atrofiga joylashtirgan. Hozir Qal’ajiq (Bog‘ot) tarafda, Nayman tarafda turkman elatlari bor. Qal’ajiq yonida asosan Maridan kelgan turkmanlar yashaydi, hozir ham o‘zaro bordi-keldi qilib turishadi.
– Turkmanda suv kam bo‘lgani uchun sersuv joylarga keltirilgan, – deydi Qadamboy og‘a. – Men turkmanlarning kelish sabablarini aniq bilmayman-u, lekin akam-otam, “Biz urush-janjaldan qochib kelganmiz”, deb ko‘p aytardi… Marhum Jumaniyoz Sharipovning “Xorazm” kitobida bor-ku, agar birovning uyini o‘g‘irlashga ahd qilinsa, to‘rtta turkmancha so‘zni o‘rganib olib, kechasi tovushini baland qo‘ygancha, o‘sha so‘zlarni qayta-qayta xitob qilib, qo‘lga ilingan narsani o‘marib ketishar ekan. Ertasi kuni el-yurtga: “Falonchining uyini turkmanlar bosdi!” deb gap tarqaladi. Qarabsizki, kim o‘g‘ri – yovmud o‘g‘ri, kim o‘g‘ri – taka turkman o‘g‘ri! Mabodo o‘sha o‘g‘rilar turkman boylarini tunamoqchi bo‘lsa, kechasi o‘zbekchalab baqir-chaqir qilishar ekan. Qarabsizki, ikki xalq bir-biriga yovlashib yotaveradi, o‘g‘ri-kazzoblar esa maishat qilaveradi.
– Demak, nemislar har yili kelib shunchaki aylanib ketishar ekan-da? – deb gap mavzusini yana asil o‘zaniga buradi Ro‘zimboy.
– Ha, ular ko‘chalarimizda aylanib yurishadi, bolalarga sovg‘a-salom berishadi. Fotoapparatlarida odamlarni, manzarali joylarni suratga tushirishadi.
– Olmoniyadan turist bo‘lib keladigan nemislar ilgari Oqmasjidda yashagan nemislarning avlodimi? – deb so‘raydi Erpo‘lat.
– U yog‘ini bilmadim, Xudoyim bilguvchi, – deydi Qadamboy og‘a. – Bizdan ketgan nemislarning markazi hozir Kanadada emish. Lekin Xivaga har yili novcha bitta nemis turistlarni boshlab keladi. Boshlig‘i – o‘sha novcha nemis bo‘lsa kerak. Aytishlaricha, o‘sha paytlarda mennonit-nemislardan ikki yuz ming kishi Rusiyaga ko‘chirib keltirilgan ekan. Hovva.
– Ular qirolicha Yekaterina zamonida ko‘chirib keltirilgan, – deydi Ro‘zimboy.
– Lekin general Skobelev milliy qahramon darajasiga ko‘tarilgan 1870 yilda Rusiyada nemislarga qarshi kampaniya boshlanib ketadi: “Nemislar – ruslarning eng ashaddiy dushmani! Nemislar Rusiyadan haydab chiqarilsin!” Darhaqiqat, rus podsholari ham, buyuk knyazlar ham nemis qizlariga uylanishni rasm qilgan ekan-da! Go‘yo nemis xotin-qizlari rus podsholarini yo‘ldan urib, rus xalqini jar yoqasiga keltirib qo‘ygan emish. Xullas, general Skobelev yetakchilik qilgan millatchilar tazyiqi ostida Rusiyaning markaziy shaharlarida yashovchi nemislar yoppasiga Volga-Edil daryosi bo‘yiga ko‘chiriladi. 1917 yildagi bolsheviklar inqilobidan so‘ng Edilbo‘yi nemis avtonom respublikasi tashkil etiladi. 1937-38 yillarda Stalin ommaviy qatli om uyushtirib, ko‘plab nemislarning yostig‘ini quritgach, Edilbo‘yi avtonom respublikasini ham tarqatib yuboradi.
– Demak, nemislar Rossiyaga uch yuz yil muqaddam kelib qolgan.
– Hovva.
– Xivadan ketgan bitta nemis Tojikistonga borib qoladi. U xotira kitobi yozadi. Qamaladi. Ozodlikka chiqadi. Odi ham Shultsmi, Shvartsmi – shunaqaroq. Uning yozishicha, mennonit nemislari dastlab Shvetsiyada yashagan, so‘ng Olmoniyaga o‘tadilar. Olmoniyadan quvilgach, Rusiyaga o‘tishadi. Mennonitlar kelgan chog‘larda Rusiya bilan Turkiya o‘rtasida Qrim urishi (taxminan, 1850 yillar bo‘lsa kerak) avjiga chiqqan edi. Boshpana bergan rus podshosi yangi fuqarosidan askar o‘rnida foydalanmoqchi bo‘ladi; mennonitlarni Qrim urushiga safarbar etmoqni mo‘ljallaydi. Mennonitlar qo‘liga qurol olishdan bosh tortadi. Shaxsan Aleksandr Ikkinchi nomidan vakil kelib iltimos qilsa ham, mennonitlar urushda qatnashishga rozi bo‘lmaydi: “E’tiqodimiz bo‘yicha biz harbiy xizmatni harom deb bilamiz. Hazrati oliylariga uzrimizni yetkazib qo‘yinglar”, deb javob beradi. Shundan so‘ng ular hali odam yashab obod etilmagan Orol bo‘ylariga surgun qilinadi. Hovva. Ular dastlab Kegayli atroflarida yashaydi. Turkmanlar otda qiy-chuv ko‘tarib bostirib kelishar ekan-da, nemislarning bo‘y yetgan qizlarini opqochib ketishar ekan. Bechora dindor nemislar qo‘llariga tayoq olib, o‘zini bosqinchilardan himoya qilishga ham qodir bo‘lmaydi. Chunki ularning e’tiqodi zo‘ravonlikka qarshi kuch ishlatishga izn bermas ekan. Chamasi, nemislar oxiri Xiva xoniga arz etib keladi, vaziyatni anglagan xon ularni eng xavfsiz bo‘lgan Oqmasjid qishlog‘iga ko‘chirib keltiradi.
– To‘g‘ri aytdingiz, Ro‘zimboy. Bu qishloq Otajon to‘raning mulki hisoblangan. Otajon to‘ra esa Xiva xonligida podshodan keyin turadigan ikkinchi shaxs bo‘lgan. Otajon to‘ra mulkiga hech kim bostirib kirishga jur’at etolmagan.
– Otajon to‘ra – xonning ukasi edi.
– Hovva.
– Mennonit nemislari tinch-totuv hayot kechira boshlagan. O‘zlari yasagan hunarmandchilik buyumlari, yetishtirgan qishloq xo‘jaligi yoki chorvachilik mahsulotlarini Xiva bozorlariga olib borib bemalol sotavergan. Ishning ko‘zini biladigan nemislar tez orada boyib ketadi. Chunki nemislar yo‘qni yo‘ndiradigan tadbirkor xalq bo‘ladi!
– Hovva.
– Xivadagi shifoxonayu pochtaxona binolarini ham Oqmasjidda yashagan nemislar qurgan. Ma’lumki, Islomxo‘ja islohotchi hukmdor bo‘lgan, u nemislarni qurilish ishlariga jalb etgan. Bundan tashqari, Xiva xonligida ilk bora suratkashlik hunarini malakali darajada egallagan Xudoybergan Devonovning ustozi ham Panner ismli oqmasjidlik nemis bo‘lgan. Hovva.
– Pannerni o‘zbekcha qilib Panoh bobo deyishadi, shekilli.
– Hovva. Devonovga suratkashlikni o‘sha nemis ustozi o‘rgatgan.
– Xivada Xudoybergan Devonovning uy-muzeyi bor ekan, lekin u yerda uztozining faqat nomi bor-u, surati yo‘q ekan.
– Biz ham Oqmasjidda yashagan nemislar hayotini aks ettiradigan muzey tashkil qilish uchun dim ko‘p yugurdik. Biroq, baribir, muzey ocholmadik. Izindan qolmay ko‘p yugurdik, baribir bo‘lmadi. Xivaliklar muzey ochdi, shekilli? – deb tusmol qiladi Qadamboy og‘a.
– Yo‘q, Xivada Oqmasjidda yashagan nemislarga bag‘ishlab hech qanday muzey ochilgani yo‘q, – deydi Erpo‘lat Baxt. – Holbuki, muzey ochilgani haqida gazetada xabar o‘qigandim, televizorda ham e’lon qilishgan, hatto internetda ham yozishgan edi. Hayronman, odamlarni aldashdan nima foyda bor ekan.
– Hovva, televizorda gapirishganini o‘zim ham eshitganman, – deydi mezbon. – Direktorlik davrimda muzey ochish uchun rasmiy idoralarga uchrashsam, e-e voh, baloga qolayozdim! Rosa tergov qilishdi. Oxiri direktorlikdan bo‘shab, zo‘rg‘a qutildim. Tashabbus ko‘tarib bo‘lmas edi. Nega bunaqa qilishadi, hayronman. Axir mennonit nemislari mahalliy xalq bilan tinch-totuv yashagan, ularning bizga foydasi tekkan bo‘lsa tekkan, aslo zarari tegmagan. Shundoq bo‘lgach, nima uchun muzey ochilishiga ruxsat berishmaydi?
– Yetti-sakkiz yil oldin Olmoniyaning O‘zbekistondagi elchisi Matis Mayer Xorazmga kelib, jurnalistlarni yig‘nadi, – deydi Ro‘zimboy. – Urganch shahar hokimiyatida uchrashuv bo‘ldi. Bo‘yi ikki metr bor ekan. Birgalashib suratga tushdik. Hovva. O‘tirib, undan-bundan gaplashdik. So‘ng men unga savol berdim: “Olmoniyada Oqmasjidda yashagan mennonitchi nemislar to‘g‘risida bilishadimi?” “Men bugun Xivaga bordim, – dedi Mayer, – menga mennonitchi nemislar yasagan naqshinkor eshiklarni ko‘rsatishdi. Juda quvondim”. So‘ng menga vizitkasini berdi. Men mennonitchi nemislar to‘g‘risida ma’lumot to‘play boshladim, ammo boshlab qo‘ygan ishimni oxiriga yetkazolmadim, qolib ketdi. Mayer ham Olmoniyaga qaytdi, vakolat muddati tugab qoldi.
– Xiva shahar hokimiyati ham muzey ochishga ko‘p urindi, lekin yuqoridan ruxsat ololmadi, shekilli. Agar muzey ochilsa, Olmoniya barcha xarajatlarni ko‘tarishga tayyor edi.
– Nemislar hisob-kitobni yaxshi ko‘radigan xalq. Turistlarni boshlab keladigan novcha nemis: “Sizlar avval muzey tashkil etinglar, hokimiyat qarorini bizga ko‘rsatinglar, so‘ng biz sizlarga pul beramiz”, degan. Hovva.
– Agar Oqmasjidda mennonitchi nemislarga bag‘ishlangan muzey ochilsa, Oqmasjid ham turistlar yo‘nalishiga kiritiladi. So‘ng Bog‘otdagi Qal’ajiq ham sayyohlik marshtrutiga kiritilib, yo‘llar tuzatiladi, mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan maishiy tarmoqlar rivojlanadi, – deydi Ro‘zimboy Hasan. – Ancha odam ish bilan ta’minlanadi.
– Hovva. Hozir Urganchda turizm boshlig‘i kim? – deb so‘raydi mezbon.
– Hozir Odilbek turizmning boshlig‘i, – deydi Ro‘zimboy.
– Shu yigit dim ajoyib odam ekan! U muzey tashkil qilish uchun ko‘p urindi, lekin, afsuski, qo‘lidan hech narsa kelmadi. Kimlar unga qarshilik etdi, bilmadim. G‘ayratli yigit ekan, kam bo‘lmasin.
– Muzey ochish uchun oldin hokimiyatdan ruxsat olish kerak, – deydi Ro‘zimboy. – Bilishimcha, turizmni rivojlantirish uchun Xivada 29 ta mehmonxona qurilishi kerak. Hozir mehmonxona qurilishi kimoshdi bo‘lib yotibdi. Tadbirkor yigitlar ko‘p, agar Oqmasjidda turistik to‘chka ochiladigan bo‘lsa, ko‘l bo‘yida mo‘jazgina mehmonxona barpo etiladi. Hovva. To‘yxonadan ko‘ra mehmonxona ko‘proq foyda keltiradi.
– Toshkentlik bitta opa Oqmasjidda yashagan mennonitchi nemislar to‘g‘risida kitob yozgan ekan, – deydi Ro‘zimboy.
– Lekin yozilib turgan kitoblarda noto‘g‘ri joylari ko‘p, – deydi Erpo‘lat.
– Nimasi noto‘g‘ri ekan? – deb so‘raydi Qadamboy og‘a.
– Masalan, Oqmasjidda yashagan mennonitchilarni “nemis” deyishadi. Aslida, ular nemis tilida gaplashsa ham, o‘zlar nemis emas, – deydi Erpo‘lat. – Ularning internetda o‘z saytlari bor…
– Nega bo‘lmasa ularni “nemis” deyishadi? – deb so‘raydi Qadamboy og‘a hayron bo‘lib.
– Yak, ular nemislardan boshqacha millat, – deydi Ro‘zimboy.
– Irland bo‘lsa kerak, – deydi Erpo‘lat. – Ularning asl kelib chiqishi irland.
– Shoshmang, Erpo‘lat, ular mennonit bo‘lgani sabab rasmiy doiralar tomonidan ta’qib etilib, oxiri Olmoniyaga sig‘masdan Irlandiyaga chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin, – deyman.
– Ular Norvegiyada ham yashagan, – deydi Ro‘zimboy.
– Rossiyada ham yashagan… Lev Tolstoy 1893 yil 23 may sanasida o‘z kundaligiga “Yo‘lda mennonitlar bilan suhbatlashildi”, deb qayd etib qo‘yadi. Tolstoy bobo o‘sha kuni to‘ng‘ich qizi Tanya bilan Yasnaya Polyanadan Begichevka tumaniga boradi; ochliqdan aziyat chekayotgan odamlarga yordam uyushtiradi. Yo‘l-yo‘lakay esa mennonit mazhabiga mansub qavm vakillarini uchratib qoladi. Chamasi, ular rus tilida so‘zlashgan bo‘lsa kerak. Demak, ocharchilik avj olgan joylarda ham mennonitlar bo‘lgan.
Bildimki, Erpo‘lat mennonitlar nemis emas, irland bo‘lganini zo‘r berib isbotlamoqchi bo‘lardi. Ular irland bo‘lsa, nima uchun nemischa gapiradi?
– Bo‘lmagan gap, ular nemis! – deyman choy xo‘plab. – Hartugul, Qadamboy og‘a, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan arxiv hujjatlarida Oqmasjidda yashagan mennonitchilar nemis deyiladi.
– Nemislarning kiyimlari qanaqa bo‘lgan? Har holda cho‘girmani boshlariga qo‘ndirib, chopon kiyib yurishmagan bo‘lsa kerak! – deydi Ro‘zimboy.
– Yak, o‘zlarining milliy kiyimlari bo‘lgan. Qishlog‘imizda birovning uyida nemislarning kiyim-kechaklari saqlanib qolgan. Muzey masalasi qo‘zg‘alib qolgach, o‘sha hamqishlog‘imiz nemischa kiyim-kechaklarni eksponat uchun sotmoqchi bo‘lib yurgan edi, – deydi mezbon.
– Aslida, muzey ochish uchun avval davlat tomonidan qonuniy asosda yer ajratiladi, so‘ng imorat quriladi. Muzeybop imorat tayyor bo‘lgach, aholidan eksponatlar sotib olinadi, – deydi Ro‘zimboy. – Muzey shunaqa tashkil etiladi.
– Biz Olmoniyadan keladigan nemis turistlarining yoshullisiga “Muzey ochmoqchimiz” desak, “Menga hokimiyatning qarorini ko‘rsating!” dedi. “Bo‘pti, keyingi kelishingizda hokimiyat qarorini chiqartirib qo‘yaman”, dedim. Keyingi yil kelganda yoshulli: “Xo‘sh, hokimiyat qarori qani?” deb so‘radi. “Xivada nemislar muzeyi tashkil etilyapti. Ikkita joyda bir xil muzey tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lmasa kerak”, dedim. “Xivada muzey tashkil etilsa ham, yoshulli, biz baribir Oqmasjidga kelishga majburmiz. Chunki bu yerda ota-bobolarimizning xoki yotibdi”, dedi nemis musofir. Dim ongli ekan.
– Hozir ilgari nemislar yashagan qo‘rg‘on o‘rnida nima bor? – deb so‘raydi Ro‘zimboy.
– Ular yashagan joyda dastlab paxta punkti bor edi, so‘ng pionerlar lageri joylashtirildi. U paytlarda Oqmasjid qishlog‘i Xiva tumani tasarrufida bo‘lgan. So‘ng Yangiariq rayoni ixtiyoriga berildi. Shundan keyin nemislar qurgan imoratlar buzildi. Eski imoratlardan ajoyib yog‘ochlar, taxtalar chiqdi. Kattaligini aytmaysizmi?! Quchoqqa sig‘masdi! Ilgari Oqmasjiddagi har bir hovlida qirq-ellik tup gujum bor edi. Ulkan gujumlar quchoqqa sig‘masdi. Hovva. Sizlar gujumzorlarni ko‘rmagansiz. Keyin qurtlab ketdi, hammasi qurib qoldi… Bizning nemislar nisbatan balandlik joylarda istiqomat qilgan. Umuman, bizning qishloq boshqa joylarga qaraganda xiyla tepalikda joylashgan. Dalalarga chiqirda suv chiqarilardi. Chiqir – chig‘ir – charxpalak ot qo‘shib harakatga keltirilardi. Men o‘zim ko‘rganman, chiqirni ot aylantirardi. Chiqirni eshak bilan aylantirsa ham bo‘lardi. Dalalarning uchdan ikki qismi chiqir bilan suv ichardi. Hovva, – deydi mezbon.
– Oqmasjidning o‘zi qayerda? Oq marmardan qurilgani uchun Oqmasjid deyilganmi? – deb savol beramiz.
– Bu yerda hech qachon oq masjid bo‘lgan emas. Hovva.
– Bo‘lmasam, qishloqning oti qanday paydo bo‘lgan?
– Masjid bo‘lgan, lekin oq emas. Masjid nomi ham, qishloq nomi ham, aslida, “Haqmasjid” bo‘lgan. Najmiddin eshon, Sayfiddin eshon, yana bitta eshon bobolarimizning nafasi dim o‘tkir bo‘lgan. Ha, esladim, yana bir eshonimizning oti Fazliddin bo‘lgan. Hovva. Aytgan gaplari albatta ijobat bo‘lgan, doim haq gapni aytgan. Hovva. Umuman, eshonlarimizning karomati to‘g‘risida har xil rivoyatlar ko‘p. Masalan, rivoyatda aytilishicha, bir kishi Qumdan bir arava o‘tin olib kelayotgan paytda arava gupchagi g‘ars etib sinadi. Shunda aravakash “Agar arava omon-eson uyimga yetib borsa, bir arava o‘tinni eshon bobomizga hadya etaman”, deb niyat qiladi. Arava omon-eson uygacha yetib boradi. “Ay, gupchak sinmagan ekan-ku, men chakki niyat etibman”, deydi aravakash. O‘tinni uyiga kiritib qo‘yadi. Ertasiga o‘tinchining aravasi rostdan ham sinadi; qora terga botgancha gupchakni tuzatib, qorong‘i tushganda bir arava o‘tinni eshon boboning hovlisiga ag‘daradi. Eshon bobo esa tashqariga chiqib, aravakashning qo‘lini qattiq siqadi-da: “Kecha nima uchun o‘tinni olib kelmading?” deb so‘raydi. “Kechirasiz, eshon bobo, eshak loydan o‘tgach, siz ham esimdan chiqib ketibsiz”, deb uzr-ma’zur qiladi aravakash. Xullas, qishlog‘imiz eshon bobolar sharofati tufayli “Haqmasjid” deb nom chiqaradi, – deydi Qadamboy og‘a.
– Biz hozir Xiva tomondan qishloqqa kirib keldik, – deydi Sotimboy. – Muyulishdagi uy yonida benzovoz mashina turibdi. Shu uyda go‘k ko‘zli bitta mo‘ysafid yashardi, odi hozir yodimda yo‘q. O‘sha odamdi “falonchi nemis” deyishardi. Nima uchun shunday deyishardi? Uning nemislarga qanday aloqasi bor?
– Birinchidan, u kishi nemislar kabi nihoyatda halol bo‘lgan. Ikkinchidan, nemislardan qolgan mollarni yig‘nab, ferma tashkil etadi. O‘zi ham nemislar qo‘lida ishlagan. Shuning uchun uni “nemis” deganlar, – deydi mezbon.
– O‘sha “nemis” hozir hayotmi?
– Hayot. To‘qson yoshni qoralab qolgan.
– Gurung etsa bo‘ladimi?
– Gurung etsa bo‘ladi.
– U nemislarning qo‘lida ishlaganmi?
– Asosan otasi nemislarning qo‘lida ishlagan. Otasi “Abduraim nemis” edi, o‘zi ham otao‘g‘il sifatida “Ro‘zimat nemis” bo‘p ketgan. Hovva.
– Nasib etsa, Qadamboy og‘a, kelasi safar Nemis boboni ham albatta ziyorat etamiz.
Erpo‘lat xonadon sohibiga she’riy to‘plamini dastxat yozib taqdim etadi.
Demak, biz Oqmasjidga yana qaytib kelamiz.
Toshkent – Xiva – Toshkent,
2014 yil 17 may
RO‘ZIMAT NEMIS
Oqmasjid qishlog‘ida bir nechta Qadamboy, bir nechta Sotimboy, yana bir nechta Ro‘zimat ismli odamlar bor. Qo‘shni qishloqdan to‘y-ma’rakaga xabarchi kelib: “Falonchining uyi qaysi?” deb so‘rab qolsa: “Falonchidan to‘rttasi bor, senga qaysi biri kerak?” deb savol berishadi. “Ro‘zimat bobo gerak chiqar”, deydi xabarchi. “Ro‘zimat bosmachi gerakmi, bolchi Ro‘zimat gerakmi, qovunchi Ro‘zimat gerakmi yoki Ro‘zimat nemis gerakmi?” deb o‘smoqchilab savol beriladi. Xabarchi boshini qashlaydi. “Sayatga borib, qaysi Ro‘zimat gerakligini so‘rab kelishim kerakka o‘xshaydi-ku, yoshulli!» deb kuladi. “Yak, Sayatda qaysi Ro‘zimatning xesh-aqrabosi borligi shu yerda aniqlansa, ovoragarchilikka hojat qolmaydi. Birorta Ro‘zimatdan anig‘ini bilib olish mumkin”, deb maslahat berishadi.
Anglashilgan bo‘lsa, bizga Oqmasjidda yashaydigan sakson olti yashar “Ro‘zimat nemis” kerak edi. Sayatlik og‘aynimiz Sotimboy bundan yigirma yil burun shu kishi xonadoniga Namangan shahridan omonat salom opkep bergan. Ya’ni, harbiy xizmatda bo‘lgan nevarasidan bobosiga salom yetkazgan, o‘shanda Oqmasjidda Ro‘zimat nemis istiqomat qilishini bilib olgan. Kamina Oqmasjidda 80 yil muqaddam yashagan mennonitchi nemislar to‘g‘risida so‘rab-surishtirib yurganimni eshitgan Sotimboy do‘stimiz ot yilining adog‘ida Sayatda istiqbolimizga peshvoz chiqib, bizni Oqmasjidda umrguzaronlik qilayotgan Ro‘zimat nemis xonadoniga boshlab bordi.
– Narigi Ro‘zimat bobolar ham nemislar to‘g‘risida ko‘p gaplarni biladimi?
– Hovva! – deydi Ro‘zimat nemis. U bizni mehmonxonasiga joylashtirib, choy-poy tayyorlash uchun kelin-qizlariga ko‘rsatma beradi. Chuqur nafas olib, xontaxtaning poygah tomoniga – mezbon o‘rniga astoydil o‘rnashib oladi. Gapini davom ettiradi: – Kalta elatlik turkmanlar nemislar ko‘chib ketganidan so‘ng Oqmasjidga kelib joylashgan. Hovva…
– Demak, nemislar to‘g‘risida odamlar og‘zida qolgan gap-so‘zlarni issiq paytida eshitgan ekanlar-da!
– Hovva. Men bo‘lsam, 5-6 yashar chog‘larimda nemislarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, ularning gaplarini o‘z qulog‘im bilan eshitganman, – deydi Ro‘zimat bobo.
Xontaxtaga dasturxon yoziladi, non-choy keltirib qo‘yiladi. Sotimboy do‘stimiz darhol mezbon qo‘lidan choynak-piyolani olib, choyni shopiradi, shamasini tindirib, bir piyoladan choy quyib uzatadi.
– Ularni yaxshi bilasizmi? – deb so‘raydi Sotimboy.
– Bilaman, lekin chala bilaman, – deydi Ro‘zimat nemis. – Besh-olti yashar bola nimani bilishi mumkin? Lekin ularning qiyofasi ko‘z o‘ngimda turadi, gaplari qulog‘imdan ketmaydi.
– Ularni bir kunda ko‘chirib ketgan, deyishadi. Shu gap rostmi?
– Yak, ularni NKVD bir kunda opketmadi, – deydi bobo.
– Ie, bizga boshqacha aytishgan edi-ku, – deyman hayron bo‘lib. – Harbiylar kelib, bir kunda hammasini mashinalarga bosib, qiy-chuv qildirib ko‘chirib ketgan, deyishgan edi.
– Yak, avval bulardi oqsoqoli Otaboyni Sho‘ro idorasiga chaqirib, “Odamlaringni ko‘ndirgin, sizlar ham kolxoz bo‘lasizlar”, deyishadi. Otaboy – Otto odamlar bilan maslahatlashib, kolxoz bo‘lishga rozi bo‘lmaydi.
– O‘zing rais bo‘lasan, deyishsa ham ko‘nmaydimi?
– Yak, iymon-e’tiqodidan qaytmaydigan odamlar edi ular. Odamlar bir yoqadan bosh chiqarib, bitta gapda qattiq tursa, hukumatning qo‘lidan ham hech narsa kelmas ekan…
Ma’lumki, Sho‘ro hokimiyati o‘zini mustahkamlab olganidan so‘ng xalq xo‘jaligini planli asosda rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi. 1927–1932 yillarga mo‘ljallangan birinchi besh yillik rejasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasida yoppasiga kolxozlashtirish tadbiri amalga oshiriladi. Bu mavzuga bag‘ishlangan badiiy filmlar ham, badiiy asarlar ham juda ko‘p. Lekin hozirgi avlod 80 yil oldin nimalar ro‘y berganini tasavvur ham qilolmaydi. Holbuki, shu mavzuga aloqador “Obid ketmon” (Abdulla Kodiriy) va “Qo‘shchinor chiroqlari” (Abdulla Kahhor) romanlarini maroq bilan o‘qish mumkin.
Yaqin o‘tmishimizga xayolan sayohat qilib qaytaman. Ro‘zimat nemis lo‘labolishni qo‘ltig‘iga qisib, yonboshlab oladi.
– Oyoq pand beryapti, uzatib o‘tirmasam bo‘lmaydi, – deydi xijolat tortib.
– Bemalol, yoshulli, bemalol, – deydi Sotimboy.
– Tag‘in mehmonlarning ko‘ngliga boshqa gap kelmasin. Beodobchilik qilgan bo‘lsam, uzr.
– Hechqisi yo‘q, – deymiz.
Ro‘zimat nemis hikoyasini davom ettiradi:
– Bizdan tuxum so‘rasang, mayli, tuxum beramiz. Lekin tovuqlarimizni kolxoz mulkiga qo‘shmaymiz, – deyishadi. – Qancha sholi yo bug‘doy berish kerak bo‘lsa, don ham topshiramiz davlatga, ammo o‘zimiz kolxozga a’zo bo‘lmaymiz… Sho‘ro hukumati har xil nayranglarni ishlatib ko‘radi: nemis yoshlarini yo‘ldan urib, ularni komsomol tashkilotiga a’zo etmoqchi bo‘ladi, biroq yoshlar kattalarning chizgan chizig‘idan chiqmaydi. Ishqilib, kattalarini mashinaga bosib Urganchga olib ketishadi. Jami to‘qqiz kishi melisaxonaga eltib kamaladi. Kattalar qamalgach, Sho‘ro hukumati vakillari nemislarni to‘plab majlis qiladi: “Xo‘sh, endi kolxozga a’zo bo‘lasizlarmi-yo‘qmi?” deb so‘rashadi. “A’zo bo‘lmaymiz”, deb bitta gapda turib olishadi nemislar. “Nega kolxozga a’zo bo‘lmaysizlar?” deb so‘raladi. “Boshi bo‘lmagan gavda gaplashadimi?” deb so‘raydi nemislar. “Nega unday deyapsizlar?” deydi Sho‘ro vakili. “Bizning boshimizni Urganchga eltib qamadilaring, lekin gavdamiz ozodlikda qoldi. Gavdamiz ham o‘sha boshga bo‘ysunadi. Boshimizni ozod qilinglar yoki bizni ham qamanglar”, deb shart qo‘yiladi.
Majlis bir necha kun davom etadi. Nemislar Sho‘ro hukumati vakillarining yaxshi gapiga ham, yomon gapiga ham ko‘nmaydi: “Biz kolxoz bo‘lmaymiz!” deb turib oladi.
– Kolxoz bo‘lmasangiz, hammangiz ko‘chib ketasiz! – deb shart qo‘yadi hukumat.
– Bo‘pti, ko‘chsak ko‘chib ketaveramiz, – deyishadi nemislar.
– Ertaga sizlarni mashinalarga ortib, Oqmasjiddan ko‘chirib yuboramiz, – deydi hukumat vakillari.
Ertasi kuni peshin mahali yigirmatacha “Polutorka” yuk mashinasi Oqmasjidga qatorlashtirib qo‘yiladi. Nemislar tugunchalarini mashinalarga ortadi. Bola-chaqalari bilan mashinalarga o‘rnashib oladi.
– Ular uy-ro‘zg‘or buyumlarini, mol-holini tashlab ketsa ham, tillolarini opketyapti, boshqa joyga borib yana mol-hol qilib ro‘zg‘orini butlab olaveradi, – deydi NKVD xodimi.
– Biz Vatanimizni tashlab ketyapmiz, o‘rtoq! Tilloga Vatanni sotib olish mumkinmi? Bo‘g‘chamiz ko‘zingga qimmatbaho matahdek ko‘rinayotgan bo‘lsa, ma, ol! – deb bo‘g‘chalarini NKVD xodimining basharasiga uloqtirishadi.
Nemislar usta dehqon edi: ellik-oltmish yil davomida mosh, kunjut, loviya kabi ekinlarning mahalliy hosildor navlarini yaratishadi. Ular sara urug‘larni olib ketishadi.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, nemislar Tojikistonga eltib tashlanadi. O‘sha paytlarda Farg‘ona vodiysidan ham tajribali dehqonlar ommaviy ravishda Tojikistonga ko‘chiriladi. Hozir Tojikistonda “farg‘onachi” degan elat paydo bo‘lgan. Oqmasjiddan ko‘chirib yuborilgan nemislar ham obikor yerlarga joylashtiriladi. Dastlab, mosh, loviya, kunjut ekib mo‘l hosil olishadi. Keyin paxta ekish uchun yetmish gektar yer ajratib beriladi. Asta-sekin o‘zlaridan rais saylab, nemislarning kolxozi paydo bo‘ladi. Butun mamlakatda qishloq xo‘jaligi kolxozlashtirilgandan so‘ng ular ham noiloj jamoa xo‘jaligi bo‘ladi.
Oradan besh-olti yil o‘tgach, Germaniya bilan SSSR o‘rtasida urush boshlanib ketadi. Mennonitchi nemislar urush yillari ham dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ular urushga safarbar etilmaydi.
Oradan yigirma yil o‘tgach, 1953 yilda Iosif Stalin o‘lganidan keyin nemislar birin-ketin Oqmasjidga kelib, o‘zlari yashagan qishloqni ziyorat etib ketadigan bo‘ladi.
1954 yilda Ro‘zimat nemis Tojikistondan kelgan ikki nafar nemisni Xivaga ergashtirib boradi. Mehmonlar Polvon pir maqbarasini (Pahlavon Mahmud) ziyorat qiladi. Xon poytaxti ziyorat qilingach, kechki payt Oqmasjidga qaytishadi. Qishloq markazida etikdo‘z ustaxonasi bor edi. Shu ustaxonada Ermon ismli etiqdo‘z bilan o‘tkan-ketgandan suhbatlashib o‘tirishadi. Bir payt soch-soqoli oqarib ketgan mo‘ysafid kelib, mehmonlarga obdan razm soladi. Bu kishi Sayatdan 30-yillardagi ocharchilik davrida Oqmasjidga ko‘chib kelib qolgan Maqsud ismli temirchi edi. U nemislarni tanib qoladi, ular yig‘lab-siqtab ko‘rishishadi.
– Sizlar qayerga ketdilaring? Yo‘lda qiyinchilik bo‘lmadimi? – deb so‘raydi Maqsud temirchi ko‘zyoshlarini artib.
– E-e, jo‘ra, boshga tushgan musibatni mard Xudodan ko‘radi, nomard esa yo‘ldoshidan… Biz Xudodan ko‘rdik. Boshimizga tushgan musibat uchun odamlar aybdor emas. Nasibamiz Tojikiston tomonlarga sochilgan ekan, nachora! – deydi yoshi ulug‘roq nemis.
Ermon etikdo‘z o‘ziga to‘q hunarmand bo‘lib, nemislar ko‘chirma qilingan kunlari bir yumush bilan Hazoraspga ketgan ekan. Oqmasjidga kelgan shu nemislardan bittasi undan eski pul hisobida besh yuz so‘m qarz olgan ekan. Nemis cho‘ntagidan besh yuz so‘m chiqarib uzatadi.
– Bo‘ynimda qarzim bilan o‘lib ketsam, jo‘ra, qiyomatda javob berishimga to‘g‘ri keladi. Mana, qarzimni opkeldim, qarz muddati cho‘zilib ketdi, rozi bo‘ling, – deydi.
– E-e, yo‘q, boshlaringga qancha musibat tushdi, men mingdan-ming roziman! –deb Ermon etikdo‘z pulni olmaydi.
– Yo‘q, men ataylab qarzimdan qutulaman deb Tojikistondan keldim! – deb turib oladi nemis.
Ermon etikdo‘z bir taxlam pul orasidan bir dona besh so‘mlikni tortib oladi.
– Ertaga uyimga borasizlar, men qo‘y so‘yib mehmon qilaman, – deydi.
Ertasi kuni nemislar yana Tojikistonga qaytib ketishadi.
Keyinchalik ham nemislar juft-juft bo‘lib Oqmasjidga ziyoratga kelib turishadi. Maqsud temirchi esa o‘tgan asrning 60- yilarida yana Sayat qishlog‘iga ko‘chib ketadi va 70- yillarda olamdan o‘tadi. U past bo‘yli, miqtidan kelgan kishi bo‘lgan.
Maqsud temirchining aqtiqlari hozir Toshmasjid qishlog‘ida istiqomat qiladi.
Oqmasjidda nemislarning alohida mozori bor edi. Ular ko‘chib ketganidan keyin ham mozor saqlanib qoladi. Faqat oradan o‘ttiz yil o‘tgach, kolxoz katta bog‘ barpo etadi. Nemislarning mozori o‘sha bog‘ ichida qolib ketadi.
Nemislarning xo‘jaligida o‘zbek yigitlari mardikorchilik qilgan. Ish ko‘paygan mavsumda o‘zbek yigit birorta nemisning uyiga ish so‘rab borsa, avvalo, oshxonaga opkirib, oldiga har xil ovqat qo‘yilar ekan. Mehmon oshxonada yolg‘iz qoldirilib, xonadon egasi tashqariga chiqib ketarkan. Ora-orada eshik tirqishidanmi yoki derazadanmi mehmonning ovqat yeyishini kuzatib turar ekan. Oradan bir soat o‘tgach, mardikorning ovqat yeyishiga qarab ishga olib qolarkan. Agar mardikor ovqatni yaxshi yemasa: “Jo‘ra, mayli, sen uyingga boraver, ish bo‘p qolsa, o‘zimiz chaqiramiz”, deb yaxshi gap bilan kuzatib qo‘yarkan. Chunki yaxshi ovqat yemaydigan mardikor og‘ir ishga ham yaramaydi.
Ro‘zimat boboning guvohlik berishicha, nemislar yaxshi odam bo‘lgan ekan. Ular qo‘ni-qo‘shnilaridan o‘zlarida bor narsani qizg‘anmagan. Mehmondo‘st bo‘lgan.
Nemislar Oqmasjid xalqiga derazaga oyna qo‘yishni, uy ichiga pechka qurishni o‘rgatadi.
Darvoqe, nemislar ko‘chib ketgach, Otaboy – Ottoning bitta iti qishloqda qoladi. O‘n yil davomida o‘sha it Otaboy – Ottoning uyi atrofida yuraveradi. It haqiqatan ham vafodor bo‘lar ekan. It kunduz kuni qorin dardida qishloq oralab ketardi. Kechki payt esa Ottoning uyiga kelib, polning ostiga kirib yotardi.
Nemislarning xonadonida albatta sog‘in sigir bo‘lardi. Har bir sigirga alohida ism qo‘yilardi. Lotta, Jamla degan ism aytilsa bas, o‘sha sigir “mo‘-o‘” deb podadan ajralib chiqar edi. Nemislar ko‘chib ketgach, ularning sigirlari kolxoz fermasiga olinadi va to 70-yillargacha sut tayyorlash bo‘yicha viloyatda ilg‘or xo‘jaliklar qatorida yuradi.
Taxminan, XIX asrning 83-yilida mennonitchi nemislar Xiva xonligi hududiga keladi. Dastlab ular Xivaning narigi tomoniga joylashadi. Qoraqumdan chang-to‘zon ko‘tarilsa, odamlar bir-birini tanimay qolar edi. Shu bois ular xon hazratlariga arz etib, o‘zlarini Oqmasjidga ko‘chirishini iltimos qiladi. Ular Oqmasjidda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik uchun qulay sharoit borligini aniqlagan.
Nemislar xon zamonida ham o‘zlarining maktabiga, ibodatxonasiga ega bo‘lgan. Birov qaytish qilsa, mayyit bir-ikki kun ibodatxonada saqlangan, odamlar mayyit bilan xayr-xo‘shlashgan. Keyin mayyit mozorga olib borib, dafn etilgan.
Ro‘zimat bobo 1929 yilda tug‘ilgan. Hozir Oqmasjidda o‘g‘illari, aqtiqlari, chovliqlari yashaydi.
Nevara-chevaralarga nemislar haqidagi gap-so‘zlar afsona bo‘lib tuyuladi. Yosh bolalar suhbatimizni hayratlanib eshitishar edi.
Darvoqe, nemislar rostgo‘y odamlarni yaxshi ko‘rardi. Ular havoyi gaplarni yoqtirmagan. Aytaylik, birov to‘y qilmoqchi bo‘lsa, nemislardan qarz so‘rab boradi. “O‘n ming so‘m qarz berib turgin, jo‘ra. Bir oydan keyin qaytarib beraman”, deydi to‘y boshlab qo‘ygan odam. Bir oydan so‘ng o‘n ming so‘m qarzni qaytarib bo‘lmasligini nemis yaxshi bilgan. Shuning uchun mehmonning oldiga choy-non qo‘yib: “Menda pul nima qilsin! Men bank emasman-ku!” deb kuzatib qo‘ygan. Agar odam o‘z ahvolini ro‘y-rost aytib, nemis tanishidan o‘n ming so‘m emas, yuz ming so‘m qarz so‘rasa ham topib bergan. Chunki nemislar lafzga vafo qilishni yoqtirgan. Hatto o‘n-o‘n besh yildan keyin qaytarib berish sharti bilan ham qarz berishgan.
Bog‘otlik shoir Erpo‘lat Baxt armiyada Qarag‘anda (Qozog‘iston) shahridan borgan mennonitchi nemislar bilan xizmat qilgan ekan. Moskva televideniyesidan Xiva minoralari ko‘rsatib qolinsa, nemis soldatlari qiy-chuv qilishib: “Ana, bizning yurtimizni ko‘rsatishyapti!” deb suyunib ketishar ekan.
Oqmasjidni nemislar bag‘riga bosib olib chiqib ketgandek tuyuladi.
Ro‘zimat nemis besh-olti yashar chog‘ida nemislar dasturxonidan tuz totgan. O‘sha tuz haqi hamon nemislarni minnatdor bo‘lib eslaydi. Nemislarning ovozi kechalari tushiga kiradi, o‘zi ham ba’zan nemischa qichqirib uyg‘onib ketadi.
– Bobo, xayrli tushlar ko‘ring! Kech yoqtilik, yoshulli!
PIRJON YoVMUD
1930 yilda tug‘ilgan. 85 yashar. Uzoq yillar Oqmasjid maktabida direktorlik qilgan. Qotmadan kelgan, jikkak kishi. Bog‘bon. Tomorqasida hatto yong‘oq ko‘kartirib, hosil oladi. Xorazm tuprog‘ida yong‘oq o‘stirish qiyin.
– Kasbingiz nima, bobo?
– O‘qituvchiman. Qirq yildan ko‘proq matematikadan dars berdim. O‘ttiz yil davomida zavuch, direktor o‘rinbosari, direktor bo‘ldim. Nafaqaxo‘r bo‘lib o‘tirganimga chorak asr bo‘ldi. 1990 yilda pensiyaga chiqdim. Tinch o‘tirmayman. Erta bahordan kech kuzgacha bog‘dan chiqmayman. Yigirma tup har xil mevali daraxt bor. Suv bo‘lmadi, g‘o‘s-yong‘oqlar qurib ketdi. Bir tup yong‘oqdan ikki-uch qop hosil olardim. O‘n ikki farzandim bor. Hovva. Qirq aqtig‘im bor, qirq ikkita chovlig‘im bor. Shularning to‘y-xashamlariga borib, to‘rga chiqib o‘tiraman. Ulardan birortasi o‘ris yurtiga ketmoqchi bo‘lsa, oldimga kelib oq fotiha so‘raydi. Fotiha beraman. Omon-eson qaytib kelsa, tag‘in oldimga kelib oq fotiha so‘raydi. Yana fotiha beraman. Ishqilib, hayotimiz o‘tib turibdi. Noliydigan joyimiz yo‘q. Lekin o‘n yil bo‘ldi, oqma gaz kelmay qoldi. Ballonli gaz bor, ovqatni gazda pishiramiz. Suvni nasosda yer ostidan tortib olamiz. Hovva.
– Ana endi nemislar to‘g‘risida gapirib bering.
– Nemislar 1883 yilda bu yerga kelgan. U paytlarda fon Kaufman Turkiston o‘lkasinint general-gubernatori edi (aslida, fon Kaufman 1882 yili vafot etadi, ammo betob yotgan chog‘lari Gandimiyon shartnomasi imzolangan 1873 yildan buyon qo‘g‘irchoqqa aylantirib olgan “oshnosi” Madrayimxondan yer-mulk so‘rab olgan bo‘lishi mumkin). U namunali xo‘jalik, namunali qishloq barpo etish uchun Sibir tomondan bir yuz yigirma nafar nemisni ko‘chirib olib kelgan. Ular “Bir yonimiz qum, bir yonimiz suv bo‘lgan chetroq joydan bizga yer beringlar”, deb iltimos qiladi. Fon Kaufman Xiva xoniga murojaat etib, nemislar ko‘rsatgan joydan yer ajratib berishni so‘raydi. Shunday qilib, ular Oqmasjidga kelib joylashadi. Bu nemislar tinch yashashni xohlaydigan diniy oqim vakillari edi. Ular qo‘liga qurol olib o‘q otmagan, birovga zarracha ozor bermagan. Juda usta dehqon bo‘lgan. Yerdan kartoshka, bodring, baqlajon, pomidor olishni xalqimiz shu nemislardan o‘rganadi.
– Ular qachon surgun qilingan?
– 1935 yilning 10 may kuni nemislar Oqmasjiddan ko‘chirib yuborilgan. O‘sha yili erta bahorda Toshkentdan Bozorov degan bir jurnalist kelgan. Bozorov nemislar to‘g‘risida maqola yozadi. Maqolada aytilishicha, Bozorov Oqmasjidda uch mingga yaqin nemisni ko‘radi. Nemislar bolalarini uylantirmoqchi bo‘lsa, avvalo, bolalariga atab uy qurar ekan. Kelin yangi uyga tushirilgan. Kelin-kuyovning ro‘zg‘ori butlab berilgan. Keyin o‘g‘li otasidan bir dona gugurt so‘rab kelsa, pulga bergan; mustaqil ro‘zg‘ori bo‘lgan o‘g‘li o‘zining aravasini o‘zi tortishi kerak edi.
– Pirjon bobo, o‘zingiz nemislarni ko‘rganmisiz?
– Ko‘rganman nemislarni.
– Ular qanaqa edi? Chiroyli bo‘lganmi? Sog‘lom edimi?
– Nemislar sarg‘ishroq bo‘lardi. Xushsuvrat bo‘lardi. Pokiza edilar. Men ota-onamga ergashib xorozga-tegirmonga borardim. Jo‘xorini xorozga olib borib, un qilib qaytardik. Xoroz egalari nemislar edi. O‘shanda nemis bolalarini ham ko‘rardim. Yanglishmasam, 1930 yildan keyin Oqmasjidda tug‘ilgan nemislar hozir hayot bo‘lsa kerak. Hozir goh-goh nemislar turist bo‘lib Oqmasjidga kelib qoladi. Balki o‘shalar orasida Oqmasjidda yashagan nemislarning nevara-chevaralari ham bordir.
– Uylari qanaqa bo‘lgan?
– Uylarining to‘sinlari ko‘rinib turardi. To‘sin ustidan vassa bostirilardi, vassa ustiga bo‘yra to‘shalardi. Yog‘ochni qurt yesa, darhol dorilab qurtni o‘ldirishardi. Yog‘ochlarni ohaklab qo‘yshardi. Ohaklangan yog‘ochlarni qurt yemasdi.
– To‘ylarida qatnashganmisiz?
– Besh yashar bo‘lganman. Besh yashar bola to‘ylarga aralashmaydi.
– Kelinni qayerdan olishgan?
– O‘zlaridan olgan. Ular uzoqdan kelin olib kelmagan.
– Nima uchun kolxozga kirishmagan?
– Bola-chaqalari bilan kolxozga aralashib ketsa, axloqan buzilib ketishdan xavotir olishgan bo‘lsa kerak. Ular bilimdon bo‘lgan. Urganchdagi yog‘ zavodida ham nemislar muhandis bo‘lgan. Qo‘llaridan kelmaydigan ish bo‘lmagan. Sho‘ro hukumati ularni siyosatga qarshi deb qoralab yuboradi.
– Bizning to‘y-xashamga qatnashganmi?
– Qatnashgan ekan. Lekin men ko‘rmaganman.
– Nemislarga bosmachilar qanday qaragan?
– Bosmachilar Oqmasjidni bosgan paytda nemislar ulardan: “Yoshullingiz kim?” deb so‘raydi. “Qo‘rboshimiz bor”, deyishadi. Nemislar qo‘rboshi bilan gaplashib: “Qancha pul kerak sizga? Biz siz aytgan pulni yig‘nab bersak, keyin bizni bezovta qilmaysizmi?” deb so‘raydi. “Yo‘q, bezovta qilmaymiz”, deb qo‘rboshidan so‘z olgach, aytilgan pulni yig‘nab berishadi. Keyin bosmachilar nemislarni bezovta qilmaydi. Nemislar vaziyatga qarab harakat qilgan.
– Ro‘zimat boboni xalq nima uchun “nemis” deydi?
– Uning otasi Abduraim juda chaqqon, uddaburon odam edi. Abduraim nemislar orasida yurib ularning tilini o‘rganadi. U nemislar bilan o‘zbeklar orasida tarjimonlik qilib yuradi. O‘shandan keyin Abduraimning o‘g‘li Ro‘zimat to‘g‘risida ham “falonchi nemis” degan gap tarqab ketadi. Laqab ham otadan bolaga meros bo‘lib qoladi.
– Nemislar Oqmasjidga oxirgi marta qachon keldi?
– Ikki yil oldin. Ular Gollandiya, Daniya, Belgiya kabi kichkina mamlakatlardan keladi. Germaniyadan ham kelishadi. Ular orasida Oqmasjidda tug‘ilgan birorta nemisni uchratmadim.
– Nemislarga bog‘liq yana birorta voqea esingizda yo‘qmi?
– Tojikistondan bu yerga Murodov degan odam keladi. U Oqmasjidga 1934 yilda keladi. Sho‘ro hukumati uni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun jo‘natadi. Sho‘ro hukumatining qiziq odatlari bor edi: Farg‘ona vodiysining aholisini Tojikistonga dehkonchilikni rivojlantirish uchun ommaviy ravishda ko‘chirma qiladi, Tojikistondagi ishonchli xodimlarni esa Xorazmga yuboradi. Murodov Xivaga kelgach, bir yildan so‘ng Oqmasjid nemislari yoppasiga mashinalarga yuklanib Tojikistonga surgun qilinadi. Mashinada ketayotgan bitta nemis yo‘l-yo‘lakay qichqirib boradi: “Oqmasjid, ellik ikki yil sening tuzingni yedik. Bergan tuzing uchun bizdan rozi bo‘l! Oqmasjid, sendan rozimiz! Sen ham bizdan rozi bo‘l!” Shu gapni Murodov menga gapirib bergan.
– Nima uchun bu qishloq Oqmasjid deyilgan?
– Bitta masjid oq suvoq qilingan. Masjid oq bo‘lgani uchun qishloq ham shu nom bilan aytilib ketgan.
– Oqmasjidlik nemislar to‘g‘risida birorta kitob o‘qiganmisiz?
– Kitob o‘qimadim. Lekin qarindosh-urug‘larimiz donishmand odamlar edi. Afsus, ular olamdan o‘tib ketdi. Xudo rahmat kilsin. Nemislar to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni men ulardan eshitganman.
– Pirjon bobo, hozir siz aytib bergan gaplarni men davlat arxivida o‘qiganman. Shuning uchun savol beryapmanki, siz bu gaplarni qayerdan o‘qib olgansiz?
– Yak, men o‘qiganim yo‘q. Qarindosh-urug‘larimdan eshitganman, odamlardan eshitganman. Umuman, bizning xalqimiz nemislar to‘g‘risida bir og‘iz ham yomon gap aytmaydi. Chunki hech kim ulardan yomonlik ko‘rmagan.
– Oqmasjidda nemislarni yaxshi biladigan yana kimlar bor? Birorta kampir bormi?
– Kampirlar bilmaydi, ular uyda o‘tirgan, ko‘chadagi gapni bilmagan. Qishloqda bitta men, bitta Ro‘zimat nemis bormiz.
Shunday qilib, Pirjon bobo bilan suhbatimiz poyoniga yetadi. Biz dolonda o‘tirdik. Bu yerda asli yozda o‘tirish kerak. Yozda salqin bo‘ladi. Kech kuzda suyaklarimiz qaqshab ketdi. Mezbon xijolat bo‘lib, ichkariga taklif qildi. Biz ko‘nmadik, “Yozda kelamiz”, dedik.
Pirjon bobo duo qilib, bizga fotiha berdi. Biz oqmasjidlik tanishlarimiz bilan xayr-xo‘shlashib yo‘lga tushdik.
Oqmasjid qishlog‘i orasta, batartibdek ko‘rinadi. Bu yerda hamon nemislarga xos bo‘lgan pokizalik, batartiblik saqlanib qolgan.
2015 yil 27 fevral
FARG‘ONAChI KOMIL BOBO
1930 yilda Xiva deparasiga Farg‘onadan agronom-hosilot komandirovkaga keladi. U kishi sho‘raviy-bolsheviklarni 1918 yildan 1922 yilgacha zir titratgan mashhur qo‘rboshi Shermuhammadbek yetishib chiqqan Garbuva qishlog‘iga qo‘shni Qoratepadan edi. Qoratepa hozir Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani o‘ramiga kiradi; 1930 yilda u Marg‘ilon o‘ramiga kirgan bo‘lsa kerak. Agronom-hosilot Xorazmda uyli-joyli bo‘ladi, bola-chaqa qiladi. Uning to‘ng‘ich farzandi Komil bobo 90 yoshni qoralab qolgan, hozir Oqmasjid qishlog‘ida mennonit nemislari bir paytlar istiqomat qilgan eski qo‘rg‘on o‘rni ro‘parasidagi hovlida – ko‘chaning narigi betida yashaydi. Garchand Komil bobo Oqmasjid nemislari deportatsiya qilingan 1935 yilda yosh bola bo‘lgan esa-da, biroq ayrim lavhalar bir umr xotirasiga muhrlanib qoladi, otasi gapirib bergan voqealar ham umrbod esidan chiqmaydi.
– Chamamda, 1932 yilda, ya’ni birinchi besh yillik (1927 – 1932 yillar) oxirida nemislar Sho‘ro hukumati taziyqi ostida Oqmasjidda alohida kolxoz bo‘ladi. O‘zlariga ajratilgan dalalarga paxta ekadilar. Shartnoma tuziladi. Kuzda shartnomada yozib qo‘yilgan miqdorda paxta yetishtirib, davlatga topshiriladi. So‘ng paykaldagi g‘o‘zapoyani o‘rib olib, o‘z tomorqalariga keltirib, g‘aram etib qo‘yadilar. G‘o‘zapoya ko‘raklari g‘aramda turgan joyida oppoq bo‘lib ochilib ketadi. Sho‘ro hukumati vakillari Oqmasjid qishlog‘ini oralab yurib, nemislarning oqsoqol-raisi Otto – Otaboyni savolga tutadilar: “Taqsir, paxta hosilini yig‘ib-terib oldilaringmi?” “Hovva! – deydi Otto bobo. – Shartnoma bo‘yicha rejani do‘ndirib qo‘ydik. Paxta paykallarini yangi yil hosili uchun hozirlayapmiz. Hovva…” Miltiq ko‘targan militsiya xodimlarini ham ergashtirib yurgan Sho‘ro hukumati amaldorlari bir-biriga ma’noli qarab qo‘yadi. Sho‘ro raisi yana savol beradi: “Paxta strategik xom ashyo ekanini bilasizmi, yoshulli?” “Yak, bilmayman”, deydi Otto bobo. “Bilib qo‘ying, paxta strategik xom ashyo hisoblanadi”, deb ta’kidlaydi Sho‘ro raisi. “Bo‘pti, bilib qo‘ydim”, deb javob beradi Otto bobo jiddiy qiyofada. “Bundan tashqari, paxta o‘zbeklarning milliy iftixori hisoblanadi”, deb ilova qiladi. “Hazillashmang, yoshulli, Navoiy bilan Manguberdi yoki Gyote bilan Bax milliy iftixor bo‘lishi mumkin. Biroq, chaqaloqlarning keti artiladigan paxta qanday qilib milliy iftixor bo‘lsin!” deb yoqasini ushlaydi Otto bobo. “Iya, paxtamizga bolalarning ketini ham artyapsizlarmi! – deb ko‘zlarini olaytirib yuboradi Sho‘ro raisi. – Militsiya, ushla konturni!” deb buyruq beradi. Militsiya darhol miltig‘ini chotiga qisib, Otto boboning qo‘liga kishan soladi. “Paxtani mol-qo‘yga yem qiladigan, milliy iftixorimizni toptaydigan kontur qamoqqa yuborilsin!” deb qichqiradi Sho‘ro raisi. Otto bobo shartnoma bajarilganini, o‘simlik milliy iftixor bo‘lolmasligini raisga ham, tergovchi bilan sudyaga ham tushuntira olmaydi. Otto boboning yonini olgan yana to‘rtta nemis ham qamoqqa olinadi. Tomorqalarga g‘aram etib qo‘yilgan g‘o‘zapoyalar shartnoma rejasini bajarmagan kolxoz a’zolari tomonidan bir chanoq qoldirmay terib olinadi. Darhol hukumatga yaxshi ko‘rinib qolish ilinjida yurgan shoir dolzarb mavzuga mos she’r yozib, Xivada vaqti-vaqti bilan chop etib turiladigan “Inqilob quyoshi” gazetasida nashr ettiradi. Shunday qilib, nemislar kolxoz tashkil etgan birinchi yiliyoq Sho‘ro hukumatining munofiqona siyosati bilan ochiq to‘qnashadi. Otto boboni qamoqdan ozod etish uchun ommaviy harakatlar boshlanadi. Oqibatda Oqmasjid nemislari yoppasiga Sho‘ro hukumatining dushmani ekani ochilib qoladi. Nemislarni bittalab jazolashdan naf bo‘lmasligini ko‘rgan sho‘raviylar Otto boboni qamoqdan ozod etib, biryo‘la Oqmasjid nemislarini yoppasiga deportatsiya qilib yuborishga qaror qiladi.
Xullasi kalom, Komil bobo Oqmasjid nemislari Sho‘ro hokimiyatining g‘ayriinsoniy siyosatining qurboni bo‘lganini kuyinib gapirib beradi.
2017 yil 9 fevral,
Oqmasjid – Sayat – Urganch – Bog‘ot – Hazorasp –Toshkent
QAERDASIZ, XORAZMLIK OLMONLAR?
1883 yili Xorazm xonligiga ko‘chib kelib, Xivadan 12 chaqirim naridagi Oqmasjid qishlog‘iga joylashgan, shu go‘shada ellik besh-oltmish yil yashab, mahalliy aholi bilan do‘st-qadrdon tutingan, biroq, taassufki, 1935 yili Sho‘ro hukumati tomonidan ommaviy deportatsiya qilingan mennonitchi nemislar hayotiga doir izlay-izlay topganlarimiz ana shulardan iborat. Xorazmni ko‘zda yosh bilan tark etgan mennonitchi nemislar so‘ngra qayerdan panoh topdi, taqdiri qanday bo‘ldi? Afsuski, bu haqda bizning qo‘limizda aytarli ma’lumot mavjud emas. Demak, ular haqidagi izlanishlarimiz hali davom etadi. Darak bering, qayerdasiz, xorazmlik olmonlar?
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son