O‘zbeklarning Misrda tutgan o‘rni, ularning podshohlik bilan bog‘liqliklarini teran anglash har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbeklar Misrda voliylik, hokimlik qilishdi, nufuzli mahkamalarda rahbar, amir, qo‘shinga qo‘mondon bo‘lishdi. Uzoq davr ichida Misrning siyosiy-idoraviy, ijtimoiy-madaniy hayotida alohida o‘rin egallashdi.
Abbosiylar xalifaligi davrida asli buxorolik Ahmad ibn Tulun oilasi Misrda mustaqil davlat barpo etib, 868 (254 hijriy) yili Tuluniya davlatiga asos soldi. Bu oila Misrda o‘ttiz sakkiz yil hukmronlik qildi. Bu yillar Misr tarixida yorqin iz qoldirgan davr hisoblanadi.
Ibn Tulun o‘tkir siyosatchi, mohir rahbar, harbiy sohada ham bilag‘on mutaxassis edi. U boshqargan yillar Misrda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘ldi, odamlar xotirjam va to‘q hayot kechirishdi. U dehqonchilik sohasiga alohida e’tibor qaratdi, yangi yo‘llar qurdirdi. Shahar atrofi devor bilan o‘raldi, xususan, “Akal hasiyna” qal’asi qurildi.
Tarixchilar uni “xalqiga adolatli, saxovatpesha, shariatga to‘la amal qiluvchi podshoh, olimlar va donishmandlarni sevadigan, ezgulik qilishni xush ko‘radigan, odamlardan yordam, yaxshilik va sadaqayu ehsonini ayamaydigan inson, doimo ilm, hadis izlash bilan mashg‘ul bo‘lgan, Misrdan Furotgacha, bu yog‘i Marokash yurtlarigacha hukmronlik qilib, adolat o‘rnatgan, hatto Bag‘dod xalifaligiga nomzodi qo‘yilgan dilbar shaxs edi”, deya ta’riflashadi.
O‘g‘li Xumorviya ham Misr hududida turli nizo va fitnalarning oldini olishda, osoyishtalik va farovonlikni ta’minlashda katta xizmatlar qilgan.
Ahmad ibn Tulun va o‘g‘li Xumorviya davri Misr tarixidagi oltin davr hisoblanadi, chunki shu davrda yurt madaniy yuksaldi, iqtisodiy o‘sdi. Hatto uning tashqi savdo aylanmasi 4,3 million dinorni tashkil etdi.
Shuningdek, tuluniylar Islom olamini vizantiyaliklar xataridan saqlashda alohida xizmatlar qilishdi. Vizantiya abbosiylar xalifaligi poytaxti va Shom shaharlariga qarshi jangga otlanganida tuluniylar ularga qarshi kurashib, xalifalik davlati chegaralarini mustahkamlashdi. Misr va Shomda turib, Rumga qarshi himoya bayrog‘ini baland ko‘tarishdi va Rumni dahshatga solgan yirik kuchga aylanishdi.
Ahmad ibn Tulun Tarsusda vizantiyaliklar ustidan g‘alaba qozondi, ulardan musulmon asirlarni qaytarib berishni talab qildi. Tarsusdan Furot daryosigacha bo‘lgan yerlar uning qo‘l ostiga o‘tdi. Ushbu zafarlar tufayli ibn Tulun Misr, Shom va Arabiston yarim orolida hukm yuritdi.
Tuluniylardan so‘ng Misrda “ixshidiy” nomi bilan mashhur, asli farg‘onalik Muhammad ibn Tog‘och ibn Jaf ixshidlar davlatiga asos soldi. U Misrda o‘ttiz besh yil (mil. 945-969, hij. 323-358) hukmronlik qildi. Muhammad ibn Tog‘och odil, botir, uzoqni ko‘ra oladigan, teran mushohadali, tadbirkor podshoh edi. U jang ilmini yaxshi bilar, qo‘shinni izzat-ikrom qilar edi.
Tuluniylar bilan ixshidiylar bir-birlari bilan quda-anda bo‘lib ketishgan, Qutrunnadiy Xumorviy Farg‘oniyning qiziga uylangan, bu nikoh shodu xurramlik va go‘zallik timsoli bo‘lib, bu haqdagi asarlar hozir Misr adabiy merosining bir qismiga aylangan.
O‘zbeklar ikki dengiz (Qora va O‘rta yer dengizi) bo‘yida joylashgan podshohliklar sultonlarining doimiy e’tiborida bo‘lishgan. Aslida aksariyat sultonlarning kelib chiqishi qipchoq (o‘zbek) diyoridan edi. Masalan, Misr sultoni Zohir Beybars o‘zbeklar bilan itgifoq tuzishga intilardi. 1261—1263 yillari Baraka Xon bilan o‘zaro bordi-keldi va sovg‘a-salom yuborishni yo‘lga qo‘ygan edi. Sulton Beybars o‘sha yillari uning qiziga uylandi. Qohira, Quddus, Makka va Madina minbarlaridan uni duo qilishardi. Bu ittifoq Shubhasiz, ikkovlarining ham dushmanlari bo‘lgan, Fors va Iroqda zug‘um o‘tkazayotgan mo‘g‘ul bosqinchilari davlatiga qarshi kurashga yo‘l ochdi.
Sulton Beybars bu ittifoqchilikdan qo‘shinlarini kuchaytiryb olishda foydalandi. Bu hamkorlik Misrni o‘zbeklar bilan yanada yaqinlashtirishga, bir-biriga himoyachi bo‘lishga olib keldi. Shuning uchun Misr qo‘shinining qo‘mondoni ham, yerlarining amiri ham o‘zbeklar bo‘ldi.
O‘lkada Islom dinini himoya qilishda o‘zbeklarning o‘rni nihoyatda katta. Ko‘rinib turibdiki, bir tomondan hijriy VII asrda qipchoq davlatida O‘zbekxonning Islomni qabul qilishi munosabati bilan Islom yurtlari kengaygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan shu mintaqa xalqlari bilan o‘zaro hamkorlik natijasida Misr va Shomdagi Islom lashkarlari oziq-ovqat bilan ta’minlandi. Bu yerda Misr va Mo‘g‘ul-qipchoq davlati, xususan, uning boshchisi O‘zbekxon o‘rtasidagi harbiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbeklarning Misr podshohlari idoraviy hayotida ham o‘z o‘rni bor. Ular podshohlik kengashi amiri, qo‘shin qo‘mondoni, qurol-yarog‘ amiri, karvonlar amiri, haj amiri kabi o‘ta e’tiborli va oliy mansablarda ishlashgan. Hatto Sulton saroyida faqat bir kishigina tayinlanadigan Majlis amiri, Sulton qo‘riqchisi, Sulton shifokori kabi lavozimlarni ham o‘zbeklar egallashgan.
Shunday amirlardan biri Amir O‘zbek Yusufiy edi. U podshohlik davlatining buyuk amiri, Sulton Qaytboy davrida eng taniqli rahbar, davlat maslahatchisi, yo‘lboshchisi edi.
Amir Sayfiddin O‘zbek ibn Totoh ham Nosir Muhammad ibn Qalavun podshohligi davrida eng katga amirlardan edi. Amir O‘zbek Mahmudiy ham shular jumlasidan. Aynan u 824 hijriy yilda haj amiri sifatada hojilar karvonini boshqargan.
Darhaqiqat, o‘zbek xonlari va Misr podshohlik davri sultonlari o‘rtasida quda-andachik munosabatlari ham mavjud bo‘lgan. Masalan, Misr podshohi Nosir Muhammad ibn Qalavun O‘zbek bilan do‘stona aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida hijriy 720 yilda o‘zbek amirasi To‘linoy (yoki Tulunxotin)ga uylangan.
Shuningdek, Misrdagi o‘zbek amirlari ham Misr sultonlarining qizlariga uylanishdi. Masalan, amir Qusun O‘zbekiy ellik ming dinor mahr berib, podshoh Nosir ibn Qalavunning qiziga uylandi. Uning o‘g‘li O‘zbek ibn Totoh ham podshoh Nosirning O‘zbekxon qizidan tug‘ilgan qiziga uylangan edi.
Mulohaza shuki, Sulton Nosir Muhammad ibn Qalavunning O‘zbekxon bilan quda-andachiligi, o‘zbeklarni Misrdagi yuqori lavozimlarga tayinlashi o‘zbeklarning o‘sha zamonlarda Misrdagi turkiy qo‘shinlar orasida alohida e’tiborga molik tabaqadan bo‘lishganini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, Nosir ibn Qalavun Misr qo‘shinlari, amirlari tarkibiga qipchoq mamlakatidan bo‘lgan o‘zbeklar ko‘proq kirishini xohlardi. Shuning uchun ham u bilan O‘zbekxon o‘rtasida elchilar, sovg‘a-salomlar yuborish tinmasdi.
To‘g‘rirog‘i, yuborilgan elchilar o‘zbeklarni, chunonchi Sayfiddin To‘qsabo, Sayfiddin Bekmish, Amir Alouddin Oydag‘diy Xorazmiylarni yaxshi bilishardi. O‘zbekxon Islomni qabul qilganidan so‘ng podshoh Nosir ibn Qalavundan fiqh, hadis, sunnatga oid kitoblardan yuborishini so‘raydi.
Maqriziy bunday yozadi: “Amir Sayfiddin Bekmish Jumdor Zohiriy, Amir Badriddin Bilik Sayfiy Saloriy o‘zbek diyoridan hadya qatorida bir xat ham keltirdilar, unda “Jomi’ul usul fi ahodisir rasul’’,” “Shahrus” Sunna”, Rovyoniyning fiqhga oid “Bahr” va boshqa bir necha kitoblarni topib yuborish so‘ralgan edi, darhol tayyorlab qo‘yildi”.
O‘zbeklarning Nosir Muhammad ibn Qalavun zamonida erishgan martabalari, uning o‘zbeklar bilan do‘stona aloqalari, quda-anda bo‘lishi bizni Sulton Nosir ibn Qalavunning o‘zi ham asli o‘zbeklardan kelib chiqqan, deb xulosa qilishga yo‘llaydi.
Tarixiy manbalarda zikr etilishicha, uning og‘asi qipchoqlardan bo‘lgan. Qipchoqlar esa “Dashti qipchoq”, “Jannatmakon yurt” deb ta’riflanadigan mintaqani vatan qilgan turkiy xalqlarning nomidir. Birinchi o‘zbek davlatiga asos solgan O‘zbekxon va avlodlari Abulxayr Shayboniyxon nasabi ham ularga borib qo‘shiladi.
Sulton Nosir Muhammad ibn Qalavunning onasi Shalun xotin ismli qipchoq amirasi bo‘lgan, u Misrda otasi bilan yashardi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Sulton Nosir ham qipchoq mo‘g‘ullaridan bo‘lgan O‘zbekxonning qiziga uylangan. Bu voqealar Abulxayr Shayboniy qo‘l ostida o‘zbek davlati barpo etilishidan ilgari sodir bo‘lgan.
Misr tarixiy manbalari o‘zbeklarni go‘zal fazilatlar va ajoyib sifatlar — shijoat, saxovat, viqor, boshqarishga mohir, harbiy intizomga ega xalq deya tavsiflaydi. O‘zbekxonning o‘zi arabiy manbalarda odil va saxiy podshoh bo‘lgani, uning zamonida Islom gullab-yashnagani, ulamolarni va solih kishilarni doimo izzat-ikrom etilgani ta’kidlanadi.
Usmoniylar davrida ham Misrda o‘zbeklar mavjud edi. Usmoniylar davridagi arxiv hujjatlaridan Qohiradagi O‘zbek takya (mahalla)si O‘rta Osiyodan kelgan barcha o‘zbeklarni yaxshi kutib olgani ma’lum bo‘ladi. Ucmoniylar davlati ularga Sultonlar vaqfi (maxsus hisobi)dan infoq-ehson qilgan, mahallalarini obodonlashtirish va tuzatishga alohida e’tibor qaratgan, u yerda yashovchilarning oziq-ovqati va ilm olishlari uchun yetarli mablag‘ ajratgan, ularning ehtiyojiga ko‘ra kitoblar chop etishga ruxsat bergan.
Hozirgi paytda ham Qohirada bir qancha o‘zbek oilalari yashaydi. Shoshlik, buxorolik, farg‘onalik, tarozlik oilalar bor, ular yurtlari nomiga nisbat berilgan ismlarini hamon saqlab kelishyapti.
O‘zbeklar Misrning uzoq tarixi davomida uning madaniy hayotida ham alohida o‘rin tutishgan. Bunga hijriy 247 yili Qohira ravzasida Ahmad Farg‘oniy bino qilgan birgina Nil miqyosi (o‘lchagichi)ni eslash kifoya. Ahamiyatlisi shundaki, bu miqyosdan hozir ham keng foydalanilmoqda.
Ahmad ibn Tulun qurdirgan jome’ (masjid-madrasa) Misrning hozirgi kunda ham maydoni jihatidan eng katta jome’laridan biridir. Uni Ahmad ibn Tulun milodiy 878 (hijriy 265) yili qurib bitkazgan, Qohiraning Sayyida Zaynab mahallasidagi Ibn Tulun maydonida joylashgan. Ahmad ibn Tulun bu jome’ni din, Qur’on, lug‘at (til) ilmlarini o‘rgatadigan oliygoh qilgan, uni yetuk olimlar va muhaddislar makoniga aylantirgan edi. Keyinchalik bu ilm dargohida dorixona, shifoxona qurdirib, kuchli tabib va dorishunoslarni ham jalb qildi.
Bundan tashqari, Ahmad ibn Tulun Qatoye’ shahriga asos soldi, Islom zamonida u Fustot shahridan keyin Misrning uchinchi poytaxtiga aylandi.
Misr taraqqiyotida ixshidiylarning ham alohida o‘rni bor. Amir Abu Bakr Muhammad ibn Tog‘och Ixshidiy barpo ettirgan o‘ttiz olti faddonli ”Ixshid bog‘i” bunga misoldir. Amirning o‘zi shu bog‘da yashagan va ishlagan edi. Bu joy hozirda Moski ko‘prigi yaqindagi yangi ko‘cha va Sha’roniy jome’i oralig‘ida joylashgan.
Podshohlik davri obidalari haqida mulohaza yuritganimizda, o‘sha davrda o‘zbek me’morligi Misr imoratsozligiga nechog‘li ta’sir o‘tkazganiga guvoh bo‘lamiz. Misol tariqasida Samarqand qubba (gumbaz)larini olaylik. Ularning (piyoz shaklidagi) mahobati, har tomondan bir xil ko‘rinishi, uzun, alohida chiqib turuvchi bo‘yni tashqaridan juda ochiq, ravshan ko‘ringan. Holbuki, bu temuriylar imoratsozligining o‘ziga xos muhim uslublaridan edi. Xuddi shu narsa biz mulohaza yuritayotgan Hasan ibn Nosir Muhammad ibn Qalavun masjidi qubbasi va Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining qubbasi o‘rtasidagi katta o‘xshashlikda yorqin namoyon bo‘ladi.
Xuddi shu shakl Qusun jome’ida ham qo‘llangan. Amir Qusun O‘zbekiy hijriy 720 yili Tulunboy O‘zbekxon qizini Nosir Muhammad ibn Qalavunga nikohlash maqsadida kelinga hamroh bo‘lib Misrga kelganida 730 hijriy yili o‘z nomi bilan ataladigan jome’ qurdirgan edi. Uning “Zuvabla” nomli tashqi darvozasi bor. Hozirgi joyi Qohiraning Darbul Ahmar mahallasidagi Mag‘ribiylar ko‘chasida. Bu jome’ buzilib ketgan bo‘lsa-da, darvozalari saqlanib qolgan. Sayfiddin O‘zbek Yusufiy barpo etgan “O‘zbek istirohat bog‘i” hozir ham qohiraliklarning sevimli maskanidir.
Mojida Maxluf,
Misrning Ayn Shams universiteti Sharq tillari kafedrasi mudiri
Komiljon Rahimov tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2008 yil 5-sonidan olindi.