Nodira (1792-1842)

Mohlaroyim — Nodira XIX asrning birinchi yarmida yashab, ijod etgan mashhur shoira, davlat arbobi, madaniyat va adabiyot homiysidir. Shoira 1792 yili Andijon hokimi Rahmonqulbiy oilasida tavallud topdi. Uning onasi Oyshabegim ma’rifatli ayol bo‘lgan. O‘zining oilaviy silsilasiga ko‘ra Bobur nasliga mansub bo‘lib, shoiraning ota-onasi ham davrning e’tiborli kishilari edilar.

Mohlaroyimning ta’lim-tarbiyasi shu muhitda kamolotga yetdi va u tahsil yillarida xalqimizning tarixi, madaniyati, ilm va adabiyoti ravnaqidan yaxshigina xabardor bo‘lib o‘sdi.

Mohlaroyim she’riyatga juda erta havas qo‘ydi. Ustoz Navoiy, Jomiy va Bedil kabi allomalarning asarlariga bo‘lgan e’tiqodmandlik bilan ruhan barkamollashib bordi.

Ma’lumki, bu yillarda Qo‘qon xonligini Olimxon idora qilardi. Uning ukasi Umarxon esa Fargona vodiysining nufuzli shaharlaridan bo‘lgan Marg‘ilonda hokim edi. 1807 yillarda ilgaridan bir-birlariga ko‘ngil qo‘yib, sevishib kelgan Umarxon va Mohlaroyim turmush quradilar. Shu munosabat bilan Mohlaroyim Marg‘ilonga keladi. Ko‘p o‘tmay Qo‘qon xonligida davom qilib kelayotgan ziddiyatlar oqibatida 1810 yili Olimxon qatl etilib, uning o‘rniga Umarxon taxtga ko‘tariladi. Shundan boshlab Mohlaroyim taqdiri Qo‘qon bilan bog‘lanib qoladi. Uning shoira sifatida keng ko‘lamda ijod maydoniga kirib kelishi ham shu yillarga to‘g‘ri keldi.

Nodira Qo‘qonda xon saroyida ekan, davlat ishlaridan ham voqif bo‘lib borardi. Xususan, adabiyot va san’at ahli bilan yaqinlashishga, ko‘p asrlik adabiyotimiz yo‘lidan borib, davr she’riyatini yuqori ko‘tarishga astoydil kirishadi. Mohlaroyim va Umarxonning oilasida ikki o‘g‘il tug‘iladi. Muhammad Alixon va Sulton Mahmudxonlar o‘sib-ulg‘ayib boradilar. Umarxonning 1822 yili bevaqt vafotidan keyin yosh Muhammad Alixon davlatni boshqarishga kirishadi. Nodira ham yosh o‘g‘lining yoniga kirib mamlakatni boshqarish ishida faol ishtirok eta boshladi.

Nodira davlat va mamlakat ishlarini tadbir va adolat bilan idora qilishda homiylik namunalarini ko‘rsatarkan, bu yillarda mamlakatda nisbiy osoyishtalik saqlandi. Qo‘shni o‘lkalar va ularning hukmdorlari bilan savdo-sotiq va boshqa sohalarda kelishuvlar amalga oshirildi. Nodiraning mamlakatdagi qurilishlar sohasidagi olib borgan ishlari, madaniyat va adabiyot borasida ko‘rsatgan tashabbuskorliklari shoira devonining debochasida ta’kidlab o‘tilgan.

Shoira keltirgan bu ma’lumotlarni uning zamondoshlari Nodir, Xotif va Mushrif kabi tazkira va tarix asarlarining mualliflari to‘ldiradilar va tasdiq etadilar. Shoir Nodir Mohlaroyimga bag‘ishlab yozgan “Haft gulshan” dostonida uni olimlarga, fozillarga ahamiyat bergani, iste’dodli shoirlarni ijodga tashviq etgani, ayniqsa, xotin-qizlardan chiqqan shoira va fozilalarni o‘z himoyasiga olgani haqida gapiradi. O‘sha davrda yashagan qozi Abdunabi Xotifning Nodira haqidagi xotiralari va shoiraning hayoti hamda ijtimoiy faoliyatiga bag‘ishlangan, ammo tamomlanmay qolgan voqeband dostonida shoiraning ilmiy va ijtimoiy faoliyatini ishonarli dalillar bilan ko‘rsatishga harakat qiladi. Xotif “Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va so‘zning qadriga yetadigan donishmand ayol ekanligini ko‘rsatishdir”, deydi.

Nodiraning madaniyat va adabiyot homiysi sifatidagi sarvarligi alohida ta’kidlanadi: “Umarxon vafotidan so‘ng, — deb yozadi Xotif, — bu iffat sadafining injusi kunlarni hasratu firoq bilan shu tariqa o‘tishini noshukurchilik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bog‘iga borib, Farg‘ona, Toshkent, Xo‘jand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o‘z xizmatiga chaqirtirib keldi. Mamlakat xirojlaridan behisob tilla va javohirlarni sarf qilib bir madrasai oliy, naqshdor masjid, hammom, karvonsaroy bino qildirdi va madrasa, masjidlarga hisobsiz vaqflar tayin qildi… Bu kunlarda yana kitoblar yozdirish va ularga zebi ziynat berishga farmon qilib, bir kitobxona bino ettirdi. Undagi kotiblar, xattotlar, naqqoshlarga shunday karam va ehsonlar ko‘rguzdiki, buning ovozasi atrof olamga mashhur bo‘ldi. Amudaryoning bu tomonidagi yoqutqalam kotiblar, Mirali raqam roqimlar, Moniy kabi musavvirlar bu yerga jam’ bo‘ldilar. Shunday qilib, bu ayol aqlu donish va yaxshi fazilatlari bilan yagonai zamona, “Nodirai davron” bo‘lib tanildi va xalqlar tahsiniga sazovor bo‘ldi”[1].

Biroq xonliklar o‘rtasida davom etib turgan muttasil kelishmovchiliklar Mohlaroyimning o‘z faoliyatini keng ravnaq toptirishiga rahna solib turar edi. Oqibat shunga olib keladiki, Buxoro amiri Nasrullo turli vaj-korsonlar bilan Qo‘qon ustiga bostirib kelib, go‘yo bu yerda izidan chiqqan shariat qoidalarini nizomga solmoqchi bo‘ladi. Xonlikning hamma e’tiborli kishilarini ta’qib etadi va Mohlaroyimni ikki o‘g‘li — Muhammad Alixon, Sulton Mahmudxon va nabirasi Muhammad Aminxonni vahshiylarcha qatl etadi.

O‘zbek xalqining ajoyib shoirasining hayoti shu yo‘sinda fojiali yakun topadi.

Nodira o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ulkan bir bosqichning namoyandasidir. Shoira yashab ijod etgan davrda Qo‘qon xonligida o‘zbek adabiyoti keng rivoj topib, o‘ziga xos adabiy muhit vujudga keladi. Bu adabiy muhit boshida Qo‘qon xoni, Nodiraning umr yo‘ldoshi Umarxon — Amiriy turardi.

Mohlaroyimdan bizgacha o‘zbek va fors-tojik tillarida “Komila”, “Nodira” va “Maknuna” taxalluslari bilan yaratilgan lirik asarlardan iborat katta meros yetib kelgan.

Nodiraning hayot yo‘li va adabiy merosi haqida Lutfulla Olim, Fitrat, S. Ayniy, V. Zohidov, V. Abdullayev, O‘tkir Rashid, T. Jalilov kabi olim, shoirlar va ayniqsa, uning o‘z davri adabiyotidagi o‘rni haqida A. P. Qayumov yaratgan tadqiqotlar diqqatga sazovor. Adabiyot tarixiga oid manba va tazkiralarda Nodiraning katta meros egasi ekanligi qayd etilsa-da, lekin 60-yillargacha ham shoira lirikasining juda kam qismi ma’lum edi. Ko‘p yillik izlanishlar natijasida shoira merosining bir qator manbalari aniqlandi. Ushbu satrlar muallifining tinimsiz izlanishlari natijasida shoira devonining qo‘lyozmalari topildi, ularni o‘rganib, tahlil etish bo‘yicha ilmiy ishlar davom ettirildi. Natijada o‘tgan davr ichida Samarqanddan shoiraning Komila taxallusi bilan o‘zbek va fors-tojik tillarida jamlangan, o‘zi barhayotlik davrida ko‘chirilgan devoni ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida shoiraning Nodira taxallusidagi asarlaridan iborat devoni Namangan shahridan topildi. Toshkentda esa Maknuna taxallusi bilan yaratilgan fors-tojik tilidagi she’rlari jamlangan yana bir devoni aniqlandi[2].

Shoiraning Komila taxallusi bilan jamlangan katta ilk devoni o‘z davrida mashhur bo‘lgan. Keyinchalik shoiraning madaniyat va adabiyot sohasidagi favqulodda tashabbuskorlik faoliyati va go‘zal iste’dodini taqdirlagan zamondoshlari unga “Nodirai davron” nomini munosib ko‘rgach, Nodira devoni ham yuzaga kelgan edi. Ayni paytda shoiraning fors-tojik tilidagi devoniga so‘zboshi yozgan noma’lum adibning ta’kidlashicha, ushbu devon Umarxon vafotidan so‘ng jamlangan bo‘lib, undagi forsiy she’rlarga shoira tevaragidagi fozillarning maslahati bilan Maknuna taxallusi qo‘yilgan. Shunday qilib, bu uchta taxallusda yozilgan devonlar o‘n ming misra atrofidagi she’rlarni o‘z ichiga oladi.

Nodiraning o‘zbek va fors-tojik tilidagi devonlari shu tillarda yozilgan debochalar bilan boshlanadi. Ushbu debochalarni shoiraning hayot yo‘li, ijod boskichlari, uni o‘rab turgan adabiy muhitning xususiyatlari, so‘z borayotgan devonlarning mundarijalari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lgan manba sifatida baholash mumkin.

Shoiraning yuqorida so‘z borayotgan devonlari qo‘lyozmalarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda Sharq adabiyoti, xususan, o‘zbek adabiyotining tematikasi, janr xususiyatlariga xos boy manzarani ko‘ramiz. Ayni paytda Mohlaroyim o‘tmishning teran an’analaridan bahramand bo‘lib yaratgan g‘oyaviy va badiiy yetuk asarlari alohida diqqatga sazovordir.

Nodira ijod borasida Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bildi. Navoiy ijodining asosiy mazmuni uning insonparvarligi bilan izohlanadi. Nodira insonning ruhiy holatini baland ohanglarda tarannum etadi. Shoirning “Aziz” radifli g‘azalining:

Keldi ashraf barcha olam ahlidin,
Yo‘qturur dunyoda insondin aziz. —

misralari bevosita Navoiyning “Jondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz” so‘zlari bilan boshlanuvchi ruboiysini esga soladi.

Nodira she’riyat maydoniga qadam qo‘yar ekan, bu yo‘lda Jomiy, Fuzuliy, Bedil, Bobur va Mashrab she’riyatidan ham bahramand bo‘ldi. Nodira shu ulug‘ ustozlari izlaridan borib, asarlarida insonni o‘rab turgan borliq va uning nash’u namolaridan bahra oldi. Nodira hayotni sevadi, uni qadrlaydi, u Muhabbat Alloh taolo tomonidan insonlar qalbiga solingan mangu yog‘du ekanligini kuyladi:

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan muhabbat ixtiyor et!..

Kuyib ey Nodira, olam elig‘a
Muhabbat shevasini oshkor et!

Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, hayo xislatlarini ma’rifat, ya’ni xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi manzillar sifatida qayd etadi, odam ana shu sharafli xislatlarni mukammal o‘z ruhiga singdirib olishi va uni sobitqadamlik bilan ko‘ngil ganjinasida asramog‘ini obrazli bir tarzda tasvirlaydi. Odamzod shu sifatlardan mahrum bo‘lar ekan, u riyo yo‘liga kirib ketadi.

Nodira o‘z ijodida dunyoviylik bilan bir qatorda tasavvufning naqshbandiya yo‘nalishiga asoslangan bir butunlik bilan insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muhabbat yo‘lidagi ruhiy dunyosini ham juda go‘zal va jonli misralarda ifodalab beradi. Shoira uchun ishq, go‘zallik, undan zavqlana bilish kerak. Ishqning nash’asini ham, dardini ham kuyib, yonib kuylash, his qilish sharafdir. Shoira “Otash ast” radifli g‘azalida:

Dar kalomam nest, Maknuna, ba g‘ayr az suxtan,
Daftaram majmuai dog‘u kitobam otash ast[3].

Mazmuni:

Men Maknunaning so‘zlarida kuyishdan boshqa narsa yo‘q,
Daftarim dog‘ to‘plamiyu kitobim otashdir, —

deb yozgan edi. Nodiraning ishq-muhabbat mavzuidagi she’rlarida shu muhabbatni yuksak pog‘onada tutib turuvchi vafo va sadoqat hislari ham ulug‘lanadi:

Bo‘lsa to umru hayotim boqiy,
Meni ilgimduru domoni vafo[4].

Nodira inson qalbida yuksak axloq-odob cho‘g‘i bo‘lmas zkan, u ishq-muhabbatni qadrlay olmasligini ta’kidlaydi va “beadab kirma muhabbat dashtig‘a”, deydi.

Nodira tabiat maftuni edi. Uning bir qator she’rlarida safoli bahor ayyomining kirib kelishi, Navro‘z tufayli shodiyona taronalarning boshlanishi, bog‘larda gullarning ochilishi bilan ularning rang-barang libos kiyishi, muattar hidlar taratishi ajoyib obrazlarda kuylanadi. Nodira she’rlarida islom ruhi, tasavvuf ta’limi va hayot falsafasini chuqur idrok etgan holda hayotga hammavaqt umidbaxsh nigoh bilan qaraydi va undan yaxshilik urug‘ini qidiradi.

Shunday qilib, Nodira lirikasining mavzular doirasi qancha keng bo‘lsa, undagi ma’nolar ham shu darajada zalvorli. Shu zalvorli ma’nolarni yuzaga chiqarishda shoira tomonidan qo‘llangan badiiy vositalar uning katta mahoratidan darak berib turadi.

Nodira she’riyatiga qattiq ixlos qo‘yganlardan biri uning zamondoshi va izdoshi Dilshod — Barno (1800—1905) edi. Dilshod Nodiraga alohida she’rlar bag‘ishlar ekan, uni “ilm-adab va nazm osmonining yulduzi”, “ushshoqlar g‘azalxoni”, “shakar sochuvchi bulbul” sifatlari bilan ta’riflaydi.

O‘z davridayoq she’riyat malikasiga aylangan Nodira bizning zamonamizga ham nafis so‘z san’atkori sifatidagi fazilatlari bilan kirib keldi. Nodira merosining katta va kichik qo‘lyozmalari xalqimiz qo‘liga yetib kelishi bilan ular matniy jihatdan o‘rganilib, bir qator nashrlar yuzaga chiqdi. Jumladan, shoiraning 60-yillarda chop etilgan ilk saylanmasi keyincha shoira asarlarining alohida jildlari sifatida boyidi (Nodira. Devon, 2-jild, 3-kitob, 1968—72-yillar). 1968—72 yillarda shoiraning ikki tom, uch kitobdan iborat o‘zbekcha va fors-tojik tilidagi devoni muxlislar qo‘liga yetib bordi (forsiy g‘azallari nasriy tarjimasi bilan). Nodira asarlari Tojikiston va Afg‘onistonda chop etildi, ularning ruscha tarjimalari Sankt-Peterburglik sharqshunos olim S. N. Ivanov tarjimasida rus kitobxonlariga ham yetib bordi.

1992 yilda mamlakatimizda shoira tavalludining 200 yilligi Qo‘qon, Andijon va boshqa shaharlarda keng nishonlanib, poytaxtimizda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar va tantanali kechalar bilan yakunlandi. Shu yillarda “Davr Nodirasi”, “Ey sarvi ravon” kitoblari chop etildi. 1994 yilda “Fan” nashriyoti “Uvaysiy va Nodira she’rlari”dan iborat o‘zbek shoirlari bayozi turkumli yana bir yangi nashrni kitobxonlarga hadya etdi. Badiiy adabiyotda esa Nodira obrazi gavdalantirildi, drama, roman, kinofilmlar yaratildi. Shahar va qishloqlarda bu hassos ijodkor nomi bilan atalgan kinoteatrlar, ko‘chalar, kutubxonalar va madaniyat maskanlari mavjud.

f.f.d. M. Qodirova

[1] Qarang: M. Qodirova. Nodira (hayoti va ijodi), O‘zR FAning “Fan” nashriyoti. Toshkent, 1965, 91—97-betlar.

[2] Shoira devonlarining qo‘lyozmalari O‘zRFA Beruniy nomidash Sharqshunoslik instituti va H. S. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti fondlarida saqlanmoqda.

[3] Nodira. Asarlar, 2-jild, 1-kitob, 228-bet.

[4] Nodira. Ey sarvi ravon, 20-bet.