Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931)

“Munavvar” — nur olgan, nurli degani. Turkiyada hozir ham bu so‘zni ziyoli o‘rnida qo‘llaydilar. “Qori” deb Qur’onni maromiga yetkazib o‘qiydiganni aytganlar. U Toshkentning ma’rifatli bir xonadonida tug‘ilib, ismiga munosib bo‘lib o‘sdi. Hujjatlardan uning Shayxontohur daha, Darxon mahallasida tug‘ilib o‘sgani ma’lum bo‘ladi. Otasi Abdurashidxon mudarris, onasi Xosiyatxon otin bo‘lgan. Munavvar onasi qo‘lida savod chiqargan. Dastlab Toshkentda Yunusxon madrasasida, so‘ng Buxoroda o‘qigan. O‘tgan asrning 90-yillari oxirlarida jadidlarga qo‘shilib, 1901 yilda Toshkentda birinchilardan bo‘lib “usuli jadid” maktabi ochadi. Bu maktablar uchun “Adibi avval”, “Adibi soniy” kabi alifbo va xrestomatiyalar, “Tavjid al-Qur’on” (“Qur’on qiroati”), “Er yuzi” (“Geografiya”) singari qo‘llanmalar tuzib, nashr etadi. Bu darsliklar 1901—1917 yillar oralig‘ida eng kami 2—3, ko‘pi 9—10 martagacha alohida-alohida holda nashr etilgan.

Munavvarqori va uning maktabi yuksak nufuzga ega edi. Masalan: shunday bir dalilni keltirish mumkin. “Oyna” jurnalining 1914 yil sonlaridan birida Mahmudxo‘ja Behbudiyning Turkistonda oliy milliy ta’lim istiqboli haqida bergan mushtariylarning savoliga javobi bosilgan. Behbudiy unda Toshkentda Munavvarqorining maktabini mana shunday oliy tahsilga zamin bo‘la olishi mumkinligini aytgan edi.

O‘zbek matbuotining maydonga kelishida Munavvarqorining xizmatlari katta bo‘ldi. U o‘zbek matbuotining dastlabki namunasi 1906 yilda chiqqan “Taraqqiy” gazetasining tashkilotchilaridan va mualliflaridan edi. O‘sha yili Munavvarqorining o‘zi “Xurshid” gazetasini chiqardi. Gazetaning faol mualliflaridan biri Xudoyorxonning o‘g‘li Fansurullobek edi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ishtirokiyun (sotsialistik) partiyasini keskin rad etgan mashhur “Xayrul umuri avsotuho” maqolasi mana shu gazetada (1906, №6) bosilgan edi. So‘ng Munavvarqori “Sadoyi Turkiston” (1914—15) ni maydonga chiqarishda jonbozlik ko‘rsatdi. 1917 yilning martida esa o‘zi muharrirligida “Najot” gazetasini chiqardi. Shu yilning iyunida esa Toshkentda Ahmad Zaki Validiy tomonidan “Kengash” jurnali o‘rtaga chiqdi. Ko‘p o‘tmay, uning muharrirligini Munavvarqori olib bora boshladi.

Umuman o‘zbek matbuotining maydonga kelishini ham, tarixiy taraqqiyotini ham Munavvarqorisiz, uning yuzlab ehtirosli maqolalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Munavvarqori XX asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy harakatchilikning, milliy ozodlik ko‘tarilishining eng e’tiborli namoyandalaridandir. Abdulla Avloniy tarjimai hollaridan ma’lum bo‘lishicha, 1901 yillardan boshlab, Toshkentda mahalliy yoshlardan “Jadidlar to‘dasi” tashkil topgan edi. 1914—15 yillarda “Sadoyi Turkiston”da muharrirlik qilgan, 1909 yilda Lev Tolstoy bilan xat yozishgan advokat Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, shoir Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xo‘jayev kabilar bu guruhning faollari bo‘lib tanildilar. Avloniy unga 1904 yilda a’zo bo‘lganini ma’lum qiladi. Munavvarqori shuning asoschilaridan edi. 1909 yilda u boshqa ma’rifatparvar jadidlar bilan birga “Jamiyati xayriya” tuzadi. 1913 yilda “Turon” jamiyatini ta’sis etadi. “Maktab”, “Nashriyot” kabi shirkatlar ochadi. Jamiyatning maqsadi yerli musulmon aholisi orasida maorif-madaniyatga rag‘bat uyg‘otish, ularga moddiy-ma’naviy yordam berish, ular uchun sahna asarlari tayyorlash va ko‘rsatish edi. Munavvarqori yoshlarni rivojlangan mamlakatlarda o‘qitish, shu orqali Millat va Vatanni farzandlariga tanitish, dunyoni anglatish ishlariga alohida e’tibor berdi. 1908 yildan 1923 yilga qadar uning g‘ayrat va tashabbusi bilan yuzdan ortiq turkistonlik chetda o‘qib keldi. 1920—23 yillarda bu tashabbusni Buxoroda Fitrat va Fayzulla Xo‘jayev qo‘llab-quvvatlab chiqdilar. Ma’lumotlarga qaraganda birgina 1922 yilda Olmoniyada o‘qiyotganlarning soni 60 ga yetgan. Shulardan to‘rttasi (Jabbor Sattor, Saidali Xo‘jayev, Ahmad Shukuriy, Vali Qayumxon) toshkentlik edi.

Munavvarqori garchi teatr asari yozmagan bo‘lsa-da, Turkistondagi teatrchilik ishlarining yo‘lga qo‘yilishida Abdulla Avloniy yonida turdi. 1913 yilda tuzilgan “Turon” jamiyati nizomida teatrchilik ishlari alohida ta’kidlangani, uning zaminida “Teatr” havaskorlari truppasi” tashkil topgani bejiz emas. 1914 yilning 27 fevralida Toshkentdagi “Kolizey” (hozirgi Savdo birjasi binosi)da mana shu truppa tomonidan “Padarkush” dramasi birinchi marotaba sahnaga qo‘yiladi. Tomosha oldidan Munavvarqori teatr va uning ahamiyati haqida nutq so‘zlaydi. Matbuot bu kunni “Tarixiy kun” deb e’lon qiladi. Shoir Tavallo esa shu munosabat bilan she’r yozadi. Unda shunday satrlar bor edi:

Cho‘h munavvar etti olamni Munavvarqorimiz,
Ko‘rdimiz ravshanlig‘idin fe’limiz, atvorimiz.
Ibrat oling yoshlar, deb to‘kdi ko‘zdin yoshlar,
Nutqida tahrir edub, bizlarni yo‘qu borimiz.
Chun qo‘nguldan biz eshitduk, chin-achig‘ aytgan so‘zi,
Shuncha bid’atlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.

Munavvarqori adib sifatida ham ma’lum e’tibor va nufuzga ega edi. Xususan, uning “Adibi avval”, “Adibi soniy” kitoblari darslik-majmua yo‘sinida yozilgan bo‘lib, ko‘plab she’riy va nasriy hikoyalarni o‘z ichiga olgan. Har birining so‘nggida “hissa” — xulosa chiqarilgan. Ular mavzuiga ko‘ra har xil. Ko‘pchiligi tarixiy mavzuda. Yo‘l-yo‘nalishga ko‘ra ibratomuz pandlardan tashkil topgan. Tili sodda, o‘qilishi qiziqarli. Masalan: “Adibi soniy”dagi ilk hikoyalardan biri “Iskandar ila Arastu” deb nomlangan.

“O‘tgan zamonda Iskandari Rumiy degan bir podshoh bor edi, — deb boshlanadi hikoya. — Oning Arastu otlig‘ bir olim va dono otasi bor edi. Iskandar Arastuni o‘z yoniga bosh vazir qilub, barcha mamlakat ishlarini topshurmish edi. Bir ish qilsa, shuning maslahati ila qilur edi. Eshikdan kelsa, o‘rnidan turub, joy berur edi. O‘zining otasidan ortuq izzat va hurmat qilurdi. Bir kun vazirlardan biri Iskandardan so‘radiki, “Na uchun Arastuni otangizdan ortuq izzat qilursiz?”

Iskandar aytdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushurdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya’ni otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim ilmu adab o‘rgatub, martaba va izzatimni ortmog‘iga sabab bo‘ldi. Shuning uchun ustozimni otamdan ortuq izzat qilurman”.

Bu hikoyadan hissa nadur? Bolalarning o‘zlari topsunlar”.

Hikoyalar orasida XX asr boshidagi tarixiy voqealar, ijtimoiy-maishiy turmush manzaralari haqida yozilganlari ham anchagana. Ma’lum bo‘lganidek, Munavvarqori badiiy adabiyot bilan yaqindan shug‘ullangan ziyolilarimizdan edi.

U 20-yillarda esa tilshunoslikka oid asarlar yozdi. Uning 1925 yilda e’lon qilgan Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikdagi uch bo‘limlik “O‘zbekcha til saboqlig‘i” kitobi shu yo‘ldagi jiddiy ishlardan bo‘ldi. Mualliflar turkcha tilshunoslik atamalari endigina shakllanayotgan bir paytda shunday murakkab ishni amalga oshirgan edilar.

Lekin Munavvarqori millat tarixida birinchi navbatda jamoat va siyosiy arbob sifatida qoldi. U o‘tgan asrning 90-yillari oxiridan umrining so‘nggigacha Millat va Vatan ravnaqi, ozodligi yo‘lida kurash olib bordi. Uning butun ijodi va faoliyati mana shu ikki masala atrofida kechdi. Ayniqsa uning 17-yillardagi faoliyati qizg‘in bo‘ldi. U mashhur 1917 yil fevral voqealaridan qo‘p o‘tmay, o‘sha yilning martidayoq “Sho‘royi islomiya” jamiyatini tuzdi. Milliy, diniy zaminga suyangan, shariatga asoslangan mustaqil Turkiston hukumatini tuzish g‘oyasini ilgari surdi. “Sho‘royi islomiya”ning 16—23 aprelda Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi qurultoyida “Turkiston musulmon deputatlarining Markaziy Sho‘rosi” tuzilib, Munavvarqori rais bo‘lib saylandi. “Markaziy Sho‘ro”da Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qayev kabi tanikli ma’rifat va siyosat kishilari bor edi.

1917 yilning yoziga kelib bolsheviklar faollashdilar. Ular mahalliy ziyolilarning bir qismini, ayrim kambag‘al toifalarni o‘z izlaridan ergashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Munavvarqori bundan qattiq tashvishga tushdi. Oktyabr to‘ntarishini tashvish va sarosima bilan kutib oldi. Qo‘qon (Turkiston) muxtoriyatining qizg‘in tarafdorlaridan bo‘ldi. Muxtoriyat xoinona bostirilgandan keyin xalqni uyg‘otish, ko‘zini ochish yo‘llarini qidirdi. 1918 yilning bahorida Turkiston xalq dorilfununining musulmon bo‘limini tuzdi. Shu yilning mayidan dekabriga qadar ushbu musulmon xalq universitetining rektori vazifasini bajardi, til bilimidan dars berdi, ulkan tashkiliy ishlar olib bordi. Turkistondagi zamonaviy oliy ta’limning maydonga kelishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. 1919 yilda “Turkiston komissiyasi” tuzilib, Maskov nazoratni qo‘lga ola boshlagach, Munavvarqori ishdan bo‘shatildi. 1920 yilda Buxoroda xalq jumhuriyati o‘rnatilgach, uni Buxoroga chaqirib oladilar. Buxoroda amir hokimiyati ag‘darilganda u Bokuda Sharq xalqlari qurultoyida edi. Bokudan qaytgach, Buxoro xalq maorifiga ishga yuboriladi. Lekin to‘rt oy o‘tar-o‘tmas, 1921 yilning 20 martida Toshkentga chaqirib olinadi. Ikki oycha ishlagandan so‘ng, qamoqqa olinadi. To‘g‘ri, u 1917 yilning oktyabridan keyin o‘zining sho‘rolarga qarshi kurashini yashirin ravishda davom ettirgan. Buni uning qo‘lyozma holida qolgan xotiralari ochiq-oydin ko‘rsatadi. Jumladan, Oktyabr arafasida “Ittihod va taraqqiy” jamiyatida qatnashgani, jamiyat sovet davrida ham faoliyat ko‘rsatgani ma’lum bo‘ladi… Biroq ko‘p o‘tmay Munavvarqori qamoqdan chiqariladi va yana o‘qituvchilik qila boshlaydi.

20-yilning o‘rtalaridan jadidchilikka munosabat o‘zgara boshlagach, Munavvarqoriga ham hujum boshlanadi. Shunga qaramasdan u o‘z yo‘lidan qaytmaydi. 1917 yilgi Toshkent okrug madaniyatchilarining qurultoyida jadidchilikni himoya qilib chiqadi. Ikkinchi marotaba Munavvarqorini 1929 yilda qamoqqa oldilar. Unga millatchilik aybi qo‘yiladi va 1931 yilda xalq dushmani sifatida otib tashlandi.

Munavvarqorining qatl qilinishi Stalin qatag‘onining birinchi to‘lqinini boshlab bergan edi.

O‘zbekiston Jumhuriyatining sobiq DHQ — hozirgi Milliy Xavfsizlik xizmati arxivida Munavvarqorining “millatchilik” faoliyatiga oid yuzlab to‘qib chiqarilgan guvohliklar, ayblovlar saqlanib keladi. Munavvarqori uzoq yillar davomida dushman sifatida qoralanib kelindi. Uning tariximiz, madaniyatimiz rivojidagi xizmatlarini o‘rganish va taqdirlash ishlarining hammasi oldinda turibdi.

Begali Qosimov

Maqolalar:

O‘zbek ziyolilari: Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931)
O‘zbek she’riyati: Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931)
Biografiya: Munavvar-karы Abdurashidxonov (na russkom yazыke)
Biography: Munavvarqori Abdurashidhon (in English)

Munavvarqori Abdurashidxonov asarlari:

Munavvarqori Abdurashidxonov. Tanlangan asarlar
Munavvarqori Abdurashidxonov. Adibus-soniy
Munavvarqori Abdurashidxonov. Yer yuzi
Munavvarqori Abdurashidxonov. Musulmonlik
Munavvarqori Abdurashidxonov. Tajvidul Qur’on
Munavvarqori Abdurashidxonov. Xotiralarimdan

Munavvarqori Abdurashidxonov maqolalari:

Munavvarqori Abdurashidxonov. Nikoh to‘g‘risida (1906)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Bizni jaholat — jahli murakkab (1906)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Sababi tartib (1907)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Toshkandda musulmon jamiyati (1913)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Jamiyatlar qanday ochilur (1914)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Turon» teatri ochilishida so‘zlangan nutq (1914)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Maqbul qurbonlar (1917)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Sho‘royi islom» qarornomasi (1917)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Xitobnoma (1919)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkiston vaqflari haqida (1920)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Hujummi? Munozarami? (1921)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkistonda vaqf ishlari (1922)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Turkiston sho‘rolar jumhuriyatidagi maorifparvar yoshlarga xitob (1923)
Munavvarqori Abdurashidxonov. «Nashri maorif» uyushmasining ahamiyati (1923)
Munavvarqori Abdurashidxonov. O‘zbekistonda vaqf (1924)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Qoralash yaxshi emas (1927)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Mahbusdan ariza (1930)

Munavvarqori Abdurashidxonov hikoyalari:

Munavvarqori Abdurashidxonov. Tug‘ishganlik sevgisi (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Qanday qullik tushdi? (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Devpechak (hikoya)
Munavvarqori Abdurashidxonov. Bizda hamiyat (hikoya)