Boborahim Mulla Vali (Valibobo) o‘g‘li Mashrab o‘z ijodi bilan o‘zbek adabiyotida xalqchillik, ijtimoiylik va dunyoviylikning chuqurlashuvida, jaholat va bid’atta qarshi kurash g‘oyalarining kuchayishida, she’riyat shakllarining takomillashuvi hamda badiiyatning kamolga erishuvida katta o‘rin tutgan so‘z ustalaridan biridir.
Mashrab faqat otashzabon ijodkor sifatidagina emas, balki, ayni zamonda, adolatsizlik va zo‘ravonlik, qabohat va jaholat bilan aslo kelisha olmaydigan dovyurak shaxs sifatida ham dong taratgan. Xalq tasavvurida u johil amaldorlar ustidan kuluvchi, axloqan tuban kishilarni, munofiq din arboblarini ayovsiz fosh qilib, mehnatkashlar manfaatini himoya etuvchi botirso‘z, tadbirkor kurashchi tarzida shakllangan: odtsiy xalq Mashrab timsolida o‘z ishonchli vakilini, o‘z orzu-intilishlarini baralla ayta oluvchi otashin siymoni ko‘rgan.
Boborahim Mashrab hayoti va ijod yo‘li haqida ma’lumot beruvchi tarixiy manbalar ko‘p emas. Uning nomi XVIII—XIX asrlarda tuzilgan ayrim tazkira va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlarda (Muhammad Bade’ Malehonning “Muzakkir ul-ashob”, “Tazkirai Fahmiy”, “Musavvai Abdushshukur Ziyo”, “Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy”) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda kam, uzuq-yuluq va biri-biriga zid. Mashrabning qoddirgan adabiy merosi xususida ham aniq ma’lumot beruvchi manba yo‘q. Uning o‘z asarlarini to‘plab devon yoki biror majmua tuzganligi ma’lum emas. Faqat “Devoni Mashrab”, “Devonai Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari ostida xalq orasida qo‘lyozma va toshbosma shaklida juda keng tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi aniq belgilangan emas) shoirning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati ma’lum tartib va izchilikda bayon etiladi, asarlaridan namunalar keltiriladi.
Mashrab faoliyatining qator nuqtalari aniq va tarixan to‘g‘ri qayd etilganidan qissaning birinchi nusxalari shoirni yaqindan bilgan va asarlaridan yaxshi xabardor shaxs tomondan, o‘sha davrlardayoq yaratilgan, deb taxmin etish mumkin. Ayni zamonda, u uzoq yillar davomida o‘zgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli to‘qimalar, yangi-yangi rivoyat, naqllar, sarguzasht va latifanamo lavhalar bilan to‘ldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Mashrab faoliyati xalq tasavvuridagi to‘qima Mashrab hamda u haqidagi sarguzasht — rivoyatlar bilan qorishib-chatishib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yo‘lini nisbatan to‘la va bosqichma-bosqich o‘zida jamlovchi adabiy-tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Boborahim Mashrab 1640 yilda (hijriy hisob bilan 1050) Namanganda kambag‘al kosib-bo‘zchi Valibobo oilasida dunyoga keddi. Qissa ma’lumotlariga ko‘ra, Boborahim otadan yosh yetim qoladi, oilaning moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik o‘tkazadi. Qissada bo‘lajak shoirning go‘dakligidanoq nihoyatda halol, ziyrak, to‘g‘riso‘z bo‘lganligi, hozirjavob va mushohadaligi bilan tengqurlaridan ajralib turishi alohida ta’kidlanadi. Har holda o‘z davri bilimdonlaridan, xususan din asoslari va falsafadan durustgina boxabar bo‘lgani uchun Namanganning so‘fiy eshoni Mulla Bozor Oxund nomi bilan shuhrat qozongan Xo‘ja Ubaydullo qo‘liga tahsil olishga topshirilgan. Boborahim ma’lum muddat Mulla Bozor Oxundda diniy ta’limot va so‘fiy tariqatlari bo‘yicha bilimini opshradi, forsiy tilni o‘rganadi, ayni zamonda, Sharq she’riyatini, xususan, uning yirik vakillari merosini qiziqish bilan mutolaa qiladi.
Taxminan 1665 yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga qo‘ra o‘sha zamonda katta obro‘ga ega bo‘lgan yirik din arbobi koshg‘arlik Hidoyatullo Ofoq Xoja eshon huzuriga boradi. Boborahim ko‘p bilimlar sohibi, fozil Ofoq Xojaga sidqididdan murid tushadi, uni o‘ziga murshidi komil deb qabul qiladi va yetti yil uning dargohida xizmatini o‘taydi, yumushlarini bajarib, saboq oladi, muridlari qatorida kun kechiradi. Qissalarda ta’kidlanishicha, she’riyatni yuksak qadrlagan Ofoq Xoja Boborahimning ijodiy iqtidorini yuqori baholaydi, hatto “Mashrab” taxallusini ham u tavsiya etadi. Mashrab g‘azallarining birida uchrovchi mana bu baytda ham xuddi shu mazmun ifodalangan:
Quddisa sirrihu Xojam otimni “Mashrab!” dedilar,
Koshg‘aru Yorkand ichida sohibi guftor o‘zim!
Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yo‘nalish ruhidagi she’rlarning ko‘pchilik qismi Ofoq Xoja dargohida va uning targ‘ibot-saboqlari ta’sirida yaratilgan desak, xato bo‘lmas. Ofoq Xojaning shaxsiy xislat-fazilatlarini madh etuvchi, uni “piru rahbar” deb tan oluvchi bayt-misralagshi tarkibida jam’ etgan g‘azal va muxammaslar ham (“Koshki”, “O‘zim” radifli g‘azallar, “Qolmadi” radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir.
Mashrab taxminan 1672—73 yillarda OfoqXoja dargohini tark etishga majbur bo‘ldi. Shoir hayot yo‘lini bayon etuvchi qissalarda qayd etilishicha, bunga Mashrabning piri dargohidagi kanizlarining biriga ko‘ngil qo‘ygani, sevib-sevilgani rasmiy sabab bo‘lgan. Ammo Mashrabning og‘ir jismoniy jazolanib quvilishi zaminida pir bilan murid o‘rtasidagi jiddiy g‘oyaviy ziddiyatlar bo‘lgan deyilsa haqiqatga muvofiq bo‘ladi.
Mashrab Koshg‘ardan 1673 yilda Namanganga — onasi yoniga qaytadi. Kasalmand onasining vafotidan keyin hech kimi qolmagan shoirning qo‘nimsiz hayoti boshlanadi. Uning keyingi deyarli qirq yillik umri doimiy safarda, darbadarlikda, turli o‘lkalarda musofirlikda o‘tdi. Turli adabiy-tarixiy manbalar, shuningdek, qissa nusxalari Mashrab borgan shahar-yurtlari, safar tartibi haqida xilma-xil, ko‘pincha biri-biridan farqli ma’lumotlar beradi. Ularda shoirning Samarqand, Xo‘jand, Toshkent, Turkiston, Buxoro, Andijon, Badaxshon, shuningdek, Yaqin Sharqning qator o‘lkalariga borganligi haqida so‘zlanadi. Mashrabning adabiy merosida hayot yo‘lining qator nuqtalari jumlasida yuqorida sanalgan shahar — o‘lkalarning ko‘plari zikr etiladi. Mashrabning biror shahar-qishloqqa kelishi izsiz o‘tmas edi, ma’lum shov-shuvlarga sabab bo‘lardi: oddiy xalq samimiyat va xursandchilik bilan, hokim, amaldorlar, riyokor ruhoniylar esa hadiksirab, dushman ko‘zi bilan sovuq qarshi olardilar.
Mashrab qo‘nimsiz hayotining so‘nggi nuqtasi Balhda ham xuddi shunday bo‘ldi: hokim tabaqa, riyokor ruhoniylar unga o‘zlarining ashaddiy dushmani deb qaradilar va jisman yo‘qotish niyatida bo‘ldilar. Natijada, “Tazkirai Fahmiy”da qayd etilganidek, “dar soli 1123 hijriy dar Qunduz bafatvoi ulamo va hukmi Mahmudbiy Qatog‘on shahid karda shuda”, ya’ni “1123 hijriy (1711 milodiy) yilida Qunduzda (Balx viloyatida) ulamolarning fatvosi va Mahmudbiy Qatog‘on (Balx, Qunduz hokimi)ning hukmi bilan shahid bo‘ldi”. Otashin shoir, dovyurak shaxs, jasur qalb sohibi Boborahim Mashrab osib o‘ldirildi. U xuddi Mansur Xalloj va Imomiddin Nasimiy kabi hurfikr g‘oyalari yo‘lida, o‘sha zamonadagi hukmron tabaqalar va johil ulamolar rasmiy siyosatiga nomuvofiq dunyoqarashi yo‘lida qurbon bo‘ldi.
Boborahim Mashrab mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining ilg‘or an’analarini o‘rganib yirik shoir bo‘lib shakllandi, kamolga yetdi. U qoldirgan merosda, birinchi navbatda, ishqiy mavzudagi g‘azal-muxammaslardan ana shu an’analarning barakali ta’sirini aniq kuzatish mumkin. Masalan: Mashrab Lutfiyning mashhur:
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma —
matlaini o‘zgartirmay qabul qilib, uni shu o‘ynoqi vazn, shu qofiya va radif, shu ruhda davom ettiradi, buyuk ustoziga hurmat hamda san’atini tan olishi belgisi sifatida o‘xshatma g‘azal yaratadi.
Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosining ijobiy ta’siri katta bo‘ldi. Shoirning eng yaxshi asarlarida biz Navoiy ijodiga xos falsafiylik va dunyosevarlikni ko‘ramiz, mazmunning hayotiyligi, xalqchilligini, vazn ravonligi va o‘ynoqiligini qayd etamiz, mavzu tanlash va uni badiiy talqinida yaqinlik va o‘xshashlikni uchratamiz. Mashrab muxammaslaridan birida ma’shuqaning uchrashuv haqida oshiqqa va’da bergani, oshiqning tunlarni bedor o‘tkazib, intizorlik bilan vasl daqiqalarini kutishi to‘g‘risida so‘z boradi. Ammo, ma’shuqa va’dani buzadi, vafosizlik ko‘rsatib uchrashuvga kelmaydi. Muxammas oshiqning ana shu holatdagi hayajonini, his-tuyg‘ularini, hijronda yorni kutishdagi nozik kechinmalarini yuksak badiiylik bilan nihoyatda jonli ifodalaydi:
Va’da qildi bir kelay deb, ko‘zga uyqu kelmadi,
Termurub yo‘lida qoldim, sho‘xi badxo‘ kelmadi,
Necha keldi shum raqiblar, ul pariro‘ kelmadi,
Dardidin o‘ldim, tabib, dardimg‘a doru kelmadi,
Men shahidi ishq bo‘ldim, qatrai suv kelmadi.
O‘n ikki band davomida mavzuni shu yuksak saviyada badiiy tahlil etuvchi bu muxammas Mashrab ijodiga Navoiyning barakali ta’sirini ko‘rsatuvchi yaqqol misol bo‘la oladi. Bunda ulug‘ shoirning: “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi” misrasi bilan boshlanuvchi mashhur g‘azalidan Mashrab ilhomlanganligi ko‘zga ravshan tashlanadi.
Mashrab Navoiy merosidan lirikada jiddiy ijtimoiy mazmun ifodalashni, norozilik ohanglari va tanqidiy fikrlarni ishq-muhabbat mavzuidagi she’rlar jismiga “joylab yuborish” mahoratini ham o‘zlashtirdi, ijodiy rivojlantirdi.
Mashrab ijodidagi ijtimoiy mazmundorlik va kuchli tanqidiy yo‘nalish shoirning ilg‘or dunyoqarashi, xalqchil falsafasi, zamonasidagi salbiy voqea-hodisalarga aniq tanqidiy munosabatidan shakllangan. Qat’iy aytish mumkinki, chuqur ijtimoiylik va kuchli tanqidiy munosabat Mashrabning umumijodiy faoliyatida ustivorlik qilgan hamda yaratgan ko‘pdan-ko‘p asarlarining asl fazilati darajasiga ko‘tarilgan.
Shahar va qishloqlar ezilgan ommasining g‘amu hasratlarga to‘la kulfatli hayotini badiiy tasvirlash xalqchil shoir ijodida yetakchi mavzulardan biri bo‘lgan. Doimo xalq ichida yurib, uning yashash sharoiti va orzu-intilishlaridan yaqindan xabardor bo‘lgan Mashrab mashaqqatli hayotni haqqoniy badiiy lavhalarda mahorat bilan tasvirladi, nihoyatda sodda, ravon, ammo mazmunan zalvorli misralarda samimiy hamdardlik va yurakdan achinish tuyg‘ularini ta’sirchan ifodaladi. She’rlaridan birida “Azaldin men dili g‘amgin xaloyiq xaylini sevdim!” deb yozgan shoir boshqa bir o‘rinda “O‘zimdek xonavayronlarni ko‘rsam zor yig‘larman!” deya ezilgan ommaga to‘la xayrixoh ekanligani alohida ta’kidlaydi.
Mashrab she’riyatida “ko‘zi yoshli”, “baxti qaro”, “dard ahli”ga, “g‘am xayli”ga hamdardlik, ular bilan hamdamlik g‘oyalari qayta-qayta takrorlanishi bejiz emas.
Mashrabning “Tanho” radifli muxammasida bevosita xalq va uning turmush sharoitini haqqoniy ko‘rsatuvchi lavhalar chizilgan. Har bir o‘quvchi yuragini o‘rtovchi mana bu misralar shoir ijodining to‘la xalqchil mohiyatiga ishonchli dalildur:
Dili tig‘i sitamdin pora bo‘lgan xalqni ko‘rdim,
Tanu dardu alamdin yora bo‘lgan xalqni ko‘rdim,
Ko‘zi vaqti sahar sayyora bo‘lgan xalqni ko‘rdim…
Boborahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy g‘oyalar ham, o‘sha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohanglari ham sezilarli o‘rin egallaydi. Shoir islomning asosiy nazariy qoidalarini shubhasiz qabul etadi. Ammo, ayni zamonda, islom ta’limotining bir qator zohiriy belgilarini, birlamchi deb hisoblangan qonun-qoidalarini, shariatning ayrim ko‘rsatma-talablarini, farz-sunnatlarini tan olmaslik va past nazar bilan qarash ham ko‘zga tashlanadi, ayrim diniy rukn-tushuncha va muqaddas deb bilingan marosim va odatlarga, talqin va aqidalarga shubha bilan qarash, hatto, ochiqdan-ochiq mensimaslik va masxaraomuz munosabat ancha-muncha uchraydi.
Turli-tuman shakl va talqinlarda jilovlanuvchi bu dunyoqarashning butun mohiyat-mag‘zi shoirning quyidagi qat’iy e’tirofida nihoyatda yaqqol va lo‘nda ifodalangan:
Bir Xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lmasa ilkimda tikonni na qilay?!
Ha, birgina qudratli Yaratuvchidan boshqahamma-hammasi “g‘alat”, ya’ni xatodir, deydi shoir. Baytda Mashrab birinchi misra mazmunini ikkinchi misrada hayotiy va tasavvufiy ramz-timsollar vositasida namoyon etadi.
Mashrab she’riyatida uchrovchi shakkoklik zaminida, jumladan, namoz, ro‘za, jannat (behisht), Makka, Ka’ba (baytul-haram), hur, g‘ilmon, do‘zax tushunchalariga hurmatsiz munosabat, ba’zan esa ochiqdan-ochiq mensimaslik, “bir pulga sotish”ga tayyorlik ostida, shuningdek, riyokor, munofiq din arboblarining ayovsiz fosh etish asosida ana shu e’tiqodga buyuk ishonch, qat’iy sadoqat mavjud. Umuman tasavvuf ta’limotida bo‘lganidek, Mashrab ijodida ham, faqat Allohnigina tan olish, yakka ungagina chin muhabbat qo‘yish va uning vasliga talpinish jarayonida barcha “g‘alat”larni rad etish so‘fiy adabiyotda asrlar davomida qaror topgan ramz-timsollar, tushuncha-iboralar (“Ishq”, “Muhabbat”, “Yor”, “Jonona”, “Gul”, “May”, “Boda”, “Visol” va boshqalar) vositasida amalga oshirilgan. Shoir she’rlarida bu mazmun qatiy keskin ruhda, ba’zan, hatto qo‘pol, dag‘al ohangda, ammo doimo ravshan ifodasini topgan:
…Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?!
…Urayinmu boshima sakkiz behishtu do‘zaxin?!
…Ko‘rmasam bir dam Seni bayt ul-haramni naylayin?!
…Ikki dunyodin ko‘zum yumdum Sening zavqing bilan! .
..Meni devona Mashrabg‘a Muhabbatdin bayon aylang,
…Nomozu ro‘zadan forig‘ bo‘lib sayyora Mashrabman!
…Xonaqoyu Ka’badin, Mashrab, muroda yetmadim!
Yuqorida aytilganlar to‘la nazarda tutilsagina Mashrab ijodiy merosida ko‘plab uchrovchi bu kabi xitob-ta’kidlarning asl mazmuni, tasavvufiy mohiyati yuzaga chiqadi, faqat shundagina shoir falsafasi, kuzatayotgan bosh maqsadi to‘g‘ri baholanadi.
Albatta Mashrab she’riyatining har bir namunasidan tasavvufiy mazmun va so‘fiy ramz-timsollarni qidirish, har bir holatda ma’shuqa madhi va uning vasliga intilish zaminida Yaratuvchi madhi va unga sig‘inish, talpinishni tushunish xatodir.
Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat-fazilatlarini ta’riflash, orzu-umidlari, shodlik-quvonchlari va g‘am-tashvishlarini haqqoniy tasvirlash ham salmoqli o‘rin egallaydi. Bu mavzu asosan, hayotiy ishq-muhabbatni ulug‘lash, go‘zal yorni — ma’shuqa husnu latofatini ta’riflash, oshiqning sevgi-sadoqatini, yor vasliga intilishini ishonchli tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.
Hayotiy ishq-muhabbat mavzui Mashrab ijodida Sharq she’riyatining g‘azal, mustazod, murabba’ va muxammas, shuningdek, musaddas va musabba’ turlarida ishlandi. Bu guruh asarlari asosida tashvish va lazzatlarga to‘la insoniy sevgi yotganligini ko‘ramiz. Shoir ma’shuqa siymosini chizar ekan, shunday badiiy mahorat namoyish etadiki, natijada lirik “men” ko‘nglini zabt etgan yor o‘quvchi ko‘zi oldida o‘zining butun ayollik latofati, nazokati, ichki hissiyoti, xulq-atvori, sharmu hayosi, nozu jilvasi, kiyinishi, yurish-turishi bilan jonli gavdalanadi; o‘quvchi ham uni oshiq qatorida sevib qoladi, o‘zida ham qandaydir latif hissiyot jo‘sh urayotganini, ko‘nglida nozik kechinmalar tug‘yonga kelayotganini sezadi. Xuddi shuning uchun ham o‘quvchi oshiqning alam-iztirobiga, hijronda cheksiz qiynalayotganiga ishonadi, oshiq bilan hamkorlikda xayolga cho‘madi, ezgu orzularga beriladi, uning qayg‘usiga sherik bo‘ladi.
Chindan ham Mashrabning ishqiy lirikasi, uning barcha she’rlari kabi, hayotiy mavzui va jo‘shqinligi, nihoyatda ravon va o‘ynoqiligi, xalq qo‘shiqlari kabi sodda va samimiyligi bilan tinglovchilar qalbiga tezda yo‘l topa biladi, ularga badiiy zavq baxsh etadi. Shoir agar ta’bir joiz bo‘lsa, asarlarining shu fazilatlari bilan she’riyatda Mashrabona uslub yaratdi. Aytilgan fazilatlar jumlasiga sho‘x vazn va jarangdor radif-qofiyalar tanlash, xalq jonli tilidan o‘rinli va unumli foydalanish, har bir misraga sur’at va jo‘shqinlik baxsh etish mahoratini ham kiritish joiz.
Mashrabning adabiy merosi to‘g‘risida so‘z borganda uning mustazod va murabba’lari xususida alohida to‘xtash zarurati bor. Ta’kidlash lozimki, shoir o‘tmish she’riyatimizda eng ko‘p va har jihatdan yetuk mustazod yaratgan ijodkor sifatida bu o‘ynoqi va sho‘x lirik turning adabiyotimizda uzil-kesil mustahkamlanishi va boyishiga katta hissa qo‘shdi. Mashrab mustazodlarida insoniy sevgi-muhabbatni kuyladi, shu zamin go‘zalini madh etdi, uning barkamol chiroyi va latofatini ulug‘ladi, sadoqat va vafodorlikni chin ijobiy fazilatlar sifatida targ‘ib etdi.
Shoirning butun ijodiy faoliyatiga xos bo‘lgan xalqona uslub va badiiy-tasviriy vositalar rang-barangligi uning murabba’ va muxammaslarida ham ko‘zga ravshan tashlanadi. Ayniqsa, har bir bandi:
— Ey bod, yetkur, yora salomim!
— Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! —
misralari bilan yakunlanuvchi romantik ruhda bitilgan murabbalari o‘z g‘oyaviy-badiiy kamoloti jihatidan alohida ajralib turadi.
Mashrabning lirik shoir sifatida yuksak badiiy mahorati uning sakkiz band — ellik olti misradan tashkil topgan musabbasida ham butun fazilatlari bilan yuzaga chiqqan.
Vah-vah, na go‘zalsan, na ajoyib, na qiyomat!
Hay-hay, na jafo qilsa sanam — jonima rohat!
bayt-radifi har bandida takrorlanuvchi bu musabbani umuman o‘tmish she’riyatimizda yaratilgan bu tur asarlarining eng yetuk namunalari qatoriga kiritish mumkin. Mashrab ko‘p bo‘lmasa-da, fors tilida ham qalam tebratdi, qator g‘azal, muxammaslar yaratdi, “shiru shakar” (mulamma’) shaklida namunalar bitdi.
Ko‘p asrlik adabiyotimiz tarixining eng yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Boborahim Mashrab ijodi she’riyatimizni ko‘pdan-ko‘p yetuk asarlar bilan boyitdi, uning keyingi rivojiga barakali ta’sir ko‘rsatdi.
Tabiiy g‘urur bilan faxriya uslubida:
— Shuhrati she’r bobida, Mashrabo, mo‘tabar o‘zum!
— Mashrabo, har bir so‘zingdur gavhari qimmatbaho! —
misralarini bitgan shoirning badiiy barkamol asarlari xalqimiz ma’naviy mulkining muqaddas va mo‘tabar bir qismiga aylangan.
f.f.d. A. Abdug‘afurov