Abay (1845-1904)

Abay — Ibrohim Qo‘nonboyev — XIX asrning ikkinchi yarmida yashab, ijod etgan qozoq she’riyatining mash’ali, bastakor, faylasuf va qozoq yozma adabiyotini asoschisi, ma’rifatparvar shoiridir. U 1845 yilning 8 avgustida Semipalatinsk viloyatiga karashli, hozirgi Abay tumani, Chingiztog‘ bovuridagi Qashqabuloq makonida dunyoga kelgan. Otasi Qo‘nonboy O‘skonboy o‘g‘li qozoq urug‘lari ichidagi eng boy, badavlat kishilardan bo‘lib, Abayni o‘qitishga katta ahamiyat berdi. Abay madrasada to‘rt yil ta’lim oldi. Arab, fors tillarini o‘rgandi. Markaziy Osiyo allomalarini, xususan, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Navoiy, Bobur, Nodira asarlarini mutolaa qildi. Ulardan ta’sirlanib “Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy” nomli she’riy asarini yaratdi. Unda Sharq allomalarini o‘ziga ustoz deb bilganligini tan oladi:

Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy,
Navoiy, Sa’diy, Firdavsiy,
Xo‘ja Hofiz — bu hammasi,
Madad ber, yo shuaro fariyod —

deydi.

Shuningdek, shoirning 1855—1881 yillar davomida yozgan “Yuzi ravshan”, “Alifbo”, “Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy” kabi va boshqa she’rlari Sharq allomalariga ergashib yozgan ijod namunalari edi. Shuning uchun akademik yozuvchi Muxtor Avezov “…unga tillari tushunarli bo‘lganlikdan Navoiy, Fuzuliy asarlari ko‘p ta’sir etgan. Ayniqsa, Abay Alisher Navoiyni o‘ziga “eng yaqin ustoz” deb biladi va asarlaridan o‘rnak oladi”…

Abay Ahmad Rizo madrasasida uzoq tahsil ko‘rolmadi. Otasi uni madrasadan chiqarib olib, el boshqarish ishlariga jalb etdi. Lekin Abay qalamni tashlab qo‘ymadi. El boshqarish bilan birga badiiy ijod bilan qattiq shug‘ullandi, o‘z bilimini tinmay oshirib bordi. Shoir uchun ayniqsa 1886—1889—1895 yillar sermahsul, qizg‘in ijodiy davr bo‘ldi. Bu davrda qozoq urug‘larining o‘zaro ichki nizolari avj olgandi. Abay o‘z asarlarida ularni do‘stlikka, inoqlikka, birodarlikka undadi, ilm-ma’rifat olishga da’vat etdi. Bunga shoirning “Mening elim — qozog‘im”, “Adashganning oldi yo‘q”, “Ilm topmay maqtanma”, “Yoshlikda ilm deb o‘yladim”, “Boylar yurar molin ardoqlab”, “Internatda o‘qiydi” (1886) kabi asarlari yorqin misol bo‘ladi.

Abay o‘sha davrlarda Semipalatinskka surgun qilingan rus demokratlari I. I. Dolgopolov, Ye. P. Mixaelis hamda V. G. Belinskiy, Chernishevskiy, Dobrolyubov, Saltikov-Shchedrin, L. Tolstoy, A S. Pushkin, M. Yu. Lermonov, I. A. Krilov asarlarni o‘qib puxta o‘rgandi. Ba’zilarini qozoq tiliga tarjima qildi. Ularning asarlari orqali rus, jahon adabiyoti namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishdi, tarjimalar qildi, nasriy asarlar yozdi.

Abay ijodining muhim qirralaridan biri — yosh shoirlarni tarkbiyalash bo‘ldi. Yoshlarga homiylik qildi. Ularga mavzular berib, dostonlar yozdirdi. Bu o‘rinda o‘g‘li Mag‘aviyaga (1869—1904) “Medg‘at Qosim”, Oqilboyga (1863—1904) “Qissai Yusuf” kabi dostonlar yozishga da’vat etganligining o‘zi kifoyadir.

Abaydan 300 ga yaqin she’riy asar, “Iskandar”, “Mas’ud”, “Azim hikoyasi”, “Vadim” kabi dostonlar yetib kelgan. Uning asarlaridan xalqni ilm-ma’rifatga, insoniylikka, halollikka, sevgi-sadoqatga, muhabbatga da’vat etish g‘oyalari asosiy o‘rin egallagan. Bu o‘rinda shoirning “Ey muhabbat, ey do‘stlik”, “Yigitlar”, “O‘yin arzon, kulgi qimmat”, “Ko‘zimning qorasi”, “Qiz so‘zi”, “Yigit so‘zi”, “Oshiq so‘zi — tilsiz so‘z” kabi asarlarini ko‘rsatib o‘tish kerak. Abayning Pushkinning “Evgeniy Onegin” asari asosida bitgan “Tatyananing qirdagi qo‘shig‘i” degan turkum she’rlari qozoq adabiyotining eng yaxshi namunalaridan biri bo‘lib qoldi.

Abay she’riyatida muhabbatsiz, do‘stliksiz hayot bo‘lmaydi, degan g‘oya ilgari surilgan. Abay o‘z davridagi zolim boylarni, feodallarni mehr-muruvvatli bo‘lishga chorlaydi, ezgulik va adolatparvarlikni to‘lib-toshib kuylaydi. Abaygacha qozoq she’riyatida ikki xil o‘lan o‘lchovlari mavjud edi. U ham bo‘lsa “Qora o‘lan” bilan “Jыr”dir. Abay esa rus va jahon she’riyatini chuqur o‘rganib o‘lanlar vaznini o‘n yettitaga yetkazdi. Bu borada shoirning “Sakkiz ayoq” she’ri bilan 16 tarmoqli “Sen meni netasan?” asarini eslash lozimdir.

Abayning bastakorlik faoliyatida “Sakkiz ayoq”, “Aytdim salom, qalamqosh”, “Men ko‘rdim baland qayin qulashin”, “Jelsiz tunda yoriq oy”, “Necharo, qaytdim sezdirmay” kabi asarlari qozoq xalqi musiqa tarixida alohida o‘rin egallaydi.

Abay uch manbadan oziq olib, ma’naviy kamolotga yetdi: Bular qozoq xalq og‘zaki ijodiyoti, Sharq she’riyati va nihoyat rus, Ovro‘po adabiyoti namunalari. Bu uch manba Abayni buyuk shoir etib yetishtirdi, olamga tanitdi. Asarlarini ellarga manzur kildi. Abayning nasriy asarlari, she’ru dostonlari o‘zbek, tatar, qirg‘iz, qoraqalpoq, turk, mo‘g‘ul, chin, chex tillariga tarjima qilingan va mazkur xalqlarning ma’naviy mulkiga aylanib qolgan.

Shoir asarlari birinchi marta Sankt-Peterburgda “Qozoq shoiri Ibrohim Qo‘nonboy o‘g‘lining she’rlari” degan nom bilan chop etilgan. Ma’rifatparvar adibning nasriy asarlari 1918 yilda Semipalatinskda, 1922 yilda “Tanlangan she’rlari” Toshkentda nashr qilingan.

Muxtasar qilib aytganda, Abay qozoq adabiyoti va qozoq tiliga asos soldi. Shoirning she’ru dostonlari, nasriy asarlari, tarjimalari qozoq xalqining milliy-ma’naviy iftixori bo‘lib qoladi. Abay ijodi turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlarning umumiy ma’naviy mulkidir. Abay xalqlarni do‘stlik va birodarlikka, hamjihatlikka chaqirdi. Tinchlik va osoyishtalikni, mehr-muhabbatni ulug‘ladi.

f.f.n. Q. Seydanov

Abay asarlaridan

Abay Qo‘nonboyev she’rlaridan namunalar
Abay. Yurak amri bilan (“Qora so‘z” asaridan)
Abay Qo‘nanboyev. Nasihatlar
Abay. O‘lanlar
Abay. She’rlar va poemalar
Abay. Tanlangan asarlar

Abay haqida

Muxtor Avezov. Abay (1-kitob)
Muxtor Avezov. Abay (2-kitob)
Muxtor Avezov. Abay yo‘li (1-kitob)
Muxtor Avezov. Abay yo‘li (2-kitob)