Mahkamoy Tursunova. Qadim madrasalarda ta’lim tizimi

http://n.ziyouz.com/images/ulugbek-madrasah.jpg

Sharq mutafakkirlari yosh avlodni diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor etish, uning aqlu zehnini oshirishda tinimsiz izlanganlar va samarali ta’lim-tarbiya usulini joriy qilganlar. Ular yaratgan bebaho asarlar insoniyatni olam va odam, borliq tushunchasi, hayotning mazmun-mohiyati, falsafasi, tasavvufiy dunyo sirlaridan boxabar etib, turli madrasalarda asosiy o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan. Shu bois yuksak salohiyat sohiblari yaratgan bebaho ilmiy-badiiy durdonalar asrlar osha ardoqda bo‘lgan.

Shunday asarlar borki, ularning asosini turli ilmlar tashkil etgan. Professor Najmiddin Komilov o‘tmishdagi asosiy ilm turlarini quyidagicha tasnif etadi: “Shariat ahli nazarida ilm faqat islomiy bilimlar, chunonchi, Qur’on tafsiri, kalom, hadisshunoslik, fikhdan iborat. Faylasuflar (hakimlar) nazarida ilm borliq, inson va jamiyat haqidagi bilimlar majmuasi bo‘lsa, so‘fiylar nazarida ilm vajdiy (intuitiv) yo‘l bilan qabul qilingan kashfiyot, karomat, tavhid sari eltuvchi riyoziyot qoidalaridir. Bundan tashqari, riyoziyot (hisob, aljabr, handasa kabi), tabobat ilmlari ham tasnifga kiritilgan”[1].

Qadim zamonlardan buyon adabiyot ilmini o‘rganish masalasida hamisha bir muammo bo‘lgan. Ya’ni nimani o‘qitish, o‘rgatish lozim, qanday yo‘l, usulni qo‘llash kerak? Bu muammoga javob topish esa talabalarni adabiyotga oid ma’lumotlardan xabardor qiluvchi mudarris zimmasiga yuklatilgan. O‘z nav­batida, mudarris ham murakkab matndagi manbalarni o‘rganish usullariga murojaat qilgan va amalda qo‘llashga harakat qilgan. Murakkab matnlardan biri – VII asrning birinchi yarmida nozil bo‘lgan Qur’oni karimdir.

Qur’oni karim mumtoz arab tiliga xos murakkab uslub va tilda saj’ shaklida yozilganligi, mazmun ifodasining chuqur va keng qamrovliligi bilan boshqa kitoblardan mutlaqo ajralib turadi. Tabiiyki, bu noyob tarixiy yodgorlikni to‘liq tushunib yetish, uning haqiqatlarini anglash nihoyatda mushkul. Xususan, arab tilini yaxshi bilgan kishi ham uni to‘g‘ri va to‘liq tushunish va tushuntirib bera olish salohiyatiga ega bo‘lmagan. Shu bois, bu ilohiy yodgorlikni o‘rganish ehtiyojidan kelib chiqib, o‘rta asrlardan boshlab, unga bag‘ishlangan tafsirlar, sharhlar yozish ishlari amalga oshirilgan. Yozilgan tafsir va sharhlar miqdor jihatidan juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, deyarli barchasi arab tilida yaratilgan. Qur’onni tafsir va sharh bilan o‘qish ham o‘ta murakkab bo‘lib, mudarrisdan ham, talabadan ham juda katta mas’uliyat talab qilingan. Eng muhimi, Qur’on va uning tafsiri va sharhini o‘rganish boshlang‘ich maktabdan to madrasagacha alohida fan sifatida o‘quv dasturiga kiritilgan.

O‘sha davrlarda mudarrisning oldiga qo‘yiladigan talab juda yuqori bo‘lgan. Shu sababli, ularning mehnati darajalangan, shu me’yorga ko‘ra ularga haq to‘langan.

O.G.Bolshakov o‘zining «Stranы i narodы Vostoka» (Vыp. X. –M., 1971, str. 25) jurnalida e’lon qilgan «Dva vakfa Ibrohima Tavgachxana v Samarkande» (“Ibrohim Tabg‘ochxonning Samarqanddagi ikki vaqfi”) maqolasida madrasa mudarrislariga va ishchi xodimlariga to‘lanadigan maoshi haqida quyidagi ma’lumotni keltiradi:

– bosh mudarrisga – 2000 ming dirham;

– fiqhdan dars beruvchi mudarrisga – 3 ming 600 dirham;

– ilmi adab (adabiyot)dan dars beradigan mudarrisga – 1 ming 200 dirham;

– Qur’ondan dars beruvchi mudarrisga – 1 ming 500 dirham;

– kutubxonachiga – 1 ming 200 dirham.

Eng muhimi, mudarrislarga to‘lanadigan mehnat haqi o‘sha davr o‘lchovlarida juda katta mablag‘ hisoblanib, ulardan ham shu darajada sifatli mehnat talab qilingan.

Bu davrda mudarrislar ham yuksak talab va mas’uliyatni his qilgan holda o‘z ustida muttasil ishlab, qator darslik, o‘quv qo‘llanmalari va murakkab asarlarni o‘rganishning turli usullarini yaratganlar. Ular tomonidan yaratilgan o‘qitish usullari quyidagilardan iboratdir (Bu usullar asrlar davomida shakllangan va sayqal berilgan):

  1. Usuli hijoiya (savtiya) – bo‘g‘inga bo‘lib o‘qish.
  2. Ilmi sharh – tafsir.
  3. Ilmi tahlil – tahlil, sharh, tavsif masalasi.
  4. Ilmi munozara – munozara, bahs, munosabat ifodasi.
  5. Ilmi qiroat – ohang va so‘z talaffuzi orqali qiroat.
  6. Ilmi fasohat (ilmi balog‘a) – chiroyli, o‘rinli so‘zlarni qo‘llash.
  7. Ilmi bayon – nozik ma’nolarni bayon qilish (ritorika).
  8. Ilmi g‘ariba (g‘arib) – kam so‘z bilan keng ma’noni ifodalash, aks ettirish.
  9. Ilmi maoniy – bayon etish, biror narsa yoki hodisaning mohiyati, mazmunini yechib beruvchi ilm.
  10. Ilmi nasr va insho – yozma ish turi, uslubi, maktub, yozuv savodxonligi.
  11. Ilmi muhozirot – latifago‘ylik, hozirjavoblik, zukkolik.
  12. Ilmi muammo – badiiy san’at turi bo‘lib, she’riyatdagi masala va ramzlarni yechish usuli.
  13. Ilmi mantiq – so‘z ma’nolaridagi bog‘lanish.
  14. Ilmi kalom – naqliy masalani aqliy dalillash, isbot qilish.

Aslida esa, filologik ilmlar doirasi keng bo‘lib, yuqoridagi sanalgan ilmlarga ilmi axloq (etika), ilmi kalom, ilmi muammo (lug‘z, chiston), ilmi tafsir, ilmi qiyofa kabi sohalarga oid fanlarni ham qo‘shish mumkin. Ayniqsa, ilmi insho va muammo shoirlarning iste’dodini sinovchi ilm bo‘lib, madrasalar ta’limida keng o‘qitilgan. Bu murakkab adabiy-nazariy ilmga doir darslik va qo‘llanmalar yaratilgan. Xondamirning guvohlik berishicha, Mavlono Shamsuddin Muhammad Badaxshoniy muammo ilmiga oid bir necha risolalar yozgan.

Yuqorida tilga olingan ilmlar va usullar muayyan asarni, masalan, Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Ahmad Yassaviy, Abdurahmon Jomiy va Abdulqodir Bedil, Alisher Navoiy kabi mumtoz shoirlarning ijodiy merosini o‘rganishda juda qo‘l kelganligidan tashqari, musulmonlarning diniy e’tiqodini mustahkamlash, ma’naviyatini boyitish, ilmiy va mafkuraviy jihatdan shakllantirishda katta xizmat qilgan.

Yuqoridagi fikrlarning tasdig‘i sifatida quyidagi bir qiziq hujjatni daliliy ashyo sifatida keltirishni lozim topdik. Bu hujjat Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi madrasasida tahsil ko‘rgan talaba Shamsiddin Muhammadning sanadi (shahodatnomasi) bo‘lib, u 1435 yilda madrasaning bosh mudarrisi Qozizoda Rumiyning ruxsati va imzosi bilan berilgan. Unda xususan bunday deyilgan: “…Shamsiddin Muhammad al-Balxiy ilm tahsil qilish uchun vatanidan uzoq yerlarga safar qilishni ixtiyor qildi. Musofirlikning og‘ir zahmatlariga chidab… u Samarqandda o‘n olti yil chamasi istiqomat qildi. Uning talab vodiysidan ilmning tiniq suviga tashnaligi kun sari ortib bordi. Idrokli va ziyrak bo‘lg‘oni uchun darslarni tez tushunar edi. Tahsil vaqtlarida Abu Bakir Armaviyning “Lavom ul-asror min matole’ anvor” (“Yashirin sirlarning nur chiqishi bilan ravshanlashishi”) kitobining yashirin sirlarini tushundi. “Badoye’ ul-ibkor min tavole’ ul-afkor” (“Fikrlarning tug‘ilishidan yosh g‘unchalarning badiiyliklari”) asarining pardali nuqtalarini ochdi”.

Shuningdek, mazkur shahodatnomada turli fanlarga aloqador asarlarning ro‘yxati keltirilgan. Biz bu o‘rinda tarix va adabiyotga taalluqli bo‘lgan asarlar xususida mulohaza yuritishni lozim ko‘rdik.

“… “Mafotih abvob ul adab” (“Adab ilmi eshiklarning kalitlari”)ni tahlil qildi. “Kashshof” va uning ishonchli sharhlaridagi chiroyli iboralarning yuzlaridan pardani ochdi”.

“…Qur’on oyatlari dengizidan durlar olib chiqdi. Andin tashqari “Mavoqiy ul-kalom” (“Diniy e’tiqod falsafasi”) sahifalaridagi latif so‘zlar hamda maqsadlaridan voqif bo‘ldi… “Hidoya” dalillariga erishdi, she’riy masalalarni bilish uchun “Nihoya”, “Hidoya” sharhiga to‘g‘ri yo‘l topdi”.

Bu o‘rinda Burhoniddin Marg‘inoniyning “Al hidoya fi sharhi bidoya” asari ko‘zda tutilyapti. Bu asar shariat qonun-qoidalari, fiqh majlisidan iborat.

“Ushbu darajag‘a yetgach, yurtdoshlarini o‘z ilmidan naflantirish uchun vataniga qaytmoqchi bo‘ldi. Mendin oliy sanad bilan ijozat berishimni iltimos qildi. Men aning iltimosini qabul qildim…”

Bu hujjat faqat shahodatnoma bo‘libgina qolmay, balki madrasalar ta’lim tizimi haqida, Mirzo Ulug‘bekning ilm-ma’rifatga bo‘lgan e’tibori haqida ham qimmatli ma’lumot beruvchi manbadir. Shuning barobarida o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy, madaniy masalalariga ham oydinlik kiritadi.

Mazkur tolib – Shamsiddin Muhammad asli Xurosonning Balx shahridan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bekning Samarqand shahrida joylashgan madrasasiga o‘qishga kelgan. Bundan ko‘rinadiki, Mirzo Ulug‘bek madrasasining shon-shuhrati baland ekanligi, bu maskanda faqat movarounnahrliklar tahsil olmay, balki Xuroson, Hindiston, Rum va boshqa Sharq mamlakatlaridan kelganlar ham ta’lim olganligidan guvohlik beradi. Shuningdek, mazkur madrasada tahsil olish muddati 16 yil ekanligini ham Shamsiddin Muhammad tahsili misolida isbotlaydi.

Bu tolibi ilm tahsil davomida o‘rgangan asarlarning nomlari alohida-alohida ko‘rsatilgan. Ijozatnoma – diplomda qayd qilingan asarlar nomidan ma’lum bo‘ladiki, ular ham naqliy, ham aqliy, ham adabiy ilmlarga daxldor bo‘lgan. Madrasada aqliy ilmlarga doir darslik va qo‘llanmalarning ayrimlari, turli manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, quyidagilardan iborat bo‘lgan:

1) Qur’oni karim oyatlari.

2) “Lavome’ asror fi sharh matole’ al-anvor” (“Nurlarning kelib chiqishi” uchun “Sirlarning ravshanlashishi” deb nomlangan sharh). Mazkur asar muallifi Qutbiddin Muhammad bin Muhammad ar-Roziy at-Tahtoniy (vaf. 1364) bo‘lib, bu kitob 1328 yili arab tilida yozilgan. Asar Sirojiddin Urmaviyning (vaf. 1283) “Matla’ al-anvor” (“Nurlarning chiqishi”) deb atalgan falsafa va mantiq masalalaridan bahs yurituvchi kitobining mantiq bo‘limiga yozilgan sharhdir.

3) “Al-kashshof an-daqoyiq al-tanzil” (“Nuzul qilingan haqiqatlarni sharhlovchi kitob”). Kitobning muallifi Abulqosim Mahmud bin Usmon Zamaxshariy (vaf. 1144) bo‘lib, Qur’oni karimning tafsiriga bag‘ishlangan mashhur asardir. Bu asarga Samarqandda Ma’sud Taftazoniy (1322–1390) “Sharhi kashshof” nomi bilan sharh yozgan. Bu sharh ham madrasa mudarris va talabalari tomonidan foydalanilgan.

4) “Al-hidoya”. Fiqhga bag‘ishlangan bu mashhur asarning muallifi Burhoniddin Marg‘inoniydir (1123–1196).

5) “Al-jome’ as-sahih”. Rasululloh Muhammad (s.a.v.) hadislarining sahih (ishonarli va to‘g‘ri) majmuasi bo‘lib, uni buyuk muhaddis ajdodimiz Imom al-Buxoriy tuzganlar.

6) “Kitob al-fiqh al-akbar”. Bu mashhur asar muallifi hanafiya mazhabi asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa an-No‘mon ibn Sobit al-Kufiy (700–767).

7) “Al-tazkira fi-l-hay’at”. Astronomiyaga bag‘ishlangan bu asarning muallifi Nosiriddin Tusiy (1201–1274) bo‘lib, unda Batlimus (Ptolomey)ning astronomiyaga oid asari o‘rganilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasada ma’ruza o‘qiganda mazkur asardan foydalangan.

8) “At-tuhfat ush-shohiy”. Bu ham astronomiyaga bag‘ishlangan, muallifi Qutbiddin Mahmud ibn Ma’sud Sheroziydir.

9) “Badoye’ ul-ibkor min tavome’ al-afkor” (“Fikrlarning tug‘ilishida g‘unchalarning badiiyligi”).

10) “Mafoteh abvob al-adab” (“Adab eshiklari kalitlari”) va boshqalar” deyilganda Chag‘miniy, Taftazoniy, Said Sharif Jurjoniy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy kabi allomalarning risolalari, sharhlari nazarda tutiladi.

11) Abubakr Armaviyning “Lavom ul-asror min matole’ ul-anvor” (“Yashirin sirlarning nur chiqish bilan ravshanlashishi”) asari.

12) “Talvixot ut-tavzix” (“Ravshanlikni oydinlashtirish va izohlash”).

13) “Taqvim ul-mezon fi-t ta’dil va tarjeh” (“Tarozi pallasini tenglashtirish va og‘irligini to‘g‘rilash”).

14) “Minqons ul-vusul ilo ilm al-usul” (“Iymonning asillariga yetishish usullari”).

15) “Ihkom ul-ahkom muntahabi muntahil amali vas-suol” (“Tanlab olingan oxirgi umid va tilak hukmlarini mustahkamlash”).

16) “Mavoqiy ul-kalom” (“Diniy e’tiqod falsafasi”).

17) “Nihol” (“Hidoya” sharhi).

Keltirilgan ilmiy-diniy, dunyoviy asarlardan ko‘rinadiki, madrasadagi o‘qish jarayoniga, o‘qitiladigan sohalarga alohida diqqat qilingan va ta’lim ishlari ma’lum tartib asosida tashkil etilgan. Jadidchilik harakatining asoschilaridan biri Ismoilbek Gasprinskiy “Turkiston ulamosi” kitobida turkiy xalqlarning o‘tmishi, madaniyati haqida so‘z yuritar ekan: “Turkiston qit’asinda aqliy va naqliy ilmlara cholishmoqda emishlar”, deb izoh beradi. U o‘z fikrini tasdiqlash uchun Turkistonning yuzdan ortiq ulamosi haqida ma’lumot keltiradi. “Turkiston ulamosi” kitobi o‘n faslga bo‘lingan bo‘lib, fasllardan biri “umum adabiya” deya nomlanadi. Bu fasl asosan sarf, nahv, maoniy, adab, munozara, qofiya fanlaridan bahs yuritgan. Shuningdek bu davrda didaktik, ta’limiy-tarbiyaviy mavzuga molik hikoyatlardan foydalanish va yirik asarlar mazmunini boyitish maqsadida qo‘llanilgan asarlar ham ko‘plab uchraydi.

Madrasalar ta’limida she’riy janrlarning o‘rganilishida adabiyotshunos, shoirtabiat olimlarning madrasa mudarrislari sifatida faoliyat ko‘rsatishi katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ular mudarris sifatida madrasalarning o‘quv dasturini tuzishda, darsliklar yozishda faol ishtirok etganlar. Darsliklarga qo‘shimcha tarzda tazkiralar tuzganlar. Masalan, XVII asrda Shayboniyxon madrasasida faoliyat olib borgan mudarris Muhammad Badoye’ Maleho Samarqandiyning “Muzakkir-ul-ashob” (“Suhbatdoshlar zikri”) tazkirasi yuzaga keldi. Bu tazkira talabalarga shoirlar va ular yaratgan asarlar bilan tanishish imkonini bergan, keyinchalik shunga o‘xshash ko‘plab tazkiralar yaratilib, madrasalarda adabiyot darslarining samaradorligiga xizmat qilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, madrasalar ta’limida adabiyot fani asoslarining o‘rganilishi har bir millatning hayoti, taqdiri, ma’naviyati bilan bog‘liq hodisadir. Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’biri bilan aytganda: “maktab va madrasalar millat oynasi” bo‘lishi bilan bir qatorda insoniyatning ma’naviy olamini boyitishda muhim vazifani bajarib kelgan, shu sababli, har bir millatning hayoti maktab va madrasalar bilan bog‘liq hisoblanadi. Maktab va madrasalari obod, ilmiy salohiyati yuksak bo‘lgan millatning munosib avlodlari o‘zining qomusiy olimlari, shoirlari izidan borib ulug‘ ishlar ko‘nikmasini o‘zlarida shakllantiradilar.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 4-son

_________________

[1] Bedil va o‘zbek ma’naviyati. // Komilov N. Irfon nuri Abulmaoniy. –Tehron-Toshkent, 2005. 6–7-betlar.