Xalqning dilida va tilida mudom yashab qoladigan kuy-qo‘shiqlar yaratish faqat ayricha qudratli iste’dod sohiblarigagina nasib etadi. Shunday baxtga muyassar bo‘lgan Manas Leviyev haqida so‘z ketganida, “O‘tkan kunlar”, “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman”, “Yor-yor” (“Qayerdasan, mening Zulfiyam?”) kabi mashhur kinofilmlarimizda yangragan qo‘shiqlarni eslash kifoya.
Buyuk kompozitor Manas Leviyev 1912 yil 25 iyulda Namanganda Benmin Morduxayev va Bloriya Leviyevalar oilasida dunyoga keldi. Bo‘lajak kompozitorda musiqaga muhabbat uyg‘onishida onasi hamda akalari Ruben, Ezro va Yagudalarning hissasi katta bo‘ldi. Ayniqsa, onasi professional san’atkor bo‘lmasa-da, jozibali ovoz sohibasi edi. Farzandlariga alla, laparlar, o‘zbek folklori va mumtoz ko‘shiqlaridan aytib berib, san’atga yaqinlik hissini uyg‘otgandi. Shu sababli yosh musiqachi sayil va bayramlarda, to‘y-hashamlarda hofiz va san’atkorlar ijrolaridan hayratlanib, ularga havas qila boshlaydi. Sakkiz yoshida o‘zbek maktabiga qabul qilingach, maktab qoshida tashkil qilingan o‘zbek musiqa cholg‘ulari ansambliga a’zo bo‘lib, qisqa muddat ichida ansamblning yetakchi yakkaxoniga aylanadi.
1922 yilda esa Leviyevlar oilasi Samarqandga ko‘chib boradi. U yerda yosh san’atkor o‘zbek musiqasining darg‘alari Levi Boboxonov, aka-uka Tolmasovlar, Mullaqandovlar, mashhur tanburchi Murdaxay Barayev bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo‘ladi. Ulardan ijrochilik mahorati, san’at sir-asrorlarini astoydil o‘rganadi. Hofizlardan olgan “oq fotihasi” bilan o‘z iste’dodini namoyon eta boshlaydi va bastakorlikda samarali izlanishlar olib boradi. Yosh bo‘lishiga qaramay, dastlab “Naychilar”, so‘ngra Samarqandda mashhur bo‘lgan “Sharq” nomli cholg‘u dastalarini tashkil qiladi va uzoq yillar davomida bu jamoalarning badiiy rahbari sifatida faoliyat olib boradi.
1930 – 1932 yillarda Samarqand musiqa va xoreografiya tahsil oladi. Kompozitor mazkur dargohda taniqli san’at ustalari A.Umurzoqov, M.Xarratov, D.Ibodov, A.Umarov, A.Ismailov, mashhur nazariyotchi, musiqashunos N.N.Mironovdan saboq oladi. Mumtoz ijrochilik san’atining yetuk ustalari qo‘lida tahsil olgan Manas Leviyev milliy ijrochilik an’analarini puxta o‘zlashtirish bilangina cheklanmaydi, kompozitor bo‘lish maqsadida Leningradga yo‘l olib, musiqiy texnikumga o‘qishga kiradi. Noyob iste’dodining yorqin ifodasi bo‘lgan “Nurxon” nomli ilk simfoniyasi Leningrad Konservatoriyasiga kirish uchun maxsus yo‘llanmaga aylandi. Yosh kompozitorning iste’dodi Yevropa musiqa san’atining buyuk namoyandalari D.Shostakovich, M.Gnesin, X.Kushnarevlar e’tiboriga tushdi. Konservatoriyada tahsil olgan davrdayoq u “ Qizil va oq gul”, “Oydin kechalar” kabi bir qator Buxoro xalq qo‘shiqlarini notalashtirgan edi. Yosh ijodkorning boshqa qator asarlari ham Leningrad nashriyotida nashr qilinadi.
Ikkinchi jahon urushi yillari kompozitor o‘qishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lib, keyinchalik yana tahsilni davom ettiradi. Toshkentga qaytgach, qizg‘in ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi. Xususan, “Sherzod va Guldosh”, “Semurg‘“, “Oltin ko‘l”, “Yurak ko‘shiklari”, “Toshbolta oshiq”, “Toshkentning nozanin malikasi”, “Kimga to‘y, kimga aza”, “Omon-Ali, Zamon-Ali” kabi o‘ndan ortiq sahna asarlariga musiqalar yaratdi. O‘sha paytlarda yaratilgan “Mehr va Suhayl” baleti esa uning eng sara ijod namunalaridan biriga aylandi. Kompozitorning simfonik ijodiyoti xor va orkestr uchun yaratgan kantatalari, poemalari, o‘zbek cholg‘u orkestri uchun mo‘ljallangan uvertyura, turli cholg‘ular tarkibi va orkestr uchun bastalagan syuitalarida o‘z ifodasini topdi. Manas Leviyevning o‘ziga xos musiqiy tili xalqchil, milliy kuy-qo‘shiqlar zamirida shakllangan. O‘z navbatida, milliylik va o‘ta jozibador ohangdorlik, kuylarining yorqin tasviriy jihatlari kompozitorning barcha sahna asarlari, vokal va kinofilmlar uchun yaratgan kuy-qo‘shiqlari xalq orasida mashhur bo‘lib ketishiga, muxlislar qalbida o‘chmas o‘rin egallashiga asos bo‘ldi.
Bugun Manas Leviyev qoldirgan ulkan ijodiy meros o‘zbek musiqa san’atining xaqiqiy durdonasiga aylangan. O‘zbek va tojik shoirlari g‘azallariga yaratgan romans va ko‘shiqlari, yuzdan ortiq vokal asarlari respublikamiz televideniye va radiosida, teatr sahnalarida, taniqli xonandalarning kontsert dasturlarida hamisha yangrab turadi. Bu esa buyuk san’atkor Manas Leviyev iste’dodi va ijodining naqadar betakror va umrboqiy ekanidan dalolatdir.
Ravshanoy Tursunova, musiqashunos
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son