San’atkorning mangu umri (Olim Xo‘jayev)

Jahon adabiyoti darg‘alari – Sofokl, Gotstsi, Shekspir, Shiller, Gogol, Ostrovskiy, Gorkiy, Chexov, Tagor asarlarida betakror obrazlar yaratgan aktyor Olim Xo‘jayev 1910 yilning 24 sentyabrida Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Nutqi ravon, ovozi shirali va jarangdor, nafasi o‘tkir ijodkor 1929 yili Buxoro maorif institutini tugatgach, Toshkentdagi Hamza teatriga aktyorlik lavozimiga ishga qabul qilinadi. U talabalik davridayoq institutning havaskorlik to‘garagida ishtirok etib, mashhur rejissyor Mannon Uyg‘ur e’tiboriga tushgan edi. Bu e’tibor keyinchalik Nizomiy, Navoiy, Hamza, Obidiy kabi shoirlar obrazini yaratishga va elga manzur bo‘lishga zamin yaratdi.

Rus tilida 1967 yilda nashr qilingan besh jilddan iborat “Teatr san’ati entsiklopediyasi”da ham Olim Xo‘jayevning ulkan san’atkorlik salohiyati e’tirof qilinadi: “… xalq artisti Olim Xo‘jayev san’ati lirik ohangdorligi hamda teranligi bilan betakrordir. Uning ijrosi ziyolilarga xos nozik, ifoda vositalari nafis, nutqi musiqiy, qomati va harakatlari go‘zal”, – deb yakunlanadi.

San’atkor talqinidagi Hamlet, ungacha ijro etilgan shahzoda obrazlari orasidagi eng tafakkurlisi, falsafiy mushohadalari teranligi va ta’sirchanligi bilan teatr san’ati zarvaraqlarida qolgan. Olim Xo‘jayev bu yutuqqa qanday erishganligini esa quyidagicha sharhlash mumkin: 1935 yili Mannon Uyg‘ur sahnalashtirgan “Hamlet” spektaklida aktyor Rozenkrans rolini ijro etadi. 1936 yilda shu spektaklda Laert rolini o‘ynaganligi ham qayd etilgan. Rejissyor besh yil uzluksiz ijro etilgan spektakldagi Hamlet – Abror Hidoyatov biroz zo‘riqib, charchab qolayotganini his qilgach, 29 yoshli Olim Xo‘jayevga bu rolni ishonib topshiradi. Bir spektaklda bosqichma-bosqich uch rolni va bosh qahramonni 30 yil uzluksiz ijro etish shekspirshunoslik tarixida faqat shu buyuk san’atkorga nasib qildi. Uning talqinida Hamlet adolat va haqiqatni tiklash uchun bel bog‘lagan shaxs sifatida gavdalanadi. Bunday talqin Hamlet ijrosi tarixida munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Unga Shekspirning mashhur tragediyalarini “Olim Xo‘jayevga xos uslub”da talqin etish nasib qildi. Abror Hidoyatov bilan “Hamlet” spektaklida ishtirok etish, “Otello”da ham Yagoni talqin qilish ham uning aktyorlik taqdiriga yozilgan ekan. “Yuliy Sezar” da Yuliy Sezar, “Qirol Lir”da Qirol Lir ijrosi uchun Olim Xo‘jayev ustozi Abror Hidoyatovdan keyingi o‘zbek teatr san’atining tragik aktyori sifatida tan olindi. Shekspir tragediyalarini Olim Xo‘jayevday ko‘p va xo‘b ijro etish teatr san’ati tarixida boshqa biror aktyor taqdiriga bitilmagan. “Hamlet”, “Otello”, “Yuliy Sezar” va “Qirol Lir” tragediyalarining o‘zbek aktyorlari tomonidan mohirona ijro etilishi “O‘zbek teatrlarida Shekspir asarlari talqini” nomli ilmiy tadqiqotni yuzaga keltirdi.

Tragik aktyor sifatida sharaf qozongan Olim Xo‘jayev serqirra ijodkor ekanligini ilk qadamlaridayoq isbotlagan edi. Uning o‘ziga xos ijro uslubi shakllanishida Karlo Gotstsining “Malikai Turandot” spektaklidagi Kalaf va Gogolning “Uylanish” komediyasidagi Anuchkin kabi komik obrazlarning o‘rni beqiyos. Shuningdek, o‘zbek dramalarida turli zamondoshlari obrazini yaratishda orttirilgan tajribalar ham aktyorni kelajakdagi tragik qahramonlar qiyofasining yangicha talqiniga ruhan tayyorlab borgan.

1935 yili Shillerning “Qaroqchilar” tragediyasida Ferdenand obrazini ijro qilgan Olim Xo‘jayev 1955 yilda qayta sahnalashtirilgan spektaklda Karl Moor obrazini ham maromiga yetkazib o‘ynadi. Bir spektaklda ikki xil obrazni ijro etish ham omadli aktyorning taqdiriga bitilgan ekan. Uch marta qayta sahnalashtirilgan “Hamza” nomli spektaklda bosh qahramon obrazini tobora takomillashtirib borish ham faqat Olim Xo‘jayevning aktyorlik faoliyatida kuzatiladi. Bunday ijodiy jarayonni 1942-1949-1960 yillarda sahnalashtirilgan spektakllarda ham ko‘ramiz.

“Alisher Navoiy”spektakli o‘zbek teatr san’atida va Olim Xo‘jayev ijodida alohida ahamiyatga ega. 1945 yilda sahnalashtirilib, to 1948 yilga qadar takror-takror muhokama qilingan spektaklda Abror Hidoyatovga dublyor qilib tayinlangan aktyor Mannon Uyg‘ur va Nazira Aliyevalarning “sahna nutqi” borasida qo‘ygan talablarini bajarib, adabiy til me’yorlarini yanada mukammal o‘zlashtirdi. Navoiyning “tilga e’tibor – elga e’tibor” degan hikmatli so‘zi spektaklning va o‘zbek teatr san’atining shioriga aylandi. Aktyor Navoiyning insoniy, ijtimoiy va ijodiy fazilatlarini shoirlik tabiati orqali ochib bera oldi. Olim Xo‘jayev bu rolni yigirma besh yil davomida ijro etib keldi. Bunday davomiylik ham kamdan kam aktyorlarga nasib qiladigan ijodiy yutuqdir.

Salbiy obrazlar yaratishda Olim Xo‘jayev o‘ziga xos uslubga ega edi. “Otello” spektaklidagi Yagoning mansabparastligi, “Sepsiz qiz”dagi Paratovning takabburligi, “Yuliy Sezar” tragediyasidagi Sezarning shuhratparastligi reallikka ega salbiy obrazlarning xususiyatlaridir. Aktyor bu personajlarning ijtimoiy mohiyatidan kelib chiqib, ularning tubanliklarini yorqin ifodalay oldi. Shuningdek, o‘zbek dramaturglarining shu ruhdagi personajlariga tomoshabinlarda nafrat uyg‘otuvchi qudratga ega ijodkorga aylandi.

Milliy ruhdagi qahramonlar orasida “Imon”spektaklidagi professor Komilov obrazi alohida tahsinga sazovor. Ziyolilar oilasidagi namunali turmush tarzi, ilmda halollik masalasi spektaklning asosiy g‘oyasi edi. Bu g‘oyani Olim Xo‘jayev takrorlanmas darajada, yuqori badiiy saviyada ifodalay oldi. Mutaxassislar ta’kidlagan zukkolik, mutafakkirlik, aktyor yaratgan Komilov obrazida aniq namoyon bo‘ladi.

Olim Xo‘jayevning tinimsiz izlanishlari, yaratuvchanlik salohiyati, o‘ziga xos ijodiy uslubi, xalqchil, turli obrazlarning takrorlanmas badiiy ijrosi munosib baholandi. “Alisher Navoiy” spektakli ijrosi uchun 1949 yili ittifoq darajasidagi Davlat mukofotiga, “Qirol Lir”dagi Lir obrazi uchun 1967 yili O‘zbekiston Davlat mukofotiga, Salvadore va Kreont obrazlari uchun 1977 yil ikkinchi bor ittifoq darajasidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. San’atkor bu borada ham betakror taqdir egasi ekanligini ko‘rsatdi.

Olim Xo‘jayevning obraz yaratish va nutq uslubi, so‘z ustida ishlash jarayoni professorlar Nazira Aliyeva va Lola Xo‘jayevalar tomonidan teatr san’ati institutining “Aktyorlik mahorati” va “Sahna nutqi” fanlarini o‘qitishda amaliyotga tatbiq qilingan. Ular akademik teatrda yaratilgan adabiy til talaffuzi me’yorlarini, o‘zbek tilining amaliyotdagi musiqiyligi va go‘zalligini Olim Xo‘jayev ijrosi timsolida isbotlab, “sahna nutqi” fanining umumiy talabiga aylantirdilar.

Ijodkorning rejissyorlik faoliyati alohida tadqiqot mavzusidir. Teatr san’ati entsiklopediyasida Olim Xo‘jayev haqida 1951 yilda Moskva GITISining rejissyorlik kursini tugatdi, deb yozilgan. Olim Xo‘jayev rejissyor sifatida “May to‘kildi”, “Yurak sirlari”, “Boy ila xizmatchi”, “Tarix tilga kirdi” kabi to‘rt spektaklni sahnalashtirgan. O‘zbek mualliflarining mashhur asarlarini chet el sahnalarida sahnalashtirish kamdan-kam rejissyorlarga nasib qiladigan omad. Olim Xo‘jayev rejissurasida bunga ham misol bor: u “Boy ila xizmatchi” dramasini Bolgariyaning Xaskovo shahri teatrida sahnalashtirdi. Bahrom Rahmonning “Yurak sirlari” asari 1953 yili sahnalashtirildi. Bu talqin uzoq muddatlar bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi, goh sahnadan olib tashlanadi, goh yana qaytadan qo‘lga olinadi. “Rejissyor sahnalashtiradigan har bir spektakl bahs va munozaralarga sabab bo‘lishi kerak!” – deydi zamonamizning zabardast teatr arbobi Bahodir Yo‘ldoshev. Bizningcha, xalqqa manzur spektakl ijtimoiy-siyosiy tazyiqlar tufayli sahnadan olib tashlangach, rejissyorning “yuragida bir shiddat” paydo bo‘lib, bor mahoratini aktyorlik faoliyatida namoyon qilishga qaratgan.

O‘zbek kinorejissyorlari ijodkorning havas qilgulik, o‘ziga xos usulidan ekranda ziyolilar obrazini yaratishda to‘g‘ri va unumli foydalanishgan. Olim Xo‘jayevning kinodagi ziyolilar obrazi ko‘plab tasmalarda muhrlanib qoldi.

Serqirra aktyor, o‘ziga xos rejissyor jamoat arbobi sifatida ham namunali ishlar qildi. 1955-1977 yillarda O‘zbekiston teatr jamiyatining raisi sifatida faoliyat olib borgan O. Xo‘jayev bor tashkilotchilik imkoniyati va mahoratini o‘zbek sahna san’atini rivojlantirishga sarf qildi. U Teatr san’ati instituti talabalari va pedagoglari amaliyotini Moskva va Peterburg shaharlarida o‘tashini tashkil qildi va bu ishni doimiy nazorat qilib bordi. Poytaxt va viloyat teatrlari rejissyorlarini markazdagi mashhur dargohlarda malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘ydi. Yosh ijodkorlarning Moskvadagi oliy rejissyorlik kurslarida o‘qishlarini tizimga soldi. Buyuk aktyor 1977 yilning 14 fevralida oltmish yetti yoshida vafot etdi.

 Mamur Umarov,   

Falsafa fanlari nomzodi,  O‘ZDSMI dotsenti

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son