Rekordlar o‘rnatgan san’atkor (Luchano Pavarotti)

O‘zbekiston xalq artistlari Munojot Yo‘lchiyeva, Matluba Dadaboyeva, Muyassar Razzoqova, marhum Turg‘un Alimatov va boshqa atoqli san’atkorlarimiz Yevropaning eng katta san’at dargohlarida kontsert berib, xalqimizning nodir kuy va qo‘shiqlarini ko‘z-ko‘zlab, yevropaliklarni lol qoldirgan bo‘lsalar, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali doirasida jahon musiqasi yulduzlarining betakror ijod namunalari bilan yaqindan tanishib oldik. (Ha, mana buni haqiqiy tamaddunlar so‘zlashuvi, muloqoti desa bo‘ladi…)

Yuqorida tilga olingan yevropalik mashhur san’atkorlar qatorida opera va boshqa mumtoz musiqa san’ati ijrochiligi borasida o‘zining alohida maqomiga ega bo‘lgan italiyalik tenor Luchano Pavarotti ham O‘zbekistonimizga kelib, bizning yurtimiz ham Italiyadek qadimiy tamaddunlar beshigi ekanligiga qoyil qolishiga, shuningdek, san’at muxlislarini betakror ovozi bilan xushnud qilishiga umidvor bo‘lgan edik. Ammo hamma ezgu ishlar uchun faqatgina orzu, istak kifoya emas ekan…

Birinchidan, u 2004 yili opera sahnasi bilan vidolashdi, ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 2007 yil 6 sentyabr kuni hayotdan ko‘z yumdi.

Biz – uning o‘zbekistonlik muxlislariga endi undan qolgan benazir ijro namunalari, isyonkor ovozi, u haqidagi maqolalar, zamondoshlarining shirin xotiralarigina zavq bera oladi xolos.

Luchano Pavarottining tarjimai holi ham boshqa san’at yulduzlari singari juda qiziq, ajoyib tasodiflarga boy. U 1935 yil 12 oktyabr kuni Italiyaning Moden shaharchasida oddiy oilada dunyoga keldi. Otasi bariton ovoziga ega edi. Lekin sahnaga chiqishga jur’at qilolmasdi. Shu boisdan ham oila, qo‘ni-qo‘shnilar davralarida bajonu dil kuylardi. Ammo opera uning o‘g‘liga katta shon-shuhrat keltirdi. U otasi bilan opera teatri xorida qatnashdi, 18 yoshida o‘qituvchilik kursiga boradi. Ota-bola Langollen (Uels) shahrida bo‘lib o‘tgan xor festivalida qatnashib, yuqori darajali sovringa sazovor bo‘lishadi. Ushbu voqea Pavarotti hayotida katta burilish yasadi. U endi bor kuchini san’atning sehrli olamini kashf etishga sarflardi. Atoqli qo‘shiqchi Di Stafanonini qayta-qayta eshitardi, A.Pol va E.Kampogalyani kabi ustozlardan vokal texnikasini o‘rgandi. Uning ta’kidlashicha, ijodiga yana bir buyuk san’atkor – Karuzoning ta’siri kuchli bo‘lgan.

Har bir kontsert yoki tanlov uning Alloh tomonidan berilgan iste’dod qirrasini ustozlar, dirijyorlar, eng muhimi, minglab san’at shaydolari oldida ochib berishga turtki bo‘lardi. Uning ilk kontserti 1961 yil Redjo-nel-Emiliya shaharchasida bo‘lib o‘tdi. Orkestr yordamida “Darvesh ijodkor” (ruschada “Bogema”)da Rudolf partiyasini ijro etdi. Palermo shahrida “Rigoletto”da Tullio Serafinni o‘z ijrosida muxlislarga taqdim etdi.

Luchano Pavarotti Italiyaning muzofot teatrlaridan tashqari, Yevropaning boshqa mamlakatlarida, masalan, Gollandiya va Buyuk Britaniyaga ijodiy safarlar bilan bordi. Milan shahridagi “La-Skala” teatrining sahnasiga chiqish har qanday opera xonandasiniig, jumladan, Pavarottining ham eng yuksak orzularidan biri edi. Pavarottining aynan mana shu orzusi 1965 yilda ro‘yobga chiqdi. U Gerbert fon Karayan bilan “Darvesh ijodkor” operasidan Rudolf partiyasini ijro etdi. Endi Luchanoni san’at qasrining shohsahnalari kutmoqda edi. U eng mashhur opera qo‘shiqchi ayollardan biri Joan Sazerlind bilan dunyoning katta-katta teatrlarida o‘z mahoratini ko‘rsatishga muyassar bo‘ldi.

1968 yil Pavarottining AQShdagi debyut kontserti bo‘lib o‘tdi. Uning muxlislari shu darajada ko‘p ediki, gastrollari hattoki ikki yil oldin rejalashtiriladigan bo‘ldi. 1969 yil San-Frantsiskoning Opera teatrida Pavarottining kontserti bo‘layotgan paytda yer silkinadi, tomoshabinlar vahimaga tushib, zalni tark eta boshlaydilar. Shu onlarda sahnada Luchano partnerini mahkam bag‘riga bosib, jarangdor ovozi bilan shunday opera kuylaydiki, odamlar sekin-sekin zalga qaytadilar. Ana san’atning sehri, qudrati!

Uning ovozi, iste’dodini tadqiqotchilar “tabiat mo‘jizasi” deb bejiz aytishmagan. Buyuk san’atkorning “Bal-maskarad”, “Luiza Miller”, “Turandot”, “Karmen”, “Verter”, “Ernani” va boshqa qirqdan ortiq spektakllardagi ijro namunalari jahon musiqasining oltin fondidan o‘rin oldi. U rok-yulduzlari Dzukero, Sting, Brayan Adams, “U2” irland guruhi bilan kontsertda qatnashib, “Men dunyodagi eng og‘ir vaznli repper” deya o‘ziga hazilomuz baho bergandi. Uning estrada yulduzlari bilan kontsertlar yozuvlari millionlab nusxada dunyoga tarqalgan. Pavarotti Maykl Jekson, Selin Dion, Jo Koker, Sting, Bono, Erik Klepton kabi bir qator estrada san’ati yulduzlari bilan duet ijro etgan. Bu ham uning iste’dodining ko‘p qirraligi, ovoz diapozoni kengligidan dalolat beradi. 1990 yil opera tarixida nodir voqea sodir bo‘ldi. Uch nafar mashhur tenor – Domingo, Karrerasa va Pavarotti birgalikda sahnaga chiqishdi.

Pavarottining so‘nggi kontsertida (2004 yil) garchand ovozi unchalik yaxshi yangramagan bo‘lsa-da, zalda o‘tirganlar uni 11 daqiqalik gulduros olqishlar bilan kuzatdilar. “Metropoliten-opera” sahnasidagi chiqishlaridan birida esa, Pavarotti tomoshabinlarning kayfiyatini shu darajada ko‘tardiki, pardani 160 marotaba ko‘tarishga to‘g‘ri kelgan. Bu fakt Ginnes rekordlari kitobiga ham kiritilgan.

Uning yana bir rekordi: u Xose Karreras va Plasida Domingo bilan Rim shahridagi Karakalli hammomlari hududida Puchchinining Nessundorma ariyasini ijro etganlaridan so‘ng, ushbu kontsert yozuvi nusxalari dunyoning boshqa mamlakatlarida eng ko‘p miqdorda tarqalib ketdi va son bo‘yicha Ginnes kitobiga kiritildi. Mashhur tenor dunyo bo‘ylab sahnalarda eng ko‘p tomoshabinlarni jamlardi. Nyu-Yorkning Markaziy bog‘ida uning kontsertiga yarim million muxlis keldi. Bu ham Ginnes rekordlari kitobida qayd qilingan.

1990 yil Futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilishida Nessundorma ariyasini ijro qilish Luchano Pavarottiga yanada olamshumul shuhrat keltirdi. Eng qizig‘i, Luchano o‘zi ham futbolni sevardi, bolaligida hatto futbolchi bo‘lmoqchi edi. U “Yuventus” futbol komandasining ashaddiy muxlisi edi. Gohida bu komandaning eski o‘yinlarini yozuvlarda qaytadan tomosha qilardi.

Pavarotti o‘z ijodiga hamisha tanqidiy ko‘z bilan qaragan ustoz san’atkor bo‘lgan. “Mashhur kishilarning hayotida ularning faoliyatiga nisbatan tanqid bo‘lishi zarur, aks holda yashash zerikarli bo‘ladi. Shaxsan men munaqqidlarimni hamisha hurmat qilaman va ulardan xafa bo‘lmayman”, degan edi.

Do‘stlari Pavarottining 150 kiloli jussasiga baho berib, hazilomuz “Big P”. (“Ulkan”, “Buyuk”) deb chaqirishardi. Bu taxallus, aslida, uning og‘irligidan tashqari, eng avvalo san’at olamidagi o‘rni, maqomiga mos edi. U musiqa osmonidagi ulkan va porloq yulduz edi. Lekin vazni og‘irligi bilan latifalarga aylangan qiziq voqealar ro‘y bergan. Birinchidan, tikuvchilar uchun katta muammo tug‘dirgan. Ikkinchisi, stul bilan bog‘liq. Masalan, “Toska” operasida Pavarrottining qahramoni og‘ir iskanjalar, qiynoqlardan so‘ng og‘ir ahvolda, zo‘rg‘a oyoqqa turib, o‘zini stulga tashlaydi. Pavarotti mashq jarayonida stulga xavfsirab qaraydi-da, rejissyorga ushbu stul uning og‘irligini ko‘tara olmasligini aytadi. Rejissyor, stul oldindan temir bilan mustahkamlangani, xavotir olmasligini aytadi. Stul mashq “imtihoni”dan o‘tdi. Ammo premera kuni Pavarottini stul ko‘tara olmadi va sinib ketdi…

Luchanoning oilaviy hayotiga oid ikki og‘iz so‘z: u o‘z turmush o‘rtog‘i Adua bilan yetti yoshligida unashtirilgandi. 1961 yil kontsertidan olgan birinchi gonorari tufayli to‘ylari bo‘lib o‘tadi. Adua mashhur san’atkorning barcha injiqliklari, uzoq muddatli ijodiy safarlari, ko‘p sonli mehmonlaridan ochiqchasiga norozilik bildirmasdi. “Birgalikdagi butun umrimiz davomida u bilan ko‘proq telefonda so‘zlashardim. Hatto qizining dunyoga kelishini ham telefon orqali bilgan”, deb eslaydi u. Pavarotti 61 yoshida kotibasi 27 yoshli Nikoletta Mantovaniga uylanadi.

– Luchano Pavorotti bilan uchrashuv bir umr yodimda qoladi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Muyassar Razzoqova. – Men 1990 yil Rim shahrida jahonning turli mamlakatlaridan kelgan yosh operachilar festivalida qatnashganman. Bu festivalga Pavarotti kelib, barchamizga kuch bag‘ishlagan. U inson sifatida juda dilkash, ko‘ngli ochiq, xushsuhbat, kamtar edi. Muomalasi bizni lol qoldirgandi.

Luchano Pavarotti qanchalik buyuk san’atkor, benazir iste’dod sohibi bo‘lmasin, intizom, mas’uliyat borasida namuna emas edi. Uning injiqliklari tufayli gohida kontsertlari qoldirilardi yoki boshqa vaqtga ko‘chirilardi.

Jurnalistlarning “Siz hayotda hamma narsaga erishdingizmi?” degan savoliga shunday javob bergan edi: “Yo‘q. Masalan, men yana farzandli bo‘lishni orzu qilaman. Qolaversa, dunyoning mushkuloti juda ko‘p. Jahonning turli go‘shalarida och yurgan bolalar, bemor insonlarni ko‘rish men uchun juda ayanchli. Xayriya ishlari ijodimning yana bir jihati bo‘ladi”. “Barchamizning taqdirimiz Yaratguvchining qo‘lida. Afsuski, yoshligimizda sog‘ligimiz haqida o‘ylamaymiz, qayg‘urmaymiz. Qarilik yaqinlashgan sari uning tovonini to‘lashga majburmiz”, degan edi bemorlik chog‘ida.

Pavarottining hayotga, ijodga nisbatan mana shunday hikmatli va ibratomuz qarashlari barcha ijodkorlar uchun saboq bo‘lsa, ajab emas.

Shoqahhor Salimov  tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son