Polshadan chiqqan daho (Frederik Shopen)

Polyak bastakori va musiqashunos Frederik Shopenning nomi jahon musiqa san’atining Motsart, Betxoven, Bax kabi daholari qatoridan haqli ravishda munosib o‘rin egallagan. Ulkan iste’dod sohibi Shopen ijodi insoniy ehtiroslarga, his-tuyg‘ularga boy. Shuning uchun ham uni bir chashmaga mengzash mumkin.

1810 yil 22 fevral kuni Varshava yaqinidagi Jelyazova Bolya qishlog‘ida asli nasabi frantsuz bo‘lgan Nikolya Shopen hamda polyak ayoli Yustina Kshijanovskaya oilasida bir go‘dak dunyoga keladi. Uning yuksak iste’dod egasi ekanligi yoshligidanoq bashorat qilingan. Bolakay dastavval opasi Lyudvika bilan duetlar ijro etib yuradi. Keyinchalik u opasini “ilk ustozim” deya e’tirof etadi.

Bolakay yetti yoshga to‘lganida, otasi uni musiqiy savod chiqarishi uchun fortepyano bo‘yicha mutaxassis qo‘liga topshiradi. Jajji Friderikning ajabtovur odatlari bo‘lib, fortepyanoni qop-qorong‘i xonada chalishni juda-juda yoqtirardi. U ba’zan yarim kechasi uyg‘onib, o‘zi yoqtirgan musiqasini baralla chalishga tushib ketar, bundan uyidagilarning o‘takasi yorilay derdi. Mittigina barmoqchalari bilan klavishlarni chalishga qiynalayotgan Friderikning xayoliga barmoq o‘stiradigan moslama yasash fikri keladi. U joni og‘rishiga qaramay, moslamani kechayu kunduz qo‘liga taqib yuradi. Tabiiyki, bunday bolani ko‘rgan ko‘z, eshitgan quloq borki, uni sal “g‘alatiroq”qa chiqarib qo‘yishi aniq. Xonadon xizmatkorlari esa uni naq aqldan ozgan deyishadi. Shopen o‘n yoshida knyaz Konstantinga bag‘ishlangan marshini yaratadi va bu asar harbiy orkestr jamoasi tomonidan bir necha marta ijro ham etiladi.

Keyinchalik yosh san’atkor taniqli chex musiqachisi Voytsex Jivniy qo‘lida tahsil oladi. O‘shanda murabbiysi uning qalbida I.S.Bax ijodiga mehr uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas. Boshi bilan ijodga sho‘ng‘igan Friderikdan mashhur musiqachi chiqishiga shubha yo‘q edi. Yosh Shopen iqtidori, tirishqoqligi, mehnatsevarligi tufayli “polyak Motsarti” nomini oladi. O‘n ikki yoshga to‘lganida uning mahorati barchani, yaqinlariyu tanish-bilishlarini hayratga soladi. O‘zidan-da o‘zib ketgan shogirdiga boshqa hech nima bera olmasligini anglab yetgan ustozi Jivniy esa unga saboq berishdan voz kechadi.

1829 yildan Shopenning mustaqil ravishdagi ijodiy faoliyati boshlanadi desak xato bo‘lmaydi. Ijodkor Vena, Krakov kabi shaharlarda gastrol safarlarida bo‘lib, o‘z iste’dodini namoyish etadi va ko‘plab muxlislar orttiradi. Motsart, Betxovenlar Venani zabt etganidek, Shopen ham butun Parijni o‘ziga butkul rom etadi.

1830 yilda Polsha ozodligi yo‘lida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonda san’atkor vatanidan ancha olisda edi. U bu qo‘zg‘alonning daragini eshitishi bilanoq kuyib- yonib yo‘lga otlanadi. Biroq manzilga yetishga ulgurolmaydi. Bu paytda qo‘zg‘alon bostirilib bo‘lgan, qatnashchilari esa hibsga olingandi. “Polsha porloq, zabardast, hur yurt bo‘ladi!” – deb yozgan edi u o‘z kundaliklarida.

Shopen muntazam kontsert dasturlari, tadbirlar uyushtirib turar, ularda asosan o‘zi yaratgan kuylarni chalardi. Kontsertlarining birida u Motsartning “Don Juan” asarini yangicha talqinda ijro etadi. Aynan shu kuy sabab nemis bastakori va musiqashunos munaqqid Robert Shuman: “Janoblar, bosh kiyimingizni yeching, qarshingizda – ulug‘ iste’dod sohibi turibdi!” – degan so‘zlar bilan Shopenni maqtovu olqishlarga ko‘mib tashlaydi.

Shopen musiqaga alohida bir til sifatida qarar, uni insonning tabiiy, ravon nutqiga qiyoslardi. Uning “Til yakkam-dukkam so‘zlardan emas, yaxlit nutqdan tashkil topganidek, alohida tovushlar ham kuy yarata olmaydi. Musiqa hosil bo‘lishi uchun tovushlar uyg‘unligi kerak”, degan so‘zlari ayni haqiqatdir.

Venger bastakori Frants List Shopen ijodiga ta’rif berib: “Uning ohanglari go‘yo shiddatli to‘lqinlar uzra tebranayotgan qayiqdir, yoki, aksincha, bu foniy dunyoda daf’atan paydo bo‘lib, nigohimiz elas-elas ilg‘aydigan sharpa misoldir”, degan edi. Betxoven davrida urf bo‘lgan musiqiy klassitsizm keyinroq romantizmga o‘rin bo‘shatib beradi va Friderik Shopen bu yo‘nalishning yorqin vakiliga aylanadi.

1836 yili Friderik Parijda Jorj Sand taxallusi ostida ijod qilgan adiba (asl ismi sharifi Avrora Dyupe) bilan tanishadi. Shopenning o‘ziga ham, asarlariga ham maftun bo‘lgan bu ayol keyinchalik san’atkorning hamrohi, maslakdoshiga aylanadi. Ular qariyb o‘n yil davomida turmushning achchiq-chuchugini, quvonchiyu zahmatlarini birga totib, bir-birlariga suyanib yashashadi.

40-yillarning oxirlarida bastakor Angliyada yashay boshlaydi. Ammo kundan- kun ahvoli og‘irlashib borayotgan Shopenning dardi u yerda battar yomonlashadi. Shunday bo‘lsa-da, u lord Dadli Styuartga bergan va’dasining ustidan chiqadi. 1848 yilning kech kuzida Polsha do‘stlari jamiyatining foydasiga uyushtirilgan xayriya kontsertida ishtirok etib, muxlislarini yana bir karra xushnud etadi. Bu esa uning so‘nggi kontserti ekanligini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi…

1849 yilning 17 oktyabrida – jahon musiqa san’ati yana bir zabardast, iste’dodli o‘g‘lonidan judo bo‘ldi…

Buyuk bastakor Friderik Shopendan fortepiano uchun ikkita kontsert, trio, sonatalar, to‘rtta ballada, to‘rtta ekspromt, o‘n oltita polonez, ellik sakkizta mazurka, o‘n yettita vals, yigirma bitta noktyurn, yigirma oltita prelyudiya, yigirma yettita etyud, o‘n to‘qqizta qo‘shiq va boshqa ko‘plab musiqiy asarlar ijodiy meros bo‘lib qoldi va jahon musiqa san’ati xazinasidan joy oldi.

Shopen o‘z hayotining so‘nggi damlarini Frantsiyada o‘tkazgan bo‘lsa-da, vafotidan so‘ng jasadini kindik qoni to‘kilgan, bolalikning shodu xurram damlari o‘tgan ona Vatani – Polsha tuprog‘iga qo‘yishlarini vasiyat qiladi. Friderik Shopen qisqa umr ko‘rdi, u bu dunyodan ko‘z yumganida hali qirq yoshga ham to‘lmagandi. Ammo bir yarim asrdan oshibdiki, uning nomini san’at ixlosmandlari daho ijodkor sifatida hali-hanuz faxr bilan tilgan oladilar. Buyuklikning sharafi ham, shoni ham shunda, aslida.

Gulhayo Abdug‘afforova tayyorladi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son