Paganini musiqasining sehri

Italiyalik mashhur bastakor, skripkachi, benazir sozanda Nikollo Paganini 1782 yil 27 oktyabrida Genuya respublikasining Genuya shahrida tug‘ildi. U musiqa romantizmi asoschilaridan biri. Skripkachilardan birinchi bo‘lib 24 musiqa va 5 kontsertni yoddan ijro etgan noyob iste’dod sohibi ham edi. U haqda ulug‘ kompozitor Ferents List shunday degandi:

“Hech kimning shuhrati uning mavqei bilan, birorta odamning nomi uning nomi bilan tenglasha olmaydi… Uning bebaho asarlari bilan hech kimning asarlari bo‘ylasha olmaydi… Men zarracha ham ikkilanmay ayta olamanki, ikkinchi Paganini tug‘ilmaydi. Bunday ulug‘vor iste’dod va o‘ziga xos hayot yo‘lining uyg‘unligi uni shuhratning eng yuksak cho‘kqisiga ko‘tardi – san’at tarixida bu takrorlanmas birdan-bir hodisadir”.

Otasi Antonioning dengiz portida kichik bir do‘koni bo‘lib, tijorat bilan shug‘ullanardi. Aslida, u savdo-sotiqni yoqtirmas, musiqachi bo‘lishni orzu qilardi. Mandolina va skripkada yengil xalq qo‘shiqlari va laparlarini ijro etardi. Xaloyiq esa olqishlar bilan kutib olardi. Ammo u tijorat, ro‘zg‘or va besh bolali oila bilan o‘ralashib, musiqachi bo‘lolmadi. Yuragida kolgan katta armon sog‘ligiga ham ta’sir ko‘rsatib, jahldor bo‘lib qoldi. Nikolloning onasi Tereza 17 yoshida o‘zidan 7 yosh katta bo‘lgan Antonioga turmushga chiqib, 10 yil mobaynida besh farzand ko‘rishdi.

Nikollo oilada ikkinchi farzand bo‘lib tug‘iladi. Unda bolaligidan musiqani ilg‘ash qobiliyati kuchli bo‘lgan. Bir kuni otasi mandolinada kuy chalayotganda adashib qoladiyu, to‘rt yashar o‘g‘li uni tuzatishga undaydi. Shu chog‘da u o‘g‘lida ushalmay qolgan orzusi ro‘yobini ko‘radi. Nikollo 9 yoshga kirganda otasi musika darslarini kuniga bir necha soatgacha ko‘paytiradi. Bolasining “charchadim” deyishiga ham quloq solmay, tinimsiz mashq qildiradi.

Yillar o‘tib, bolada skripkaga qiziqish, musiqa asbobidan zavqlanish hissi kuchayib bordi. U bu mo‘jazgina cholg‘u asbobini chap yelkasiga, dahani ostiga tiragancha matonat bilan soatlab qayta-qayta mashq qilaverardi. Keyinchalik u o‘zining hayoti haqida kitob yozmoqchi bo‘lgan Shotkaga shunday degandi:

– Men soz chalishdan juda katta zavq olardim, barmoqlarim uchun qandaydir butunlay yangi pardalarni, hech kimga ma’lum bo‘lmagan nuqtalarni topishga urinar, odamlarni larzaga soladigan tovushlarni chiqara olishga harakat qilardim…

O‘g‘liga ilk saboqni o‘zi bergan ota keyinchalik uni Jovanni Chervetto ismli skripkachiga shogirdlikka beradi. Nikollo tez orada cherkov musiqachilari safida skripka chala boshlagach, genuyalik bastakor Franchesko Nekkoning nazariga tushadi. U esa o‘z navbatida Nikolloga Jakomo Kosta ismli skripkachidan dars olishni tavsiya qiladi. Nikollo Kostadan yarim yil davomida o‘ttiz martacha saboq oladi, xolos.

Genuyaning juda mashhur bir cherkovida ibodat payti aytiladigan qo‘shiqqa skripkasi bilan qo‘shilganda, uning ijrosi butun jamoani larzaga soladi. Ertasiga o‘sha davrning “Avvizi” nomli gazetasi: “O‘n bir yoshli bir yigitcha – sin’or Nikollo Paganini tomonidan bir garmonik musiqa ijro etildiki, bu hammada katta zavq uyg‘otdi”, – deb yozadi.

Nikollo 13 yoshga kirgan vaqti edi. O‘sha “Avvizi” gazetasining 1795 yil 25 iyun sonida shunday e’lon bosilib chikadi:

“Kelasi juma kuni Sant-Agostino teatrida katta kontsert bo‘ladi. Yosh bo‘lsa ham skripkani sayratib yuboradigan genuyalik vatandoshimiz Nikollo Paganini kontsert beradi. U endi mashhur o‘qituvchi Aleksandro Rolla rahbarligida o‘z mahoratini yanada takomillashtirish uchun Parmaga jo‘nab ketmoqchi. Kerakli xarajatlarni qoplash imkoniyati yo‘qligi sababli, u o‘z yurtdoshlarini kontsertga taklif qiladi. Tinglovchilarni zavqlantira olishiga umidvor bo‘lib, o‘z loyihasini amalga oshirishda madad berishlarini so‘raydi”.

Ushbu e’londan so‘ng 31 iyunda teatr ixlosmandlari huzurida kontsert berishga hozirlandi. Onasi unga qora barqut kostyum kiygazib, yuzlari chiroyli ko‘rinsin deya, o‘siq sochlarini barmoqlari bilan jingalak qildi. Ota-ona Nikolloni Sant-Agostino teatriga olib bordi.

Yosh Paganini o‘z kontsertiga frantsuzlarning inqilobiy qo‘shiqlariday bir kuyni ham qo‘shib ijro etdiki, bu uning o‘z ijodidan namuna edi. Uning favqulodda san’ati va mahorati, ayniqsa, skripkada hurlikni ifodalovchi kuylari tinglovchilarning qalblarini larzaga soldi. Bu uning birinchi ulkan zafari edi. Ana shu kontsertdan keyin u skripkasidan hech qachon ajralmaslikka qasam ichdi va unga abadiy bog‘lanib qoldi.

Paganini ayni chog‘da bir narsani aniq his etdi: agar u o‘zini to‘la-to‘kis ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, skripka uchun o‘zi kuy yozishi kerak. Birovlarning skripka uchun yozgan kuylarini ijro etish bilan san’atning eng yuksak cho‘qqilarini egallab bo‘lmas ekan, deb o‘yladi. U musiqalar yozish, yangicha ijro usullaridan foydalanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Bir marta yosh skripkachi Florentsiyada kontsert berganida shunchalik ko‘p pul ishladiki, bu endi uning oilasi iqtisodiyotini ko‘taribgina qolmay, Parmaga borib o‘qishiga ham yetib ortardi. O‘shanda ota-bola Paganinilar Parma saroy orkestrining dirijyori, mashhur skripkachi Aleksandro Rolla huzuriga yo‘l olishadi. Rolla kasal bo‘lib, parishonxotir yotardi. Stol ustida esa skripka va yangi yozilgan notalari … Nikollo bemorning ruxsati bilan o‘sha skripkada yangi yozilgan musiqani shunday ustalik bilan chalib beradiki, Rolla uni eshitib: “Men senga hech narsa o‘rgatolmayman. Yigitcha, sen kompozitor Paerga bor” – dedi. Paer uni yaxshi qabul kildi, kuniga ikki marta saboq berdi.

Paer bir kuni uni birgalikda musiqa yozishga taklif qildi. Paganini bir duet yozdiki, u bilan tanishgan Paer:

– Bunda bironta xato ham, kamchilik ham ko‘rmadim, – deydi. Shunday qilib, Paganini goh ona shahrida, goh Parmada, goh Florentsiyada kontsertlar berib, shuhratiga shuhrat qo‘shilaverdi.

Paganini 17-18 yoshga kirganida hayotida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Klassiklarning asarlarini chuqur o‘rganishga ahd qildi. Bundan tashqari u yashash sharoitini o‘zgartirishi, erkin va mustaqil bo‘lishi kerak edi. Bu axir san’ati va shaxsiyati to‘la shakllanishi uchun juda zarur edi. Ustiga-ustak Italiyaga Napoleon armiyasi bostirib kirdi. Genuya shahri taslim bo‘lgach, 19 yoshli Paganini Lukkaga ko‘chib o‘tdi. Lukka Italiyaning markazidan alohida respublika edi. Bu yerda ham uni yaxshi kutib olishdi. U diniy bayramlar, ko‘cha namoyishlari va maydonlardagi yarmarkalarda skripkasini ko‘tarib aylanib yurardi.

Bu yerda vaziyat boshqacha edi. Tantanalarga qo‘shilgisi keldi. Unga ruxsat berishdi. Shundan so‘ng odamlarning uzluksiz talabi bilan 28 daqiqa kontsert berdi. Ko‘cha bayramlarida gitarachi bir ayolni uchratdi. Uning zavq bilan gitara chalishlari va kuylar olamida hushini yo‘qotar holga tushishlari Paganinini maftun etdi. Butun olam harakatdan qolganday edi. Ularning o‘rtasida muhabbat rishtalari bog‘landi.

Paganini bu ayolning kimligini umr bo‘yi hech kimga aytmay sir tutdi. Bunday tortinchoqlik va sir saqlashlaridan uning hurmatga loyiq va aslzoda ayol bilan bog‘lanib qolganligini anglash qiyin emas. U o‘zining “Umr bayoni”da: “Men bu vaqtda dehqonchilik bilan shug‘ullanardim va bir necha yil miriqib gitara torlarini chertdim”, deb yozadi.

Belgiyalik mashhur musiqashunos olim Fetich bilan suhbatda, Paganini sevgilisi kimligini aniq aytmasdan, faqat qayerda uchrashib turishlarini aytadi. U shunday deb yozadi:

“Paganini yoshligi gullagan va o‘z iste’dodi yuksak darajada tan olingan paytda birdan skripkadan avvalgiday zavk olmaydigan bo‘lib qoldi. Uning jo‘shkin muhabbati aslzoda bir juvonga ataldi. Ayol ham uni sevdi va har ikkisi xonimning Toskanodagi chorbog‘ida – xilvat bir go‘shada yashashdi. Xonim gitara chalardi, bu sozga Nikolloni ham o‘rgata boshlaydi. Shu bilan u uch yil gitara ishtiyoqida yurdi, dehqonchilik, bog‘dorlik bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Paganini bu vaqtda gitara va skripka uchun 12 ta sonata yozadi. Eng baxtli onlarini xonimning ajoyib go‘shasida o‘tkazadi. Ammo kunlarning birida Paganini qaytadan uyg‘ongandek, o‘z skripkasini takror qo‘liga oladi. 1804 yilning oxirida Genuyaga qaytib, yana musiqa bastalash bilan band bo‘ladi.

Paganinidan yakkaxon gitara ijrosi uchun 20 ta asar, shuningdek, skripka va boshqa torli musiqa asboblariga bir qancha asarlar meros bo‘lib qoldi. U bir nota asarida: “Nikollo Paganini tomonidan frantsuz gitarasi uchun olti sonata melodiyasi (qisqacha bir vals)” deb yozib qo‘ygan. Boshqa bir dastxatining so‘nggida “Ochig‘ini aytaman bu – chin yurakdan. Xushomad emas”, – degan jumla ham yozilgan. Tadqiqotchilar, bu sevishganlarning arazlashib qolganidan keyingi gaplar, – deb taxmin qilishadi. Alohida bir qog‘oz parchasida: “Kichkina telbalarcha raqs” yozuvini ham topishgan.

Skripka va gitara uchun yozilgan duetlar orasida “Muhabbat dueti” ham bor. Uning qismlari esa “Boshlanish”, “Iltijo”, “Rozilik”, “Hadik”, “Quvonch”, “Bahs”, “Yarashish”, “Muhabbat belgilari”, “Ketish xabari”, “Ajrashuv” deb nomlangan. Bu asar muallifning o‘z sevgilisiga bag‘ishlovi ekanligiga shubha yo‘k.

Ayol gitarasini benihoya yaxshi ko‘rgan va uni chalib o‘tirishni hayotining mazmuni deb bilgan. Paganini uni xursand qilish maqsadida skripkasini qo‘yib, gitara uchun maxsus kuylar bastalab bergan. Uning to‘lqinlanib, bor mahorat bilan ohangdor qilib ijro etiladigan “Beshinchi sonata”si gitara va skripkaning uyg‘unlashgan dueti, xonim bilan Nikolloning intilishlarini ifodalagan deyish mumkin.

Bu go‘zal ayolning gitaraga muhabbati Paganinining ushbu cholg‘u asbobini ham juda yaxshi o‘zlashtirishiga, gitaraning imkoniyatlarini har tomonlama o‘rganishiga sabab bo‘ldi. U davralarda bo‘ynida skripka, tizzasida gitara bilan o‘tirib, ham gitara, ham skripkani galma-gal chalarkan. Paganini skripka chalganda, tabiiyki, chap qo‘lini ishlatmagan. Gitara chalganda esa chap qo‘lini ham cho‘zar, ko‘proq ishlatardi. Bu uning sog‘ligini tiklashda katta yordam bo‘lgan.

Aslzoda ayol kimligiga kelsak, u Nikollodan bir necha yosh katta bo‘lib, oilasi bor, yo‘qligi ma’lum emas. Har ne bo‘lmasin, u o‘zining yuksak mavqeidan foydalanib, skripkachi yigit bilan bemalol yashagan, uni yaxshi ko‘rgan va asrab-avaylagan. Bu sevgi savdolari uch yilcha davom etgan. Paganini butun hayoti davomida bironta ayolni bunday teran muhabbat bilan sevolmagan. Umuman, o‘ziga bunday go‘zal fazilatlarni yuqtirgan bironta insonni hayotida boshqa uchratmagan. Bu ayol uning uchun muhabbat va nadomatlar bilan esga olinadigan birdan-bir malak bo‘lib qolgan.

Paganini ko‘plab sayyor musiqachilar singari talay ishqiy sarguzashtlarni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa ham, hayotining oxirida o‘zini yolg‘iz his qiladi. U borlig‘ini skripkaga bag‘ishlagan artist sifatida hech qachon mukammal baxt nashidasini totib ko‘rmagan. Biroq, butun insoniyat uning skripkachilik va bastakorlik faoliyatini minnatdorlik bilan yodga oladi.

Italiyada har yili Paganini nomidagi skripkachilar musobaqasi o‘tkazib kelinadi. Buyuk skripkachi haqida turli xil qarashlar va fikrlar mavjud. Shunday bo‘lishiga qaramay, Paganini insoniyat tarixida buyuk skripkachi sifatida abadiy qoldi.

Taniqli rus yozuvchisi Anatoliy Vinogradov Nikollo Paganinining ijodiy faoliyati haqida “Paganini qismati” romanini yozdi. Romanda musiqachining hayoti XVIII-XIX asrlardagi Yevropa, xususan, Italiyada mavjud ijtimoiy, harbiy-siyosiy vaziyat va ayniqsa, diniy boshqaruv muhitida aks ettirilgan. Asar muallifi bu dahoning fojiaviy qismati, ruhiy olami, ma’naviy dunyosini bor ziddiyatlari bilan hayotiy tasvirlarda ko‘rsatishga harakat qilgan. Ushbu asar bir necha tillarga qayta-qayta o‘girilgan. Ammo bu asarlar bastakor dahosini bilishga bo‘lgan qiziqishlarga to‘la javob berolmaydi.

Izzat Ahmedov tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son