Ibrat (Komiljon Otaniyozov)

“…San’atkor bilimli, orif, so‘z va sozni yurakdan his qiladigan inson bo‘lishi kerak. Qo‘shiq matni mazmunini, ruhini, ohangini, dardini to‘la anglashi zarur. Shoir she’rni o‘ynab yozmaydi, uni dard, ehtiros, aqliy nafosat bilan bitadi. Shu sababli san’atkor ham uni shunday dard, ehtiros, nafosat bilan kuylay olsagina tinglovchiga yetkaza oladi. Qalbdan chiqqan so‘z, kuy boshqa qalblarga yetib boradi…”

Komiljon Otaniyozovning shogirdlariga nasihatlaridan

Musiqaning sirli olami har qanday tinglovchini o‘z domiga tortib, har ko‘yga solishga qodir. Zero, uning kuchi va ta’siri cheksiz ekanligi barchaga ayon. Shu bois, tinglovchini maftun etadigan, mukammal va sehrli sado taratuvchi har bir san’atkor insoniyatning e’zozidagi ijodkorga aylanishi muqarrar. Xalqimiz otashnafas xonishlari bilan dong taratgan xonandalarni e’zozlab “hofiz” deb ardoqlaydi. Buning zamirida shunday ma’no yotadiki, u iste’dod, saboq, bilim, tafakkur, ijod, ovoz va talqinning go‘zal falsafiy uyg‘unligini o‘zida mujassam etadi.

Hayot mazmunining ko‘lamdorligi ham ana shunday xislatlarga ega bo‘lgan zabardast ijodkorlarning mavjudligidandir. O‘zbek musiqa dunyosida el faxriga aylanib, qalblarda yashab kelayotgan san’atkorlar ko‘p. Hojixon Boltayev, Madrahim Sheroziy, Hamroqul Qori, Akmalxon va Boboxon So‘fixonovlar, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Rasulqori Mamadaliyev, Muhammadjon Karimov, Orifxon Hotamov kabi betakror ovoz sohiblari va ijrochilikda xalqimizning e’zoziga aylangan hofizlarni kim bilmaydi deysiz?! Dunyo musiqa san’ati xazinasiga agar har bir xalq o‘z milliy ohanglari bilan daxldorlik kasb etsa, bu ma’naviy mulkka bizning hissamiz, shubhasizki, ana shu benazir nomlar bilan ham muhrlangan bo‘ladi.

Xorazm vohasida tavallud topib, san’atkor ustozlar tarbiyasida voyaga yetgan, sirli ovoz egasi, sehrli sadolarning chinakam maxzani Komiljon Otaniyozov ana o‘shanday xalq e’zozidagi san’atkorlardan edi. U o‘zbek musiqa san’ati ijodiyoti va ijrochiligi tarixidan alohida sahifani egallashga muyassar bo‘lgan otashin va fidoyi ijodkor edi.

Komiljon Otaniyozovning san’atda erishgan yutuqlari borasida so‘z ketsa, uning eng maqbul sharhi san’atkorning o‘z bitiklaridir:

Etim edim asrading, ulg‘aydim g‘ani bo‘ldim,
Ilmu hunarlar berdi, baxtli davronim mening.

Mehnatim ko‘p yoshlikda, podachilik kasbinda,
Mehnat evazi hurmat  davlatim berdi menga.

Maktab ochib ko‘zimni, ustozlar ilgin tutdim,
Ma’rifatni o‘rgatdi, rahnamo bo‘ldi menga.

Ustozlarimni desam, Abdukarim, Matpano,
To‘ychi Hofiz, Sheroziy, Yunus aka pir menga.

To‘xtasinu Halima, Karim Zokir, Mukarram,
Bola baxshi, Lutfixon, Zuhrlar ustoz menga.

Otaullo eshonu, Hojixonu Jo‘raxon,
Ma’mur hofiz, Matkarim, Akbar qori fan menga.

Mandan oldin kim kelsa, go‘zal san’at­ ichinda,
Barchasini pesh tutdim, bo‘ldi hodiroh menga.

1917 yilning 20 iyulida Xorazmning Shovot tumanida tug‘ilgan Komiljon yoshlik chog‘larida zamonasining ustoz san’atkorlari Jumaloq baxshi, Matkarim Abdurahmonov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Qurbonnazar Abdullayev (Bola baxshi)larga ergashib xalq qo‘shiq va dostonlarini ijro etish usullarini o‘rgandi. Yoqimli ovozi bilan tinglovchilar nazariga tushdi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlarni, “Yusuf va Ahmad” qissasini, “Bozurgon”, “Sayotxon va Hamro”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” kabi dostonlarni mahorat bilan ijro etdi. “Etti yilga ketgan yorim”, “Dushimda bir bulbul ko‘rdim”, “Ra’noni ko‘rdim” kabi doston qo‘shiqlari, shuningdek, Maxtumquli so‘zi bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijrosi bilan xalq orasida dovruq qozondi. San’atkorning o‘zida endi bastakorlik iste’dodi ham nish ura boshladi. Zero, bu Komiljon Otaniyozov ijodiga xos bo‘lgan xarakterli xususiyatdir. “Naylayin”, “Na bo‘ldi, yorim kelmadi”, “Ayrilmasin nigoridan”, “Otlan”, “Xush qol endi”, “Og‘ang kelar mard bo‘lib”, “Xayr endi” kabi qo‘shiqlar ustoz bastakorlik faoliyatining ilk namunalaridir. Dostonlar ta’sirida va zaminida u “Kel, yor, o‘ylanma-o‘ylanma”, “Guldasta”, “Ishqing o‘tida devona bo‘ldim”, “Kerakmas” kabi ashulalarni ijod etdi.

Xorazm vohasining so‘nmas ohanglari mujassam etilgan suvoralar Komiljon Otaniyozovning ijodida alohida o‘rin egallaydi. U davrining ulkan san’atkori Hojixon Boltayev rahnamoligida suvoralarning asl mohiyati, ohang jozibasi, ularning ijrodagi sir-sinoatlarini o‘zlashtiradi. “Yakparda suvora”, “Xushparda suvora”, “Kajhang suvora”, “Chapandozi suvora”larni qunt bilan o‘rganib, go‘zal talqinga erishdi. Suvoraxonlik amaliyotining yuqori cho‘qqisiga yetgan pallada ustozning suvoralarga bo‘lgan ijodiy yondashuvi namoyon bo‘ladi. U suvora ijodiyoti an’analarini davom ettirgan holda, ulug‘lar sabog‘ini mukammal o‘zlashtirib, o‘zining ijro uslubiga xos qilib bir namuna, ya’ni o‘z “Suvora”sini yaratadi. Ijrochilik amaliyotiga bu asar “Suvorai Komil” nomi bilan kirib keldi va xalqimiz orasida keng tarqaldi.

Komiljon Otaniyozovning o‘zbek musiqa san’atidagi amallaridan biri Xorazm ijrochilik uslubini butun Respublika, qardosh mamlakatlar va chet ellarda keng ommalashishiga qo‘shgan hissasidir. U Farg‘ona-Toshkent ijrochilik an’analari doirasida ham “Suvoriyxonlik”, “Suvora ijodiyoti”ni xonanda va sozandalar hamda ijodkorlar orasida keng ommalashishiga zamin yaratib berdi. Pirovardida, musiqa ijodiyotida Farg‘ona suvoralari, Toshkent suvoralari kabi asarlar musiqiy merosimiz xazinalaridan joy oldi.

Komiljon Otaniyozov nafaqat Xorazm musiqa merosi, balki Farg‘ona-Toshkent musiqa merosi bilan ham chuqur tanishdi. Ularni o‘zlashtirishda zamonasining mohir san’atkorlari Mulla To‘ychi Hofiz, Yunus Rajabiy, Jo‘raxon Sultonov, Mamurjon Uzoqov, Akbar qori Haydarov kabi ustoz hofizlarning saboqlariga tayandi va ularning boy ijodiyotidan unumli foylandi.

Ustozning Xorazm maqomlariga bo‘lgan munosabati ham ijodi va ijrochilik faoliyatining cho‘qqisiga aylandi. Xorazm maqomlarining bilimdoni, o‘z davrining zabardast san’atkori Matpano ota Xudoyberganov rahnamoligida Xorazm maqomlarini o‘rgandi. Ustozidan “Navo”, “Segoh”, “Rost”, “Dugoh” kabi Xorazm maqom yo‘llarining nazariy, amaliy va ijroviy jihatlarini mohirlik bilan o‘zlashtirdi. Ustozlari Hojixon Boltayev va Madrahim Sheroziylar bilan birgalikdagi ijrochilik faoliyatlari davomida maqomlar ijrosini yanada mukammallashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, Xorazm maqomlaridagi “Dugoh”ni o‘ziga xos usullarda shunday mahorat bilan ijro etishga muyassar bo‘ldiki, bu maqom hali-hanuz xalqimizni ilhomlantirib kelmoqda.

Komiljon Otaniyozov musiqa ijodkorligida Sa’diy, Hofiz, Navoiy, Ogahiy, Mashrab, Fuzuliy kabi ulug‘ shoirlarning she’r va g‘azallari, Maxtumquli va Mullanafas kabi buyuklarning hikmatlaridan ozuqa oldi. O‘zining amaliy faoliyati davomida “Salom hind xalqiga!”, “Muborak”, “Salom sizga Xorazmdan”, “Olqish”, “Aziz Vatanim”, “Muborak to‘y, muborak”, “Ayrilmasin nigorindan”, “Naylayin”, “Olma yuzli nigorim” kabi 100 dan ortiq kuy va qo‘shiqlar yaratishga erishdi. Ta’bi nazmga mayil bo‘lib, mazmundor she’rlar yozdi. Avvaliga “Komiy” keyinchalik “Komil” taxallusida she’rlar bitib, ularga o‘zi kuy bastalab, ijro etdi.

Komiljon Otaniyozovning sozanda va xonandalikda benazir ustoz darajasiga yetganligini uning maktabi davomchilari, ya’ni shogirdlari mahoratidan ham bilsa bo‘ladi. U bu sohada ham xalqimizga o‘rnak darajasida xizmat qilgan buyuk san’atkordir. Ustozga ergashgan shogirdlarining sanog‘i yo‘q. Kommuna Ismoilova, Sharif Sultonov, Olmaxon Hayitova, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Rahmatjon Qurbonov… bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Xalq dilini, qadrini kuylovchi so‘nmas asarlar ijod etib, xonandalikda o‘z ijro maktabini yaratgan zabardast san’atkor Komiljon Otaniyozov qisqa, lekin boshqa san’atkorlar havas qilgulik mazmunli hayot kechirdi, o‘zidan betakror va beqiyos meros qoldirdi. Uning ijodi, san’atkorlik odobi, musiqa san’atimiz uchun qilgan xizmatlari yuksak ma’naviyati namunasi va kelajak avlodga hamisha ibrat bo‘lib qolaveradi.

Quyida havola etilayotgan benazir hofizning etagini tutgan sadoqatli shogirdi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonovning ibratli xotiralari hamda hofizning she’riy mashqlaridan namunalar yuqoridagi fikrlarimiz tasdig‘i bo‘lsa ajab emas.

Soibjon Begmatov,

san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor.

USTOZ HAQIDA IKKI XOTIRA

Sha’m bo‘lib yoritdim san’ati jahon,
O‘zim erisam ham, olam charog‘on.

Jondan jonga berdim, ko‘p jonli navo,
Shuning-chun el ichra bo‘ldim  Komiljon.

Bu voqea takrorlanmas ovoz sohibi, o‘zining ilohiy san’ati, sozi bilan jumlai jahonni rom etgan ustoz xonanda Komiljon Otaniyozov haqida hozirgi vaqtda rivoyatga aylangan, aslida esa yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan haqiqatdir. Ustozning dovrug‘i O‘rta Osiyo respublikalaridan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Xitoy va yana o‘nlab mamlakatlarda tarqalgan edi. Zero, yer yuzi iqlimlarida ustozni bir ko‘rib, san’atidan, ovozidan, nolalaridan bahramand bo‘lish orzusida yurgan shinavandalari, shogird tushaman degan xonandalar, u kishiga havas qilib farzandi yoki nevarasining ismini Komiljon qo‘ygan kishilar hisobsiz edi.

Shunday insonlardan biri Turkiyaning Istanbul shahrida yashar ekan. U musiqa asboblarining, ayniqsa torning ustasi sifatida mashhur bo‘lib, yasagan torlarining dovrug‘i butun mamlakatga tarqalgan edi. Mashhur usta Komiljon Otaniyozovning o‘zi bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, u kishining san’atiga chin oshiq bo‘lib, ustozning radio va televideniyedagi ashulalarini maroq bilan eshitar va gramplastinkalarini yig‘ardi. Kunlarning birida tushida Komiljon Otaniyozov ustaga qarab qo‘lidagi torni ohista chertib xirgoyi qilayotgan emish. Shundan so‘ng usta: “bu tushni bekorga ko‘rmadim, bu Allohning irodasi” deb, sevimli xonandasi Komiljon Otaniyozovga atab, yurak mehrini berib bir tor yasaydi. Sobiq ittifoq davrida bir mamlakatdan ikkinchisiga o‘tish yoki bir buyumni ikkinchi bir mamlakat fuqarosiga berib yuborish anchagina murakkab edi, shu sababdan tor ustaxona devorida ko‘p yillar osilib turadi. Bu vaqt davomida usta har kuni Xudodan omonatini olgunga qadar “ushbu torni egasiga topshirsam, armonim qolmasdi” deb umid qilarkan. Kunlarning birida Komiljon Otaniyozov Turkiyaga xizmat safari bilan kelgan delegatsiya safida tashrif buyuradi. Mehmonlar go‘zal Istanbul ko‘chalarini, bozorlarini aylanib, ittifoqo cholg‘u asboblari yasaydigan ustalar rastasiga kelishadi. Mashhur ustalarning ishlarini zimdan kuzata turib, ustozning e’tibori ustaxona devorida osilgan bir torga tushadi. Ustoz torni qo‘liga olib, zavq bilan ko‘zdan kechiradi. Chertib ko‘rgach, ustadan uning narxini so‘raganda, tabiiyki, mehmonlarni tanimagan usta: “Tor sotilmaydi, u egasini kutayapti” – deb, sovuqqonlik bilan o‘z ishini davom ettiraveradi. Komiljon Otaniyozov torni istar-istamas ustaga qaytarib berar ekan, biroz ranjiganday tuyuladi. Uning torga nihoyatda ishqi tushganini ko‘rib turgan turkiyalik mezbonlar bir oz hijolat tortib, ustadan “hech bo‘lmasa, torning egasini ayting” – deb so‘rashadi. Shunda usta bu tor turkiy xalqlar musiqa madaniyatining dovrug‘li ijrochilaridan biri, mohir sozanda va xonanda o‘zbekistonlik qardosh Komiljon Otaniyozov uchun niyat qilib, bir necha yillar oldin yasalganini aytadi. Va ana shu, omonatni qachon o‘z egasiga taqdim qilsa, dunyodan armonsiz ketishini ta’kidlaydi. Agar umri vafo qilmasa, bu istagini farzandlariga vasiyat qilib qoldirishini, qachondir, kimdir shu torni egasiga yetkazsa, qiyomat qarzi uzilishini bir qadar shikastalik bilan so‘zlaydi-da, har kuni shu torni olib, bir marta “Xorazm lazgisi”ni chalishini aytadi va mehmonlardan uzr so‘rab, torni yana qaytadan joyiga ilmoqchi bo‘ladi. Shunda mezbonlardan biri mamnun holda: “Usta, Allohdan so‘raganingiz ijobat bo‘ldi, umidingiz ushaldi, torni ushlagan kishi o‘sha siz kutgan tabarruk inson, shu torning haqiqiy egasi Komiljon Otaniyozov bo‘ladilar”, – deb ustozni tanishtiradi. Bu xabarni eshitgan usta bir muddat sarosimayu hayajonga tushib, turfa harakatlar ila Komiljon ustozning yoniga kelib: “Agar sen haqiqatdan ham Komiljon bo‘lsang, ma, shu tor bilan bir ashula aytib bergin-chi”, – deb torni uzatadi.

Ustoz me’yorida sozlangan torni qo‘llariga olib, ohista chertib ustaga qarab xirgoyi boshlaydi. Ushbu manzarani ko‘rgan mashhur tor ustasi ustoz Komiljonga qarab “yo Alloh, yo Alloh” deya, hayajon bilan u kishining poyiga tiz cho‘kib, etaklarini ko‘zlariga surtib, ko‘zida yosh bilan: “Men Allohga yana bir karra iymon keltirdim. Ko‘zim ochiqligida omonatni egasiga topshirayotganimga shukrona aytaman!” – deydi. Keyin ma’lum bo‘lishicha Illo, Komiljon Otaniyozovning bu xirgoyisi ustaning bir necha yillar muqaddam tushida ko‘rgan hodisaning aynan o‘zi edi…

Ustoz Komiljon Otaniyozov kulib: “Usta, ming bora qulluq, ammo, siz tor uchun ozmuncha mehnat qilmagansiz”, deb narxiga ishora qiladi.

Shunda usta: “Men mehnatimga roziman. Siz aytgan qo‘shiqlarni radio orqali, gramplastinkalardan tinglaganman, ishim qobiliyatingizga baxshida. Sizning mohir barmoqlaringiz ostida sehrli navo yangrab, ellarni mamnun etsa, duosini olsangiz, shuning o‘zi men uchun ham ulkan baxt”, – deb, yana ko‘zlariga yosh oladi.

Ustoz Komiljon Otaniyozov Turkiya safari tugagunga qadar ustani o‘zlari bilan birga olib yuradilar. Uyushtirilgan kontsertlarda esa haligi turk ustani oldingi qatorga o‘tqazib, hadya qilingan torning sehrli nolalaridan elni ham, ustani ham bahramand etadi.

Yana shunday voqealardan biri o‘z yurtimizda bo‘lib o‘tgan. Ustoz Komiljon Otaniyozov buyrak kasalligi bilan xastalanib, O‘zbekistonning eng mashhur shifo maskanlaridan biri – Buxoroi sharifda joylashgan Mohi-Xossaga keladilar. Ustoz sihatgohda chog‘roqqina, ammo shinam bir xonaga joylashib, qadim Buxoroning Qiziltepasidan kelgan 28-30 yoshlardagi Sobirjon ismli navqiron yigit bilan hamxona bo‘lib yashaydilar. Muolajalar davomida ustoz 3–4 kun betob bo‘lib yotib qoladilar. Sobirjon Komiljon ustozning u-bu yumushlariga imkon qadar ko‘maklashib turadi. Ustoz ancha tuzalib, oyoqqa turib ketganlaridan so‘ng hamxonalariga o‘zlarini yaqindan tanishtiradilar va yigitning ham yashash tarzi, oilaviy ahvoli, u yashayotgan qishloq haqida so‘raydilar. Suhbat asnosida yigit san’atga juda oshufta ekanini, yaqin orada o‘g‘liga to‘y qilish niyati borligini aytib o‘tadi. Sobirjonning sof Buxoro shevasida samimiy so‘zlashidan, qalbining tozaligidan mehrlanib ustoz safarlari qarigach, Toshkentga ketayotganlarida yigitga turar manzillarini yozib berib, “mabodo o‘g‘lingga to‘y qilib, dasturxon yozsang meni chorlasang, to‘yingda xizmat qilaman”, deydilar. Kunlar o‘tib, to‘y kuni belgilanganda Sobirjon kayvonilarga Komiljon Otaniyozov bilan bo‘lgan voqealarni, u kishining “to‘yga taklif qilsang, boraman”, degan gaplarini aytib, maslahat so‘raydi. Ular: “Ey yigit, ko‘rpangga qarab oyoq uzatgin, axir sen kimsan-u, Komiljon Otaniyozov kim, u kishi kelmaydi, o‘zimizning hofizlar bilan to‘yni o‘tkazaver”, deb aytishadi. Lekin Sobirjon baribir ustozga telefon qilib to‘yga taklif qiladi.

Ustoz safarga otlanib, hamrohlari bilan Cho‘li Malik orqali Qiziltepa tumaniga qarashli bir qishloqqa yaqinlashganida ko‘p uzoq bo‘lmagan joydan ashulani me’yoriga yetkazolmay chiranayotgan hofizning ovozi eshitiladi.

Musiqa eshitilayotgan joy – chog‘roqqina to‘yxona bo‘lib, mahalliy hofiz “Feruz” ashulasini bilganicha kuylamoqda edi. U paytlar hali televizor, tasviriy reklama degan gaplar yo‘q hisobi. To‘yxonadagilar ustoz va uning hamrohlarini tanimasalar-da, o‘zbekona urf-odatlarga muvofiq, mehmon sifatida e’tibor bilan kutib olib, davraning to‘riga o‘tqazadilar. Bir oz parishonxotirroq yurgan Sobirjon tuyqus mehmonlarni ko‘rib, Komiljon Otaniyozovni tanib qoladiyu, quvonchdan o‘zini ustozning bag‘riga otadi. Biroz fursat mehmondorchilikdan so‘ng, ustoz mikrofonga yaqin keladi va Sobirjonni to‘y bilan tabriklab, farzandiga ezgu tilaklar bildirgach, mikrofonni bir chekkaga surib, “bugun mikrofonsiz ashula eshitasizlar”, deya, qo‘liga tor olib xalq orasiga kirib, to‘y ahlini o‘zining takrorlanmas san’atidan bahramand qiladi. Shu orada to‘yda xizmat qilayotgan xonandaga san’at borasida anchagina o‘gitlar ham beradi. To‘ydan ketayotib mashhur hofizning ko‘rmanasi uchun berilgan barcha to‘yonalarni bir bo‘g‘chaga bog‘lab, Sobirjonga taqdim qiladi. Quvonchdan esankirab, cheksiz minnatdorlik hislari bilan turgan yigit ko‘zlarida yosh bilan ustani kuzatib qoladi…

Ustoz Komiljon Otaniyozovning bu oliyjanobligi hayotiy rivoyatga aylanib, ana shu qishloq aholisi tomonidan, nafaqat qishloq, balki hofizning barcha muxlislari tomonidan to hozirgacha xotirlanib, aytib kelinmoqda. Komiljon ustoz haqida, xofizning, musiqaning buyuk qudrati, sehri haqida xalqimiz orasida tarqalgan shu kabi xotiralarni ko‘plab keltirish mumkin. Darhaqiqat, buyuk san’atkorlargina bunday e’tirofga – afsonayu rivoyatlarga noil bo‘ladilar.

Rahmon Qurbonov, O‘zbekiston xalq artisti

Shuhrat O‘roqov, san’atshunoslik fanlari doktori.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son