Hamidulla Akbarov. Quvonch va tashvishlar

O‘zbek kinosi jahon miqyosida shuhrat qozonishi “Tohir va Zuhra”, Xo‘ja Nasriddin haqidagi filmlardan boshlangan. Bu tasmalarning ijodkori rejissyor, stsenariynavis, aktyor, o‘lkamizda kino ishlab chiqarish sanoatini tashkil etgan Nabi G‘aniyev qisqagina (49 yil) umr ko‘rgan. Uning bir qismini zindonda, keyin esa NKVD vakillarining nazorati ostida o‘tkazgan…

Nabi G‘aniyev ijodiga bag‘ishlangan risolada professor Hamidulla Akbarov bu san’atkorning faoliyatini o‘sha davrda hukm surgan kinematografik muhit bilan bog‘lagan holda ko‘rsatishga jazm qilgan. “Ijod dunyosi” nashriyotida chop etilish arafasida bo‘lgan mazkur qo‘lyozmadan olingan parchani jurnalxon e’tiboriga havola etdik.

Men, G‘aniyev Nabi, Toshkentda 1904 yili qassob oilasida tug‘ilganman. Otam 1925 yilga qadar qassoblik qilganlar, so‘ngra mening qaramog‘imga o‘tganlar. Onam uy bekasi edilar. 1915 yili vafot etganlar. Otam 1942 yili olamdan o‘tganlar.

1917 yilga qadar diniy maktabda o‘qidim. Oktyabr inqilobidan keyin birinchi sovet maktabi – “Namuna”da tahsil ko‘rdim. 1920 yili tugatib, badiiy o‘quv yurtida ta’lim oldim. So‘ngra o‘qishni davom etdirish niyatida Moskvaga ketishga qaror qildim. Otam rozi bo‘lmadilar. So‘zimdan qaytmadim. 1921 yili VXUTEMAS ga o‘qishga kirdim. Uni 1925 yili tugatib, Toshkentga qaytdim. 1924 yilning dekabr oyida Turkistonda milliy-davlat chegaralanishi amalga oshirilganidan keyin Toshkentda “O‘zbekkino” ta’sis etildi. Shu kundan boshlab umrim o‘zbek kinematografiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi…

Nabi G‘aniyev”.

N.G‘aniyev yozgan, imzo chekkan “Tarjimai holi” shunday boshlanadi. Ko‘k siyohda rus tilida yozilgan bu muhim hujjat birinchi marta e’lon qilinmoqda. U 1952 yilning 22 sentyabr kuni yozilgan. Buni qarangki, oradan bir yil-u, bir oy va bir hafta o‘tgach, Nabi aka bandalikni bajo keltirganlar. Binobarin, bu – uch yarim sahifadan iborat “Tarjimai hol”da bir umrga, ijodga yakun yasalgan. Unda bizga noma’lum bo‘lgan faktlar keltirilgan. Nabi aka yozgan va 43 yil davomida Mahsuma aya (N.G‘aniyevning rafiqalari) qo‘lida saqlanib kelingan bu hujjat ko‘p taxminlarni tekshirib ko‘rishga, ma’lumotlarni aniqlashga yordam beradi.

Demak, N.G‘aniyev 21 yoshida Moskvadan qaytganida “O‘zbekkino” tashkil topgan, ijodiy rejalarga to‘lib-toshgan yigitcha uning birinchi direktori etib tayinlangan. O‘sha muhitni, Shayxontohurning ko‘rinishlarini, kino shirkatining kundalik hayotini tiklash bizga juda qiziqarli tuyuldi. Nabi aka o‘z maqolalarida bu haqda hech yozmagan. Shu bois matbuot sahifalarini qayta-qayta varaqlab, o‘rganib, ayrim ma’lumotlarni topdikki, ular Nabi G‘aniyev kino shirkatiga kirib kelgan kunlarga birmuncha tavsif beradi. Mazkur maqolalarni keltirishdan oldin quyidagi ma’lumotlarni berishni zarur deb bilamiz: “O‘zbekkino” film ishlab chiqarish bilan birga kinolashtirish (ya’ni shahar va qishloqlarda kino tomoshalari qo‘yiladigan binolarni qurish, ta’mirlash, sayyor kino guruhlarini viloyat va tumanlarga yuborish) hamda filmlarni ijaraga berish bilan ham shug‘ullangan. Ayni vaqtda aholiga maishiy xizmat qilishni ham yo‘lga qo‘ygan. Bu yumushni qisman mahalliy millat vakillari bajargan. Kino ishlab chiqarish bilan esa markazdan va ayrim respublikalardan kelgan rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar band bo‘lganlar.

“O‘zbekkino”ning birinchi asari – “Paxtaorol” 1925 yili yaratilgani ham bu kino shirkati bahor oylari tashkil topganidan dalolat beradi. Zero, stsenariyni tayyorlash, uni Moskvada tasdiqlanishi, mablag‘ topish, filmni ishlab chiqarishga tushirish, nihoyat montaj qilib tayyor bir holatga keltirish uchun kamida yarim yil zarur bo‘lgan…

O‘sha kunlardagi kinofabrikaning ahvoli haqida yanada to‘laroq axborot berish, binobarin, Nabi G‘aniyev o‘sh davrda ijodiy, insoniylik jasoratini ko‘rsatganini isbot etish niyatida “Er yuzi” jurnalida 1926 yili chop etilgan yana bir maqoladan lavhalar keltiramiz: “Hozir O‘zbekiston davlat kinotresti ijarachilikdan tashqari o‘zining hosilini chiqarish ishlariga ham urinadi… Bu ishni xursandchilik bilan qarshi olishdan boshqa aytadigan gapimiz bo‘lmasa kerak. Albatta, birinchi davrlarda O‘zbekistonning sharoiti yuzasidan keng ishlab chiqarish ishlariga kirishish mumkin emas. O‘zimizdan kinoartistlar, ustalar chiqmaguncha biz o‘z tirikchiligimiz va o‘z turmushimizning chinakam tarzini… kinolentalarda ko‘rsata olmaymiz… O‘zbekiston kinotresti ham bir chekkada shunday tayyorlik ishlariga kirishib bormoqda. O‘zimizdan kinoartistlar chiqarish va kino asarlari yozdirish yo‘lida harakatga tushdi…”

Mushtariy kinoda ijod eta oladigan ijodiy-texnik kadrlarga katta ehtiyoj mavjudligini qayd qiladi va aktyor, stsenariynavis, kino ishlab chiqarishi xodimlarini tayyorlashni birinchi galdagi vazifa deb biladiki, bu hol jamoatchilik kino ishlaridan voqif ekanligini, uning istiqboli haqida qayg‘urganini ko‘rsatadi. Nabi G‘aniyevning o‘sha kunlardagi faoliyatini o‘rgansak, bu masalaga u yanada kengroq qaraganini ko‘ramiz. Yosh direktor avvalo o‘zbek filmi o‘zbekona, xalqchil va haqqoniy bo‘lishiga erishishni maqsad qilib qo‘yadi. Ikkinchisi – bevosita obraz yaratadigan san’atkor – aktyor tanlashga, u bilan ishlashga alohida ahamiyat beradi. Shu niyatda u kino shirkatiga mahalliy xalq vakillarini tortadi. Ba’zilariga rol beradi, ba’zilaridan ishlab chiqarishda foydalanadi. Ularni tarbiyalaydi ham. Talabchanlik qiladi. Yaqindagina Moskvada tasviriy san’at sirlarini o‘rganib qaytgan G‘aniyev kinoning imkoniyatlarini ko‘ra biladi, ulardan foydalanish yo‘llarini izlaydi. Shu bois u direktorlik lavozimida ham ishlaydi, milliy masala bo‘yicha maslahatchi ham bo‘ladi, rejissyorga yordamchi sifatida faollik ko‘rsatadi, ijrochilik san’atiga mehr qo‘yadi. Rollar o‘ynaydi. Iste’dodini namoyish etadi.

N.G‘aniyev va uning hamkasblari uchun o‘sha paytlar suratga olinayotgan filmlar ijodiy maktab rolini o‘ynaydi. Ularning yonlarida katta san’atkorlar bo‘lmadi. Mehribon ustozlar ham. Kino yaratilishi jarayonining o‘zi katta bir dorilfunun xizmatini o‘tadi. Nabi G‘aniyev Butunittifoq san’at boshqarmasi boshlig‘i Kerjantsevga yo‘llagan xatida bu haqda ochiq yozadi. Maktub 1937 yili Moskvaga yuborilganini eslasak, Nabi akaning jasoratiga qoyil qolamiz. “…O‘zbek kinosi 1925 yildan boshlab rivoj eta boshladi. Bu yangi san’atni o‘zlashtirish davri og‘ir o‘tdi. Boshqa jumhuriyatlardan taklif etilgan rejissyorlar avvalo pul ketidan quvdilar. Ular milliy kadrlarni tarbiyalash borasida hech qanday ish olib bormadilar. Bundan tashqari O‘zbekistonga 1935 yilgacha tashrif buyurgan rejissyorlarni bugungi kunda kinematografchilar ro‘yxatidan topa olmaysiz. Sababi – ularning dunyoqarashi, sovet kinematografiyasiga bo‘lgan munosabati to‘g‘ri kelmasligida. Shu bois faoliyatimning ilk pallasida men kinoning faqat texnikasini o‘zlashtirishga erishdim…”, – deb yozgan edi N.G‘aniyev Butunittifoq san’at Boshqarmasi boshlig‘i Kerjantsevga yo‘llagan xatida.

Darhaqiqat, “Paxtaorol” da ham, “Baxt quyoshi”da (1926) ham chuqur badiiy tahlil emas, didaktika, primitiv syujet, yuzaki obrazlar ko‘zga tashlanadi. “Paxtaorol”ning yaratilishida N.G‘aniyev rejissyor assistenti sifatida ishtirok etgani ham ma’lum. Shu bilan birga “Baxt quyoshi”ni bir shaxs (N.Shcherbakov) muallif, rejissyor va operator sifatida yaratgani ham ma’lumki, bu hol o‘zbek san’atkorining kelgindilar “ijodi” haqidagi mulohazalari muayyan asarlarga, ularning yaratilishi tarixiga asoslanganini tasdiqlaydi.

Xuddi shu davrda studiyada rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan Nabi G‘aniyev badiiy kino va xronika, kinopublitsistika o‘rtasidagi tafovutni yodda saqlagan ko‘rinadi. Agar “Paxtaorol”da ko‘pdan-ko‘p hujjatli kadrlar uchragan bo‘lsa (jumladan, unga bayramning nishonlanishini ko‘rsatuvchi lavhalar ham kiritilgan edi), keyingi badiiy filmlar aktyorlar ishtirokida, kinoning mustaqil sohasi talablariga binoan suratga olinishi uchun sharoit yaratildi.

Nabi G‘aniyev umrining oxirigacha bu masala bilan shug‘ullandi. O‘zi ham stsenariy yozdi (“Hokimiyat kimniki?”, “Lotintashtirish”, “Ramazon”, “Farg‘ona qizi”, – M.Melkumov bilan birga), yozuvchilarni kinoga tortdi (Abdulla Qodiriy bilan “O‘tkan kunlar” ustida ishlamoqchi bo‘ldi, Ziyo Said bilan “Qosimovchilar” stsenariysi ustida ishladi, Komil Yashin bilan “Nomus va muhabbat” stsenariysini tugallaganini gazetalar xabar qildi, Sobir Abdulla bilan “Tohir va Zuhra” afsonasi ustida ishladi, “Alpomish”ni ekranga ko‘chirish yo‘llarini izladi. Shuningdek, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, S.Ahmad bilan yaqin aloqada bo‘ldi). Lekin hamisha har kim o‘z kasbini mukammal egallashi zarurligini, har kim qo‘lidan keladigan ish bilan mashg‘ul bo‘lishi zarurligini, xususan, stsenariyni adiblar, kinodramaturglar yozishi kerakligini turli minbarlardan aytib keldi. Bu masala hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Zero, stsenariy tanqisligi, yozuvchilar emas, rejissyorlar ham qo‘lga qalam olishlari hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. “Rejissyor dramaturg emas. U stsenariy yoza olishi shart emas. Men stsenariy yozilishida ishtirok etishimning birdan-bir sababi shundaki, kinostudiyaga yordam bergim keldi. Kinodramaturglarning yo‘qligi binobarin, stsenariy tanqisligi kino ishlab chiqarish yo‘lidagi eng katta to‘siqdir…” – deb yozdi Moskvaga yo‘llagan bir xatida.

Nabi G‘aniyevning bunday murakkab masalalarni teran tushunib yetishi, kinoning falsafiy, g‘oyaviy, hayotiy asosi adabiyot bo‘lishiga ishonishida uning bilimi, zehni, uzoqni ko‘ra bilishi hal qiluvchi omil bo‘ldi, albatta. Shu bilan birga, G‘aniyev voyaga yetganida o‘lkamizda ajoyib adabiy muhit vujudga kelgan edi, buyuk adiblarning o‘lmas asarlari jamoatchilikka yetib borayotgan, “shov-shuv”larga sabab bo‘layotgan payt edi. Abdulla Qodiriyning romanlari, Cho‘lponning she’riyati va nasriy asarlari, Fitratning o‘ylari, G‘ulom Zafariy, G‘ozi Yunus, Usmon Nosir, Botu… Shunday zotlar chaqmoq kabi “yalt” etib yongan damlar edi. Ular tezda o‘sha chaqmoq kabi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Zamon sig‘dira olmadi ularni. Lekin charaqlab olamni bir zum bo‘lsa-da, yoritgan o‘sha chaqmoq har kimga yorug‘lik ato etdi, xotirada qoldi.

Nabi aka shunday zotlar bilan hamfikrgina emas, yaqin do‘st ham edi. Mahsuma aya umr yo‘ldoshlari bilan bir necha bor Abdulla Qodiriyning Samarqand darvozadagi bog‘lariga borganlarini eslaydilar. Adib hibsga olinganida esa uni ozod etish haqida ko‘p o‘ylaganlari, do‘stlari bilan maslahat qilganlarini ularning farzandlari Do‘nan G‘aniyev xotirlaydilar.

Shu boisdan ham G‘aniyev adabiyot tajribasini kinoga olib kelishga oshiqdi, obrazlar mukammal yozilishini, milliy xarakterning avvalo adabiy ifodasi kuchli bo‘lishini, voqealar va ular bir-biriga ulanib yaxlit bir kompozitsiyani tashkil etishini ko‘zda tutdi. Bu intilishida u yolg‘iz emasdi. To‘g‘ri, kinochilar orasida u 30 yillarga kelibgina maslakdoshlarini topdi (S.Xo‘jayev, E.Hamrayev, A.Ismatov kabilarni nazarda tutmoqdamiz). 20-yillarda esa uni ilg‘or ziyolilar qo‘llab-quvvatlaganini matbuot sahifalarida e’lon qilingan maqolalar ko‘rsatib turibdi.

1925 yil 12 oktyabr sonida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi “Kino suyuvchi” imzosi bilan e’lon qilgan materialda G‘aniyevni tashvishga solgan masalalar yuzasidan bildirilgan fikrni ko‘rib chiqaylik. “Kino butun millatning o‘z maishatiga muvofiq bo‘lishi, o‘z tili, o‘z musiqasi, o‘z urf-odati bilan bilim beradurg‘on bo‘lishi lozim… O‘zbekiston kino shirkatining vazifasi o‘zbeklar turmushi, yerlik xalq san’ati bilan ish qilish bo‘lg‘onlikdan, ilgarigi Buxoro-rus kino shirkati tomonidan vujudga keltirilgan xatolar takrorlanmasligi uchun bir necha so‘z aytib ketishini lozim topaman… “O‘lim minorasi” – bu kartinka yerli xalq kartinasi emas (mavzu jihatdan emas, albatta – muallif izohi). Yerli xalq o‘z san’atim, o‘z musiqam, o‘z turmushim, o‘z hayotim deb qaray olmaydi. Chunki bunda hayotning ingichka sirlari, ingichka qillar bilan oshno bo‘lmag‘on, uni tushunmag‘on, uni xalqqa bera olmaydig‘on, yerlik shartlarga, yerlik hayotga nisbatan juda to‘pori kishilardir. Kartinkani o‘ynovchilar orasida yerli xalqdan va hattoki uning maishiy sirlariga tushuna oladirg‘on, tushungan birgina kishi ham yo‘qdir… Nafis, chiroylik, qora sochlik, qora ko‘zlik, qora qoshlik, chakkasi suyri kelgan o‘zbek qizi o‘rniga, dumaloq yuzlik, zangori ko‘zlik, sariq sochlik, puchuq burunlik (kurnosiy – muallif tarjimasi) bir (morja – muallif qavusga olgan) tipi ko‘rsatilsa, o‘zbekning muloyim yigiti o‘rniga tag‘in shunday xunuk, amerika kartinkalarining geroylariga (qahramonlariga – muallif qavusga olgan) o‘xshash tiplar o‘ynaydi. Unda yerlik kishi maishatining esa ingichka sirlari, harakatlar xira, qo‘pol, dag‘al va bir kulgili harakat qilinib, hattoki yerlik shuni ko‘rgan paytda, bunday harakat bizda yo‘q-ku deyarli, qilib ko‘rsatilsa, albatta, buni yerlik xalq o‘z hayotim, o‘z kinom deb qaray olmaydi”.

Maqola tagiga kamtarona “Kino suyuvchi” deb imzo chekilgan bo‘lsa-da, unda kino hamda kinoning milliy ko‘rinishlari haqida fikr yuritilganini ta’kidlab o‘tmoq joiz. “O‘lim minorasi”ga A.Qodiriy ham shunday baho beradi (1927). U kinoya bilan yozgan edi: “…bultur o‘ynalib, bir necha oylab kino chodirlarini obod qilgan “Ajal minorasi”, “Musulmon xotin” kabi filmlar o‘z navbatlarida to‘qib tashlangan “afsona”lari bilan bizni kuldirgan, “turmushimizdagi shunday gaplarni biz bilmas ekanmiz-da!” – deb o‘zaro mutoiba qilishgan edik”.

Matbuotda, yig‘ilishlarda, muhokamalarda shunday ko‘pdan-ko‘p muammolar yuzasidan fikr yuritilar, yo‘l-yo‘riqlar ham ko‘rsatilardi. Ko‘pchilik kinoning o‘sha 20-yillardagi ahvoli ham, istiqboli ham aktyorga, uning mahoratiga, o‘zbek millatiga tegishligiga bog‘liq ekanligini aytgan. Shu mavzudagi ma’ruzalar, mushohadalar, maqolalar jamoatchilik fikrini aktyorga, uning imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalariga qaratdi.

N.G‘aniyev murakkab bir muhitda o‘zining ijodiy, ijtimoiy faoliyatini boshladi. Uning atrofida uzoq yurtlardan kelgan kino xodimlari bo‘ldi. Lekin o‘zbek san’atkori dunyoqarashining shakllanishida, badiiy bisotining boyishida xalq teatri va og‘zaki adabiyoti an’analari, Abdulla Qodiriy romanlari, publitsistikasi, G‘ozi Yunus, Munavvar Qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy an’analari muhim omil bo‘ldi. Nabi G‘aniyev biror yerda bu allomalarning ismlarini keltirmaydi, ularning asarlariga qilgan ishoralarini ham hozirgacha uchratmadik. Shu bilan birga uning har bir asarining qurilishi, g‘oyaviy yo‘nalishi, badiiy uslubi ismlari zikr etilgan iste’dod, zakovat sohiblarining qahramonlarini, chuqur fikrlarini eslatadi. Biz bu o‘rinda “Ramazon”dagi dehqonning soddaligini, “Yigit”dagi ishq o‘tining ta’riflanishini, ekrandagi Nasriddinning donishmandligini, “Farg‘ona qizi”ning bilimga intilishini… nazarda tutmoqdamiz.

Abdulla Qodiriyning poetikasi, fikr-mulohazalarining o‘zbekonaligi, voqealar tavsifida milliy ruhni saqlab qolishi, muayyan madaniyatga, xalqqa, davrga xos bo‘lgan xarakter yaratishi N.G‘aniyev ijodiga ta’sir etgani va unda muhim o‘rin tutganiga ishonamiz. Baxtga qarshi G‘aniyev hayotligida Abdulla Qodiriy to‘g‘risidagi haqiqiy fikrlarini yuzaga chiqara olmadi, “O‘tkan kunlar”ni qay tarzda ekranga ko‘chirmoqchi bo‘lganini aytish imkoniga ega bo‘lmadi…

Shunday. Lekin Qodiriyning ham, G‘aniyevning ham asarlari barhayot. Ulardagi g‘oya, obraz, voqealar tavsifini bir-biriga qiyos qilib, ikki ijodkor faoliyatidagi ko‘proq mushtarak nuqtalar-u, ozroq tafovut haqida fikr yuritish mumkin. “O‘tkan kunlar” romanini o‘qigan, uni qadrlagan va to‘la-to‘kis o‘zlashtirgan san’atkorgina keyinchalik “Tohir va Zuhra” kabi milliy kino durdonasini yaratishi mumkin edi. Zuhrani Kumushga, Tohirni Otabekka, Yulduzni Zaynabga, Qorabotirni Homidga, Botirni Qutidorga, Sardorni Yusufbekhojiga qiyos qilib ko‘ring! Ular xarakter va talqin yo‘llari jihatidan bir-birlariga yaqin. Ra’noning (“Mehrobdan chayon”) sho‘xligi, gapga chechanligi, jur’ati, go‘zalligi, nazokatini Dilbar (“Farg‘ona qizi”) da sezmaysizmi?! Qodiriyning hajviy asarlarini o‘qiganingizda G‘aniyevning qahramonlarini (Nasriddinni, Polvon otani, “Ramazon”dagi domlalarni) eslamaysizmi? So‘nggi savolimiz: “O‘tkan kunlar”dagi katta-katta boblar, manzaralarning tasvirlanishi (Xo‘ja Ma’oz mozori chakalagi, tungi ko‘rinishi ta’rifini eslang) kinoni, bevosita Nabi aka yaratgan filmlarni eslatmaydimi?!

“O‘tkan kunlar”ni N.G‘aniyev suratga olmoqchi bo‘lganini tasdiqlovchi birorta hujjatga ega emasmiz. Lekin bu ikki san’atkorning uslubi yaqinligi va biz yuqorida aytib o‘tgan boshqa sabablardan tashqari quyidagi dalillarni ham keltirib o‘tishni o‘rinli deb bildik: Komil Yormatov o‘sha kezlari Tojikistonda “Muhojir” filmi ustida ishlamoqda edi. Sulaymon Xo‘jayev bilan esa Abdulla Qodiriy din masalalarida kelisha olmagani ma’lum. Lekin ular bir ulfatchilikda bo‘lganlar… Aktyor Yo‘ldosh A’zamov hali rejissurada kuchini sinab ko‘rmagan edi. Binobarin, bu hisobdan ham “O‘tkan kunlar”ga xaridor bo‘la oladigan birdan-bir o‘zbek kino rejissyori Nabi G‘anizoda ekan… Lekin tez orada Qodiriy ham, G‘aniyev ham hibsga olindilar, Kumushbibi va uning dardida yurgan Otabekning ekrandagi umrini ko‘rish ularning ikkisiga ham nasib etmadi. Oradan 35-36 yil o‘tgach, roman stsenariyga aylandi (muallif S.Muhamedov), so‘ngra u film shakliga kirdi.

Shunday qilib, Qodiriyning kinoga qiziqishi kuchli, binobarin, kino ahliga yaqin bo‘lgan. O‘zbek filmlariga befarq qaramagan. Bu o‘rinda adib G‘aniyev bilan fikrdosh, maslakdosh bo‘lganini alohida qayd qilib o‘tardik. Zero, ana shunday bevosita va bilvosita ta’sir G‘aniyev rejissurasi shakllanishida muhim omil bo‘lgan.

…1927 yili “O‘zbek davlat kinosi” besh badiiy film ishlab chiqardi: “Ikkinchi xotin”, “Machit gumbazlari ostida”, “Soyabonli arava”, “Chodra” va nihoyat, “Ravot qashqirlari”. Ularning ayrimlari (ayniqsa “Ikkinchi xotin”, “Soyabonli arava”) mavzu va uning badiiy talqini jihatidan Qodiriy e’tiborini tortgan asardan qolishmaydi. Lekin, aynan “Ravot qashqirlari” to‘g‘risidagi matbuotda ketma-ket tanqidiy maqolalar chiqishi milliy madaniyatimiz jonkuyarining diqqatini tortgan ko‘rinadi.

“Tohir va Zuhra”ning bunyodkori kino shirkati ostonasini hatlab o‘tib, bir-ikki yil malakasini oshirmoqchi bo‘lib, texnik, iqtisodiy, tashkiliy, nihoyat, ijodiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan chog‘larda ahvol shunday edi. Turkiston mintaqasida O‘zbekiston va boshqa qaram respublikalar paydo bo‘lib, bo‘lajak ko‘pmillatli sovet kinematografiyasining kichik-kichik guruhlarini tashkil etishi lozim bo‘lgan damda “O‘zbek davlat kinosi” (1925), “Tojikkino” (1932), “Turkmenkino” (1929), keyinroq Olmaota va Frunze (Bishkek) studiyalari ta’sis etildi-yu, kadrlar masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Nabi G‘aniyev maxsus kinematografik bilim yurtida tahsil ko‘rmagan bo‘lsa-da, kino shirkatida birinchi kundanoq faollik ko‘rsata boshladi. Bunda uning tasviriy san’at asoslarini o‘zlashtirgani, rassomlik iste’dodi hamda san’at sifatida shakllanib kelayotgan texnik ixtiro – kinoga bo‘lgan qiziqishi, mehri hal qiluvchi omil bo‘ldi. U o‘zi qayd qilganidek, o‘sha yillari kinoning estetik imkoniyatlarini emas, texnikasini o‘rgandi. “Ikkinchi xotin” dagi Umar (1927), “Soyabon arava”dagi Boymat (1928), “Moxov qiz”dagi epizodik rol (1928) G‘aniyev – aktyor ana shu texnikani, avvalo ijrochilik texnikasini mukammal o‘zlashtirib olganini ko‘rsatdi. Oshni qo‘lda emas, qoshiqda yemoq afzal, radioni tinglamoq, gazetani o‘qimoq, muzeylarga borib turmoq kerak – shu kabi oddiy tushunchalarni Nabi G‘aniyevning qahramoni (“Ikkinchi xotin”) ko‘rsatishi talab etildi. Oddiy plakatlarni, qo‘llanmalarni eslatuvchi bu kadrlarni suratga olish damlari havaskor ijrochi uchun maktab xizmatini o‘tadi. Boyning dangasa o‘g‘li Boymat kelinchakdan ajrab qolganida o‘zini qayerga qo‘yishini bilmay yelib-yugurishi, yoridan qolgan namatni qo‘ltig‘iga olib behush bo‘lishi, ko‘zlari olayib ketishi – bularni yigirma ikki yoshli Nabi G‘aniyev maromiga yetkazib ko‘rsatdi (“Soyabonli arava”). “Moxov qiz” deb atalgan tasmaning so‘nggi kadrlarida esa yosh ijrochi chopqir ot mingan, beqasam to‘nli, sallali boyvachchaning ko‘chada qolgan ayolga bo‘lgan munosabatini, berahmligini tasvirlashi talab etildi. Bu o‘ziga xos etyudni ham G‘aniyev a’lo darajada bajardi. Keyinchalik u kinoning tasviriy-ovozli vositalarini, texnikasini mukammal bilish bilan birga aktyorning imkoniyatlaridan keng foydalanish yo‘llarini izladi. Asad Ismatov, Ergash Hamroyev, Razzoq Hamroyev, Yulduz Rizayeva, Rahim Pirmuhamedov, Soat Tolipov, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov san’ati ila mehr-muhabbat va adovat, olijanoblik va xudbinlik haqida hikoya qilishga erishdi.

1925-1926 yillarda N.G‘aniyev ijodkor bo‘lib yetishishi, milliy madaniyatning yorqin vakili sifatida kamol topishida yetuk o‘zbek ziyolilari alohida o‘rin tutdi. Zero, o‘sha yillar A.Qodiriy va uning maslakdoshlarining g‘oyalari elimizga keng tarqalayotgan damlar edi. Kino barchaning diqqat markazida edi. Oddiy tomoshabin ham, ijod sirlaridan voqif bo‘lgan ziyolilar ham tayyor filmlarni ko‘rish bilan cheklanmasdan, kino muammolari, kadr tayyorlashning og‘ir masalalari, milliy asar yaratishning murakkab jarayoni haqida fikr yuritar, keng jamoatchilik diqqatini shakllana boshlagan kinematografik san’atga qaratishga oshiqar edilar. Kino shirkatining texnikasi ojiz, hujralari tor, xodimlari havaskor darajasida bo‘lsa-da, “Ravot qashqirlari”, “Soyabonli arava” kabi asarlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi va dastlabki o‘zbek kinofilmlari yaratilishida milliy kadrlarning xizmati qanchalik katta ekanligini ko‘rsatdi. Bu o‘rinda avvalo Nabi G‘aniyev milliy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida faollik ko‘rsatganini alohida qayd qilamiz. Щu bilan birga Sulaymon Xo‘jayev aktyor va maslahatchi sifatida ijod eta boshlagani G‘aniyevga madad bo‘ldi. Afsuski, uning umri ham, ijodi ham nihoyatda qisqa bo‘ldi. Komil Yormatov esa 1928 yili suratga olingan “Machit gumbazlari ostida” asarida Umar obrazini yaratganidan so‘ng Moskvada o‘qidi, Kiyevda (“Makkadan kelgan mehmon”, 1930 yil, epizodik rol), Tojikistonda (“Muhojir” 1934 yil, “Do‘stlar yana uchrashadi”, 1939 yil) ijod etdi. 1939-1940 yillarda O‘zbekistonga qaytib, Alisher Navoiyga bag‘ishlangan filmni yaratishga taraddud ko‘ra boshladi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 9-son