(O‘zbekiston xalq artisti Obid Jalilov tavalludiga 120 yil to‘ldi)
Kamina buyuk aktyor Obid Jalilovning suhbatlarida bevosita qatnashmagan bo‘lsam-da, fe’lu tabiati, aktyorlik mahorati haqida to‘lqinlanib, hayajon bilan so‘zlangan nutqlarni ko‘p eshitganman. Xalqimizning ardoqli shoiri, ajoyib inson Turob To‘la: “Uning tomoshaga qiziqishi to‘y-marosimlarni ko‘rishidan boshlangan. Bo‘lg‘usi aktyor to‘kin dasturxonga emas, sozandayu xonandalar ijrosida atrof-javonibni kezib yurgan dilbar ohanglarga mahliyo bo‘lardi”, – deganlarida, bu san’atkor o‘tgan asrning 40–50-yillarida Vaziri A’zam (“Tohir va Zuhra” filmi), Majididdin (“Alisher Navoiy” filmi), Solihboy (“Boy ila xizmatchi” spektakli) kabi rollarni o‘ynab, salbiy personajlarning mohir ijrochisi sifatida tanilganini esladim. Taniqli kinoaktyor O‘lmas Alixo‘jayev (Yaratgan rahmatiga olsin!) ustozi sha’niga iliq so‘zlarni aytib, shunday xotirlagan edi: “Obid akani rang-barang rollardagina emas, mashq daqiqalarida, kundalik hayotda ham ko‘rib, saboq olganman. Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri – H.A.)da ishlab yurgan kezlarim aktyor bilan bog‘liq bir qancha ibratli voqealarga guvoh bo‘lganman. Bir kuni Obid aka teatrga ma’yus kayfiyatda kirib keldilar. Barcha bilan odatdagidek so‘rashdilar, so‘ng xonalariga kirib, pardoz qildilar, keyin esa sahnaga chiqib, navbatdagi qoyilmaqom ijroni namoyish etdilar. Spektakl tamom bo‘lgach, libosu grimdan xolilanib, uyga qaytmoqqa chog‘langan vaqti eshik oldida turgan katta guruhga bir nazar tashladilar. Tuyqus aktyorning holati o‘zgardi, beixtiyor quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini berkitmoqchi bo‘lib, past ovozda: “Ertaga, tongda huvillab qolgan xonadonimizga tashrif buyurarsizlar. Farzand dog‘idaman…” – dedilaru, teatrning uzun hovlisiga chiqib ketdilar. Ulug‘ san’atkorning alamu iztirobi bizga ham yuqdi, ammo… qoyil qoldim! Qizidan judo bo‘lgan aktyor ijro davomida buni tomoshabinlarga mutlaqo sezdirmadi. San’atkorning shaxsiy kechinmalari obraz talqiniga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, sahnaviy muhitni susaytiruvchi kayfiyat, ruhiy iztiroblarni parda ortida qoldirish kerakligini o‘sha damda tushundim”. O‘lmasning shu xotiralarini moskvalik olim, professor S.S.Ginzburgga hayrat ila aytib berganimda, u: “Bunday qilish kerakmikan? Inson, avvalo, yaqinlariga hamdard bo‘lishi, mavjud holatini berkitmasligi kerak”, – deya mulohazasini odob bilan bildirdi. Ehtimol, Ginzburg mulohazalarida jon bordir. Biroq shunisi aniqki, garchi ota sifatida bu yo‘qotish Obid Jalilov qalbini larzaga solgan bo‘lsa-da, u buyuk aktyorlarga xos jasorat va matonatni namoyon qilgandi.Men esa shu kabi tafsilotlarni eshitganimda, artistning “Shohi so‘zana” spektaklidagi Mavlon, “Gullar ochilganda” filmidagi bog‘bon, “Sen yetim emassan” filmidagi Mahkam ota kabi lirik, lirik-psixologik rollarini esladim. Aktyor faqat fojia bilan intiho topuvchi sahna va ekran asarlarida emas, turli janr va uslubdagi spektaklu filmlarda mukammal ijro texnikasini namoyon etishi, goho g‘azabnok, goho lirik kayfiyatga kirib, turfa obrazlar yaratishiga amin bo‘ldim. Holbuki, bunga erishish uchun aktyor har safar personaj holatiga qayta kirishi talab etiladi.
Yana bir voqea. Obid akaning xonadoni o‘sha vaqtlar Navoiy ko‘chasida joylashgan “Vatan” kinoteatrining orqasida deb eshitardim. Biz maktabning 9–10-sinf o‘quvchilari ba’zan darsdan keyin (ayrim hollarda darsdan “quyon” bo‘lib) kinoga kirardik. Shunda o‘sha Hadra maydonida Obid Jalilov salobat bilan ketayotganlarini ko‘p ko‘rganman. Yo‘lovchilar qatori aktyorni kuzatib borardim. Hozir shularni yozayotgan pallam o‘sha manzarani aniq-tiniq ko‘rgandek bo‘lyapman. Uzun kamzul, do‘ppi kiygan artist tevarak-atrofdagilarni xuddi sezmagandek yo‘lida davom etar, kimdir qo‘lini bigiz qilib: “Anavi Navoiyning dushmani. Vazir rolini o‘ynagan. Rosa o‘xshatgan-da!” – desa, yana biri: “Tohirni ko‘rolmay, dor ostiga olib kelgan ham shu bo‘ladi!” – deb yoqasini ushlardi. Bu manzara markazidagi artistning kiyimidan tortib xatti-harakatigacha e’tiborimni tortar, bir maromda qadam tashlashi, o‘tgan-ketganning luqmasini nazar-pisand qilmasligi qiziqishimni oshirardi.
O‘sha kezlari yozuvchi Rahmat Fayziy muruvvatli hamshaharlarimiz Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akromovaning urush yillari ko‘rsatgan jasoratini madh etib, stsenariy yoza boshlaganidan xabardor edim. Adib bilan Ko‘kcha dahasidagi xonadoni, televideniye studiyasi, “Xalqlar do‘stligi” nomini olgan maydon (hozirgi “Istiqlol” san’at saroyi – H.A.)da uchrashib, suhbat qurganimda, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lgandim. “Men Lutfixonim Sarimsoqova va Obid Jalilovdan bag‘oyat minnatdorman. Uzoq yillar Shomahmudovlarga qo‘shni bo‘lib yashadim. Bahri ayani ham, Shoahmad akani ham ko‘p o‘rganib, ming karra rahmatlar aytib, ofarin sizlarga deb yurardim. Stsenariy ustida ish boshlagan kezlarim Mahkam ota (filmda bosh qahramonlarning ismi o‘zgartirilgan edi – H.A.) qiyofasini Obid Jalilov ijrosi, libosi, eng muhimi – holatida ko‘ra boshladim. Uning yonida girdikapalak bo‘lib yurgan Fotima ayani Lutfixonim Sarimsoqova ijrosida tasavvur qildim. Oylar o‘tib, suratga olish kunlari yaqinlashganida, ochiq havoda qurilgan dekoratsiya, Botanika bog‘ida film uchun barpo etilgan “xonadon”da Obid aka Shoahmad otaning o‘zginasi bo‘lganini, Lutfixonim aya Bahri ayadek mehrli, samimiy ekanini ko‘rib, behad quvondim. Urushdan jabr ko‘rgan yetimlarga boshpana berib, ardoqlagan, qalb qo‘ri bilan voyaga yetkazgan oddiy o‘zbek oilasi filmda qanchalik ishonarli talqin qilingan bo‘lsa, bu faqat aktyorlarning yuksak mahoratidan dalolat edi”.
Endi bevosita filmdagi Mahkam ota obraziga kelsak, aktyor Obid Jalilov ijrosi bu gal ham yuksak saviyada ekanini his qilamiz. Mehrli nigohi, bir shingil shirin so‘zi, o‘zga yurt farzandlariga muhabbati, umr yo‘ldoshi Fotima ayaga samimiy munosabati, isyon ko‘targan Vanyani unsiz yupatishi, g‘azabnok chehrada asta ota mehri aks etishi va ayni holatning yirik planda ko‘rsatilishi tomoshabin ko‘nglini beixtiyor yumshatadi. O‘z xatosidan uyalgan Vanya yarashish ilinjida ota huzuriga keladi. Mahkam ota bolani olisdan ko‘rib, mehri tovlanadi, bir yarim kun muloqotda bo‘lmagan o‘g‘liga sog‘inch ila nazar tashlaydi. Bu nigohda samimiy mehr, qayg‘u hasrat, sog‘inch va hijron tuyg‘ulari birdek mujassam. Bunday murakkab holatni oniy fursatda, turli kadrlarda ko‘rsata olish ko‘p aktyorlarning qo‘lidan kelavermaydi. Ota peshonasida marvariddek ter donalari paydo bo‘ladi. Kadrlar kuni bilan ustaxonadan chiqmay, og‘ir bolg‘a bilan mehnat qilayotgan otaning charchog‘i, tashnaligidan xabar beradi, go‘yo. O‘g‘li bilan diydorlashgan Mahkam ota hujraning narigi chekkasida turgan chelakka ishora qilib: “Suv bergin, o‘g‘lim”, – deydi. Vanya chopqillab katta temir cho‘michda suv olib keladi. Simirib suv ichayotgan ota ko‘zlarini o‘g‘lidan uzmaydi, chanqog‘i qongach, bor harorati bilan farzandini bag‘riga bosadi. Bunday manzarani unutib bo‘larmidi?!
Aktyor filmda nigohlar hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidlar ekan, shunday deydi: “Qarang, Mahkam ota rafiqasi Fotimaga qanday nazar tashlayapti, asrab olgan, biroq yuragining bir parchasiga aylangan bolalariga-chi? Bir zumda o‘tib ketayotgan kadrlarda turli xalq farzandlarini yuvib-tarab, mehr berayotgan umr yo‘ldoshiga minnatdorchiligi, achinishu ardog‘ini birdek ifodalash kerak edi. So‘z bilan emas, o‘zgacha nigoh, yurak qo‘ri bilan”.
Endi teatr dunyosiga nazar tashlaymiz. 1961 yil atoqli shoir va dramaturg Maqsud Shayxzodaning shekspirona ehtiros bilan yozilgan “Mirzo Ulug‘bek” tarixiy fojiasi hozirgi Milliy teatrda sahnaga qo‘yiladi. Rejissyor Aleksandr Ginzburg pesadagi eng xarakterli va ziddiyatli personajlardan biri – Piri Zindoniyni Obid Jalilovga ishonib topshiradi. Yarim asrlik zindon azobini ko‘rib, yorug‘ olamdan uzilib qolgan Piri Zindoniy Mirzo Ulug‘bek (Shukur Burhonov) bilan muloqotida mag‘rur ohangda so‘zlaydi, maslagi, e’tiqodidan qaytmaydi. Shayxzoda fojiasida obrazning teran dunyosi, fikrlar evolyutsiyasini yaratish uchun barcha tasviru izohlar yaqqol ko‘rinib turardi. Buyuk Sohibqironga bo‘ysunmagan irodali, dovyurak bu shaxs zakovatli olim – Ulug‘bek qatl etilgach, shu vaqtgacha yosh to‘kmaganini ta’kidlar ekan: “Endi hech kimsadan uyalmay men yig‘layman, yurak qoni bilan yig‘layman, yetim qolgan el dardiga kuyib yig‘layman”, – deya dardu iztirobini to‘kib solganida, tomoshaga kelganlar hayajondan qalqib ketardi. Mirzo Ulug‘bekdek “olam ko‘rmagan sulton” fojiasidan mutaassir shaxsning so‘ngsiz faryodi, yurak evrilishlari buyuk olim jallodlariga nafrat uyg‘otardi.
Spektaklda qirq yil mamlakatni adolat bilan boshqarib, yulduzlar jadvalini tuzgan, samovatning sirli toqiga qadam qo‘yib, tarix sahnida abadiy nom qoldirgan – Mirzo Ulug‘bek siymosini Piri Zindoniy nigohi bilan idrok etish mumkin.
Obid Jalilov faoliyatining favqulodda ahamiyati shundaki, u o‘tmish, o‘z davri (o‘tgan asrning 30–60-yillari) va bugungi kun uchun birdek estetik-ma’rifiy qimmatga ega. Hozir aktyorlardan sahna va ekran asarlari, turfa seriallaru tok-shoularda qizg‘in, uzluksiz ishtirok talab qilinayotganida, ijro hamda uni ta’minlovchi hodisalar haqida o‘ylab qolasan.
Adolat yuzasidan shuni aytish kerakki, Obid Jalilov ijrosidagi barcha rollar adabiy jihatdan mukammal yaratilgan, deb bo‘lmaydi. Hatto Abdulla Qahhordek ustoz adib qalamiga mansub “Shohi so‘zana” pesasi va shu asosda yozilgan stsenariyda bosh qahramon – Mavlon obrazining bir yoqlama ekani aktyor ijrosiga ta’sir ko‘rsatgandi.
Obid akaning o‘gitlarini eshitmaganman. Ammo uning ishtirokidagi filmlarni qayta-qayta ko‘rganimda, umrbod san’atni sevib, kino sirlarini bevosita suratga olish maydonlari, ovoz yozish, montaj studiyalarida anglab, o‘zlashtirib, mashhur kinoaktyor darajasiga yetganini anglayman va g‘oyibona bo‘lsa-da, buyuk san’atkor bilan suhbatlashgandek bo‘laman. “Mana bu yirik planda qahramonim ko‘p gapirishiga hojat yo‘q. Ziyrak ob’ektiv ilg‘ab oladi. Holatga kirib, to‘lqinlanib tursang bas. Kayfiyatni nigohing bilan ko‘rsatishing mumkin”, – deb “Tohir va Zuhra”dagi Vaziri A’zam obrazini ta’riflaydi aktyor. Milliy kinematografiyamizning mumtoz namunalaridan biri – “Alisher Navoiy” filmidagi Majididdin xarakteri xususida so‘z ketganida, “Qahramonim holati partnyorim – Asad Ismatov (Husayn Boyqaro)ga ham bog‘liq. Qarang: meni tinglaydi-yu, ko‘zimga boqmaydi. Teskari qarab eshitadi. Hozircha eshitadi-yu, indamaydi. Menga – Majididdinga ta’sir etayapti bu holat. Ichi to‘la g‘azab, adovat. Baqirib, keskin jismoniy harakat qilib emas, alamli so‘zlarni sokin, ichki ehtiros bilan aytish, shu damda jumlalar nishonga tegishiga e’tibor berish lozim. Bunday holatni – ikki shaxs munosabati, muhitni kamera, mikrafon ilg‘ab oladi, tasmaga muhrlaydi”, – deya o‘z ko‘rimlarini bayon etadi. Bu o‘gitlar mashhur kadrlarning suratga olinish jarayonini tasavvurimizda jonlantiradi.
Shu taxlit Obid aka bilan pinhona suhbatim davom etadi. Bu musohabada aktyor katta tajribasi, shoh asarlar poetikasidan kelib chiqib o‘gitlarini izhor qiladi. Kino sirlari, tabiatini ozmi-ko‘pmi o‘rganib, tadqiq qilib yurgan mutaxassis sifatida bu quyma fikrlarni bajonidil tinglayman. Zero, aktyor mulohazalari ma’ruza shaklida emas, muayyan kinolavhalar, sahna ko‘rinishlari, psixologik portretlar, kadr va uning ortida yangrovchi so‘z, ta’sirchan monologda aks etadi.
Bu aktyorning teatr va kinodagi faoliyatini sinchiklab o‘rganayotgan tadqiqotchi ikki san’at o‘rtasidagi tafovut va mushtarak jihatlarni aniq-tiniq his qiladi. Aytaylik, uning sahna va ekrandagi Majididdini ijro texnikasi jihatidan butunlay bir-biridan farqlanadi. Garchi obraz yuki bir xil bo‘lsa-da, ijrolarning birinchisi teatr estetikasi, shart-sharoitlari hisobga olinib, ikkinchisi kino poetikasi, tabiati nazarda tutilib yaratilganiga iqror bo‘ladi.
Obid Jalilov bolalar uchun suratga olingan filmlarda ham ajoyib obrazlar yaratdi. Rejissyor Komil Yormatovning “Paxtaoy” badiiy filmidagi Garmsel roli bu yo‘ldagi samarali izlanishlardan biri bo‘ldi. Mazkur zamonaviy ertak-film ancha murakkab kompozitsiyaga asoslangan bo‘lib, aktyordan katta mahorat talab qilardi. Obid Jalilov ijrosidagi Garmsel goh devdek bahaybat, goh chumolidek beozor bo‘lib ko‘rinadi, goh qahqaha urib, atrofni larzaga solsa, goh muloyim so‘z aytib, barchaga zavq ulashadi.
Ustoz san’atkor Obid Jalilov ikki san’at tegrasida xizmat qildi, ijrochilik texnikasi ham shunga muvofiq shakllandi, chinakam kamolga yetdi. Sahna san’ati an’analarini o‘zlashtirib, rol ustida chuqur izlanishlar olib borgan aktyor mahoratu tajribasini ekran asarlariga tatbiq etdi. Umumiy va o‘rta plandagi kadrlarda uzun monologdan ixcham dialoglar, yirik portretlarga o‘tish, kamerani texnik vosita emas, sherik aktyor (partnyor) deb bilish, suratga olish jarayonini muayyan tadrijsiz tasavvur qilish kabi holatlar ba’zi aktyorlar ijodiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Repetitsiyalar chog‘i matn, rol ustida muttasil ishlashga odatlangan Obid aka bu kabi kino “to‘g‘onoqlari”ni sabot bilan yengib o‘tdi. O‘z navbatida san’atkorning ekran asarlarida orttirgan tajribasi teatr sahnalarida ham asqotdi.
Shu kunlarda tavalludiga 120 yil to‘lgan ulkan san’atkor, o‘zbek teatr va kino san’atining yorqin siymolaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Obid Jalilov yodi xotiramizda doim yashaydi. Aktyor yaratgan maktab, turfa obrazlar shodasi uzoq yillar ruhiyatimizni toblab, ma’naviy tozarish va yuksalishga xizmat qilishi shubhasiz.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son