Qatag‘on qurboni Husaynxon Niyoziy fizika va kimyo sohasida birinchi darsliklar yozib qoldirgan millatimizning fidoyi, adabiyotshunos, shoir va ma’rifatparvar olimlaridan biri bo‘lgan.
O‘tgan asrning 30-yillarida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat ko‘rsatgan fizik olim Husaynxon Niyoziyning qalamiga mansub “Radiaktiv moddalar va ularning ahamiyati” nomli qo‘lyozma kitobi bilan tanishdik. Undagi “1934-1936 yillar” degan Yozuv asarning bitilganiga chorak kam bir asr bo‘lganini bildiradi.
Bu kitobning hayotimizda qanday o‘rni bor, uning muallifi kim bo‘lgan degan tabiiy savol tug‘iladi.
O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasining 11-tomi, 399-sahifasi bilan tanishib, Husaynxon Niyoziy atoqli olim, birinchi o‘zbek kimyogar va fizik olimi, qatag‘on qurboni ekanini bilib olamiz. H.Niyoziy 1895 yilda Andijonda ziyoli oilada dunyoga keladi. U 1902-1912 yillar davomida egizak akasi Hasanxon, ukasi Salimxon bilan otasi Matmusoxon Niyoziy (Xast eshon domla)ning madrasasida (keyinchalik “Mehnat guli” arteli) ta’lim oladi, o‘zbek, arab, fors tillarini mukammal egallaydi. Keyin to‘rt yil davomida rus-tuzem maktabiga qatnab, zamonaviy kimyo va fizika fanlarini, ayni paytda rus va nemis tillarini o‘zlashtiradi.
Yoshligidan tabiiy fanlarga qiziqqan qobiliyatli Husaynxon hamisha ilmga intilib yashaydi. Moskva va Orenburg shaharlariga ilmiy sayohatlarga borib keladi. Qozon, Sankt-Peterburg, Boku, Istambul singari shaharlarda chop etilgan davriy gazetalar, fizika va kimyoga oid kitoblarni olib o‘qiydi. Nemis va rus olimlari tomonidan nashr etilgan jurnallarni topib, mutolaa qiladi. U 1915 yildan e’tiboran Andijondagi 4-o‘rta maktabda fizika va kimyo fanlaridan dars beradi. 1916 yilda Toshkentda Tabiatshunoslik muzeyi hovlisida kichik motorli samolyot — planer yasaydi va uni Shayxontohur maydonidan osmonga uchiradi. Bu ish uchun yosh aviakonstruktorni rag‘batlantirish o‘rniga “aholining tinchligini buzgani uchun” degan aybnoma bilan qamoqqa olishadi. Husaynxon Niyoziy Rusiya podshosi Nikolay 2 ga “bor gunohi motorli planer yasagani ekanini” isbotlab, rus tilida yozgan arizasiga binoan, 3 oydan so‘ng hibsdan ozod qilinadi. Olim 1924 yilda Toshkentga oilasi bilan ko‘chib keladi. Turli kurslarda, texnikumlarda, o‘qituvchilar institutida kimyo va fizika fanlaridan ta’lim beradi. 1932 yili SAGU — bugungi O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo fakultetida ish boshlaydi. Husaynxon Niyoziy fanimiz tarixida birinchi bo‘lib “Hikmat va kimyo darsligi” (1922 y.), “Kimyo darsligi” (1926 y.), “Fizikadan boshlang‘ich musohabalar” (1927 y.), “Kimyo” (1929 y.), “Ruscha-o‘zbekcha fizika terminlari” (1931 y.), “Tuproq va o‘g‘it” (1933 y.), “Fizika lug‘ati” (1933 y.) singari asarlarini nashr ettirgan. Hozir bu kitoblarning nusxalari O‘zbekiston Kitob palatasida va “Qatag‘on qurbonlari” muzeyida saqlanmoqda. Taxminan 1936 yilda Husaynxon Niyoziyga bajargan ishlari uchun eksperimental fizika sohasida professor unvoni berilgan.
Mustamlaka yurtda o‘z haq-huquqini tanigan olimlar paydo bo‘lishi sho‘rolar hukumatiga aslo yoqmas edi, albatta. Boshqa ilm sohiblari qatori Husaynxon Niyoziy 1937 yilda soxta ayb bilan yana qamaladi va Andijon viloyat sudining hukmi bilan oliy jazoga — otishga hukm qilinadi. Garchi o‘lim jazosi 1942 yilda 10 yil qamoqqa almashtirilgan, oradan yana 14 yil o‘tganidan so‘ng olim to‘liq oqlangan bo‘lsa-da, uning keyingi taqdiri noma’lum.
Hoshimjon Razzoqov, Sayfiddin Jalilov, Nohid Niyozov, Rasul Rahmon, Zuhriddin Nuriddinov, Naim Karimov, Rustam Shamsiddinov singari Yozuvchi va olimlar Husaynxon Niyoziyning yuksak ilmiy salohiyati, asarlarining ahamiyati, Vatanimiz mustaqilligiga qo‘shgan ibratli hissasi, fojia bilan yakun topgan hayoti haqida o‘z kitoblari va maqolalarida bayon qilganlar.
Professor Naim Karimov “Adolat mustaqillikning tamal toshi” nomli maqolasida (“Huquq va burch” jurnali, 2007 yil 8-9 soni) shunday deb yozadi: “Har qanday bosqinchilik, tazyiq va ta’qiblarga qaramay, xalqimiz o‘zining ilmiy va ijodiy salohiyatini hatto XIX-XX asrlarda — mustamlakachilik davrida ham boy bermay, Ibrat, So‘fizoda, Behbudiy, Munavvar qori, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Tavallo singari ijodkorlar, Saidnosir Mirjalilov, Obidjon Mahmudov singari jamoat arboblari timsolida ma’rifat orqali mustaqillikka erishish uchun ba’zan oshkora, ba’zan pinhona kurash olib boradi.
Millat va xalq uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz orasida aka-uka Hasanxon va Husaynxon Niyoziylar ham bo‘lgan. Mashhur fizik va kimyogar, pedagog, ixtirochi va shoir Husaynxon Niyoziy 1922 yilda fizika va kimyo fanlari bo‘yicha o‘zbek tilidagi ilk darsliklarni yaratgan. Ana shu shaxs bolsheviklarning Turkistonda olib borayotgan g‘ayri milliy siyosatini ko‘rib, “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan, hatto shu tashkilotning Andijondagi bo‘limiga rahbarlik qilgan. U shu lavozimdagi faoliyati uchun 1923 yilda qamoqqa olinadi. Ammo amalda bolsheviklar hokimiyatiga qarshi biror jiddiy ish qilmagani uchun oradan 3 oy o‘tgach, ozod qilinadi. Ammo 1937 yilda Husaynxon Niyoziy o‘sha 1923 yildagi aybi bilan baribir o‘lim jazosiga hukm qilinadi. …Uning akasi, ma’rifat targ‘ibotchisi, geografiya o‘qituvchisi, shoir, sozanda va maqom san’ati bilimdoni, O‘zbekiston mustaqilligi yo‘lida tuzilgan “Milliy istiqlol” tashkilotining, jadidchilar harakatining rahbarlaridan biri Hasanxon Niyoziy esa 1938 yil 14 dekabrda otib tashlangan. Hasanxon va Husaynxon Niyoziylar bilan birga o‘sha paytda ko‘zga ko‘ringan barcha Andijon ziyolilari otib tashlangan yoki qamoqda chiritilgan”.
Aka-uka Niyoziylarning ilmiy-amaliy faoliyatiga bag‘ishlangan materiallar (“Hikmat va kimyo darsligi” kitobi, ko‘zoynagi, yon soati, ampermetr, qumsoat va suvoriyning chinni haykalchasi) poytaxtimizdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidan joy olgan. O‘zbekiston Milliy universiteti 2001 yil 21 aprelda “Shahidlar xotirasi” jamg‘armasi hamda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda Husaynxon Niyoziyning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazgan va bu haqda matbuotda keng axborot tarqatgan edi.
Husaynxon Niyoziyni ko‘p mualliflar “xalq professori” deb ataydilar. Mazkur maqola mualliflaridan biri universitetda professor Husaynxon Niyoziyning qo‘lida 2-3 yil davomida tahsil ko‘rgan tirik guvohdir. Sobiq SSSR Bosh prokuraturasi maxsus bo‘limi “H.Niyozovga bajargan ishlari uchun professor unvoni berilgani to‘g‘risidagi hujjatni ishga qo‘shib qo‘yish”ni talab qiladi.
Husaynxon Niyoziy o‘z davrida yuqorida aytganimizdek, mashhur o‘zbek kimyogar va fizik olimi edi. Al Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari fan daholarining ilmiy merosi sinchiklab o‘rganilayotgan shu shukuhli zamonamizda yaqin o‘tmishda shahid bo‘lgan H.Niyoziyning faoliyatiga qaytib ish ko‘rmoq savobli ishlar sirasiga kiradi.
H.Niyoziyning eski lotin imlosida yozilib, hali tugallanmagan “Radiaktiv moddalar va ularning ahamiyati” deb nomlangan asarini professor Nohidxon Niyoziyning ilmiy rahbarligida domlaning nabirasi va evarasi ona-bola Sudobaxon va Temurmalik Narziqulovlar mustaqil kitob shaklida nashrga tayyorlab, Milliy universitet Ilmiy kengashiga topshirdi. Shunisi ahamiyatliki, olim birinchi bo‘lib o‘zbek ilmiy adabiyotiga radiaktiv moddalar, radioyelementlar, radiaktiv nurlar, fotoyelement, atom, shuningdek, uran, radiy, vanadiy, toriy, mezotoriy, radiotoriy, emanatsiy singari unsurlar haqida ilk tushunchalarni kiritadi, ularning amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot beradi. Mendeleev davriy sistemasini tahlil qiladi, radiaktiv moddalarning nima ekanini, boshqa moddalardan qaysi sifatlari bilan farqlanishini tushuntirib beradi.
Mamlakatimizda fan va texnika, tarix va adabiyot, ma’rifat va madaniyatga e’tibor kuchaygan shu kunlarda ziyoli bobokalonlarimiz qalamiga mansub va hali keng o‘quvchilar davrasiga noma’lum bo‘lgan “Radiaktiv moddalar va ularning ahamiyati” kabi kitoblar topilayotgani, ular keng o‘quvchilar ommasiga yetkazilayotgani faqatgina istiqlolimiz sharofatidan ekanini hamisha esda tutmog‘imiz darkor. Mustaqillik sharofati tufayli ko‘plab mana shunday ezgu ishlar amalga oshirilayotgani barchamizni xursand qiladi.
Shomaqsud Isoqov, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Muhiddin Polvon
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).