Azizaxon Zaynitdinova. Ibn Sino falsafasi

Yurtboshimiz istiqlolning dastlabki yillaridayoq ma’naviyatni yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilishning, milliy va axloqiy qadriyatlar hamda an’analarning, muqaddas dinimizning o‘rni va ahamiyati katta ekanini takror-takror eslatib o‘tgan. Shu bois ko‘plab Sharq allomalarining yuzlab nodir va noyob asarlari o‘zbek, ingliz, frantsuz, nemis, yapon va bosh­qa xorijiy tillarda nashr etildi. YuNESKO homiyligida Sharq madaniyati, san’ati va tarixiga bag‘ishlangan disk­lar chiqarildi.

O‘z asarlari bilan Movarounnahr diyorini dunyoga tanitgan qomusiy olim Abu Ali ibn Husayn ibn Abdulloh ibn Sino (980-1037) Sharq xalqlari orasida “Sharaful-mulk“ va “Shayx ur-rais“ kabi martabali unvonga sazovor bo‘lgan buyuk shaxs hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bizgacha allomaning 242 ta asari yetib kelgan. Ulardan 80 tasi falsafa, ilohiyot sohasi va tasavvuf ta’limoti, 40 tasi tibbiyot, 19 tasi mantiq, 26 tasi psixologiya (ruhshunoslik), 23 tasi tabiatshunoslik, 7 tasi astronomiya, 1 tasi matematika, 2 tasi alximiya, 9 tasi axloq-odob, 4 tasi adabiyot va 8 tasi esa olimlar bilan ilm-fanning turli muammolariga taalluqli yozishmalardir.

Alloma yaratgan asarlar jahon xalqlarining mulkiga aylandi. Uning “Tib qonunlari”, o‘n sakkiz jilddan iborat “Kitob ash-shifo”, “Kitob an-najot”, “Ruh haqida kitob”, “Ishorat va Tanbihat”, “Kurozai tabiat”, “(Tabiat durdonasi)”, “Risolai tadbiri Manzin” (“Oilaviy baxt-saodatga erishish tadbiri haqida risola”) va qator boshqa asarlari asrlar davomida turli soha mutaxassislarining diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelayotgani ham fikrimizning dalilidir.

Ilm bilan xulq-atvor, sa’y-harakatlarning o‘zaro birligi insoniy donishmandlik, komil inson darajasiga eltadi.

Olimning “Tadbiri manzil” risolasida inson tabiati azaldan axloqli yoki axloqsiz bo‘lmaydi, degan g‘oya mavjud. Kishidagi xususiyatlar ijtimoiy hayotda sekin-asta shaxsiy va o‘zgalar tajribasi, ajdodlar an’analari, urf-odatlar, rasm-rusumlar, ta’lim-tarbiya, o‘zgalarning ma’naviy-axloqiy ta’sirida o‘zida ijobiy axloqiy fazilatlar, xislatlarni shakllantiradi yoki o‘zida mavjud salbiy mayllar sababli xudbin kayfiyatlarga beriladi.

“Tadbiri manzil” risolasi bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Ommaviy axborot vositalari Sharq allomalarining takrorlanmas nodir asarlaridan namunalarni, ta’lim-tarbiya bobidagi yaxshi xulq, ma’naviy barkamollik sirlari kabi mavzularni muntazam yoritib bersalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Qomusiy olimimiz o‘zining “Qush hikoyati”da “Ey haqiqiy birodarlar! Odamlarning botiri kelajakdagi mushkulotdan qo‘rqmaydi. Kamolga yetishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir”, — deb yozadi. (Falsafiy qissalar 1980. 72-bet). Shuningdek, alloma inson axloqiy kamolotining cheksiz imkoniyatlariga komil ishonch bilan qaraydi. Lekin uning ro‘yobga chiqishi inson va jamiyatning real imkoniyatlariga bog‘liqdir, deydi. Kimki o‘z kamchiliklarini isloh qilishni, komil inson (inson ul-komil) darajasiga yetishni dildan istasa, o‘z xarakteriga xos salbiy sifatlarni yaxshi bilib olishi zarur, degan fikr­ni bildiradi.

Ibn Sinoning durdona asarlarida insoniy axloqiy qiyofaning shakllanishida ko‘p ma’no, hikmatlar, didaktik hi­koyalar, dono maslahatlar, o‘gitlaridagi saxovatpeshalik, olijanoblik, vatanparvarlik hissi haqidagi maslahatlar bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas.

Yana bir fikrni aytishni lozim, deb hisoblaymiz. Abu Ali ibn Sino ijtimoiy-falsafiy jihatdan birinchilardan bo‘lib ayollarning bola tarbiyasidagi o‘rniga e’tibor bergan. U oilada er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat-izzat, bamaslahat ish tutish, samimiy oilaviy munosabatlar ta’lim-tarbiya samaradorligining asosiy negizidir, degan xulosaga keladi.

Shu bilan birga, alloma o‘n yetti xislat-fazilatlar sohibasi bo‘lgan ayolni ideal murabbiy deb hisoblaydi. Ularga ayolning oqila va iymon-e’tiqodli, sharm-hayoli, or-nomusli, ziyrak va farosatli, yoqimtoy, erga mehru muhabbatli, itoatkorligi, dilining pokligi, erining orqasidan g‘iybat qilmasligi, pokizaligi, vazminligi, jiddiy va ulug‘vorligi, og‘ir damlarda turmush o‘rtog‘iga dardkash bo‘la olishi, mehribonligi, sabr-qanoatliligi kabi fazilatlarni kiritadi.

Abu Ali ibn Sino dunyoqarashidagi ba’zi ijtimoiy axloqiy muammolarning tahlilidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin: qomusiy olim o‘zi yashab, ijod etgan tarixiy davr sha­roitida Arastu ijtimoiy-falsafiy an’analarini arab mutafakkiri Ishoq al-Kindiy va Abu Nasr Farobiydan keyin sobitqadam davom ettirgan tadqiqotchidir.

Ibn Sinoning ijtimoiy-axloqiy qarashlarida Abu Nasr Farobiyning ma’naviy ta’siri sezilib tursa-da, muayyan tarixiy-siyosiy sharoitlarga o‘z fikrini bildirdi, deyish mumkin. Mutafakkir olim sharoitdan kelib chiqib, axloq-odob sohasining jihatlariga e’tiborini jalb qildi. Masalan, o‘z asarlarida oldindan shakllangan ilm va axloq-odob uyg‘unligi masalasini yetakchi mavzuga aylantirdi.

Qadimgi mutafakkirlar, Aflotun va Arastu o‘sib kelayotgan avlod ta’lim-tarbiyasini davlat zimmasiga yuklagan bo‘lsa, Ibn Sino bu vazifa birinchi galda oilaga taalluqli ekanini asoslab berishga urinadi. U jahon pedagogikasi tarixida birinchilardan bo‘lib farzand tarbiyasida oqila ayol kishining salohiyatini ko‘tarish zarur ekaniga alohida e’tibor qaratgan edi.

Azizaxon Zaynitdinova,

sharqshunos olima

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).