Rossiyalik adiblar orasida to‘rtinchi bo‘lib xalqaro Nobel mukofotini olish nasib etgan yozuvchi Aleksandr Isayevich Soljenitsin edi. Ellik ikki yoshli adibga 1970 yili bu nufuzli mukofotni berishganida uning ism-sharifi to‘g‘risida “Rossiya-Amerika fuqarosi”, deb yozilgandi. Nobel ma’ruzasida yozuvchi shunday so‘zlarni aytishdan hayiqmadi:
“Bu minbarga, hamma yozuvchilar chiqishi nasib qilavermaydigan, nasib qilganda ham faqat bir marta imkon beriladigan minbarga men uch-to‘rtta tirkab qo‘yilgan zinapoyadan chiqib kelganim yo‘q. Yuzlab, balki minglab, chala-yarim, o‘tkir qirrali, muz bosgan zinapoyalarni bosib, zulmat qa’ridan o‘lmay chiqib keldim. Boshqalar — ehtimol, mendan ortiq iqtidorli va kuchliroq bo‘lganlar halok bo‘lishdi. Ulardan ayrimlarinigina minglab orollarga sochilib ketgan GULAG arxipelagida uchratdim. Ta’qiblarning tegirmon toshlari va ishonchsizlik oqibatida hamma bilan ham ochilib gaplasholmadim, ayrimlar haqida faqat eshitganman, boshqa birlarini tasavvur qilganman, xolos. Adabiy nom qozonib, o‘sha jarliklarga qulaganlarning hech bo‘lmasa nomi qoladi, ammo tanilmagan, nomi ochiq-oshkora aytilmaganlar qancha?! Ulardan deyarli hech kim tirik qaytmadi. Butun boshli milliy adabiyot u yoqlarga nafaqat tobutsiz, hatto ichki kiyimsiz, yap-yalang‘och holda, oyoq barmog‘iga bog‘langan yorliq bilan ko‘mib tashlandi. Biroq rus adabiyoti bir soniya ham to‘xtab qolmadi, chetdan qaraganda esa u o‘lik tuyulardi. O‘rmon gurkirab o‘sishi mumkin bo‘lgan joyda hamma daraxtlar qirqildi-yu, bir-ikkitasi tasodifan chetda qolib ketdi”.
O‘sha qaltis pallada — sho‘rolar tuzumi afsonaviy yuhodek o‘kirib turgan bir paytda unga tosh otish oson emasdi. Soljenitsin esa butun olamni yamlamay yutaman, deb turgan shu tuzum olovini o‘chirish uchun o‘z so‘zini aytdi. Uning beqiyos jasorati ham shunda!
Aleksandr Soljenitsin 1918 yil 11 dekabrda so‘lim Kislovodsk shahrida dunyoga keldi. Otasi vafot etganda Aleksandr hali tug‘ilmagandi. Oila boshlig‘idan judo bo‘lgach, Soljenitsinning onasi ro‘zg‘or tebratish uchun mashinistkalik qildi. Ular Shimoliy Kavkazdan ko‘chib ketishganda Aleksandr olti yoshga to‘lgandi. Yetimlikning og‘ir kunlari uning hayotiga bo‘rondek yopirilib keldi. Rostov-Donga ko‘chishgach, adabiyotni jon-dilidan sevgan Aleksandr Rostov universitetiga fizika-matematika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirib, onasiga yordam berish uchun maktabda matematikadan dars bera boshladi. Biroq ikkinchi jahon urushi tugay deb qolganda Soljenitsinni hibsga olishdi va uzoq vaqt qamoqda saqlab, keyin Sibirga surgun qilishdi. Hibsxonadan hibsxonaga ko‘chaverib tinka-madori qurigan yozuvchi Stalin o‘lgachgina ozodlikka chiqdi. Surgunda unga Qozog‘iston panoh bo‘lgan bo‘lsa, qamoqdan chiqqach O‘zbekiston joniga oro kirdi. Toshkentdagi shifoxonada qamoqning zil-zambil yuki ezg‘ilagan adibni sog‘aytirib yuborishdi.
Soljenitsin sho‘rolar davlatini tark etguncha O‘zbekistonga uch marta kelgan. Har gal o‘zbeklarning issiq noniyu, shirin so‘zidan ortga ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib qaytgan.
“Gulag arxipelagi” asari Frantsiyada bosilib chiqqach, sho‘rolar Soljenitsinni Germaniyaga haydab yuborishdi. Lekin adib xorijga quvilgandan keyin ham siyosiy tuzum himoyachilari uni tinch qo‘ymadi. I.Solovevning “Pravda” gazetasining 1974 yil 14 yanvar sonida bosilgan “Cotqinlik yo‘li” maqolasida shunday satrlar bor: “Keyingi kunlarda burjua matbuoti A.Soljenitsinning “Gulag orollari” deb atalmish navbatdagi tuhmat asari g‘arbda e’lon qilinishi munosabati bilan sovetlarga qarshi shovqin-suronni avj oldirib yubordi. Ko‘p yillardan beri sovet xalqiga dushman bo‘lgan xorij nashriyotlari va barcha matbuot organlari, shu jumladan, oq muhojirlarning matbuot organlari bilan hamkorlik qilib kelayotgan murtadning nomi yana razil antikommunistik propaganda oqimi yuzida qalqib ko‘rinib qoldi”. Yuqoridagi maqola muallifi asar nomini noto‘g‘ri yozgani yetmagandek dunyo tan olgan, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchini “murtad” deb atagan. I.Solovev xuddi ashaddiy jinoyatchini qo‘lga tushirgan qozidek adibni bo‘hton va haqoratga ko‘mib tashlagan.
Soljenitsinning bunchalik kamsitilishiga sabab uning asarlarida zamon illatlari hech ikkilanmay nishonga olingandi. Soljenitsinning ustunligi ham uning mahoratida emas, dadilligida, o‘zi yashab turgan jamiyat illatlarini vaqtida ko‘rsata olganligida deyish mumkin.
Adibning 1960 yili yozilgan “O‘ng panja” hikoyasida (taniqli olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov o‘zbekchaga o‘girgan) Toshkent ham tilga olingan. Asarda shunday satrlar bor: “Bu qish Toshkentga o‘lar holatda yetdim. Nesini yashiray, bu yerga o‘lgani keldim. Meni esa yashagali qaytardilar. Bu bir oy, yana bir oy, undan keyin yana bir oy. Derazadan narida Toshkentning shaddod bahori o‘tdi, yozga qadam qo‘ydi, men oyoqlarim qaltirab tashqariga aylangani chiqa boshlaganimda hammayoqni ko‘k alanga qoplagan, kunlar isib qolgandi. O‘zimga-o‘zim tuzalyapman deb aytishga ham qo‘rqib, eng sarbaland orzularimda, hatto menga qo‘shib berilgan hayot muhlatlarini yillar bilan emas, oylar bilan o‘lchab, meditsina instituti binolari oralab o‘sgan bog‘lar o‘rtasidan o‘tgan asfalt va tosh yo‘laklardan astalab qadam tashlardim. Men tez-tez o‘tirmasam bo‘lmasdi, ba’zan rentgendan ko‘nglim aynib, boshimni quyi egib cho‘zilib yotaverdim”.
O‘zbeklar diyori hamisha hurfikrli kishilarga madadkor bo‘lgan, ne-ne ulug‘larni balo-qazolardan omon saqlab qolgan. Urush yillari yuzlab madaniyat arboblari, ijodkorlar Toshkentda panoh topgan.
“O‘ng panja” hikoyasida voqealar bosh qahramon tilidan hikoya qilinadi. Asarni bu tarzda yozishning “xavfli” tomonlari ham bor. Adib tafsilotlarni yozar ekan, bayonchilik tomon toyib ketishi hech gap emas. Bir qarashda Soljenitsin hikoyasida ham voqealar tasviridan ko‘ra bayonchilik ustundek. Ammo voqealar ta’sirchan talqin qilingani, asar so‘ngigacha konfliktda taranglik saqlab qolingani, eng muhimi, kitobxon diqqati bir me’yorda tutib turilgani hikoya badiiyligini ta’min etgan. Shifoxonada davolanayotgan bemor portreti shunchalik ta’sirliki, u bilan gaplashayotgandek bo‘lasiz: “Men o‘lguday aftodahol edim. Etim borib ustixonimga yopishgan, yuzimda barcha ko‘rguliklarim aks etardi: lagerning befayz muhiti chehramga chuqur ajinlar solgan, betimning terisi mumday qotib, misli xoki turobga aylangan, buning ustiga kasallik marazlari va dori-darmon og‘ularidan zaharlanaverib ikki yuzim ko‘kimtir tusga kirgan edi. Doim bo‘ysunishga va boshni ichkariga tortib yurishga odatlanilganidan yelkam bukilgan edi. Masxarabozlarnikiga o‘xshash yo‘l-yo‘l kurtkam qornimni bazo‘r yopib turar, xuddi shunday yo‘l-yo‘l shim esa hatto to‘pig‘imga yetmasdi, lagerning to‘mtoq kirza botinkasidan eskirib, qorayib ketgan paytavaning uchlari chiqib yotardi”.
Asarda shaxsga sig‘inish yillarida qirg‘inbarotlarda ishtirok etgan qotillardan biri Bobrov obrazi ham nihoyatda ta’sirli chiqqan. Taqdirni qarangki, qatag‘on jabrini tortgan bemor olis janubda — Toshkentdagi shifoxonada o‘zidan-da abgor sobiq jallodga madad bo‘ladi.
Fikrimizcha, “O‘ng panja” hikoyasi badiiyligi jihatidan “Gulag arxipelagi” asaridan ustun: sizni voqealar emas, qahramonlar xarakteridagi tovlanishlar rom etadi, turfa obrazlar holati tasviridan hayratga tushasiz.
* * *
Soljenitsin shaxsiy hayotda ham ziddiyatlardan qochib qutula olmadi. Rostov universitetining fizika-matematika fakulteti talabasi Aleksandr Isayevich Natalya degan qizga oshiqu beqaror bo‘lib qolgandi. Endigina o‘n sakkiz yoshga kirgan yigitchaning ishqiy sarguzashtlari boshlanib ketdi. Talaba Aleksandr bilan talaba Natalyaning o‘tli muhabbati oxir-oqibat ularning bir yostiqqa bosh qo‘yishiga olib keldi. Biroq…
Aleksandrning hayot yo‘llarida nimalardir unga xalal berardi. Hayotning ustma-ust kelib tushgan achchiq zarbalari uning yuragini qon qilib yubordi. Avvaliga jonini sug‘urgudek og‘rita boshlagan og‘ir dard yuzini za’faron qildi. So‘ngra esa… Birdaniga, qo‘qqisdan boshlanib qolgan urush olovlari uni o‘z domiga tortdi. Shu tariqa sevishganlarning muhabbat qasri darz keta boshladi. Ehtimol, u urush tugamasidanoq qamoqqa olinmaganida, balki hayoti unchalik ostin-ustun bo‘lib ketmagan bo‘larmidi?
Soljenitsin hayoti davomida ikkita qizni sevib qolgan: qizig‘i shundaki, ikkovining ham ismi Natalya. Yana shunisi hayratga soladiki, keyinchalik Aleksandr ham, Natalya ham boshqa-boshqa kishilarning sevgilisi bo‘lishgan!
Ehtimol, Soljenitsin bir oshnasiga Stalin yoqmasligi haqida maktub yozmaganida, umri umuman qamoq nimaligini bilmay o‘tib ketar edi, sim ortidagi dahshatli hayotni boshidan kechirmasdi, bu haqda “Gulag arxipelagi”ni yozmasdi ham, sotsializm ayni avj pallaga kirganida jasorat ko‘rsatib, unga ochiqdan-ochiq nafrat bilan sug‘orilgan asarini yozmagan bo‘lardi, demak, Nobel mukofotini ham olmagan bo‘lardi…
Soljenitsin 1994 yili vataniga qaytgach, uning shuhrati qayta tiklandi, lekin mo‘ysafid adibni obro‘-e’tibor, molu davlat qiziqtirmasdi. Aleksandr Isayevich umri oxirlab qolganda ham qalamini qo‘ldan qo‘ymadi. “Argumentы i faktы” gazetasida butun sahifani egallagan maqolalari e’lon qilindi. Ularda muallif kelajakda Rossiya qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikr yuritdi. 2007 yili Germaniyaning “Shpigel” jurnaliga bergan intervyusida ham vatani haqida to‘lib-to‘lib, o‘ksib-o‘ksib so‘zlaydi.
Ba’zan yuksak mahoratli adiblardan ko‘ra jasorati dunyoni larzaga solgan yozuvchilarning shuhrati baland bo‘lar ekan. Axir, xalqning yuragini zabt etish ham mislsiz mahorat emasmi? Rossiya Soljenitsin singari “o‘jar” ijodkorlarni ko‘p ko‘rdi. Ivan Bunin, Boris Pasternak, Mixail Sholoxov, Iosif Brodskiy ozodlik tarannum etilgan betakror asarlari bilan xalq qalbini zabt eta oldilar. Aleksandr Isayevich esa o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan qabihliklarni jasorat bilan yoritgani uchun jahon adabiyotining eng obro‘li mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Ulug‘ rus adabiyoti an’analaridan oziqlangan ma’naviy kuchi uchun” Nobel mukofotini olgan adib toshkentlik shifokorlar yordami bilan saraton dardidan forig‘ bo‘lgandi. Ammo 2008 yilning yozida yurak xuruji uning iztirob va tashvishga to‘la hayotiga nuqta qo‘ydi.
Erk va adolat uchun kurashgan ulug‘ adibning mardonavor hayoti, betakror ijodidan ibrat olsa arziydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 17-sonidan olindi.