Ulug‘ iste’dodlarning bari o‘ta aqlli, lekin o‘ta sodda bo‘ladi, degandi ijodkorlardan biri kulib. Bu so‘zlar yolg‘on emasligiga ishonging keladi. Buyuk adiblardan sanalgan Vasilil Shukshinning qizi Mariyaning otasi haqidagi xotiralarini o‘qib ko‘ring: “Dadam men bilan Olgadan jonini ham ayamasdi. Men kasalmandroq edim. Ular karovatimda soatlab o‘tirardi. Dadam uyda bo‘lganlarida oyimdan bolalarni o‘zlari uxlatgani yotqizishni so‘rardilar. Faqat dadamgina bizga kechalari ertak aytar, voqealarni yo‘l-yo‘lakay o‘zlari to‘qib ketaverardilar. U kishi eng yaxshi “enaga” edilar. Otam xonasida cheka boshlasa, men sigaretasini olib, yashirib qo‘yardim. Menga uning “Mashenka, sigareta ber”, deb orqamdan yurib yalinishi yoqardi. U butun e’tiborni qaratib, tobe bo‘lganligidan lazzatlanardim. Men u kishini sog‘inardim, yonimda bo‘lishlarini istardim, chunki dadam ko‘p vaqt safarda bo‘lardi”.
O‘zi bor-yo‘g‘i qirq besh yil umr ko‘rib, uning asosiy qismini oddiy odamlar orasida o‘tkazgan (Srostki qishlog‘ida 1929 yilda tug‘ilgan) odam qanchalik sodda, oddiy bo‘lganligiga bundan ortiq dalilning hojati bo‘lmasa kerak.
Taniqli yozuvchilar – O‘tkir Hoshimov va Xayriddin Sultonov tarjimasida nashr qilingan hikoyalar to‘plamini bir o‘qib ko‘ring. “Qishloqilar” hikoyasi bilan boshlanadigan bu majmua “Chol, qiz va oftob” deya nomlanadi. Asarni o‘qiy boshlashingiz bilanoq odam ham shunchalik sodda bo‘ladimi, deb hayratlanasiz, Malanya buvining ishonuvchanligi, Moskvaga kelishni taklif qilgan o‘g‘lining xatini o‘qib, qanchalik sarosimaga tushib qolganligi kulgingizni qistaydi, buviga na achinishni, na uning ustidan kulishni bilolmay hayron bo‘lasiz. Malanya buvining nevarasi Shurkaga maslahat solishi, Moskvaga – o‘g‘limnikiga borsammi-bormasammi, deya ikkilanishlari g‘irt qishloq ayoli xarakteri emasmi?
Rossiyalik olimlarning fikri quyidagicha: Yuriy Kazakov Buninga, Valentin Rasputin Dostoyevskiyga juda-juda o‘xshaydi. Vasiliy Shukshinni esa “zamonaviy Gorkiy” deya ta’riflashadi.
Bu mengzashlar nimaning hisobiga? Voqealarni tasvir etish uslubiga yoki asarlari badiiyligi darajasiga qarabmi? Menimcha, birinchi fikr haqiqatga yaqinroqqa o‘xshaydi.
Mana, ulug‘ adib o‘z ijodi haqida nimalar degan: “Hikoyada hamma narsa tushunarli, hatto undan ham ziyod bo‘lishini istayman”.
“Adabiyotda hamma vaqt qandaydir sport musobaqasiga o‘xshagan holat bor. Qani kim ixchamroq yozadi? Kim murakkabroq! Kim jur’atliroq! Holbuki, adabiyot – haqiqatdir. Kashfiyotdir. Unda kim dadil-u, kim murakkabu, kim epikroq – buning hech ahamiyati yo‘q. Haqiqat borki, adabiyot bor”.
Yozuvchi yaratgan asarlarida, beshta badiiy filmida bunga og‘ishmay amal qildi, rostgo‘ylikni, haqiqatni shior qilib oldi.
Vasiliy Shukshinda Olloh tomonidan berilgan buyuk iste’doddan tashqari hayotiy tajriba ham keragidan ortiq bo‘lgan. Murakkab, buning ustiga og‘irdan-og‘ir hayot yo‘lini qadamma-qadam bosib o‘tishga to‘g‘ri kelganligini eshitganmisiz?
Adibning shaxsiy hayotidan ayrimlar bexabar bo‘lganligidan asarlari bunchalar badiiyligi, qahramonlari o‘ta oddiyligi sabablarini ko‘p hollarda anglab yetmaydilar.
Avvalo, Shukshinning onasi Mariya Sergeevna haqida. Onasi xususida o‘zining so‘zlariga bir quloq soling: “Mening onam… ikki karra turmush qurdi… Ikki karra ham bevaligicha qoldi. Birinchi marta yigirma ikki yoshida, ikkinchi marta o‘ttiz bir yoshida tul xotinga aylandi. Farzandlari kamoli uchun juda ko‘p kuch-g‘ayrat, nafsilambrini aytganda butun hayotini bag‘ishladi. Endi u o‘g‘lim odam soniga kirib qoldi, shaharda kattakon amaldorga aylangan, deb o‘ylaydi. Mayli, o‘ylasa, o‘ylay qolsin. Hikoya yozishni men onamdan o‘rganganman”.
Otasi-chi? Otasi Makar Leontevich xalq dushmani deya qoralanib, qatl etilgan…
Vasiliy Shukshin Stalin vafotidan bir yil keyin, 1954 yili Srostkini – Oltoy o‘lkasidagi qishlog‘ini tark etdi. Moskvada o‘qidi. O‘shanda ham og‘aynilarini, birinchi navbatda jondan aziz onasini yo‘qlab turdi, unga ketma-ket xatlar yozdi.
Buyuk adib behudaga “Qishloqilar”, “Ona qalbi” hikoyalarini yaratmagan, ularga bosh qahramon qilib onani tanlamagan ko‘rinadi. Buning asosiy sabablaridan biri munisgina, mehribongina onasiga nisbatan mehri edi.
* * *
Shukshinning qizlari ham onasi kabi mehribon edilar. Uning uchta qizi bor edi.
Otasining orzulari bir dunyo bo‘lganligini qizi Mariya ham e’tirof etadi: “Onamning aytishlaricha, dadam serfarzand bo‘lishni, o‘g‘il ko‘rishni orzu qilgan ekan. O‘g‘il ko‘rsa ismini Makar yoki Stepan Razinning sharafiga Stepan deb atamoqchi ekan. Agar dadam erta o‘lmaganida edi, oyim bilan uch qizga qarab o‘tirmasdan yana farzand ko‘rishardi deb o‘ylayman. O‘z vaqtida dadam men bilan singlimga “Agar o‘g‘il ko‘rsalaring ismini Makar qo‘yinglar” deb tayinlagan edi. Singlim o‘g‘lining ismini otamning sharofatlariga Vasiliy deb qo‘ydi. Mening esa Makar degan o‘g‘lim bor. Bunday ism uchun dadamdan juda minnatdorman. Bu haqiqiy erkakcha ism”.
Ilgari Vasiliy Shukshin ko‘p ichadigan odam bo‘lgan. Chekishni ham boshqalardan ko‘ra xush ko‘rgan. Ammo qizlaridan biri, to‘g‘rirog‘i, Mariya sabab ichishni tashlab yuborganligiga nima deysiz?
Mariya Shukshina “Argumentы i faktы” gazetasiga bergan intervyusida bu voqeaga oydinlik kiritadi: “Iste’dodli shaxslarning yutuq va kamchiligi ko‘p bo‘lishi tabiiy. To‘g‘ri, otam ichkilikka o‘ch bo‘lgan. Ammo farzandlarning tug‘ilishi hammasini o‘zgartirib yubordi. Onamning aytishlaricha, bir necha oyligimda otam men bilan sayr qilgani chiqadi. Men yotgan aravachani ko‘chada qoldirib, qandaydir “do‘stlari” bilan pivoxonaga kiradi. Uyga yolg‘iz qaytadi. Onam eshikni ochishi bilan “Masha qani?” deb so‘raydi. Dadam peshonasiga urib buriladiyu, shamoldek uchadi. Onam o‘zini yo‘qotib qo‘ygani uchun chopolmasdan zinapoyada emaklab qoladi. Chunki biz sayrga chiqqanimizdan buyon ancha vaqt o‘tgan ekan-da. Xudoga shukurki, ular meni qo‘yib ketilgan joydan topishadi».
Bu fikrlar shundan dalolat beradiki, Vasiliy Shukshinda kamdan-kam kishilarda bo‘ladigan irodalilik, farzandga mehri kuchli bo‘lgan! O‘ta og‘ir azob-uqubatlarni, qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, mehnatda toblangan adib sabot-matonatli kishi edi! Ikki o‘quv yurtini tashlab ketib, o‘n sakkiz yil chilangarlik qilishning o‘zi bo‘lar ekanmi?
O‘n sakkiz yil oddiy ishchilik.
Buning ustiga kvartirasi bo‘lmaganligi sababli, ya’ni ko‘pincha har joyda safardaligi tufayli aksar hollarda yotoqxonalarda, mehmonxonalarda, shifoxonalarda ijod qilishga majbur bo‘lgan…
Boya ta’kidlaganimizdek, uning uch nafar qizi bor edi. Birinchi turmush o‘rtog‘i Viktoriya Safronovna unga qiz tug‘ib berdi. Ammo nima uchundir buni ikkinchi oilasidan sir tutishga ham urinib ko‘rdi. Hatto qizi Katya birinchi sinfga borganidan so‘nggina uni o‘zining familiyasiga o‘tkazib oldi. (Adibning o‘zi ana shu qizi mastlik tufayli tug‘ilganligini, uning xotini Viktoriya Safronovna esa Vasiliy Shukshin ko‘p ichishi tufayli undan voz kechganligini aytgan).
Adib 34 yoshida Viktoriya Safronovnaga uylangandi. Keyinchalik Lidiya Nikolayeevna bilan turmush qurdi. Undan ikki qiz ko‘rdi. Ularning ismi Mariya va Olga edi. Ular kinorejissyor va televideniye xodimi sifatida tanildilar.
Vasiliy Shukshin ijodini kinodan ayri holda o‘rganish ham, tadqiq etish ham mushkul. Chunki u butun hayoti davomida turli filmlarga rejissyorlik qildi. Hayron qolasan kishi. Bunga qanday qilib ulgurdi ekan? O‘ntaga yaqin stsenariy yozishning, salkam o‘ttizga yaqin rol ijro etishning o‘zi bo‘ladimi? Buning uchun qanchalik ko‘p vaqt, mashaqqatli mehnat zarur emasmi? Beshta film-ni o‘zi yaratishga, romanlar, qissalar, yuzlab hikoyalar yozishga qanday muvaffaq bo‘ldi ekan? “Qizil bodrezak” filmi shov-shuv bo‘lganligidan xabaringiz bor. (Uni ayrimlar “Alvon bodrezak”) ham deyishadi.
Badiiy filmdagi Igor obrazi shunchalik mukammal ediki… Shukshinning o‘zi hatto: “Igorga achinaman. Bu taqdir yuragimni nihoyatda achishtiradi. Sharoit boshqacha bo‘lganida u tamoman ajoyib inson bo‘lardi”, deydi o‘kinch bilan.
“Qizil bodrezak” filmi kutilmaganda yuzaga keldi. Adib bir kuni voyaga yetmaganlar qamoqxonasiga borib uchrashuv o‘tkazadi. Bu voqeadan, uchrashuvdagi fikrlardan nihoyat darajada ta’sirlanadi. Hatto uch kun o‘ziga kelolmay yuradi. Va nihoyat shu hodisa sabab film yaratish g‘oyasi tug‘iladi.
Vasiliy Shukshin zo‘r mahorat, katta hayajon va mehnat tufayli film stsenariysini yozib tugallaydi. Ammo… Unga qarshiliklar ko‘p bo‘ldi. Hatto suratga olish jarayonida ham nochor ahvolga tushib qoldi. Gorkiy nomidagi kinostudiya va tegishli idoralar hattoki uni plyonkadan qisib qo‘ydi. Bir balo qilib shalag‘i chiqib qolgan asbob-uskunalar bilan kinoni nihoyasiga yetkazadi. Lekin, Shukshinning baxtiga bir nechta filmlarga qo‘shib “Qizil bodrezak”ni ham KPSS Markaziy Komitetining birinchi sekretari Leonid Ilich Brejnevga ko‘rsatish uchun olib ketadilar.
Tavba, kino sohasidagi mansabdorlarga yoqmagan badiiy film birdaniga Brejnevni qiziqtirib qo‘yadi!
Davlat kino qo‘mitasidagi amaldorlar ko‘klarga ko‘tarib maqtagan filmlar bir yoqda qolib, Leonid Ilich aynan “Qizil bodrezak”ni yaxshi ko‘rib qolganligini aytmaysizmi? Hattoki uni tomosha qilib o‘tirib ko‘zlaridan shashqator yosh chiqib ketganligini o‘ziyam sezmay qoladi. Tabiiyki, davlat rahbariga juda ma’qul kelgan badiiy film boshqalarni ham befarq qoldirmaydi.
“Ko‘l bo‘yida”, “Xaloskorlik”, “Mishka, Seryoja va men”, “Jurnalist” singari filmlar yaratilishida uning xizmati beqiyos bo‘lganligini hali-hanuz ehtirom bilan eslaydilar. Butunittifoq davlat kinematografiya institutining rejissyorlik fakultetini bitirgan Vasiliy Shukshin rus kino solnomasiga ulkan ulush qo‘shganlardan biri sifatida tilga olinadi. Shu boisdan unga Lenin mukofoti, RSFSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvonlari berilgan bo‘lsa ajabmas.
Vasiliy Shukshinning o‘limi haqida so‘z ketganda qayg‘udan yurak larzaga keladi, beixtiyor ko‘zlaringizda yosh tomchilari paydo bo‘lganini sezmay qolasiz. Bu achinishmi yo ulkan adibga nisbatan mehrmi, buni darrov anglab yetolmaysiz.
Balki, yozuvchi o‘z o‘limini oldindan sezgandir, degan gumon-taxminlar ham yo‘q emas. Mana, qizi Mariyaning so‘zlari: “Otamiz vafot etganda men sakkiz yoshda edim. Eng chuqur va eng qayg‘uli xotira uning “Ular vatan uchun jang qildilar” filmiga suratga tushish uchun jo‘nab ketayotgandagi holati bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Men uni mashinagacha kuzatib bordim. Yarim yo‘lda to‘xtab, u meni o‘pib qo‘ydi. Mashinaga o‘tirgach, menga qayrilib qaradi. Uning ko‘zlari yoshli edi. Bu vidolashuv nigohi edi. Bu nigohni bir umr eslab qoldim. Otam film suratga olinayotganda vafot etgan”.
Nihoyatda qisqa umri davomida jahon kinosi va adabiyotiga ulkan badiiy asarlar bilan ulush qo‘shgan buyuk yozuvchi va kino namoyondasi ana shunday murakkab, mashaqqatli va shonli yo‘lni bosib o‘tgan edi.
“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 5 (234)-son.