ONAMNING DUOLARI
Eslasang, ko‘ngling yorishadigan xotiralar kishiga hamisha o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Bugun ko‘nglimning qat-qatidan joy olgan xotiralarim bilan o‘rtoqlashgim keldi. Bir ijodkor akamiz O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobi haqida “dunyoda onalarga qo‘yilgan eng buyuk haykal” deb ta’rif bergan edi. Yana biri esa “O‘tkir akaning asarlari nonga o‘xshaydi, hech ko‘nglingga “urmaydi” degandi. Bugun adibning ijodi haqida gapirmoqchi emasman. Bu haqda olimlarimiz ko‘p va xo‘p yozishgan, yozishmoqda. Men u kishidagi insoniy fazilatlarni yodga olmoqchi edim. Hayotimda u kishi bilan bog‘liq voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Rahbar sifatida ajoyib fazilatlaridan biri mayda-chuyda narsalarga umuman e’tibor bermasdi. Kattaroq muammo yuzaga kelganda, xodimlarni yuksak qoya kabi har qanday bo‘ronlardan himoya qilishga doim tayyor edi.
Uylanib farzandli bo‘lgunimcha har hafta dam olish kuni Chustga qatnardim. Katta qizim tug‘ilib olti oylik bo‘lganida ularni Toshkentga olib kelmoqchi bo‘ldim. Aksiga olib yaxshiroq ijara uy topolmadim. Buni sezgan O‘tkir aka ko‘nglimni ko‘tardi. Iloji bo‘lsa u kishiyam surishtirib ko‘rishini aytdi. Sal o‘tmay shanba kuni uylariga o‘tishimni tayinladi. “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga kirayotganimda ish tezroq bitsin debmi, meni “etim” deb tanishtirishgan edi. Shu boismi aka qarindosh-urug‘, mahallada biror marosim bo‘lsa, meni olib borib, mehmon qilardi. Xullas, aytgan vaqtlarida uyiga yetib bordim. Ma’lum bo‘lishicha, bir qo‘shnilarining uylari bo‘sh, o‘zlari “Algoritm” dahasidagi yangi uyda yashab turishgan ekan. O‘tkir aka, ayollari O‘lmasxon opa bilan birga o‘sha mavzega yo‘l oldik. Qidira-qidira o‘sha uyni topdik. Yaxshi insonlar ekan. Ustoz va opaning hurmati bois uyning kalitini qo‘limga tutqazishdi.
O‘sha kuniyoq onamga qo‘ng‘iroq qilib, boshpana topganimni aytdim. Onamning gap-so‘zlaridan esa bu ishim uncha yoqinqiramaganini sezdim. Men Chustga borib ishlashim, musofirlikda yosh bola bilan qiynalishimni xohlamayotgandi. Bir amallab keyingi hafta oxirigacha kelishga ko‘ndirdim. Tez orada navbatdagi shanbada kelishlaridan xabar topdim. Endi mening oilam ham to‘kis bo‘ladi.
Aytilgan kuni shohbekatga chiqib kutib oldim. Onam bir olam bo‘xcha qilib olibdi. Shunga qaramay onamda bu ishimga ro‘yxushlik sezilmasdi.
– Bolam, – dedi ohista ketib borarkan. – Katta shahar. Ijara uy. Agar kelinim bilan nabiram bu yerda qiynaladigan bo‘lishsa, bir daqiqayam qoldirmayman.
Men esa bu uyni O‘tkir aka ayollari bilan shuncha ovora bo‘lib topib berishgani, hali hammasi yaxshi bo‘lishini qayta-qayta aytdim. Bu orada ijara uyimga yetib kelib, xuddi o‘zimnikiday eshikni ochib ichkariga kirdik. Olib kelgan narsalarni joylab, shom kirishiga yaqinlashib qolganiga qaramay, bozorxaltani olib endi ko‘chaga chiqqanimda hovli tomondan kelayotgan O‘lmasxon opaga ko‘zim tushdi. Qo‘llarida bug‘i chiqib turgan katta lagan. Yonlarida o‘g‘illari Farrux kattagina karton qutini ko‘tarib olibdi.
– Yo‘l bo‘lsin, – dedi opa yo‘limni to‘sib.
– Uydagilar kelishuvdi. Shundoq bozorchaga chiqib kelay, degandim.
– Yo‘q, mehmonlarni yolg‘iz qoldirmang. Akangiz mehmonlar kelishini aytib, ovqatni ko‘proq qilishimni tayinlagandi. Qani, yuring shovla sovib qolmasin. Keyin bizni tanishtirib ham qo‘ying.
Birgalashib uyga kirdik. O‘lmasxon opa onam bilan quyuq ko‘rishdi. Ayolim bilan ham xuddi eski qadrdonlardek omonlashib, endigina olti oylik bo‘lgan qizimni ham erkalab qo‘ydi. So‘ng esa qistashimizga qaramay duo qiling, men boray adamiz kutib qoldi, deb o‘tirishga ko‘nmadi. Bu onam va ayolimning Toshkentga ilk kelishi edi. Taomdan so‘ng onam qutini ochishni buyurdi. Unda yog‘, alohida-alohida paketlarga solingan guruch, makaron, kartoshka, sabzi, piyoz, bir kilodan ko‘proq go‘sht bor ekan. Ko‘zlariga yosh qalqigancha qizchamni bag‘irlariga olib duoga qo‘l ochdi.
– Bolam, mayli, imonli odamlar davrasida ekansizlar. Bunday mehribon odamlarning qadriga yetsang savob bo‘ladi. Qayerda bo‘lsanglar ham yaxshi insonlar xizmatida bo‘linglar.
JON DO‘STIM
Jurnalda faoliyatim davomida oddiy musahhihdan mas’ul kotib darajasigacha yetdim. Bu orada bolalarim ham uch nafarga yetdi. Biz esa hamon ijara uyda yashardik. Oxiri O‘tkir akaga dardimni aytdim. Aka biroz o‘ylanib qoldi. Keyin esa bu masalani hal qilish kerak ekan, dedi ko‘nglimni ko‘tarib. So‘ng mung‘ayib qolganimni ko‘rib: “Shoir siz ko‘ngilni cho‘ktirmang, man bir surishtirib ko‘raman. Xudo xohlasa hal qilamiz”, – dedi ishonch bilan.
Menga esa shu gap kerak edi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday edi. Chunki endi mening muammom akaning muammosiga aylangandi.
Bir gal jurnal ishi bilan nashriyotga borib, ancha qolib ketdim. Tahririyatga chiqqanimda xodimlar O‘tkir aka yo‘qlaganini aytishdi. Darrov xonalariga kirdim. Kim bilandir telefonda gaplashayotgan ekan. Qo‘li bilan stulni ko‘rsatib o‘tiring ishorasini qildi. Suhbatdoshi kattaroq odam chog‘i.
– Jon do‘stim. Shu yigitga yordam qilaylik. O‘zi yaxshi ijodkor. Keyin savob ham bo‘ladi.
Shu gaplardan keyin go‘shakni qo‘yib menga yuzlandi.
– Adhambek aka bilan gaplashdim. U kishi imonli odam. Hozir ilgarigidek ishxonalarga uy ajratish yo‘q ekan. Ammo bir ilojini qilamiz, deb va’da berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘tkir aka mening masalam bo‘yicha o‘sha vaqtdagi Toshkent shahar hokimi Adhambek Fozilbekovga qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Xonada ishlab o‘tirgandim, yana rahbar chaqirayotganini aytishdi. Yana telefonda gaplashayotgan ekan.
– E, katta rahmat. Balo bo‘lsayam oladi. Jon do‘stim, boringizga shukr, – dedi aka go‘shakni qo‘yarkan.
– Aytdim-ku, Adhambek aka ajoyib inson. Kooperativ bo‘lsayam olaveradimi, dedi. Men oladi dedim. Xonangizda bo‘lib turing, telefon raqamingizni berib qo‘ydim. Ishxonadan ham imkon darajasida yordam qilamiz.
Bu voqea 1994 yilning o‘rtalarida bo‘lgan edi. Xonaga kirib ishonib-ishonmay turganimda telefon jiringladi. Shoshib go‘shakni ko‘tardim. Narigi tomondan ayol kishining yoqimli ovozi eshitildi:
– Sizni “Farois” firmasidan bezovta qilyapmiz. Beltepa, Ibn Sino mavzelari va Sirg‘ali tumanida tayyor uylarimiz bor. Hujjatlaringizni olib kelsangiz, ma’qul topgan joyingizdan uyni rasmiylashtiramiz.
O‘sha paytdagi mening ahvolimni uzoq yil bola-chaqasi bilan ijarama-ijara yurgan odam biladi. Tanish-bilishlar ko‘magi bilan birinchi badalni to‘lab uyli bo‘ldim. Qolganini esa keyinchalik ishxonam to‘lab berdi. Eng qizig‘i, shu ishning boshida turgan O‘tkir aka hazillashib bo‘lsa ham qilgan ishini biror marta yodga olmadi. Bunday yordamlardan nafaqat men, ko‘pchilik bahramand bo‘lishgan.
HAYoTDAGI NURLI KUNLAR
O‘tkir aka “Sharq yulduzi”da ishlagan paytlarini hayotidagi eng nurli kunlar deb aytgandi. Vaqti kelib Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikki chaqiriq qo‘mita raisi bo‘lib ishlagan chog‘larida ham jurnal ishlariga alohida e’tibor bilan qarardi. Yumushlari ko‘pligiga qaramay jurnalga kelgan har bir qo‘lyozmani sinchiklab ko‘rib chiqardi. Yana bir fazilati – do‘stlariga hamisha sodiq edi. Bir gal yonlariga borganimda kimdir qo‘ng‘iroq qilib, qandaydir mukofotga u kishini tavsiya etishmoqchiligini bildirdi. Aynan o‘sha mukofotga u kishi bilan tengdosh, hammaslak yana ikki kishi qo‘yilgandi. O‘tkir aka avval muloyimlik bilan, keyin esa qat’iy turib nomzodini qo‘ymaslikni iltimos qildi. So‘ng bu holdan ajablanganini ham yashirmadi.
– Odamlar ham qiziq, – dedi u kishi biroz jig‘ibiyron bo‘lib. – Har ikki nomzod ham bu mukofotga loyiq. Buning ustiga yaqin do‘stlarim bo‘lishsa. Men qanday qilib da’vogar bo‘lishim mumkin?
ChIN DO‘ST
Hayot qiziq ekan. Navbatdagi deputatlik vakolati tugagach O‘tkir aka bir muddat uyda bo‘lib qoldi. Men odatdagidek haftada bir-ikki o‘tib, yo qo‘ng‘iroqlashib turardim. Bir kuni taniqli jurnalist, akaning kursdosh do‘sti Alinazar Egamnazarov qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
– Yusufjon, – dedi u kishi salom-alikdan keyin. – Ertaga dam olish kuni. Vaqtingiz bo‘lsa, “Chilonzor” metrosida ko‘rishaylik. O‘tkirjonnikiga o‘tib hol-ahvol so‘rab qo‘ysak yaxshi bo‘lardi.
Dam olish kuni Alinazar aka bilan adibnikiga o‘tdik. Do‘stlar diydorlashuvi hamisha maroqli. Ikki kursdosh, ikki do‘stning gaplari tugay demasdi. Gurung asnosida O‘tkir akaning bir gapini eshitib qalqib tushgandek bo‘ldim.
– Alinazar, – dedi O‘tkir aka qo‘lidagi piyolaga ma’yus termilarkan, – uyda o‘tirib qolganimga uch oydan oshganda ostonamni hatlab kirib kelgan do‘stlarimdan birinchisi siz bo‘ldingiz. Manavi shoir baraka topsin, yo‘li tushganda tez-tez yo‘qlab turadi, – dedi men tomonga ishora qilib. Bu gapdan so‘ng Alinazar aka ham chuqur o‘yga to‘lib qoldi. Men hayratda edim. Kechagina shu odamning qo‘lidan portfelini olish yoki shlyapasini ilgichka ilib qo‘yish talash, ayrimlarga sharaf edi-ku. Odamlarga nima bo‘layapti?
O‘sha kuni oqsoqolnikida uzoq o‘tirdik. Ularning talabalik davridagi bo‘lib o‘tgan voqealarni tinglash nihoyatda maroqli edi. Publitsist sifatida Alinazar akaga havasim kelardi. Insoniylik fazilatlarini ko‘rib mehrim yanada tovlandi. Keyinchalik “Teatr” jurnalida bosh muharrir sifatida faoliyatlarini davom ettira boshlaganlarida ham O‘tkir aka bilan tez-tez xabarlashib turdik.
ARMON
O‘tkir aka yana jo‘shqin ijodiy faoliyatga qaytgan edi. Adashmasam Qo‘qon tarixi, Nodirabegim haqida tarixiy roman yozish harakatida edi. Afsuski, to‘satdan kelgan dard rejalarini amalga oshirishda qiyinchiliklar tug‘dirdi. Bu mavzuda boshqa gap bo‘lmadi.
Yozuvchining “Ajdarning tavbasi” nomli hajviy kitobi “O‘zbekiston” NMIUda endigina chop etilgan kunlar edi. Muallif uchun ajratilgan to‘rt dona kitobni olib akanikiga yo‘l oldim. Kitobi nashrdan chiqqan har qanday ijodkor quvonchini boshidan o‘tkazgan yaxshi biladi. Mamnuniyat bilan kitobni varaqlab chiqqach bittasiga onalari uchun dastxat yozib alohida javonga olib qo‘ydi. (U kishi har bir yangi kitoblari chiqqanda birinchisini onalari uchun dastxat yozib, alohida joyga olib qo‘yishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Albatta, bunda onasining ruhi shod bo‘lishidan umidvorlik bor.) Ikkinchi kitob suyunchi sifatida “Ming yillik ukam Yusufbekka” degan dastxat bilan menga nasib etdi. Bu orada O‘tkir aka uch-to‘rt bora O‘lmasoy opaga shoir ovqatlanmay ketmasin, deb qayta-qayta tayinladi. Dasturxon tuzash bilan ovora opa: “Voy-voy, shu bolangiz biror marta ovqatlanmay ketganmi, – dedilar hazil aralash va kitoblardan birini qo‘lga oldilar.
– Adasi, – dedi opa o‘pkalandek ohangda. – Siz ko‘pchilikka dastxat bitib, kitob sovg‘a qilgansiz. Lekin menga biror marta dastxat yozib kitob sovg‘a qilmagansiz.
Shu gaplarni aytib opa oshxonaga tomon yo‘naldi. Aka esa hayron bo‘lgancha bir nuqtaga tikilib qoldi. Keyin esa menga yuzlandi. – Bundoq o‘ylab qarasam, rostdan ham kennoyingizga kitob sovg‘a qilmagan ekanman. Keling, shu xatoni to‘g‘rilab qo‘yaylik.
Shu tariqa uchinchi kitobga navbatdagi dastxat bitildi: “Mendek ajdaho bilan sabr-toqat va matonat bilan yashaganingga ming bor tashakkur.
Muallif: Ajdar Hoshimov”.
Navbatdagi borishimda eshikni ochgan O‘lmasxon opa nazarimda nihoyatda horg‘in ko‘rindi. Shosha-pisha tinchlikmi, deb so‘radim.
– Akangiz kechasi bilan og‘riqning zo‘ridan mijja qoqmay chiqdi. Yaqinda ko‘zlari ilindi.
– Unday bo‘lsa bezovta qilmay, – dedim va ortimga qaytdim.
Adashmasam 2013 yilning 23 mayi edi. Poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida Respublika kitob bayrami katta tantana bilan boshlandi. Unda mamlakatimizdagi ko‘plab ilg‘or matbaa korxonalari o‘z mahsulotlarini namoyish etishga bel bog‘lagan edi. Rastalardagi bolalaru kattalar uchun chop etilgan rang-barang kitoblar ko‘zni qamashtiradi.
Anjuman davomida ko‘plab shoir va yozuvchilar ham ishtirok etib, muxlislari bilan ochiq muloqotda bo‘ldilar. Men uchun eng ahamiyatlisi esa rahbarlar va boshqa ijodkorlar tomonidan o‘sha kezlar og‘ir xastalik tufayli to‘shakka mixlangan sevimli yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovning e’tirof etilishi bo‘ldi. Adibning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi yaqin yillar ichida o‘n martadan ko‘p qayta nashr etilibdi. Yozuvchi uchun bundan katta baxt bormi? Bayramdan keyin bu xabarni egasiga yetkazishni dilimga tugib qo‘ydim. O‘sha kezlar akadan tez-tez xabar olib, birga ishlagan vaqtlarimizdagi qiziqarli voqealarni qo‘shib-chatib gapirib berganimda aka qotib-qotib kulardi. Kennoyim esa: “Siz kelib ketgan kuni kechasi yaxshi uxladilar, tez-tez kelib turing, iltimos”, derdi. Eng qizig‘i, akaning xotirasi, qattiq bemorlikni boshidan o‘tkazayotganiga qaramay, soatdek tiniq ishlardi.
Xullas, o‘sha kuni ustoznikiga o‘tolmadim. Gazetamizning ertasi kuni chiqadigan soniga bayram tadbiri haqidagi maqolani tayyorlab kechgacha qolib ketdim. Ertasiga bayramning ikkinchi kuni edi. Uydan bemalol chiqmoqchi edim. Birdan ijodkor ukalarimizdan biri internetda ertalab O‘tkir Hoshimov vafot etgani haqidagi xabarni o‘qiganini aytib qo‘ng‘iroq qildi. Hushim boshimdan uchdi. Shuursiz tarzda o‘zimga qadrdon bo‘lib qolgan Do‘mbirobodga yo‘l oldim.
Akaning ko‘chasiga odam sig‘may ketibdi.
– Amakim kecha sizni uch marta so‘rabdilar, – dedi bu xonadonning yaqinlaridan biri bo‘lgan Xondamir ukamiz. – Mavridi bo‘lganda Farruxdan bir so‘rarsiz.
Bu gapdan keyin o‘zimni yomon ko‘rib ketdim. Sal kechroq bo‘lsa ham kecha kirib o‘tsam bo‘lardi-ku. Bu xonadonning eshigi hamisha ochiq edi-ku. Ustozni so‘nggi manzilga qo‘yib kelgach ancha paytgacha keldi-ketdiga qarab ko‘chada qolib ketdim. Shomga yaqin Farrux bilan bemalol gaplashish imkoni paydo bo‘ldi.
– Dadam sizni kecha uch marta so‘radilar, – dedi Farrux bir kunda kirtaygan ko‘zlarini biroz yumib. – Peshin mahali edi. Gaplashib o‘tirgan edik. Yusuf akang keldiyov, chiq, qara dedilar. Ko‘chadan boshqa odamlar o‘tib ketayotgan ekan. Siz emasligingizni aytdim. “Ha” deb qo‘ydilar. Tushdan keyin oldilariga kirsam yana tashqariga yo‘lladilar. “Ko‘cha eshikka qara, akang keldiyov, yana biror kim meni uxlayapti, desa bu Yusuf tojik qaytib ketishdan ham toymaydi”. Bu gaplardan keyin yana ko‘chaga qarab keldim. Sizning kelmaganingizni aytdim. Otam “Kelmabdimi?”, dedilar horg‘in holda. So‘ng ohista: “Mayli, akang ham bola-chaqa tashvishi bilan yurgandir, bezovta qilma”, dedilar.
Bu gaplarni eshitib dodlab yuboray dedim. Erinchoqlik qilmay o‘sha kuni borsam nima bo‘lardi. Ustoz menga nimalarni aytmoqchi bo‘lganikin?
Bular endi menga ushalmas armon bo‘lib qoldi.
“O‘zAS”dan olindi.