O‘tgan asrning birinchi yarmida yashab, o‘zining serqirra, ammo o‘ta mashaqqatli ijodi bilan rus adabiyotida chuqur iz qoldirgan yozuvchi Andrey Platonovich Platonov 1899 yil 1 sentyabrda Rossiyaning Voronej shahrida temiryo‘l ishchisi oilasida dunyoga keldi. Biz so‘z avvalida “mashaqqatli” deya bejiz ta’kidlamadik. Buning sababini bilish esa, aslo mashaqqatli emas, balki juda oson. Andrey Platonovichning u qadar jug‘rofiy yoxud adabiy rang-baranglikka boy bo‘lmagan tarjimai holiga birrov ko‘z yugurtirsangiz, hammasi ayon bo‘ladi-qoladi.
Oila boshlig‘i bo‘lmish otasi Klimentov Platon Firsovich xotini Labochixina Mariya Vasilevna bilan oz emas, ko‘p emas, naq o‘n bir nafar farzand ko‘radi. Andrey farzandlarning to‘ng‘ichi edi. Keyingi barcha farzandlar bir-biridan faqat bir yoshga farq qilar edilar. Odatda qaysi millatga mansub xonadon bo‘lishidan qat’i nazar, to‘ng‘ich farzand (agar u o‘g‘il bola bo‘lsa, alalxusus!) ota-ona uchun dastlabki suyanchiq hisoblanadi. Ushbu oilada ham xuddi shunday bo‘ldi, 8 yashar Andrey ukalariga g‘amxo‘rlik qilish, ro‘zg‘or ishlarida ota-ona yoniga kirish uchun o‘zining mehnat faoliyatini odatdagidan ertaroq boshlashga majbur edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hayotning achchiq-chuchuk saboqlari, kutilgan va kutilmagan qiyinchiliklar bo‘lajak yozuvchi ijodining odatdagidan sal o‘zgacharoq boshlanishiga sabab bo‘ldi. Andreyning otasi Platon Klimentov 1920 va 1922 yillarda ketma ket ikki marta Mehnat qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 1928 yilda esa partiya safiga qabul qilingan. Binobarin, mehnatga chanqoqlik Andreyga ko‘proq otadan yuqqani ko‘rinib turibdi, boz ustiga bu mehnat sof jismoniy kuchni talab qilib, halollik, vijdon pokligi kabi fazilatlarning unib- o‘sishiga sababchi bo‘lgan.
Yozuvchining bolalik va o‘smirlik yillari tadrijiga bir nazar solaylik: 1906 yilda cherkovdagi boshlang‘ich maktabda, 1909 yilda shahardagi to‘rt yillik ta’lim dargohida o‘qiydi.1913 –15 yillarda mardikorlik bilan shug‘ullanadi. 1915 yildan zavodda quruvchi bo‘lib ishlay boshlaydi. 1918 yildan Voronejdagi ustaxonalarda mayda kasblarni egallashga urinadi. Havas qilib bo‘lmaydigan bolalik va o‘smirlik yillaridan so‘ng u temiryo‘l texnika bilim yurtining elektrotexnika bo‘limiga o‘qishga kiradi. Urush harakatlari tugagach, janubi-sharqiy temiryo‘llar bosh inqilobiy qo‘mitasida, “Jeleznыy put” (“Temiryo‘l”) jurnali tahririyatida xizmat qiladi. Fuqarolar urushi davrida jabhalarda front muxbiri sifatida ishtirok etadi. 1919 yildan e’tiboran shoir, publitsist va tanqidchi sifatida maqolalar yoza boshlaydi. 1921 yilda uning birinchi mustaqil asari “Elektrifikatsiya” kitobcha bo‘lib chiqadi. Shuningdek, “She’rlar” jamoatchilik to‘plamida uning she’rlari e’lon qilinadi. 1922 yilda Platonovning “Moviy teranlik” (“Golubaya glubina”) nomi ostida she’rlar to‘plami Krasnodarda nashr etiladi. 1923 yilda “Matbuot va inqilob” (“Pechat i revolyutsiya”) jurnalida uning she’rlar kitobiga atoqli shoir Bryusov ijobiy baho beradi. Guberniyada gidrofikatsiya raisi bo‘lib ishlaganida u uchta elektrostantsiya qurdiradi, shulardan Rogachevkadagi birini qulonlar yoqib yuboradi.
1924 yil bahorida Birinchi Butunrossiya gidrologlar s’ezdida u qurg‘oqchilik paytida hosilni qutqarishning omilkor rejalarini taklif etadi. 1925 yilda u Voronejga tashrif buyurgan V. B. Shilovskiy bilan ijodkor sifatida suhbatda bo‘ladi. 1926 yilda u o‘zining “Epifan shlyuzlari”, “Ifor yo‘li”, “Shaharlar shahri” mashhur she’rlarini yozadi. 1931 yilda Andrey Platonov qalamiga mansub “Shubhalangan Makar” qissasini “Qizil yangilik” (“Krasnaya nov”) jurnalida o‘qigan Stalin yozuvchiga “Talantli yozuvchi, ammo ablah” (“Talantlivыy pisatel, no svoloch”) deb baho beradi. Shu yili e’lon qilingan “Nif” (“Virok”) asarini esa Fadeev va Stalin qattiq tanqid ostiga oladi. 1934 yili O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatdan qaytib kelgan yozuvchi “Taqdir” nomli asarini yozadi. Yozuvchini “Pravda” gazetasining 1935 yil 18 yanvar sonida ayovsiz tanqid qilib chiqishadi. Shundan keyin barcha gazeta va jurnallar Platonovning har qanday asarini qabul qilishdan bosh tortadigan bo‘lib qoladi, ilgari qabul qilinganlari ham egasiga qaytariladi. Oradan biroz vaqt o‘tib, vaziyat yumshagach, 1936 yilda “Fro”, “Mangulik”, “Uezd bog‘idagi guvalak uy”, “Uchinchi o‘g‘il”, “Semyon” hikoyalari, 1937 yilda esa “Potudan daryosi” nomli qissasi olam yuzini ko‘radi.
1938 yilda yozuvchining Platon ismli o‘g‘li hibsga olinadi va 1940 yilda otasining do‘stlari yordamida ozod qilinadi. Ammo qamoqdan sil kasalligini orttirib kelgan o‘g‘li 1943 yilda vafot etadi. Bemor o‘g‘ilga qarayman, deb ota ham bu kasallikni o‘ziga yuqtirib oladi. 1946 yilda Andrey Platonovning “Qaytish” (“Ivanov oilasi”) hikoyasi e’lon qilinadi. Bu hikoyasi uchun yozuvchi 1947 yilda ta’qib ostiga olinadi, tuhmat qilishda ayblanadi. 1940-yillar oxirida yozuvchilik bilan pul topish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan Platonov rus va boshqird ertaklarini qayta ishlash va bolalar jurnallarida chop ettirish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Platonovning dunyoqarashida sotsializmning kayta qurishga bo‘lgan ishonchdan ko‘ra kelajakka shubha bilan qarash g‘oyasi ustun kela boshlaydi.
Shunisi qiziqki, aynan Stalinning “temir intizom” siyosati qurboniga aylangan yozuvchi zimdan bo‘lsa-da “xalqlar otasi” ning “otalarcha” muruvvatidan bebahra qolmagan ham. Uning olamdan ko‘z yumguniga qadar asarlari bir bosilib, bir bosilmay kelishi, ammo yozuvchining o‘ziga jisman yo ma’nan o‘ta keskin chora ko‘rilmay, yashab qolishga imkon berilganini zamondoshlaridan ko‘pchiligi oshkora bo‘lmasa-da, orqavarotdan e’tirof etishgan.
1951 yil 5 yanvarda Andrey Platonov Moskvada aynan o‘g‘lidan yuqtirib olgan sil kasalligi tufayli yorug‘ dunyo bilan vidolashdi. Adib Arman qabristoniga dafn etiladi. Keyinchalik qizi Mariya Platonova otasining asarlarini tartibga solib, chop ettiradi. XX asr rus adabiyotining eng ko‘zga ko‘ringan, fidoyi yozuvchisi Andrey Platonovich Platonov o‘sha davrlarda yagona siyosiy maqsad bo‘lgan sotsializmga nisbatan shubha bilan qaray olgan ilk yalovbardor adib edi, desak xato bo‘lmas. Bu narsani “xalqlar dohiysi” bergan bahodan ham anglab olish mumkin.
Hozir Voronej shahrida bir ko‘cha, bir kutubxona, bir gimnaziyaga yozuvchi nomi berilgan, uning nomidagi adabiy mukofot ham mavjud, Platonov nomidagi xalqaro san’at festivali o‘tkazib turiladi. Shahar markazida xiyobon yaqinidagi Voronej universiteti binolaridan biri oldida yozuvchiga haykal o‘rnatilgan. Haykal ta’malida “Mashinistning xotini” hikoyasidan olingan “Bez menya narod nepolnыy” (Mensiz xalq to‘kis bo‘lolmaydi) iborasini o‘qiysiz. 2011 yil 15 dekabrda Voronej adabiy muzeyida yozuvchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muntazam faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘rgazma ochilgan. Iosif Brodskiy o‘zining “Hibsdagi halokatlar” essesida Andrey Platonovni Jeyms Joys, Robert Muzil va Frants Kafka kabi adiblar bilan bir qatorda tilga olib o‘tadi.
Olim Mixail Voloxov ijodkorning dramaturgiyasi haqida gapirar ekan, uni absurd teatri yaratuvchilari Bekket va Ioneskto bilan teng qo‘yadi. “Hatto ulardan ham kuchliroq edi, chunki u ong oqimi va maromliligining kerakligi bo‘yicha betakror nutqni yaratib, aslida virtual fikrlash doirasidan chiqib ketgan edi. U voqelikninggina emas, balki bu voqelikni tasvirlashda odamlarga qo‘l keladigan so‘zlarning ham yalpi absurd ekanligini ko‘rsatib berdi”, deydi.
Yozuvchining roman, qissa va hikoyalari asosida ko‘plab spektakllar sahnalashtirilgan, yigirmadan ko‘proq film yaratilgan.
Amir Fayzulla tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son