Yoxud qalb va shuurning olis kengliklari safariga eltuvchi asar
“Aftidan, kimdir Yozef K.ga tuhmat qilgan chog‘i, axir u hech kimga yomonlik qilmagan, biron-bir nojo‘ya ish ham sodir etmagandi, — shunga qaramay uni hibsga olishdi”.
Kimdir hibsga olindimi, demak, hademay sud jarayoni boshlanadi. Sud jarayoni asnosida, odatda, qandaydir haqiqatlarga oydinlik kiritiladi. Asarning nomlanishi o‘quvchini birinchi navbatda shunday xayolga undaydi. U o‘zini sud jarayoni haqidagi tafsilotlarni o‘qishga chog‘laydi. Biroq…
Yozef K.ning hibsga olinishi haqidagi xabar bilan boshlangan “Jarayon” birinchi marta 1925 yili nashr etilgan bo‘lsa-da, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra u 1914-1915 yilda, boshqa ma’lumotlarga qaraganda esa 1918-1919 yilda yozilgan. Har qalay, Frants Kafka “Jarayon”ni yozganida 30-35 yosh orasida bo‘lgan. Shu yoshdagi odam hayotning bu qadar murakkab sinoatlarini qanday qilib bu qadar chuqur idrok eta oldi, qanday qilib uni bir roman qahramoni timsolida mujassam qila oldi ekan, degan savol hali-hanuz dunyodagi ko‘plab adiblarni, mutaxassislarni, adabiyot ixlosmandlarini qiziqtirib keladi, o‘yga toldiradi. Bahsga chorlaydi. Munozaralarga undaydi.
Tugal yechim, tugal xulosa esa topilmaydi.
Bordiyu, topilganida, bordiyu, roman bir o‘qishda ko‘ngilga, shuurga to‘lasicha jo bo‘lib qo‘ya qolganida, uni ikkinchi, beshinchi… yettinchi marta o‘qish hojati qolmaganida “Jarayon” degan nom F.Kafka degan ismga qo‘shilib allaqachon unutilib ketgan bo‘lur edi.
“Jarayon” bir o‘tirishda, bir kechada o‘qiladigan roman emas. Uni o‘qish xiyla qiyin. Bir bob o‘qib, orqaga qaytishingiz, xayol qochib, o‘qiyotgan tafsilotlaringizni tushunmay qolishingiz, gap nima haqda borayotganini ilg‘ashga qiynalib, kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yishingiz hech gap emas. Jumla tuzilishi, gap qurilmasi, fikrni ifoda etish uslubi ezmalikka, hatto mijg‘ovroqqa moyil. Boshqacha, o‘zgacha, g‘alati.
“O‘zgacha”, “g‘alati” sifatlari “Jarayon”ninggina emas, adibning butun ijodiga eng ixcham va lo‘nda ta’rif deyish mumkin. (Adibning kundaliklarida “Yozganlarim ham g‘alati” degan jumla keladi.) G‘ayritabiiy holat, g‘ayritabiiy tasvir, g‘ayritabiiy odamlar obrazi. Chunki adibning, adib shaxsining, Frants Kafka degan inson zuvalasining o‘zi g‘ayritabiiy. Shularning mahsuli o‘laroq, yozuvchining badiiy tafakkuri g‘oyatda g‘ayritabiiy ekanligidan sira ajablanmasa ham bo‘ladi.
Romanning boshlamasiga e’tibor berdingizmi? Hech bir kimsaga yomonlik qilmagan, hech bir nojo‘ya ishga qo‘l urmagan Yozef K.ni nima sababdan hibsga olishdi? Shuning o‘zi g‘alatilikning boshlanishi emasmi?
Shu g‘alatilik o‘quvchini maftun etadi, u mazkur savol javobini topaman degan xayolda o‘qiyveradi, o‘qiyveradi. Javobdan esa darak yo‘q. Ustiga-ustak, sahifa oshgani sayin savollarning soni ortaveradi.
“Jarayon” — savol, “Qal’a” — savol, “Amerika” — savol, biri biridan noyob novellalar, F.Kafkaning o‘zi, uning ijodi yaxlit bir savol. Har bir davr, har bir ijtimoiy holat, har bir tafakkur tarbiyasida tarbiya topgan avlod kitobxonlar o‘zicha, o‘zgacha javob topadigan, lekin sira tugal to‘xtamga kela olmaydigan savollar uyuri.
Butun qir-adirni to‘ldirib shitob bilan yeldek borayotgan uyurni ko‘z oldingizga keltiring — Kafka asarlarida qalashib keladigan savollar xuddi o‘sha uyur yanglig‘ sizni o‘zi bilan olib qochadi…
Roman mutolaasiga kirishgan kitobxon hademay boshlanajak jarayonga ruhan hozirlik ko‘radi. Hozircha muqaddima. Qahramon o‘zini himoya qilish harakatida yuribdi. Bu — tabiiy hol. Faqat… faqat Yozef K.ning dam mehmonxona bekasi frau Grubaxga, dam froylyayn Byustnerga, dam froylyayn Montagga yo‘liqib o‘zining hibsga olinganligi haqida gap qo‘zg‘ashlari, nimalarnidir so‘rab-surishtirishlari, allanimalarni ularga uqdirishga urinishlari o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lgan odamning bezovtaliklariga o‘xshamaydi.
Jarayon boshlanishidan esa hamon darak yo‘q. Sabab?..
Kafkaning asarlari hujayra-hujayrasigacha savollardan to‘qilgan, dedik. Avvalo, qalashib keladigan katta-kichik savollarning hammasini batafsil ilg‘ash qiyin, qolaversa, o‘zingiz ilg‘agan, tushunib yetgan savollarga javob topish, ular haqida mulohaza yuritish kitobxondan yetarli darajada bilim, malaka va jasorat talab qiladi. Zero, hayotda odam o‘zi u yoki bu darajada bilib-anglab yurgan haqiqatlari yuzasidan ham ochiq-oydin mushohada yuritishdan, tayinli xulosa chiqarishdan o‘zini tiyib yuradi, ko‘pincha. Bunga yuragi betlamaydi. Kafkaning qahramonlari esa o‘zini tiymaydi, ular har qanday achchiq haqiqatlar haqida yurak yutib mulohaza yuritaveradi. Eng iztirobli, eng qaltis holatlarga mardonavor kirib boraveradi va, muhimi, hech bir joyda ko‘z yoshi qilib o‘tirmaydi. Darvoqe, Kafkaning qahramonlari o‘ta sovuqqon, ular hech bir joyda yig‘loqilik qilmaydi, ular kitobxonni bo‘lar-bo‘lmas ko‘z yosh to‘kishga “majburlamaydi”.
F.Kafkaning asarlari faqat savollardan iborat desak yanglishamiz. Savollar adib asarlarining alohida bir ma’no qatlamini tashkil etadi, xolos. Bu ma’no qatlamidan keyin javob va hukm qatlamlari ham keladi. Savol-javob-hukm va yana savol qorishib ketadi.
Romanning birinchi gapini o‘qidik. Hech bir nojo‘ya ish qilmagan odamning hibsga olinishi g‘alati tuyuldi, shunaqa ham bo‘lar ekanmi, deb ko‘ngilda savol tug‘ildi ham. Savolning bir “chekkasi”dan “mo‘ralab” turgan javob — hukm ham mavjud. Ya’ni, ha, hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz, odam hech narsadan hech narsa qamoqqa olinishi ham mumkin!
Ziyoli inson borki, biror yangilikdan xabar topsa indamay qo‘ya qolmaydi. Nega, nima uchun, nima sababdan, deb surishtirishga kirishadi. Shu bois u Yozef K.ning hibsga olinishini tushunolmaydi. “Iya, — deydi u ajablanganini yashirmay, — bu yurtda qonun-qoida, tartib-intizom bormi, o‘zi?” deb baralla so‘raydi. Shunday deb turganida birinchi bobning o‘zidayoq savoliga aniq-lo‘nda javob ham keladi: “Axir u (Yozef K. — X.D.) hammaning huquqlari kafolatlangan, osoyishtalik hukmron davlatda yashayapti-ku, bunda qonunlar buzilmasligi darkor emasmi?” Afsuski, voqealar oqimi xatarli tus oladi. Mirg‘azab nazoratchilar he yo‘q-be yo‘q Yozefni bearmon kaltaklaydilar. Qahramonimiz jiddiyroq harakatga tushadi. Anchadan buyon ko‘rishmay ketgan amakisi uning joniga ora kirishga tutinadi. Axir u Yozefning ustida o‘lib qolishga shay, buning ustiga u o‘zini Yozefning valine’mati deb biladi. Piravordida amaki jiyanini maktabdosh do‘sti bo‘lmish boobro‘ advokat Guldning huzuriga yetaklab boradi.
Guld ko‘pni ko‘rgan, sud mahkamasidagi kazo-kazolar orasida tanish-bilishlari serob. Shu o‘rinda o‘zbek kitobxonining ko‘ngli birdan xotirjam tortadi, chunki shuncha tanish-bilishi bo‘lgan advokat ishni bosdi-bosdi qilib yuborishiga darhol ishonadi. Demak, jarayon boshlanmay tugaydi, noshud Yozef K. boshiga tushgan kulfatdan xalos bo‘ladi-qo‘yadi. Biroq “Oqlovchi.Fabrikachi. Rassom” deb nomlangan bobda advokatga bog‘langan umidlar shu qadar ro‘yoga aylanadiki, asti qo‘yaverasiz. Ushbu bobdagi advokatura xizmati, advokatlar nomai-a’moli haqidagi hikoyani romanning eng go‘zal sahifalari deyish mumkin. Shu o‘rinda adibga xos achchiq kinoya, piching-pisanda avj pardaga ko‘tariladi.
Advokatlar idorasi (tarjimon advokatni “oqlovchi” deb o‘zbekchalashtirgan, nazarimda advokat so‘zini tarjima qilishga hojat yo‘q edi. Umuman, roman tarjimasi maxsus tadqiq-tahlil etishga arziydi. — X.D.) bir holatda, bu idora sohiblarining sud jarayonlarida ko‘rsatadigan karomatlari ham shundan afzal emas aslida, lekin ular o‘zlarini sohibkaromat odamlar deb ko‘z-ko‘z qiladilar. Yozef K. advokatlar dunyosi bilan ichdan tanisha borgani sayin bu toifa kimsalardan u dunyo-bu dunyo yorug‘lik chiqmasligini yorqinroq anglay boradi, shu yerda duch kelgan fabrikant, so‘ng rassom yigit uning ko‘zini moshday ochishadi. “Qonunda… aybsiz kishi oqlanadi, deb yozib qo‘yilgani bilan, — deydi rassom. — Biroq men o‘z tajribamdan shuni yaxshi bilamanki, hammasining teskarisini qilishadi”.
Yozef K. xayolga berilib, sud devonxonasining burniga kelib qolganidan xavfsiramaydi, uni boshqa narsa — “sud ishlaridagi jaholat — nodonlik dahshatga solar edi”. Rassom yigitning, “Menimcha, bu yorug‘ olamda birorta ham odam o‘z ta’sir kuchi bilan mutlaq oqlanishga erisha olmasa kerak” degan gapi Yozefni o‘ylantirib qo‘yadi. U ko‘p ikkilanadi, hardamxayol bo‘ladi. O‘zining ahvolidan tegishli xulosa yasaydi: “Ikkilanib turgan odam hech qachon adolatli hukm chiqarishi mumkin emas”.
Lekin u nima qilsin?
Qahramonimiz shu savolga javob topolmaydi. Dam “Go‘yo u bu yorug‘ olamda yolg‘iz o‘zi qolganday…” bo‘lsa, dam “omon qolish uchun faqatgina kurashish kerak” degan qarorga keladi.
Kurashish uchun esa… jarayondan darak yo‘q. Jarayon boshlanadimi-yo‘qmi, o‘zi? (Axir muallif romanni “Jarayon” deb atagan-ku, qani, o‘sha jarayon?!)
Yozef K. loaqal o‘zining vaziyatini anglab yetolmay xunob: qayerda, qanday makon, qanday muhitda, oyog‘ini qayerga qo‘yib turibdi u? Shularni bilish, his etib turish har bir inson uchun muhim emasmi?!
U shular xususida bosh qotirayotib boshqa jiddiyroq muammoga duch keladi: u-ku, bitta odam, xolos. Jamiyat-chi, jamiyatning o‘rni, qiyofasi, shakl-shamoyili aniqmi? Fuqaro vaziyatining aniqligi jamiyat vaziyatining aniqligidan boshlanmaydimi?..
Shu tariqa Yozef K. savollar, jumboqlar girdobiga g‘arq bo‘la boradi. Yuzaki qaraganda, u mujmal vaziyatlardan qutulib ketish chorasini izlayotgandek tuyuladi, aslida u jasoratli g‘avvos yanglig‘ hech qanday mushkulotdan tap tortmaydi, balki jonini tikib eng xatarli holatlarga tikkasiga kirib boradi.
Yozef K. haddan tashqari fikrchan odam. Mabodo u fikrga bu qadar tashna bo‘lmaganida, go‘daklarcha bilish maqsadida har yerga tumshug‘ini suqavermaganida shuncha baloga giriftor bo‘lmasdi ham. Afsuski, u aqllilik balosiga uchragan. Vaholanki, voqealarning boshlanishidayoq, ya’ni Yozefga qorovullikka qo‘yilgan soqchilardan biri unga eng “dono” maslahatni beradi. “Ha, bizning sizga beradigan maslahatimiz shu: kuchingizni bema’ni mulohazalar yuritishga sarflab o‘tirmang, yaxshisi, imkon qadar, biron-bir fikr yuritishdan tiyiling. Sizdan talab qilinadigan eng katta vazifa shu”, deydi u. “Yana o‘zingizning aybsizligingizni pesh qilaverib, huda-behudaga qichqiravermang”, deydi boshqasi.
Ko‘ryapsizmi, soqchilar uchun mahbusning fikrlamagani ma’qul, ular uchun mulohazakor odam xavfli.
Afsuski, xudo aql-idrokdan qismagan bo‘lsa, miyadagi tafakkur cho‘g‘lari so‘nmagan bo‘lsa, qandoq qilib fikr yuritishdan tiyiladi, odam? Qanday qilib va nima uchun u aybsizligini pesh qilmasligi kerak? Aybdor kishi o‘z kirdikorlarini doston qilmaydi, buni tushunish mumkin, lekin hech bir asossiz hibsga olingan haqsiz odam o‘zining aybsizligini pesh qilishdan ortiq nimaga ham yaraydi? Yana qanday boshqa chora qoladi, unda? Yoxud aybsiz o‘zining aybsizligini pesh qilish huquqidan ham mahrummi?!
Yozef K. najotni fikrlashda deb biladi. Uning fikrlashi haqsizlikni mahv etish uchun qilich yalang‘ochlab chiqmaydi, u hech kimsaga, hech bir kalondimog‘likka, hech bir kibr-havoga, hech bir yolg‘onga ochiqdan-ochiq zarba bermaydi. U ana shunday razolat manzaralari mavjudligidan odamlarni ogoh etadi, ularni fosh etadi. Uning fosh etishi isyonga, choraga aylanadi.
Ehtimol, ana shu fosh etish biz kutgan jarayondir? Fosh etish jarayonidir?..
Ustoz Ozod Sharafiddinov ko‘plab kitobsevarlarning onaxoni Bahri G‘ulomovani xotirlab yozgan maqolasida 30-40 yil muqaddam do‘konlardan kerakli kitoblarni izlab surishtirib yurish odati bo‘lganini ta’kidlabdilar. Uni o‘qiy turib o‘zim “Jarayon”ni izlaganlarim yodimga tushib ketdi.
O‘rta maktabni bitirayotgan kezlarim uch-to‘rt kutubxonaga a’zo edim, ko‘zimga yoqimli ko‘ringan kitobni o‘qiyverganman. Endilikda ularning juda ozi yodda qolgan. Men uchun kitob to‘la javondan go‘zalroq manzara yo‘q edi. Ko‘chamizning yuqorirog‘ida, har safar yo‘lim tushganida, pastak derazadan biriga mo‘ralab o‘tishni kanda qilmasdim. Yaqin-atrofda shu xonadon sohibidan ko‘ra baxtliroq, badavlatroq inson yo‘q edi, nazarimda…
Jurnalistika fakultetida jahon adabiyotini o‘qiganmiz, lekin modernizm va uning atrofidagi xilma-xil oqimlar, ularga mansub shoir va adiblar, faylasuflaru psixologlar nomi tilga olinganmi-yo‘qmi — zinhor esimda yo‘q. Ehtimol, domlalarimiz bir qur ekskurs qilib o‘tsa o‘tgandir, lekin talabalik kezlari ekzestentsializm, syurrealizm va hokazo izmlarni tushunadigan ahvolda bo‘lmaganmiz. Keyinroq sezdimki, shu va shu singari oqimga mansub san’at asarlaridan ta’sirlanadigan xos bir kayfiyat tug‘ilmagunicha ular sizga yot va begona bo‘lib qolaveradi.
Ta’sirlanmagan odam hazmi og‘ir asarni ilg‘ashga urinish u yoqda tursin, tushunishni ham istamaydi. Vaqt-soati kelganda esa… bir xil xastalikka uchragan bemorlargina bir-birini oson va to‘kis tushunadilar, degan gapni o‘qigandim.
Yodimda yo‘q, do‘stlarimizdan birining qo‘lida “Prevraщeniye” deb nomlangan hikoyani ko‘rib qoldim. Muallifi Frants Kafka.
— “Prevraщeniye” nima degani, o‘zbekchada nima bo‘ladi? — deb so‘radim, tushunmay.
— “Evrilish”, — dedi u.
Hikoya matni mashinkada ko‘chirilgan, birinchi jumlasi sira yodimdan chiqmaydi: “Prosnuvshis odnajdы utrom posle bespokoynogo sna, Gregor Zamza obnarujil, chto on u sebya v posteli prevratilsya v strashnoye nasekomoye”.
Ertaklarimizni, afsonayu rivoyatlarimizni o‘qib ulg‘ayganlar uchun bunday gaplarning favquloddalik joyi yo‘q. U holda ne boisdan “Evrilish” dunyo hikoyachiligi tarixida favqulodda voqeaga aylandi? Nimasi bilan u hikoyanavislik mahoratini yangi pog‘onaga ko‘tara oldi?
Eng muhimi — F.Kafka insondan hasharotga aylanib qolish hodisasiga ertak, afsona, fantastika deb emas, real voqelik sifatida yondoshdi. Bu holatni sira ikkilanmay tom ma’nodagi hayotiy voqea sifatida realistik hikoya tarziga olib kirdi.
Xullas, mashinkada terilgan hikoyani bir kunga, aniqrog‘i, ertalab qaytarish sharti bilan olib ketdim.
— Har kimga ko‘rsatavermang, — dedi do‘stimiz.
Shu ogohlantirish sabab bo‘ldimi, birinchi jumladan ta’sirlandimmi, tuni bilan hijjalab o‘qib chiqdim “Evrilish”ni. Hozir har qadam-har idorada muhayyo nusxa ko‘chirish uskunasi yurtimizga endi-endi kirib kelayotgan paytlar edi, ertalabdan shularning biriga borib, yuz tavalloyu yolborish bilan “Prevraщeniye”dan bir nusxa ko‘chirtirib oldim.
— Hech kimga ko‘rsatmadim, — deb yolg‘on gapirdim, olgan nusxani egasiga qaytarayotib.
F.Kafka bilan birinchi tanishuv shu tariqa yuz bergan. So‘ng, bu adib ijodiga doir nimaiki maqola bo‘lsa, topib o‘qishga harakat qildim. “Jarayon” romanini yerning tagidan bo‘lsayam topaman deb o‘zimga ahd qildim. Biroq u man-man degan kitobyig‘arlardan ham, yerning tagidan ham topilmadi. O‘ziyam F.Kafkaning rus tilida bor-yo‘g‘i bitta kitobi nashr etilgan ekan, u ham keyin ko‘rsam, adadi ko‘rsatilmagan. Chamasi, sho‘ro hukumati mafkurasiga zid deb hisoblangan bu adibning kitobini xorijliklar nazari uchungina — nomiga chop etilgan. Lekin qani, o‘sha kitob?!
Kunlarning birida avtobusdan tushib ko‘chamizga burilsam, ikki qo‘lidagi og‘ir ip to‘rvani inqillab ko‘tarib kelayotgan ayolga ko‘zim tushdi. Yuragim “jiz” etib ketdi. O‘ylamay-netmay ayolga yetib oldim, bir qo‘lidagi to‘rvani oldim. “Yo‘limiz bir, men ham shu yoqqa boryapman” dedim. Ayol hayron. Men esa ikkinchi to‘rvani ham ko‘tarishga jon deb turibman. Ayolning hayronligi battar oshdi.
— Sizni taniyman, — dedim. — Qo‘shniman. Nariroqda yashaymiz. Sizning uyingizga derazadan ko‘p qarayman.
— Da-a… — dedi opa ajablanish-ajablanmasligini bilmay. So‘ng, so‘radi: — Nimasiga qaraysiz, uyimni?
— Kitoblarga. Havasim keladi.
— Havasingiz kelsa, marhamat, uyga kiring. Kitoblarni ko‘ring.
Opa shu qadar samimiy gapirdiki, naq bir yilchadan buyon izlab yurgan kitobimni qo‘lga kiritgandek quvonib ketdim. Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas Frants Kafkaning qora jildli, semizgina kitobi qo‘limda turardi! Yangi tanishgan qo‘shni ayol — Tamara Sergeevna Nikonorovani o‘pib olay dedim!..
— Bemalol o‘qiyvering, keyin qaytararsiz, — dedi xonadon sohibasi.
O‘sha damda mendan baxtli inson yo‘q edi, atrofimda!
Oradan chorak asr o‘tdi, mana, bugun “Protsess” o‘zbekchaga “Jarayon” bo‘lib o‘girilib, “Jahon adabiyoti”da chiqib turibdi! Marhamat, uni o‘zbek tilida o‘qish imkoni tug‘ildi. Bu — o‘zbek adabiyoti tarixida alohida voqea! Hamonki, adabiyot insonshunoslik ekan, “Jarayon” har qanday milliy adabiyotning ma’naviy mulki hisoblanadi. Har qanday milliy adabiyotning nufuzi “Jarayon” o‘sha tilga o‘girilgan-o‘girilmaganligi bilan ham belgilanadi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Jahon adabiyoti tarixi F.Kafkagacha va undan keyingi davrga bo‘linadi deyishadi. Milliy adabiyotlar ham Kafkaning asarlari o‘sha tilga o‘girilguniga qadar va undan keyingi davrga ajraladi.
Adabiyotimiz “Jarayon” milliy tilimizga tarjima qilingandan keyingi o‘zbek adabiyoti degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi! Yozef K. o‘zining butun murakkab dunyosi bilan o‘zbek adabiyotiga kirib keldi! Vaholanki, qahramonimizning boshiga tushgan tashvish olamshumul muammo ham emas, ko‘rsatadigan qahramonliklari muhokama qilib o‘tirishga arzimaydi ham. U bor-yo‘g‘i hibsga olingan, o‘zi shuni tushuna olmay garangsib yuribdi, xolos. Faqat g‘alati va qiziq joyi shundaki, Yozef K. qamoqqa olingan-u, xizmat vazifasini davom ettirishi mumkin.
Buni qandoq tushunamiz? Ijaraxona bekasi frau Grubaxning ta’biriga qarang: “Sizning qamoqqa olinishingiz esa… unda qandaydir hikmat borday”, deydi u Yozefni yupatib.
Garchi Yozef K. o‘zining hibsga olinishida hikmat tugul, oddiy, tayinli mantiqning o‘zi yo‘q deb hisoblasa-da, Grubaxning fikriga qo‘shilmay iloji yo‘q. Zero, Yozef K.ning qismatini, mana, sal kam sakson yildirki, kitobni o‘qigan kishi turlicha talqin etmoqda. Talqin esa tugaydiganga o‘xshamaydi. Shu emasmi, romandagi, aniqrog‘i, roman qahramonining hibsga olinishidagi hikmat?! XX asrning ulkan faylasuflaridan Erix Fromm Yozef K.ning hibsga olinishini ramziy ma’noda “to‘xtab qolish” deb talqin etadi. Ya’ni, Yozef K. jisman emas, fikran to‘xtatib qolindi. U endi hayotiy jarayondan mosuvo. Aslida ham u o‘taketgan diqqinafas hayot kechirayotgan edi — kunlari tussiz, befayz — nomigagina yotib-turishlar, xo‘jako‘rsinga xizmatga borib-qaytishlar, “yilt” etgan ravshanlikdan darak yo‘q. Oldinda ro‘shnolik yo‘q. Hamma narsa to‘xtab qolgandek edi, mana, Yozef K. ham to‘xtadi, uni to‘xtatib qo‘yishdi. F.Kafkaga xos achchiq va tagdor kinoya romanning atamasida mujassam, ya’ni, garchi asar “Jarayon” deb atalsa-da, hayotda hech qanday jarayon alomati sezilmaydi. Jarayon degani harakat degani-ku, axir, romanda esa butkul harakatsizlik, mahdudlik. Fikr o‘lgan, mushohada cheklangan tuban muhitda jarayon kechmoqda deyishning o‘zi borib turgan surbetlik. Romanda ana shunday jarayonsizlik, ya’ni to‘xtatib qo‘yilgan vaqtning to‘xtab qolgan voqealari tasvirlangan. (Adabiyotshunos do‘stlarimizdan biri roman atamasining eng aniq mazmuni o‘zbek tilida muallif o‘ylaganidan ham mukammalroq jaranglaydi, buning uchun u “Jar ayon” deb o‘qilishi kerak, deganida ham chuqur mazmun bor.) Kafkaning betakrorligi ham shunda!
E. Fromm “Jarayon”ni eng uzun tush, deb ta’riflagan. Bunday to‘g‘ri xulosa bejiz emas edi. Zero, Yozef to‘xtab qolgan vaqtning harakatlanishi, ya’ni jonlanib, chinakam jarayonga aylanishida najotni tushdan izlaydi va topadi. F.Kafka ham, uning qahramonlari ham tush va xush oralig‘idagi reallikda yashaydilar. O‘zining hibsga olinganini “Bu qanaqa mahbuslik?” deb to‘la tushunib yetmagan asar qahramoni o‘zida tug‘ilgan bu savolga javobni hayot realligidan emas, tush realligidan izlaydi. F.Kafka ana shu ikki reallikdan-da boqiy bir reallik — o‘zining uch romani, hikoyalari va kundaliklarida aks etgan badiiy realligini yaratadi!
O‘n yil muqaddam Yozuvchilar uyushmasidagi yig‘inlardan birida durustgina adiblarimizdan biri “Ha, endi Kafka deganlari kasal bir odam-da” degan edi burnini jiyirib, bepisandlik bilan. Aslida bu juda topib aytilgan ta’rif edi, axir ijodga mubtalolikning o‘zi kasallik-ku, binobarin, sog‘ odam yozuvchilik qiladimi, qo‘lidan qalamni qo‘ymay hech kimnikiga o‘xshamagan o‘z badiiy dunyosini yaratish ko‘yida umr bo‘yi halovatini yo‘qotadimi?! Kafka singari ijodkorlarni johillarcha pessimistlikda, xastalikda, bema’nilikda ayblashlar sho‘ro davrida oddiy hol edi. Afsuski, tafakkurimizdagi bunday cheklanish “Jarayon”dek roman o‘zbek tilida e’lon qilingan bugungi dorilomon kunlarga kelib ham butkul unutilganicha yo‘q. “Dekadens, modernizm faryod san’ati, — deb yozadi ajoyib adabiyotshunoslardan biri Igor Garin mana shunday qarashlarga javoban. — Chorasizlik va faryodning qalbni o‘rtovchi hayqirig‘i. Buni san’at tangligi deb talqin etmaslik kerak, zero bu, tanglik san’atidir. Dekadens, modernizm — shu”.
Shu ma’noda F.Kafka dunyo adabiyotida eng og‘ir “bemorlardan” sanaladi, taassufki, zamonaviy nasrimizda shu “xastalik” maqomiga chiqa olayotgan adiblarimiz ko‘rinadiganga o‘xshamayapti…
Ko‘plab adabiyotshunoslar, psixologlar uning va unga o‘xshash adiblarning asarlarini absurd adabiyot sifatida tadqiq etganlar. Bunday munozaraga o‘zbek mutaxassislari ham bosh qo‘shishga urinib ko‘rishdi. Vaholanki, F.Kafka absurd adabiyot yaratish xayolida roman yozmagan, u —hayotning o‘zini, inson umrining o‘zini absurd deb tushungan. Adib va shu toifa adabiyotshunoslarimiz orasidagi eng katta va eng jiddiy farq shunda!
Yozef K.ning besababdan-besabab hibsga olinishi ham absurd. Uning nazarida, har bandaning hibsga tushish ehtimoli bor, o‘sha sho‘rlik banda shunga loyiq gunohga yo‘l qo‘yganmi-yo‘qmi, bu, boshqa masala. Har neki bandani hibsga oluvchi qattol kuch ham bor, o‘sha kuch bunday qabihlikka nechog‘li ma’naviy haq-huquqi bor — bu ham bo‘lak muammo.
Yozefning holati, ish faoliyati, yotish-turishi, atrofidagilari — hammasining turgan-bitgani mujmal, dardisar. Kitobxon “Yozef K.ni nima uchun hibsga olishdi?” degan savoliga romanni o‘qib tugatguniga qadar javob izlaydi, lekin javob… Javob izlashga urinish jarayoni kitobxonning qalb va shuuriga ko‘chadi! Roman nomining mohiyati, falsafasi, uning tag-zaminiga yashirilgan quvvati mana shu!
Yozef K. boshini ne-ne eshiklarga urmadi, kimlardan najot kutmadi! Juda ko‘pchilik uning mushkulini oson qilmoqqa chog‘landi, yordam qo‘lini cho‘zgandek bo‘ldi, illo, biror kimsa amalda uning joniga ora kirmadi, kirolmadi. Inson — o‘z taqdiri, qismati oldida tanho!
Davoqe, Kafkaning kitobi birinchi marta qo‘limga tushib, romanni ikki haftalar o‘qidim. O‘qiyapman-u, nimadandir ko‘nglim to‘lmaydi, nimanidir kutyapman-u, o‘shandan darak yo‘q. Nazarimda, romanda hech qanday hayratlanarli, favqulodda yangilik yo‘qday. Buning nimasi shuncha shov-shuv bo‘lgan, deb o‘zimni bot-bot savolga tutaman, javobini topolmayman. Nihoyat, roman mutolaasi nihoyasiga yetdi ham, shunda ko‘nglim shu qadar huvillab qoldiki, go‘yo dunyoda o‘zimdan bo‘lak hech bir zog‘ yo‘qday, bu yorug‘ olam biru, men — bir.
Bu qanday sinoat? Qayerdan paydo bo‘ldi u, mening ruhimda? Bu kayfiyat Yozef K.dan yuqdimi, o‘zim shunday kayfiyatda edimmi yoxud inson umri-hayotining mazmun-mohiyati shundaymi?..
F.Kafkaning asarlari tagzaminida donishmandona bashorat yashirin ekanini ixtiro qilganday bo‘lasiz. “Jarayon”ni harakatdan to‘xtatib qo‘yilgan jarayon fojiasi ekanini ilg‘ab olsak, adibning “Evrilish”, “Hukm” singari eng sara hikoyalarida tahlil etilgan psixologik holatlar yodga tushadi. “Evrilish”da muttasil behalovatliklar, inson o‘zligiga, insoniy qadr-qimmatiga vaqti-vaqti bilan imon keltirib turmasligi, shukr qilmasligi odamni insoniylik qiyofasidan mahrum etishi, shunday holatga tushgan odamga hech bir yaqin-yirog‘i amaliy yordam ko‘rsata olmasligi jarayonning to‘xtashi (insoniy turmush jarayoni buzilib, ya’ni to‘xtab, qahramon dahshatli hashoratga aylanib qoladi) sifatida tasvirlangan bo‘lsa, “Hukm”da har bandaning o‘ziga yarasha sir-asrori mavjudligi, o‘sha sir-asror boshqalarga oshkor bo‘lsa, ko‘ngil tubida yashirgan siri qolmasa hayotning mazmuni yo‘qolishi, bu, o‘z ustidan oliy jazo hukmini chiqarishga asos bo‘lishi shafqatsizlarcha ko‘rsatib beriladi. F. Kafka shunday mazmundagi asarlarni atayin yozmaydi, uning dunyoqarashi, badiiy tafakkuri, adabiy kontseptsiyasining o‘zi shunday.
Mana shunday xulosalarga olib keladigan hikoya yo romanni o‘qish, undan boxabar bo‘lish, uncha-buncha odam chuqur o‘ylab ko‘rgan taqdirda ham mushkulni osonlashtiradigan javoblar topishi mahol bo‘lgan asarlarning yaratilgani yaxshimi yoxud yaratilmagani?.. Bu mavzudagi bahs tugamaydi, chunki bunday savollarga har bir ongli inson o‘zicha javob beradi, o‘zicha xulosa chiqaradi, chiqargan xulosasini hatto do‘stiga ham oshkor etolmaydi, ammo-lekin, nazarimda, ayni shunday mulohazalar xayolida, ya’ni oddiy kishilarga bu qadar achchiq haqiqatlarni anglatib qo‘ymaslik niyatida F.Kafka o‘zining vafotidan so‘ng ijodiy merosini yoqib tashlashini so‘rab, yaqin do‘stiga vasiyat qoldirgan. Do‘sti Maks Brod esa vasiyatga xilof ravishda Kafka ijodi namunalarini nashr ettirgan. Bu, to‘g‘ri ish bo‘lganmi yoki noto‘g‘rimi?
Chamasi, bu savolning murakkabligi ham adib asarlaridan tug‘iladigan adoqsiz savollardan jo‘n emas…
Mavzuga qaytsak, Yozef K. obrazi, umuman Kafka yaratgan ko‘pgina qahramonlarning hayot yo‘li, hayot yo‘lida kashf etgan falsafasi, hayotiy aqidasi mana shunday g‘oyatda achchiq, lekin o‘ta haqqoniy xulosaga keltiradi kishini!
Hayotda shunday holatlar yuz beradiki, inson o‘zi duch kelgan muammolarning asl sabablarini tashqaridan yoki o‘zgalardan emas, o‘zidan, o‘z qalbi va ongining shu vaqtga qadar nazar tashlab ko‘rmagan, nazar tashlashga yuragi betlamagan tub qatlamlaridan izlab topgisi keladi. Lekin ummon qa’riga sho‘ng‘iydigan g‘avvoslikning o‘ziga yarasha asbob-anjomi, mahorat sirlari bo‘lgani kabi, o‘z qalbining nigoh ilg‘amas puchmoqlariga safar qilish uchun ham maxsus anjomlar, uslublar, vositalar darkor.
“Jarayon” singari romanlar, Frants Kafka toifasidagi adiblar yaratgan boqiy asarlar esa xuddi shunday ma’naviy safar anjomi, vositasi vazifasini o‘taydi.
Qadimgi italyan mutafakkirlaridan biri xudo insonni yaratgani bilan, kishi haqiqiy inson maqomiga yetishmog‘i uchun uning o‘zi o‘zini qayta kashf etmog‘i, qayta yaratmog‘i kerak degan. F.Kafka qahramonlari o‘zini qayta yaratishga mubtalo insonlar obrazi. Uning qahramonlari uchun o‘z “men”idan o‘zga dunyo yo‘q, ular dunyoni faqat o‘z “men”lari orqali ko‘radilar, dunyo savdolarini o‘z “men”lari manfaatiga bo‘ysundiradilar va shu yo‘l bilan dunyoni, inson haqidagi shu vaqtgacha bo‘lgan tushuncha va bilimlarni o‘z “men”lari hisobiga boyitadilar. “Men — uyg‘onish davri yaratgan yangi mif” degan edi A.Losev. F.Kafka qahramonlarining har biri o‘zicha mifga aylangan. Darvoqe, rus faylasufi gotika san’ati falsafasi haqida so‘z yurita turib aytgan quyidagi ta’rifi “Jarayon” qahramonini tushunishga bir qadar yordam beradi. “Voqelikdan iztirob chekib, tabiiy yechimlar topa olmagach, u yanada oliyroq voqelikka, o‘ta ta’sirchan dunyoga intiladi”. Va shu tariqa qanday bo‘lmasin o‘z shaxsiyati, nafsoniyati poymol etilishga mahkum emasligini, o‘tkinchi mustabid tuzum imorati qurilishida ishlatilayotgan bir g‘ishtchadan ko‘ra qadrliroq bo‘lishga haqli ekanini ko‘rsatadi. Yana bir xulosa shuki, Yozef K. hukm surayotgan jarayonsizlik uchun aybni muhitga ag‘darmaydi, balki o‘sha muhitga qarshilik ko‘rsata olmagan o‘zidagi zaiflikka tavqi-la’nat o‘qiydi. Jirkanch va tuban muhitda o‘zining inson sifatida mavjudligi uchun o‘zini aybdor, gunohkor hisoblaydi. “Jarayon”ning bosh ma’nosi shu”. (A.Garin.)
1991 yil “Yosh kuch” jurnalining 6-sonida e’lon qilingan “Inson iztiroblariga ta’zim” maqolasi F.Kafka shaxsi va ijodiga bag‘ishlangan o‘zbek tilidagi birinchi (ehtimol, hozirgacha yagona) chiqish edi. “Jarayon”ga qisqacha ta’rif talab qilinsa, men uni sovuq hokimiyatga nafis qalbning otashin la’natnomasi deb atagan bo‘lar edim” deb yozgan edi maqola muallifi Mirzakalon Jo‘rayev. Bu ham fikr, mulohaza.
Roman va uning qahramoni haqida yana ko‘p-ko‘p mulohazalar tug‘ilaveradi, munozaralar davom etaveradi.
…Jahon adabiyotining eng munozarali, eng bahslar qo‘zg‘ovchi, vaqt sinovlariga eng bardoshli “Jarayon” romani nihoyat o‘zbek tiliga tarjima qilindi! Bu VOQEA munosabati bilan g‘oyatda murakkab vazifani zimmasiga olgan tarjimon Vafo Fayzulloni, unga bosh-qosh bo‘lgan “Jahon adabiyoti” jurnalini, yanada muhimi, “Jarayon”dagi harakatdan to‘xtagan jarayon tafsilotini o‘qish va uqishga chog‘lanayotgan o‘zbek kitobxonlarini samimiy qutlaymiz!
“Hurriyat” gazetasining 2004 yil 11 fevral sonidan olindi.