Xoliyor Safarov. Abdulla Qodiriy taxalluslari

“O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasi”da keltirilishicha, arabcha “qutilish, xalos bo‘lish” degan ma’noni bildirgan taxalluslar, odatda, ijodkorlar tomonidan o‘z ijodini ta’kidlab ko‘rsatish, ism-familiyasidan qoniqmaslik yoki biror xavf-xatardan, tahlikadan qochish maqsadida qo‘llanadi. Taxallusni muallifning o‘zi tanlaydi. Abdulla Qodiriy ham ellikdan ortiq taxallusda ijod qilgan.

Abdulla Qodiriyning Julqunboy, Kalvak Mahzum, Dumbul, Mushtum, Ovsar kabi taxalluslari kitobxonlarga yaxshi tanish.

Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobida yozuvchining o‘tkir tili va achchiq hajviyalari hammaga ham yoqavermagani, shu boisdan dushmanlar orttirgani aytiladi. Qodiriy o‘z tarjimai holida: “Meni boylar, eshonlar ko‘ra olmas edilar. Chunki men ularni ishchi tilidan chaqqan va sirlarini ochuvchi dushmanlari edim”, deb yozadi. Shundan ko‘rish mumkinki, Abdulla Qodiriy dushmanlardan, tahdidlardan saqlanish uchun ham turli taxalluslardan foydalangan.

“Otam haqida” kitobida Abdulla Qodiriyning “Mushtum” va turli gazeta-jurnallarda bosilgan hajviy, tanqidiy maqolalarida ellikdan ortiq taxallus qo‘llagani aytiladi. Ularning ayrimlari ochiq, ayrimlari yashirin bo‘lgan. Habibulla Qodiriy bu taxalluslarning aksariyatini o‘zi bilgan, ba’zilarini xabardor kimsalardan so‘rab, ba’zilarini esa maqolalarning uslubi va mazmuniga qarab aniqlagan. Julqunboy, Jirqinboy, J-boy, Ju-boy, U-boy, J, Julqunboy Sov­rinboy o‘g‘li, Mulla Julqunboy, Julqinchitir, Dumbulboy, Julbulboy jiya­ni, Dumbulboy o‘g‘li, Dumbul devona, Dumbulnisa, Domladumbul, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Kalvak mahzum, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum Shoshiy, Toshpo‘lat, Toshpo‘lat tajang, Alimov, A.Q, Boyqush, Indamas so‘fi, Yo‘lovchi, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Gaznitchi, Lakalang mahzum, Mavlon kufur, Mushtum, Sani xudo, Telba, Ovsar, Chin do‘st, Chirmanda botir, Chi chora, Shapak mahzum, Shoshiy, Shilg‘ay, Bog‘bon, Qaqildoq xo‘ja, Matbuot arisi, Moshxo‘rdachi, Shakkok, Mulla eshonboy, G‘o‘sxo‘r, Mulla Mushfiqiy.

2017 yilda “Info Capital Group” nashriyotida 5 jildda chop etilgan “Abdulla Qodiriy” to‘plamining 5-jildida jami 37ta taxallus keltirilgan bo‘lib, ular orasida “Otam haqida” kitobining 1983 yilgi nashrida qayd etilgan 51 taxallusdan 33tasi (Jirqinboy, J-boy, U-boy, Julqunchitir, Dumbulboy, Julbulboy jiyani, Kalvak mahzum, Toshpo‘lat, Tosh­po‘lat tajang, A.Q, Boyqush, Indamas so‘fi, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Gaznitchi, Lakalang mahzum, Mavlon kufur, Sani xudo, Telba, Chin do‘st, Chirmanda botir, Shapak mah­zum, Shoshiy, Bog‘bon, Qaqildoq xo‘ja, Matbuot arisi, Moshxo‘rdachi, G‘o‘sxo‘r, Mulla Mushfiqiy, Abdulla Julqun, Abdulla Mushtum, Julqun) uchramaydi, ammo 11ta taxallus (A.Qodir, Abudumbul, Bemaza mahzum, Go‘zimatchi, Dumbul, J-y, J-Q, Mulla Julqun, Muxbir, Sovrinboy, Sovrinboy o‘g‘li) qo‘shilgan. Birinchi kitobdagi “Alimov” taxallusi esa keyingi nashrda “Jo‘ra Alimov” tarzida kiritilgan.

– Bobomizdan qolgan asarlarni o‘qish, u kishining uslubini o‘rganish, kitoblarini tayyorlash natijasida shunga amin bo‘ldimki, Qodiriy uslubi o‘ziga xos va betakror, – deydi adibning nevarasi Xondamir Qodiriy. – Uning so‘z tanlashi, jumla tuzilishlariga qarab, “Otam haqida” kitobida keltirilgan ayrim taxalluslar taxminiy kiritib yuborilgan, degan xulosaga keldik. Hatto Bois Qoriyev tadqiqotlarida keltirilgan taxalluslar ham bahsli, deb hisob­layman.

O‘z davrida taxalluslarni aniqlash bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borgan va o‘zi ham Oltoy, Bois, Qorizoda, Yosh qalam, Tilchi, Eshitguchi taxalluslari bilan ijod qilgan Bois Qoriyev (1903–1977) matbuot sahifalarini birma-bir varaqlash, shaxsiy xotiralarni tiklash va surishtirish­lar natijasida jiddiy yutuqlarga erishgan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi nashri hisoblangan “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 1967 yil 1-sonida e’lon qilingan Bois Qoriyevning “Adabiy taxalluslar haqida” deb nomlangan tadqiqotida Abdulla Qodiriyning 33ta taxallusi keltirilgan. Ahamiyatlisi shundaki, tadqiqotda taxalluslar alifbo tartibida keltirilgan va uch qism(doimiy, o‘tkinchi va qisqartirilgan)ga bo‘lib chiqilgan. Unda Alimov, Julqunboy, Shoshiy Abdulla Qodiriyning doimiy taxalluslari, Boyqush, Dumbulboy, Dumbulboy jiyani, Dumbuldevona, Dumbulnisa, Dumbulboy o‘g‘li, J-boy, Jarqinboy, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Indamas So‘fi, Yo‘lovchi, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum shoshiy, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Lakalang mah­zum, Mavlon kufr, Mulla Julqunboy, Mushtum, Ovsar, Saniyxudo, Chindo‘st, Chirmandabotir, Chi chora, Shapaloqmahzum, Shilg‘ay o‘tkinchi (vaqtli), A.Q, U-boy esa qisqartma taxalluslar sirasiga kiritilgan.

Bois Qoriyev Habibulla Qodiriyda keltirgan Jirqinboy, Ju-boy, J, Julqunboy Sovrinboy o‘g‘li, Julqunchitir, Julbulboy jiyani, Domla dumbul, Kalvak mah­zum, Tosh­po‘lat, Toshpo‘lat tajang, Boyqush, Gaznitchi, Telba, Shapak mahzum, Bog‘bon, Qaqildoq xo‘ja, Moshxo‘rdachi, Shakkok, Mulla eshonboy, G‘o‘sxo‘r, Mulla Mushfiqiy kabi 21ta taxallusni ruyxatga kiritmaydi. Nazarimizda, Bois Qoriyev tadqiqotlari anchayin asosli ko‘rinadi. Sababi, ular orasidagi Jirqinboy taxallusi shoir, dramaturg va pedagog Rafiq Mo‘minov(1900 – 1951)ga, Gaznitchi taxallusi esa Gazetxon shaklida jurnalist va tarjimon A’zam Ayyubov(1904 – 1938)ga, Gazetchi shaklida Bosit Siddiqov(1900–1938)ga, Shakkok – Hilmizodaga (Bois Qoriyev shunday keltiradi, aniqlash imkoni bo‘lmadi), Mulla Mushfiqiy taxallusi esa Mulla Mushfiq tarzida ma’rifatparvar shoir Hoji Muin(1883 – 1942)ga, shoir, yozuvchi, jurnalist G‘ozi Yunus(1889 – 1942)ga tegishli. Bundan tashqari, Habibulla Qodiriy taxallus sifatida sanab o‘tgan Kalvak mahzum, Toshpo‘lat, Toshpo‘lat tajang Qodiriy asarlari qahramonidir. 2017 yilda “Info Capital Group” nashriyotida 5 jildda chop etilgan “Abdulla Qodiriy” to‘p­lamining 3-jildi “Diyori bakr” deb nomlanadi va unda adibning yuqoridagi ro‘yxatlarda uchramaydigan J-b, M.Abdulla Q, M.A.Q, Mazlum (Eski shaharlik), Eski shayton, Mirza sovrin kabi taxalluslarda e’lon qilingan asarlari ham kiritilganki, ular taxalluslar sonini yanada oshiradi. Ana shularni inobatga olib, bugungi kungacha Qodiriyning 36 taxallusi aniqlangan ekan, deyish mumkin. Ko‘rinadiki, buyuk adib, “kuldirib yig‘latadi, yig‘latib kuldiradi”gan “feletonlar qiroli” Abdulla Qodiriyning taxalluslarini maxsus o‘rganish va yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish qodiriyshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 24-son